Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Oʻzbekiston Respublikasida umumiy oʻrta taʼlimni tashkil etish toʻgʻrisida
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-iyuldagi 396-sonli “Qonunchilik bazasini yanada tizimlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Kadrlar tayyorlash milliy dasturiga muvofiq, umumtaʼlim maktablarining oʻqitish dasturlarini isloh qilish, toʻqqiz yillik umumiy oʻrta taʼlimning sifat jihatidan yangi tizimini yaratish, uning oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi bilan davomiyligini va uzviy bogʻliqligini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qoʻyilsinki, umumiy oʻrta taʼlimning (maktabning 1 — 9-sinflari) taʼlim dasturlari:
oʻquvchilarning muntazam bilim olishini, ularda bilim olish ehtiyojini rivojlantirishni, asosiy oʻquv, ilmiy va umummadaniy bilimlarni shakllantirishni;
oʻquvchilarda mehnat koʻnikmalari, mustaqil ijodiy fikrlash, kasb tanlashga va atrof-olamga ongli munosabatni hosil qilishni;
milliy va umumbashariy qadriyatlarni uzviy birlashtirish asosida yuksak maʼnaviy-axloqiy fazilatlarni tarbiyalashni, oʻz Vataniga va xalqiga sodiq fuqaroni shakllantirishni;
1 — 9 sinflar oʻquv dasturlarining akademik litseylar va kasb-hunar kollejlaridagi oʻqitish dasturlari bilan oʻzaro uzviy bogʻlanishini taʼminlashi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 11-son, 167-modda)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
1998-yil 1-avgustga qadar — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi bilan birgalikda umumiy oʻrta taʼlim davlat taʼlim standartini ishlab chiqsin, unda:
tayyorlash sifati va taʼlim mazmuniga talablarni belgilashni;
oʻquvchilarni tayyorlash uchun maqbul boʻlgan zarur oʻquv fanlarini, taʼlim dasturlarini va oʻquv soatlari hajmlarini shakllantirishni;
maktabni bitiruvchilarga nisbatan malaka talablarini belgilashni;
taʼlim muassasasi (maktab) faoliyatini baholash tartibini ishlab chiqishni nazarda tutsin;
1998-1999 oʻquv yili davomida — umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartini sinovdan oʻtkazishni taʼminlasin;
1999-yil 1-iyulga qadar — sinov natijalarini hisobga olgan holda umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartini puxta ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
1999-2000 oʻquv yilidan boshlab — umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartini umumtaʼlim maktabida oʻqitish dasturlari bilan birgalikda joriy etilishini taʼminlasin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi:
1998-yil 1-sentabrga qadar — umumiy oʻrta taʼlimning davlat taʼlim standartini ishlab chiqish bilan bir paytda uning asosida umumtaʼlim maktablari uchun tajriba oʻquv dasturlari ishlab chiqilishini taʼminlasin. Bunda 10-11-sinflar oʻquv yuklamalari va dasturlarining tegishli ravishda 5 — 9 sinflar oʻquv dasturlariga, shuningdek, akademik litseylar va kasb-hunar kollejlari dasturlariga oʻtkazilishini nazarda tutsin;
1998-1999 oʻquv yili mobaynida — koʻrsatib oʻtilgan oʻquv dasturlarini umumtaʼlim maktablarida tajriba tariqasida sinab koʻrsin;
1999-yil 1-iyulgacha — tajriba oʻquv dasturlarini joriy etishni tajriba tariqasida sinab koʻrish yakunlarini hisobga olgan holda xalq taʼlimi tizimi pedagoglari, mutaxassislari va rahbarlarining xulosalarini umumlashtirsin va Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
5. Tajriba oʻquv dasturlari ishlab chiqilishi va ularning sinab koʻrilishi ustidan nazoratni taʼminlash, shuningdek, kiritilgan takliflarni umumlashtirish maqsadida 2-ilovaga* muvofiq Respublika komissiyasi va maxsus ishchi guruhlari tashkil etilsin. Komissiyaga va ishchi guruhlariga ona tili, adabiyot, tarix, matematika, fizika, kimyo, biologiya va boshqa fanlar boʻyicha oʻquv dasturlari tayyorlash, shuningdek, ularning respublikada tajriba tariqasida sinab koʻrilishi uchun javobgarlik yuklansin.
* 2-ilova berilmaydi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, barcha viloyatlar va Toshkent shahrida ham shunday komissiyalar tuzilsin. Komissiyalarga malakali pedagoglar va mutaxassislarni ishga jalb qilishga ruxsat etilsin.
Respublika komissiyasi tadbirlar ish rejasini tayyorlasin hamda tajriba oʻtkazish jarayonida, oʻtkazilgan tajribaning toʻplangan natijalarini, fanlar boʻyicha maxsus ishchi guruhlari va hududiy komissiyalar takliflarini hisobga olgan holda, 1999-yil 1-avgustgacha 1 — 9 sinflar uchun maktab darsliklarini tayyorlash dastur-topshiriqlarini ishlab chiqishni taʼminlasin.
Darsliklarni tayyorlash boʻyicha shaxsiy javobgarlik Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vaziri, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vaziri va Davlat matbuot qoʻmitasi raisi zimmasiga yuklansin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi bilan birgalikda umumiy oʻrta maktablarda yangi oʻqitish dasturlari va uslublari boʻyicha maxsus kurslarni ishlab chiqsin va ularni 1999-2000 oʻquv yilidan boshlab pedagogika institutlari va universitetlarining talabalarini tayyorlash dasturiga kiritsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Davlat test markazi:
1998-yil 1-avgustga qadar — taʼlim muassasalarini, umumiy oʻrta taʼlim rahbar xodimlarini va pedagog kadrlarini davriy ravishda attestatsiyadan oʻtkazib turish tartibini ishlab chiqsinlar va Vazirlar Mahkamasiga kiritsinlar;
1998-yil 1-sentabriga qadar — 5 — 9-sinf oʻquvchilarining bilimlari sifatini nazorat qilishning reyting tizimi toʻgʻrisidagi nizomni ishlab chiqsinlar va tasdiqlasinlar;
1998-1999 oʻquv yili mobaynida — 5 — 9-sinflar bitiruvchilarini yakuniy attestatsiyadan oʻtkazishning test usullarini tajriba tekshiruvidan oʻtkazsinlar va ularning 1999-2000 oʻquv yilidan boshlab joriy qilinishini taʼminlasinlar.
Oldingi tahrirga qarang.
(8-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 20-iyundagi 183-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2011-y., 25-son, 260-modda)
9. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, Makroiqtisodiyot va statistika vazirligi, Moliya vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1-avgustga qadar:
maktablarning malakali pedagog kadrlar, oʻquv-uslubiy adabiyotlar va didaktik materiallar, oʻqitishning texnik va axborot vositalari bilan taʼminlanishini;
umumiy oʻrta taʼlim tizimi taʼlim muassasalarining moddiy-texnika bazasini tayyorlashni, oʻquvchilar uchun zarur sanitariya-maishiy va ijtimoiy sharoitlar yaratilishini taʼminlasinlar.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi, “Ustoz” jamgʻarmasi oʻqitishning ilgʻor usullarini, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalarini ishlab chiqayotgan va ulardan foydalanayotgan umumiy oʻrta va oliy taʼlimning ilgʻor taʼlim muassasalari negizida umumiy oʻrta maktablar oʻqituvchilarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish kurslarini tashkil etsinlar va ularning muntazam ishlashini taʼminlasinlar.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Xalq taʼlimi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda maktab oʻquvchilarini har yili tibbiy koʻrikdan oʻtkazishni, sanitariya va maktab gigiyenasi normalariga, oʻquv-tarbiyaviy jarayonning sogʻlomlashtirish yoʻnalishiga rioya qilinishini taʼminlasin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari A.A. Azizxoʻjayev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 13-may,
203-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — OʻR QHT, 2017-y., 11-son, 167-modda)