Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining
Qarori
Axborotdan foydalanuvchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlishi tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2015-yil 22-dekabrda 2742-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Qonuni hamda Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 6-noyabrdagi 320-son “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuni qoidalarini amalga oshirishga yoʻnaltirilgan kompleks chora-tadbirlar koʻrish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi qaror qiladi:
1. Axborotdan foydalanuvchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlishi tartibi toʻgʻrisidagi namunaviy nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri X. MIRZAXIDOV
Toshkent sh.,
2015-yil 25-noyabr,
140-mh-son
Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi bosh direktori A. YUNUSOV
Toshkent sh.,
2015-yil 25-noyabr,
05-son
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligining 2015-yil 25-noyabrdagi 140-mh va 05-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Axborotdan foydalanuvchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlishi tartibi toʻgʻrisidagi
Mazkur Namunaviy nizom “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, axborotdan foydalanuvchilarning davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlishi tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 7-moddasiga asosan, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining faoliyati toʻgʻrisida axborot izlashni amalga oshirayotgan jismoniy yoki yuridik shaxs axborotdan foydalanuvchi hisoblanadi.
2. Mazkur Namunaviy nizom talablari davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan ochiq hayʼat majlisida ishtirok etish uchun taklif etilgan shaxslarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari:
mazkur Namunaviy nizom asosida axborotdan foydalanuvchilarning ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlishi tartibini belgilashi;
ochiq hayʼat majlislarida axborotdan foydalanuvchilarning hozir boʻlishi uchun sharoitlar yaratishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
4. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining hayʼat majlislari ochiq tarzda oʻtkaziladi, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
5. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari axborotdan foydalanuvchilarning tanishib chiqishlari uchun binoning hamma kirishi mumkin boʻlgan xonalarida va (yoki) maxsus ajratilgan joylarida ochiq hayʼat majlislarini oʻtkazish rejalari, shu jumladan majlislarning kun tartibi loyihalari, ular oʻtkaziladigan sana, joy va vaqt hamda boshqa zarur axborotlar axborot stendlari va (yoki) shunday maqsad uchun moʻljallangan texnik vositalarga majlis oʻtkazilishidan kamida uch kun oldin joylashtirishlari shart.
2-bob. Axborotdan foydalanuvchilarning ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlishi
6. Axborotdan foydalanuvchi davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlish uchun tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organiga soʻrov bilan murojaat qiladi. Soʻrov “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari faoliyatining ochiqligi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 20-moddasida belgilangan talablarga muvofiq rasmiylashtirilishi lozim.
Axborotdan foydalanuvchining identifikatsiyalash imkoniyatini beradigan maʼlumotlar koʻrsatilmagan soʻrovlar anonim hisoblanadi va koʻrib chiqilmaydi.
7. Soʻrov kelib tushgan kuni u tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organi tomonidan alohida maxsus jurnalda roʻyxatga olinadi va zudlik bilan koʻrib chiqiladi. Mazkur jurnal hayʼat masʼul kotibi tomonidan yuritiladi.
8. Soʻrovga asosan hayʼat masʼul kotibi axborotdan foydalanuvchini ochiq hayʼat majlisida ishtirok etuvchilar roʻyxatiga kiritadi hamda bu haqda axborotdan foydalanuvchiga maʼlum qiladi. Ochiq hayʼat majlisining oʻtkazilish sanasi, vaqti yoki joyi oʻzgargan taqdirda, bu haqda axborotdan foydalanuvchiga maʼlum qilinadi.
9. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisiga shaxsini tasdiqlovchi hujjati asosida kiritiladi.
10. Axborotdan foydalanuvchi ochiq hayʼat majlisiga kelmagan taqdirda, hayʼat masʼul kotibi tomonidan bu haqda maxsus jurnalga yozib qoʻyiladi.
11. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari oʻz imkoniyatlaridan hamda axborotdan foydalanuvchilar sonidan kelib chiqib, ochiq hayʼat majlisi oʻtkaziladigan zalda axborotdan foydalanuvchilar uchun joy tayyorlaydi. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisi oʻtkaziladigan zalga maxsus jurnaldagi qayd etish ketma-ketligi asosida joylashtiriladi.
Axborotdan foydalanuvchilar sonining koʻpligi sababli, ularni ochiq hayʼat majlisi oʻtkazilayotgan zalga joylashtirish imkoni boʻlmagan taqdirda, ular ochiq hayʼat majlisining borishini video tasvir orqali moneliksiz kuzatib borishlari mumkin boʻlgan xonaga joylashtirilishi mumkin.
12. Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari tomonidan oʻz imkoniyatlaridan kelib chiqib, axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisining borishini video tasvir orqali moneliksiz kuzatib borishlari mumkin boʻlgan alohida xona jihozlab qoʻyilishi mumkin.
13. Axborotdan foydalanuvchilar ochiq hayʼat majlisi boshlangunga qadar belgilangan joyga yetib kelishi, roʻyxatdan oʻtishi va belgilangan joyga oʻtirishi lozim. Axborotdan foydalanuvchilar raislik qiluvchi tomonidan majlis boshlanganligi eʼlon qilingandan soʻng kelgan taqdirda, kechikib kelgan hisoblanadi va hayʼat majlisiga qoʻyilmaydi.
14. Axborotdan foydalanuvchi tegishli davlat hokimiyati va boshqaruvi organi tomonidan tasdiqlangan ochiq hayʼat majlisining reglamentida belgilangan tartibda majlisda hayʼat aʼzolariga savollar bilan murojaat qilish huquqiga ega.
15. Axborotdan foydalanuvchi tomonidan hayʼat majlislari davomida hayʼat majlisi muhokamasiga taalluqli boʻlmagan va ushbu majlisda muhokama qilinmagan masalalar boʻyicha fikr-mulohazalar bildirilgan yoki savollar bilan murojaat etilgan taqdirda, unga mazkur masala boʻyicha axborot olish tartibi tushuntiriladi.
16. Axborotdan foydalanuvchi hayʼat majlisi oʻtkazilayotgan vaqtda tartibni buzmasligi shart. Axborotdan foydalanuvchi majlis oʻtkazilayotgan vaqtda tartibni buzgan taqdirda, raislik qiluvchi tomonidan ogohlantiriladi.
Axborotdan foydalanuvchi tartibni takroran buzgan taqdirda, u raislik qiluvchi tomonidan majlis oʻtkazilayotgan zaldan chiqarib yuboriladi. Mazkur holat yuzasidan hayʼat masʼul kotibi dalolatnoma tuzadi va dalolatnoma raislik qiluvchi tomonidan imzolanadi.
17. Axborotdan foydalanuvchilarga ochiq hayʼat majlisini fotosuratga, video tasvirga olishga, ovoz yozish vositalaridan foydalanishga ruxsat berilmaydi.
18. Hayʼat majlisi bayonnomasida ochiq hayʼat majlislarida hozir boʻlgan axborotdan foydalanuvchilarning ishtiroki haqida tegishli maʼlumotlar koʻrsatilishi lozim.
3-bob. Yakuniy qoida
19. Mazkur Namunaviy nizom Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamda Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti bilan kelishilgan.
Oʻzbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi A. KARIMOV
2015-yil 25-noyabr
Fuqarolik jamiyati shakllanishini monitoring qilish mustaqil instituti direktori G. ABDUKARIMOV
2015-yil 25-noyabr
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 51-son, 637-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)