Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.06.1995
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
JAHON IQTISODIYOTI VA DIPLOMATIYA UNIVERSITETIGA QABUL QILISh TARTIBI HAMDA OʻQISh UChUN HAQ TOʻLASh TOʻGʻRISIDAGI NIZOMLARNI TASDIQLASh HAQIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 20-iyundagi 231-sonli “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga talabalar qabul qilish hamda oʻqish uchun haq toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (1-ilova).
2. Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻqish uchun haq toʻlash toʻgʻrisidagi Nizom tasdiqlansin (2-ilova).
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 26-mart,
165-son
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 26-martdagi 165 son qaroriga
1-ILOVA
Jahon iqtisodiyoti va Diplomatiya universitetiga talabalarni qabul qilish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tashkil qilish toʻgʻrisida” 1992-yil 23-sentabrdagi PF-474-son Farmonini ijro etish yuzasidan hamda tashqi siyosat va tashqi iqtisodiy faoliyat bilan bogʻliq boʻlgan ixtisosliklar boʻyicha oʻqitish uchun iqtidorli yoshlarni tanlash maqsadida talabalarni qabul qilishning quyidagi tartibi belgilanadi:
I. Umumiy qoidalar
Universitetga 1994/95 oʻquv yilida qabul qilinadigan talabalar soni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga talabalar qabul qilish toʻgʻrisida” 1994-yil 2-martdagi 111-son qarori bilan 160 nafar miqdorida belgilangan, shu jumladan, quyidagi ixtisosliklar boʻyicha:
xalqaro munosabatlar va xalqaro jurnalistika — 35 kishi;
xalqaro huquq — 50 kishi;
xalqaro iqtisodiy munosabatlar — 75 kishi.
Qabul komissiyasining tarkibi, test tanlovlarini oʻtkazish tartibi, testlar, shuningdek, abituriyentlar bilan yakka tartibda suhbat oʻtkazish uchun mavzular Universitet rektori tomonidan tasdiqlanadi.
Abituriyentlar Universitet qabul komissiyasiga quyidagi hujjatlarni taqdim etadilar:
universitetga qabul qilish haqidagi ariza;
pasport yoki tugʻilganlik haqidagi guvohnoma;
oʻrta, oʻrta maxsus yoki oliy maʼlumot haqidagi hujjat (11-sinf oʻquvchilari uchun — maktab direktorining imzosi va muhr bilan tasdiqlangan oʻzlashtirish jadvali), bunda oʻrtacha baho toʻrt balldan kam boʻlmasligi lozim;
2 ta fotosurat;
086-U shaklidagi tibbiy maʼlumotnoma, shuningdek, turar joyidagi tibbiy muassasadan olingan shifokor-psixiatr, shifokor-narkolog, shifokor-ftiziatrlar maʼlumotnomasi va tahlil etilgan elektrokardiogramma.
Imtihon sinovlari koʻp ballik tizim boʻyicha uch bosqichda oʻtkaziladi.
Savollar va testlar mazmuni oʻrta va oʻrta maxsus oʻquv yurtlarining dasturlariga mos keladi.
Imtihon sinovlariga jadvalda belgilangan vaqtda yetib kelmaganlar abituriyentlar qatoridan chiqariladi.
Universitetga abituriyentlarni qabul qilish haqidagi uzil-kesil qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat komissiyasi tomonidan sinovlarning oxirgi, uchinchi bosqichi natijalariga koʻra qabul qilinadi. Bunda Vazirlar Mahkamasining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga talabalar qabul qilish toʻgʻrisida” 1994-yil 2-martdagi 111-son qaroriga muvofiq ijtimoiy adolatni taʼminlash maqsadida ishchi va dehqon oilalaridan chiqqan, shuningdek, yetim bolalarga imtiyozlar berish nazarda tutiladi.
Abituriyetni Universitetga qabul qilish haqidagi buyruq rektor tomonidan Davlat komissiyasining qarori, shuningdek, abituriyent va Universitet oʻrtasida tuzilgan shartnoma hamda oʻqish uchun haq toʻlanganligini tasdiqlovchi moliyaviy hujjat asosida chiqariladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1993-yil 5-fevraldagi PF-555-son Farmoniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan oʻtkazilgan xalqaro va respublika olimpiadalarining gʻoliblari Davlat komissiyasining qarori bilan Universitet yoʻnalishiga muvofiq keladigan quyidagi fanlar boʻyicha konkurssiz qabul qilinadilar:
oʻzbek tili va adabiyoti;
matematika;
informatika asoslari;
rus maktablarida oʻzbek tili va adabiyoti;
oʻzbek maktablarida rus tili va adabiyoti;
qoraqalpoq tili va adabiyoti:
chet (ingliz, nemis, fransuz) tili;
davlat huquqi va huquqshunoslik.
II. Imtihon bosqichlaridan oʻtish tartibi:
1 bosqichda (8-apreldan 30-aprelgacha) hujjatlar qabul qilinadi va suhbat oʻtkaziladi:
Toshkent shahri va Toshkent viloyati abituriyentlari bilan Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti negizida;
Samarqand, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari abituriyentlari bilan Samarqand Davlat universiteti negizida;
Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari abituriyentlari bilan Buxoro Davlat universiteti negizida;
Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari abituriyentlari bilan Andijon Davlat universiteti negizida;
Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi abituriyentlari bilan Urganch Davlat universiteti negizida.
Hujjatlarni qabul qilish va erkin mavzudagi suhbat Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti oʻqituvchilaridan tuzilgan qabul komissiyasi tomonidan chet (ingliz, nemis yoki fransuz) tilida oʻtkaziladi. Suhbat, shuningdek, abituriyentning xalqaro mavzudagi koʻpi bilan 10 daqiqalik maʼruzasini ham oʻz ichiga oladi. Abituriyent sinfda oʻz qoʻli bilan yozgan maʼruzaning tezislari qabul komissiyasi majlisining bayonnomasiga qoʻshib qoʻyiladi.
Oshkoralik va jamoat nazoratini taʼminlash maqsadida suhbatlarga muhokama va qaror qabul qilishda qatnashish huquqi berilmagan holda abituriyentlarning ota-onalari yoki vasiylari kiritiladilar.
Suhbatlar abituriyentlarning Universitetda oʻqish, kelgusida tashqi siyosat hamda tashqi iqtisodiy faoliyat jabhalarida ishlash imkoniyatlarini belgilovchi ixtisoslik yoʻnalishidagi tillar va fanlar boʻyicha bilimlarini; ijodiy va aqliy qobiliyatlarini aniqlashga yoʻnaltirilgan.
Abituriyentlar qabul komissiyasining qarori asosida Universitetga qabul qilishning ikkinchi bosqichiga qoʻyiladilar.
Imtihonlarning II bosqichi 1994-yil 5-maydan 15-maygacha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida kompyuter texnikasi yordamida maxsus test tanlovlari yoʻli bilan oʻtkaziladi.
Test tanlovlari kompyuterlarda 30 daqiqa davomida oʻtkaziladi va oʻzbek tili hamda chet (ingliz, nemis yoki fransuz) tillaridan biri boʻyicha savollardan tashkil topadi.
Sinovlarning uchinchi, yakunlovchi bosqichiga berilgan test savollarining kamida 50 foiziga toʻgʻri javob bergan abituriyentlargina qoʻyiladilar.
III bosqich 1994-yil 27-iyundan 7-iyulgacha Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻtkaziladi va oʻzbek, rus tillari hamda chet (ingliz, nemis, fransuz) tillarining birida quyidagi ixtisosliklar boʻyicha test tanlovlaridan tashkil topadi:
xalqaro munosabatlar va xalqaro jurnalistika — ijtimoiy-siyosiy, xalqaro mavzu;
xalqaro huquq — Oʻzbekiston Konstitutsiyasi va huquqshunoslik;
xalqaro iqtisodiy munosabatlar — matematika, informatika va geografiya.
Test sinovlariga ajratilgan vaqt 1 soat 20 daqiqani tashkil etadi.
III. Boshlangʻich kursga qabul qilish tartibi
Boshlangʻich kurs Universitetning tarkibiy boʻlinmasi hisoblanadi.
Boshlangʻich kursga imtihon test sinovlarining uch bosqichida ishtirok etgan, lekin Universitetga kirish uchun yetarli miqdorda ball jamlay olmagan, faqat qishloq joylardan kelgan abituriyentlar reyting tizimiga muvofiq ravishda qabul qilinadilar (respublikaning viloyat markazlari bundan mustasno). 1994/95 oʻquv yili uchun oʻrinlar miqdori 30 kishi bilan chegaralanadi.
Boshlangʻich kursda oʻqitish kunduzgi boʻlib, ishlab chiqarishdan ajralgan holda amalga oshiriladi.
Uning maqsadi — tinglovchilarni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga kirishdagi test sinovlariga ixtisoslikka oid fanlarni chuqur oʻrganishni nazarda tutgan holda izchil tayyorlashdir.
Boshlangʻich kursga oʻqishga kirishni xohlovchilar, shartnoma tuzilgandan keyin qabul komissiyasining taqdimnomasi, shuningdek, oʻqish uchun haq toʻlanganligini tasdiqlovchi moliyaviy hujjat asosida Universitet rektorining buyrugʻi bilan qabul qilinadilar.
Kurs tinglovchilari oʻquv yili davomida Universitetda test sinovlarini oʻtkazish haqidagi Nizomga muvofiq ravishda bosqichma-bosqich test sinovlaridan oʻtadilar. Test sinovlarida umumiy hisobda 80 foizdan ortiq ball jamlaganlar Universitetning 1 kursiga qabul qilinadilar.
Boshlangʻich kurs tinglovchilariga Universitet talabalarining barcha huquq va majburiyatlari joriy etiladi.
IV. Xorijiy fuqarolarni qabul qilish tartibi
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 2-martdagi 111-qaroriga muvofiq Universitetga xorijiy fuqarolarni qabul qilish va ularni oʻqitish kontrakt-shartnoma asosida amalga oshiriladi.
Universitetga qabul qilinadigan xorijiy fuqarolarning soni ularga yuqori taʼlim darajasini taʼminlash, tegishli uy-joy va maishiy sharoitlarni yaratish imkoniyatlaridan kelib chiqqan holda belgilanadi va Vazirlar Mahkamasining qarorida belgilanadigan talabalarning umumiy soniga kirmaydi.
Xorijiy fuqarolar –– kiruvchilarning arizalari Universitet qabul komissiyasi tomonidan tegishli ixtisosliklar boʻyicha rektor belgilagan muddatlarda qabul qilinadi:
Zarur hujjatlar roʻyxati:
Universitetga qabul qilish haqidagi ariza;
oʻrta yoki oliy maʼlumot haqidagi hujjatlarning asl nusxasi (kiruvchi kelgan mamlakatdagi taʼlim tizimining xususiyatlarini hisobga olgan holda).
2 ta fotosurat;
pasport (yoki uning oʻrnini bosadigan boshqa hujjat),
sogʻligʻi toʻgʻrisidagi tibbiy xulosa yoki xalqaro tibbiy guvohnoma;
kiruvchi kelgan mamlakatdagi quyidagi muassasalardan birining taqdimnomasi: mamlakat hukumati, Tashqi ishlar vazirligi, Oliy taʼlim vazirligi, Tashqi savdo (tashqi iqtisodiy aloqalar) vazirligi, viloyatlarning davlat hokimiyati va boshqaruv organlari (yoki ularga tenglashtirilgan maʼmuriy-hududiy birliklar), elchixona, xorijiy firma (korporatsiya, transnatsional kompaniya, xalqaro moliyaviy, iqtisodiy tashkilotlar, shu jumladan, respublika hududida qoʻshma korxonalarga ega boʻlganlar).
Mazkur qoida xorijiy firmalarning taqdimnomasi boʻyicha va ular hisobidan tayyorlanadigan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolariga ham joriy etiladi.
Universitetga oʻqishga kirish Universitet bilan oʻqishga kiruvchi oʻrtasida tuziladigan shartnoma, Universitet bilan xorijiy firmalar, korporatsiyalar, xalqaro moliyaviy, iqtisodiy tashkilotlar, shu jumladan, respublika hududida qoʻshma korxonalarga ega boʻlganlar oʻrtasidagi kontrakt asosida amalga oshiriladi.
Oʻqishga kirish haqida ariza berganlar chet tillari, oʻzbek va rus tillari (“Xalqaro iqtisodiy aloqalar” fakultetiga kirishda — matematika) va ijtimoiy-siyosiy fanlar sohasidagi bilimlarini aniqlash maqsadida suhbatdan oʻtadilar.
Suhbat uchun savollar Universitet rektori tomonidan tasdiqlanadi.
Suhbatni qabul komissiyasi tegishli fan sohalari boʻyicha mutaxassislarni jalb etgan holda oʻtkazadi.
Universitetga oʻqishga kirayotgan xorijiy yoki ularga tenglashtirilgan fuqarolarni qabul qilish zarur hujjatlar, suhbatning ijobiy natijasi, tuzilgan shartnoma, Universitet hisobiga belgilangan miqdorda valyuta mablagʻlari oʻtkazilganini tasdiqlovchi moliyaviy hujjat mavjud boʻlgan holda rektorning buyrugʻi bilan amalga oshiriladi.
Ularning oʻqishi uchun haq faqat erkin muomalada boʻlgan valyutada toʻlanadi.
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 26-martdagi 165-son qaroriga
2-ILOVA
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida oʻqish uchun haq toʻlash toʻgʻrisida
NIZOM
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tashkil qilish toʻgʻrisida” PF–474-son Farmoniga muvofiq Universitetda oʻqish pullidir.
Shartnoma boʻyicha bir yillik oʻqish uchun toʻlov miqdorini indeksatsiyani hisobga olgan holda Universitet rektori tasdiqlaydi.
Birinchi kursda oʻqish uchun haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat komissiyasining imtihon test sinovlarining yakuniy natijalari boʻyicha Universitetga qabul qilish haqidagi qarori eʼlon qilingandan soʻng amalga oshiriladi.
Keyingi kurslarda oʻqish uchun toʻlanadigan haq miqdori har bir oʻquv yilining boshida, toʻlanadigan stipendiyani hisobga olib joriy xarajatlardan kelib chiqqan holda belgilanadi.
Toʻlov naqd yoki naqd pulsiz shaklda Oʻzbekiston Respublikasining milliy valyutasida yoki erkin muomalada boʻlgan valyutada abituriyentlarning oʻz mablagʻlari hisobidan yoki korxona (tashkilot)lar mablagʻlari, shuningdek, ayrim hollarda bank kreditlari hisobidan amalga oshiriladi.
Bank kreditlarini olish huquqiga barcha fanlardan 80 foizdan ortiq oʻzlashtiruvchi va Universitetda oʻqish va odob-axloq meʼyorlariga toʻla rioya qiluvchi talabalar ega boʻladilar.
Birinchi yil oʻqish uchun haq toʻlashga bank kreditlari quyidagilarga ajratiladi:
bolalar uyining tarbiyalanuvchilariga;
vasiysiz qolgan bolalarga;
Oʻzbekiston Respublikasi Xalq taʼlimi vazirligi tomonidan Universitet yoʻnalishiga mos keladigan quyidagi fanlar boʻyicha oʻtkazilgan xalqaro va respublika olimpiadalarining gʻoliblariga:
oʻzbek tili va adabiyoti;
matematika;
informatika asoslari;
rus maktablarida oʻzbek tili va adabiyoti;
oʻzbek maktablarida rus tili va adabiyoti;
qoraqalpoq tili va adabiyoti;
chet (ingliz, nemis, fransuz) tili;
davlat huquqi va huquqshunoslik.
MDH va boshqa xorijiy mamlakatlardan kelgan va ularga tenglashtirilgan fuqarolardan boʻlgan talabalarni oʻqitish uchun haq har yili navbatdagi oʻquv yilining boshlanishidan ikki oy avval naqd yoki naqd pulsiz shaklda toʻlanadi.
Ular uchun oʻqish haqi quyidagi miqdorda belgilanadi:
1. Xorijiy fuqarolar uchun til boʻyicha tayyorlov boʻlimi:
bir yillik til oʻqitish—1-1,5 ming AQSh dollari.
2. Oʻqishga kiruvchilar uchun bakalavriatda bir yillik oʻqish haqi:
Markaziy osiyoliklar uchun — 1,5 ming AQSh dollari:
MDHning boshqa mamlakatlaridan kelganlar uchun — 3 ming AQSh dollari;
boshqa xorijiy davlatlar fuqarolari uchun — 4-5 ming AQSh dollari.
Xorijiy firmalarning taqdimnomasi boʻyicha tayyorlanadigan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun oʻqish haqi 4-5 ming AQSh dollari miqdorida toʻlanadi.
Qoʻshimcha dasturlar boʻyicha oʻqish, turar joy va stipendiya uchun haq koʻrsatib oʻtilgan pul miqdorlariga kiritilmagan va u qoʻshimcha kelishuv bilan belgilanadi.
Boshlangʻich kursda oʻqish haqi birinchi kursda oʻqish haqining 80 foizini tashkil qiladi va Universitet bilan tinglovchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma bilan belgilanadi.
Universitetning muayyan kursida toʻla taʼlim kursini oʻtgan, lekin test sinovlari davomida yetarli miqdorda ball jamlay olmagan talabalar keyingi kursga oʻtkazilmaydi. Bunda oʻqish uchun toʻlangan mablagʻlar ularga qaytarilmaydi.