O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI HUKUMATINING AYRIM QARORLARIGA O‘ZGARTIRIShLAR KIRITISh TO‘G‘RISIDA (O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “ALKOGOLLI MAHSULOTLAR BILAN ChAKANA SAVDO QILIShNI YANADA TARTIBGA SOLISh ChORA-TADBIRLARI TO‘G‘RISIDA” 2007-YIL 16 MARTDAGI PQ-605-SON QARORI)
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilishni yanada tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2007-yil 16-martdagi PQ-605-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirishlar kiritilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2007-yil 27-aprel,
85-son
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirishlar
1. Vazirlar Mahkamasining “Alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning aylanishi ustidan davlat monopoliyasini kuchaytirish hamda O‘zbekiston Respublikasi hududida alkogolli va tamaki mahsulotlarini sotishdan budjetga tushumni ko‘paytirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1998-yil 21-maydagi 221-son qarori 8-bandining uchinchi xatboshi chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining “Spirt va alkogolli mahsulotlar ishlab chiqarish va ularning aylanishi ustidan davlat nazoratini mustahkamlash yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” 1999-yil 5-yanvardagi 2-son qarori (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1999-y., 1-son, 2-modda) 5-bandining to‘rtinchi xatboshidagi “100” va “200” raqamlari tegishli ravishda “200” va “300” raqamlari bilan almashtirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 23-avgustdagi 707-sonli qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2019-y., 09/19/707/3626-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(4-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 7-yanvardagi 6-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan — O‘R QHT, 2011-y., 1-2-son, 8-modda)
5. Vazirlar Mahkamasining “Yuridik va jismoniy shaxslarni ro‘yxatdan o‘tkazishni hamda ular tomonidan savdo faoliyati amalga oshirilishini tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2002-yil 26-noyabrdagi 407-son qarorining (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2002-y., 11-son, 71-modda) 4-bandi o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
6. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasida chakana savdo qoidalarini hamda O‘zbekiston Respublikasida umumiy ovqatlanish mahsulotlarini (xizmatlarini) ishlab chiqarish va sotish qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida” 2003-yil 13-fevraldagi 75-son qarorida (O‘zbekiston Respublikasi QT, 2003-y., 2-son, 15-modda):
a) qarorga 1-ilovada:
birinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Alkogolli ichimliklar bilan savdo qilish alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish huquqi uchun, shu jumladan alkogolli mahsulotlarni quyib sotish uchun belgilangan tartibda berilgan ruxsatnoma asosida hamda ushbu maqsadlar uchun maxsus mo‘ljallangan, fiskal xotirasi himoyalangan nazorat-kassa mashinalaridan foydalangan holda amalga oshiriladi”;
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
birinchi xatboshidagi “muvofiq bo‘lgan” so‘zlaridan keyin “belgilangan namunadagi aksiz markalari bilan markalangan” so‘zlari qo‘shilsin;
beshinchi xatboshi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“Alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdo qilish faqat alkogolli mahsulotlarni saqlash va sotishning sanitariya normalari va qoidalariga muvofiq bo‘lgan omborxonalari va asbob-uskunalari bo‘lgan (shu jumladan nazorat-kassa mashinalarini qo‘llanish, moddiy boyliklarning to‘liq saqlanishini ta’minlash sharoitlariga ega bo‘lgan), alohida kirish joyi hamda shaharlarda — kamida 25 kvadrat metrli, qishloq joylarda — kamida 15 kvadrat metrli (faqat alkogolli mahsulotlar sotish uchun mo‘ljallangan) savdo zali, uzoq tog‘li joylarda — alohida savdo bo‘limi mavjud bo‘lgan turg‘un savdo shoxobchalarida amalga oshirilishi mumkin”;
59-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“59. Mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, chakana savdo obyektlari tomonidan alkogolli ichimliklarni sotish vaqti Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi maxsus komissiyalar tomonidan, alkogolli mahsulotlar sotish shartlariga muvofiq belgilanadi”;
60-band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“60. Alkogolli ichimliklarni:
18 yoshga to‘lmagan shaxslarga;
muvofiqlik sertifikatisiz;
yaroqlilik muddati o‘tib ketgan holda;
aksiz markalari bilan markalanmagan holda yoki qalbaki aksiz markalari bilan;
tayyorlagan korxonani aniqlash imkonini bermaydigan, aniq markalanmagan holda;
uni tayyorlash uchun litsenziyaga ega bo‘lmagan mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari tayyorlagan alkogolli ichimliklarni;
ularni yetkazib berish huquqiga ega bo‘lmagan yetkazib beruvchi tomonidan yoki bojxona tartib-qoidalari, savdo belgilaridan va firma nomlaridan foydalanish sohasidagi qonun hujjatlarida, boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda belgilangan qoidalarni buzgan holda yetkazib berilgan alkogolli ichimliklarni;
alkogolli mahsulotlarni saqlash hamda sotishning sanitariya norma va qoidalariga muvofiq bo‘lmagan joylarda;
o‘quv muassasalari, maktabgacha va diniy muassasalardan 500 metrdan kam radiusda joylashgan savdo korxonalarida;
jamoat transporti bekatlarida, shu jumladan metropoliten stansiyalari yonida joylashgan savdo korxonalarida, jamoat va dam olish joylarida, davolash-profilaktika va sport-sog‘lomlashtirish muassasalari hududida, ushbu muassasalar va ishlab chiqarish korxonalari oshxonalarida, shuningdek aeroportlar, temir yo‘l vokzallari va avtostansiyalarga yaqin joylarda;
etiketkasiz, iflos (ichki yoki sirtqi tomoni), yorilgan, qopqoqlanadigan joyi shikastlangan, umuman tiniq bo‘lmagan, ichiga chet aralashmalar tushgan, cho‘kindi qoldiqlari mavjud bo‘lgan (kolleksion vinolarnikidan tashqari) shisha butilkalarda sotish taqiqlanadi”;
b) qarorga 2-ilovaning 20-bandi quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“20. Alkogolli mahsulotlarni umumiy ovqatlanish korxonalarida sotish, alkogolli mahsulotlar bilan chakana savdoni amalga oshirish huquqi uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzuridagi maxsus komissiyalar tomonidan beriladigan ruxsatnoma mavjud bo‘lgan taqdirda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2007-y., 17-18-son, 182-modda; 2011-y., 1-2-son, 8-modda; Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 24.08.2019-y., 09/19/707/3626-son)