Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
2009 YILDA GʻOʻZANI NAVLAR BOʻYIChA JOYLAShTIRISh TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oziq-ovqat ekinlari ekiladigan maydonlarni maqbul holga keltirish va ularni yetishtirishni koʻpaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2008-yil 20-oktabrdagi PF–4041-sonli Farmonini ijro etish yuzasidan, shuningdek tolasining sifati boʻyicha jahon standartlari va talablariga javob beradigan gʻoʻzaning tezpishar va serhosil seleksiya navlarini respublika mintaqalarining tuproq-iqlim sharoitlaridan kelib chiqqan holda oqilona joylashtirish, 2009-yil hosili uchun paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarni maromiga yetkazilgan urugʻlik chigit bilan taʼminlash maqsadida:
1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklarining Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Tashqi iqtisodiy aloqalar, investitsiyalar va savdo vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi bilan kelishilgan:
gʻoʻzaning rayonlashtirilgan va istiqbolli navlarini 1-ilovaga* muvofiq joylashtirish;
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2009-yil uchun gʻoʻzaning asosiy seleksiya navlarini istiqbolliligi va iqtisodiy ragʻbatlantirilishi boʻyicha 2-ilovaga* muvofiq guruhlarga ajratish;
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
chigitni 3-ilovaga* muvofiq plyonka ostiga ekish va xoʻjaliklarni polietilen plyonkalar bilan taʼminlash toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
* 3-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 20-oktabrdagi PF–4041-sonli Farmoni bilan 2009-yilda paxta yetishtirish hajmlari tasdiqlanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2009-yilda davlat ehtiyojlari uchun xarid qilinadigan paxta tolasi hajmi uning amalda yetishtiriladigan hajmining 50 foizi miqdorida saqlab qolinsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 20-oktabrdagi PF–4041-sonli Farmoni 1-ilovasida nazarda tutilgan paxta yetishtirish hajmlari 2009-yil hosili uchun paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar va tayyorlov tashkilotlari oʻrtasida kontraktatsiya shartnomalari tuzishda nazorat koʻrsatkichlari sifatida qaralsin.
3. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi raisi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va tumanlarning hokimlari:
har bir tumanda ikkitadan ortiq boʻlmagan, xoʻjaliklarda esa bitta tavsiya etilgan gʻoʻza navi ekilishini hisobga olgan holda gʻoʻza navlarini joylashtirishning tasdiqlangan tartibiga rioya qilinishi;
respublika ilmiy-tadqiqot institutlari tomonidan ishlab chiqilgan tavsiyanomalarga muvofiq har bir seleksiya navlari uchun gʻoʻzani parvarish qilish agrotexnikasiga amal qilinishi uchun shaxsan javobgar boʻladilar.
4. “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi:
2009-yil 20-fevralgacha urugʻlik paxtani tozalashni, 28-fevralgacha esa ehtiyot zaxirasini hisobga olgan holda, urugʻlik chigit tayyorlashni tugallasin, shuningdek urugʻchilik korporatsiyalari va kompaniyalarini tuksizlantirilgan urugʻlar bilan 4-ilovaga* muvofiq hajmlarda taʼminlasin;
* 4-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
xoʻjaliklarga yuqori sifatli urugʻlik chigitning faqat dorilangan va sertifikatlar mavjud boʻlgan taqdirda, 50 foizdan kam boʻlmagan miqdordagi haqini oldindan toʻlash sharti bilan, seleksiya navlarini joylashtirishning tasdiqlangan tartibiga qatʼiy muvofiq ravishda berilishini taʼminlasin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari:
urugʻlik chigit ekish uchun paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar roʻyxatini bir oy muddatda tanlov asosida belgilangan tartibda qayta koʻrib chiqsinlar;
gʻoʻzaning yangi navlarini sinashni faqat ilmiy-tadqiqot institutlarining eksperimental bazalarida, bazaviy xoʻjaliklarda, yangi navlarni oldindan koʻpaytirish xoʻjaliklari va davlat nav sinash uchastkalarida amalga oshirsinlar.
6. Paxtaning aniq navlari boʻyicha mazkur Qaror bilan belgilangan ekin maydonlari hajmlariga rioya etilishi yuzasidan shaxsiy javobgarlik tumanlar hokimlari va ularning birinchi oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin, belgilangan parametrlarga rioya qilinmaganligi uchun ularni maʼmuriy javobgarlikka tortish nazarda tutilsin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev:
paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklar bilan paxtani tayyorlash korxonalari oʻrtasida kontraktatsiya shartnomalarining oʻz vaqtida tuzilishi ustidan nazoratni;
tuzilgan shartnomalarga muvofiq mineral oʻgʻitlar, yoqilgʻi-moylash materiallari, polietilen plyonkalar va boshqa moddiy-texnika resurslarini paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarga haqini belgilangan tartibda toʻlash sharti bilan oʻz vaqtida yetkazib berish ishlarining muvofiqlashtirilishini;
gʻoʻzani parvarish qilishda agrotexnika tadbirlarining sifatli oʻtkazilishini, moddiy-texnika resurslarini yetkazib berishda shartnoma majburiyatlariga amal qilinishini taʼminlamayotgan davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga nisbatan qattiq intizomiy javobgarlik choralari koʻrilishini taʼminlasin.
8. Quyidagilar, istisno tariqasida:
“Shoʻrtangazkimyokompleksi” UShK — 2009-yilda chigit ekishga polietilen plyonka ishlab chiqarish uchun plyonka ishlab chiquvchi zavodlar tomonidan taqdim etilgan hisob-kitoblarga muvofiq xomashyo (granulalar)ning jami hajmini sotishda;
“Jizzax plastmassa” aksiyadorlik jamiyati va “Andijonpolietileni” qoʻshma korxonasi — tayyor polietilen plyonkalarni paxta yetishtiruvchi xoʻjaliklarga sotishda;
ekish uchun moʻljallangan urugʻlik chigiti — tizim ichida harakatlanganda ham, shuningdek 2009-yil hosili uchun “Oʻzpaxtasanoat” uyushmasining hududiy boʻlinmalari tomonidan sotilganda ham qoʻshilgan qiymat soligʻi toʻlashdan ozod qilinsin.
9. Mazkur Qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2009-yil 12-fevral,
PQ-1057-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2009-y., 2-son, 41-modda)