Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 22.05.1998
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
JAHON IQTISODIYOTI VA DIPLOMATIYA UNIVERSITETIGA TALABALAR QABUL QILISh TOʻGʻRISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 22-maydagi “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 225-sonli qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetini tashkil qilish toʻgʻrisida” 1992-yil 23-sentabrdagi Farmonini bajarish hamda tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyat sohasidagi mutaxassislarni tayyorlash uchun respublikaning turli mintaqalaridan iqtidorli yoshlarni bab-baravar tanlab olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. 1994/95 oʻquv yilida Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga qabul qilinadigan talabalar kontingenti 160 kishi, shu jumladan, xalqaro munosabatlar va xalqaro jurnalistika ixtisosligiga 35 kishi; xalqaro huquq ixtisosligiga 50 kishi; xalqaro iqtisodiy munosabatlar ixtisosligiga 75 kishi miqdorida belgilansin.
2. Universitet ikki hafta muddatda “Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetiga qabul qilish tartibi toʻgʻrisida nizom”ni Vazirlar Mahkamasiga tasdiqlash uchun taqdim etsin.
Abituriyentlarni tanlashda ishchi va dehqon oilalaridan chiqqanlar uchun ustuvorlikni nazarda tutgan holda ijtimoiy adolat taʼminlansin.
3. Eksperiment tarzida va abituriyentlarni sifatli tanlashni amalga oshirish maqsadida universitetga qabul qilish kompyuter texnikasidan foydalangan holda maxsus test-tanlov yoʻli bilan 1994-yilining aprel-iyul oylarida uch bosqichda tashkil etilsin.
4. Universitetga kirish uchun test sinovlarining birinchi turi.
Toshkent shahri va Toshkent viloyati abituriyentlari uchun Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti;
Samarqand, Sirdaryo va Jizzax viloyatlari abituriyentlari uchun Samarqand davlat universiteti;
Buxoro, Navoiy, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlari abituriyentlari uchun Buxoro davlat universiteti;
Andijon, Namangan va Fargʻona viloyatlari abituriyentlari uchun Andijon davlat universiteti;
Xorazm viloyati va Qoraqalpogʻiston Respublikasi abituriyentlari uchun Urganch davlat universiteti negizida oʻtkazilsin.
Yuqorida koʻrsatilgan oliy oʻquv yurtlarining rektorlari abituriyentlarni test tanlovlaridan oʻtkazish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratsinlar.
5. 1994/95 oʻquv yilida abituriyentlar kontingentini aniqlashda viloyatlarning xalqaro ahvol boʻyicha mutaxassis kadrlarga boʻlgan ehtiyoji eʼtiborga olinsin (ilova* qilinayapti).
* Ilova berilmaydi.
6. Viloyatlardan kelgan qishloq va ishchi yoshlarni keyinchalik Universitetda oʻqitish uchun tayyorlash maqsadida boshlangʻich tayyorlov kursi tashkil etilsin.
7. Universitetga abituriyentlarni MDH mamlakatlaridan, shuningdek, xorijiy fuqarolarni qabul qilish kontrakt-shartnoma asosida amalga oshirilsin.
8. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Bosh vazir oʻrinbosari M. Qoraboyev zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 2-mart,
111-son