O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining
Qarori
Tovarlarni bojxona ko‘zdan kechiruvi va bojxona ko‘rigidan o‘tkazishda hamda namuna va (yoki) sinamalar olishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirish to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2019-yil 19-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 3154]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining 2025-yil 29-dekabrdagi 1-sonli ““Tovarlarni bojxona ko‘zdan kechiruvi va bojxona ko‘rigidan o‘tkazishda hamda namuna va (yoki) sinamalar olishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirish to‘g‘risidagi yo‘riqnomani tasdiqlash haqida”gi qaror, shuningdek unga o‘zgartirish va qo‘shimchalarni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 3154-3, 09.01.2026-y.) asosan 2026-yil 8-fevraldan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-noyabrdagi PF-5582-son “Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi qaror qiladi:
1. Tovarlarni bojxona ko‘zdan kechiruvi va bojxona ko‘rigidan o‘tkazishda hamda namuna va (yoki) sinamalar olishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirish to‘g‘risidagi yo‘riqnoma ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
Rais M. AZIMOV
Toshkent sh.,
2019-yil 20-fevral,
01-02/12-7-son
O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2019-yil 20-fevraldagi 01-02/12-7-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Tovarlarni bojxona ko‘zdan kechiruvi va bojxona ko‘rigidan o‘tkazishda hamda namuna va (yoki) sinamalar olishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirish to‘g‘risidagi
YO‘RIQNOMA
Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasining Bojxona kodeksi va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 24-noyabrdagi PF-5582-son “Bojxona ma’muriyatchiligini takomillashtirish va O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyati samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan tovarlarni ko‘zdan kechiruvi, bojxona ko‘rigini amalga oshirish hamda namuna va (yoki) sinamalar olishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirish tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Yo‘riqnoma jismoniy shaxslarning qo‘l yuki va kuzatib borilayotgan bagajiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
2. Mazkur Yo‘riqnomada quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
bojxona ko‘zdan kechiruvi — bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan transport vositalarining bo‘limlarini, tovarlarning o‘rov-idishini ochmagan, ko‘zdan kechirilayotgan obyektlarni va ularning qismlarini bo‘laklarga ajratmagan va boshqa yo‘llar bilan ularning butligini buzmagan holda tovarlarning va (yoki) transport vositalarining, xalqaro pochta va kuryerlik jo‘natmalarining hamda jismoniy shaxslar bagajining, shuningdek yuk ortilgan idishlarni, konteynerlarni, bojxona identifikatsiyalash vositalarining tashqi ko‘rinishini ko‘zdan kechirish orqali amalga oshiriladigan bojxona nazoratining turi;
bojxona ko‘rigi — qo‘yilgan plombalarni, muhrlarni yoki bojxona identifikatsiyalashining boshqa vositalarini buzgan xolda, tekshirilayotgan obyektlarni va ularning qismlarini bo‘laklarga ajratib, demontaj qilib yoki boshqa yo‘llar bilan ularning butligini buzib, tovarlarning o‘ramini yoki transport vositasining yuk joylanadigan bo‘limini yoxud idishlarini, konteynerlarni va tovarlar bo‘lgan yoki bo‘lishi ehtimoli bo‘lgan boshqa joylarni ochish orqali amalga oshiriladigan bojxona nazoratining shakli;
vakolatli shaxs — tovarning va (yoki) transport vositasining egasi yoki tovarga va (yoki) transport vositasiga nisbatan bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga muvofiq vakolatlarga ega bo‘lgan yoxud tovarning va (yoki) transport vositasining egasi nomidan tegishli shartnoma yoki ishonchnoma asosida ish ko‘ruvchi shaxs;
(2-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
deklarant — tovarlarni va (yoki) transport vositalarini o‘z nomidan deklaratsiyalovchi shaxs yoxud uning nomidan tovarlar va (yoki) transport vositalari deklaratsiyalanayotgan shaxs;
tovarlar — bojxona chegarasi orqali olib o‘tiladigan har qanday ko‘char mol-mulk, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi milliy valyutasi, valyuta boyliklari va boshqa qimmatli qog‘ozlar, elektr, issiqlik energiyasi va energiyaning boshqa turlari, intellektual mulk obyektlari, transport vositasi, bundan O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 13-moddasi to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan transport vositasi mustasno;
tovarni chiqarib yuborish — bojxona organlarining bojxona rasmiylashtiruvini yakunlovchi va ma’lum qilingan bojxona rejimi shartlaridan kelib chiqqan holda tovarlardan foydalanishga va (yoki) ularni tasarruf etishga ruxsat berilganligini ifodalovchi harakati;
xavf — bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlariga rioya etilmasligi ehtimolining darajasi;
(2-bandning sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
xavfni boshqarish avtomatlashtirilgan tizimi (bundan buyon matnda XBAT deb yuritiladi) — xavfni oldini olish yoki uni imkon qadar kamaytirish maqsadida tovarlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tahlil qiluvchi, ularning aniqliligiga baho beruvchi hamda ushbu ma’lumotlarni qayta ishlovchi elektron axborot tizimi.
xavf profili — xavf sohasi, xavf indikatorlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘indisi, shuningdek xavfning oldini olish yoki uni imkon qadar kamaytirish bo‘yicha zarur choralarni ko‘rish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalar;
3. Bojxona ko‘zdan kechiruvi bojxona nazorati ostidagi tovarlar va (yoki) transport vositalari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, tovarlarda, yuk ortilgan idishlarda, transport vositalarida va transport vositalarining bo‘limlarida plombalar, muhrlar va boshqa bojxona identifikatsiyalash vositalari mavjudligini tasdiqlash maqsadida amalga oshiriladi.
4. O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 195-moddasiga muvofiq bojxona ko‘rigi, qoida tariqasida, tovarga bojxona deklaratsiyasi qabul qilinganidan keyin deklarant hozirligida o‘tkaziladi. Bunda tovarga bojxona deklaratsiyasi qabul qilinguniga qadar bojxona ko‘rigi:
bojxona maqsadlarida tovarni identifikatsiyalash;
bayon etilgan ma’lumotlarning to‘g‘riligini aniqlash;
bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlarini buzganlik to‘g‘risidagi mavjud axborotni tekshirish;
(4-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
tanlab tekshirish prinsipiga rioya etgan holda xavfni boshqarish tizimi asosida bojxona nazoratini o‘tkazish;
ushbu O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 275-moddasiga muvofiq deklarantning huquqlarini amalga oshirish zarur bo‘lgan taqdirda o‘tkazilishi mumkin.
Tovarlarni tegishli bojxona rejimiga joylashtirilishida bojxona ko‘rigi bojxona yuk deklaratsiyasi taqdim qilinganidan so‘ng amalga oshiriladi.
Tirik hayvonlar va tez buziladigan tovarlar birinchi navbatda bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2022-yil 16-martdagi 12/05-22-00569-sonli qaroriga (ro‘yxat raqami 3154-2, 25.03.2022-y.) asosan sakkizinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.03.2022-y., 10/22/3154-2/0239-son — 2022-yil 3-maydan kuchga kiradi)
5. Tovar va transport vositalarini bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazish XBAT tomonidan belgilangan quyidagi yo‘laklarni qo‘llash yo‘li bilan amalga oshiriladi:
“sariq yo‘lak” — bojxona deklaratsiyasi, hujjatlar va ma’lumotlarni tekshirish bo‘yicha bojxona nazorati shakllari xavf darajasi o‘rta ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi;
“qizil yo‘lak” — bojxona nazorati shakllari xavf darajasi yuqori ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlovda aniqlangan tovar va transport vositalariga nisbatan amalga oshiriladi;
“yashil yo‘lak” — xavf darajasi past bo‘lgan tovar va transport vositalariga nisbatan qo‘llaniladi.
“ko‘k yo‘lak” — xavf darajasi o‘rta ko‘rsatkichga ega yoki tasodifiy tanlov asosida aniqlangan tovarlarga nisbatan qo‘llaniladi. Bunda, bojxona nazorati shakllari tovar va transport vositalari chiqarib yuborilgandan so‘ng amalga oshiriladi.
Bojxona ko‘rigidan faqat “qizil yo‘lak” bo‘yicha rasmiylashtirilgan tovar va transport vositalari o‘tkaziladi.
Xavf darajasi XBAT tomonidan tashqi iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarini toifalarga ajratish, xavf profillari yoki tasodifiy tanlov asosida aniqlanadi.
6. Bojxona ko‘rigi bojxona organi mansabdor shaxsining bildirgisi asosida bojxona posti boshlig‘ining yozma ruxsati bilan amalga oshiriladi, bundan mazkur Yo‘riqnomaning 7-bandi ikkinchi va beshinchi xatboshisi mustasno.
7. Bojxona ko‘rigi quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
bojxona ko‘rigini o‘tkazish XBAT tomonidan buyurilganda;
bojxona organlariga boshqa huquqni muhofaza qilish organlari yoki davlat boshqaruvi organlaridan tushgan materiallar, shuningdek xorijiy davlatlarning bojxona va boshqa davlat organlari va xalqaro tashkilotlardan olingan ma’lumotlar mavjud bo‘lganida;
bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 188-moddasida ko‘rsatilgan bojxona nazoratining boshqa shakllarini qo‘llash natijasida bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarini buzilganlik alomatlari mavjudligi ma’lum bo‘lganida;
(7-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
bojxona nazorati ostidagi tovarlarni bitta transport vositasidan boshqa transport vositasiga yoki ushbu transport vositasiga qayta yuklanayotganda.
8. XBATda bojxona ko‘rigini amalga oshirish nazarda tutilmagan hollarda bojxona ko‘rigi o‘tkazilsa, ushbu ko‘rikni o‘tkazish uchun bojxona posti boshlig‘ining yozma ruxsati (asosini ko‘rsatgan holda) XBATga kiritilishi hamda belgilangan yo‘lak o‘zgartirilishi lozim.
9. Bojxona organining mansabdor shaxsi bojxona ko‘zdan kechiruvi va bojxona ko‘rigini o‘tkazishda ishtirok etuvchi shaxslarning tovar va transport vositalariga nisbatan vakolatliligini tekshiradi.
2-bob. Bojxona ko‘zdan kechiruvidan o‘tkazish
10. Bojxona chegarasi orqali olib o‘tilayotgan barcha tovar va transport vositalari bojxona ko‘zdan kechiruvidan o‘tkaziladi.
Bojxona ko‘zdan kechiruvi vakolatli shaxslar ishtirokisiz o‘tkazilishi mumkin, bundan mazkur shaxslar bojxona ko‘zdan kechiruvida hozir bo‘lish istagini bildirgan hollar mustasno.
11. Tovarlarni bojxona ko‘zdan kechiruvidan o‘tkazishda zarur hollarda ko‘zdan kechirilayotgan tovar va (yoki) transport vositasining ichki tarkibiy tuzilishi, o‘ziga xos fizik va tarkibiy xususiyatlari haqida aniq ma’lumotga ega bo‘lish maqsadida bojxona nazorati texnik vositalaridan (bundan buyon matnda texnik vositalar deb yuritiladi) foydalanilishi mumkin.
3-bob. Bojxona ko‘rigidan o‘tkazish hamda tovarlardan namuna va sinamalar olish
12. Bojxona ko‘rigi boshlanishidan oldin bojxona organining mansabdor shaxsi elektron yoki yozma ravishda bojxona ko‘rigi o‘tkaziladigan joy va vaqt to‘g‘risida deklarantga xabar beradi.
Agar bojxona ko‘rigi uchun taqdim qilinayotgan tovarlar maxsus jihozlangan joylarda, bojxona omborlari yoki bojxona nazorati ostida bo‘lsa, bojxona organining mansabdor shaxsi bojxona ko‘rigini o‘tkazish vaqtini belgilaydi.
13. Bojxona organi mansabdor shaxslarining talabiga ko‘ra vakolatli shaxslar tovarlarning va transport vositalarining bojxona ko‘rigi o‘tkazilayotganda hozir bo‘lishi va ularga zarur ko‘mak ko‘rsatishi shart.
Bojxona organining mansabdor shaxsi bojxona ko‘rigini O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 195-moddasi to‘rtinchi qismida ko‘rsatilgan hollarda deklarant yoki vakolatli shaxslar ishtirokisiz, ikki nafar xolis hozirligida o‘tkazishga haqli.
14. Olib kiriladigan tovarlarning bojxona ko‘rigi uch oy davomida bojxona ko‘rigi tartib-taomili videoyozuvi saqlanishini va O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi markaziy apparati va uning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmalari va “Toshkent-AERO” ixtisoslashtirilgan bojxona kompleksi ulanishini ta’minlovchi videokuzatuv tizimi bilan jihozlangan joylardagina amalga oshiriladi.
(14-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 23-iyundagi 41-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3447, 14.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.07.2023-y., 10/23/3447/0484-son)
O‘ziga xos xususiyatlarga ega, uning tashqi o‘lchamlari, fizik ko‘rsatkichlari tufayli yoki kimyoviy xossalariga ko‘ra yoxud saqlanishiga doir alohida shartlar qo‘yilishi tufayli bojxona omboriga joylashtirilishi mumkin bo‘lmagan tovarlar, shuningdek tovar yetkazib beriladigan joyda bojxona ombori mavjud bo‘lmagan hollarda, bojxona ko‘rigi tovarlar yetkazib berilgan joyda davlat bojxona xizmati organlari tomonidan ko‘chma videoyozuv uskunalari yordamida tasvirga olingan holda amalga oshiriladi va videotasvirlar bojxona postida ko‘rik o‘tkazilgan kundan boshlab uch oy davomida saqlanishi ta’minlanadi.
(14-band O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2020-yil 9-sentabrdagi 01-02/12-44-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3154-1, 13.10.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.10.2020-y., 10/20/3154-1/1380-son)
15. Bojxona organining mansabdor shaxsi tovarlarni bojxona ko‘rigidan konteyner yoki transport vositasining maxsus yuk bo‘linmasida o‘tkazishi mumkin, agar:
XBAT tomonidan tovarlarni konteyner yoki transport vositasining maxsus yuk bo‘linmasidan to‘liq tushirish orqali bojxona ko‘rigidan o‘tkazish belgilangan bo‘lmasa;
bunday bojxona ko‘rigi tovarlarni yo‘qolishi yoki ularning holatini o‘zgarishiga olib kelmasa.
O‘yiluvchan, to‘kiluvchan yoki quyiluvchan holda ortiladigan va tushiriladigan tovarlar maxsus jihozlangan joylarda bojxona ko‘rigidan o‘tkaziladi.
16. Bojxona ko‘rigi boshlanish vaqti, bojxona organining mansabdor shaxsi tovarlar o‘ramini, transport vositalari yoki konteynerlarni, yuk joylari va yuk sig‘imlarini, tovarlar joylashtirilgan yoki joylashtiriladigan boshqa joylarini ko‘zdan kechirish xatti-harakatlarini boshlagan vaqtidan hisoblanadi.
17. Bojxona ko‘rigi o‘tkazayotganida bojxona organining mansabdor shaxsi quyidagilarni amalga oshiradi:
a) bojxona ko‘rigidan o‘tkazilayotgan barcha nomdagi tovarlar partiyasi transport vositasidan to‘liq tushirish nazarda tutilgan bo‘lsa:
tovarlarni o‘lchash;
barcha yuk o‘rinlarini ochib ko‘rish va sanab chiqish;
barcha yuk o‘rinlaridagi tovarlar sonini sanab chiqish;
b) yangi xavf yoki shubha va gumon paydo bo‘lgan hollarda bojxona ko‘rigining hajmi oshiriladi;
v) tijorat hujjatlarida tovarlar yagona o‘lchovda (dona, juft va boshqa o‘lchovda) ko‘rsatilgan va ularning umumiy og‘irligi bojxona to‘lovi summasiga ta’sir etmagan hollarda hamda XBATda boshqa holatlar ko‘rsatilmagan bo‘lsa, bojxona ko‘rigi davomida tovarlar o‘lchanmaydi;
g) tovarlarning sonini yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlar bilan taqqoslaydi.
18. Bojxona ko‘rigi jarayoni asosli sabablarga ko‘ra to‘xtatilganda (tanaffus, ish vaqtini tugashi va boshqa holatlarda), bojxona organining mansabdor shaxsi tovarlarni o‘zgartirilmagan holda saqlanishini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshiradi, shu jumladan yuk joylariga, transport vositalariga yoki tovarlar turgan binoga identifikatsiyalash vositalarini qo‘yadi.
19. Bojxona ko‘rigi natijalari bo‘yicha bojxona ko‘rigi dalolatnomasi rasmiylashtiriladi.
Bojxona ko‘rigi davomida tovarlarning amaldagi soni, xususiyati va (yoki) tovarlar haqidagi ma’lumotlar, bojxona yuk deklaratsiyasi hamda yuk kuzatuv hujjatlarida ko‘rsatilgan ma’lumotlarga mos kelmasa, ushbu ma’lumotlar bojxona ko‘rigi dalolatnomasida aks ettiriladi.
20. Bojxona ko‘rigi natijalariga ko‘ra tafovut aniqlangan taqdirda, bojxona organining mansabdor shaxsi tomonidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli choralar qo‘llaniladi.
(20-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
21. Quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Bojxona kodeksining 189-moddasiga muvofiq bojxona ko‘rigidan o‘tkazilmaydi:
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi sobiq Prezidentining shaxsiy bagaji;
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolarining va Qonunchilik palatasi deputatlarining, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi a’zolarining, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha vakilining (ombudsmanning) va O‘zbekiston Respublikasi diplomatik pasportlari egalarining shaxsiy bagaji, agar mazkur shaxslar xizmat vazifalarini bajarishi bilan bog‘liq holda bojxona chegarasini kesib o‘tsalar;
qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa mansabdor shaxslarning shaxsiy bagaji;
(21-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
chet el harbiy kemalari, jangovar va harbiy-transport havo kemalari, shuningdek o‘zi yurib kelayotgan harbiy texnikasi.
22. Tovarni xususiyatlari haqidagi ma’lumotlar yetarli bo‘lmagan va tovarni identifikatsiyalash imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda, bojxona organining mansabdor shaxsi bojxona ekspertizasini tayinlab, tovarlardan namuna va (yoki) sinamalar oladi.
Tovarlardan namuna va (yoki) sinamalar olish O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 17-martdagi 145-son “O‘zbekiston Respublikasi bojxona organlari tizimida tovarlarning namuna va sinamalarini tasarruf etish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq amalga oshiriladi.
(22-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2022-yil 16-martdagi 12/05-22-00569-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3154-2, 25.03.2022-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 25.03.2022-y., 10/22/3154-2/0239-son — 2022-yil 3-maydan kuchga kiradi)
4-bob. Tovarlarni qayta, qo‘shimcha hamda tovarlar chiqarib yuborilganidan keyingi bojxona ko‘rigidan o‘tkazish
23. Qayta bojxona ko‘rigini o‘tkazish uchun quyidagilardan biri asos bo‘ladi:
tovarlar bojxona nazorati ostida bo‘lganda deklarantning asoslantirilgan yozma talabiga asosan bojxona posti boshlig‘ining ruxsati;
bojxona organlari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda xorijiy davlatlar yoki xalqaro tashkilotlardan olingan tezkor-qidiruv natijalari va ma’lumotlari. Bunda bojxona organi boshqarma boshlig‘ining ruxsati talab qilinadi.
Qayta bojxona ko‘rigi mazkur Yo‘riqnomada belgilangan tartibda qisman yoki to‘liq o‘tkaziladi.
24. Qo‘shimcha bojxona ko‘rigini o‘tkazish uchun quyidagilardan biri asos bo‘ladi:
vakolatli shaxs ko‘rikdan o‘tkazish natijalari tovarning butun turkumiga tatbiq etilishi mumkin emas deb hisoblasa, tovar turkumining qolgan qismi uchun uning yozma talabiga asosan bojxona posti boshlig‘ining ruxsati;
bojxona ko‘rigini amalga oshirish jarayonida bojxona organining mansabdor shaxsida bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablarining buzilishi mumkinligi haqidagi asosli shubha va gumon paydo bo‘lganda bojxona organi mansabdor shaxsining bildirgisiga asosan bojxona posti boshlig‘ining ruxsati.
(24-bandning uchinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
25. Bojxona organlari tovarlar chiqarib yuborilganidan keyin, basharti bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari buzilgan deb taxmin qilish uchun yetarli va tasdiqlangan asoslar mavjud bo‘lsa, bojxona ko‘rigini amalga oshirishga haqli.
(25-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
Bunday ma’lumotlar bojxona organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor-qidiruv faoliyati natijasida bojxona maqsadlari uchun statistik ma’lumotlar, bojxona yuk deklaratsiyasi va boshqa hujjatlar tahlili, shaxslarning xabarnoma va arizalari, chet el davlatlari, xalqaro tashkilotlarning tegishli organlari hamda ommaviy axborot vositalaridan olinishi mumkin.
5-bob. Bojxona ko‘rigi jarayonida texnik xodimlar, xizmat itlari va texnik vositalardan foydalanish
26. Bojxona ko‘rigi samaradorligini oshirish hamda tovarlar haqidagi ma’lumotlarni (ularning soni, tarkibi, fizik va kimyoviy xossalari, aslliligi, maxfiy joylarning borligi) aniqlash maqsadida texnik vositalaridan foydalaniladi.
27. Bojxona organining mansabdor shaxsi texnik vositalarni qo‘llash jarayonida shaxsiy xavfsizlikka, insonlar hayoti va sog‘lig‘iga, atrof muhit hamda tovar va transport vositalariga zarar yetkazmaslik choralarini ko‘rishi lozim.
28. Bojxona ko‘rigi amalga oshirilishida yukni tushirish va ortish hamda bojxona ko‘rigini amalga oshirish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa vazifalarni amalga oshiruvchi texnik xodimlar ishtirok etishi mumkin.
29. O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirilishi va O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqariga olib chiqilishi taqiqlangan tovarlarni aniqlash maqsadida bojxona ko‘rigi zarur hollarda xizmat itlaridan foydalangan holda o‘tkazilishi mumkin.
6-bob. Deklarant tomonidan tovarlarni ko‘zdan kechiruvi
30. Deklarant bojxona deklaratsiyasi va bojxona maqsadlari uchun zarur boshqa hujjatlar berilgunga qadar tovarlarni bojxona nazorati ostida ko‘zdan kechirish hamda o‘lchash, ularning namunalari va nusxalarini olish huquqiga ega.
31. Tovarlarning deklarant tomonidan ko‘zdan kechiruvi, deklarantning bojxona organiga yozma yoki elektron murojaatnomasiga asosan faqat bojxona ombori hududida amalga oshiriladi.
Deklarantning yozma yoki elektron murojaatnomasi bojxona organining elektron ma’lumotlar tizimida ro‘yxatga olinadi.
(31-band O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2020-yil 9-sentabrdagi 01-02/12-44-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3154-1, 13.10.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.10.2020-y., 10/20/3154-1/1380-son)
32. Deklarant tomonidan tovarlarning ko‘zdan kechiruvi uchun murojaatnoma:
chegara bojxona postida qisqa bojxona yuk deklaratsiyasi;
tashqi iqtisodiy faoliyat bojxona postida bojxona yuk deklaratsiyasi bojxona organiga taqdim qilinguniga qadar berilishi mumkin, bundan bojxona organining qarori asosida tovarlarni o‘rganish holatlari mustasno.
Bunda bojxona organining mansabdor shaxsi:
ko‘zdan kechirishni amalga oshirayotgan shaxsning tovarlarga nisbatan vakolatga egaligini aniqlashi;
transport vositalarini tashqi tarafdan ko‘zdan kechirish orqali ziyon yetkazilmaganligini hamda bojxona identifikatsiyalash vositalarini buzilishi orqali tovarlarni yo‘qolish ehtimollari mavjudligini aniqlashi;
bojxona identifikatsiyalash vositalari mavjudligi hamda ularga shikast yetkazilmaganligini aniqlashi;
bojxona identifikatsiyalash vositalarining olib tashlanishi va transport vositasi yukxonasining ochilishida ishtirok etishi;
ko‘zdan kechiruvi jarayoni yakuni bo‘yicha ma’lumotlarni murojaatnomaga kiritishi lozim.
(32-band O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasining 2020-yil 9-sentabrdagi 01-02/12-44-sonli qarori (ro‘yxat raqami 3154-1, 13.10.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 13.10.2020-y., 10/20/3154-1/1380-son)
33. Deklarant tovarlarni o‘lchash, ulardan namuna va (yoki) sinamalar olish huquqiga ega.
34. Deklarant tomonidan tovarlardan namuna va (yoki) sinamalar olinganligi to‘g‘risida ma’lumot bojxona yuk deklaratsiyasida ko‘rsatiladi, shuningdek olinayotgan namuna va (yoki) sinamalar uchun alohida bojxona deklaratsiyasi berilmaydi.
35. Deklarant bojxona yuk deklaratsiyasi berilgunga qadar amalga oshirgan ko‘zdan kechiruvi to‘g‘risida tovarlarga ilova qilinadigan hujjatlarga belgi qo‘yadi (deklarantning F.I.O., ko‘zdan kechirgan sanasi va vaqti, aniqlangan tafovut (mavjud bo‘lsa)) va imzosi bilan tasdiqlaydi.
7-bob. Bojxona ko‘rigi dalolatnomasini rasmiylashtirish
36. Bojxona ko‘rigi dalolatnomasi O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining axborot tizimida, shu jumladan mobil ilovalar orqali mazkur Yo‘riqnomaning ilovasiga muvofiq shaklda elektron tarzda rasmiylashtiriladi.
(36-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 23-iyundagi 41-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3447, 14.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.07.2023-y., 10/23/3447/0484-son)
Bojxona ko‘rigini o‘tkazish jarayonida bojxona to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari talablari bo‘zilganlik holatlari aniqlanganda bojxona ko‘rigi dalolatnomasi A4 formatli oq qog‘ozga chop etiladi hamda ko‘rikda ishtirok etgan barcha shaxslar tomonidan imzolanadi.
(36-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
37. Bojxona ko‘rigi dalolatnomasining nusxasi deklarantning talabiga asosan A4 formatli oq qog‘ozga chop etilib, bojxona ko‘rigini amalga oshirgan bojxona organi mansabdor shaxsining imzosi hamda shaxsiy muhri bilan tasdiqlangan holda beriladi.
Bojxona ko‘rigi dalolatnomasiga quyidagilar ilova qilinadi:
tovarlar o‘ramida mavjud bo‘lgan belgi namunalari, tamg‘alar, yorliqlar va boshqa tovarlarni identifikatsiyalash vositalari (mavjud bo‘lsa);
bojxona ko‘rigida qatnashgan yoki ishtirok etgan mutaxassislarni vakolatlarini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxasi (ular ko‘rikda ishtirok etishga jalb qilinsa);
bojxona organining mansabdor shaxsidan tashqari bojxona ko‘rigida qatnashgan shaxslarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlari nusxalari.
Bojxona ko‘rigi dalolatnomasiga ilova qilingan ma’lumotlar bojxona ko‘rigi dalolatnomasining ajralmas qismi hisoblanadi.
38. Bojxona ko‘rigi dalolatnomasi uch yil mobaynida saqlanadi. Bojxona ko‘rigi dalolatnomasini saqlash muddati rasmiylashtirilgan yildan keyingi yildan hisoblanadi.
8-bob. Yakuniy qoidalar
39. Tovarlarni ko‘rikdan o‘tkazayotgan shaxslar uchun ma’lum bo‘lgan ma’lumotlar tijorat siri hisoblanib, ushbu ma’lumotlar faqatgina belgilangan (aloqador) shaxslargagina oshkor etilishi lozim.
40. Ushbu Yo‘riqnoma talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar bo‘ladi.
(40-band O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
41. Mazkur Yo‘riqnoma O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi bilan kelishilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi raisi A. IKRAMOV
2019-yil 20-fevral
Tovarlarni bojxona ko‘zdan kechiruvi va bojxona ko‘rigidan o‘tkazishda hamda namuna va (yoki) sinamalar olishda bojxona tartib-taomillarini amalga oshirish to‘g‘risidagi yo‘riqnomaga
ILOVA
ILOVA
| Bojxona ko‘rigi dalolatnomasi _______________/ _________________ / ___________________-son | |||||||||
| Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasining hududiy boshqarmasi ____________________________________________ | |||||||||
| Bojxona ko‘rigi o‘tkazilishiga asoslar: ______________________________________________________ | |||||||||
| | | | |
(xavf profili, boshqalar (ko‘rsatilsin) | |||||
| Ko‘rik boshlangan vaqt: ___________soat, ___________daqiqa, “_______”_________________20____ yil | |||||||||
| Mazkur dalolatnoma____________________________________________________ ishtirokida tuzildi. | |||||||||
| | |
(bojxona xodimi) |
| | |||||
| | |||||||||
| Bojxona ko‘rigi o‘tkazildi: | |||||||||
| [ ] bojxona ko‘rigi | |||||||||
| [ ] tovarlar chiqarilgandan so‘ng bojxona ko‘rigi | |||||||||
| [ ] qayta bojxona ko‘rigi | |||||||||
| [ ] qo‘shimcha bojxona ko‘rigi | |||||||||
| Yuk va (yoki) transport vositasiga ilova qilingan hujjat:________________________________________ | |||||||||
| Ko‘rik o‘tkazilgan joy: ___________________________________________________________________ | |||||||||
| Bojxona identifikatsiyalash vositalari olib tashlandi:_________________________________________ | |||||||||
| Bojxona identifikatsiyalash vositalari: [ ] buzilgan [ ] buzilmagan. | |||||||||
| Tovar taqdim etildi:________________________________________________ bir yoki bir necha turdagi | |||||||||
| | |
(sonini ko‘rsating) |
| | |||||
| Tovar ko‘rildi __________________________________________________________________________ | |||||||||
| |
(nomini ko‘rsating) | ||||||||
| Tovar to‘g‘risidagi ma’lumot: ___________________________________________, __________________ | |||||||||
| | | |
(nomi) |
(soni) | |||||
| Taqdim qilingan hujjatlarga ko‘ra, brutto-vazni:_________kg. | |||||||||
| | | |
netto-vazni:_________kg. |
| | | | ||
| Ko‘rik natijalariga ko‘ra quyidagilar aniqlandi: | |||||||||
| Tovarning umumiy brutto-vazni:_________kg., netto-vazni:_________kg. | |||||||||
| Tovarning vazni quyidagi yo‘llar bilan aniqlandi: | |||||||||
| [ ] aslida o‘lchash | |||||||||
| [ ] o‘ramning (quti, qop va boshqalar) umumiy og‘irligini aniqlash: | |||||||||
| [ ] hisob-kitob | |||||||||
| [ ] turli xilda | |||||||||
| transport vositasining davlat raqami _______________________________________________________ | |||||||||
| | | | |
(avtotransport, vagon, konteyner, aviareys) | |||||
| Ko‘rikdan o‘tkazilgan tovar deklaratsiyalangan tovarga mos keladi___________________________________ | |||||||||
| | | | | | |
(ha yoki yo‘q) | |||
| Ko‘rikdan o‘tkazilgan tovar deklaratsiya qilingan tovarning ta’rifiga mos kelmaydi: | |||||||||
| ______________________________________________________________________ | |||||||||
| Ko‘rikda foydalanilgan bojxona nazoratining texnik vositalari | |||||||||
| [ ] rentgen qurilmasi; | |||||||||
| [ ] metall detektor (stansion, portativ) | |||||||||
| [ ] hujjatlar, valyuta va qimmatli qog‘ozlarni identifikatsiyalash vositasi | |||||||||
| [ ] qimmatbaho metallar va qimmatbaho toshlarni identifikatsiyalash vositasi | |||||||||
| [ ] narkotik vositalarni masofadan aniqlash va identifikatsiyalash vositasi | |||||||||
| [ ] dozimetrik nazorat vositasi | |||||||||
| [ ] foto-_____, audio-______ videotexnika-______ va boshqa apparatlar | |||||||||
| [ ] turli asboblar yig‘imi | |||||||||
| [ ] ko‘rik bojxona nazoratining texnik vositalaridan foydalanilmasdan o‘tkazildi. | |||||||||
| Namuna va (yoki) sinamalar olish amalga oshirildi:_____________________________________________ | |||||||||
| ______________________________________________________________________ | |||||||||
| ______________________________________________________________________ | |||||||||
|
(bojxona indentifikatsiyalash uchun qo‘yilgan vositalardan olingan namunalar va ularning soni) | |||||||||
| ______________________________________________________________________ | |||||||||
| Quyidagi qonunbuzarliklar aniqlandi:_______________________________________________________ | |||||||||
| Ko‘rikdan so‘ng quyidagi bojxona identifikatsiyalash vositalari qo‘yildi:____________________________ | |||||||||
| Ko‘rik tugatilgan vaqt: ____________soat, ____________daqiqa, “_______” _______________ 20___ yil | |||||||||
| Bojxona organi xodimi___________________________________________________________________ | |||||||||
| | |
(familiyasi, ismi, sharifi va shaxsiy muhri) | |||||||
| qo‘shimcha varaqlar soni ______ | |||||||||
| Ko‘rikda ishtirok etgan shaxslar: | |||||||||
| | |||||||||
| | ___________________________ | | ___________________________ | ||||||
| |
ismi, familiyasi |
|
imzo | ||||||
| | ___________________________ | | ___________________________ | ||||||
| |
ismi, familiyasi |
|
imzo | ||||||
| | ___________________________ | | ___________________________ | ||||||
| |
ismi, familiyasi |
|
imzo | ||||||
(ilova O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2023-yil 23-iyundagi 41-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3447, 14.07.2023-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 17.07.2023-y., 10/23/3447/0484-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 19.04.2019-y., 10/19/3154/2972-son; 13.10.2020-y., 10/20/3154-1/1380-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son; 25.03.2022-y., 10/22/3154-2/0239-son; 17.07.2023-y., 10/23/3447/0484-son)