Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
Qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI OLIY MAJLISI SENATI KENGAShINING 2006 YIL 8 IYuNDAGI 173–I-SONLI QARORI BILAN TASDIQLANGAN XALQ DEPUTATLARI MAHALLIY KENGAShLARINING NAMUNAVIY REGLAMENTIGA, XALQ DEPUTATLARI MAHALLIY KENGAShLARINING DOIMIY KOMISSIYALARI TOʻGʻRISIDAGI NAMUNAVIY NIZOMGA HAMDA XALQ DEPUTATLARI MAHALLIY KENGAShLARI FAOLIYATINI TAShKIL ETIShGA OID AYRIM TAVSIYALARGA OʻZGARTISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining 2021-yil 31-iyuldagi SQ-360-IV-sonli “Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining namunaviy reglamenti hamda Xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari hamda ularning tuzilmalari faoliyatini tartibga soladigan normativ-huquqiy bazani yanada takomillashtirish, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining reglamentlarini va doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi nizomlarni yangilash, shuningdek xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatini yanada yaxshilash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Kengashi qaror qiladi:
Oldingi tahrirga qarang.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 154-II-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 12-son, 550-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 154-II-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 12-son, 550-modda)
3. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2006-yil 8-iyundagi 173-I-sonli Qarori bilan maʼqullangan Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining faoliyatini tashkil etishga oid ayrim tavsiyalarga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri maʼqullansin (3-ilova).
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi I. SOBIROV
Toshkent sh.,
2007-yil 9-mart,
305-I-son
Oldingi tahrirga qarang.
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 154-II-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 12-son, 550-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
(2-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2010-yil 30-dekabrdagi 154-II-sonli qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-y., 12-son, 550-modda)
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining
2007-yil 9-martdagi 305-I-conli qaroriga
3-ILOVA
2007-yil 9-martdagi 305-I-conli qaroriga
3-ILOVA
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini tashkil etishga oid
TAVSIYALAR
I. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari faoliyatini tashkil etish va bu ishda deputatlarning tutgan oʻrni
Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 99-moddasida belgilanganidek, viloyatlar, tumanlar va shaharlarda (tumanga boʻysunadigan shaharlardan, shuningdek shahar tarkibiga kiruvchi tumanlardan tashqari) hokimlar boshchilik qiladigan xalq deputatlari Kengashlari hokimiyatning vakillik organlari boʻlib, ular davlat va fuqarolarning manfaatlarini koʻzlab oʻz vakolatlariga taalluqli masalalarni hal etadilar.
Xalq deputatlari viloyatlar, tumanlar va shaharlar Kengashlarini (bundan buyon matnda mahalliy Kengash deb yuritiladi) shakllantirish saylov yoʻli bilan amalga oshiriladi, bu esa ularning vakillik xususiyatini yaqqol koʻrsatadi. Bu shundan dalolat beradiki, fuqarolar oʻz xohish-irodalarini erkin bildirish huquqini amalga oshirib, mazkur organlarga oʻz vakillarini saylashda bevosita ishtirok etadilar. Mahalliy Kengashlarga saylangan deputatlar saylovchilaridan vakolat olib, ularning nomidan faoliyat yuritadilar. Boshqacha qilib aytganda, deputat xalqning davlat hokimiyati organlaridagi muxtor vakilidir.
Mahalliy davlat hokimiyati organlari oʻz faoliyatlarini davlat hamda fuqarolar manfaatlarini koʻzlab olib boradilar, natijada davlat manfaati bilan fuqarolar manfaati oʻrtasida mushtaraklik vujudga keladi.
Mahalliy Kengashlar oʻz faoliyatlari davomida fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni taʼminlash, atrof muhitni muhofaza qilish masalalariga, tashkiliy masalalarga, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining, Vazirlar Mahkamasining hujjatlari hamda mahalliy Kengash sessiyalarida qabul qilingan qarorlar ijro etilishi ustidan tegishli nazoratni amalga oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratishlari lozim boʻladi.
“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 17-moddasiga muvofiq, mahalliy Kengashlarning asosiy ish shakli sessiyadir. Mahalliy Kengash cessiyalari tegishli hokim, hokim yoʻqligida esa uning oʻrinbosarlaridan biri tomonidan zaruratga qarab, biroq yiliga kamida ikki marta chaqiriladi. Tegishli viloyat, tuman yoki shaharni iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirishning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirishga oid masalalarni yanada tezroq hal etish maqsadida mahalliy Kengashlar navbatdan tashqari sessiyalarni ham oʻtkazishlari mumkin. Bu ham hokimiyat vakillik organlari ishining samaradorligini oshirishga yordam beradi.
Hozirgi vaqtda mahalliy Kengashlar uchun belgilangan deputatlar soni ham (xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlariga 60 nafargacha, xalq deputatlari tuman va shahar Kengashlariga 30 nafargacha deputat saylanadi) mahalliy Kengash sessiyalarini tezkorlik bilan tashkil etish va oʻtkazish imkonini beradi.
Mahalliy Kengashning har yili kelgusi yilga moʻljallab tuziladigan ish rejasiga kiritiladigan masalalar, qoida tariqasida, mahalliy Kengash sessiyalarida koʻrib chiqilishi lozim.
Mahalliy Kengashning sessiyalariga tayyorgarlik koʻrish va ularni oʻtkazish boʻyicha tashkiliy faoliyati quyidagilarni oʻz ichiga oladi:
sessiya muhokamasiga kiritiladigan masalalarni aniqlash;
ishchi guruhlar tuzish;
sessiya belgilangan kun va uning kun tartibiga kiritilayotgan masalalarni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish;
qonunga muvofiq deputatlarga sessiya belgilangan kundan kamida yetti kun oldin boʻlajak sessiya toʻgʻrisida xabarnoma va koʻriladigan masalalar yuzasidan tayyorlangan hujjatlar loyihalarini yuborish;
deputatlarni va sessiyaga taklif etilganlarni roʻyxatga olish;
tahrir guruhlarini tuzish.
Tashkiliy masalalarni hal qilishdan tashqari, mahalliy Kengash sessiyasi qatnashchilarining samarali ishlashlari uchun zarur boʻlgan boshqa shart-sharoitlarni yaratib berish ham muhim ahamiyatga ega. Mahalliy Kengash sessiyasi muhokamasiga kiritishga moʻljallangan masalalarni oldindan tayyorlash va muhokama jarayonida ishtirok etish uchun imkon qadar koʻproq deputatlarni jalb qilish, koʻrilayotgan masalaga daxldor korxona, muassasa va tashkilotlarning rahbarlari, mutaxassislar fikrini oʻrganish hamda ular bilan munozaralar oʻtkazish zarur. Mahalliy Kengash sessiyasi muhokamasiga kiritilgan masalalarni oldindan ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilish, ushbu masalalar yuzasidan aholining fikrini oʻrganishda fuqarolarning taklif va mulohazalarini tegishli doimiy komissiyalar majlislarida koʻrib chiqish ham maqsadga muvofiqdir. Ayni bir vaqtda mahalliy Kengash sessiyasida qabul qilingan qarorlarni viloyat, tuman, shahar gazetalarida eʼlon qilish, ularning ijrosini nazoratga olish, mahalliy Kengash qarorlarining ijro etilishi haqidagi axborotlarni muntazam tahlil qilib borish tavsiya etiladi.
Deputatning Kengash sessiyasiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish ishlarida ishtirok etishining shakllari har xil. “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq, deputat:
mahalliy Kengashning doimiy hamda muvaqqat komissiyalariga saylash va saylanishga;
mahalliy Kengashning majlisida koʻrib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
mahalliy Kengash majlisining kun tartibi, muhokama qilinayotgan masalalarni koʻrib chiqish tartibi hamda bu masalalarning mohiyati yuzasidan takliflar kiritish va mulohazalar bildirishga;
mahalliy Kengash tomonidan saylanadigan, tayinlanadigan yoki tasdiqlanadigan mansabdor shaxslarning nomzodlari boʻyicha fikr bildirishga;
mahalliy Kengashning majlisida munozaralarda ishtirok etishga, maʼruzachi va raislik qiluvchiga savollar berishga;
deputat soʻrovi bilan murojaat etishga;
oʻz takliflarini asoslab berish uchun soʻzga chiqishga va ovoz berish sabablari yuzasidan izoh berishga;
mahalliy Kengashning majlisida raislik qiluvchiga majlisda muhokama qilinayotgan masala yuzasidan oʻz nutqi, taklifi yoki mulohazasi matnini topshirishga;
mahalliy Kengashning qaysi organi tarkibiga kiritilgan boʻlsa, shu organning qaroriga qoʻshilmagan taqdirda oʻz nuqtai nazarini mahalliy Kengashning majlisida bayon etishga yoki bu haqda mahalliy Kengashning rahbariga yozma ravishda maʼlum qilishga;
mahalliy Kengashga hisobdor yoki uning nazorati ostidagi har qanday organ yoxud mansabdor shaxsning hisoboti yoki axborotini mazkur Kengashning majlislarida eshitish toʻgʻrisida taklif kiritishga;
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarining ijro etilishini, shuningdek mahalliy Kengash qarorlarining bajarilishini tekshirish toʻgʻrisida koʻrib chiqilishi uchun masalalar taklif etishga;
mahalliy Kengash majlislarining stenogrammalari bilan tanishishga haqli.
Mahalliy Kengash sessiyasi muhokamasiga qoʻyiladigan masalalar toʻgʻrisida xabar olgach, deputatlar ushbu xabarni oʻz okrugi saylovchilari bilan, uni deputatlikka nomzod qilib koʻrsatgan siyosiy partiya yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan muhokama qilishlari mumkin.
Deputatlar ishchi guruhlari yoki doimiy komissiyalar majlislarida fikr almashuv deputatga muhokama qilinayotgan masalalarni har tomonlama tahlil qilishga va oʻz nuqtai nazarini toʻgʻri belgilab olishga imkon beradi. Agar muhokama qilinayotgan masala oʻzi ishlab turgan tashkilotning manfaatlariga daxldor boʻlsa, deputat oʻz jamoasidagi hamkasblari va mutaxassislar bilan ham fikr almashishi mumkin. Bunday muhokama deputatga sessiya kun tartibiga kiritilgan masalalarni chuqur tahlil qilishga, maʼruza vaqtida oʻz fikrini aniq va loʻnda bayon qilishga, asoslantirilgan taklif va eʼtirozlar bildirishga imkon beradi.
Deputatlarning sessiyaga tayyorgarlik koʻrish jarayonidagi ishtiroki qanday shaklda boʻlishidan qatʼi nazar, biron-bir kamchilik aniqlangudek boʻlsa, sessiya ochilishidan avval ularni bartaraf etishning amaliy choralarini koʻrish va takrorlanishi ehtimolining oldini olishi maqsadga muvofiqdir. Sessiyaga tayyorgarlik ishlarining toʻgʻri tashkil qilinishi, unda deputatlarning faol ishtirok etishi tayyorgarlikning ilk bosqichidayoq iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy rivojlantirishning turli yoʻnalishlarida ishni yaxshilash imkonini beradi. Bu sessiyaga tayyorgarlik ishlari davrida deputat faoliyatining muhim jihatidir, chunki tekshirish shunchaki rasmiyatchilik emas, balki kamchiliklarni bartaraf qilishning, ishni yaxshilash uchun yangi imkoniyatlarni aniqlash va ulardan foydalanishning taʼsirchan vositasidir.
Deputatlar sessiyada koʻrib chiqish uchun kiritilgan masalalar boʻyicha qarorlar loyihalarini tayyorlashda faol ishtirok etishlari lozim. Shu munosabat bilan deputatlarga doimiy komissiyalar, hokimlik boshqarma yoki boʻlimlari tomonidan ishlab chiqilgan qarorlarning loyihalarini sessiya ochilishidan bir necha kun oldin yuborish tavsiya etiladi. Bunday hollarda loyihalarni olgan deputatlar ularni ishchi-xizmatchilar, mutaxassislar oʻrtasida hamda fuqarolarning yigʻinlarida muhokama qilishlari mumkin boʻladi. Muhokamalar vaqtida bildirilgan takliflar va tanqidiy mulohazalar qaror loyihasini ishlab maromiga yetkazishda inobatga olinishi mumkin.
Deputatning mahalliy Kengash sessiyasida masalalarni muhokama qilish jarayonidagi faolligi va amaliy ishtiroki darajasi deputat maʼruzasining sifati va mazmuniga bogʻliq. Puxta oʻylab tuzilgan, deputatlar muhokamasiga qoʻyilgan masalani mohiyat-eʼtibori bilan qarab chiqishga yordam beradigan maʼruza hamisha diqqatni jalb etadi, deputatlarni oʻz fikr va mulohazalarini bayon etishga, tajribalarini oʻrtoqlashishga undaydi.
Deputat soʻrovi bilan murojaat qilish — deputatning eng muhim huquqlaridan biri. “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga binoan, deputat tegishli hududda joylashgan davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslariga ularning vakolatlariga kiradigan masalalar yuzasidan asoslantirilgan tushuntirish berish yoki oʻz nuqtai nazarini bayon qilish talabi bilan deputat soʻrovi yuborishga haqli. Deputat soʻrovining maqsadi hokimliklar, ularning boshqarmalari va boʻlimlari faoliyatidagi, mahalliy Kengash hududida joylashgan korxonalar, muassasalar va tashkilotlar rahbarlari faoliyatidagi kamchiliklarni bartaraf qilish yoki boʻshliqlarni toʻldirishdir. Deputat soʻrovi ayrim deputat tomonidan ham, deputatlar guruhi tomonidan ham berilishi mumkin.
Deputat soʻrovini mahalliy Kengash sessiyasida soʻzlayotgan shaxsga beriladigan savol yoki deputat tomonidan fuqarolarning murojaatlari xususida yuboriladigan xatlar bilan almashtirmaslik kerak. Maʼruzachiga savol berilganda uning maʼruzasidagi yoki qoʻshimcha maʼruzasidagi biron-bir fikr aniqlab olinadi. Deputat soʻrovi mahalliy Kengash sessiyasida masalalarni muhokama qilish vaqtida bildirilgan tanqidiy mulohazalar va takliflardan farq qilishi kerak.
Deputatga deputat soʻroviga javobni davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining mansabdor shaxslari mazkur soʻrov olingan kundan eʼtiboran oʻn kundan kechiktirmay yuborishlari shart. Bunda shuni taʼkidlash kerakki, sudlarning raislariga, prokurorlarga, surishtiruv va tergov organlarining rahbarlariga yoʻllangan deputat soʻrovi ularning ish yurituvidagi muayyan ishlar va materiallarga taalluqli boʻlmasligi kerak.
Deputat soʻrovlari boʻyicha axborot mahalliy Kengashning majlisida muhokama qilinishi mumkin, muhokama natijasi boʻyicha mazkur Kengash tegishli qaror qabul qiladi.
Deputatning sessiyadagi faoliyati uning mahalliy Kengash organiga saylash va saylanish huquqini amalga oshirishi, masalalarni muhokama qilish hamda qarorlar qabul qilishda ishtirok etishi, soʻrovlar berishi va shu singarilar bilan cheklanib qolmaydi. Sessiyalarda deputatlarning oʻz deputatlik vazifalarini, mahalliy Kengash va uning organlari qarorlari hamda topshiriqlarini qanday bajarayotganliklari toʻgʻrisidagi axborotini eshitish ularning masʼuliyatini oshirishga, deputatlarning mahalliy Kengashlar va ularning organlari bilan oʻzaro munosabatlari shakllarini takomillashtirishga yordam beradi, mahalliy Kengashlarning ishini yanada xilma-xillashtiradi, deputatlik faoliyatining ijobiy tajribasini keng ommalashtirishga xizmat qiladi.
Deputatlar sessiyalarda hisobot berar ekanlar, faqatgina qilgan ishlari haqida gapirish bilan cheklanib qolmay, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholining turmush darajasini tubdan yaxshilash masalalarini koʻtarishlari, bu boradagi vazifalarni bajarish, muammolarni hal etish yoʻllarini koʻrsatishlari, hokimlik, uning boshqarma va boʻlimlarining xalq xoʻjaligining turli sohasi ishlaridagi kamchiliklarga xolislik bilan baho berib oʻtishlari kerak.
Sessiyaning muhokama etilayotgan masalalar sohasidagi ishlarning ahvoliga taʼsiri koʻp jihatdan mahalliy Kengash qabul qilgan qarorlarning aniqligiga va muayyan maqsadlarga qatʼiy qaratilganligiga bogʻliq.
Har tomonlama puxta qaror faqat deputatlarning birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan ishlab chiqilishi mumkin. Tushgan takliflarni oʻrganish va ularni qaror loyihasiga kiritish uchun deputatlar orasidan tahrir guruhi tuzilishi maqsadga muvofiqdir.
Hokimlikning tegishli ishlarni masalalar muhokama qilinayotgan vaqtda deputatlar bildirgan tanqidiy mulohazalar va takliflarni hisobga olgan holda bajarishi mahalliy Kengash sessiyalarida deputatlar faolligini ragʻbatlantirishning muhim omilidir. Tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, hokimlikda deputatning har bir taklifi va mulohazasiga eʼtibor bilan qaralgan, bu takliflar va mulohazalar amalga oshirilgan joylarda deputatlar ishi yana ham faollashmoqda, ularning taklif va mulohazalari esa koʻlamdor mazmun va salmoq kasb etmoqda.
Maʼlumki, soʻzlashni istagan hamma deputatlarning ham sessiyada soʻzga chiqishiga baʼzan imkon boʻlmaydi. Shu munosabat bilan deputatning “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida nazarda tutilgan huquqi — muhokama qilinayotgan masala yuzasidan oʻz takliflari va mulohazalarini sessiyada raislik qiluvchiga yozma ravishda topshirish huquqi muhim ahamiyatga ega. Deputatlarning yozma takliflari va mulohazalari sessiya bayonnomasiga qoʻshib qoʻyilishi, hokimlik esa ularni amalga oshirish chorasini koʻrishi kerak. Buning natijasida deputatlarning sessiya ishlarida yanada faol ishtirok etishlariga erishiladi.
Mahalliy Kengash qarorlarini bajarish — hokimliklar, ularning boshqarmalari va boʻlimlarining, tegishli hududdagi korxonalar, muassasalar va tashkilotlarning vazifasidir. Hozirgi vaqtda Kengash qarorlarining amalga oshirilishi uchun deputatlarning faol ishtiroki zarur. Bu oʻrinda deputatlar tashkiliy ishlarning turli shakllaridan foydalanishlari mumkin. Masalan, sessiyadan keyin deputatlar darhol oʻz saylov okruglarida, mehnat jamoalarida keng tushuntirish ishlarini olib borishlari, saylovchilarni mahalliy Kengash qabul qilgan qarorlarni bajarishda ishtirok etishga safarbar qilishlari mumkin.
II. Mahalliy Kengashlar doimiy komissiyalarining faoliyatini tashkil etish
Sessiya muhokamasiga kiritiladigan masalalarni dastlabki tarzda qarab chiqish va tayyorlash, Oʻzbekiston Respublikasining qonun hujjatlarini va mahalliy Kengash qarorlarini roʻyobga chiqarish uchun oʻz vakolatlari doirasida koʻmaklashish, ularning ijrosini nazorat qilish maqsadida “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 19-moddasiga muvofiq deputatlar orasidan doimiy va muvaqqat komissiyalar tuziladi. Tuzilishi lozim boʻlgan doimiy komissiyalarning taxminiy roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Kengashining 2007-yil 9-martdagi 305-I-sonli qarori bilan yangi tahrirda tasdiqlangan Xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari toʻgʻrisidagi namunaviy nizomda koʻrsatib oʻtilgan. Ushbu Nizomda doimiy komissiyalarning ishini qanday tashkil etish kerakligi, komissiyalarning maqomi hamda faolligini oshirish yoʻllari koʻrsatib oʻtilgan. Eng avvalo doimiy komissiyalar nima uchun tuzilganligi va vakolatlari nimalardan iboratligini aniqlab olish lozim. Doimiy komissiyalarning faoliyati asosan ikki yoʻnalishdan: birinchidan, tegishli sessiyalar muhokamasiga kiritiladigan masalalarni tayyorlash; ikkinchidan, Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari va mahalliy Kengash qarorlari bajarilishini nazorat qilishdan iborat.
Doimiy komissiyalar mahalliy Kengash faoliyatining tashkiliy-huquqiy shakli boʻlish bilan bir vaqtda deputatlar va fuqarolarni davlatni boshqarishda ishtirok etishga jalb qilishning muhim vositasi hamdir.
Yuqorida koʻrsatilganidek, doimiy komissiyalar mahalliy Kengashning samarali faoliyat koʻrsatishiga koʻmaklashuvchi organ boʻlib, mahalliy Kengashning butun vakolat muddatiga saylanadi. Shu bilan birga doimiy komissiyalar mahalliy Kengashlarga va hokimliklarga yordam berish bilan bogʻliq ishlar bilan cheklanib qolmasdan, mustaqil ravishda bir qator tadbirlar oʻtkazishlari ham kerak.
Doimiy komissiyalar mahalliy Kengashlarning birinchi sessiyalarida, mahalliy sharoitlar va xususiyatlar hisobga olingan holda, xoʻjalik, madaniy, iqtisodiy va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha tuziladi.
Doimiy komissiyalarning tashkiliy ishlari darajasi, samaradorligi, eng avvalo, komissiyalar tarkibiga saylangan deputatlarning faolligiga, ularning oʻzlariga berilgan huquqlardan foydalana olishlariga bogʻliq. Doimiy komissiyalar tarkibi koʻrilayotganda ularga eng tashabbuskor, tajribali kishilar boshchilik qilishi nazarda tutilmogʻi, komissiyalarning aʼzolari saylanayotganda deputatlarning bilimi, tashkilotchilik qobiliyati, tajribasi, mashgʻulot turi va hokazolar hisobga olinmogʻi kerak.
Mahalliy Kengashlarning doimiy komissiyalarida deputatlar bajaradigan ishlarning asosiy shakl va usullari quyidagilardan iborat.
Deputat doimiy komissiyaga saylanganidan keyin, birinchi navbatda qanday masalalar bilan shugʻullanishini aniqlab olishi kerak. Hokimliklar deputatlarga yordam berish maqsadida birinchi sessiyadan keyinoq darhol doimiy komissiyalarning aʼzolari bilan seminarlar va boshqa tadbirlar oʻtkazishlari, ularda tegishli hokimlikning, uning boshqarmalari va boʻlimlarining rahbarlari, komissiyalarning aʼzosi boʻlmish deputatlar tajriba almashishlari, xoʻjalik va madaniy qurilishning muayyan sohasida mahalliy Kengash oldida turgan vazifalarni bajarish uchun komissiyaning qaysi ish shakllari va usullari maqsadga muvofiqligini asoslab berishlari joiz deb qaraladi.
Doimiy komissiyalarning rahbarlari oʻz huquq va majburiyatlarini puxta bilishlari juda muhimdir. Doimiy komissiyalarning ish tajribasida shunday qatʼiy bir tartib qaror topganki, unga muvofiq komissiya raisi komissiyaning barcha ishiga rahbarlik qiladi, majlislar chaqiradi va ularda raislik qiladi, materiallarni umumlashtiradi va qaror loyihalarini tayyorlaydi, komissiya ish rejasining bajarilishini nazorat qilib turadi, topshiriqlar beradi, komissiya nomidan hokimlik, uning boshqarmalari va boʻlimlari bilan, mahalliy Kengash hududida joylashgan korxonalar, tashkilotlar, muassasalar bilan hamkorlikda ish olib boradi. Komissiya kotibi unga har tomonlama yordam beradi va komissiya ish hujjatlarini yuritadi.
Doimiy komissiya shugʻullanadigan masalalar uning ish rejasida belgilab qoʻyiladi. Rejalar joriy davrga (yil choragi) hamda istiqbolga (yillik va Kengashning vakolat muddatiga) moʻljallab tuziladi. Aniq harakat rejasi komissiyalar ishini tashkil qilishning asosidir. Shuning uchun har bir reja, har bir masala komissiya aʼzolarining faol ishtirokida ishlab chiqiladi. Faqat shundagina masalalar doirasini toʻgʻri belgilash, eʼtiborni koʻproq ijtimoiy ahamiyatga molik dolzarb muammolarga qaratish mumkin boʻladi.
Keyingi vaqtlarda doimiy komissiyalar amaliyotiga yillik ish rejasi tuzish tajribasi mustahkam kirib bormoqda. Bunday rejalar odatda uch qismdan iborat boʻladi. Birinchi qismda komissiyalar mahalliy Kengash muhokamasiga kiritilishi lozim boʻlgan yirik muammolarni oʻrganishni rejalashtiradilar. Ikkinchi qismda hokimlikda muhokama etish uchun tayyorlanadigan masalalar nazarda tutiladi. Uchinchi qismda doimiy komissiyalarning oʻz majlislarida muhokama qilish moʻljallanayotgan, nazorat-tahlil faoliyati bilan bogʻliq masalalar aks ettiriladi. Odatda doimiy komissiyalar oʻz yillik rejalarini hokimlikning, uning boshqarmalari va boʻlimlarining yillik rejalarini hisobga olgan holda tuzadilar.
Deputatning ish rejalarini tuzish asosiy va hal qiluvchi oʻrin tutadi. Doimiy komissiyaning har bir aʼzosi “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga binoan komissiya muhokamasiga masalalar kiritish va masalalarni muhokamaga tayyorlashda faol ishtirok etish huquqiga ega.
Doimiy komissiyaning toʻgʻri tuzilgan ish rejasi doimiy komissiyalar oldida turgan vazifalarning muvaffaqiyatli bajarilishini koʻp jihatdan taʼminlaydi.
Belgilangan tadbirlarni amalga oshirish, odatda, faoliyati muhokamaga qoʻyiladigan korxonalar, muassasalar yoki tashkilotlardagi haqiqiy ahvolni oʻrganishdan boshlanadi. Doimiy komissiyalarda koʻrib chiqish uchun masalalarni, mahalliy Kengash sessiyasida qilinadigan maʼruza yoki qoʻshimcha maʼruzani tayyorlash ham odatda, nazorat va tahlildan boshlanadi. Shuning uchun doimiy komissiyalar tarkibiga kirgan deputatlarning nazorat-tahlil ishlaridagi ishtiroki ularning faoliyatidagi muhim jihatlardan biridir.
“Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida doimiy komissiya tarkibiga kirgan deputatning, mazkur organ koʻrib chiqishi uchun har qanday masala va taklif kiritish, bu masalalarni koʻrib chiqish uchun tayyorlashda, ularni muhokama qilish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilishda, shuningdek qabul qilingan qarorlar roʻyobga chiqarilishini tashkil etish va ularning bajarilishini nazorat qilishda ishtirok etish huquqi oʻz aksini topgan.
Doimiy komissiya raisi tekshirish boshlanishi oldidan har bir deputatning tayyorgarlik darajasini hisobga olib, komissiya aʼzolari oʻrtasida vazifalarni taqsimlaydi. Bunda muhimi, doimiy komissiyaning har bir aʼzosiga topshiriq berilgan boʻlishi kerak.
Doimiy komissiyalar ichida kichik komissiyalar yoki seksiyalar tuzilishi, ularning muayyan masalalar bilan shugʻullanishi esa ijobiy samara berishi mumkin.
Tajriba shuni koʻrsatmoqdaki, vazifalarni doimiy komissiya aʼzolari oʻrtasida taqsimlashni har bir konkret holda oʻrganilayotgan masalaning xususiyatiga qarab oʻtkazish maqsadga muvofiqdir. Ammo vazifalarni qayta-qayta taqsimlayverish ham deputatlar tashabbuskorligini pasaytirib yuboradi, masalalarni hal etishga ijodiy yondashish imkoniyatini cheklab qoʻyadi.
Deputatlarga nazorat-tahlil ishlarini oʻtkazishda koʻmaklashish maqsadida doimiy komissiyalarning rahbarlari hokimliklar yordamida savol varaqalari va xatlar tayyorlab, nimalarga eʼtibor berish zarurligini, tekshiruvni qay yoʻsinda toʻgʻri tashkil etish kerakligini koʻrsatishlari, ayniqsa doimiy komissiyalar tarkibiga birinchi marta saylangan deputatlarga katta yordam beradi.
Nazorat-tahlilga oid hujjatlar doimiy komissiyaning raisi yoki kotibida saqlanadi. Doimiy komissiyalarning raislari yoki shu ish topshirilgan aʼzolari maʼlumotlarni umumlashtiradilar, maʼruzalar, qoʻshimcha maʼruzalar va qaror loyihalari matnlarini tayyorlaydilar.
Amaldagi qonunlarga binoan doimiy komissiyalarning aʼzolari zarur hollarda hokimlikning boshqarmalari va boʻlimlari rahbarlaridan, mahalliy Kengash hududida joylashgan korxona, muassasa va boshqa tashkilotlarning rahbarlaridan tegishli hujjatlarni soʻrab olish huquqiga ega.
Maʼlumki, har qanday tekshirishdan maqsad faqat kamchilik va nuqsonlarni topish emas, balki aniqlangan kamchiliklarni bartaraf qilishda tashkilotlarga va muassasalarga har tomonlama yordam koʻrsatishdan iborat boʻlib, bu har bir deputatning burchidir. Doimiy komissiyalar faoliyatida toʻplangan tajriba shundan dalolat beradi.
Doimiy komissiya kollegial organdir. Shuning uchun komissiyaning raisi va kotibi oʻz xohishi bilan komissiya nomidan biron-bir qaror qabul qila olmaydi. Ular faqat komissiya aʼzolari faoliyatini uyushtiradi va yoʻnaltirib turadi. Masalani hal qilishda uzil-kesil soʻzni deputatlar aytadilar.
Doimiy komissiyalar faoliyatining asosiy shakli majlislar boʻlib, ular komissiya aʼzolarining koʻpchiligi ishtirok etgan taqdirdagina vakolatli hisoblanadi. “Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashi deputatining maqomi toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunida deputat oʻzi saylangan doimiy komissiyaning ishida faol ishtirok etishi shart, deb koʻrsatilgan. Shuning uchun komissiya aʼzosining komissiya majlislarida muntazam ishtirok etishi uning asosiy burchidir.
Doimiy komissiyaning har bir aʼzosi komissiya majlislarida hal qiluvchi ovoz huquqi bilan qatnashadi. Masalalarni muhokama qilish vaqtida doimiy komissiya aʼzolari oʻzlarining taklif va mulohazalarini bildiradilar. Doimiy komissiya majlislarida shu komissiya aʼzosi boʻlmagan boshqa deputatlar maslahat ovozi bilan qatnashishlari mumkin.
Doimiy komissiya majlislariga faoliyati muhokamaga qoʻyilayotgan muassasa va tashkilotlarning rahbarlarigina emas, balki turli tarmoqlar mutaxassislari ham taklif qilinadi, bu esa muhokama qilinayotgan masalaning mohiyatini chuqur oʻrganishga yordam beradi.
Shuni taʼkidlash joizki, ayrim masalalar bir nechta komissiyalarning kuchi bilan tayyorlanishi ham mumkin. Bu deputatlarga bir vaqtning oʻzida bir qancha masalalarni oʻrganishga, tekshirilayotgan yoʻnalishdagi ahvolni chuqur va har tomonlama tahlil etishga, amaliy takliflar ishlab chiqishga, joyning oʻzida yordam koʻrsatishga imkon beradi.
Doimiy komissiyaning majlislarida hamma qarorlar ochiq ovoz berish asosida koʻpchilik ovoz bilan qabul qilinadi. Doimiy komissiyaning har qanday aʼzosi shu kollegial organning qaroriga rozi boʻlmagan taqdirda, bu haqda mahalliy Kengash sessiyasida chiqib soʻzlash huquqiga ega.
Doimiy komissiyaning qarorlari tavsiya tusiga ega boʻladi. Lekin ularning tavsiyalari tegishli davlat va jamoat idoralari, korxonalar, muassasalar va tashkilotlar tomonidan koʻrib chiqilishi shart. Koʻrib chiqish natijalari boʻyicha amalga oshirilgan ishlar, koʻrilgan chora-tadbirlar haqida komissiyalarga belgilangan muddatda xabar qilinishi kerak.
Masalalarni mahalliy Kengashning majlislari muhokamasiga tayyorlash, ularni oʻz majlislarida muhokama qilish doimiy komissiyalarning muhim vazifasidir. Ishlab chiqilgan tadbirlarni amalga oshirishni tashkil etish doimiy komissiyalarga birlashgan deputatlarning muhim burchidir.
Doimiy komissiyalar mahalliy Kengashning organlari sifatida oʻzlarini tashkil qilgan mahalliy Kengashning nazorati ostida ishlaydilar va oʻz faoliyatlari haqida unga hisobot beradilar. Mahalliy Kengash komissiyalarning ishlarini yoʻlga solib, faoliyatlarini nazorat qilib turadi, ularning hisobotlari va maʼruzalarini eshitadi.
Deputatlarning doimiy komissiyalardagi koʻp qirrali faoliyati xalq vakillarining ishini tashkil etishning samarali shakli ekanligidan dalolat beradi.
III. Mahalliy Kengashlar deputatlarining saylov okruglaridagi faoliyati
Mahalliy Kengash deputatining oʻz saylov okrugidagi ishi uning asosiy majburiyati hisoblanadi. Mahalliy Kengash deputatining saylov okrugidagi ishi quyidagi asosiy yoʻnalishlar boʻyicha amalga oshiriladi.
Birinchidan, okrug saylovchilari bilan yigʻilishlar, mehnat jamoalari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan, siyosiy partiyalar vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazish; aholini mahalliy Kengashning ishi toʻgʻrisida muntazam xabardor qilib turish; qonunlarning va hokimiyat vakillik organlari qarorlarining ijrosini tashkil etish hamda nazorat qilishda ishtirok etish; jamoatchilik fikrini, aholining talab va ehtiyojlarini oʻrganish, bular haqida tegishli davlat hokimiyati organlariga xabar berish, mahalliy Kengash qarorlarini tayyorlashda oʻz takliflarini kiritish.
Ikkinchidan, saylovchilardan oʻziga tushgan taklif, ariza va shikoyatlarni qonun hujjatlarida belgilangan tartibda koʻrib chiqish, ularni oʻz vaqtida va toʻgʻri hal etish choralarini koʻrish, oʻz saylov okrugida fuqarolarni muntazam ravishda qabul qilish. Saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazish uchun deputat zarur sharoitlar bilan taʼminlanadi. Uning iltimosiga koʻra hokimliklar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari joy ajratib, deputatning saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazadigan, fuqarolarni qabul qiladigan vaqti va joyini fuqarolarga maʼlum qiladilar, qabul va uchrashuvlarda ishtirok etish uchun deputatning taklifiga binoan oʻzlarining masʼul vakillarini yuboradilar, shuningdek deputatning joylardagi ishiga koʻmaklashish yuzasidan boshqa chora-tadbirlar koʻradilar. Bunda deputatlarning qabul vaqti va joyi haqidagi axborotni saylovchilar eʼtiboriga fuqarolar qabul qilinadigan joylarda yetkazishdan tashqari ommaviy axborot vositalarida ham eʼlon qilish tavsiya etiladi. Bu yoʻnalishdagi ishlarni faollashtirishda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari qoʻmitasi hamda Reglament, odob va deputatlar faoliyatining taʼminoti komissiyasi tomonidan “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining Xorazm viloyatida bajarilishi haqidagi qoʻshma qarori va maʼlumotnomasi qoʻl kelishi mumkin (ushbu qaror va maʼlumotnoma mamlakatimizning barcha viloyat, tuman va shahar hokimliklariga 2006-yilning aprel oyida ishda foydalanish uchun yuborilgan). “Fuqarolarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining ijro etilishini oʻrganish natijalari yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qonunchilik va sud-huquq masalalari qoʻmitasi bilan xalq deputatlari Xorazm viloyati Kengashi 2007-yil 23-fevralda Urganch shahrida oʻtkazilgan qoʻshma majlisda qabul qilgan qaror ham shu yoʻnalishdagi muhim hujjat boʻlib qoldi va u parlament yuqori palatasi bilan hokimiyat vakillik organlarining hamkorligidan dalolat beruvchi yorqin misoldir.
Ijobiy natijalarga erishish, deputatlarning nufuzini va ularning faolligini oshirish maqsadida fuqarolarni qabul qilish uchun deputatlarga ajratilayotgan joylarda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari, Oliy Majlis palatalarining qarorlari, Prezidentimiz farmonlari va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qaror va farmoyishlarini, umuman deputat ishi uchun zarur yuridik va boshqa maxsus adabiyotlarni jamlash ham tavsiya etiladi.
Uchinchidan, mahalliy Kengash deputati vaqti-vaqti bilan, ammo yiliga kamida ikki marta oʻz ishi toʻgʻrisida saylovchilar oldida hisobot berishi va oʻzi saylangan mahalliy Kengash ishi haqida saylovchilarni xabardor etib turishi zarur. Deputatning hisobot berishi shu maqsadda tegishli hokimlik, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan chaqiriladigan saylovchilar yigʻilishlarida yoki mazkur saylov okrugi vakillarining yigʻilishlarida oʻtkaziladi. Hisobot berishi va saylovchilar bilan uchrashuvlar oʻtkazishi uchun deputatga zarur sharoitlar yaratib beriladi. Deputatning iltimosiga koʻra, hokimlik bino ajratishni tashkil etadi, uning saylovchilar bilan uchrashuvlari oʻtkaziladigan vaqt va joyni fuqarolarga maʼlum qiladi.
Toʻrtinchidan, yuqori turuvchi mahalliy Kengash deputati quyi turuvchi mahalliy Kengashlar va ularning organlari majlislarida maslahat ovozi huquqi bilan ishtirok etishga haqli. Deputatlarning quyi turuvchi mahalliy Kengashlar sessiyalarida keng ishtirok etishi deputatlarning obroʻ-eʼtiborini yanada mustahkamlaydi, quyi turuvchi mahalliy Kengashlar deputatlarining ish shakllarini yaxshilashga hissa qoʻshadi.
Beshinchidan, fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilgan taqdirda yoki qonuniylik boshqa tarzda buzilganda davlat hokimiyatining vakili sifatida deputat oʻsha joyning oʻzida bunday qoidabuzarlik toʻxtatilishini talab qilishga, zarurat boʻlganda esa, fuqarolarning huquqlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini buzish yoki qonun hujjatlarini boshqa tarzda buzish aniqlangan hollarda ularga darhol chek qoʻyish choralarini koʻrish talabi bilan tegishli organlar hamda mansabdor shaxslarga murojaat etishga haqli.
Deputat saylovchilar bilan uchrashuv oʻtkazayotganda hisobot maʼruzasida oʻzining saylov okrugida amalga oshirgan ishi, mahalliy Kengashga bergan takliflari, ular mahalliy Kengashning qarorlarida, doimiy komissiyalarning tavsiyalarida qanday aks etganligi, oʻz saylovchilaridan tushgan xatlar, takliflar va shikoyatlar, fuqarolarni qabul qilish yuzasidan, doimiy komissiyada, deputatlar guruhida va saylov okrugining oʻzida olib borayotgan ishlari toʻgʻrisida saylovchilarni xabardor qiladi.
Deputatning saylovchilar yigʻilishidagi maʼruzasi tinglovchilar bu maʼruza haqida oʻz fikr-mulohazalarini bildiradigan, kamchiliklarni ochiq koʻrsatadigan, oʻz takliflarini oʻrtoqlashadigan darajada mazmundor va qiziqarli boʻlishi kerak.
Deputatning maʼruzasi, qoida tariqasida, ikki asosiy qismdan iborat boʻladi. Birinchi qismda Kengashning va uning organlarining faoliyati toʻgʻrisida, xoʻjalik va ijtimoiy-madaniy qurilishdagi yutuqlar hamda kamchiliklar toʻgʻrisida soʻz boradi. Hisobotlar, maʼruzalar, qarorlar loyihalari va boshqa materiallarni tayyorlash uchun hokimliklar deputatlarni tegishli hokimiyat vakillik organlari qabul qilgan hujjatlar bilan taʼminlaydilar, axborot yoʻsinidagi va yordamchi materiallar bilan taʼminlashga koʻmaklashadilar, deputatlik faoliyati bilan bogʻliq masalalar yuzasidan mutaxassislarning maslahatlarini uyushtiradilar.
Hisobot maʼruzasining ikkinchi qismi bevosita deputatning oʻz faoliyatiga, yaʼni uning mahalliy Kengash va doimiy komissiyalar ishidagi ishtirokiga, fuqarolarni qabul qilishi, fuqarolardan tushgan xatlar va shikoyatlarni qarab chiqishi, saylovchilarning takliflarini bajarishdagi ishtirokiga bagʻishlanadi. Maʼruzaning bu qismini tayyorlashda deputat oʻz kundalik daftaridan foydalanadi. Deputat hisobot davri mobaynida bu daftarga turli qaydlar qilib, oʻz deputatlik faoliyatining turli tomonlarini aks ettirib boradi.
Deputat oʻz maʼruzasining yakunida mahalliy Kengash va uning organlari oldida turgan vazifalar toʻgʻrisida gapiradi, ularning mazmun-mohiyatini tushuntirib beradi va saylovchilarni bu vazifalarni bajarishda faol ishtirok etishga chaqiradi. Deputatning maʼruzasi toʻliq, oʻz-oʻzini tanqid ruhida yozilgan boʻlsa, unda mahalliy Kengash va hokimlikning faoliyati tahlil qilinib kamchiliklar ham aytib oʻtilgan boʻlsa, foydali boʻladi.
Amalda koʻpincha deputat qaysi davr uchun hisobot berishi kerak, degan savol tugʻiladi. Deputatning birinchi hisoboti u saylangan paytdan belgilangan tartibda hisobot berishi kerak boʻlgan kungacha oʻtgan davrni oʻz ichiga oladi. Keyingi hisobotlar mahalliy Kengashning va deputatning oldingi hisobotdan navbatdagi hisobotgacha oʻtgan davrni qamrab oladigan tarzda tuzilishi kerak. Ammo bu, zarur boʻlgan hollarda, ilgariroq qilingan ishlar haqida ham soʻzlash imkonini istisno qilmaydi. Keyingi vaqtlarda deputatlarning butun chaqiriq mobaynida qilingan ishlar yuzasidan hisobot berishi keng yoyila boshladi.
Hisobot yigʻilishi oʻtkazilganidan keyin deputat kechi bilan uch kun ichida hisobot oʻtkazilgan joy va vaqt, yigʻilishda hozir boʻlgan va soʻzga chiqqan saylovchilar soni, oʻzining faoliyatiga qanday baho berilganligi va saylovchilardan tushgan takliflar toʻgʻrisida tegishli mahalliy Kengash rahbarini yozma ravishda xabardor qilishi maqsadga muvofiqdir.
Saylovchilarni qabul qilish, ularning xat va takliflarini qarab chiqish deputatning saylov okrugidagi faoliyatining eng muhim shakllaridan biridir. Fuqarolar deputatlarga xat va shikoyatlar bilan murojaat qilar ekanlar, ularni hokimlikdagi oʻz vakillari deb biladilar, oʻzlariga yordam berishlariga, oʻzlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishlariga ishonadilar. Kelib tushgan har bir xat yoki shikoyatni oʻz vaqtida va atroflicha oʻrganib chiqish hamda ularga oʻz vaqtida javob berish deputatning birinchi navbatdagi vazifasidir. Agar taklif, iltimos yoki shikoyatlarni qarab chiqish uzoqroq vaqt talab qiladigan boʻlsa, xat muallifi bu haqda oʻz vaqtida xabardor qilinishi lozim.
Odatda saylovchilar deputatga murojaat qilib, uning oldiga keng doiradagi va koʻp qirrali masalalarni qoʻyadilar. Shu sababli xatlarga toʻgʻri javob va izohlar berish uchun deputat yer toʻgʻrisidagi, mehnatga, pensiyaga oid, uy-joy toʻgʻrisidagi va boshqa qonun hujjatlarini qunt bilan oʻrganib chiqishi kerak.
Kunduz kuni ishlab chiqarishda band boʻlgan fuqarolarga qulaylik boʻlishi uchun deputat ularni, odatda, kechqurunlari yoki dam olish kunlari qabul qiladi. Qabulni qaysi vaqtda va qayerda tashkil qilish masalasini deputat hokimlik bilan birgalikda hal etadi. Qabul vaqti va joyi toʻgʻrisida eʼlon osib qoʻyiladi yoki bu maʼlumotlar boshqacha usullar bilan saylovchilar eʼtiboriga yetkaziladi. Deputat oʻz kundalik daftarida qabul qilishini soʻrab oʻziga murojaat qilgan fuqarolarni hisobga olib boradi, oʻzi qanday choralar koʻrganligini, fuqarolarning iltimoslari qanoatlantirilganligini yoki qanoatlantirilmaganligi sabablarini yozib boradi.
Deputat asossiz iltimoslarni quvvatlay olmaydi. Bunday hollarda deputat murojaat etgan kishiga uning nohaqligi boisini, iltimosini nima sababdan qondirish mumkin emasligini toʻgʻri tushuntira bilishi kerak.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2007-y., 3-son, 150-modda; 2010-y., 12-son, 550-modda)