Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OʻZBEKISTON FARMATSEVTIKA SANOATI (“OʻZFARMSANOAT”) DAVLAT-AKSIONERLIK KONSERNINI TAShKIL ETISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Dori-darmonlar va biologik moddalar ishlab chiqaruvchi birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish, farmatsevtika sanoatini yanada rivojlantirish va respublika aholisining dorivor moddalarga boʻlgan ehtiyojini yaxshiroq qondirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, “Oʻzkimyofarm” ishlab chiqarish birlashmasi, “Vaksina” ilmiy-ishlab chiqarish birlashmasi, Oʻzbekiston kimyo texnologiyasi va katalizi ilmiy-tadqiqot instituti, Kimyo va paxta sellyulozasi texnologiyasi ilmiy-tadqiqot institutining Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konsernini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qoʻyilsinki, Oʻzbekiston farmatsevtika sanoati (“Oʻzfarmsanoat”) davlat-aksionerlik konserni:
oʻz faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga hisob berib turadi;
birlashmalarni, korxonalarni va mulkchilikning barcha shakllaridagi tashkilotlarni aksiyalar bilan taʼminlash prinsiplari asosida ularni ixtiyoriy birlashtiradi hamda tashkilotlarning xoʻjalik mustaqilligini va yuridik shaxs huquqlarini saqlab qoladi;
Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari va Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan Nizom asosida ishlab chiqarish — xoʻjalik faoliyatini amalga oshiradi;
farmatsevtika sanoatini rivojlantirish uchun markazlashtirilgan tarzda konsernga ajratiladigan kapital mablagʻlar va moddiy-texnika zaxiralari limitlari jamgʻarmalarini saqlaydi va taqsimlaydi;
konsern tarkibiga kiruvchi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarni aksionerlik, jamoa, qoʻshma korxonalarga va mulkchilikning boshqa turlariga aylantirish, jumladan bu ishni xorijiy yuridik shaxslar, firmalar va davlatlar ishtirokida amalga oshirish toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritadi.
3. Quyidagilar “Oʻzfarmsanoat” konsernining asosiy vazifalaridir:
dori-darmonlar yaratish va ularni ishlab chiqarishni tashkil etish, aholining, davolash-profilaktika muassasalarining dori-darmonlarga, biologik moddalarga, boshqa tibbiy va sanitariya-gigiyena mahsulotiga boʻlgan ehtiyojini qondirishga oid tadbirlarni amalga oshirish;
farmatsevtika sanoatini kompleks rivojlantirish, ushbu tarmoq korxonalarini hududiy jihatdan joylashtirishni takomillashtirish, tabiatni muhofaza qilish siyosatini oʻtkazish masalalari yuzasidan davlat hokimiyati va boshqaruvning respublika hamda mahalliy organlari bilan hamkorlik qilish;
dorivor vositalar va ularni ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish sohasida Oʻzbekiston Respublikasida Sogʻliqni saqlash vazirligi, boshqa vazirliklar va idoralar bilan birgalikda yagona ilmiy-texnika siyosatini oʻtkazish;
respublikamizda dorivor moddalar ishlab chiqarishni koʻpaytirish, xorijiy sheriklar bilan ilmiy-texnikaviy va iqtisodiy hamkorlikni takomillashtirish va kengaytirish hisobiga ularni chetdan xarid qilishni qisqartirish dasturini ishlab chiqish va izchil amalga oshirish.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 2-iyun,
PF-609-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 7-son, 274-modda)