Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 01.10.2020

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy

banki Boshqaruvi tomonidan

1998-yil 9-noyabrda 426-son bilan

(19/7-son bayonnoma)

“TASDIQLANGAN”

Bankning ustav fondi miqdorini, aksiyadorlari tarkibini, nomlanishi va joylashgan joyini oʻzgartirish, ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
Nizom
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 1998-yil 19-dekabrda 573-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur nizom Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki boshqaruvining 2020-yil 25-maydagi 12/5-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan qabul qilingan ayrim normativ-huquqiy hujjatlarni oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3253, 30.06.2020-y.) asosan 2020-yil 1-oktabrdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
 LexUZ sharhi
Mazkur nizomga Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2018-yil 14-apreldagi 14/20-sonli “Bank ustav kapitali miqdorini, aksiyadorlar tarkibini, bank nomi va manzilini oʻzgartirish, ustavga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirishlar kiritish haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 573-7, 02.05.2018-y.) asosan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilgan.
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”, “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlar huquqlarini himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonunlariga hamda boshqa qonunlar va qonun hujjatlariga muvofiq ishlab chiqilgan. Nizomda ustav kapitali miqdori, aksiyadorlar tarkibi, bank nomi va manzilining oʻzgarishi, tijorat banki ustaviga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish tartibi belgilab qoʻyilgan.
1. UMUMIY QOIDALAR
1.1. Mazkur Nizomda quyidagi tushunchalardan foydalaniladi:
ustav kapitali ― aksiyadorlar tomonidan toʻlangan barcha aksiyalarning nominal qiymati;
eʼlon qilingan aksiyalar ― bank tomonidan ustav kapitaliga qoʻshimcha ravishda chiqarilishi mumkin boʻlgan aksiyalar umumiy summasi, ularning nominal qiymati bank ustav kapitaliga kiritilmaydi.
1.2. Tijorat banki ustaviga kiritiladigan barcha oʻzgartirish va qoʻshimchalar Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankida (keyingi oʻrinlarda — Markaziy bank) roʻyxatga olinishi lozim.
1.3. Bank ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tomonidan umumiy yigʻilishda ishtirok etuvchi ovozga ega aksiyalar egalari boʻlgan aksiyadorlarning koʻpchilik toʻrtdan uch qismi ovoz bergan holda qabul qilinadi. Ovoz berish “bitta aksiya ― bir ovoz” tamoyili boʻyicha amalga oshiriladi.
Bankning yagona muassisi boʻlib davlat hisoblangan hollarda bankning ustaviga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qaror Huqumat tomonidan qabul qilinadi.
1.4. Ustavga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun bank aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tegishli qaror qabul qilgan kundan boshlab bir oy mobaynida Markaziy bankning Kredit tashkilotlari prudensial nazorati departamentiga (keyingi oʻrinlarda ― Prudensial nazorati departamenti) quyidagi hujjatlarni uch nusxada taqdim etadi:
Bank kengashi raisi imzolagan bank ustaviga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi iltimosnoma (davlat yagona muassisi hisoblangan banklar iltimosnomasini Boshqaruv raisi imzolaydi);
ustavga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishining bayonnomasi;
Bank kengashi raisi imzolagan bank ustaviga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar matni.
1.5. Taqdim etilgan hujjatlar qonunchilik va mazkur Nizom talablariga mos kelgan hollarda Prudensial nazorati departamenti Bank nazorati qoʻmitasiga (keyingi oʻrinlarda ― Qoʻmita) bank ustaviga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi masalani koʻrib chiqish uchun kiritadi, aks holda hujjatlar bankka qayta ishlash uchun qaytariladi.
Ustavga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni koʻrib chiqish va roʻyxatga olish 30 kun muddat ichida amalga oshiriladi.
1.6. Qoʻmita tomonidan bank ustaviga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganidan keyin Prudensial nazorati departamenti tomonidan bank ustavining titul varagʻiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida yozib qoʻyiladi, taqdim etilgan hujjatlarning bir nusxasi Markaziy bankda saqlanadigan bankning yuridik yigʻmajildiga tikib qoʻyiladi.
Roʻyxatga olingan hujjatlar bir nusxadan bankning bosh ofisi joylashgan erdagi tegishli Markaziy bank Bosh boshqarmasiga va bankka bank yuridik yigʻmajildiga tikib qoʻyish uchun topshiriladi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining Bosh boshqarmalari va bank bank ustavining titul varagʻiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar roʻyxatga olinganligini qayd etadi.
1.7. Bank ustaviga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar hajmi katta boʻlib, ular ustav bilan ishlashni murakkablashtirgan yoki boshqa hollarda Markaziy bank ushbu bankdan mazkur Nizomning 1.4-bandida koʻrsatilgan hujjatlarga qoʻshimcha ravishda ustavning yangi tahririni (uch nusxada) taqdim etishni talab qilish huquqiga ega.
Bu holda Qoʻmita bankning yangi tahrirdagi ustavini roʻyxatga oladi.
1.8. Bank ustaviga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar ular Markaziy bankda roʻyxatga olingan sanadan boshlab kuchga kiradi. Bank ustaviga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar roʻyxatdan oʻtkazilgach uning ajralmas qismi hisoblanadi.
Taqdim etilgan hujjatlar qonunchilik hamda mazkur Nizom talablariga mos kelmagan hollarda hujjatlar bankka qayta ishlash uchun qaytariladi.
2. BANK USTAV KAPITALI MIQDORINING OʻZGARIShI VA OʻZGARIShNI ROʻYXATGA OLISh TARTIBI
2.1. Bank ustav kapitali miqdorining oʻzgarishi ustav kapitali miqdorining oshirilishi yoki kamaytirilishi shakllarida amalga oshirilishi mumkin.
Ustav kapitali miqdorining oshirilishi
2.2. Bank ustav kapitali qoʻshimcha aksiyalarni joylashtirish yoʻli bilan amalga oshirilishi mumkin.
2.3. Aksiyalarning nominal qiymatini oshirish yoʻli bilan bank ustav kapitalini oshirish quyidagi usullar bilan amalga oshirilishi mumkin:
moliyaviy yil yakuni boʻyicha koʻrilgan foydaning bir qismini yoki hammasini aksiyalar nominal qiymatini oshirishga yoʻnaltirish;
aksiyadorlar tomonidan aksiyalar nominal qiymati oshirilgan qismining toʻlanishi;
moliyaviy yil yakuni boʻyicha koʻrilgan bank foydasini aksiyalar nominal qiymatini oshirishga yoʻnaltirish va aksiyadorlar tomonidan aksiyalar oshirilgan nominal qiymatining yetishmaydigan qismining toʻlanishi.
Nominal qiymati oshirilishi tufayli ishtirok etishdan bosh tortgan aksiyadorga tegishli nominal qiymati oshirilgan aksiyalar amaldagi qonunchilikka binoan potensial aksiyadorlar oʻrtasida joylashtirilishi mumkin.
2.4. Ustav kapitalini oshirish uchun mazkur Nizomning 1.3-bandiga muvofiq belgilangan bankning vakolatli organi eʼlon qilingan aksiyalar, shu jumladan ularning miqdori, nominal qiymati, toifasi, turlari, ular beradigan huquqlar toʻgʻrisidagi oʻzgartirish va qoʻshimchalarni bank ustaviga kiritish haqida qaror qabul qiladi (1-ilova).
Bankning yagona muassisi boʻlib davlat hisoblangan hollarda bankning ustav kapitalini koʻpaytirish toʻgʻrisidagi qaror Huqumat tomonidan qabul qilinadi.
2.5. Eʼlon qilingan aksiyalarga oid oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish mazkur Nizomning 1.5 — 1.7-bandlarida koʻrsatilgan tartibda amalga oshiriladi.
2.6. Qoʻshimcha aksiyalar chiqarish yoki aksiyalar nominal qiymatini eʼlon qilingan aksiyalar umumiy soni doirasida oshirish yoʻli bilan ustav kapitalini koʻpaytirish uchun Litsenziyalash departamentiga quyidagilar topshiriladi:
qonunchilik bilan belgilangan bank vakolatli organining qoʻshimcha aksiyalarni joylashtirish yoki aksiyalar nominal qiymatini eʼlon qilingan ustav kapitali doirasida oshirish yoʻli bilan ustav kapitalini oshirish toʻgʻrisidagi qarori;
bankning vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan emissiya prospekti, agar aksiyalarning ochiq obuna yoʻli bilan tarqatilishi toʻgʻrisida qaror qabul qilingan boʻlsa;
aksiyalar yopiq holda taqsimlanganda bank vakolatli organi tomonidan tasdiqlangan aksiyalarni chiqarish toʻgʻrisidagi axborot;
Bank kengashi raisi imzolagan ustav kapitalini oshirish va aksiyalar emissiyasiga rozilik berish toʻgʻrisida Markaziy bank nomiga berilgan iltimosnoma;
izohlar berilgan aksiyalarni joylashtirish rejasi (2-ilova).
2.7. Taqdim etilgan hujjatlar Qimmatli qogʻozlar departamenti tomonidan koʻrib chiqiladi va ular qonunchilik hamda mazkur Nizom talablariga mos kelgan taqdirda, Markaziy bankning koʻzda tutilgan ustav kapitalini oshirishga roziligi beriladi.
Amalga oshirishga rozilik berilganda emissiya prospektiga yoki aksiyalarni chiqarish toʻgʻrisidagi axborotga belgi qoʻyiladi.
Taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish va rozilik berish bir oy muddat ichida amalga oshiriladi.
2.8. Bank ustav kapitalini oshirishga rozilik bermaslik uchun quyidagilar asos boʻlishi mumkin:
ustav kapitalini oshirish rejasi iqtisodiy meʼyorlar va bank ustav kapitali miqdorini Markaziy bank talablari bilan muvofiqlashtira olmasligi yoki har qanday aksiyador ishtiroki ulushini qonunchilik talablari bilan muvofiqlashtira olmasligi;
taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilik va Markaziy bank meʼyoriy hujjatlari talablariga mos kelmasligi;
ustav kapitalini oshirish boʻyicha koʻzda tutilgan rejaning tuzilishi yoki uslubi bank omonatchilari manfaatlariga yoxud bank moliyaviy ahvoliga xavf solishi mumkinligi.
Markaziy bankning qoʻshimcha aksiyalar chiqarilishiga rozilik bermasligi asoslangan boʻlishi va bir oy muddat ichida yozma ravishda bankka yuborilishi lozim.
2.9. Aksiyalar ochiq usulda joylashtirilganda bank quyidagilarni bajarishi lozim:
2.9.1. Emissiya prospektiga oʻzgartirishlar kiritish uchun qimmatli qogʻozlarni roʻyxatdan oʻtkazuvchi organga murojaat qilishi;
2.9.2. Emissiya prospektini matbuotda eʼlon qilishi;
2.9.3. Aksiyalarni joylashtirishi;
2.9.4. Ustav kapitali miqdorining oshirilishi tufayli bank ustaviga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish bilan birga amaldagi qonunchilikka muvofiq bankning vakolatli organi bilan aksiyalarni chiqarish va joylashtirish yakunini tasdiqlashi;
2.9.5. Qimmatli qogʻozlarni roʻyxatga oluvchi organga aksiyalarni chiqarish va joylashtirish yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etishi;
2.9.6. Aksiyalarni chiqarish va joylashtirish yakunlarini matbuotda eʼlon qilishi;
2.9.7. Markaziy bankka ustav kapitali miqdorining oshirilishi munosabati bilan bank ustaviga kiritiladigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi iltimosnomani taqdim etish bilan birga aksiyalarni chiqarish va joylashtirish yakunlari toʻgʻrisida maʼlumot berishi;
2.9.8. Litsenziyalash departamentiga aksiyalarni joylashtirish yakunlari boʻyicha aksiyadorlar reyestridagi oʻzgarishlar roʻyxatini taqdim etishi.
2.10. Aksiyalar yopiq tarzda joylashtirilganda emitent bank quyidagilarni bajarishi lozim:
2.10.1. Aksiyalar chiqarilishini qimmatli qogʻozlarni roʻyxatga oluvchi organda roʻyxatdan oʻtkazishi;
2.10.2. Aksiyalarni boʻlajak investorlar doirasida joylashtirishi;
2.10.3. Aksiyalarni chiqarish yakunlari boʻyicha ustav kapitali miqdorining oshirilishi munosabati bilan bank ustaviga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish bilan birga amaldagi qonunchilikka muvofiq vakolatga ega boʻlgan organ bilan aksiyalarni chiqarish va joylashtirish yakunini tasdiqlashi;
2.10.4. Qimmatli qogʻozlarni roʻyxatga oluvchi organga aksiyalarni chiqarish va joylashtirish yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etishi;
2.10.5. Markaziy bankka bank ustav kapitali miqdorining oshirilishi munosabati bilan bank ustaviga kiritiladigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarni roʻyxatga olishi toʻgʻrisidagi iltimosnomani taqdim etish bilan birga aksiyalarni chiqarish va joylashtirish yakunlari toʻgʻrisida maʼlumot berishi;
2.10.6. Litsenziyalash departamentiga aksiyalarni joylashtirish yakunlari boʻyicha aksiyadorlar reyestridagi oʻzgarishlar roʻyxatini taqdim etishi.
2.11. Aksiyalar nominal qiymatini oshirish yoʻli bilan ustav kapitali oshirilganda bank quyidagilarni bajarishi lozim:
2.11.1. Bankning barcha aksiyalarini ularni nominal qiymati oshirilgan aksiyalar bilan almashtirish uchun yigʻib olishi;
2.11.2. Qimmatli qogʻozlarni roʻyxatga oluvchi organda emissiya prospektini (ochiq aksiyadorlik banklari uchun) yoki aksiyalar chiqarilishini (yopiq aksiyadorlik banklari uchun) roʻyxatdan oʻtkazishi;
2.11.3. Emissiya prospektini matbuotda eʼlon qilishi (ochiq aksiyadorlik banklari uchun);
2.11.4. Ustav kapitalini mazkur Nizomning 2.3-bandiga muvofiq ravishda shakllantirishi;
2.11.5. Ustav fondi miqdorini oshirish va uni Markaziy bankda qayta roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorni qabul qilish bilan birga amaldagi qonunchilikka muvofiq vakolatga ega boʻlgan organ bilan aksiyalarni chiqarish va ularni joylashtirish yakunini tasdiqlashi;
2.11.6. Qimmatli qogʻozlarni roʻyxatga oluvchi organga aksiyalarni chiqarish va joylashtirish yakunlari toʻgʻrisidagi hisobotni taqdim etishi;
2.11.7. Aksiyalarni chiqarish va ularni joylashtirish yakunlarini matbuotda eʼlon qilishi (ochiq aksiyadorlik banklari uchun);
2.11.8. Markaziy bankka bank ustav kapitali miqdorining oshirilishi munosabati bilan bank ustaviga kiritiladigan oʻzgartirishlar va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi iltimosnomani taqdim etish bilan birga aksiyalarni chiqarish va joylashtirish yakunlari toʻgʻrisida maʼlumot berishi lozim.
2.12. Qayd etilgan talablar bilan birga emitent banklar qimmatli qogʻozlarni roʻyxatga oluvchi organning qimmatli qogʻozlarni chiqarish va roʻyxatdan oʻtkazishga doir meʼyoriy hujjatlari talablarini bajaradilar.
USTAV KAPITALI MIQDORINING KAMAYTIRILIShI
2.13. Aksiyalar nominal qiymatini pasaytirish yoki aksiyalar umumiy sonini qisqartirish, jumladan, keyinchalik ularni bekor qilish sharti bilan sotib olish orqali Bank ustav kapitali kamaytirilishi mumkin.
Agarda bank ustavida koʻzda tutilgan boʻlsa, aksiyalarning bir qismini sotib olish va ularni bekor qilish yoʻli bilan bank ustav kapitalini kamaytirishga ruxsat etiladi.
Banklar tomonidan oʻz aksiyalarini sotib olishda banklar Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 56-son qarori bilan tasdiqlangan Bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq Markaziy bankning dastlabki ruxsatnomasini olishlari lozim.
2.14. Agar ustav kapitali kamaytirilishi natijasida uning hajmi bank ustavidagi tegishli oʻzgarishlarni qayd qilish sanasida aniqlanadigan, Markaziy bank tomonidan belgilangan ustav kapitalining eng kam miqdoridan kamayib ketsa, bank ustav kapitali miqdorini kamaytirishga ruxsat berilmaydi.
2.15. Ustav kapitalini kamaytirish hamda bank ustaviga tegishli oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisidagi qaror aksiyadorlar umumiy yigʻilishi tomonidan qabul qilinadi (davlat yagona muassisi hisoblangan bankda qaror hukumat tomonidan qabul qilinadi). Qarorda ustav kapitalining kamaytirilishi sabablari koʻrsatiladi va uni kamaytirish tartibi belgilaniladi.
Joylashtirilgan aksiyalarni sotib olish yoʻli bilan ustav kapitalini kamaytirishda aksiyadorlar umumiy yigʻilishining ustav kapitalini kamaytirish toʻgʻrisidagi qarorida sotib olinadigan aksiyalar turlari, bank tomonidan sotib olinadigai har bir turdagi aksiyalar soni, sotib olish narxi, toʻlov shakli va muddati, shuningdek aksiyalarni xarid qilish muddati belgilanishi lozim.
Aksiyalar nominal qiymatini pasaytirish yoʻli bilan ustav kapitalini kamaytirishda aksiyadorlar umumiy yigʻilishiniig ustav kapitalini kamaytirish toʻgʻrisidagi qarorida aksiyaning yangi nominal qiymati, aksiya narxi hamda aksiyalar yangi nominal qiymati oʻrtasidagi farqni aksiyadorlarga qaytarish shakli va muddati, shuningdek ushbu farqni qaytarish muddati belgilanishi zarur.
2.16. Aksiyalarni sotib olish (aksiya narxi va yangi nominal qiymati oʻrtasidagi farqni qaytarish) 30 kundan kam boʻlmagan muddatda amalga oshiriladi.
Bank tomonidan oddiy aksiyalarni sotib olish (aksiya narxi va yangi nominal qiymati oʻrtasidagi farqni qaytarish) bozor narxiga muvofiq ravishda, imtiyozli aksiyalar esa - jamiyat ustavida koʻzda tutilgan narxda amalga oshiriladi.
2.17. Ustav kapitalini kamaytirish uchun Litsenziyalash departamentiga quyidagilar topshiriladi:
bank ustav kapitalini kamaytirish uchun rozilik berish toʻgʻrisida iltimosnoma;
mazkur Nizomning 2.15-bandiga muvofiq bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishining ustav kapitalini kamaytirish toʻgʻrisidagi qarori (davlat yagona muassisi hisoblangan bank uchun hukumat qarori).
2.18. Taqdim etilgan hujjatlar Litsenziyalash departamenti tomonidan koʻrib chiqiladi, ular qonunchilik va mazkur Nizom talablariga mos kelgan hollarda Banklarni roʻyxatga olish komissiyasiga ustav kapitalini kamaytirishga rozilik berish toʻgʻrisidagi masala koʻrib chiqish uchun kiritiladi.
Taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish va rozilik berish bir oy muddat ichida amalga oshiriladi.
2.19. Bank ustav kapitalining kamaytirilishiga rozilik berilmasligi uchun quyidagilar asos boʻlishi mumkin:
ustav kapitalining kamaytirilishi natijasida Markaziy bank tomonidan belgilangan iqtisodiy meʼyorlar hamda bank ustav kapitali eng kam miqdoriga qoʻyiladigan talablarning buzilishi ehtimoli yoki har qanday aksiyador ishtiroki ulushi ustav kapitalining qonun hujjatlarida belgilangan cheklangan miqdordan oshishi;
taqdim etilgan hujjatlarning qonunchilik va Markaziy bank meʼyoriy hujjatlari talablariga mos kelmasligi;
ustav kapitalining kamaytirilishi omonatchilar manfaatlariga va bank moliyaviy ahvoliga aniq xavf solishi mumkinligi.
Markaziy bankning ustav kapitalini kamaytirishga rozilik bermasligi asoslangan boʻlishi va oxirgi zarur hujjat olinganidan keyin bir oy muddat ichida yozma ravishda bankka yuborilishi lozim.
2.20. Aksiyalar nominal qiymatini pasaytirish yoʻli bilan ustav kapitalini kamaytirishda bank quyidagilarni bajarishi zarur:
2.20.1. Bankning barcha aksiyalarini nominal qiymati kamaytirilgan aksiyalar bilan almashtirish uchun yigʻib olishi;
2.20.2. Aksiyadorlarga aksiya narxi va aksiyalar yangi nominal qiymati oʻrtasidagi farqni toʻlashi;
2.20.3. Aksiyalarni roʻyxatga oluvchi organ talablarini bajarishi.
3. BANK AKSIYADORLARI TARKIBINI OʻZGARTIRIShNING XUSUSIYATLARI
3.1. Banklar Markaziy bankka bir yilda bir marta kalendar yili tugagan kundan boshlab 10 kundan kechiktirmasdan oʻz aksiyadorlari roʻyxatini, har chorakda bir marta hisobot choragi tugagan kundan boshlab 10 kundan kechiktirmasdan aksiyadorlar reyestridagi oʻzgarishlar roʻyxatini taqdim etishlari shart.
Bir yuridik yoki jismoniy shaxs yoxud oʻzaro kelishuv bilan bogʻliq boʻlgan yoki bir-birining mulkini nazorat qiluvchi yuridik va jismoniy shaxslar guruhi tomonidan bir yoki bir necha bitimlar natijasida bank aksiyalarining besh foizidan ortiq qismi sotib olinganda Markaziy bankni xabardor qilish, yigirma foizidan ortiq qismi sotib olinganda esa Markaziy bankning oldindan roziligi talab etiladi.
Bank aksiyalarining yigirma foizdan ortiq qismini xarid qilishga Markaziy bankning dastlabki roziligini berish Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 10-martdagi 56-son qarori bilan tasdiqlangan Bank faoliyati sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan oʻtish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
3.2. Yuridik shaxsni boshqarishga yoki uning siyosatiga katta taʼsir koʻrsata oladigan shaxs yuridik shaxs mulkini nazorat qiluvchi hisoblanadi. Bunda shaxs quyidagilarni bajara olsa, jiddiy taʼsir koʻrsatuvchi hisoblanadi:
u yuridik shaxsning yirik aksiyadori hisoblansa; yoki
aksiyadorlar, rahbariyat yoki ishtirokchilar bilan rasmiy kelishuvlar vositasida yoxud istalgan boshqa tarzda shaxs faoliyatiga rahbarlik qilish yoki uni boshqarish imkoniyatiga ega boʻlsa.
3.3. Yuridik shaxsning yirik aksiyadori yoki ishtirokchisi deb, bir shaxs yoki bir-biri bilan oʻzaro kelishuv asosida bogʻliq boʻlgan va mazkur yuridik shaxs ustav kapitali yoxud ovozga ega aksiyalarning 10 foizi yoki undan ortiq miqdoriga toʻgʻridan toʻgʻri yoxud bilvosita ega boʻlgan bir necha shaxs hisoblanadi.
Toʻgʻridan-toʻgʻri egalik qilish deganda aksiyador tomonidan bankning ovoz beruvchi aksiyalariga bevosita egalik qilish tushuniladi.
Bilvosita egalik qilish deganda bankning ovoz beruvchi aksiyalariga shuʼba jamiyatlar va korxonalar orqali egalik qilish tushuniladi.
3.4. Agarda ikki va undan ortiq shaxslar rasmiy bitim asosida harakat qilsa yoki bank aksiyalariga jamoa boʻlib toʻgʻridan toʻgʻri yoxud bilvosita egalik qilish maqsadida ongli ravishda parallel birgalikda faoliyatni olib borish hollari mavjud boʻlsa, ular bank aksiyalariga egalik qilish maqsadida bitim bilan oʻzaro bogʻlangan shaxslar hisoblanadi.
3.5. Agar bir shaxs va boshqa yuridik shaxs bank aksiyalariga toʻgʻridan toʻgʻri yoki bilvosita egalik qilsalar hamda mazkur shaxs ushbu yuridik shaxsning yirik ishtirokchisi yoki bunday shaxsning boshqaruvi, kuzatuv kengashi aʼzosi yoxud vakili boʻlsa, mazkur shaxs yuridik shaxs bilan kelishuv asosida faoliyat yurituvchi hisoblanadi.
3.6. Ikki yoki undan ortiq shaxslar quyidagi hollarda bir-biri bilan kelishuv asosida amal qiluvchi hisoblanadilar:
agar ularning barchasi ushbu shaxslarning yirik ishtirokchisi, aʼzosi (sherigi) yoki yuridik vakili hisoblangan kamida bir shaxs bilan bogʻliq boʻlsalar;
agar ularning barchasi bank aksiyalarining egalari boʻlib, bir vaqtning oʻzida aynan bir yuridik shaxsning (mazkur bank bundan mustasno) boshqaruvi, kuzatuvchi kengashi aʼzolari, yirik ishtirokchilari (sheriklari) yoki yuridik vakillari hisoblansa yoxud bu shaxslar yaqin qarindosh boʻlsalar. Shaxsning umr yoʻldoshi (eri yoki xotini), ota-onasi, farzandlari (shu jumladan, oʻgay farzandlari), aka-ukalari, opa-singillari shaxsning yaqin qarindoshlari hisoblanadi.
3.7. Mazkur Nizomning 3.4, 3.6-bandlarida qayd etilgan jamoa boʻlib bank aksiyalarining 20 foizdan ortigʻiga egalik qiluvchi shaxslar Markaziy bankka ular bir-biri bilan kelishuv asosida amal qilmayotganligi va shu munosabat bilan ularning jamoa boʻlib mulkka egalik qilishi uchun Markaziy bank dastlabki roziligi talab qilinmasligi toʻgʻrisidagi dalilni taqdim etishlari mumkin. Bunday dalillar ushbu shaxslar tomonidan shuncha miqdordagi aksiyalarning sotib olinishidan oldin taqdim etilishi zarur, bunday mulkning ushbu shaxslar tomonidan bir biriga bogʻliq boʻlmagan va xarid toʻgʻrisida bir-biriga xabar qilmagan holda sotib olinishi bundan mustasno.
Bunday guvohnomalar topshirilganidan keyin 30 kun ichida Markaziy bank ushbu shaxslar bank aksiyalarini sotib olish maqsadida bir-biri bilan kelishuv asosida amal qiluvchilar sifatida tan olinishi mumkin yoki mumkin emasligini hal qiladi. Markaziy bank taqdim etilgan axborotni koʻrib chiqish uchun zarur boʻlgan istalgan qoʻshimcha maʼlumotni talab qilish huquqiga ega.
3.8. Bank aksiyalarining 20 foizidan ortigʻini sotib olishga Markaziy bankdan ruxsat olish uchun xarid qiluvchi shaxs Markaziy bankka ruxsatnoma olishga ariza berishi va arizada quyidagi maʼlumotlarni koʻrsatishi lozim:
a) bank ustav kapitalidagi ishtirokining summasi va sotib olinadigan aksiyalar summasi, shu jumladan ustav kapitali umumiy summasiga nisbatan foiz hisobida;
b) jismoniy shaxslar uchun:
familiyasi, ismi-sharifi, pasport maʼlumotlari, STIR;
yashash joyi (pochta manzili), telefon raqami;
maʼlumoti;
mashgʻulot turi;
kasb faoliyati va ixtisosligi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot, shu jumladan, mazkur shaxs ishlagan (ishlayotgan) yoki yirik aksiyadori (ishtirokchisi) boʻlgan barcha korxona va tashkilotlarning nomi hamda u amalga oshirgan (oshirayotgan) faoliyat, xususan uning vakolatiga kiradigan masalalar, korxonada (tashkilotda) u rahbarlik qilgan (qilayotgan) faoliyat sohasi toʻgʻrisida axborot;
soʻnggi ikki yillik soliq deklaratsiyasi (xususiy banklar ustav kapitalida ishtirok etuvchi jismoniy shaxs-rezidentlar bundan mustasno);
oʻzaro bogʻlangan shaxslar haqida quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi maʼlumotlar:
1) yaqin qarindoshlar (eri (xotini), ota-onasi, bolalari, aka-ukalari, opa-singillari) haqidagi maʼlumotlar;
2) yuridik shaxslarning ustav fondidagi ishtiroki munosabati bilan yoki boshqa usullar bilan ularning faoliyatiga mazkur jismoniy shaxs taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yuridik shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar, jumladan:
nomi, davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, pochta manzili, telefon raqami va toʻlov rekvizitlari, STIR;
muassislar haqida maʼlumotlar;
moliyaviy holati toʻgʻrisida maʼlumotlar (jumladan chiqarilgan obligatsiyalar, olingan kreditlar va bank kafolatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar);
boshqaruv organlari shaxsiy tarkibi;
3) yuridik shaxslarning ustav fondidagi ishtiroki munosabati bilan yoki boshqa usullar bilan ularning faoliyatiga mazkur jismoniy shaxsning qarindoshlari taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yuridik shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar, jumladan:
nomi, davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, pochta manzili, telefon raqami va toʻlov rekvizitlari, STIR;
muassislar haqida maʼlumotlar;
moliyaviy holati toʻgʻrisida maʼlumotlar, jumladan olingan kreditlar toʻgʻrisida maʼlumotlar;
boshqaruv organlari shaxsiy tarkibi.
v) yuridik shaxslar uchun:
nomi, davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisida maʼlumotlar, qaysi idoraga mansubligi, pochta manzili, telefon raqami, ustav kapitalida ishtirok etuvchi har bir ishtirokchining toʻlov rekvizitlari va STIR, foiz hisobida ushbu shaxs egalik qilayotgan ulush;
agar yirik ishtirokchi jismoniy shaxs boʻlsa, u holda mazkur bandning b) kichik bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar taqdim etiladi;
yuridik shaxs kengashi va boshqaruvi aʼzolari uchun mazkur bandning b) kichik bandida koʻrsatilgan maʼlumotlar;
yuridik shaxslar uchun soʻnggi ikki yil uchun, shu jumladan, soliq organlari va auditorlik firmalari tomonidan tasdiqlangan soʻnggi ikki hisobot sanasi uchun balans hisobotlari;
g) mazkur bankning aksiyalariga ega boʻlgan va u bilan kelishuv asosida bogʻlangan yoki uning mulkini nazorat qiluvchi yoki u tomondan nazorat qilinuvchi boshqa shaxslar toʻgʻrisida ushbu bandning a), b), v) kichik bandlarida koʻrsatilgan maʼlumotlar.
d) oʻzaro bogʻlangan shaxslar haqida quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi maʼlumotlar:
1) boshqaruv organlari shaxsiy tarkibi, jumladan:
pasport maʼlumotlari, STIR (mavjud boʻlsa);
yashash joyi;
mashgʻulot turi;
mazkur yuridik shaxsning ustav fondidagi ishtiroki ulushi (mavjud boʻlsa);
2) yuridik shaxslarning ustav fondidagi ishtiroki munosabati bilan yoki boshqa usullar bilan ularning faoliyatiga mazkur jismoniy shaxs taʼsir koʻrsatishi mumkin boʻlgan yuridik shaxslar toʻgʻrisida maʼlumotlar, jumladan:
nomi, davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, pochta manzili, telefon raqami va toʻlov rekvizitlari, STIR;
muassislar haqida maʼlumotlar;
moliyaviy holati toʻgʻrisida maʼlumotlar (jumladan chiqarilgan obligatsiyalar, olingan kreditlar va bank kafolatlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar);
boshqaruv organlari shaxsiy tarkibi.
3.9. Markaziy bank bank aksiyalarining 20 foizidan ortigʻini sotib olishga rozilik berish toʻgʻrisidagi masalani mazkur Nizomning 3.1-bandida koʻzda tutilgan hujjatlarning toʻliq toʻplami taqdim etilgan vaqtdan boshlab bir oy muddat ichida koʻrib chiqadi.
3.10. Sotib oluvchining yoki mazkur bankning aksiyalariga ega boʻlgan va u bilan kelishuv asosida bogʻlangan yoki uning mulkini nazorat qiluvchi yoki u tomonidan nazorat qilinuvchi boshqa shaxsning moliyaviy ahvoli qoniqarsiz boʻlsa, Markaziy bank aksiyalarning 20 foizidan ortigʻini sotib olishga rozilik bermasligi mumkin.
3.11. Agar quyidagi hollarning hech boʻlmaganda bittasi aniqlansa, bank aksiyalarining 20 foizidan ortigʻini sotib oluvchining moliyaviy ahvoli qoniqarsiz deb belgilanishi mumkin:
a) sotib oluvchining yoki mazkur bankning aksiyalariga ega boʻlgan va u bilan kelishuv asosida bogʻlangan yoki uning mulkini nazorat qiluvchi yoki u tomonidan nazorat qilinuvchi boshqa shaxsning passivlari ularning aktivlaridan ortiq boʻlsa;
b) sotib oluvchi yoki mazkur bankning aksiyalariga ega boʻlgan va u bilan kelishuv asosida bogʻlangan yoki uning mulkini nazorat qiluvchi yoki u tomonidan nazorat qilinuvchi boshqa shaxsning passivlari bank barqarorligiga jiddiy xavf tugʻdirgan holda;
v) sotib oluvchi tomonidan taqdim etilgan moliyaviy maʼlumotlar, zarur hollarda bu shaxs bank ustav kapitalida oʻz ulushini oshira olmasligi koʻrsatilgan holda;
g) ushbu shaxs tomonidan aksiyalarning moʻljallanayotgan xaridi natijasida bank uchun moliyaviy xatarlar yuzaga kelishi ehtimolini koʻrsatuvchi istalgan boshqa dalillar maʼlum boʻlsa.
3.12. Bank aksiyalarining 20 foizidan ortigʻini sotib oluvchi shaxslar (alohida yoki mazkur Nizomning 3.1-bandida koʻzda tutilgan vaziyatlarda) benuqson ishbilarmonlik va kasbiy obroʻga ega boʻlishi lozim. Agar quyidagi dalillardan hech boʻlmaganda bittasi maʼlum boʻlsa, shaxs ishonch qozonmagan hisoblanadi:
a) shaxs ilgari bankrotlikka uchragan yuridik shaxsning rahbari, kengashi aʼzosi yoki yirik aksiyadori boʻlgan va mazkur shaxsning xatti-harakati bankrotlikka olib kelishda muhim omil boʻlganligi haqida dalillar maʼlum boʻlsa;
b) shaxs oʻz faoliyatida va shaxsiy hulqida ishlarni notoʻgʻri boshqargan va vijdonsiz ish yuritish hollariga yoʻl qoʻyganligi aniqlansa.
Agar sotib oluvchi yuridik shaxs hisoblansa, ushbu bandda yuqorida koʻrsatilgan talablar sotib oluvchi kengashining, boshqaruvining har bir aʼzosiga yoki yirik ishtirokchisi boʻlgan jismoniy shaxsga nisbatan qoʻllaniladi.
3.13. Ustav kapitalining besh foizidan ortigʻi miqdoridagi aksiyalar egalari almashuvi natijasida aksiyadorlar tarkibida sodir boʻlgan va bank ustav kapitali miqdori oʻzgarishi bilan bogʻliq boʻlmagan oʻzgarishlar yuz bergan hollarda Markaziy bankka aksiyadorlar tarkibida oʻzgarishlar sodir boʻlgan vaqtdan boshlab oʻn kundan kechikmagan muddatda aksiyadorlar roʻyxati (uch nusxada) ularning ustav kapitalidagi ulushlari qiymat va foiz koʻrinishida koʻrsatilgan holda topshiriladi. Roʻyxat Bank kengashi raisi tomonidan imzolanadi va ilova xati bilan birga olib boriladi.
Markaziy bank ovoz beruvchi aksiyalarining 5 foizidan kam miqdoriga egalik qiluvchi aksiyadorlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni soʻrab olishga haqli.
3.14. Barcha xorijiy investorlarning bank ustav kapitalidagi ulushlari umumiy summasi ustav kapitalining 10, 20 va 30 foiziga teng miqdorga yetganda bank Markaziy bankka har bir xorijiy investorning bank ustav kapitalidagi ishtiroki toʻgʻrisidagi unga tegishli ulush miqdori, kelib chiqish mamlakati, yuridik shaxslar uchun qoʻshimcha ravishda — mulkchilik shakli, asosiy faoliyati, rahbariyati va asosiy egalari koʻrsatilgan maʼlumotlarni taqdim etadi.
Barcha xorijiy investorlarning bank ustav kapitalidagi ulushlari umumiy summasi ustav kapitalining 30 foizi miqdoriga yetganda bank chet el kapitali ishtirokidagi bankka aylanadi, bu vaqtda u qonun hujjatlari va Markaziy bank meʼyoriy hujjatlari talablariga muvofiq kelishi lozim. Bunda xorijiy investorlarning biri yuridik shaxs boʻlishi kerak.
4. BANK NOMINI OʻZGARTIRISh TARTIBI VA NOM OʻZGARIShINI ROʻYXATGA OLISh XUSUSIYATLARI
4.1. Bankning koʻzda tutilgan yangi nomi Markaziy bank bilan kelishilishi lozim.
4.2. Bank Markaziy bankka bank nomini oʻzgartirish istagi toʻgʻrisidagi ariza bilan murojaat qiladi, arizada quyidagilar koʻrsatiladi:
moʻljallanayotgan toʻliq va qisqartirilgan nomi;
tashkiliy-huquqiy shakli;
yangi nom kuchga kirishi moʻljallangan sana;
bank ustaviga kiritilishi moʻljallangan matn bilan birga yangi nomni aks ettirish maqsadida bank ustavini oʻzgartirish boʻyicha taklif.
4.3. Markaziy bank nomni oʻzgartirish istagi toʻgʻrisidagi arizani olganidan soʻng ikki hafta muddat ichida bankka uning yangi nomiga doir kelishuv natijalari toʻgʻrisida xabar qiladi.
4.4. Agar yangi nom faoliyat turi yoki bank tomonidan koʻzda tutilgan xizmatlarni notoʻgʻri ifodalasa, yoxud bank mijozlari yoki potensial mijozlarini chalgʻitsa, Markaziy bank moʻljallanayotgan oʻzgarishni rad etish huquqiga ega.
4.5. Bankni qayta nomlash uchun bank aksiyadorlari umumiy yigʻilishi tomonidan bank nomini oʻzgartirish va shu munosabat bilan ustavga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida qaror qabul qilinadi.
Davlat yagona muassisi hisoblangan bankning nomini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qaror hukumat tomonidan qabul qilinadi.
4.6. Bank nomini oʻzgartirish va ustavga oʻzgartirishlarni kiritish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan soʻng bank bir oydan kechiktirilmagan muddatda Prudensial nazorati departamentiga bank nomini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qaror bilan birga uch nusxada aksiyadorlar umumiy yigʻilishining bayonnomasini va uning nomi oʻzgarishiga taalluqli boʻlgan bank ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlar matnini taqdim etadi. Bank noaniq axborot taqdim etilgan holda javobgardir.
Agar yangi nom bank faoliyati yoki u taklif etadigan xizmatlar turini notoʻgʻri ifodalasa yoxud bankning mijozlarini yoki potensial mijozlarini chalgʻitsa, Markaziy bank moʻljallanayotgan oʻzgarishni rad etish huquqiga ega.
4.7. Prudensial nazorati departamenti taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va Qoʻmitaga bankning yangi nomini tasdiqlash, bank ustaviga bu bilan bogʻliq kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatdan oʻtkazish hamda yangi nom bilan bank operatsiyalarni amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziyani qayta rasmiylashtirib berish masalasini kiritadi.
Taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish va ustavga kiritiladigan oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish bir oy muddat ichida amalga oshiriladi.
4.8. Tasdiqlangandan soʻng Prudensial nazorati departamenti bank ustavi sarvaragʻiga, Banklarni roʻyxatga olish respublika daftariga tegishli yozuvlarni kiritadi va yangi nom bilan bank operatsiyalarini amalga oshirish huquqini beruvchi litsenziya beriladi.
Qoʻmitaning bank ustaviga kiritilgan oʻzgarishlarni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori, bank nomini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qabul qilingan aksiyadorlar umumiy yigʻilishi bayonnomasi va bank ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlar matni hamda litsenziyaning bittadan nusxasi bankning Markaziy bankda saqlanadigan yuridik yigʻmajildiga tikib qoʻyiladi. Mazkur hujjatlarning bittadan nusxasi bank joylashgan erdagi Markaziy bankning hududiy Bosh boshqarmasiga va bankka ularda saqlanadigan bank yuridik yigʻmajildiga tikib qoʻyish uchun yuboriladi (bankka litsenziyaning asl nusxasi topshiriladi). Markaziy bank hududiy Bosh boshqarmasi va bank ularda saqlanadigan bank ustavi sarvaragʻiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida yozib qoʻyadi.
4.9. Bankning yangi nomi Markaziy bankda bank yangi nomining Banklarni roʻyxatga olish respublika daftarida roʻyxatga olingan kundan boshlab kuchga kiradi.
4.10. Agar bank chet el valyutasida operatsiyalarni amalga oshirish uchun bosh litsenziyaga ega boʻlsa, Litsenziyalash departamenti Markaziy bankning Valyutani tartibga solish va tashqi aloqalar departamentiga bank nomi oʻzgarganligi munosabati bilan litsenziyasining almashtirilishi toʻgʻrisida xabar qiladi. Komissiya tomonidan ushbu qaror qabul qilingan kundan boshlab alohida bank operatsiyalarini amalga oshirishga doir litsenziyalar almashtirilguniga qadar 30 kun muddat ichida alohida bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun berilgan eski litsenziyalar haqiqiy hisoblanadi.
4.11. Bank oʻzining korporativ veb-saytida bankning nomi oʻzgartirilganligi toʻgʻrisida axborotni joylashtirishi shart. Bunday axborotni joylashtirish bank ustaviga oʻzgartirishlar roʻyxatdan oʻtkazilgan sanadan boshlab ikki ish kuni davomida amalga oshiriladi.
5. BANK MANZILI OʻZGARGANLIGINI ROʻYXATGA OLISh TARTIBI
5.1. Bank manzilining oʻzgarishi bank operatsiyalarini bajarish uchun litsenziya va alohida bank operatsiyalarini amalga oshirish uchun litsenziyalarning almashtirilishini talab qilmaydi.
5.2. Bank manzili (pochta manzili)ning oʻzgarishi quyidagilar bilan birga amalga oshiriladi:
Markaziy bank hududiy Bosh boshqarmasining hisob-kitob-kassa markazidagi vakillik hisobraqami saqlanib qolgani holda pochta manzilining oʻzgarishi;
hisob-kitob-kassa markazi va pochta manzilining oʻzgarishi bilan.
5.3. Hisob-kitob-kassa xizmati koʻrsatishning boshqa hisob-kitob-kassa markaziga oʻtkazilganligi bilan bogʻliq boʻlgan manzil (pochta manzili) oʻzgarishidan oldin bank va Markaziy bank oʻrtasidagi kredit-hisob-kitob munosabatlari bilan bogʻliq masalalar bartaraf etilishi lozim.
5.4. Bank manzili (pochta manzili) oʻzgarganidan keyin bir oydan kechiktirmasdan Prudensial nazorati departamentiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
bank manzili (pochta manzili) oʻzgarganligi munosabati bilan bank ustaviga oʻzgartirishlarni roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi iltimosnoma;
manzilni oʻzgartirish toʻgʻrisida Bank kengashining asoslangan qarori (davlat yagona muassisi hisoblangan bank uchun hukumat qarori);
xizmat koʻrsatish koʻzda tutilayotgan joydagi hududiy Bosh boshqarmaning moʻljallanayotgan bino, jihoz, kassa tarmogʻining tayyorligi va Markaziy bank talablariga muvofiq dasturiy-texnik vositalar bilan jihozlanganligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
moʻljallangan oʻzgarishning bank depozitorlariga taʼsir etishi ehtimoli toʻgʻrisida va bunday oʻzgarish natijasida bank faoliyati strategiyasining istalgan koʻzda tutilgan oʻzgarishlari toʻgʻrisida axborot (aholi yashaydigan punkt oʻzgargan hollarda).
5.5. Hujjatlar taqdim etilganidan soʻng Markaziy bank ikki hafta muddat ichida bankka uning yangi manziliga doir kelishuv natijalari toʻgʻrisida xabar qiladi.
5.6 Markaziy bank quyidagi sabablarning biri boʻyicha manzilni oʻzgartirishni roʻyxatdan oʻtkazishdan bosh tortishi mumkin:
moʻljallanayotgan yangi manzil binosi va jihozlari bank faoliyatini yuritish uchun, xususan, omonatchilar mablagʻlarini xavfsiz saqlash uchun yetarli boʻlmasa;
manzil oʻzgarishi natijasida omonatchilar va kreditorlar manfaatlariga tahdid soluvchi asoslarning mavjudligi.
5.7. Markaziy bank joylarda nazorat qilish yoʻli bilan yoki istalgan boshqa tarzda yangi manzilda bino va jihozlarning Markaziy bank talablariga mos kelishini tekshirish huquqiga ega.
5.8. Bank manzili (pochta manzili)ni oʻzgartirish uchun ruxsat olinganidan keyin bir oy muddatdan kechikmagan holda Markaziy bankka mazkur Nizomning 1.5-bandiga muvofiq manzil (pochta manzili)ning oʻzgarishi bilan bogʻliq bank ustaviga kiritilgan oʻzgartirishlarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan murojaat qiladi.
5.9. Bank oʻzining korporativ veb-saytida bankning joylashgan joyi (pochta manzili) oʻzgarganligi toʻgʻrisida axborotni joylashtirishi shart. Bunday axborotni joylashtirish bank ustaviga oʻzgartirishlar roʻyxatdan oʻtkazilgandan sanadan boshlab ikki ish kuni davomida amalga oshiriladi.
6. BANK FILIALI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRIShLAR KIRITISh TARTIBI
6.1. Filial tomonidan bank litsenziyasida koʻzda tutilgan bank operatsiyalari amalga oshirilishi qonuniyligini nazorat qilish uchun bank Markaziy bankka uning filiali toʻgʻrisidagi nizomga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida tegishli qaror qabul qilinganidan soʻng oʻn kun muddat ichida xabar qiladi. Prudensial nazorati departamentiga filial toʻgʻrisidagi nizomga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi iltimosnoma bilan birga yangi tahrirdagi nizom, filial toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartirish va qoʻshimchalarni kiritish toʻgʻrisida Bank kengashi qarorining bayonnomasi (davlat yagona muassisi hisoblangan bank uchun Boshqaruv qarorining bayonnomasi) hamda kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarning matni uch nusxada taqdim etiladi.
6.2. Filial manzili u joylashgan tuman miqyosidagi maʼmuriy-hududiy boʻlinma chegarasida oʻzgarishi mumkin (viloyat filiallari uchun - viloyat chegarasida).
6.3. Filial manzili oʻzgarganda Prudensial nazorati departamentiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
Bank kengashi raisi imzolagan bank boʻlimi manzilini oʻzgartirish uchun ariza;
bank filiali manzilini oʻzgartirish toʻgʻrisida Bank kengashining qarori;
filial manzili oʻzgarishi munosabati bilan bank filiali toʻgʻrisidagi nizomga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar matni;
filial joylashgan erdagi Markaziy bank hududiy Bosh boshqarmasining yangi bino, jihoz, kassa tarmogʻi hamda dasturiy-texnik vositalar bilan jihozlanganligining Markaziy bank talablariga muvofiqligi toʻgʻrisidagi xulosasi;
filiallar manzilining oʻzgarishi omonatchilarga taʼsir etishi ehtimoli toʻgʻrisida axborot;
filial manzilining oʻzgarishi natijasida bank strategiyasining istalgan koʻzda tutilgan oʻzgarishlari toʻgʻrisida axborot.
6.4. Prudensial nazorati departamenti taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi va ular mazkur Nizom talablariga mos kelsa, Bank nazorati qoʻmitasiga bank filiali toʻgʻrisidagi nizomga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish masalasini kiritadi.
Taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqish va bank filiali manzilini oʻzgartirishga ruxsat berish bir oy muddat ichida amalga oshiriladi.
6.5. Markaziy bankning bank filiali manzili oʻzgarishi uchun qaror berishdan bosh tortishiga quyidagilar sabab boʻlishi mumkin:
a) filial uchun moʻljallanayotgan manzil binosi va jihozlari bank faoliyatini yuritish uchun, xususan, omonatchilar mablagʻlarini xavfsiz saqlash uchun yetarli boʻlmasa;
b) joylashgan manzilning oʻzgarishi natijasida omonatchilar va kreditorlar manfaatlariga tahdid soluvchi asoslarning mavjudligi.
6.6. Markaziy bank koʻzda tutilgan manzil binosi va jihozlari muvofiqligini joylarda nazorat qilish yoki istalgan boshqa tarzda tekshirish huquqiga ega.
6.7. Qoʻmita tomonidan bank filiali toʻgʻrisidagi nizomga kiritiladigan oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qaror qabul qilinganidan soʻng Prudensial nazorati departamenti tomonidan filial toʻgʻrisidagi nizomning titul varagʻiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar roʻyxatdan oʻtkazilganligi toʻgʻrisida yozib qoʻyiladi, Qoʻmita bayonnomasi va taqdim etilgan hujjatlarning bittadan nusxasi bank filialining Markaziy bankda saqlanadigan yuridik yigʻmajildiga tikib qoʻyiladi.
Taqdim etilgan hujjatlarning bittadan nusxasi oʻzgartirish va qoʻshimchalarni roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi qaror, Banklarni roʻyxatga olish Qoʻmitasi bayonnomasidan koʻchirma bilan birga bosh bank ofisi joylashgan erdagi Markaziy bank hududiy Bosh boshqarmasiga va bank filialiga ularda saqlanadigan filial yuridik yigʻmajildiga tikib qoʻyish uchun yuboriladi.
Markaziy bank hududiy Bosh boshqarmasi va bank filiali filial toʻgʻrisidagi nizomning sarvaragʻiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar roʻyxatga olinganligi toʻgʻrisida yozib qoʻyadi.
6.8. Mazkur Nizom amaliyotga joriy etilishi bilan 1996-yil 4-maydagi 58-sonli “Bank ustav kapitali va aksiyadorlar tarkibini oʻzgartirish tartibi” oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi oʻrinbosari A. ERDONAYEV
1-ILOVA
Eʼlon qilingan aksiyalar umumiy soni doirasida qoʻshimcha aksiyalar chiqarish yoʻli bilan ustav kapitalining oshirilishi munosabati bilan bank ustavi matnini bayon etishga doir
TAVSIYALAR
Eʼlon qilingan aksiyalar umumiy summasi chegarasida qoʻshimcha aksiyalar chiqarish hisobidan bank ustav kapitalini oshirish uchun bank ustaviga taxminan quyidagicha bayon etilgan qoidalarni kiritish lozim:
“Bank ustav kapitali 100 million soʻmni tashkil etib, quyidagi aksiyalarga taqsimlangan:
oddiy aksiyalar ― 90000 dona, har birining nominal qmymati ming soʻm, jami summasi 90 million soʻm;
imtiyozli aksiyalar ― 10000 dona, har birining nominal qiymati ming soʻm, jami summasi 10 million soʻm.
Ustav kapitalini oshirish maqsadida bank chiqarishi mumkin boʻlgan eʼlon qilingan aksiyalar summasi 100 million soʻmni tashkil etadi, shu jumladan:
oddiy aksiyalar — 90000 dona, har birining nominal qiymati ming soʻm, jami summasi 90 million soʻm;
imtiyozli aksiyalar — 10000 dona, har birining nominal qiymati ming soʻm, jami summasi 10 million soʻm”.
Aksiyalar umumiy soni doirasida aksiyalar chiqarish va ularni joylashtirishda toʻlangan aksiyalar bank ustav kapitaliga oʻtkaziladi.
Masalan, qiymati 100 million boʻlgan eʼlon qilingan aksiyalar umumiy soni doirasida bank 50 million soʻmlik emissiyani amalga oshirdi, bunda ustavga quyidagi oʻzgartirishlar kiritiladi:
“Bank ustav kapitali 150 million soʻmni tashkil etib, quyidagi aksiyalarga taqsimlangan:
oddiy aksiyalar — 135000 dona, har birining nominal qiymati ming soʻm, jami summasi 135 million soʻm;
imtiyozli aksiyalar — 15000 dona, har birining nominal qiymati ming soʻm, jami summasi 15 million soʻm.
Ustav kapitalini oshirish maqsadida bank chiqarishi mumkin boʻlgan eʼlon qilingan aksiyalar summasi 50 million soʻmni tashkil etadi, shu jumladan:
oddiy aksiyalar — 45000 dona, har birining nominal qiymati ming soʻm, jami summasi 45 million soʻm;
imtiyozli aksiyalar — 5000 dona, har birining nominal qiymati ming soʻm, jami summasi 5 million soʻm”.
2-ILOVA
Aksiyadorlik tijorat “___________________” banki tomonidan chiqarilgan aksiyalarni joylashtirish
REJASI

T/r

Koʻzda tutilgan

aksiyadorlar nomi

Bank ustav kapitalidagi ishtiroki, agar boʻlsa

Davlat va davlat

korxonalarining

aksioner yoki bank aksiyalarini sotib

olishga qiziqish

bildirgan shaxs ustav

kapitalida ishtirok

etishi

Xorijiy investorlarning

aksioner yoki bank

aksiyalarini sotib

olishga qiziqish

bildirgan shaxs ustav

kapitalida ishtirok

etishi

Bank aksiyalarini sotib olishga qiziqish

bildirgan shaxsning

taxminiy ishtirok ulushi

Aksiyalarni

toʻlash uchun

taxminiy sana

ming soʻmda

% da*

ming soʻmda

% da

ming soʻmda

% da

ming soʻmda

% da

1

2

3

4

5

6

7

8

9

10

11

1.

Eʼlon qilingan ustav kapitalining 5 foizi va undan yuqori miqdordagi aksiyalarini sotib olishga qiziqish bildirgan yuridik shaxslar

1.1.

1.2.

2.

Yuridik shaxslar tomonidan sotib olingai, eʼlon qilingan ustav kapitalining 5 foizidan kam boʻlgan aksiyalarining umumiy summasi

3.

Eʼlon qilingan ustav kapitalining 5 foizi va undan yuqori miqdordagi aksiyalarini sotib olishga qiziqish bildirgan jismoniy shaxslar

3.1.

3.2.

4.

Jismoniy shaxslar tomonidan sotib olingan eʼlon qilingan ustav kapitalining 5 foizidan kam boʻlgan aksiyalarining umumiy summasi

5.

Aksiyalarning qolgan qismi


Izoh.
* eʼlon qilingan ustav kapitaliga.