O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Auditorlik faoliyatini litsenziyalash tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida
Mazkur qaror O‘zbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 25-fevraldagi 88-sonli “Faoliyatni boshlash yoki tugatish uchun vakolatli organni xabardor qilish tartibi to‘g‘risidagi yagona nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan 2022-yil 1-martdan o‘z kuchini yo‘qotadi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasida auditorlik faoliyatini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2018-yil 19-sentabrdagi PQ-3946-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Auditorlik faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — moliya vaziri J.A. Qo‘chqorov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 13-mart,
218-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-martdagi 218-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Auditorlik faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi hududida auditorlik faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
2. Auditorlik faoliyati faqat auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya (keyingi o‘rinlarda litsenziya deb ataladi) mavjud bo‘lgan taqdirda amalga oshiriladi, “Auditorlik faoliyati to‘g‘risida” gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasida nazarda tutilgan professional xizmatlar ko‘rsatish bundan mustasno.
Auditorlik faoliyatini litsenziyalash O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi (keyingi o‘rinlarda litseziyalovchi organ deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Litsenziya auditorlik tashkilotining arizasiga ko‘ra beriladi.
Litsenziyani olish yoki qayta rasmiylashtirish uchun arizada auditorlik tashkilotining elektron manzili ko‘rsatilishi mumkin. Litsenziyani olish yoki qayta rasmiylashtirish uchun arizada auditorlik tashkilotining elektron manzili ko‘rsatilganligi uning litsenziyani olish yoki qayta rasmiylashtirish uchun arizasi bo‘yicha qabul qilingan qaror haqida axborot tizimi orqali elektron shaklda xabarnoma olishga roziligi hisoblanadi.
Hujjatlar auditorlik tashkiloti tomonidan litsenziyalovchi organga bevosita, pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, ular olinganligi haqida xabardor qilingan holda taqdim etiladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar auditorlik tashkilotining elektron raqamli imzosi bilan tasdiqlanadi.
3. Litsenziyalovchi organning litsenziyani berish, berishni rad etish, litsenziyaning amal qilishini tugatish, o‘n ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish yoki tiklash, shuningdek, uni bekor qilish to‘g‘risidagi qarori O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining buyrug‘i bilan rasmiylashtiriladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyani berish, berishni rad etish, litsenziyaning amal qilishini tugatish, o‘n ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turish yoki tiklash, shuningdek, uni bekor qilish to‘g‘risidagi qarori auditorlik tashkilotiga yozma yoki axborot tizimi orqali elektron shaklda, qaror qabul qilingan kundan boshlab uch kun mobaynida yetkaziladi.
2-bob. Litsenziya olish uchun taqdim etiladigan hujjatlar
4. Belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilgan auditorlik tashkiloti litsenziya olish uchun litsenziyalovchi organga mazkur Nizomning 1-ilovasiga muvofiq shaklda auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya olishga arizani (keyingi o‘rinlarda litsenziya olish uchun ariza deb ataladi) mehnat daftarchalari (nusxasi olinib, asli qaytariladi) va asosiy ish joyi bo‘yicha shtatdagi auditorlarning ushbu Nizomda nazarda tutilgan shtatdagi auditorlarning eng kam soniga to‘g‘ri keladigan miqdorda ishga qabul qilinganligi to‘g‘risidagi buyruqlarning ish joyidan tasdiqlangan nusxalarini ilova qilgan holda taqdim etadi.
Davlat ro‘yxatidan o‘tgan sanadan boshlab uch oy mobaynida litsenziyalovchi organga litsenziya olish uchun ariza taqdim etmagan tijorat tashkiloti o‘z nomida “auditorlik tashkiloti” so‘zlaridan foydalanishga haqli emas.
Auditorlik tashkilotidan mazkur Nizomda nazarda tutilmagan hujjatlarni taqdim etishni talab qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Litsenziyalovchi organ litsenziya berish uchun boshqa vakolatli organlarda mavjud bo‘lgan zarur hujjatlar va axborotlarni belgilangan tartibda o‘zaro axborot hamkorligi yo‘li bilan, shu jumladan elektron tarzda mustaqil ravishda oladi, ushbu bandda nazarda tutilgan hujjatlar va axborotlar bundan mustasno.
Litsenziyalovchi organ O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi bilan birgalikda litsenziyaga ega bo‘lgan auditorlik tashkilotlari reyestri ma’lumotlarini belgilangan tartibda ro‘yxatga olingan auditorlik tashkilotlari to‘g‘risidagi axborot bilan taqqoslashni har chorakda amalga oshiradi.
3-bob. Litsenziya olish uchun arizani ko‘rib chiqish tartibi
5. Litsenziya olish uchun ariza barcha zarur hujjatlar bilan birga litsenziyalovchi organ tomonidan ko‘rib chiqiladi.
Auditorlik tashkilotining hujjatlarini ko‘rib chiqish va litsenziya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish muddati litsenziya olish uchun ariza va zarur hujjatlar kelib tushgan kundan boshlab o‘n besh kalendar kunni tashkil etadi.
6. Litsenziya olish uchun arizani litsenziyalovchi organ tomonidan ko‘rib chiqishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining (litsenziyalovchi organga litsenziya olish uchun ariza taqdim etilgan kundagi) bir baravari miqdorida yig‘im undiriladi.
(6-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Litsenziya olish uchun arizani ko‘rib chiqqanlik uchun yig‘im summasi litsenziyalovchi organning maxsus hisob raqamiga undiriladi.
Auditorlik tashkiloti litsenziya olish uchun bergan arizasini qaytarib olgan holatlarda yig‘im qaytarib berilmaydi.
4-bob. Litsenziya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilish tartibi
7. Litsenziya uning amal qilishi cheklanmagan muddatga beriladi. Litsenziya mazkur Nizomning 2-ilovasiga muvofiq shaklda belgilangan namunadagi maxsus blankada rasmiylashtiriladi.
Litsenziyani berish mazkur Nizomning 3-ilovasiga muvofiq sxema bo‘yicha amalga oshiriladi.
8. Litsenziyani berish to‘g‘risidagi xabarnomada davlat boji to‘lanadigan bank hisob raqamining rekvizitlari va davlat bojini to‘lash muddatlari ko‘rsatiladi.
Agar litsenziyalovchi organ litsenziya olish uchun arizani ko‘rib chiqish muddati davomida litsenziya berish yoki berishni rad etish to‘g‘risida qaror qabul qilmasa, ko‘rsatilgan muddat o‘tgandan so‘ng auditorlik tashkiloti litsenziyalovchi organni yozma ravishda xabardor qilgan holda auditorlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega bo‘ladi. Bunda litsenziyalovchi organ auditorlik tashkilotining yozma xabarini olgandan keyin besh ish kuni mobaynida unga litsenziya berishi shart.
9. Auditorlik tashkiloti tomonidan davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilgandan va litsenziya bitimi imzolangandan so‘ng ikki kun muddatda litsenziya rasmiylashtiriladi va beriladi.
Litsenziya berganlik uchun “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
(9-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 16-iyundagi 384-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)
Davlat boji O‘zbekiston Respublikasining respublika budjetiga o‘tkaziladi.
10. Litsenziyaning asl nusxasi reyestrga imzo qo‘ydirgan holda auditorlik tashkiloti rahbariga yoxud auditorlik tashkiloti tomonidan berilgan ishonchnoma asosida boshqa shaxsga beriladi. Litsenziya nusxasi litsenziyalovchi organda belgilangan tartibda saqlanadi.
11. Litsenziyani berish quyidagi sabablarga ko‘ra rad etilishi mumkin:
auditorlik tashkiloti tomonidan zarur darajada rasmiylashtirilmagan hujjatlar taqdim etilganda;
hujjatlarda ishonchsiz yoki buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlar mavjud bo‘lganda;
auditorlik tashkiloti litsenziya talablari va shartlariga muvofiq bo‘lmaganda.
Boshqa sabablarga ko‘ra, shu jumladan maqsadga muvofiq emasligi tufayli litsenziya berishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi.
12. Litsenziya berishni rad etishga asos bo‘lgan sabablarni bartaraf etish uchun auditorlik tashkilotiga o‘n besh kun muddat beriladi.
Hujjatlarni qayta ko‘rib chiqish litsenziyalovchi organ tomonidan barcha zarur hujjatlar bilan birga litsenziya olish uchun ariza taqdim etilgan kundan boshlab o‘n kun mobaynida amalga oshiriladi. Litsenziya olish uchun arizaning qayta ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘im undirilmaydi.
Litsenziya olish uchun arizani takroriy ko‘rib chiqishda litsenziya berishni rad etish to‘g‘risidagi xabarnomada ilgari ko‘rsatilmagan yangi asoslar bo‘yicha uni berishning rad etilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Litsenziya berishni rad etish uchun asos bo‘lgan sabablarni bartaraf etish maqsadida berilgan muddat tugagandan so‘ng litsenziya olish uchun taqdim etilgan ariza yangidan berilgan deb hisoblanadi.
5-bob. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish va dublikat berish tartibi
13. Auditorlik tashkiloti qayta o‘zgartirilganda, uning nomi yoki joylashgan joyi (pochta manzili) o‘zgargan holatlarda, auditorlik tashkiloti yoxud uning huquqiy vorisi, qayta ro‘yxatdan o‘tkazilgandan so‘ng bir oy muddatda litsenziyalovchi organga qayta rasmiylashtiriladigan litsenziyani va tegishli o‘zgartirishlarni tasdiqlovchi hujjatlarni ilova qilgan holda litsenziyani qayta rasmiylashtirish to‘g‘risida ariza berishi shart.
Litsenziyaga ega bo‘lgan auditorlik tashkilotlari qo‘shib yuborilishi natijasida yangidan auditorlik tashkiloti vujudga kelgan taqdirda, litsenziyani qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qayta rasmiylashtirishga yo‘l qo‘yiladi.
14. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish tegishli hujjatlar ilova qilingan holda ariza olingan kundan boshlab litsenziyalovchi organ tomonidan besh ish kuni mobaynida amalga oshiriladi.
15. Yo‘qolgan yoki yaroqsiz holga kelib qolgan litsenziya o‘rniga, auditorlik tashkilotining arizasiga ko‘ra dublikat beriladi.
16. Litsenziyaning qayta rasmiylashtirilganligi yoki dublikat berilganligi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdorida yig‘im undiriladi.
(16-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 28-dekabrdagi 1046-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son)
Yig‘im summasi litsenziyalovchi organning maxsus hisob raqamiga o‘tkaziladi.
17. Litsenziya qayta rasmiylashtirilgunga qadar auditorlik tashkiloti faoliyatini ilgari berilgan litsenziya asosida amalga oshiradi. Mazkur Nizomning 13-bandi birinchi xatboshi talablari buzilgan holda auditorlik faoliyatini amalga oshirish litsenziyasiz faoliyat bilan shug‘ullanganlik kabi qonun hujjatlarida belgilangan javobgarlikka sabab bo‘ladi.
6-bob. Auditorlik tashkilotiga nisbatan qo‘yiladigan litsenziya talablari va shartlari
18. Quyidagilar auditorlik faoliyatini amalga oshirishda litsenziya talablari va shartlari hisoblanadi:
auditorlik faoliyati to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya qilish;
ustav kapitalida auditorlarning qonun hujjatlarida nazarda tutilgan ulushiga ega bo‘lishi;
ustav kapitalini auditorlik tashkiloti faoliyatini amalga oshirishda bevosita foydalaniladigan mol-mulkdan, shu jumladan pul mablag‘laridan shakllantirish;
faqat auditorlik faoliyatini amalga oshirish;
auditorlik tashkiloti mas’uliyatini sug‘urta qilish polisiga ega bo‘lish;
auditor tomonidan auditorlik faoliyatini faqat bitta auditorlik tashkilotida amalga oshirish;
shtatdagi auditorlar soni mazkur Nizomda nazarda tutilgan miqdorda bo‘lishi;
auditorlik tekshiruvi o‘tkazishda olingan axborotlarning sir saqlanishini ta’minlash;
auditorlik xizmatlari ko‘rsatishda shartnoma majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish;
auditorlik tashkiloti rahbari lavozimiga faqat ushbu auditorlik tashkiloti asosiy ish joyi hisoblangan auditorni tayinlash;
auditorlik faoliyatini amalga oshirishda mustaqillikni ta’minlash;
auditorlik faoliyati standartlariga muvofiq auditorlik hisobotini va auditorlik xulosasini tuzish;
auditorlik tashkilotlarida ichki standartlarning mavjud bo‘lishi;
o‘z pochta manzili o‘zgargani to‘g‘risida litsenziyalovchi organni o‘n kun muddatda xabardor qilish;
auditorlik faoliyati to‘g‘risidagi ma’lumotlarni bir yilda bir marta, belgilangan shaklda litsenziyalovchi organga taqdim etish, shuningdek, litsenziyalovchi organning talabiga ko‘ra auditorlik faoliyatini amalga oshirish bilan bog‘liq boshqa axborotlarni taqdim qilish;
auditorlar ishi sifatining nazoratini ta’minlash;
auditorlarning bir yilda bir marta malaka oshirish kurslaridan o‘tishini ta’minlash;
auditorlik tashkiloti rahbari almashganligi va (yoki) auditorlar tarkibi o‘zgarganligi to‘g‘risida litsenziyalovchi organni besh kun muddatda xabardor qilish;
auditorlik tekshiruvlarini amalga oshirishda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya qilish;
o‘zining veb-saytida yoki Auditorlarning respublika jamoat birlashmasining veb-saytida o‘tkazilgan majburiy auditorlik tekshiruvlari haqidagi axborotni e’lon qilish.
19. Mazkur auditorlik tashkiloti asosiy ish joyi hisoblangan shtatdagi auditorlarning eng kam soni kamida to‘rt nafarni tashkil etadi.
Litsenziya olingandan so‘ng ushbu band talablariga to‘g‘ri kelmagan taqdirda auditorlik tashkiloti nomuvofiqlik yuzaga kelgan kundan boshlab besh kun davomida litsenziyalovchi organni bu haqda yozma ravishda yoki elektron aloqa vositalari orqali xabardor qiladi hamda ko‘rsatilgan sanadan boshlab uch oydan ko‘p bo‘lmagan muddatda yuzaga kelgan nomuvofiqlikni bartaraf etishi, yoxud belgilangan tartibda o‘z faoliyatini tugatishi to‘g‘risida qaror qabul qilishi shart. Auditorlik tashkiloti tomonidan ushbu band talablariga ko‘ra nomuvofiqlik bartaraf etilgunga qadar auditorlik tekshiruvini o‘tkazish qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikni keltirib chiqaradi.
20. Auditorlik tashkilotining ustav kapitali auditorlik tashkiloti faoliyatini amalga oshirishda bevosita foydalaniladigan mol-mulkdan, shu jumladan pul mablag‘laridan shakllantiriladi.
7-bob. Auditorlik tashkiloti ishi sifatining nazorati
21. Litsenziyalovchi organ tomonidan Auditorlarning respublika jamoat birlashmalari bilan birgalikda har uch yilda kamida bir marta auditorlik tashkilotlari ishining sifatini tashqi nazoratdan o‘tkazadi.
Majburiy auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazuvchi auditorlik tashkilotlari ishi sifatining tashqi nazorati natijalari litsenziyalovchi organning veb-saytida e’lon qilinadi.
22. Litsenziyalovchi organ jismoniy va yuridik shaxslarning qonun hujjatlarining buzilishi faktlari to‘g‘risidagi murojaatlariga yoki auditorlik tashkiloti faoliyatini risk-tahlil natijalariga asosan auditorlik tashkilotlari tomonidan litsenziya talablari va shartlariga rioya qilinishini tekshirish tashabbusi bilan chiqishga haqli.
8-bob. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish, tiklash va litsenziyani bekor qilish tartibi
23. Auditorlik tashkilotlari ishi sifatini tashqi nazoratdan o‘tkazishda qonun hujjatlarini buzish yoki litsenziya talablari va shartlarining buzilganligi aniqlanganda, shuningdek, litsenziyalovchi organning aniqlangan buzilishlarni bartaraf etish to‘g‘risidagi qarori auditorlik tashkiloti tomonidan bajarilmagan taqdirda litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish mumkin.
Litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini o‘n ish kunidan ortiq bo‘lmagan muddatga to‘xtatib turishga yoxud o‘n ish kunidan ortiq muddatga to‘xtatib turish, yoki tugatish to‘g‘risida sudga murojaat qilishga haqlidir.
Sudning litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risidagi qarori auditorlik tashkilotiga va litsenziyalovchi organga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Litsenziyalovchi organ yoki sud litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlarni bartaraf etish uchun auditorlik tashkilotiga muddat belgilaydi. Bunda litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlarni bartaraf etish uchun sud qarorida belgilangan muddat olti oydan ortiq bo‘lishi mumkin emas.
24. Litsenziyaning amal qilishi to‘xtatib turilgan davrda auditorlik tashkiloti tomonidan faoliyatni amalga oshirish qonun hujjatlariga muvofiq javobgarlikka olib keladi.
25. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlar auditorlik tashkiloti tomonidan bartaraf etilganda litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish to‘g‘risida qaror qabul qilgan litsenziyalovchi organ yoki sud ko‘rsatib o‘tilgan holatlarning bartaraf etilganligi to‘g‘risidagi tasdiqnoma olingan kundan boshlab uch kun muddatda litsenziyaning amal qilishini tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilishi shart.
26. Agar auditorlik tashkiloti ko‘rsatib o‘tilgan holatlarni belgilangan muddatda bartaraf etmagan bo‘lsa, litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risida sudga murojaat qilishga haqli.
27. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi holatlarda ham tugatiladi:
auditorlik tashkiloti litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganda;
auditorlik tashkiloti tugatilganda;
auditorlik tashkilotining faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda, bundan u qayta o‘zgartirilgan, shuningdek, yangidan vujudga kelgan auditorlik tashkiloti davlat ro‘yxatidan o‘tkazish sanasida qo‘shib yuborilayotgan auditorlik tashkilotlarida litsenziya mavjud bo‘lgan holatlar mustasno;
auditorlik tashkiloti tomonidan litsenziya bitimida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlari muntazam ravishda yoki bir marta qo‘pol tarzda buzilganda;
litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turishga sabab bo‘lgan holatlar auditorlik tashkiloti tomonidan litsenziyalovchi organ yoki sud belgilagan muddatda bartaraf etilmaganda;
litsenziyalovchi organning litsenziya berish to‘g‘risidagi qarorining noqonuniyligi aniqlanganda.
Litsenziyaning amal qilishini ushbu bandning beshinchi — yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlarda tugatish sud qaroriga ko‘ra, boshqa holatlarda esa — litsenziyalovchi organning qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
Sudning litsenziyaning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qarori auditorlik tashkilotiga va litsenziyalovchi organga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Litsenziya uning amal qilishini tugatish to‘g‘risidagi qaror auditorlik tashkiloti tomonidan olingan kundan boshlab o‘n kun mobaynida litsenziyalovchi organga qaytariladi va yo‘q qilinadi.
Litsenziyaning amal qilishi uni tugatish to‘g‘risidagi qaror qabul qilingan sanadan boshlab tugatiladi.
28. Litsenziyaning amal qilishini tugatish uchun asos bo‘lib hisoblanadigan litsenziya talablari va shartlarini bir marta qo‘pol ravishda buzishga quyidagilar kiradi:
auditorlik faoliyati bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa faoliyat turlarini amalga oshirish;
auditorlik faoliyatini amalga oshirishda mustaqillikni ta’minlamaslik;
qasddan soxta auditorlik xulosasini tuzish;
auditorlik tekshiruvini o‘tkazishda olingan maxfiy axborotni auditorlik tekshiruvi buyurtmachisining ruxsatisiz oshkor qilish, bundan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan holatlar mustasno;
auditorlik tekshiruvlarini o‘tkazishda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan cheklovlarga rioya qilmaslik;
auditorlik faoliyatini amalga oshirishda auditorlik tashkiloti mas’uliyatini sug‘urta qilish polisining mavjud emasligi.
29. Litsenziya quyidagi holatlarda bekor qilinadi:
auditorlik tashkiloti litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilganda;
litsenziyaning qalbaki hujjatlardan foydalangan holda olinganligi aniqlanganda;
agar auditorlik tashkiloti litsenziya berish haqidagi qaror qabul qilinganligi to‘g‘risida xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan boshlab uch oy davomida litsenziyalovchi organga davlat boji to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan bo‘lsa, yoxud litsenziya bitimini imzolamagan bo‘lsa.
Ushbu bandning uchinchi xatboshida nazarda tutilgan holatlarda litsenziyani bekor qilish sud tartibida, boshqa holatlarda esa litsenziyalovchi organning qaroriga ko‘ra amalga oshiriladi.
30. Sudning litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi qarori auditorlik tashkilotiga va litsenziyalovchi organga qonun hujjatlarida belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
Litsenziyaning bekor qilinishi to‘g‘risidagi qaror auditorlik tashkiloti tomonidan olingan kundan boshlab litsenziya o‘n kun davomida litsenziyalovchi organga qaytarilishi va yo‘q qilinishi kerak. Litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, litsenziya u berilgan sanadan e’tiboran bekor qilingan hisoblanadi.
Litsenziya bekor qilingan taqdirda to‘langan davlat boji qaytarilmaydi.
31. Litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, qayta tiklash, tugatish, shuningdek, litsenziyani bekor qilish to‘g‘risidagi qarorlar ommaviy axborot vositalarida, shuningdek, litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
9-bob. Litsenziyaga ega bo‘lgan auditorlik tashkilotlari reyestrini yuritish
32. Litsenziyalovchi organ litsenziyaga ega bo‘lgan auditorlik tashkilotlari reyestrini yuritadi, unda quyidagilar ko‘rsatiladi:
auditorlik tashkilotining nomi va uning joylashgan joyi (pochta manzili);
aloqa telefoni raqami;
hisob-kitob raqami;
elektron manzili (veb-sayt);
soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami;
ta’sischilarning ustav kapitalidagi ulushlari to‘g‘risida axborot;
tashkilot rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi va uning auditor malaka sertifikati sanasi va raqami, shuningdek, ushbu tashkilotda ishlovchi auditorlarning malaka sertifikatlarining raqamlari va sanalari;
litsenziyaning berilgan sanasi va raqami;
litsenziyaning amal qilishini to‘xtatib turish, tugatish, qayta tiklash asoslari va sanalari;
litsenziyalarni bekor qilish asoslari va sanalari;
litsenziyalarni qayta rasmiylashtirish va dublikatlar berish asoslari va sanalari.
33. Litsenziyalar reyestrida mavjud bo‘lgan ma’lumotlar litsenziyalovchi organning rasmiy veb-saytida, shuningdek, “Litsenziya” kompleks axborot tizimlarining elektron reyestrida joylashtiriladi.
Tijorat tashkiloti, agar u haqdagi axborot Tadbirkorlik subyektlarining yagona davlat reyestriga kiritilgan sanadan boshlab uch oy davomida litsenziyaga ega bo‘lgan auditorlik tashkilotlari reyestriga kiritilmagan bo‘lsa, o‘z nomida “auditorlik tashkiloti” so‘zlaridan foydalanishga haqli emas.
10-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Litsenziyalovchi organning qarori, shuningdek, litsenziyalovchi organ mansabdor shaxsining harakati (harakatsizligi) yuzasidan auditorlik tashkiloti tomonidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
35. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor bo‘lgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq javob beradi.
Auditorlik faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
|
Auditorlik faoliyatini amalga oshirishga litsenziya olish uchun | ||||||||||||||
| | | | | | | | | | | | | | | |
| 1. Auditorlik tashkilotining nomi ________________________________________________ | ||||||||||||||
| 2. Pochta manzili ______________________________________________________________ aloqa bog‘lash telefoni (kodi bilan) | ||||||||||||||
| ___________________________________________, | ||||||||||||||
| | STIR __________________________________________________________________ | |||||||||||||
| | Bank rekvizitlari ________________________________________________________ | |||||||||||||
| 3. Elektron manzili (veb-sayt) | ||||||||||||||
| 4. Arizaga ilova qilinadigan hujjatlar ro‘yxati: | ||||||||||||||
| 4.1. | | | | | | | | | | | | | | |
| 4.2. | | | | | | | | | | | | | | |
| va boshqalar. | | | | | | | | | | | ||||
| | | | | | | | | | | | | | | |
| Rahbarning imzosi | | | | | | | | | | |||||
Auditorlik faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
|
NAMUNA | ||||||||||||||
|
(O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri) O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun | ||||||||||||||
| | ||||||||||||||
| | Seriya ________________ | | | | | | № _________________ | |||||||
| | | | | | | | | | 20 ____ yil “____” _____________ | |||||
| | O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining | |||||||||||||
| | 20__ yil “__”__________dagi ___-son buyrug‘iga muvofiq _____________________ | |||||||||||||
| |
_____________________________________________________________________ | |||||||||||||
| |
_____________________________________________________________________ ga (auditorlik tashkilotining pochta manzili va STIR) | |||||||||||||
| | ||||||||||||||
| O‘zbekiston Respublikasi hududida auditorlik faoliyatini amalga oshirishga ruxsat beriladi. | ||||||||||||||
| ||||||||||||||
| | Vakolatli shaxsning F.I.Sh va imzosi | |||||||||||||
| | M.O‘. | | | | | | | | | | | | ||
Auditorlik faoliyatini litsenziyalash tartibi to‘g‘risidagi nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
Auditorlik faoliyatini litsenziyalash
SXEMASI
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-martdagi 218-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
RO‘YXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshirishlarining ahamiyatini oshirish to‘g‘risida” 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2000-y., 9-son, 62-modda) 3 va 4-bandlari, shuningdek qarorga 3-ilova.
2. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati yuritish uchun ruxsatnoma turlarini qisqartirish va ularni berish tartib-qoidalarini soddalashtirish to‘g‘risida” 2005-yil 21-sentabrdagi PQ-186-son qarori)” 2006-yil 22-maydagi 92-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 5-son, 34-modda) ilovaning 8-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (“Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimi takomillashtirilganligi hamda ularning moliyaviy javobgarligi erkinlashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi O‘RQ-59-son Qonuni)” 2006-yil 10-noyabrdagi 235-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2006-y., 11-son, 86-modda) 1-ilova 29-bandining “b” va “g” kichik bandlari.
4. Vazirlar Mahkamasining “Vazirlar Mahkamasining “Auditorlik faoliyatini takomillashtirish va auditorlik tekshirishlarining ahamiyatini oshirish to‘g‘risida” 2000-yil 22-sentabrdagi 365-son qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Auditorlik tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda ular ko‘rsatayotgan xizmatlar sifati uchun javobgarlikni oshirish to‘g‘risida” 2007-yil 4-apreldagi PQ-615-son qarori)” 2007-yil 17-maydagi 99-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2007-y., 5-son, 27-modda) ilovaning 3-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2011-yil 7-sentabrdagi O‘RQ-292-son Qonuni)” 2012-yil 1-fevraldagi 26-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 2-son, 5-modda) ilovaning 1-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Statistik, soliq va moliyaviy hisobotlarni, litsenziyalanadigan faoliyat turlarini va ruxsat berish tartib-taomillarini tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2012-yil 16-iyuldagi PF-4453-son Farmoni)” 2012-yil 1-noyabrdagi 313-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2012-y., 11-son, 79-modda) 1-ilovaning 22-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Auditorlik faoliyatini amalga oshirish uchun auditorlik tashkilotlariga litsenziya berish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida” 2014-yil 3-sentabrdagi 247-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2014-y., 36-son, 455-modda).
8. Vazirlar Mahkamasining “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlari ko‘rsatish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2014-yil 31-dekabrdagi 377-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2015-y., 1-son, 9-modda) ilovaning 7-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida” 2013-yil 26-dekabrdagi O‘RQ-360-son hamda “Soliq va budjet siyosatining 2016-yilga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” 2015-yil 31-dekabrdagi O‘RQ-398-son qonunlari)” 2016-yil 26-apreldagi 122-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2016-y., 4-son, 28-modda) 1-ilovaning 33-bandi.
10. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish, shuningdek ba’zilarini o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblash to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlariga davlat xizmatlarini ko‘rsatish mexanizmlarini takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 2017-yil 1-fevraldagi PQ-2750-son qarori)” 2017-yil 1-maydagi 252-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 5-son, 59-modda) 1-ilovaning 4-bandi.
11. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 14-martdagi PQ-2833-son qarori)” 2017-yil 20-dekabrdagi 1001-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2017-y., 12-son, 292-modda) ilovaning 10-bandi.
12. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida (O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholiga davlat xizmatlari ko‘rsatishning milliy tizimini tubdan isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 12-dekabrdagi PF-5278-son Farmoni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida” 2017-yil 12-dekabrdagi PQ-3430-son qarori)” 2018-yil 22-yanvardagi 40-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2018-y., 1-son, 19-modda) ilovaning 3-bandi.
13. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida (“O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 18-apreldagi O‘RQ-429-son Qonuni va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati sohasidagi litsenziyalash va ruxsat berish tartib-taomillarini yanada qisqartirish va soddalashtirish, shuningdek, biznes yuritish shart-sharoitlarini yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2018-yil 11-apreldagi PF-5409-son Farmoni)” 2018-yil 29-oktabrdagi 884-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2018-yil, 10-son, 274-modda) ilovaning 1-bandi.
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 14.03.2019-y., 09/19/218/3766-son; 29.12.2019-y., 09/19/1046/4242-son; 16.06.2020-y., 09/20/384/0770-son)