Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
ELEKTR TARMOGʻI XOʻJALIGI OBYEKTLARINI MUHOFAZA QILISh QOIDALARINI TASDIQLASh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-sonli “Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan 2019-yil 30-martdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
“Elektr energetikasi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq hamda elektr taʼminotining ishonchliligini taʼminlash va elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilish qoidalari 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari joylashgan joylarda ishlarni amalga oshirayotgan oʻzlariga qarashli korxonalar, tashkilotlar va muassasalar tomonidan koʻrsatib oʻtilgan Qoidalarning bajarilishi yuzasidan nazoratni taʼminlasinlar.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
4. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari E.R. Shoismatov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2010-yil 17-may,
93-son
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-maydagi 93-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilish
QOIDALARI
I. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Qoidalar Oʻzbekiston Respublikasida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini oʻrnatish, ularning saqlanishini taʼminlash va muhofaza zonasida ulardan foydalanish tartibini belgilaydi.
2. Qoidalarning amal qilishi elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining mulkchilik shakllari va idoraviy tegishliligidan qatʼi nazar, elektr tarmogʻi xoʻjaligining barcha obyektlariga joriy etiladi.
3. Qoidalarning Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
4. Ushbu Qoidalarda elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari deganda elektr energiyasi uzatishni amalga oshirish uchun moʻljallangan elektr uzatish liniyalari, transformator podstansiyalari, taqsimlash punktlari tushuniladi.
II. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini joylashtirish
5. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari qurilishi uchun yer uchastkalari Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ajratiladi.
6. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonasi yer uchastkasi yoki yuzasidan tubigacha suv makonidir. Ularga egalik qilish va ulardan foydalanishning alohida tartibi belgilanadi. Mazkur Qoidalarga muvofiq belgilangan elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonalari ajratilgan yer uchastkalari hisoblanadi va belgilangan tartibda davlat roʻyxatidan oʻtkazilishi kerak.
7. Ixtiyorida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslar trassalarning ijroiya topogeodeziya suratlari materiallarini ularni yerdan foydalanishning tegishli xaritalariga kiritish uchun hududiy arxitektura va qurilish organlariga taqdim etishi shart.
8. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonalari hududlar kadastr boʻyicha boʻlingan va yer uchastkalari kadastr boʻyicha suratga olingan holda qishloq joylarda yer resurslari tuman xizmatlari tomonidan, shaharlar va shaharchalarda koʻchmas mulk kadastri xizmatlari tomonidan naturada belgilanadi hamda kadastr ishida qayd etilishi va yer uchastkasining kadastr rejasida aks ettirilishi kerak.
9. Ifloslantirish va elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining korroziyaga uchrashi manbai boʻlgan obyektlarni qurish, rekonstruksiya qilishning loyiha-smeta hujjatlarida ifloslanish va korroziyaga uchrashni cheklovchi yoki elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini ifloslanish (korroziya) zonasidan chiqarish bilan bogʻliq chora-tadbirlar nazarda tutilishi kerak.
10. Mavjud elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari muhofaza zonalarining yer maydoni yer uchastkalari mulkdorlari, yer egalari, shu jumladan ijarachilardan olib qoʻyilishi mumkin emas.
11. Alohida hollarda, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining ruxsati bilan davlat qoʻriqxonalari, tabiiy bogʻlarning qoʻriqxona zonalari va davlat biosfera rezervatlari va hokazolarning muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari qurilishiga yoʻl qoʻyiladi.
III. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini muhofaza qilish
12. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari ushbu elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari oʻz ixtiyorida boʻlgan korxonalar tomonidan muhofaza qilinadi.
13. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonalari mazkur Qoidalar bilan:
a) 20 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 10 metrgacha;
35 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 15 metrgacha;
110 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 20 metrgacha;
220 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 25 metrgacha;
500 kilovolt kuchlanishli liniyalar uchun 30 metrgacha masofada chetdagi simning liniyasidan har ikki tomon boʻyicha turuvchi cheklangan vertikal tekislik yer uchastkasi va havo makoni shaklidagi elektr uzatish havo liniyasi boʻylab;
b) yer yuzasida (ularning cheklanmagan holatida) har ikki tomonidan 2 metr chetdagi sim proyeksiyasida turgan yer uchastkasi, cheklangan parallel toʻgʻri shakldagi 1000 voltgacha elektr uzatish havo liniyalari boʻylab (binolarga kirish uchun tortilgan simlardan tashqari);
v) har ikki tomondan bir metr chetdagi kabellarda turgan, kabel liniyalari shaharlarda yoʻlaklar ostidan oʻtgan taqdirda 0,6 metr binolar va inshootlar tomonga va koʻchaning odamlar yuradigan tomoniga 1 metr yer uchastkasi, cheklangan parallel toʻgʻri shakldagi elektr uzatish yer osti kabel liniyalari boʻylab;
g) har ikki tomondan chetdagi kabellardan 100 metrgacha masofada turgan vertikal tekislik oʻrtasidagi tubning suv yuzasidan suv makoni uchastkasi shaklida elektr uzatish suv osti kabel liniyalari boʻylab belgilanadi.
Elektr uzatish liniyalari bilan eng yaqindagi binolar va inshootlar, shuningdek daraxtlar va boshqa koʻp yillik oʻsimliklar oʻrtasidagi yoʻl qoʻyiladigan eng kam masofa elektr qurilmalarini loyihalashtirish va oʻrnatish asosida belgilanadi.
Mazkur Qoidalarning 11-bandida nazarda tutilgan hollarda muhofaza qilinadigan tabiiy hududlarda elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonalari oʻlchovi va ularning rejimi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat ekologiya qoʻmitasi bilan kelishgan holda elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari oʻz qaramogʻida boʻlgan korxona tomonidan belgilanadi. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlariga xizmat koʻrsatish uchun yoʻllar, kirish yoʻllari va boshqa inshootlar Davlat ekologik ekspertizasining ijobiy xulosasini olgan loyihalar asosida amalga oshiriladi.
(13-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 14-noyabrdagi 915-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)
14. Agar elektr xoʻjaligi obyektlari oʻrmon massivlari orqali oʻtsa, bevosita simlarga yaqin joyda oʻsgan daraxtlar elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlaridan foydalanuvchi tashkilot tomonidan kesib tashlanadi. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari istirohat bogʻlari, bogʻlar va boshqa koʻp yillik daraxtlar orqali oʻtsa, daraxtlarni kesish elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlaridan foydalanuvchi tashkilot tomonidan amalga oshiriladi. Tomonlarning kelishuviga koʻra esa ushbu daraxtlar oʻz ixtiyorida boʻlgan tashkilot tomonidan yoki bogʻlar va boshqa koʻp yillik daraxtlarning egalari boʻlgan jismoniy shaxslar tomonidan elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlaridan foydalanuvchi korxona tomonidan belgilanadigan tartibda kesiladi.
Tor yoʻllar ochish uchun daraxtlarni kesish elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egalari tomonidan oʻrmon xoʻjaligi tashkilotlarining shartlari boʻyicha amalga oshiriladi. Daraxtlarni kesish qoidalari (Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 22-noyabrdagi 506-son qaroriga 2-ilova) buzilishiga yoʻl qoʻygan elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egalari buning uchun qonun hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradi.
15. Avariya holatlarining oldini olish uchun elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarida ushbu elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari trassasiga tutashib ketgan oʻrmon massivlarida ayrim daraxtlarni ushbu daraxtlar tegishli boʻlgan tashkilotning ruxsati bilan, keyinchalik oʻrmon kesish chiptalari (dalolatnomalari)ni belgilangan tartibda rasmiylashtirgan va kesish joyini kesish qoldiqlaridan tozalagan holda kesishga ruxsat beriladi.
16. Kabel langar, baliqchilik changagi yoki boshqa usul bilan yuqoriga koʻtarilgan taqdirda kapitanlar, kema egalari kabelni xoli qilish choralarini koʻrishga va yuz bergan voqea toʻgʻrisida eng yaqindagi hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga xabar qilishga majburdir.
17. Uzilgan, yerda yotgan yoki osilib turgan elektr uzatish havo liniyasi simini koʻrgan, shuningdek tirgakning yiqilishi yoki simning uzilishi xavfini sezgan fuqarolar bu haqda darhol eng yaqindagi hududiy elektr tarmoqlari korxonasiga xabar berishi shart.
18. Ixtiyorida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari boʻlgan korxonaning yozma roziligisiz elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonalarida:
avtomobil yonilgʻisi quyish shoxobchalarini, yonilgʻi-moylash materiallari va boshqa tez yonadigan materiallarni joylashtirish;
har qanday bino va inshootlarni qurish, mukammal taʼmirlash, rekonstruksiya qilish yoki buzish;
har qanday turdagi kon, yuklash-tushirish, suv havzasi tubini chuqurlashtirish, tuproq kavlab olish, portlatish, melioratsiya ishlarini amalga oshirish, daraxtlar hamda butazorlarni ekish va kesish, dala shiyponlari qurish, mol uchun qoʻra, sim toʻsiqlar qurish, uzumzorlar va bogʻlar uchun shpalyerlar oʻrnatish, shuningdek qishloq xoʻjaligi ekinlarini sugʻorish;
baliq va boshqa suv jonivorlarini suv osti changaklari bilan tutish, suv oʻsimliklarini chiqarib olish, muzni yorish va tayyorlash;
balandligi 4,5 metrdan ortiq boʻlgan mashina va mexanizmlarning yoʻl yuzasidan yuk bilan yoki yuksiz yurishi;
0,3 metrdan ortiq chuqurlikda, shudgorlanadigan yerlarda esa 0,45 metrdan ortiq chuqurlikda qazish ishlarini amalga oshirish, shuningdek tuproqni tekislash taqiqlanadi.
19. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining normal ishlashini buzishi, ularning shikastlanishiga yoki baxtsiz hodisalarga olib kelishi mumkin boʻlgan biron-bir harakatni sodir etish, jumladan:
tayanchlarga, simlarga chet buyumlarni yaqinlashtirish, shuningdek tayanchlarga chiqish;
har qanday uyumlar hosil qilish;
ozuqa, oʻgʻit, poxol, oʻtin va boshqa materiallarni toʻplash, olov yoqish;
oʻyinlar uchun sport maydonlari, stadionlar, bozorlar qurish, jamoat transportining toʻxtash komplekslari, mashina va mexanizmlarning barcha turlari toʻxtaydigan joylar qurish, belgilangan tartibda ruxsat berilgan ishlarni bajarish bilan band boʻlmagan odamlarning koʻp toʻplanishi bilan bogʻliq boʻlgan har qanday tadbirlarni oʻtkazish;
varraklar, uchish apparatlarining sport modellarini, shu jumladan boshqarilmaydigan modellarini uchirish;
quvvati 500 kV boʻlgan elektr uzatish liniyasining muhofaza zonasida, temir yoʻl transportidan tashqari, barcha transport turlarining toʻxtashi taqiqlanadi.
20. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari ustida va ular yaqinida havo kemalarining parvozi, havo makonidan boshqacha tarzda foydalanish, shuningdek elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish Oʻzbekiston Respublikasining havo boʻshligʻidan foydalanishni tartibga soluvchi qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshirilishi kerak.
21. Koʻrsatib oʻtilgan ishlarni amalga oshirishga yozma rozilik olgan tashkilotlar ularni elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonalarida ushbu obyektlarning saqlanishini taʼminlovchi shart-sharoitlarga rioya qilgan holda bajarishlari shart.
22. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari muhofaza zonalari yaqinida ularning shikastlanishiga olib kelishi mumkin boʻlgan portlatish, qurilish ishlari va boshqa ishlarni olib boruvchi tashkilotlar ishlarni bajarish boshlanishidan kamida 12 sutka oldin elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari oʻz ixtiyorida boʻlgan korxonalar bilan elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari saqlanishini taʼminlovchi ushbu ishlarni bajarish shartlari va tartibini kelishishga hamda tegishli chora-tadbirlar koʻrishga majbur.
23. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari muhofaza zonalarida portlatish ishlarini olib borishga yozma rozilik ushbu ishlarni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi “Sanoatgeokontexnazorat” davlat inspeksiyasining tegishli ruxsatnomasi taqdim etilgandan keyin beriladi.
(23-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 20010 yil 17-dekabrdagi 301-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2010-y., 51-son, 486-modda)
Ixtiyorida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari boʻlgan korxonalarga elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari muhofaza zonalarida ishlarni olib borishga yozma rozilik berish rad etilishining sabablari koʻrsatilishi kerak va rad etish yuzasidan belgilangan tartibda shikoyat qilinishi mumkin.
24. Oʻzlarining yer uchastkalari orqali elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari oʻtadigan yuridik va jismoniy shaxslar ushbu obyektlar saqlanishini taʼminlashga koʻmaklashadigan oʻzlariga bogʻliq barcha choralarni koʻrishga, elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egalari bilan ushbu ishlarni amalga oshirish joyi va muddatlari oldindan kelishilmasdan binolar va inshootlar qurilishiga yoʻl qoʻymaslikka majbur.
25. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini qayta oʻrnatish va koʻchirish elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egalari bilan kelishilgan texnik shartlar boʻyicha, ishlarni bajaruvchilar, asosiy qurilishni yoki ishni amalga oshiruvchi yer uchastkalari egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer egalari hisobiga amalga oshiriladi.
26. Yer ishlarini amalga oshiruvchilar ushbu ishlarni olib borishning texnik hujjatlarida qayd etilmagan yer osti kabellari aniqlangan taqdirda aniqlangan kabellar atrofida ish olib borishni darhol toʻxtatishga, ularning saqlanishini taʼminlash choralarini koʻrishga va bu haqda mahalliy davlat hokimiyati organlariga va elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egalariga xabar berishga majbur.
IV. Muhofaza zonalarida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish
27. Agar elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari muhofaza etiladigan tabiiy hududlar va maxsus rejimli obyektlar hududidan oʻtsa, u holda tegishli tashkilotlar elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egalariga sutkaning istalgan vaqtida koʻzdan kechirish va ishlarni bajarish uchun ruxsatnoma berishi kerak.
28. Muhofaza zonalari va oʻrmon soʻqmoqlarida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egalariga:
elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlariga foydalanish xizmati koʻrsatish uchun zarur boʻlgan yoʻllar, kirish yoʻlaklari va boshqa inshootlar qurishga (er ajratish va umumiy foydalanishdagi avtomobil yoʻllariga tutashishga qoʻshimcha kelishuvlar boʻyicha);
keyinchalik albatta koʻmib tashlagan va yerlarni tekislagan holda ushbu elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini taʼmirlash uchun chuqurlar va xandaqlar va kotlovanlar ochishga;
oʻrmon soʻqmogʻining belgilangan kenglikda boʻlishini taʼminlash uchun daraxtlarni kesishga ruxsat beriladi.
29. Qishloq xoʻjaligi ekinlari ekishga moʻljallangan yerlarda elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlaridan foydalanish xizmatlari koʻrsatish va taʼmirlash ishlarini olib borishga (avariya-tiklash ishlaridan tashqari), qoidaga koʻra, ushbu yoʻllar qishloq xoʻjaligi ekinlari bilan band boʻlmagan paytda ruxsat beriladi.
Avariyalarni bartaraf etish ishlari (ekin bor-yoʻqligidan qatʼi nazar) istalgan davrda oʻtkazilishi mumkin. Koʻrsatib oʻtilgan ishlar bajarilgandan keyin elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egalari qishloq xoʻjaligi maqsadidagi yerlarni qishloq xoʻjaligi ishlab chiqarishi uchun yaroqli holatga keltirishlari, shuningdek, agar elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining shikastlanishi yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, shu jumladan ijarachilar tomonidan mazkur Qoidalar talablari buzilishi oqibatlari boʻlmasa, avariya-tiklash ishlarini amalga oshirishda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, shu jumladan ijarachilarga yetkazilgan zararni qoplashi kerak.
30. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonasi temir yoʻl yoki avtomobil yoʻllari polosasi, quvurlar, aloqa liniyalari, elektr tarmogʻi xoʻjaligining boshqa obyektlari va hududning mos kelish uchastkalaridagi oʻzga obyektlarning qoʻriqlanadigan zonalariga toʻgʻri kelib qolganda, ushbu zonalardan foydalanish tomonlarning kelishuviga koʻra manfaatdor korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
31. Yoʻl qoplamalari va tuproq olinishini talab etuvchi elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini taʼmirlash ishlari (avariya-tiklash ishlaridan tashqari), bunday ishlarni olib borish shartlari tegishli yoʻl tashkilotlari bilan, shaharlar va boshqa aholi punktlari doirasida mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan kelishilgandan keyin olib borilishi mumkin. Koʻrsatib oʻtilgan ishlarni bajarish shartlari toʻgʻrisidagi maʼlumot elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egalariga tegishli organ tomonidan ishlarni bajarish zarurligi toʻgʻrisida bildirishnoma olingan kundan boshlab 3 kun muddatda yuborilishi kerak. Ish joylarini oʻrash tegishli organlar bilan kelishiladi.
Avariya-tiklash ishlari ularni amalga oshirish shartlari oldindan kelishilmasdan, biroq ishlar bajariladigan joyga yoʻl tashkiloti yoki mahalliy davlat hokimiyati organlarining vakilini albatta chaqirgan holda oʻtkaziladi. Bunda ushbu ishlarni bajaruvchi elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egalari transport va yoʻlovchilar uchun zarur ogohlantirish belgilari qoʻygan holda avariya joylarini aylanib oʻtish yoʻllari qurishlari hamda ishlarni bajarish tugallangandan keyin tuproqni tekislashi va yoʻl qoplamalarini tiklashi kerak.
32. Tumanlar (shaharlar) hokimliklari, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar organlari oʻz vakolatlari doirasida ushbu elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari shikastlanganligini ogohlantirishda hamda barcha yuridik va jismoniy shaxslarning mazkur Qoidalar talablariga rioya etishini taʼminlashda elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egalariga koʻmaklashadilar.
V. Muhofaza zonalari doirasida ishlarni bajarish shartlari
33. Sanoat qurilishi va boshqa qurilish uchun, shuningdek qishloq xoʻjaligi maqsadlari uchun ajratiladigan uchastkalarda elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari mavjud boʻlgan taqdirda mazkur uchastkalarni olgan tashkilotlar ulardan foydalanishni elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining tegishli egalari bilan kelishishi shart.
34. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari boʻlgan yer uchastkalarida qurilishga rozilik olish uchun quruvchilar tomonidan ushbu obyekt loyihasi mazkur elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egasiga taqdim etilishi kerak.
Avariya vaziyatlarida loyihasiz bajariladigan qurilish, taʼmirlash ishlari va boshqa ishlarni bajarish (yer osti kabel liniyalari trassalarida chuqur qazish, yoʻllarni vaqtincha aylanib oʻtish, kirish yoʻlini yopish va suv chiqarish uchun tuproqni qazish, dalalarni tekislash, qoziqoyoq qoqish, toʻsiq uchun tayanch oʻrnatish, tuproq namunasi olish, turli maqsadlar uchun xandaq qazish va boshqalar) uchun elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egalarining yozma roziligi olinishi kerak.
35. Loyihasiz amalga oshirilayotgan ishlar bajarilayotgan zonada yer osti elektr kabellari boʻlishi mumkinligini aniqlash uchun ishlarni bajaruvchilar tomonidan viloyat, tuman (shahar) arxitektura va qurilish boshqarmasi (boʻlimi)dan axborot olinishi kerak.
Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari muhofaza zonasida amalga oshiriladigan ishlarning buyurtmachisi (quruvchi) ishlar boshlanishidan kamida 3 sutka oldin elektr kabeli joylashgan joyni texnik hujjatlar boʻyicha aniq belgilash, ularning chuqurligini aniqlash va qurilayotgan obyekt inshootlari bilan oʻzaro joylashishini aniqlash uchun elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egasining vakilini chaqirishi shart.
36. Yer osti elektr kabellarining aniq joylashishini belgilash ishlar bajariladigan zonada ularning butun uzunligi boʻyicha amalga oshiriladi hamda buning uchun elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egasi javob beradi.
37. Qurilish uzoq muddat davomida olib borilgan taqdirda ishlarni bajarish zonasida yoʻl osti elektr kabellarining aniqlashtirilgan trassasi boʻyi 1,5 — 2 metr boʻlgan koʻrsatkich qoziqlar bilan belgilanishi kerak. Koʻrsatkich qoziqlar trassaning toʻgʻri uchastkalarida barcha trassa burilishlarida trassaning toʻgʻri oʻqidan 0,5 metr cheklanishning barcha nuqtalarida har 15 — 20 metrga, shuningdek ishlar qoʻlda bajariladigan tuproqni qazish chegaralarida oʻrnatiladi.
Koʻrsatkich qoziqlar oʻrnatish, quduq qazish ishlari elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egasining vakili ishtirokida quruvchining kuchi va mablagʻlari hisobiga bajariladi.
Trassani koʻrsatkich qoziqlar bilan belgilamasdan yer ishlarini amalga oshirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
38. Elektr kabellarining muhofaza zonalarida ishlar boshlangungacha ishlarni bajaruvchilar yer osti elektr kabellari trassalarining joylashishi, ularning joyidagi belgilanishi bilan tanishishi kerak. Ularga shuningdek elektr kabellari saqlanishini taʼminlovchi qoʻlda va mexanizatsiya usulida yer ishlarini bajarish tartibi toʻgʻrisida yoʻriqnomalar beriladi. Bundan tashqari, ular elektr kabellarida odamlarning hayoti uchun xavfli boʻlgan kuchlanish borligini hisobga olgan holda elektr toki urish xavfi, shuningdek koʻrsatib oʻtilgan elektr kabel liniyalari shikastlantirilganligi uchun javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilishlari kerak.
Elektr kabellarining muhofaza zonalarida ishlarni olib borishda ushbu elektr kabellari egasining vakilini chaqirish zarurligi koʻrsatilishi, zarur hollarda esa, qoʻlda bajariladigan ishlarning sxemasi berilishi kerak.
Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonalaridagi ishlar ularning bajarilishi uchun masʼul shaxsning kuzatuvida bajarilishi kerak.
39. Havo va kabel liniyalarining muhofaza zonasida ishlarni bajaruvchilar ishlar boshlanishidan kamida 3 sutka oldin elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egasiga telefonogramma orqali yoki shaxsan ishlarni bajarishda vakillari hozir boʻlishi zarur boʻlgan ishlarni bajarish sanasi va soati toʻgʻrisida maʼlum qilishlari kerak.
Koʻrsatib oʻtilgan vakillar ish bajarilayotgan joyga kelmagan taqdirda ishlarni bajaruvchilar bir sutka mobaynida bu haqda elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari egasiga xabar berishlari shart.
Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonasida koʻrsatib oʻtilgan vakillar hozir boʻlmagan holda yer ishlarini bajarish taqiqlanadi.
40. Yer osti kabellarining bevosita yaqinida tuproq ishlarini faqat belkuraklar yordamida, qattiq zarb bermasdan bajarishga yoʻl qoʻyiladi, zarbali asboblar (lom, kirka)dan foydalanish taqiqlanadi.
41. Elektr kabel tarmoqlari ishlab turgan kommunikatsiyalar bilan kesishgan joylarda yer ishlari eng qisqa muddatlarda oʻtkazilishi kerak.
42. Ixtiyorida qurilayotgan yoki ishlayotgan elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari boʻlgan tashkilotlar koʻrsatib oʻtilgan obyektlarni begona toklardan himoya qilish choralarini koʻrishi kerak.
43. Ixtiyorida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari boʻlgan korxonalarning xodimlariga taʼmirlash va texnik xizmat koʻrsatish uchun boshqa tashkilotlarning hududida joylashgan elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlariga belgilangan tartibda toʻsiqsiz kirish huquqi beriladi.
44. 500 kV kuchlanishli elektr uzatish havo liniyalari bilan kesishish joylaridagi avtomobil yoʻllarida ushbu liniyalarning muhofaza zonalarida transport toʻxtashini taqiqlovchi yoʻl belgilari oʻrnatilishi kerak.
45. Tabiiy ofatlar tufayli elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari shikastlanganda, shuningdek shikastlanishining oldini olish maqsadida tumanlar (shaharlar) hokimliklariga zarur hollarda oʻz vakolatlari doirasida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari shikastlanishini bartaraf etish va shikastlanishining oldini olish ishlariga tashkilotlarni jalb qilish huquqi beriladi. Bunday hollarda bajarilgan ishlarga haq toʻlash va sarflangan moddiy resurslar qiymatini qoplash ixtiyorida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari boʻlgan korxonalar tomonidan amalga oshiriladi.
46. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining muhofaza zonalaridagi va ular yaqinidagi yuridik va jismoniy shaxslar ixtiyorida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari boʻlgan korxonalar xodimlarining elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari saqlanishini taʼminlashga va baxtsiz hodisalarning oldini olishga doir talablarini bajarishga majbur.
Ixtiyorida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari boʻlgan korxonalarning xodimlari yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan muhofaza zonalarida mazkur Qoidalar talablari buzilgan holda bajarilayotgan ishlarni toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
47. Elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari, ularning elementlari shikastlangan taqdirda ishlarni bajaruvchi bu haqda darhol ushbu elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarining egalariga maʼlum qilishi va shikastlanishni zudlik bilan bartaraf etishda yordam koʻrsatishi, shu jumladan ishchi kuchi va mexanizmlar ajratishi shart.
VI. Yakunlovchi qoidalar
48. Mazkur Qoidalar buzilganligi toʻgʻrisidagi dalolatnomalar ixtiyorida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari boʻlgan korxonalarning vakolatli mansabdor shaxslari tomonidan tuziladi. Mazkur Qoidalar buzilganligi toʻgʻrisida dalolatnomalar tuzishga vakolatli mansabdor shaxslar roʻyxati har yili tasarrufida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlari boʻlgan korxona rahbari tomonidan tasdiqlanadi.
49. Mazkur Qoidalar talablariga rioya etish bilan bogʻliq nizolar, shuningdek muhofaza zonasida elektr tarmogʻi xoʻjaligi obyektlarini oʻrnatish, qoʻriqlash va foydalanish tartibi buzilganda paydo boʻladigan nizolar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.
50. Mazkur Qoidalar talablarini buzgan shaxslar javobgarlikka tortiladi va qonun hujjatlarida belgilangan tartibda zararni qoplaydilar.
Vazirlar Mahkamasining 2010-yil 17-maydagi 93-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan qarorlari roʻyxati
1. Vazirlar Mahkamasining “Elektr tarmoqlari va inshootlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2002-yil 5-iyuldagi 243-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 7-son, 38-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat agentligini Elektr energetikada nazorat boʻyicha davlat inspeksiyasiga aylantirish toʻgʻrisida” 2004-yil 1-martdagi 96-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 3-son, 18-modda) 5-ilova II boʻlimining 4-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Sanoatda, konchilikda va kommunal-maishiy sektorda ishlarning bexatar olib borilishini nazorat qilish davlat inspeksiyasi faoliyatini tashkil etish toʻgʻrisida” 2004-yil 10-iyuldagi 323-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2004-y., 7-son, 64-modda) 7-ilovaning 14-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2005-yil 1-apreldagi 95-son qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2005-y., 3-4-son, 19-modda) ilovaning 12-bandi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 20-son, 153-modda, 51-son, 486-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.11.2017-y., 09/17/915/0259-son)