Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
OZIQ-OVQAT EKINLARI EKILADIGAN MAYDONLARNI OPTIMALLAShTIRISh VA ULARNI YETIShTIRIShNI KOʻPAYTIRISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur Farmon Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 27-sentabrdagi PF-6075-sonli “Oʻz ahamiyatini yoʻqotgan qonunchilik hujjatlarini qayta koʻrib chiqish tizimini joriy etish orqali mamlakatda ishbilarmonlik muhitini yaxshilash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmoniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Soʻnggi yillarda takrorlanayotgan suv tanqisligi, oziq-ovqat mahsulotlariga jahon bozorida narx-navoning muttasil oshib borayotgani munosabati bilan, shuningdek, respublikada oziq-ovqat ekinlari mahsulotlarini yetishtirish hajmlarini yanada oshirish hamda ularning turlarini koʻpaytirish va shu asosda aholining oziq-ovqat mahsulotlariga boʻlgan talabini yanada toʻliqroq qondirish, pirovard natijada qishloq aholisi daromadlari va turmush darajasini yuksaltirish maqsadida:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligining 2009-yil hosilidan boshlab kontraktatsiya shartnomalari boʻyicha paxta xomashyosi yetishtirish hajmlari va tegishli ravishda paxta ekiladigan maydonlarni 1-ilovaga* muvofiq kamaytirish toʻgʻrisidagi taklifi qabul qilinsin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
2. Paxta ekiladigan maydonlarni qisqartirish hisobiga:
2009-yil hosili uchun boshoqli don ekinlari ekiladigan maydonlar 2-ilovaga** muvofiq koʻpaytirilsin;
** 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
zarur shart-sharoitlar mavjud boʻlgan tumanlar va xoʻjaliklarda sabzavot hamda boshqa oziq-ovqat ekinlari ekilishi taʼminlansin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hamda tumanlar hokimliklari qishloq xoʻjalik ekinlarini joylashtirish boʻyicha ishlarni amalga oshirishda:
(3-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 1-avgustdagi PF-5497-sonli Farmoni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)
muayyan qishloq xoʻjalik ekinlarini ekish uchun zarur shart-sharoitlar yetarli ekanligiga, fermer xoʻjaliklarida alohida ekin turlariga ishlov berish boʻyicha koʻnikma va tajriba mavjudligiga;
sugʻorish va melioratsiya tizimlari holatiga, hududlarning suv bilan taʼminlanish darajasiga;
lalmi yerlarda moyli, ozuqabop va poliz ekinlari maydonlarini kengaytirishga alohida eʼtibor qaratsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi, viloyatlar hokimliklari 2008-yilning oktyabr-noyabr oylarida qoʻshimcha kuzgi boshoqli don ekinlari ekilishini tashkil etish boʻyicha 2-ilovaga muvofiq kompleks chora-tadbirlar oʻtkazilishini taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vaziri, viloyatlar va tumanlar hokimlari zimmasiga 2009-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish hamda shudgorlash ishlari oʻz vaqtida va sifatli bajarilishini taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
5. “Oʻzdonmahsulot” aksiyadorlik kompaniyasi:
fermer xoʻjaliklarini joriy yilning oktyabr-noyabr oylarida qoʻshimcha kuzgi boshoqli don ekinlari ekilishini oʻz vaqtida amalga oshirish uchun zarur boʻlgan hajmlarda va muddatda yuqori sifatli ishlov berilgan va dorilangan bugʻdoy urugʻlari bilan belgilangan tartibda taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda 2009-yilda sugʻoriladigan yerlar uchun boshoqli don ekinlarining yuqori sifatli urugʻlarini tayyorlash hajmlarini oshirish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
Davlat zaxiralari uchun nazarda tutilgan hajmlardan ortiqcha tayyorlangan boshoqli don ekinlarining urugʻlaridan qoʻshimcha ekish uchun foydalanishga ruxsat berilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq va suv xoʻjaligi vazirligi Adliya vazirligi, boshqa manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻn kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2008-yil 4-sentabrda qabul qilingan “2009-yil hosili uchun kuzgi boshoqli don ekinlarini ekish, navlarni joylashtirish va xarid qilishning tashkiliy chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–956-qaroriga mazkur farmondan kelib chiqqan holda oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
7. Mazkur farmonning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziri Sh.M. Mirziyoyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2008-yil 20-oktabr,
PF–4041-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2008-y., 43-son, 430-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 01.08.2018-y., 06/18/5497/1604-son)