O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI XALQ TA’LIMI VAZIRLIGI
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZINING
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASI HUZURIDAGI DAVLAT TEST MARKAZINING
Qarori
FUTBOL BO‘YIChA DAVLAT IXTISOSLAShTIRILGAN MAKTAB-INTERNATLARIGA O‘QUVChILAR QABUL QILISh TARTIBI TO‘G‘RISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2009-yil 30-avgustda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 2001]
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazining 2018-yil 27-dekabrdagi 19-mh, 12/qq-sonli “Futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga o‘quvchilar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorni o‘z kuchini yo‘qotgan deb topish to‘g‘risida”gi qaroriga (ro‘yxat raqami 2001-1, 11.01.2019-y.) asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2008-yil 7-avgustdagi “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi 173-son qarorining 5-bandiga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi qaror qiladi:
1. Futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga o‘quvchilar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgandan o‘n kundan so‘ng kuchga kiradi.
Xalq ta’limi vaziri G‘. ShOUMAROV
Toshkent sh.,
2009-yil 19-avgust,
31-son
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi direktori B. ISMOILOV
Toshkent sh.,
2009-yil 19-avgust,
25/QQ-son
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Davlat test markazining 2009-yil 19-avgustdagi 31, 25/QQ-sonli qo‘shma qaroriga
ILOVA
ILOVA
Futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga o‘quvchilar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi
NIZOM
Mazkur Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 13-maydagi 203-son “O‘zbekiston Respublikasida umumiy o‘rta ta’limni tashkil etish to‘g‘risida”gi va 2008-yil 7-avgustdagi 173-son “Ayrim fanlar chuqur o‘rganiladigan davlat ixtisoslashtirilgan umumta’lim muassasalari faoliyatini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qarorlariga muvofiq futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga (keyingi o‘rinlarda maktab-internat deb yuritiladi) o‘quvchilarni qabul qilish tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Maktab-internatga jismoniy jihatdan tayyorlangan, futbolga qobiliyati bo‘lgan, umumta’lim maktabining 4-sinfini tugatgan (10-11 yosh) futbol bilan shug‘ullangan, tanlov imtihonlaridan muvaffaqiyatli o‘tgan o‘quvchilar tanlov natijalari asosida qabul qilinadi.
2. Maktab-internatning asosiy vazifasi iste’dodli va iqtidorli bolalarni aniqlash, qo‘llab-quvvatlash, o‘qitish, tarbiyalash va ularning individual xususiyatlarini rivojlantirish, futbol sohasida sport qobiliyatini shakllantirishga va eng to‘liq darajada amalga oshirishga ko‘maklashuvchi muhit yaratish, futbol bo‘yicha respublikamizda faoliyat ko‘rsatayotgan jamoalar uchun munosib sportchilar tayyorlashdan iborat.
II. Hujjatlarni qabul qilish tartibi
3. Maktab-internatga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish va tanlov imtihonlarida ishtirok etuvchi o‘quvchilar ro‘yxatini shakllantirish uchun maktab-internatlarida qabul hay’ati tuziladi.
4. Qabul hay’ati tarkibi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Xalq ta’limi vaziri, viloyatlar xalq ta’limi boshqarmalari va Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi boshliqlari tomonidan tasdiqlanadi va ular ayni vaqtda qabul hay’ati raisi hisoblanadilar. Qabul hay’ati tarkibini O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston futbol Federatsiyasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligining hududiy organlari vakillari tashkil etadi.
5. Maktab-internat direktori hay’atning mas’ul kotibi hisoblanadi.
6. Maktab-internatga joriy o‘quv yilida 4-sinfni tugatgan o‘quvchilar 5-sinfga tanlov asosida qabul qilinadi.
7. Maktab-internatga kirish uchun 25-iyundan 8-avgustgacha (shu kun ham) quyidagi hujjatlar qabul qilinadi:
ta’lim yo‘nalishi va o‘quv tili ko‘rsatilgan holdagi ota-onasining arizasi;
o‘zlashtirish baholari tabeli;
№ 086-U shakl bo‘yicha tibbiy ma’lumotnoma;
turar joydan ma’lumotnoma;
3,5 x 4,5 sm. hajmdagi 6 ta fotosurat;
tug‘ilganlik to‘g‘risidagi guvohnoma va nusxasi;
futbolchi pasporti — Bolalar va o‘smirlar sport maktablarida shug‘ullanganlar uchun.
III. Tanlov imtihonlarini o‘tkazishni tashkil etish
8. Tanlov imtihonlarini o‘tkazish uchun imtihonlarni o‘tkazish hay’ati tashkil etiladi. Imtihonlarni o‘tkazish hay’ati tarkibi qabul hay’ati raisi tomonidan tasdiqlanadi.
9. Tanlov imtihonlarida ishtirok etgan o‘quvchilarning bilimi ixtisoslik imtihonlari va umumta’lim fanlari bo‘yicha test sinovlari asosida baholanadi.
Maktab-internatga sinovlardan yuqori ball to‘plagan o‘quvchilar qabul qilish kvotasiga muvofiq o‘qishga qabul qilinadi.
10. Tanlov imtihonlarning natijalari bo‘yicha qaydnomalar to‘ldirilib, qaydnomalar qabul hay’ati raisi va a’zolari tomonidan imzolanadi.
IV. Ixtisoslik imtihonlari sinovlarini o‘tkazish tartibi
11. Ixtisoslik bo‘yicha imtihonlari 11-avgustdan 16-avgustgacha (shu kun ham) o‘tkaziladi va har bir sinov natijalari o‘tkazilgan kunning ertasidan kechiktirmay o‘quvchilarga e’lon qilinadi.
12. Antropometrik (og‘irligi va bo‘yi) ma’lumotlar, funksional imkoniyatlar va salomatlikdagi nuqsonlarni aniqlash bo‘yicha shifokor nazoratidan o‘tgan o‘quvchilarga ixtisoslik imtihonlarini topshirish uchun ruxsat etiladi. Ixtisoslik imtihonlari o‘quvchining antropometrik (og‘irligi va bo‘yi) ko‘rsatgichlari, funksional imkoniyatlari va sog‘lig‘idagi kamchiliklarni aniqlash maqsadida 9-10-avgust kunlari viloyat, tuman, shahar jismoniy tarbiya, tibbiyot dispanseri bilan maktab-internatning murabbiy-o‘qituvchilari tomonidan amalga oshiriladi.
13. O‘quvchining jismoniy rivojlanganligi va funksional tayyorgarlik ko‘rsatgichlari mazkur Nizomning 1-ilovasida belgilangan ballar asosida baholanadi.
O‘quvchining ixtisoslik imtihonlari umumiy jismoniy tayyorgarlik, maxsus jismoniy tayyorgarlik, o‘yin faoliyati bo‘yicha o‘tkaziladi.
14. O‘quvchilar topshiradigan imtihonlari hamda umumiy, maxsus jismoniy tayyorgarlik va o‘yin faoliyatini baholashning yagona me’yorlari O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi hamda O‘zbekiston futbol Federatsiyasi tomonidan 2-ilovaga muvofiq ishlab chiqilib tasdiqlanadi.
15. O‘quvchilar tanlov natijalarida to‘plagan umumiy ballari asosida baholanadi.
V. Umumta’lim fanlari bo‘yicha test sinovlarini o‘tkazish tartibi
16. O‘quvchilarni umumta’lim fanlari bo‘yicha (matematika va ona tili) bilimini baholash test sinovlaridan iborat. Test savollari boshlang‘ich ta’lim dasturi asosida har bir fandan 30 ta savoldan, qabul hay’ati tomonidan ishlab chiqiladi. Har bir to‘g‘ri javob 3 ball bilan baholanadi. Umumta’lim fanlari bo‘yicha test sinovlariga har bir fan uchun 90 daqiqa vaqt ajratiladi.
17. Umumta’lim fanlari bo‘yicha test sinovlari 17-18-avgust kunlari o‘tkaziladi. Umumta’lim fanlari bo‘yicha test sinov natijalari o‘tkazilgan kunning ertasidan kechiktirmay maxsus joylarga osib qo‘yiladi.
VI. O‘quvchilarni tanlov imtihonlari natijalarini o‘tkazish va qabul qilish
18. Ixtisoslik imtihon natijalari va umumta’lim fanlari bo‘yicha test sinov natijalari 20-avgustdan kechiktirmasdan maxsus joylarga osib qo‘yiladi.
19. Maktab-internat tomonidan 25-avgustdan kechiktirmay qabul qilingan o‘quvchilar to‘g‘risida buyruq chiqariladi.
20. Tanlov imtihonlari natijalariga ko‘ra, o‘quvchilar yoki ularning ota-onalari norozilik arizasini berish huquqiga egalar.
VII. O‘quvchining jismoniy va maxsus tayyorgarligini o‘rganish va bo‘sh qolgan o‘rinlarga o‘quvchilarni qabul qilish
21. O‘quvchilarning jismoniy va maxsus tayyorgarligini o‘rganish o‘quv yili davomida bir marta o‘zlashtirolmayotgan o‘quvchilarni aniqlash maqsadida o‘tkaziladi.
22. O‘quvchilarning jismoniy va maxsus tayyorgarligini o‘rganish O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining buyrug‘i bilan tasdiqlangan maxsus hay’at a’zolari tomonidan amalga oshiriladi.
23. Maxsus hay’at o‘quvchilarning jismoniy va maxsus tayyorgarligini o‘rganishda o‘quvchilarning jismoniy va maxsus tayyorgarlik me’yorlarini bajara olishlariga e’tibor qaratadi.
Maxsus hay’at tomonidan o‘rganish natijasiga ko‘ra jismoniy va maxsus tayyorgarlik me’yorlarini o‘zlashtiraolmagan deb topilgan o‘quvchilar pedagogik kengash qarori asosida chetlashtiriladi va avval o‘qigan maktabiga qaytarib yuboriladi (o‘quvchining yashash joyi o‘zgargan sharoitda tegishli hududdagi boshqa maktabga). Bunda, istisno tariqasida, 5 sinf va 9 sinf o‘quvchilari chetlatilmaydi.
24. Bo‘shab qolgan o‘rinlarga o‘quvchilarni qabul qilish mazkur Nizomda belgilangan tartibda o‘quv yilining 1-yarim yilligidagina amalga oshiriladi.
25. O‘quvchilarning sinov normativlari O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Madaniyat va sport ishlari vazirligi, O‘zbekiston futbol Federatsiyasi tomonidan ishlab chiqiladi va tasdiqlanadi.
VIII. Yakuniy qoidalar
26. Mazkur Nizom talablarini buzishda aybdor bo‘lgan shaxs qonun hujjatlariga muvofiq javobgar bo‘ladi.
27. Mazkur Qoidalar O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va sport ishlari vazirligi, Futbol federatsiyasi hamda Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan kelishilgan.
Madaniyat va sport ishlari vaziri A. JABBOROV
Toshkent sh.,
2009-yil 5-avgust
Futbol federatsiyasi prezidenti M. USMONOV
Toshkent sh.,
2009-yil 5-avgust
Sog‘liqni saqlash vaziri A. IKROMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 5-avgust
Futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga o‘quvchilar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Nazorat sinovlarini baholash taxminiy
MEZONLARI
1. 5-sinfga kirish uchun o‘quvchilarning umumiy jismoniy tayyorgarligini baholash mezoni.
Umumiy jismoniy tayyorgarlikni baholashning taxminiy mezonlari:
| T/r | Nazorat sinovlari | 10 yosh | 11 yosh | ||||||||
| 30 b. | 25 b. | 20 b. | 15 b. | 10 b. | 30 b. | 25 b. | 20 b. | 15 b. | 10 b. | ||
| 1. | 30 m ga yugurish (sek) | 5,3 | 5,4 | 5,5 | 5,6 | 5,7 | 5,1 | 5,2 | 5,3 | 5,4 | 5,5 |
| 2. | 300 m ga yugurish (sek) | 60,0 | 61,0 | 62,0 | 63,0 | 64,0 | 59,0 | 60,0 | 61,0 | 62,0 | 63,0 |
| 3. | Joyidan uzunlikka sakrash (sm) | 160 | 150 | 140 | 130 | 120 | 170 | 160 | 150 | 140 | 130 |
O‘quvchilarning umumiy jismoniy tayyorgarligini baholash uchun maksimal ball — 90 ballga teng.
Nazorat sinovlarini bajarish tartibi:
300 m ga yugurish — mashq yengil atletika bo‘yicha musobaqa qoidalariga asosan bajariladi. Yugurish yuqori startdan amalga oshiriladi. Bitta urinishga yo‘l qo‘yiladi;
30 m ga yugurish yuqori startdan — ikki da’vogar “startga”, “Diqqat”, “Marsh” signali bilan startni boshlaydilar. Ikki urinish bajariladi, yaxshi natija hisobga olinadi;
joyidan uzunlikka sakrash — da’vogar nazorat chizig‘i ortida turadi. Uning yon tomoniga (polga) 3 m li bo‘linmagan shkala chiziladi. O‘lchash sakrash uzunligini hisoblashning umum qabul qilingan qoidalar asosida o‘tkaziladi. Ikki urinish bajariladi, yaxshi natija hisobga olinadi.
2. 5-sinfga kirish uchun o‘quvchilarning maxsus jismoniy tayyorgarligini baholash mezonlari.
Maxsus jismoniy tayyorgarlikni baholashning taxminiy me’yorlari:
| T/r | Nazorat sinovlari | 10 yosh | 11 yosh | ||||||||
| 25b. | 20 b. | 15 b. | 10 b. | 5b. | 25 b. | 20 b. | 15 b. | 10 b. | 5b. | ||
| 1. | To‘pni bosh ortidan otish (AUT) (m) | 13 | 12 | 11 | 10 | 9 | 14 | 13 | 12 | 11 | 10 |
| 2. | Janglirovka (marta) | 15 | 13 | 11 | 9 | 7 | 17 | 15 | 13 | 11 | 9 |
| 3. | “Sakkizlik” (sek) | 18,5 | 19,5 | 20,5 | 21,5 | 22,5 | 17,5 | 18,5 | 19,5 | 20,5 | 21,5 |
| 4. | “Slalom” (sek) | 9,0 | 10,0 | 11,0 | 12,0 | 13,5 | 7,5 | 8,5 | 9,5 | 10,5 | 11,5 |
O‘quvchilarni maxsus jismoniy tayyorgarligini baholash uchun maksimal ball — 100 ballga teng.
Nazorat sinovlarini bajarish tartibi:
to‘pni bosh ortidan otish — futbol o‘yiniga muvofiq 2 metrli yo‘lak (koridor) bo‘ylab bajariladi. Yo‘lak tashqarisiga tushgan to‘p hisobga olinmaydi. Ikki urinish uchun imkon beriladi, yaxshi natija qayd etiladi:
to‘pni erga tushirmasdan oyoqda o‘ynatish (Janglirovka) — o‘ng va chap oyoqlar (kaft ustining o‘rtasi, ichki, tashqi qismi), son, bosh bilan zarbalar beriladi. Zarbalar istalgan tartibda, bir xil zarbani ketma-ket ikki martadan ortiq takrorlamagan holda bajariladi.
“Sakkizlik” testi — beshta futbol ustuni bir-biridan 10 m masofada kvadrat shaklida o‘rnatiladi, bitta ustun o‘rtada bo‘ladi. Dastlabki “Diqqat” buyrug‘i beriladi. Keyin “Marsh” buyrug‘i bilan da’vogar to‘p bilan 1-sonli ustundan 2-sonli ustunga tezlik bilan yuguradi, ularni aylanib o‘tib, 3 va 4-sonli ustunlar tomon yo‘naladi, 4-sonli ustunni aylanib o‘tib, o‘yinchi to‘pni 2-sonli ustunga olib boradi, keyin 5-sonli ustundan o‘tib 1-sonli ustun yonida to‘xtaydi. Mashqni bajarish uchun sarflangan vaqti hisobga olinadi. Ikkita urinishga imkon beriladi, yaxshi natija qayd etiladi.
“Slalom” testi — to‘pni har 5 metrga o‘rnatilgan uchta ustun orasidan avval u tomonga, keyin bu tomonga olib yurish:
3. 5-sinfga kirish uchun o‘quvchilarning o‘yin faoliyatini baholash mezonlari.
O‘quvchi-sportchining o‘yin faoliyatiga baho berish uning bajargan samarali harakatlarini hisobga olish bilan belgilanadi.
O‘yin faoliyatidagi texnik-taktik harakatlarni baholashda o‘quvchining sheriklari bilan o‘zaro munosabati, darvozaga zarba berishi, raqibni aldash kabi qobiliyatlariga alohida e’tibor beriladi.
O‘yin faoliyatini baholash taxminiy mezonlari:
| T/r | O‘yin faoliyati ko‘rsatkichlari | 50 b. | 40 b. | 30 b. | 20 b. | 10 b. |
| 1. | Texnik-taktik harakatlar miqdori | 30 ta | 25 ta | 20 ta | 15 ta | 10 ta |
| 2. | Texnik-taktik harakatlar samaradorligi | 50 | 40 | 35 | 30 | 25 |
O‘quvchilar o‘yin faoliyatini baholash uchun maksimal ball — 100 ball.
Futbol bo‘yicha davlat ixtisoslashtirilgan maktab-internatlariga o‘quvchilar qabul qilish tartibi to‘g‘risidagi nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘quvchining jismoniy rivojlanganligi va funksional tayyorgarligini baholash
MEZONLARI
| T/r | Ko‘rsatkichlar | 25 b. | 20 b. | 15b. | 10 b. | 5b. |
| 1. | Bo‘yi (sm) | 152 | 149 | 146 | 143 | 140 |
| 2. | Og‘irligi (kg) | 40 | 38 | 36 | 34 | 32 |
| 3. | Og‘irlik-bo‘y indeksi Kesma g/sm | 263 | 255 | 246 | 238 | 228 |
O‘quvchining jismoniy rivojlanganligi va funksional tayyorgarligini baholash uchun maksimal ball — 75 ball. Og‘irlikni (kg) grammga aylantiramiz, bo‘yiga bo‘lamiz (sm).
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2009-y., 36-son, 397-modda)