Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 27.08.2024
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MEHNAT VA AHOLINI IJTIMOIY MUHOFAZA QILISH VAZIRLIGI
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MOLIYA VAZIRLIGINING
Qarori
ISHLAYDIGAN ONALARGA BOLA IKKI YOSHGA YETGUNGA QADAR UNI PARVARISH QILGANLIGI UCHUN HAR OYLIK NAFAQA TAYINLASH VA TOʻLASH TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASH HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 14-martda 1113-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2024-yil 26-avgustdagi 24-mh-sonli “Ayrim idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning davlat reyestridan chiqarish toʻgʻrisida”gi buyrugʻiga (roʻyxat raqami 3553, 27.08.2024-y.) asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga moʻljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash maqsadida qaror qiladi:
1. Ishlovchi onalarga bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin:
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining 8-iyuldagi 640/03-1 son va Moliya vazirligining 12-02-29/338-son bilan tasdiqlangan “Bolalar ikki yoshga yetgunga qadar yosh bolaga qaraganligi uchun oylik nafaqa toʻlash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (1998-yil 4-sentabr, roʻyxat raqami 489);
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligining 10-maydagi 5-son va Moliya vazirligining 40-son bilan tasdiqlangan “Bolalar ikki yoshga yetgunga qadar yosh bolaga qaraganligi uchun oylik nafaqa toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida”gi qarori (2001-yil 17-may, roʻyxat raqami 489-1);
3. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtib kuchga kiradi.
Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vaziri O. OBIDOV
Toshkent sh.,
2002-yil 18-fevral,
588-son
Moliya vaziri M. NURMURODOV
Toshkent sh.,
2002-yil 18-fevral,
35-son
Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligining 2002-yil 18-fevraldagi № 588, 35-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
Ishlovchi onalarga bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha oylik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 25-yanvardagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PF-3017-son Farmoni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 25-yanvardagi “Aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarini aniq yoʻnaltirilgan tarzda qoʻllab-quvvatlashning 2002-2003-yillarga moʻljallangan dasturini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 33-son qarori, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2007-yil 12-dekabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasining 2008-yilgi asosiy makroiqtisodiy koʻrsatkichlari va davlat budjeti parametrlari toʻgʻrisida”gi PQ-744-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan va ishlovchi onalarga bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha oylik nafaqa tayinlash va toʻlash tartibini belgilaydi.
Mazkur Nizom budjet tashkilotlarida ishlovchi onalarga tatbiq etilmaydi.
1. Ishlovchi onalarga bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha oylik nafaqa (keyingi oʻrinlarda — bola parvarishi boʻyicha nafaqa) tugʻilgan, farzandlikka,vasiylikka olingan bolani ikki yoshga toʻlgunga qadar parvarish qilish uchun qoida tariqasida onaga, otaga, farzandlikka, vasiylikka olgan shaxslarga (keyingi oʻrinlarda — onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar)yoki boshqa qarindoshlarga tayinlanadi va toʻlanadi.
2. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa parvarish qilinayotgan bolalar sonidan va nafaqa oluvchi shaxsning mehnat stajidan qatʼiy nazar har oyda:
2002-yil 1-fevraldan — Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining 170 foizi;
2003-yildan boshlab — Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan eng kam oylik ish haqining 200 foizi miqdorida toʻlanadi.
3. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa onalarga (onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga) nafaqa olish uchun murojaat qilingan oydan boshlab, ammo homiladorlik va tugʻish taʼtili tugagan kundan soʻng tayinlanadi.
Toʻliq boʻlmagan oy uchun nafaqa onaning (ona oʻrnini bosuvchi shaxsning) ushbu oydagi taʼtilda boʻlgan kalendar kunlariga mos ulushda toʻlanadi.
4. Agar ikki va undan ortiq tugʻilgan, farzandlikka yoki vasiylikka olingan bolalar parvarishda boʻlsa, bola parvarishi boʻyicha nafaqa kichik bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bir barobar miqdorda toʻlanadi.
Agar ona bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi davrida ikkinchi bola uchun homiladorlik va tugʻish boʻyicha taʼtil olish huquqiga ega boʻlsa, onaning tanlovi asosida nafaqaning faqat bir turi toʻlanadi.
5. Ishlovchi (ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim olayotgan, xizmat oʻtayotgan)onalarga (onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga) bola parvarishi boʻyicha nafaqa ish joyidan (taʼlim olish, xizmat oʻtash joyidan) toʻlanadi. Nafaqa tayinlash uchun korxona, muassasa va tashkilot maʼmuriyatining qarori asos boʻlib hisoblanadi.
6. Ishlovchi onalar (onaning oʻrnini bosuvchi shaxslar) toʻliq boʻlmagan ish vaqti rejimida yoki ish beruvchi bilan kelishib, uyda ishlayotgan vaqti uchun bola parvarishi boʻyicha nafaqa va ish haqini bir vaqtda olish huquqiga ega.
7. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa tayinlash uchun quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) bola parvarishi boʻyicha nafaqa tayinlash uchun ariza;
b) bola tugʻilganligi toʻgʻrisida guvohnoma nusxasi.
Bolaning onasi oʻrniga nafaqa oluvchi shaxslar, qoʻshimcha ravishda bolaning onasi yoʻqligini tasdiqlovchi hujjat — bolaning (bolalarning) onasi vafot etganligi toʻgʻrisida guvohnoma, sud organlari tomonidan onalik huquqidan mahrum qilinganlik toʻgʻrisida berilgan maʼlumotnoma yoki bola parvarishi boʻyicha nafaqani bolaning (bolalarning) onasi olish imkoni mavjud emasligini tasdiqlovchi boshqa hujjatlar taqdim etadi.
8. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa toʻlovi joriy oy uchun amalga oshiriladi.
9. Mehnat shartnomasi (kontrakt) asosida mavsumiy ishlar bilan band boʻlgan bola parvarishi boʻyicha nafaqa oluvchi shaxslarga mavsumiy ish bilan band boʻlgan davrda nafaqa mavsumiy ishni bajarish joyidan, mavsum tugaganda (mavsumlar orasida) muhtojlik holati hisobga olingan holda — umumiy asoslarda doimiy yashash joyidagi fuqarolarning oʻzini-oʻzi boshqarish organlari tomonidan toʻlanadi. Keyingi mavsum uchun mehnat shartnomasi tuzilgan taqdirda bola parvarishi boʻyicha nafaqa ishga chiqishi belgilangan oydan boshlab ish joyidan toʻlab beriladi.
10. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa quyidagi holatlarda toʻxtatiladi:
a) parvarishdagi bola ikki yoshga toʻlganda;
b) bola toʻliq davlat taʼminotida boʻlgan maxsus muassasalar (mehribonlik uyi)ga joylashtirilganda;
v) bola vafot etganda;
g) oila bola bilan birga doimiy yashash uchun Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqariga chiqib ketganda.
Bola parvarishi boʻyicha nafaqa oluvchi shaxs, nafaqa toʻlovini toʻxtatishga sabab boʻluvchi holatlar yuzaga kelganda, nafaqa toʻlovini amalga oshirayotgan organlarga xabar berishi shart.
Nafaqa oluvchi vafot etgan yoki ota-onalik huquqidan mahrum etilgan yoki bola vasiylikdan qaytarib olingan taqdirda nafaqa bolani haqiqatda parvarish qilayotgan shaxsga tayinlanadi va oxirgi nafaqa toʻlangan oydan keyingi oydan boshlab toʻlanadi.
11. Tayinlangan, ammo oʻz vaqtida talab qilib olinmagan (toʻlanmagan) bola parvarishi boʻyicha nafaqa oʻtgan vaqt uchun nafaqa toʻlanishi kerak boʻlgan davrda koʻzda tutilgan miqdorda toʻlab beriladi.
Nafaqa toʻlovchi organning aybi bilan oʻz vaqtida toʻlanmagan nafaqa hech qanday muddatlar bilan chegaralanmagan holda oʻtgan davr uchun bir vaqtning oʻzida toʻlab beriladi.
12. Oldindan maʼlum boʻlgan notoʻgʻri yoki qalbaki hujjatlar asosida bola parvarishi boʻyicha nafaqa olish holatlari aniqlanganda, mazkur hujjatlarni taqdim etgan shaxs javobgarlikka tortiladi va ortiqcha toʻlangan mablagʻlar oʻrnatilgan tartibda undiriladi.
Bola parvarishi boʻyicha nafaqa oluvchi shaxs tomonidan nafaqa toʻlovini toʻxtatishga sabab boʻluvchi holatlar yuzaga kelganligi toʻgʻrisida oʻz vaqtida xabar berilmaganda, nafaqa toʻlovini amalga oshirayotgan organning qaroriga asosan ortiqcha toʻlangan mablagʻlar nafaqa oluvchidan oʻrnatilgan tartibda undiriladi.
13. Korxonalarda (tashkilotlarda) ishlovchi onalarga (onaning oʻrnini bosuvchi shaxslarga) bola parvarishi boʻyicha nafaqa toʻlovi mazkur korxona (tashkilot)ning oʻz mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi. Korxona (tashkilot) mablagʻlari hisobidan bola parvarishi boʻyicha nafaqa uchun sarflangan mablagʻlar davr xarajatlariga kiritiladi va yuridik shaxsning foyda soligʻi hisoblash bazasi shu summaga kamaytiriladi.
14. Bola parvarishi boʻyicha nafaqa summasidan ijtimoiy sugʻurta badallari hisoblanmaydi.