Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Tadbirkorlik subyektlarini tekshirishlarni yanada qisqartirish va ular faoliyatini nazorat qilishni tashkil etish tizimini takomillashtirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 16-avgustdagi PF-111-sonli “Ijtimoiy munosabatlarni huquqiy tartibga solishning barqarorligini taʼminlash, sifati va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
“Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik yili” Davlat dasturiga muvofiq hamda davlat va nazorat organlarining korxonalar moliya-xoʻjalik faoliyatiga aralashuvini tubdan qisqartirish, tekshirishlarni tashkil qilish tizimini yanada takomillashtirish va mansabdor shaxslarning ular faoliyatiga asossiz aralashuvi uchun javobgarligini kuchaytirish, shu asosda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlari himoya qilinishini kuchaytirishni taʼminlash maqsadida:
1. Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-sonli Farmoniga asosan 2018-yilning 1-sentabridan chiqariladi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2018-y., 06/18/5490/1584-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 27-iyuldagi PF-5490-sonli Farmoniga asosan 2018-yilning 1-sentabridan chiqariladi — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2018-y., 06/18/5490/1584-son)
2011-yilning 1-aprelidan to 2017-yilning 1-yanvarigacha boʻlgan davrda soliqlarni va boshqa majburiy toʻlovlarni oʻz vaqtida toʻlab kelayotgan, shuningdek, ishlab chiqarish surʼatlarining barqaror oʻsishi va rentabelligini taʼminlayotgan kichik tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini soliq sohasida tekshirish taqiqlanadi (yuridik shaxslarni tugatish chogʻida, qoʻzgʻatilgan jinoiy ishlar doirasida, shuningdek, budjet hamda markazlashtirilgan mablagʻlar hamda resurslardan foydalanish bilan bogʻliq rejadan tashqari tekshirishlar bundan mustasno);
(1-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2014-yil 7-apreldagi PF-4609-sonli Farmoni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 15-son, 163-modda)
kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini soliq sohasida tekshirish muddatlarini qonun hujjatlarida ularni oʻtkazish koʻzda tutilgan maksimal muddatdan, yaʼni 30 kalendar kunidan ortiq muddatga uzaytirilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
2. Nazorat qiluvchi idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi (Sh. M. Mirziyoyev) nazorat qiluvchi idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish tartib-qoidalarini takomillashtirish va soddalashtirish borasidagi aniq chora-tadbirlar kompleksini ishlab chiqsin va tasdiqlasin, ularda quyidagilar nazarda tutilsin:
tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini (soliq toʻlovchi tomonidan taqdim etiladigan moliya va soliq hisobotini tahlil etish asosida) kameral nazorat qilish hamda dastlabki tarzda oʻtkazilgan kameral nazorat natijalari boʻyicha soliq qonunchiligi buzilishi aniqlangan hollarda tekshirishlar (taftishlar)ni tashkil qilishni keng joriy etish;
soliq qonunchiligi buzilishlarining tizimli sabablarini aniqlash, keyinchalik ularni bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish uchun tekshirishlardan keyingi tahlil mexanizmini tatbiq qilish;
tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan tekshirishlarni oʻtkazishda unifikatsiyalashtirilgan nazorat savolnomasini ishlab chiqish va majburiy qoʻllashni tatbiq etish.
3. Tekshirishlarni boshlash va oʻtkazish, xoʻjalik subyektlarining faoliyatini, shuningdek bank hisob raqamlari boʻyicha operatsiyalarni toʻxtatib qoʻyish va boshqa xuddi shunday xatti-harakatlar toʻgʻrisidagi qarorlar buning uchun Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksida, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish toʻgʻrisida” 1998-yil 19-noyabrdagi PF-2114-sonli hamda “Tadbirkorlik subyektlarini huquqiy himoya qilish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 14-iyundagi PF-3619-sonli farmonlarida belgilangan vakolatlarga ega boʻlmagan mansabdor shaxslar tomonidan qabul qilinayotganiga mutlaqo yoʻl qoʻyib boʻlmaydi deb hisoblansin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi tekshirishlarni tayinlash va oʻtkazish, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish borasida oʻrnatilgan tartibga soʻzsiz rioya etishga yoʻnaltirilgan nazorat va huquqni muhofaza qilish idoralarining faoliyati ustidan taʼsirchan nazoratni taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, Adliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Oʻzbekiston Milliy axborot agentligi, Milliy teleradiokompaniyasi bilan hamkorlikda quyidagilarni taʼminlasin:
(5-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 10-dekabrdagi PF-5892-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)
mazkur Farmon qoidalarining maqsadi, mazmuni va amaliy ahamiyatini ommaviy axborot vositalari orqali keng yoritish;
davlat idoralari tomonidan tadbirkorlik subyektlari faoliyatiga noqonuniy aralashish hollarini ochib beradigan, shuningdek aybdor mansabdor shaxslarga nisbatan koʻrilgan javobgarlik choralari toʻgʻrisida radioeshittirish va telekoʻrsatuvlarni, respublika hamda mahalliy matbuotda maqolalarni chop etishni muntazam ravishda tashkil etish.
6. Nazorat qiluvchi idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish boʻyicha Respublika kengashi (Sh. M. Mirziyoyev) Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi, boshqa nazorat idoralari bilan birgalikda ikki hafta muddatda ushbu Farmonning qoidalari taalluqli boʻlgan kichik tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirishni qayta koʻrib chiqsin va 2011-yilgi tekshirishlar rejasidan chiqarib tashlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga ilovaga muvofiq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilsin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat soliq qoʻmitasi Adliya vazirligi hamda boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda:
qonun hujjatlariga ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin;
idoraviy normativ hujjatlarni mazkur Farmonga muvofiq holga keltirsin.
9. Ushbu Farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2011-yil 4-aprel,
PF-4296-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2011-yil 4-apreldagi PF-4296-son Farmoniga
ILOVA
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritiladigan oʻzgartish va qoʻshimchalar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish toʻgʻrisida” 1998-yil 19-noyabrdagi PF-2114-sonli Farmonining 3-bandi quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“nazorat organlari tomonidan kichik biznes subyektlarini tekshirish muddati 30 kalendar kunidan oshirib yuborilishi mumkin emas;”.
Uchinchi xatboshi tegishli ravishda toʻrtinchi xatboshi deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Tadbirkorlik subyektlarini tekshirishni yanada qisqartirish va uning tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 5-oktabrdagi PF-3665-sonli Farmonining 1-bandida:
a) ikkinchi xatboshi quyidagi yangi tahrirda berilsin:
“kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati har toʻrt yilda koʻpi bilan bir marta, boshqa tadbirkorlik subyektlari esa har uch yilda koʻpi bilan bir marta reja asosida soliq tekshirishlaridan oʻtkaziladi”;
b) uchinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“yangi tashkil qilingan kichik tadbirkorlik subyektlari va fermer xoʻjaliklarining moliya-xoʻjalik faoliyati ular davlat roʻyxatiga olingan paytdan boshlab dastlabki uch yil mobaynida rejali soliq tekshirishlaridan oʻtkazilmaydi (aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlar ishlab chiqaruvchi kichik tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirish, shuningdek budjet hamda markazlashtirilgan mablagʻlar va resurslardan maqsadli foydalanish bilan bogʻliq tekshirishlar bundan mustasno”;
v) quyidagi mazmundagi toʻrtinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlar ishlab chiqaruvchi yangi tashkil qilingan kichik tadbirkorlik subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati, shuningdek budjet hamda markazlashtirilgan mablagʻlar va resurslardan maqsadli foydalanish bilan bogʻliq kichik biznes subyektlarining moliya-xoʻjalik faoliyati davlat roʻyxatiga olingan paytdan boshlab dastlabki ikki yil mobaynida rejali soliq tekshirishlaridan oʻtkazilmaydi”;
g) toʻrtinchi va beshinchi xatboshilar tegishli ravishda beshinchi va oltinchi xatboshilar deb hisoblansin.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 14-son, 133-modda; 2014-y., 15-son, 163-modda; 2017-y., 18-son, 310-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 30.07.2018-y., 06/18/5490/1584-son, 11.12.2019-y., 06/19/5892/4134-son)