1.07.00.00.00 Moliya va kredit toʻgʻrisidagi qonunchilik. Bank faoliyati / 07.23.00.00 Boshqa kredit muassasalari / 07.23.02.00 Lombardlar;
2.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.06.00 Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash. Ruxsat berish (shuningdek, 02.08.06.00ga qarang) / 09.01.06.02 Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash tartibi]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash;
2.Moliya / Banklar va boshqa kredit muassasalari. Kreditlar]
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining
Qarori
Lombard faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisida nizomni tasdiqlash haqida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2003-yil 10-dekabrda roʻyxatdan oʻtkazilgan, roʻyxat raqami 1291]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2022-yil 22-avgustdagi 19/5-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3389, 28.09.2022-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-yil, 12-son, 247-modda), “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi qonunlari (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2000-yil, 5-6-son, 142-modda), Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 17-sentabrdagi 402-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi hududida lombardlarni roʻyxatdan oʻtkazish va ular faoliyatini litsenziyalash masalalari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2003-y., 17-18-son, 149-modda) qaroriga muvofiq lombardlar faoliyatini litsenziyalash tartibini belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Lombard faoliyatini amalga oshirishga maxsus ruxsatnoma (litsenziya)ga ega boʻlgan holda lombardlar faoliyati faqat ixtisoslashtirilgan yuridik shaxslar tomonidan amalga oshiriladi. Ular faoliyatining asosiy maqsadi fuqarolardan shaxsiy isteʼmol uchun moʻljallangan koʻchar mol-mulkni garovga olingan holda, qisqa muddatli kreditlar ajratishdan iboratdir.
2. Lombardlar faoliyatini litsenziyalashni Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki (keyingi matnda — litsenziyalovchi organ) amalga oshiradi.
3. Lombardlar faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya belgilanmagan muddatga beriladi.
4. Lombardlar faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani berish, litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish, litsenziyani qayta rasmiylashtirish hamda bekor qilish Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvi qarori bilan rasmiylashtiriladi.
(4-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1291-11, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/1291-11/0794-son)
5. Yuridik shaxsga lombard faoliyatini amalga oshirish uchun huquq litsenziya berilgan vaqtdan boshlab kuchga kiradi.
6. Litsenziyani boshqa yuridik shaxsga berish taqiqlanadi.
II. Litsenziyaga oid talablar va shartlar
7. Lombard oʻz faoliyatini amalga oshirishda, Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik talablariga amal qilishi shart.
8. Lombardlar faoliyatini amalga oshirishga litsenziya, 500 mln. soʻm miqdorida eng kam ustav fondi shakllantirilgan holda, lombard sifatida qonunchilikda belgilangan tartibda roʻyxatga olingan yuridik shaxsga berilishi mumkin.
Lombardning ustav fondi lombard muassislari toʻlagan pul mablagʻlaridan shakllantiriladi.
Kreditga va garovga olingan mablagʻlardan hamda boshqa jalb etilgan mablagʻlardan lombardning ustav fondini shakllantirish uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi.
(81-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 14-sentabrdagi 22/7-sonli qaroriga (roʻyxat raqami 1291-10, 03.10.2019-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2019-y., 10/19/1291-10/3851-son)
9. Litsenziya olish yoki joylashgan eri (pochta manzili) oʻzgarganligi munosabati bilan qayta rasmiylashtirish uchun ariza berish paytida, lombard Markaziy bankning tegishli hududiy bosh boshqarmasining bino va uning kassa xonalari texnik mustahkamligi hamda yongʻinga qarshi qoʻriqlash va favqulodda ogohlantiruvchi signalizatsiya vositalari bilan taʼminlanganligi, oʻzaro ishlashni va axborot almashinuvi tizimini taʼminlash uchun sifatli aloqa liniyasi, shuningdek buxgalter hisoboti operatsiyalarini oʻtkazish boʻyicha dasturiy taʼminoti toʻgʻrisidagi xulosasiga ega boʻlishi kerak.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 14-sentabrdagi 22/7-sonli qarori (roʻyxat raqami 1291-10, 03.10.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2019-y., 10/19/1291-10/3851-son)
91. Lombard boshqaruv organining rahbari lavozimiga tavsiya etiladigan nomzodga qoʻyilgan talablar:
iqtisodiy oliy maʼlumot;
bank-moliya sohasida ikki yildan kam boʻlmagan ish tajribasiga, shuningdek benuqson ishchanlik obroʻsiga ega boʻlishi kerak.
Bunda, iqtisodiyot sohasidagi yoki boshqaruv tartibiga qarshi jinoyat uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar benuqson ishchanlik obroʻsiga ega emas deb topiladi.
(91-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1291-11, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/1291-11/0794-son)
III. Litsenziya olish uchun topshiriladigan hujjatlar
10. Yuridik shaxs — litsenziya daʼvogari, lombard faoliyatini amalga oshirishga litsenziyani olish uchun litsenziyalovchi organga quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
a) lombardning faoliyatini amalga oshirishga litsenziya berish toʻgʻrisida ariza, unda yuridik shaxsning nomi va tashkiliy-huquqiy shakli, uning joylashgan joyi (pochta manzili) va bank hisobvaragʻining rekvizitlari koʻrsatiladi. Litsenziya berish toʻgʻrisidagi arizada daʼvogarning elektron manzili koʻrsatilishi mumkin;
v) lombardning boshqarish vakolatiga ega organ tomonidan tasdiqlangan bir yillik faoliyat uchun biznes-reja;
g) muassislar roʻyxati, quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatgan holda:
jismoniy shaxslar uchun:
familiyasi, ismi, otasining ismi, pasport maʼlumotlari, yashash joyining pochta manzili, telefonlari;
faoliyat turi, ish joyi, lavozimi (agar ishlasa);
lombardning ustav fondidagi ulushi summasi, shu jumladan, ustav fondining umumiy summasiga nisbatan foiz hisobida;
Yuridik shaxslar uchun:
toʻliq nomi, pochta manzili va telefon raqamlari, toʻlov rekvizitlari;
lombardning ustav fondidagi ulushi summasi, shu jumladan, ustav fondining umumiy summasiga nisbatan foiz hisobida.
Barcha muassislar (ham yuridik va ham jismoniy shaxslar) uchun ariza taqdim qilingunga qadar oxirgi besh yil mobaynida sud (jumladan, iqtisodiy sud) yoki davlat organlari tomonidan bu shaxsga nisbatan qoʻllanilgan barcha huquqiy jazo choralari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar.
d) lombardning boshqaruv organlari tuzilmasi va shaxsiy tarkibi toʻgʻrisida maʼlumotlar;
e) naqd pul mablagʻlari va garovga olingan mulklarning saqlanishini taʼminlaydigan, maxsus jihozlangan xonalar mavjudligini tasdiqlovchi maʼlumotlar;
z) litsenziya daʼvogarning arizasini litsenziyalovchi organ tomonidan koʻrib chiqilishi uchun yigʻim toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov topshiriqnomasining nusxasi;
Mazkur hujjatlar roʻyxati toʻla-toʻkis (tugal) hisoblanadi. Litsenziya daʼvogaridan ushbu Nizomda koʻzda tutilmagan hujjatlarni taqdim etilishini talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
11. Hujjatlar litsenziya daʼvogari tomonidan bevosita litsenziyalovchi organga yoki uning hududiy boʻlinmalariga yoxud pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, ular olingani haqidagi tasdiqni olgan holda, yetkazib beriladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar litsenziya daʼvogarining elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
Litsenziya daʼvogarining litsenziya olish uchun arizasida elektron manzili koʻrsatilgan taqdirda uning arizasi boʻyicha qabul qilingan qaror haqida axborot tizimi orqali elektron shaklda xabar berilishiga roziligini bildiradi.
12. Notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar taqdim etganlik uchun litsenziya daʼvogari qonunchilikka muvofiq javobgar boʻladi.
IV. Litsenziya olish uchun hujjatlarni koʻrib chiqish tartibi
13. Litsenziya olish uchun kerak boʻlgan barcha zaruriy hujjatlar bilan ariza litsenziyalovchi organ tomonidan ariza va zaruriy hujjatlar tushgan kundan 15 ish kuni davomida koʻrib chiqiladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2019-yil 14-sentabrdagi 22/7-sonli qarori (roʻyxat raqami 1291-10, 03.10.2019-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 03.10.2019-y., 10/19/1291-10/3851-son)
14. Litsenziya daʼvogaridan arizasini litsenziyalovchi organ tomonidan koʻrib chiqilishi uchun yigʻim undiriladi. Arizani qayta koʻrib chiqish uchun yigʻim undirilmaydi.
Arizani koʻrib chiqish uchun undiriladigan yigʻim summasi litsenziyalovchi organning maxsus hisobvaragʻiga oʻtkaziladi.
Hujjatlar koʻrib chiqilishi davrida litsenziya daʼvogari bergan arizasidan voz kechgan taqdirda toʻlangan yigʻim summasi qaytarilmaydi.
Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziya berilganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat boji toʻgʻrisida”gi Qonunida belgilangan miqdorda davlat boji undiriladi.
(14-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1291-11, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/1291-11/0794-son)
Yigʻim miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
(14-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/2-sonli qarori (roʻyxat raqami 1291-11, 15.06.2020-y.) tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.06.2020-y., 10/20/1291-11/0794-son)
15. Litsenziyalovchi organ litsenziyani berish toʻgʻrisidagi yoki litsenziya berilishni rad etish toʻgʻrisida tegishli qaror, qabul qilingan kundan soʻng 3 kun ichida qabul qilingan qaror toʻgʻrisida litsenziya daʼvogarini yozma shaklda, shuningdek axborot tizimi orqali elektron shaklda xabardor qilishi kerak.
17. Litsenziyani berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma litsenziya daʼvogariga bank hisobvaragʻi rekvizitlari va davlat bojini toʻlash muddati koʻrsatilgan holda yozma shaklda yuboriladi (topshiriladi).
Litsenziat tomonidan davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim etilganidan va u litsenziya shartnomasini imzolaganidan soʻng, unga ilovada keltirilgan shaklga muvofiq litsenziya beriladi.
Agar litsenziat unga litsenziya berish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganligi haqidagi xabarnoma yuborilgan (topshirilgan) paytdan eʼtiboran uch oy ichida litsenziyalovchi organga litsenziya berganlik uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmagan yoki litsenziya shartnomasini imzolamagan taqdirda litsenziyalovchi organ mazkur litsenziyani bekor qilishga haqli.
18. Litsenziatga litsenziyaning asl nusxasi beriladi, nusxasi oʻrnatilgan tartibda litsenziyalovchi organda saqlanadi.
19. Litsenziyalovchi organ, quyidagi sabablarga koʻra, litsenziya berilishini rad qilish huquqiga ega:
hujjatlar talab etilgan tartibda rasmiylashtirilmagan holda taqdim qilinganda;
hujjatlarda notoʻgʻri yoki buzib koʻrsatilgan maʼlumotlar mavjud boʻlganda;
litsenziya daʼvogarining litsenziya talablari va shartlariga nomuvofiqligida.
20. Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnoma litsenziya daʼvogariga yozma shaklda, rad etishning sabablari hamda koʻrsatilgan kamchiliklarni litsenziya daʼvogari bartaraf qilib, hujjatlarni koʻrib chiqish uchun qayta taqdim etishi mumkin boʻlgan muddat koʻrsatilgan holda yuboriladi (topshiriladi). Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi bildirishnomada koʻrsatilgan muddat kamchiliklarni bartaraf etish uchun zarur boʻlgan vaqtga mutanosib bolishi lozim.
Litsenziya talabgorining arizasi qayta koʻrib chiqilganda litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada ilgari koʻrsatilmagan yangi asoslarga asosan litsenziya berishni rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Litsenziya berishni rad etish toʻgʻrisidagi xabarnomada koʻrsatilgan muddatdan kechikib taqdim etilgan litsenziya daʼvogarining arizasi yangidan taqdim etilgan hisoblanadi.
21. Litsenziyalovchi organ tomonidan hujjatlarni takroran koʻrib chiqilishi barcha zaruriy hujjatlar litsenziya daʼvogaridan olingan kundan boshlab, 10 kun muddat davomida amalga oshiriladi.
V. Litsenziyani qayta rasmiylashtirish va dublikat berish tartibi
22. Lombardlar qayta tashkil qilinganda, ularning nomlanishi yoki joylashgan joyi oʻzgarganda, litsenziat yoki uning huquqiy vorisi qayta roʻyxatdan oʻtgandan soʻng, bir oy muddat ichida litsenziyalovchi organga koʻrsatilgan maʼlumotlarni tasdiqlovchi tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda, litsenziyani qayta rasmiylashtirish toʻgʻrisida ariza taqdim qilishi shart.
Hujjatlar litsenziya daʼvogari tomonidan bevosita litsenziyalovchi organga pochta aloqasi vositalari orqali yoki elektron shaklda, ular olingani haqidagi tasdiqni olgan holda, yetkazib beriladi. Elektron shaklda taqdim etilgan hujjatlar litsenziya daʼvogarining elektron raqamli imzo bilan tasdiqlanadi.
23. Agar litsenziya yoʻqolgan yoki yaroqsiz holatga kelgan holda, litsenziya egasi 15 kunlik muddat ichida dublikat olish uchun ariza berishi shart.
VI. Litsenziyani toʻxtatib turish, tugatish va bekor qilish tartibi
24. Litsenziyalovchi organ litsenziyaning amal qilishini quyidagi hollarda toʻxtatib turishi mumkin:
litsenziat litsenziya shartnomasida nazarda tutilgan litsenziya talablari va shartlarini buzganligi aniqlanganda;
litsenziyalovchi organning litsenziat zimmasiga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish majburiyatini yuklovchi qarorlari litsenziat tomonidan bajarilmaganda.
litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qaror, ushbu qarorni qabul qilgan litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziatga asosli sabablar qayd etgan holda yozma shaklda qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmay yetkaziladi.
Litsenziyalovchi organning litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilish mumkin. Sud litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishni asossiz deb topgan taqdirda, litsenziyalovchi organ litsenziat oldida unga yetkazilgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
Litsenziyalovchi organ litsenziat tomonidan litsenziyaning amal qilishni toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etish uchun muddat belgilashi shart. Koʻrsatilgan muddat olti oydan oshishi mumkin emas.
Litsenziyaning amal qilishi toʻxtatib turilishiga olib kelgan holatlarni litsenziat bartaraf etgan taqdirda, litsenziyaning amal qilishni toʻxtatib turgan litsenziyalovchi organ koʻrsatilgan holatlar bartaraf etilganligi toʻgʻrisidagi tasdiqnomani olgan kundan eʼtiboran uch kunlik muddat ichida litsenziyaning amal qilishini tiklash toʻgʻrisida qaror qabul qilishi shart.
25. Litsenziyaning amal qilishi quyidagi holatlarda tugatiladi:
litsenziat litsenziyani amal qilishini tugatish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganida;
yuridik shaxs tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan uning oʻzgartirilishi, shuningdek yangidan vujudga kelgan yuridik shaxsni davlat roʻyxatidan oʻtkazish sanasida qayta tashkil etilayotgan yuridik shaxslarda faoliyatning ayni bir litsenziyalanadigan turini amalga oshirish uchun litsenziya mavjud boʻlgan taqdirda qoʻshib yuborilishi mustasno;
litsenziat tomonidan litsenziya shartnomasida koʻzda tutilgan litsenziya talablari va shartlari muntazam ravishda yoki bir marotaba qoʻpol buzilganda;
litsenziyalovchi organ belgilagan muddatda litsenziya amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni litsenziat bartaraf qilmaganida;
litsenziyalovchi organning litsenziyani berish toʻgʻrisidagi qarori qonunga xilofligi aniqlanganda.
Litsenziyaning amal qilishi, shuningdek, sudning qaroriga binoan ham tugatilishi mumkin.
Tugatish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran litsenziyaning amal qilishi tugatiladi.
26. Litsenziyalovchi organ tomonidan litsenziyani bekor qilish quyidagi hollarda amalga oshiriladi:
agar, litsenziya daʼvogari litsenziya berish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganligi haqida bildirish xati joʻnatilgan (topshirilgan)dan soʻng uch oy davomida litsenziya beruvchi organga litsenziya berilganligi uchun davlat boji toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat taqdim qilmasa yoki litsenziya shartnomasini imzolamasa;
litsenziat litsenziyani bekor qilish toʻgʻrisida ariza bilan murojaat qilganida;
litsenziya soxta hujjatlardan foydalanilgan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Litsenziya, shuningdek, sudning qaroriga koʻra bekor qilinishi mumkin. Bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror litsenziya berilgan sanadan eʼtiboran amal qiladi.
26-1. Litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turish, tiklash, tugatish va uni bekor qilish toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida, shuningdek Markaziy bankning rasmiy veb-saytida eʼlon qilinishi kerak.
VII. Lombardlar faoliyatini nazorat qilish
27. Litsenziyalovchi organ litsenziya talablari va shartlariga rioya qilinishi uchun nazoratning amalga oshirilishida, oʻz vakolatlari doirasida, quyidagi huquqlarga ega:
lombardlardan buxgalter hisoboti va kredit operatsiyalari toʻgʻrisidagi birlamchi hujjatlarini olish va tekshirish, ularning amaliyotlariga oid axborotlarni soʻrash hamda olish;
olingan axborotlar boʻyicha tushuntirish talab qilish;
lombardlarning faoliyatini tekshirish, tartibbuzarlarga nisbatan sanksiyalar qoʻllash;
lombardlarga ularning faoliyatida aniqlangan tartibbuzarliklarni bartaraf qilish toʻgʻrisida ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar yuborish.
VIII. Litsenziatlar roʻyxatini yuritish
28. Litsenziyalovchi organ litsenziatlar roʻyxatini yuritadi va unda quyidagilar koʻrsatilishi shart:
litsenziatlarning nomi va uni joylashgan joyi (pochta manzili), litsenziat toʻgʻrisida asosiy maʼlumotlar (rahbar va bosh buxgalter f.i.o., telefon raqami, bank hisobvaragʻi va b.)
litsenziyalarning berilgan vaqti va raqami;
litsenziyalarning qayta rasmiylashtirish, uning amal qilishini toʻxtatib turish va qayta tiklash asoslari hamda sanalari;
litsenziyalarning amal qilishini tugatish asoslari va sanalari;
litsenziyalarni bekor qilish asoslari va sanalari;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami;
boshqa maʼlumotlar.
29. Litsenziyalarning reyestrlarida mavjud boʻlgan maʼlumotlar litsenziyalovchi organning veb-saytiga joylashtiriladi va tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
IX. Yakuniy qoidalar
30. Litsenziyalovchi organ va uning mansabdor shaxslari qarorlari va harakatlari ustidan Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligida belgilangan tartibda shikoyat qilish mumkin.
Markaziy bank raisi vazifasini vaqtincha bajaruvchi M.R. JUMAGALDIYEV
Toshkent sh.,
2003-yil 22-sentabr,
23/3-son
2003-yil 22-sentabrdagi 23/3-sonli Lombardlar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga ILOVA
Lombard faoliyatini amalga oshirish uchun ______-raqamli LITSENZIYA
20___ yil “___” _________
Toshkent shahri
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 20__ yil “___” ____ dagi qaroriga muvofiq lombard
_______________________________________________________________________________________________ (lombardning toʻliq nomi) _______________________________________________________________________________________________ (pochta manzili va boshqa rekvizitlar)
Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga hamda litsenziyalga oid talab va shartlarga muvofiq lombard faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega.
Ushbu litsenziya belgilanmagan muddat davomida amal qiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi hamda “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”ga qonunlarida koʻzda tutilgan hollarda mazkur litsenziyaning amal qilishini toʻxtatib turishi, tugatishi yoki bekor qilishi mumkin.
Mazkur litsenziya 20__ yil “___” ________ da ____-raqam ostida lombard faoliyatini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyalar Davlat reyestriga kiritildi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisining oʻrinbosari