OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT MULKINI BOShQARISh DAVLAT QOʻMITASINING
Qarori
Yakka tartibda uy-joy qurish (dehqon xoʻjaligini yuritish) uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha ochiq auksion savdolarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2012-yil 13-yanvarda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2314]
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2019-yil 18-fevraldagi 01/10-10/42-sonli ““Yakka tartibda uy-joy qurish (dehqon xoʻjaligini yuritish) uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha ochiq auksion savdolarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaror, shuningdek unga oʻzgartirishlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyruqni, shuningdek unga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 2314-5, 04.03.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, 5-6-son, 82-modda), Fuqarolik kodeksi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-yil, 2-songa ilova, 11-12-son), “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-yil, 51-son, 480-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 24-noyabrdagi PF-1009-son “Yerdan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi 11-12-son, 301-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 29-noyabrdagi 575-son “Yerdan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 1995-yil 11-apreldagi 126-son “Savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini ular joylashgan yer maydonlari bilan birgalikda hamda yer maydonlarini meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun xususiy mulk sifatida sotish tartibi toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati qarorlarining toʻplami, 1995-yil, 4-son, 15-modda) qarorlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi qaror qiladi:
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 10-iyuldagi 01/11-26/17-sonli (roʻyxat raqami 2314-4, 21.07.2017-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 720-modda)
1. Yakka tartibda uy-joy qurish (dehqon xoʻjaligini yuritish) uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha ochiq auksion savdolarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan “Fuqarolarga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish uchun yer uchastkalarini auksionlarda realizatsiya qilish toʻgʻrisida”gi Vaqtinchalik nizom (roʻyxat raqami 119, 1995-yil 26-yanvar) oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
3. Ushbu qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Rais v.b A. ABDUXAKIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 9-dekabr,
01/09-18/13-son
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish davlat qoʻmitasining 2011-yil 9-dekabrdagi 01/09-18/13-son qaroriga
ILOVA
ILOVA
Yakka tartibda uy-joy qurish (dehqon xoʻjaligini yuritish) uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha ochiq auksion savdolarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksi, Fuqarolik kodeksi, “Rieltorlik faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 24-noyabrdagi PF–1009-son “Yerdan foydalanish samaradorligini oshirish toʻgʻrisida”gi Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 29-noyabrdagi 575-son “Yerdan foydalanish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, 1995-yil 11-apreldagi 126-son “Savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini ular joylashgan yer maydonlari bilan birgalikda hamda yer maydonlarini meros qilib qoldirish sharti bilan umrbod egalik qilish uchun xususiy mulk sifatida sotish tartibi toʻgʻrisida”gi qarorlariga muvofiq yakka tartibda uy-joy qurish (dehqon xoʻjaligini yuritish) uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha ochiq auksion savdolarini tashkil etish va oʻtkazish tartibini belgilaydi.
(muqaddima Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 10-iyuldagi 01/11-26/17-sonli (roʻyxat raqami 2314-4, 21.07.2017-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 720-modda)
I. Umumiy qoidalar
1. Yakka tartibda uy-joy qurish (dehqon xoʻjaligini yuritish) uchun yer uchastkalariga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini realizatsiya qilish boʻyicha ochiq auksion savdolarida Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslar — diplomatik korpus xodimlari, Oʻzbekiston Respublikasida roʻyxatga olingan matbuot vakillari, doimiy vakolatxonalar, firmalar, kompaniyalar va xalqaro tashkilotlar xodimlari, qoʻshma korxonalarda doimiy asosda ishlovchi shaxslar, shuningdek, respublikada doimiy yashaydigan va yashash guvohnomasiga ega boʻlgan shaxslar qatnashishga haqli.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalardan foydalaniladi:
auksion savdosi — musobaqalashish asosida xaridorni tanlash shakli, bunda yer uchastkasiga boʻlgan huquq uchun eng yuqori narxni taklif qilgan qatnashchi yer uchastkasiga boʻlgan huquqni olish toʻgʻrisida shartnoma tuzish huquqiga ega boʻladi;
boshlangʻich narx — yer uchastkasiga boʻlgan huquqning uni auksion savdolariga qoʻyish uchun tuman yoki shahar hokimligi tomonidan belgilangan narx;
savdo tashkilotchisi – tuman yoki shahar hokimligi va Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmasi yoki Qoraqalpogʻiston Respublikasining Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish qoʻmitasi (keyingi oʻrinlarda hududiy boshqarma deb yuritiladi) bilan tuzilgan shartnomaga muvofiq auksion savdolarini tashkil etish va oʻtkazish boʻyicha xizmat koʻrsatuvchi rieltorlik tashkiloti;
(2-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 10-iyuldagi 01/11-26/17-sonli (roʻyxat raqami 2314-4, 21.07.2017-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 720-modda)
talabgor — taklif etilgan shartlarda auksion savdolarida qatnashish toʻgʻrisida buyurtmanoma bergan mazkur Nizomning 1-bandida koʻrsatilgan shaxslar yoki ularning vakolatli vakillari;
toʻlov — realizatsiya qilingan yer uchastkasiga boʻlgan huquq uchun xaridor tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasi deb yuritiladi) bir yoʻla yoki boʻlib-boʻlib toʻlanadigan pul mablagʻlari;
(2-bandning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 10-iyuldagi 01/11-26/17-sonli (roʻyxat raqami 2314-4, 21.07.2017-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 720-modda)
xaridor — auksion savdosi natijalari boʻyicha yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnoma tuzgan shaxs;
qatnashchi — auksion savdosida qatnashishga ruxsat etilgan talabgor yoki uning vakolatli vakili;
hokimlik — tuman yoki shahar hokimligi.
3. Yakka tartibda uy-joy qurishga 0,04 gektargacha, dehqon xoʻjaligini yuritishga 0,06 gektargacha yer uchastkasiga boʻlgan huquqlar auksion savdosi asosida realizatsiya qilinadi.
II. Auksion savdolari oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish va uni tashkil etish
4. Auksion savdolariga qoʻyiladigan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarning roʻyxatini tuzish, realizatsiya qilish shartlari hokimlik tomonidan belgilanadi. Hokimlik yer uchastkalarini ajratish boʻyicha doimiy faoliyat yurituvchi komissiyaning takliflariga asosan egalik qilish huquqi auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalarining roʻyxatini shakllantiradi va quyidagi hujjatlar toʻplamini hududiy boshqarmaga taqdim qiladi:
yakka tartibda uy-joy qurish (dehqon xoʻjaligini yuritish) uchun meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqi (keyingi oʻrinlarda yer uchastkasiga boʻlgan huquq deb yuritiladi) auksion savdolariga chiqariladigan yer uchastkalarini ajratish toʻgʻrisidagi qarorning tasdiqlangan nusxasi. Unda yer uchastkasining oʻlchami, soni, har bir yer uchastkasining raqami, tavsifi (oʻlchami, suv bilan taʼminlanganligi, relyefi, tabiiy, sanitariya-ekologiya, tarixiy va madaniy meros muhofazasi, issiqlik, gaz, elektr taʼminoti, aloqa vositalari, kanalizatsiya bilan bogʻliq shartlar, transport kommunikatsiyalari, shuningdek yer uchastkasining boshqa oʻziga xos shartlari), joylashgan joyi va moʻljali, boshlangʻich narxi, talabgorlar tomonidan toʻlanadigan zakalat puli miqdori, yer uchastkasining muhandislik kommunikatsiyalarga ulanishi uchun tegishli tashkilotlarga texnik shartlarni belgilangan tartibda tayyorlash boʻyicha tegishli koʻrsatmalar, yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilishda talabgorlarga qoʻyiladigan pul bilan baholanmaydigan boshqa majburiyatlar (agar mavjud boʻlsa) koʻrsatiladi;
texnik koʻrsatkichlar talablariga qonunchilikka muvofiq rioya qilingan holda tayyorlangan yer uchastkasi joylashgan hududning rejasi;
yer uchastkasining belgilangan tartibda tasdiqlangan eksplikatsiyasi;
yer uchastkasining 1:500 nisbatdagi raqamlangan yer boʻlaklariga ajratish chizmalari.
5. Hududiy boshqarma hokimlik tomonidan taqdim etilgan hujjatlarga muvofiq belgilangan tartibda oʻn kunlik muddat ichida yer uchastkalariga boʻlgan huquqni auksion savdolariga chiqarish toʻgʻrisida buyruq qabul qiladi va unda quyidagilarni koʻrsatadi:
rieltorlik xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisida shartnoma tuziladigan rieltorlik tashkilotining nomi;
yer uchastkasining raqami va joylashgan manzili;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqning boshlangʻich narxi;
yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilishda talabgorlarga qoʻyiladigan pul bilan baholanmaydigan boshqa majburiyatlar (agar hokimlikning qarorida belgilangan boʻlsa);
yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnoma tuzilishining cheklangan muddati;
zakalat puli miqdori, toʻlash muddati va shakli;
auksion komissiyaning tarkibi, doimiy faoliyat yurituvchi auksion komissiya tashkil etilgan hollar bundan mustasno.
6. Hududiy boshqarma tomonidan hokimlik, savdo tashkilotchisining vakillaridan va zaruriyat boʻlganda, shartnoma asosida jalb etiladigan ekspertlar va maslahatchilardan iborat boʻlgan kamida besh kishidan iborat toq sondagi tarkibda doimiy yoki vaqtincha ishlaydigan auksion komissiya tuziladi. Auksion komissiyaga hududiy boshqarmaning vakili raislik qiladi.
7. Auksion komissiya oʻz ish reglamentini mustaqil ishlab chiqadi va tasdiqlaydi. Qaror komissiya aʼzolari umumiy sonining oddiy koʻpchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng boʻlib qolgan taqdirda, auksion komissiya raisi hal qiluvchi ovoz huquqiga ega boʻladi.
8. Agar auksion komissiya majlisida uning aʼzolarining kamida uchdan ikki qismi, shu jumladan komissiya raisi qatnashsa, u vakolatli hisoblanadi.
9. Auksion komissiya auksion savdosini oʻtkazish jarayonining qonuniyligini nazorat qiladi, auksion savdosi natijalari boʻyicha qaror qabul qilishning xolisligini taʼminlaydi.
10. Hududiy boshqarmaning yer uchastkalariga boʻlgan huquqni auksion savdosiga chiqarish toʻgʻrisidagi buyrugʻi qabul qilingan sanadan boshlab besh kunlik muddatda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni auksion savdolarida realizatsiya qilish uchun hokimlik, hududiy boshqarma va mazkur buyruqda koʻrsatilgan savdo tashkilotchisi oʻrtasida rieltorlik xizmati koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma tuziladi.
11. Rieltorlik xizmati koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma tuzilgandan soʻng uch kunlik muddat ichida hududiy boshqarma hokimlik tomonidan unga taqdim etilgan hujjatlar toʻplami hamda yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni auksion savdolariga chiqarish toʻgʻrisidagi buyruqning tasdiqlangan nusxasini savdo tashkilotchisiga taqdim etadi.
12. Hududiy boshqarma auksion savdosi oʻtkazilishidan kamida oʻttiz kun oldin ushbu Nizomning 14-bandiga muvofiq oʻzining Internet tarmogʻidagi veb-saytida yer uchastkasiga boʻlgan huquqning auksion savdosiga qoʻyilganligi toʻgʻrisida xabarnomani belgilangan tartibda joylashtiradi.
13. Savdo tashkilotchisi rieltorlik xizmati koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnoma va hududiy boshqarmaning yer uchastkalariga boʻlgan huquqni auksion savdosiga chiqarish toʻgʻrisidagi buyrugʻi asosida:
auksion savdosi oʻtkazilishidan kamida oʻttiz kun oldin, bitta respublika va bitta viloyat miqyosidagi davriy bosma nashrda va savdo tashkilotchisining Internet tarmogʻidagi veb-saytida auksion savdosini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomani eʼlon qiladi;
talabgorlar bilan zakalat toʻgʻrisida kelishuv tuzadi;
talabgorlarning buyurtmanomalarini roʻyxatdan oʻtkazadi;
auksion savdosida talabgorlarni taqdim etiladigan hujjatlarning namunalari bilan taʼminlaydi;
talabgorlar orasidan qatnashchilar roʻyxatini tuzadi;
qatnashchilarga auksion savdosi qatnashchisi chiptasini beradi;
xabarnoma eʼlon qilingan paytdan boshlab talabgorlarga ularning soʻrovlari boʻyicha yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumotlarni beradi.
14. Auksion savdosi toʻgʻrisidagi xabarnomada quyidagi maʼlumotlar koʻrsatiladi:
savdo tashkilotchisining nomi va manzili, uning telefon (telefaks) raqami va veb-sayti;
auksion savdosi oʻtkaziladigan sana, vaqt va joy;
yer uchastkalarining raqamlari, soni, tavsifi (oʻlchami, suv bilan taʼminlanganligi, relyefi, tabiiy, sanitariya-ekologiya, tarixiy va madaniy meros muhofazasi, issiqlik, gaz, elektr taʼminoti, aloqa vositalari, kanalizatsiya bilan bogʻliq shartlar, transport kommunikatsiyalari, shuningdek yer uchastkasining boshqa oʻziga xos shartlari), joylashgan joyi va moʻljali;
savdoning shakli hamda oʻtkazish tartibi (boshlangʻich narxning bosqichma-bosqich oshib borishi);
yer uchastkasiga boʻlgan huquqning boshlangʻich narxi;
talabgorlarga qoʻyiladigan pul bilan baholanmaydigan boshqa shartlar (mavjud boʻlganda);
yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnoma tuzilishining cheklangan muddati;
zakalat puli miqdori, toʻlash muddati va shakli, toʻlov uchun bank rekvizitlari;
buyurtmanomalarni qabul qilish joyi, ularni qabul qilishning oxirgi muddati (kun va soat koʻrsatilgan holda);
talabgorlarning yer uchastkalari bilan oldindan tanishishi tartibi.
15. Savdo tashkilotchisi auksion savdolarining qonuniylik, oshkoralik tamoyillari, raqobatni ragʻbatlantirish asosida amalga oshirilishini va savdoning barcha qatnashchilari uchun teng sharoitlar yaratilishini taʼminlaydi.
16. Auksion savdosida qatnashish uchun talabgor yer uchastkasiga boʻlgan huquq boshlangʻich narxining kamida oʻn besh foizi miqdorida zakalat puli toʻlaydi.
17. Auksion savdosida qatnashish uchun buyurtmanomalarni qabul qilish xabarnomada eʼlon qilingan sanadan boshlanadi va auksion savdosi oʻtkazilishidan bir kun oldin soat 18.00 da toʻxtatiladi.
18. Savdo tashkilotchisi yer uchastkasining 1:500 nisbatdagi raqamlangan yer boʻlaklariga ajratish chizmalari nusxasi bilan birga auksion savdolariga qoʻyilgan yer maydonlariga boʻlgan huquqlarning har biriga talabgorlar tomonidan nechta buyurtmanomalar topshirilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har bir ish kunida ikki marotaba (kunning birinchi yarmida soat 12.00 da, kunning ikkinchi yarmida soat 17.00 da) savdo tashkilotchisi binosiga kirish joyiga, talabgorlar hech qanday toʻsiqsiz koʻrishi imkonini beradigan tarzda ilib qoʻyiladigan eʼlonlar taxtasiga kiritib boradi.
19. Auksion savdosida qatnashish uchun savdo tashkilotchisi va talabgor oʻrtasida zakalat toʻgʻrisidagi kelishuv imzolanadi, shundan soʻng talabgor savdo tashkilotchisiga auksion savdosi oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomada belgilangan muddatlarda quyidagi hujjatlarni ilova qilgan holda auksion savdosida qatnashishga buyurtmanomani taqdim etadi:
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari — pasport nusxasini;
xorijiy yuridik shaxslar — ularning ustavining belgilangan tartibda legalizatsiya qilingan nusxasi;
xorijiy fuqarolar — chet davlat milliy yoki diplomatik pasporti;
Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan va yashash guvohnomasiga ega boʻlgan shaxslar — yashash guvohnomasi nusxasi;
auksion savdosi oʻtkazilishi toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan bank hisob raqamiga zakalat puli toʻlanganligini tasdiqlaydigan toʻlov hujjatining nusxasi;
zakalat toʻgʻrisidagi kelishuv yoki buyurtmanoma talabgorning nomidan vakolatli vakil tomonidan imzolangan yoxud auksion savdosi jarayonida vakolatli vakil qatnashgan, auksion savdosi natijalari boʻyicha rasmiylashtiriladigan hujjatlar vakolatli vakil tomonidan imzolangan taqdirda, vakolatli vakilning shaxsini va uning vakolatini tasdiqlaydigan hujjat(lar)ning (tegishincha tugʻilganlik haqida guvohnoma, sudning, vasiylik va homiylik organining qarori, ishonchnoma) nusxasi.
20. Savdo tashkilotchisi buyurtmanomaning nusxasiga hujjatlarning roʻyxati bilan birgalikda berilgan hujjatlar qabul qilinganligi toʻgʻrisida ular qabul qilingan sana va vaqtni koʻrsatgan holda belgi qoʻyadi, ushbu nusxa talabgorga topshiriladi. Auksion savdosida qatnashish uchun buyurtmanomalar savdo tashkilotchisi tomonidan roʻyxatga olinadi.
21. Auksion savdosini oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan qabul qilish muddati tugagandan keyin kelib tushgan yoki ushbu Nizomning 19-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq taqdim etilmagan taqdirda, ular savdo tashkilotchisi tomonidan qabul qilinmaydi.
Boshqa asoslar boʻyicha hujjatlarni qabul qilishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
22. Hujjatlari savdo tashkilotchisi tomonidan qabul qilib olingan talabgor auksion savdosida qatnashishga ruxsat etiladi.
Auksion savdosining qatnashchisi boʻlmagan boshqa shaxslar ham auksion savdosi jarayonini koʻrish uchun auksion savdosi oʻtkazilayotgan joyga kirishga haqli. Auksion savdosining oʻtkazilish jarayoniga ularning aralashishlariga yoʻl qoʻyilmaydi.
23. Qatnashchiga auksion savdosi oʻtkaziladigan kunda auksion savdosi boshlangunga qadar auksion savdosi qatnashchisi chiptasi beriladi. Unda qatnashchining raqami, yer uchastkasining raqami, auksion savdosi oʻtkazishning asosiy shartlari koʻrsatiladi.
24. Qatnashchi auksion savdosi oʻtkazilishidan kamida bir soat oldin savdo tashkilotchisiga yozma ariza berish yoʻli bilan buyurtmanomani qaytarib olishi mumkin. Ushbu holatda toʻlangan zakalat puli qatnashchi tomonidan zakalat puli qaytariladigan bank rekvizitlari (shaxsiy hisob raqami) koʻrsatilgan kundan boshlab besh kundan kech boʻlmagan muddatda savdo tashkilotchisi tomonidan qaytariladi.
25. Agar buyurtmanoma qabul qilish tamom boʻlishi sanasigacha birorta ham buyurtmanoma tushmagan yoki faqat bitta buyurtmanoma tushgan yoxud auksion savdolariga birorta ham qatnashchi kelmagan boʻlsa yoki faqat bitta qatnashchi kelgan taqdirda, auksion komissiya qarori bilan auksion savdosi boʻlib oʻtmagan deb hisoblanadi.
26. Savdo tashkilotchisi buyurtmanoma qabul qilish tamom boʻlishi sanasigacha birorta ham buyurtmanoma tushmaganligi yoki faqat bitta buyurtmanoma tushganligi haqida buyurtmanomalar qabul qilinishi tugagan sanadan boshlab bir kunlik muddatda hokimlikni, hududiy boshqarmani, shuningdek yagona buyurtmanomani bergan qatnashchini xabardor qiladi.
III. Auksion savdolarini oʻtkazish
27. Auksion savdolari yer uchastkasiga boʻlgan huquqning boshlangʻich narxi bosqichma-bosqich oshirilib borilishi shaklida oʻtkaziladi.
28. Dastlabki auksion qadami auksion komissiya tomonidan boshlangʻich narxning oʻn foizidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
29. Auksion savdosi savdo tashkilotchisi tomonidan tayinlanadigan auksionchi tomonidan olib boriladi. Auksion savdosi auksionchi tomonidan savdo predmeti, yer uchastkasiga boʻlgan huquqning raqami, qisqacha tavsifi va boshlangʻich narxini birinchi qadamni hisobga olgan holda, shuningdek savdo jarayonida uni oshirish (auksion qadami) eʼlon qilingan holda boshlanadi. Bunda, qatnashchilar oʻzining chiptasini koʻtarib turib, yer uchastkasiga boʻlgan huquqni ushbu narxda olishga tayyorligini bildiradi.
Auksionchiga auksion savdosi boshlanishidan oldin boshlangʻich narx qatnashchilar hisoblashi uchun qiyinchilik tugʻdiradigan raqamlar boʻlgan holatda, boshlangʻich narxni uning 1 foizidan ortiq boʻlmagan summagacha oshirib, yaxlitlash huquqi beriladi.
30. Bir necha qatnashchilar tomonidan chipta koʻtarilgan taqdirda auksionchi narxni oʻz chiptasini koʻtarib turgan yagona qatnashchi qolgunga qadar auksion qadamiga muvofiq oshirib, navbatdagi narxni eʼlon qilib boradi.
31. Dastlabki uch marta narx oshirilishidan keyin auksionchi auksion qadamini oshirish tomonga oʻzgartirishi mumkin.
32. Chiptasini koʻtarib turgan yagona qatnashchi qolganda auksionchi navbatdagi eʼlon qilingan narxni uch marta takrorlaydi. Bunda ushbu narx uchinchi marta eʼlon qilingunga qadar auksion savdosi qatnashchilaridan birortasi oʻz chiptasini koʻtarsa, auksionchi narxni auksion qadamiga muvofiq oshirib, navbatdagi narxni eʼlon qiladi.
Ushbu narxni uch marta eʼlon qilingunga qadar auksion savdosi qatnashchilaridan hech biri chiptasini koʻtarmasa, auksion savdosi tugallanadi.
33. Auksionchi tomonidan oxirgi narx aytilgan paytda chiptasini koʻtarib turgan qatnashchi gʻolib hisoblanadi. Auksionchi auksion savdosiga qoʻyilgan yer uchastkasiga boʻlgan huquqning realizatsiya qilinganligini eʼlon qiladi, uning narxini va auksion savdosi gʻolibining chiptasining raqamini aytadi.
34. Auksionchi tomonidan navbatdagi narx eʼlon qilingan paytda chiptasini koʻtarib turgan barcha qatnashchilar tomonidan chiptalar tushirilgan hamda hech bir qatnashchi tomonidan auksionchi tomonidan navbatdagi eʼlon qilingan narx uch marta takrorlangunga qadar chipta qayta koʻtarilmagan taqdirda, shuningdek auksion savdosi jarayonida ushbu Nizom talablari buzilganda, auksion komissiyasining qaroriga asosan auksion savdosini oʻtkazish toʻxtatiladi va mazkur yer uchastkasiga boʻlgan huquq belgilangan tartibda takroriy auksion savdolariga qoʻyiladi.
IV. Auksion savdolari natijalarini rasmiylashtirish va yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnomani tuzish
35. Auksion savdosi yakunlari boʻyicha auksion komissiya tomonidan bayonnoma tuziladi. Mazkur bayonnomaning qaror qismida qatnashchilar, ularning takliflari va gʻolib koʻrsatiladi.
36. Auksion komissiyaning qarori asosida savdo tashkilotchisi va auksion savdosi gʻolibi tomonidan savdo oʻtkazilgan kunda savdolarning natijalari toʻgʻrisidagi ikki nusxada gʻoliblik bayonnomasi tuziladi.
Mazkur bayonnomaning kseronusxasi savdo tashkilotchisi tomonidan hokimlik va hududiy boshqarmaga taqdim etiladi.
37. Savdo tashkilotchisi auksion savdosi natijalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni auksion savdo oʻtkazilgan kundan boshlab oʻttiz kunlik muddat ichida auksion savdosi oʻtkazish toʻgʻrisidagi xabarnoma eʼlon qilingan davriy nashrlarda eʼlon qilinishini taʼminlaydi.
38. Auksion savdosi natijalari toʻgʻrisidagi gʻoliblik bayonnomasi imzolangandan keyin yigirma kundan kechikmay hokimlik, hududiy boshqarma, savdo tashkilotchisi va gʻolib oʻrtasida yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnoma tuziladi. Mazkur shartnomaning belgilangan tartib va muddatda tayyorlanishini, tuzilishini tashkil etish hamda taʼminlashga savdo tashkilotchisi masʼuldir.
39. Gʻolib yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnoma tuzilgunga qadar gʻoliblik bayonnomasida qayd etilgan narxning kamida oʻn besh foizi miqdorida savdo tashkilotchisining hisob raqamiga toʻlanishini taʼminlashi shart.
40. Gʻolib bayonnomani yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnomani imzolashdan bosh tortgan taqdirda, u tomonidan toʻlangan zakalat puli qaytarilmaydi. Bunda koʻrsatilgan xizmatlar haqi chegirib qolingan holda, savdo tashkilotchisi tomonidan zakalat puli auksion komissiya bayonnomasi tuzilgan yoki shartnomani imzolash muddati tugagan sanadan boshlab besh kunlik muddat ichida Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasiga oʻtkazib beriladi.
(40-band Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 10-iyuldagi 01/11-26/17-sonli (roʻyxat raqami 2314-4, 21.07.2017-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 720-modda)
41. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnoma hududiy boshqarma tomonidan roʻyxatdan oʻtkaziladi.
42. Hududiy boshqarmaning xaridor tomonidan toʻlovlar toʻliq toʻlanganligini tasdiqlovchi yozma maʼlumoti olingandan soʻng, hokimlik tomonidan oʻn kunlik muddat ichida xaridorga uning yer uchastkasiga meros qilib qoldiriladigan umrbod egalik qilish huquqini tasdiqlovchi davlat hujjati beriladi.
V. Auksion savdolari yakunlari boʻyicha hisob-kitob qilish
43. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnomada toʻlovlarni amalga oshirish muddati shartnoma roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab, quyidagicha belgilanadi:
1 000,0 ming (bir million) soʻmgacha — oʻn besh kunlik muddat ichida;
1 001,0 ming (bir million bir) soʻmdan, 3 000,0 ming (uch million) soʻmgacha — oʻttiz kunlik muddat ichida;
3 001,0 ming (uch million bir) soʻmdan yuqori — oltmish kunlik muddat ichida.
44. Yer uchastkasiga boʻlgan huquq uchun toʻlovlar xaridor tomonidan mazkur Nizomning 43-bandida koʻrsatilgan muddatlar doirasida shartnomada koʻrsatilgan muddat va shartlarda amalga oshiriladi. Bunda, auksion savdosi gʻolibi tomonidan auksion savdosida qatnashish uchun toʻlangan zakalat puli yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish narxi toʻlanishida hisobga olinadi va bu haqda shartnomada koʻrsatiladi.
45. Xaridor yer uchastkasiga boʻlgan huquq uchun toʻlovlarni shartnomada koʻrsatilgan muddatdan oldin toʻlashga haqlidir.
46. Savdo tashkilotchisi xaridor tomonidan toʻlangan zakalat pulidan koʻrsatilgan xizmatlar haqini chegirib qolgan holda, yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnoma roʻyxatga olingan kundan boshlab besh kunlik muddat ichida Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasining yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnomada koʻrsatilgan bank rekvizitlariga zakalat pulini oʻtkazib beradi.
(46-band Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 10-iyuldagi 01/11-26/17-sonli (roʻyxat raqami 2314-4, 21.07.2017-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 720-modda)
47. Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasiga mablagʻlar kelib tushgan sana toʻlovlar toʻlangan sana hisoblanadi.
(47-band Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 10-iyuldagi 01/11-26/17-sonli (roʻyxat raqami 2314-4, 21.07.2017-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 720-modda)
48. Auksion savdolarida realizatsiya qilingan yer uchastkalariga boʻlgan huquq uchun toʻlovlar va toʻlov muddati kechiktirilganligi uchun hisoblangan penya (mavjud boʻlgan taqdirda) xaridor tomonidan shartnoma shartlariga muvofiq toʻliq toʻlanganidan soʻng, bu haqda hududiy boshqarma oʻn kunlik muddat ichida tegishli hokimlikka yozma ravishda maʼlum qiladi.
49. Auksion savdosining gʻolibi boʻlmagan va auksion savdosiga kelmagan qatnashchilarga ular tomonidan toʻlangan zakalat puli qatnashchi tomonidan bank rekvizitlari (shaxsiy hisob raqami) koʻrsatilgan holda savdo tashkilotchisiga murojaat qilingan kundan boshlab besh kundan kech boʻlmagan muddatda qaytariladi.
50. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqni realizatsiya qilishdan tushadigan mablagʻlar taqsimoti Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 19-iyundagi 391-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi huzuridagi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish jamgʻarmasi mablagʻlarini shakllantirish, taqsimlash va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(50-band Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirilgan korxonalarga koʻmaklashish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2017-yil 10-iyuldagi 01/11-26/17-sonli (roʻyxat raqami 2314-4, 21.07.2017-y.) qarori tahririda — OʻR QHT, 2017-y., 29-son, 720-modda)
VI. Yer uchastkalariga boʻlgan huquqlar boʻyicha takroriy auksion savdolarini oʻtkazish
51. Gʻolib gʻoliblik bayonnomasini yoki yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnomani imzolashdan bosh tortgan yoki rad etgan taqdirda:
auksion komissiyasi tomonidan gʻoliblik bayonnomasiga tegishli belgi qoʻyiladi va gʻolib tomonidan taklif etilgan narxdan bir bosqich past narxni taklif etgan qatnashchi bilan oldi-sotdi shartnomasi tuzishni taklif qiladi;
agar ushbu qatnashchi ham shartnomani imzolashni rad etsa, auksion komissiyasi savdolar natijalarini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Auksion komissiya tomonidan savdolar natijalarini bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda savdo tashkilotchisi mazkur Nizomga muvofiq yer uchastkasi boʻyicha takroriy auksion savdosini tashkillashtiradi. Bunda yer uchastkasiga boʻlgan huquqning boshlangʻich narxi uni dastlabki auksion savdosiga chiqarishda belgilangan boshlangʻich narx hisoblanadi.
(51-band Oʻzbekiston Respublikasining Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasining 2015-yil 13-martdagi 01/27-26/08-sonli qarori (roʻyxat raqami 2314-2, 17.03.2015-y.) tahririda — OʻR QHT, 2015-y., 11-son, 131-modda)
52. Yer uchastkasiga boʻlgan huquqni realizatsiya qilish toʻgʻrisida shartnoma bekor qilingan yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni takroran auksion savdolariga chiqarish mazkur Nizomning 4-bandida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
VII. Yakuniy qoida
53. Mazkur Nizomning buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2012-y., 2-son, 25-modda; 2014-y., 23-son, 278-modda; 2015-y., 11-son, 131-modda, 23-son, 307-modda; 2017-y., 29-son, 720-modda)