Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Davlat ulushi boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati samaradorligini baholash mezonlarini joriy etish toʻgʻrisida
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 24-apreldagi PF-4720-son Farmonini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Davlat ulushi boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati samaradorligini baholash mezonlari toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Oldingi tahrirga qarang.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda, davlat ulushi boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlarni boshqarish organlari tomonidan ushbu masalaning koʻrib chiqilishini tashkil etgan holda, faoliyat samaradorligini baholash mezonlari joriy etilishini taʼminlasin.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 891-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.01.2025-y., 09/25/891/0011-son)
3. Xoʻjalik boshqaruvi organlariga oʻzlari muassislari (aksiyadorlari, qatnashchilari) boʻlgan tashkilotlarda faoliyat samaradorligini baholash mezonlarini joriy etish tavsiya qilinsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat raqobat qoʻmitasi davlat va xoʻjalik boshqaruv organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan birgalikda:
ushbu qaror qoidalari boʻyicha axborot-tushuntirish ishlarini tashkil etsin;
2016-yil 1-martgacha boʻlgan muddatda Vazirlar Mahkamasiga ushbu qaror qoidalarining davlat ulushi mavjud boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga joriy etilishi holati toʻgʻrisida axborot kiritsin.
6. Ushbu qaror 2016-yil 1-yanvardan boshlab kuchga kiradi.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi oʻrinbosari R.S. Azimov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2015-yil 28-iyul,
207-son
Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 28-iyuldagi 207-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Davlat ulushi boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyati samaradorligini baholash mezonlari toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Ushbu Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”, “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar toʻgʻrisida”gi qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aksiyadorlik jamiyatlarida zamonaviy korporativ boshqaruv uslublarini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2015-yil 24-apreldagi PF-4720-son Farmoniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Ustav fondida davlat ulushi boʻlgan korxonalarning samarali boshqarilishini va davlat mulkining zarur darajada hisobga olinishini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2006-yil 16-oktabrdagi 215-son qaroriga muvofiq ishlab chiqilgan hamda ustav kapitalida davlat ulushi miqdori ellik foizdan ortiq boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari yoxud ustav kapitalidagi davlat ulushi miqdori xoʻjalik jamiyatining boshqa har bir aksiyadori (ishtirokchisi) ulushiga nisbatan koʻp boʻlgan xoʻjalik jamiyatlari, (keyingi oʻrinlarda tashkilotlar deb ataladi) faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)
Oldingi tahrirga qarang.
2. Ushbu Nizom banklarga hamda samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan tashkilotlarga nisbatan tatbiq etilmaydi.
(2-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 891-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.01.2025-y., 09/25/891/0011-son)
Ustav kapitalida davlat ulushi boʻlmagan xoʻjalik jamiyatlari oʻzlarining faoliyati samaradorligini baholash uchun ushbu Nizomni jamiyatning boshqaruv organlari qaroriga binoan tatbiq etishlari mumkin.
3. Davlat ulushi boʻlgan aksiyadorlik jamiyatlari va boshqa xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatining samaradorligini baholash mezonlarini joriy etish va qoʻllash 1-ilovaga* muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
4. Samaradorlikni baholash mezonlari belgilangan davriylik boʻyicha hisoblanadigan samaradorlikning muhim koʻrsatkichlarini oʻz ichiga oladi.
5. Samaradorlikning muhim koʻrsatkichlari (keyingi oʻrinlarda SMK deb ataladi) tashkilotlarning ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligini aniqlash uchun foydalaniladigan baholash mezonlarining miqdoriy oʻlchovidan iborat boʻladi.
6. SMK roʻyxati faoliyatning iqtisodiy, energetika, ishlab chiqarish, innovatsion samaradorligi koʻrsatkichlarini va samaradorlikning boshqa koʻrsatkichlarini oʻz ichiga olishi mumkin.
7. SMK roʻyxati tashkilotning vakolatli boshqaruv organi boʻlgan kuzatuv kengashi, u mavjud boʻlmaganda esa — yuqori boshqaruv organi (xoʻjalik jamiyatlari uchun) yoki muassis (davlat korxonalari uchun) qarori bilan tasdiqlanadi.
8. SMKni hisoblashning davriyligi har chorakdan iborat boʻladi va tashkilotning vakolatli boshqaruv organi qarori bilan belgilanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
Buxgalteriya balansi va moliyaviy natijalar toʻgʻrisidagi hisobotni shakllantirish va topshirish muddatidan qatʼiy nazar, tashkilotlar har chorakda SMK bajarilishini hisoblaydi va eʼlon qiladi.
(8-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
Oldingi tahrirga qarang.
9. Tashkilotning ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligini baholash uchun ushbu Nizomning 2a va 2b-ilovalarida* koʻrsatilgan SMK tatbiq etiladi. Bunda 2a-ilovada* koʻrsatilgan SMK hisoblash majburiy hisoblanadi.
(9-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
Ayrim SMKni tatbiq etish imkoniyati mavjud boʻlmaganda, bu toʻgʻridagi qaror ijro etuvchi organning taklifiga binoan tashkilotning vakolatli boshqaruv organi tomonidan tasdiqlanadi.
10. Tashkilotning vakolatli boshqaruv organi qarori bilan tashkilot faoliyatining tarmoq boʻyicha mansubligidan, rivojlanish strategiyasidan va faoliyatining xususiyatidan kelib chiqqan holda SMK sifatida boshqa koeffitsiyentlardan foydalanish mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
11. Baholash maqsadi uchun har bir SMKga uning tashkilot uchun ahamiyatini aks ettiruvchi salmoq oʻlchovi belgilanadi. Tashkilotga nisbatan tatbiq etiladigan asosiy va qoʻshimcha SMKning salmoq oʻlchovlarining har biri 100 foizni tashkil qilishi lozim.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
12. Har bir SMKning salmoq oʻlchovi, uning tashkilot faoliyati uchun ahamiyatini hisobga olgan holda, tashkilotning vakolatli boshqaruv organi qarori bilan belgilanadi.
II. Koʻrsatkichlarni hisoblash
13. Quyidagilar:
tashkilotning buxgalteriya hisobi hujjatlaridagi;
davlat organlariga taqdim etiladigan hisobotlar (moliyaviy, statistik, soliq hisobotlari va boshqalar)dagi;
biznes-rejadagi;
belgilangan tartibda olingan yoki ishlab chiqilgan boshqa materiallardagi maʼlumotlar SMKni hisoblashning axborot manbai hisoblanadi.
14. Tashkilot SMKni hisoblashni amalga oshirish uchun boshqa tashkilot (konsultant)ni jalb qilishga haqlidir.
15. SMKni hisoblashning toʻgʻriligi va ishonchliligi tashkilotning rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
16. SMKni hisoblash ushbu Nizomning 3a va 3b-ilovalaridagi* qoidalar boʻyicha amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Tashkilotning vakolatli boshqaruv organi, Davlat aktivlarini boshqarish agentligini (keyingi oʻrinlarda — Agentlik) xabardor qilgan holda, SMKni hisoblashning boshqa qoidalarini qoʻllashga haqlidir.
(16-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
* 1 — 3b-ilovalar rus tilidagi matnda berilgan.
III. SMKning prognoz (maqsadli) koʻrsatkichlari
Oldingi tahrirga qarang.
17. SMKning prognoz (maqsadli) koʻrsatkichlari har bir chorak uchun biznes-rejada, uning ajralmas qismi hisoblanadigan alohida ilova sifatida aks ettiriladi.
(17-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
18. SMKning prognoz (maqsadli) koʻrsatkichlari tashkilotning vakolatli boshqaruv organi tomonidan qonunchilikda belgilangan meʼyoriy miqdordan (agar koʻrsatkichlar uchun qonunchilikda meʼyoriy miqdor belgilangan boʻlsa) past boʻlmagan darajada belgilanadi.
19. Agar qonunchilikda koʻrsatkichlar uchun meʼyoriy miqdor nazarda tutilmagan boʻlsa, prognoz (maqsadli) koʻrsatkichni aniqlash uchun boshqa tashkilot (konsultant) jalb etilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
20. Tashkilotning vakolatli boshqaruv organi navbatdagi chorak tugagandan soʻng SMKning prognoz (maqsadli) koʻrsatkichlariga tuzatish kiritishi mumkin va ushbu oʻzgartirishlar vakolatli boshqaruv organi tomonidan tasdiqlanib, Agentlikka taqdim etiladi.
(20-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
21. Agar SMKning prognoz (maqsadli) koʻrsatkichiga tuzatish kiritish ilgari amalga oshirilgan toʻlovlarni qayta hisoblashga zarurat tugʻdirsa, u holda bunday qayta hisoblash ushbu Nizomda nazarda tutilgan tartibda amalga oshiriladi.
IV. Baholash koʻrsatkichlaridan foydalanish va ularning monitoringi
22. Hisoblash yoʻli bilan olingan SMK miqdorlari ularning biznes-rejada belgilangan prognoz (maqsadli) miqdorlari bilan hisoblangan va maqsadli miqdorning foizli nisbati tarzida (keyingi oʻrinlarda bajarish foizi deb ataladi) taqqoslanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
23. Asosiy SMK boʻyicha hisoblangan miqdor tashkilotning ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligining yigʻindi koʻrsatkichi (keyingi oʻrinlarda — SYK) sifatida ifodalanadi.
Qoʻshimcha SMK qoʻllanilganida, SYK asosiy SMK bilan qoʻshimcha SMKning oʻrtacha arifmetik miqdorida aniqlanadi.
(23-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
24. Joriy davrda ijro etuvchi organ rahbari va aʼzolarini mukofotlash miqdori biznes-rejada nazarda tutilgan ijro etuvchi organni moddiy ragʻbatlantirish puli miqdorini SYKga koʻpaytirish yoʻli bilan aniqlanadi. Tashkilotning vakolatli boshqaruv organi qaroriga binoan ijro etuvchi organning tashkilot faoliyati natijalarini shakllantirishdagi haqiqiy ishtirokidan kelib chiqib, tuzatish koeffitsiyenti qoʻllanishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Vakolatli boshqaruv organi tomonidan biznes-rejada aks ettirish orqali, ragʻbatlantirish xususiyatiga ega boshqa toʻlov turlari va miqdorlari belgilanishi mumkin. Bunda, vakolatli boshqaruv organi qarori bilan ijro etuvchi organi aʼzolariga mehnat natijalariga bogʻliq boʻlmagan bir yoʻla toʻlanadigan mukofot puli belgilanishi mumkin.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
25. Agar SYK va ularning bajarilishi foizi barcha SMKning kamida yarmida prognozdan (maqsadli koʻrsatkichdan) oshsa, tashkilotning vakolatli boshqaruv organi qaroriga asosan ijro etuvchi organ rahbari va aʼzolarini mukofotlash miqdori biznes-rejada nazarda tutilgan mukofotlash miqdoriga nisbatan ikki barobar oshirilishi mumkin.
26. Agar SMKning haqiqiy miqdori qonunchilikda belgilangan meʼyoriy miqdordan past boʻlsa, tashkilotning vakolatli boshqaruv organi qaroriga asosan ijro etuvchi organ rahbariga nisbatan qonunchilikka muvofiq javobgarlik choralari koʻriladi.
27. Tashkilotning vakolatli boshqaruv organi qaroriga asosan ijro etuvchi organ faoliyati samaradorligi quyidagicha eʼtirof etiladi:
SYK miqdori 40 foizdan kam boʻlsa — qoniqarsiz;
SYK miqdori 40 foizdan 60 (ushbu daraja ham kiradi) foizgacha boʻlsa — past darajada;
SYK miqdori 60 foizdan 80 (ushbu daraja ham kiradi) foizgacha boʻlsa — yetarli darajada emas;
SYK miqdori 80 foizdan 90 (ushbu daraja ham kiradi) foizgacha boʻlsa — oʻrtacha darajada;
SYK miqdori 90 foizdan 100 (ushbu daraja ham kiradi) foizgacha boʻlsa — yetarli darajada;
SYK miqdori 100 foizdan oshsa — yuqori darajada.
Oldingi tahrirga qarang.
28. Ijro etuvchi organning faoliyati qoniqarsiz yoki past boʻlgan tashkilotlarda, shuningdek uning faoliyati natijalarini Agentlikning rasmiy veb-saytida eʼlon qilmagan korxonalarda ijro etuvchi organ aʼzolarini ragʻbatlantirishlarga yoʻl qoʻyilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
(28-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
Oldingi tahrirga qarang.
29. Ijro etuvchi organning faoliyat samaradorligi ketma-ket ikki chorak mobaynida qoniqarsiz yoki past darajada (har qanday uygʻunlikda) va/yoki umuman baholanmagan boʻlsa, yoxud uning natijalari Agentlik rasmiy veb-saytida joylashtirilmagan boʻlsa, bu ijro etuvchi organ rahbari bilan mehnat shartnomasini bekor qilish tashabbusi bilan chiqishga olib keladi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
30. SMKning hisoblangan miqdorlari, SYKni bajarish foizlari belgilangan tartibda tashkilotning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi va aksiyadorlarga (qatnashchilarga, mulkdorga) ularning yozma soʻrovi boʻyicha taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
31. Ijro etuvchi organ faoliyati samaradorligining tizimli monitoringini tashkil etish maqsadida, tashkilotlar Agentlikning rasmiy veb-saytidagi tegishli shaklni toʻldirish yoʻli bilan, Agentlikka SMKni elektron koʻrinishda quyidagicha taqdim etadi:
(31-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
I chorak, yarim yillik va toʻqqiz oy yakuni boʻyicha — hisobot davridan keyingi oyning 30-sanasigacha;
yil yakuni boʻyicha — hisobot davridan keyin 1-martdan kechiktirmay.
Oldingi tahrirga qarang.
32. Agentlik:
(32-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
Oldingi tahrirga qarang.
hech qanday toʻlovlarsiz elektron raqamli imzosi mavjud tashkilotlarga Agentlikning rasmiy veb-saytida SMK toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻldirish imkoniyatini;
(32-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Agentlikning rasmiy-veb-saytida SMK, SYK va ularni bajarish foizlari haqidagi yigʻma maʼlumotlari eʼlon qilinishini;
(32-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
davlat aktivlarini samarali boshqarish maqsadida davlat tomonidan aksiyador (qatnashchi) va muassis vakolatlarini amalga oshirishda tashkilotlarning ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanishni taʼminlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
33. Agentlik Oʻzbekiston Respublikasi Soliq qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligidan ijro etuvchi organ faoliyatini baholash uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarni idoralararo oʻzaro elektron hamkorlik yoʻli bilan tekin olish huquqiga ega.
(33-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 27-dekabrdagi 891-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.01.2025-y., 09/25/891/0011-son)
Oldingi tahrirga qarang.
34. Agentlik davlat tashkilotlaridan tashkilotlarning ijro etuvchi organi faoliyati samaradorligini baholash uchun zarur boʻlgan axborotlarni, agar bunday axborotlarni olishga boʻlgan huquqi aksiyadorlar (qatnashchi, mulkdor) uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan boʻlsa, tekin olishga haqlidir.
(34-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
Oldingi tahrirga qarang.
35. Agentlik, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda, Agentlikning rasmiy veb-saytini oʻz ichiga qamraydigan elektron tizimning ishlanmasini va texnik qoʻllab-quvvatlanishini oʻz vaqtida moliyalashtirishni amalga oshiradi.
(35-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
V. Baholash koʻrsatkichlarini tekshirish va ekspertizadan oʻtkazish
Oldingi tahrirga qarang.
36. SMK, SYK va ularning yil yakunlari boʻyicha bajarilishi auditorlik tashkiloti tomonidan, yil yakunlari boʻyicha audit oʻtkazish toʻgʻrisidagi shartnomaning alohida qoʻshimcha predmeti doirasida yoki alohida auditorlik tashkiloti tomonidan turdosh xizmatlari koʻrsatish yoʻli bilan tekshiriladi.
(36-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 9-dekabrdagi 775-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son)
37. Auditorlik tashkilotining SMK, SYK va ularning bajarilishi foizlarining hisoblangan miqdorini tekshirish boʻyicha auditorlik tashkilotining professional konsalting xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisidagi hisoboti tashkilotning hisobot yilidagi faoliyati natijalari bilan birga (aksiyadorlari (qatnashchilari)ning yoki davlat korxonalari muassislarining yillik umumiy yigʻilishida) koʻrib chiqiladi.
38. Tashkilotning vakolatli boshqaruv organlari qaroriga asosan auditorlik tashkiloti SMK, SYK va ularning I chorak, yarim yillik yoki 9 oylik yakunlari boʻyicha bajarilishi hisobini tekshirishi mumkin.
39. Auditorlik tashkiloti tomonidan oʻtkazilgan tekshirish natijalariga koʻra, ilgari hisoblangan SMK, SYK miqdori va ularning bajarilish foizlariga zarur aniqliklar kiritiladi. Agar SMK, SYK miqdoriga va ularning bajarilishi foizlariga kiritilgan aniqlashtirishlar natijasida:
tashkilotning ijro etuvchi organi rahbarlariga va aʼzolariga toʻlanadigan toʻlovlar miqdorini yaxshilash uchun ularni qoʻshimcha ravishda hisoblab chiqish zarurligi aniqlanganda mazkur ijobiy farq hisobot yilidagi ish yakunlari boʻyicha ularga toʻlanadigan ragʻbatlantirish pullari toʻlanayotganda toʻgʻrilanadi;
ortiqcha toʻlangan toʻlovlarni ushlab qolish zaruriyatini keltirib chiqaruvchi holat aniqlanganda, tashkilotning ijro etuvchi organi rahbarlariga va aʼzolariga ilgari toʻlangan toʻlovlardagi salbiy farq hisobot yilidagi ish yakunlari boʻyicha ularga ragʻbatlantirish pullari toʻlanayotganda tuzatiladi yoki ularning ish haqidan ushlab qolinadi yoxud qonunchilikda belgilangan boshqa usulda qoplanadi.
40. Hisoblangan SMK, SYK va ularning bajarilishi foizlari qonunchilikda belgilangan tartibda, sud qaroriga asosan ekspertizadan oʻtkazilishi ham mumkin. SMK, SYK va ularning bajarilishi foizlarining toʻgʻriligi boʻyicha ekspertiza natijalariga koʻra mos kelmagan holatlar ushbu Nizomda nazarda tutilgan toʻlovlarni qayta hisoblashga va nomuvofiqlikka yoʻl qoʻygan shaxslarga nisbatan javobgarlikka olib keladi.
VI. Yakunlovchi qoidalar
41. Tashkilot faoliyatida ushbu Nizom talablariga rioya qilinishi yuzasidan nazorat tashkilotning vakolatli boshqaruv organi tomonidan amalga oshiriladi.
42. Ushbu Nizomning qoʻllanishi bilan bogʻliq nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda hal etiladi.
43. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2015-y., 30-son, 397-modda; 09.12.2020-y., 09/20/775/1612-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.05.2024-y., 09/24/282/0347-son; 04.01.2025-y., 09/25/891/0011-son; 10.11.2025-y., 09/25/709/1027-son)