Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 29.04.2026
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Agrar sohani mexanizatsiyalashni davlat tomonidan ragʻbatlantirishni raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 28-apreldagi 206-sonli “Agrar va oziq-ovqat sohalarini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi toʻgʻrisida” 2023-yil 28-fevraldagi PF-27-son Farmoni hamda “Oʻzbekiston Respublikasi davlat budjeti xarajatlarining samaradorligini yanada oshirish va davlat moliyaviy nazorati organlari faoliyatini takomillashtirish toʻgʻrisida” 2022-yil 14-fevraldagi PQ-128-son va “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 12-dekabrdagi PQ-431-son qarorlari ijrosini taʼminlash, qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan qoplash boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishni takomillashtirish, subsidiya ajratish jarayonini raqamlashtirish va mablagʻlardan samarali foydalanishni nazorat qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishni raqamlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya olish boʻyicha arizani “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali taqdim etish hamda arizani koʻrib chiqish;
“Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish hamda subsidiyadan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish.
2. Belgilab qoʻyilsinki:
Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish bilan bogʻliq barcha amaliyotlar bepul amalga oshiriladi;
qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya bir marotaba ajratiladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi har yili Davlat budjeti parametrlarini shakllantirishda ushbu qarorning 2-bandida nazarda tutilgan subsidiyalar uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda “Subsidiya.mf.uz” axborot portalining Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali, “Elektron hukumat” tizimi foydalanuvchilarini identifikatsiyalash boʻyicha yagona elektron axborot tizimi, Davlat moliyasini boshqarishning axborot tizimi, soliq, bojxona va sertifikatlashtirish organlarining axborot almashinuvi tizimlari hamda tijorat banklari va lizing tashkilotlarining dasturiy taʼminotlari bilan integratsiya qilinishini taʼminlasin.
Belgilansinki:
masʼul vazirlik va idoralar “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga integratsiya qilingan axborot tizimlari orqali kiritilgan maʼlumotlarning haqqoniyligiga javobgar hisoblanadi;
tegishli vazirlik va idoralarning elektron axborot tizimlarini “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga integratsiya qilish jarayonlari toʻliq yakunlanguniga qadar amaldagi qaror talablari asosida subsidiya ajratilishi davom ettiriladi.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritilsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Ushbu qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiyot va moliya vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2025-yil 29-avgust,
549-son
Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 549-son qaroriga
1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishni raqamlashtirish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali subsidiya ajratish hamda subsidiyadan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
“Subsidiya.mf.uz” axborot portali — qishloq xoʻjaligi texnikasi, lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati xarid qiymatining bir qismini hamda ular kredit va lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini, shuningdek, avtopilot uskunasini oʻrnatish uchun ajratilgan kredit boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun subsidiya ajratish bilan bogʻliq amaliyotlar bajariladigan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimi;
lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati (keyingi oʻrinlarda — lazerli yer tekislagich agregati) — qishloq xoʻjaligi yerlarida tekis sirt hosil qilish, gorizontal (sholi dalasi) yoki yetishtiriladigan ekinga qarab bir yoki ikki qiyali, koʻp miqdorda suv talab qilmaydigan ekinlarni yetishtirishda ortiqcha namlikni drenajlashni taʼminlash uchun ishlatiladigan, respublikada ishlab chiqarilgan hamda chet davlatdan olib kelinadigan lazerli yer tekislagich agregati;
mahalliy korxona — Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi korxona;
subsidiya — qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatini sotib olgan xaridorning arizasiga muvofiq qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizini, lazerli yer tekislagich agregati qiymatining 30 foizini qoplash uchun ajratiladigan mablagʻ;
xaridor — soliq organlarida roʻyxatdan oʻtgan, qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtiruvchi yuridik shaxslar va oʻzini oʻzi band qilgan jismoniy shaxslar, Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti boʻlgan qishloq xoʻjaligida mexanizatsiya xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar;
elektron hisobvaraq-faktura (keyingi oʻrinlarda — EHF) — tovarlarni (qishloq xoʻjaligi texnikalari yoki agregatlari, ishlar, xizmatlar) realizatsiya qilish va sotib olishni tasdiqlovchi, EHF aylanish tizimi operatorlari orqali taqdim etiladigan va qabul qilinadigan elektron hujjat;
yangi qishloq xoʻjaligi texnikasi — mahalliy ishlab chiqaruvchi korxona yoki uning rasmiy vakolatli dileridan xarid qilingan, avval foydalanilmagan va qishloq xoʻjaligida ishga tushirilmagan qishloq xoʻjaligi texnikasi;
qishloq xoʻjaligi texnikasi — mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan, qishloq xoʻjaligida mexanizatsiya ishlarini bajaradigan barcha turdagi traktorlar, kombaynlar, tirkamalar va agregatlar, shuningdek, 2026-yil 1-yanvarga qadar xorijdan tayyor holda olib kelinadigan, aniq donalab ekuvchi koʻp funksiyali chigit ekish seyalkalari, gʻalla oʻrish kombaynlari hamda paxta terish mashinalari.
3. Subsidiya hisobi Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻida yuritiladi.
4. Subsidiya xaridor bilan tuzilgan shartnoma shartlariga asosan qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati uchun tegishli miqdordagi toʻlov toʻlanganda ajratiladi.
Bunda qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatining har biri uchun alohida shartnoma va EHF rasmiylashtiriladi.
Subsidiyalar ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha ajratiladi.
2-bob. Subsidiya olish uchun ariza berish
5. Xaridor subsidiya olishga ariza berish uchun “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida Yagona identifikatsiya tizimi (One ID) yoki elektron raqamli imzo (ERI) orqali roʻyxatdan oʻtadi.
6. Xaridor yangi qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatini shartnoma shartlariga muvofiq sotib olgandan soʻng EHF rasmiylashtirilgan kundan boshlab bir yil davomida qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizini va lazerli yer tekislagich agregati qiymatining 30 foizini qoplash uchun subsidiya olishga “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga oʻzining shaxsiy kabineti orqali quyidagilarni kiritadi:
a) xaridor jismoniy shaxs boʻlsa:
familiyasi, ismi va otasining ismi;
pasport yoki identifikatsiyalovchi ID-kartasi (JSHSHIR) maʼlumotlari;
elektron manzili (mavjud boʻlsa) va telefon raqami;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
bank rekvizitlari (bank boʻlimi nomi, MFO va talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari hisobvaragʻi);
oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida soliq organlarida roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma raqami va sanasi;
qishloq xoʻjaligi texnikasini boshqarish uchun berilgan traktorchi-mashinist guvohnomasi raqami hamda berilgan sanasi va ruxsat etilgan tegishli toifasi;
b) xaridor yuridik shaxs boʻlsa:
davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnoma raqami;
toʻliq nomi;
tashkiliy-huquqiy shakli xos raqami (THSH);
faoliyat turi kodi (IFUT);
elektron manzili (mavjud boʻlsa) va telefon raqami;
pochta manzili;
soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
bank rekvizitlari (bank boʻlimi nomi, MFO va talab qilib olinguncha saqlanadigan depozitlari hisobvaragʻi).
Qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati boʻyicha:
oldi-sotdi shartnomasi raqami hamda sanasi (toʻgʻridan-toʻgʻri xarid qilinganda);
kredit yoki lizing shartnomasi raqami hamda sanasi (kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda);
EHF raqami hamda sanasi;
qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati nomi;
rusumi yoki modeli;
zavod raqami (kuzov shassi raqami);
dvigatelning zavod raqami (lazerli yer tekislagich va boshqa agregatlar bundan mustasno);
muvofiqlik sertifikati raqami hamda sanasi;
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi texnik pasport, lazerli yer tekislagich agregati va boshqa agregatlarning texnik guvohnoma raqami hamda sanasi;
lizing obyektini qabul qilish — topshirish dalolatnomasi raqami hamda sanasi (lizing shartlarida xarid qilinganda).
Xaridor tomonidan ushbu bandda keltirilgan hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga kiritilganda, ariza avtomatik ravishda (xaridor tanlagan yoʻnalish boʻyicha qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati uchun ushbu Nizomga 2a, 2b-ilovalarga muvofiq) shakllanadi.
Agarda hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar axborot tizimida toʻliq yoki mavjud boʻlmasa ariza shakllanmaydi.
“Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga kiritilgan hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning toʻgʻriligiga va haqqoniyligiga xaridor hamda qishloq xoʻjaligi texnikalari va lazerli yer tekislagich agregatini yetkazib beruvchi korxona va tashkilotlar javobgar hisoblanadi.
3-bob. Ariza va ilova qilingan hujjatlarni koʻrib chiqish hamda subsidiya ajratish
7. Jamgʻarmada Qishloq xoʻjaligi texnikalari va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishni koʻrib chiquvchi komissiya (keyingi oʻrinlarda — komissiya) tuziladi.
Komissiya aʼzolari tarkibi Jamgʻarmani boshqarish departamenti direktorining buyrugʻiga asosan shakllantiriladi.
8. Komissiya aʼzolarining har biriga “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida shaxsiy kabinet ochiladi.
9. Komissiya “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali kelib tushgan ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni besh ish kunida oʻrganib chiqadi.
10. Komissiya:
ushbu Nizomning 6-bandiga muvofiq taqdim etilgan hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning toʻliqligini;
hujjatlardagi maʼlumotlarning qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati maʼlumotlariga mosligini oʻrganadi.
Oʻrganish jarayoni yakunlangandan soʻng bir ish kunida komissiya subsidiya ajratish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunda:
komissiya aʼzolari “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida ariza beruvchiga ajratiladigan subsidiyani “subsidiya ajratish” yoki “subsidiya ajratishni rad etish” tugmasi orqali asoslantirgan holda elektron imzo (QR-kod) bilan tasdiqlaydi;
komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismining qarori subsidiya ajratish toʻgʻrisida ijobiy boʻlganda, ariza beruvchiga subsidiya ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan hisoblanadi.
11. Xaridor “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali oʻziga subsidiya ajratish maʼqullangani yoki rad etilgani toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻlishi mumkin.
Xaridor komissiya qaroridan norozi boʻlgan taqdirda, qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda shikoyat qilish huquqiga ega.
12. Subsidiya ajratish maʼqullanganda, “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatining qiymatiga asosan ajratiladigan subsidiya miqdori avtomatik ravishda aniqlanadi.
13. Subsidiya bir ish kunida “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan subsidiya uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida Jamgʻarmaga ochilgan maxsus gʻazna hisobvaragʻidan xaridorning arizasida koʻrsatilgan hisobvaragʻiga avtomatik ravishda oʻtkaziladi.
14. Quyidagi holatlarda:
ariza shakllanmaydi:
a) EHF rasmiylashtirilgan vaqti bir yil muddatdan oshganda;
b) oldi-sotdi (lizing) shartnomasi, EHF hamda texnik pasport (texnik guvohnoma) hujjatlari maʼlumotlari bir-biriga mos boʻlmaganda;
v) mahalliy qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun muvofiqlik sertifikati mavjud boʻlmaganda (muvofiqlik sertifikati talab etilmaydigan qishloq xoʻjaligi texnikalari bundan mustasno);
g) subsidiya olingan qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati uchun qayta ariza kiritilganda;
d) ikki va undan ortiq qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati uchun bitta shartnoma va EHF rasmiylashtirilganda;
e) ushbu Nizomning 2-bandiga muvofiq xaridor maqomiga mos kelmagan subyektlarga;
ariza koʻrib chiqish rad etiladi:
a) oldi-sotdi (lizing) shartnomasi, EHF va tegishli boshqa hujjatlar maʼlumotlari bir-biriga mos boʻlmaganda;
b) ushbu Nizomning 2-bandiga muvofiq qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati tushunchasiga mos kelmaydigan texnikalarga;
v) Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qaroriga asosan Jamgʻarmaning imtiyozli qarz mablagʻlari hisobidan xarid qilingan qishloq xoʻjaligi texnikalariga.
15. Xaridor subsidiya ajratish rad etilgani toʻgʻrisida maʼlumot “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga joylashtirilgan kundan boshlab 30 kun davomida kamchiliklarni toʻliq bartaraf etgan holda takroran murojaat qilish huquqiga ega.
Xaridor tomonidan takroran murojaat qilish ushbu Nizomning 6-bandida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
4-bob. Subsidiyadan maqsadli va samarali foydalanishni nazorat qilish
16. Xaridor subsidiya olgan kundan boshlab:
a) qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatini bir yil davomida sotishi yoki boshqacha tartibda begonalashtirishi;
b) 2025-2026-yillarda Jahon bankining “Qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish” loyihasi, “Fargʻona vodiysida qishloq tadbirkorligini rivojlantirish” loyihasi doirasida ajratilgan mablagʻlar hisobidan kredit yoki lizing shartlarida xarid qilingan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 12-dekabrdagi PQ-431-son qaroriga 1-ilovaning 1 — 6-pozitsiyalariga muvofiq:
quvvati 140 ot kuchiga teng va undan yuqori boʻlgan umumiy foydalanishdagi (GPS qurilmali) gʻildirakli traktorlar;
quvvati 80 — 110 ot kuchiga teng boʻlgan (GPS qurilmali) universal chopiq traktorlari;
quvvati 80 — 110 ot kuchiga teng boʻlgan (GPS qurilmali) yuqori klirensli traktorlar;
quvvati 40 — 60 ot kuchiga teng boʻlgan bogʻdorchilikda ishlatiladigan (GPS qurilmali) traktorlar;
gʻalla oʻrish kombaynlari (GPS qurilmali);
paxta terish mashinalarini (GPS qurilmali) uch yil davomida sotish yoki boshqacha tartibda begonalashtirishi taqiqlanadi.
17. Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi (keyingi oʻrinlarda — Oʻzagroinspeksiya) Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 29-apreldagi 170-son qarori bilan tasdiqlangan Qishloq xoʻjaligi, melioratsiya va yoʻl-qurilish texnikalarini majburiy yillik texnik koʻrikdan oʻtkazish boʻyicha xizmatlar koʻrsatishning maʼmuriy reglamentiga muvofiq subsidiya olgan xaridorning qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatini har yili texnik koʻrikdan oʻtkazadi.
18. Oʻzagroinspeksiya qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan maqsadli va samarali foydalanishni masofaviy hamda har olti oyda bir marotaba joyiga chiqqan holda monitoring qilib boradi. Bunda:
qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan maqsadli foydalanish — qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va yigʻib-terib olish bilan bogʻliq (yerni shudgor qilish, lazerli yer tekislagich bilan tekislash, yerni frezalash, tuproqni chizellash, boronalash, mola bosish, ildiz qoldiqlarini daladan tashqariga chiqarish, urugʻni tashish, chigit, bugʻdoy, meva-sabzavot ekish, sugʻorish tarmoqlarini qazish, kultivatsiya qilish, mineral, organik oʻgʻit sepish, zararkunandalarga qarshi kimyoviy usulda kurashish, kimyoviy chilpish, defoliatsiya qilish, desikatsiya qilish, paxta terish, gʻalla oʻrish, paxta, don, meva-sabzavot, gʻoʻzapoya, somon tashish, somonni kichik toylarga toylash, yuklash, gʻoʻzapoyani yulib, qatorlab uyub ketish, gʻoʻzapoyani maydalab dalaga sochish, meva-sabzavot hosilini kovlash) agrotexnik tadbirlarni bajarishda foydalanish;
qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan samarali foydalanish — qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirish va yigʻib-terib olish bilan bogʻliq agrotexnik tadbirlarni bajarish davrida qishloq xoʻjaligi texnikasi, lazerli yer tekislagichni soz holatda saqlash va foydalanish, ularni ushbu Nizomning 16-bandi “a” kichik bandida belgilangan muddatda sotmaslik va boshqacha tartibda begonalashtirmaslik tushuniladi.
Oʻzagroinspeksiya monitoring jarayonida xaridor subsidiya olgan kundan boshlab qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan maqsadsiz yoki samarasiz foydalanayotganini aniqlaganda, xaridor ishtirokida uch nusxada dalolatnoma tuzadi.
Dalolatnomaning bir nusxasi Oʻzagroinspeksiyada, ikkinchi nusxasi xaridorda va uchinchi nusxasi Jamgʻarmada saqlanadi.
Oʻzagroinspeksiya tomonidan tuzilgan dalolatnomaga asosan xaridor olgan subsidiyani uch ish kunida toʻliq Jamgʻarmaning Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasida ochilgan maxsus shaxsiy gʻazna hisobvaragʻiga qaytaradi.
19. Oʻzagroinspeksiya xaridorning ushbu Nizomning 16-bandi “b” kichik bandida nazarda tutilgan mablagʻlar hisobidan imtiyoz asosida xarid qilgan qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan maqsadli va samarali foydalanilishini doimiy masofaviy monitoring qilib boradi.
Oʻzagroinspeksiya monitoring jarayonida xaridor subsidiya olgan kundan boshlab qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan uch yil davomida maqsadsiz yoki samarasiz foydalanayotganini aniqlaganda, xaridor ishtirokida uch nusxada dalolatnoma tuzadi.
Dalolatnomaning bir nusxasi Oʻzagroinspeksiyada, ikkinchi nusxasi xaridorda va uchinchi nusxasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligida saqlanadi.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
20. Xaridor tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan qishloq xoʻjaligining mavsumiy tanaffuslarida, taʼmirlash davrida, shuningdek, fors-major holatlarda vaqtincha foydalanilmasligi maqsadsiz va samarasiz foydalanishga kiritilmaydi.
21. Xaridor ushbu Nizomning 16-bandi “b” kichik bandi talablariga amal qilmasa, unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalash darajasini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2024-yil 12-dekabrdagi PQ-431-son qarorining 4-bandi “d” kichik bandida belgilangan choralar qoʻllanadi.
22. Qishloq xoʻjaligi texnikasini ishlab chiqaruvchi korxona hamda xaridor oʻzi tomonidan taqdim etilgan hujjatlarning haqqoniyligiga javobgar hisoblanadi.
23. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javob beradilar.
Qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishni raqamlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Xaridor

Subsidiya olish uchun Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab quvvatlash jamgʻarmasiga (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) ariza bilan, unga zarur hujjatlarni ilova qilgan holda “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali murojaat qiladi.

Qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregati qiymati shartnoma shartlariga muvofiq toʻlangandan soʻng

2-bosqich

Jamgʻarma

Ariza va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqadi.

5 ish kunida

3-bosqich

Jamgʻarma

Subsidiya ajratish yoki rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va qaror toʻgʻrisida xaridorni “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali xabardor etadi.

1 ish kunida

4-bosqich

Jamgʻarma, Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi

Subsidiyani xaridorning hisobvaragʻiga “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali avtomatik ravishda oʻtkazib beradi.

1 ish kunida

5-bosqich

Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi

Qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatidan maqsadli va samarali foydalanishni masofaviy hamda joyiga chiqqan holda monitoring qilib boradi.

Subsidiya ajratilgan kundan boshlab masofaviy doimiy hamda joyiga chiqqan har olti oyda

Qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishni raqamlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2a-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi

Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan

qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga

Qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizini yoki lazerli yer tekislagich agregati qiymatining 30 foizini qoplash uchun subsidiya olishga

ARIZA

(jismoniy shaxs uchun)

Familiyasi: ______________________________________________________________________________

Ismi: ___________________________________________________________________________________

Otasining ismi: __________________________________________________________________________

Pasport yoki identifikatsiya ID-karta raqami: _________________________________________________

Amal qilish muddati: ______________________________________________________________________

Bergan organ nomi: ________________________________________________________________________

JSHSHIR: ________________________________________________________________________________

Elektron manzili: ________________________________________________________________________

STIR: ___________________________________________________________________________________

Bank MFO: _______________________________________________________________________________

Talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaragʻi: ______________________________________

Telefon raqami: __________________________________________________________________________

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida soliq organlarida roʻyxatdan oʻtganligi toʻgʻrisida maʼlumotnoma raqami: ______________________________, sanasi: _______________________________

Qishloq xoʻjaligi texnikasini boshqarish uchun berilgan traktorchi-mashinist guvohnomasining:

raqami: _____________________________________, sanasi:_____________________________________

ruxsat berilgan tegishli toifasi: ___________________________________________________________

_________________________________________________________________________________________

(qishloq xoʻjaligi texnikasi yoki lazerli yer tekislagich agregatini yetkazib beruvchining nomi)

Oldi-sotdi/kredit, lizing shartnomasi raqami: ____________________, sanasi:____________________

Shartnoma qiymati: _______________________________________________________________________

(raqam va soʻz bilan yoziladi)

Elektron hisobvaraq-faktura raqami: _________________________, sanasi: _______________________

Texnika nomi: ______________________________, rusumi/modeli: _______________________________

Zavod raqami: ______________________________, dvigatelning zavod raqami: _____________________

Muvofiqlik sertifikati raqami: ________________________, sanasi: ___________________________

Texnik pasport/guvohnoma raqami: ___________________________, sanasi: ________________________

Lizing obyektini qabul qilish-topshirish dalolatnomasi raqami: _________, sanasi: ______________

Sotib olingan qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizini yoki lazerli yer tekislagich agregati qiymatining 30 foizini qoplash uchun subsidiya ajratish soʻraladi.

Elektron imzo (QR-kod)

20___ yil “____” ______________

Qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishni raqamlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2b-ILOVA

Oʻzbekiston Respublikasi

Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi

Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan

qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga

Qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizini yoki lazerli yer tekislagich agregati qiymatining 30 foizini qoplash uchun subsidiya olishga

ARIZA

(yuridik shaxs uchun)

_________________________________________________________________________________________

(davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisida guvohnoma raqami va berilgan sanasi)

“_______________________________________________________________________________________”

(yuridik shaxsning toʻliq nomi)

Tashkiliy-huquqiy shakli xos raqami (THSH): _________________________________________________

Amalga oshirilayotgan faoliyat turi kodi (IFUT): _____________________________________________

Elektron manzili: ________________________________________________________________________

Pochta manzili: ___________________________________________________________________________

STIR: ___________________________________________________________________________________

Bank MFO: _______________________________________________________________________________

Talab qilib olinguncha saqlanadigan depozit hisobvaragʻi: ______________________________________

Telefon raqami: __________________________________________________________________________

_________________________________________________________________________________________

(qishloq xoʻjaligi texnikasi yoki lazerli yer tekislagich agregatini yetkazib beruvchining nomi)

Oldi-sotdi/kredit, lizing shartnomasi raqami: ____________________, sanasi: ____________________

Shartnoma qiymati: _______________________________________________________________________

(raqam va soʻz bilan yoziladi)

Elektron hisobvaraq-faktura raqami: ________________________, sanasi: ________________________

Texnika nomi: _____________________________, rusumi/modeli: ________________________________

Zavod raqami: ________________________, dvigatelning zavod raqami: ___________________________

Muvofiqlik sertifikati raqami: _________________________, sanasi: __________________________

Texnik pasport/guvohnoma raqami: _________________________, sanasi: __________________________

Lizing obyektini qabul qilish-topshirish dalolatnomasi raqami: _________, sanasi: ______________

Sotib olingan qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizini yoki lazerli yer tekislagich agregati qiymatining 30 foizini qoplash uchun subsidiya ajratish soʻraladi.

Elektron imzo (QR-kod)

20___ yil “____” ______________

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 549-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Qishloqni lizing shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2000-yil 2-noyabrdagi 424-son qarorida:
a) 1-bandning uchinchi xatboshisidagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
b) 4-bandning uchinchi xatboshisi chiqarib tashlansin;
2-banddagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
3-banddagi “Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi” soʻzlari “Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
10-bandning ikkinchi xatboshisidan “(23216)” raqami chiqarib tashlansin.
2. Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 12-iyuldagi 533-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi toʻgʻrisidagi nizomning 6-bandi yettinchi xatboshisi “xarajatlarini” soʻzidan keyin “, tovar-moddiy boyliklarni toʻgʻridan-toʻgʻri shartnomalar asosida xarid qilishni” soʻzlari bilan toʻldirilsin.
3. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 12-iyuldagi 578-son qarorida:
a) 1-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“1. Qishloq xoʻjaligi texnikasini kredit va lizing shartlarida, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun avtopilot uskunasini xarid qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin”;
b) 2-banddagi “Moliya vazirligi” soʻzlari “Iqtisodiyot va moliya vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
v) 4-banddagi “moliya vaziri” soʻzlari “iqtisodiyot va moliya vaziri” soʻzlari bilan almashtirilsin;
g) 1-ilova quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 12-iyuldagi 578-son qaroriga
1-ILOVA
Qishloq xoʻjaligi texnikasini kredit va lizing shartlarida, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun avtopilot uskunasini xarid qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qishloq xoʻjaligi korxonalari samaradorligini oshirish hamda ularni zamonaviy yuqori unumli qishloq xoʻjaligi texnikasi bilan taʼminlash, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun avtopilot uskunasini xarid qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash maqsadida subsidiya ajratish tartibini belgilaydi.
2. Ushbu Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllanadi:
“Subsidiya.mf.uz” axborot portali — qishloq xoʻjaligi texnikalari, lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati xarid qiymatining bir qismini hamda ular kredit va lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini, shuningdek, avtopilot uskunasini xarid qilish uchun ajratiladigan kredit boʻyicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplab berish uchun subsidiya ajratish bilan bogʻliq amaliyotlar bajariladigan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining axborot tizimi;
avtopilot uskunasi — qishloq xoʻjaligi texnikalarini inson aralashuvisiz yoki kam aralashuv bilan boshqarishga imkon beradigan elektron-mexanik tizim;
subsidiya — qarz oluvchi tomonidan yangi qishloq xoʻjaligi texnikasi lizing yoki kredit shartlarida xarid qilinganda, ularning foiz xarajatlarini tijorat banklari yoki lizing tashkilotlari tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punktidan, shuningdek, yangi avtopilot uskunasini xarid qilish uchun tijorat banki tomonidan ajratiladigan kreditning 14 foiz punktidan yuqori, biroq 8 foizlik punktidan oshmagan qismini qoplab berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan ajratiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasining (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) pul mablagʻlari;
qarz oluvchi — qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, paxta-toʻqimachilik ishlab chiqarish tashkilotlari va klasterlari hamda mexanizatsiya xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar;
qishloq xoʻjaligi texnikasi — mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarilgan qishloq xoʻjaligida mexanizatsiya ishlarini bajaradigan barcha turdagi traktorlar, kombaynlar, tirkamalar va agregatlar, shuningdek, 2026-yil 1-yanvarga qadar xorijdan tayyor holda olib kelinadigan, aniq donalab ekuvchi koʻp funksiyali chigit ekish seyalkalari, gʻalla oʻrish kombaynlari hamda paxta terish mashinalari.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti parametrlarida qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olish uchun ajratilgan kredit va lizing boʻyicha, shuningdek, avtopilot uskunasini xarid qilishga ajratilgan kredit boʻyicha hisoblangan foizining bir qismini qoplab berish uchun koʻzda tutilgan mablagʻlarni Jamgʻarmaga ajratadi.
Bunda xarajatlarni qoplashning ushbu miqdori Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy bankining asosiy foiz stavkasining oʻzgarishiga qarab Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi tomonidan qayta koʻrib chiqilishi mumkin;
tijorat banklarida resurslar taqchilligi yuzaga kelganda, qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olishga kreditlar ajratish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasining (keyingi oʻrinlarda — Gʻaznachilik qoʻmitasi) vaqtincha boʻsh turgan mablagʻlarini tijorat banklariga belgilangan tartibda joylashtiradi.
4. Qishloq xoʻjalik texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun ajratilgan lizing yoki kredit foizini qoplash uchun subsidiya ushbu Nizomga 1-ilovadagi sxemaga muvofiq ajratiladi.
Tijorat banki tomonidan qishloq xoʻjaligi korxonasiga kredit shartlarida qishloq xoʻjalik texnikasiga avtopilot uskunasini xarid qilish uchun ajratilgan kredit foizini qoplash uchun subsidiya ushbu Nizomga 2-ilovadagi sxemaga muvofiq amalga ajratiladi.
5. Qarz oluvchiga ushbu Nizom talablari asosida:
lizing hamda kredit shartlarida xarid qilingan qishloq xoʻjaligi texnikasining foiz toʻlovini qisman qoplab berish uchun subsidiya lizing tashkiloti, tijorat banki va Jamgʻarma oʻrtasida tuziladigan Bosh bitimga muvofiq;
kredit shartlarida xarid qilinadigan avtopilot uskunasining foiz toʻlovini qisman qoplab berish uchun subsidiya tijorat banki va Jamgʻarma oʻrtasida tuziladigan Bosh bitimga muvofiq ajratiladi.
Subsidiya miqdori qarz oluvchi va lizing tashkiloti yoki tijorat banki oʻrtasida tuziladigan shartnoma shartlarida aks ettirilishi shart.
6. Qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib oluvchiga lizing yoki kredit foizini qoplash uchun subsidiya tijorat banki va lizing tashkiloti tomonidan belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punktidan, shuningdek, avtopilot uskunasi xarid qilish uchun ajratilgan kreditning 14 foizlik punktidan yuqori, biroq 8 foizlik punktidan oshmagan qismi miqdorida ajratiladi.
Bunda qarz oluvchining lizing yoki kredit shartnomasi barcha turdagi kombaynlar va dvigatel quvvati 100 ot kuchidan koʻp boʻlgan traktorlar uchun 10 yil muddatga, qolgan traktorlar, osma va tirkama texnikalar, shuningdek, avtopilot uskunasini xarid qilish uchun 7 yildan kam boʻlmagan muddatga rasmiylashtirilgan boʻlishi lozim.
Kredit yoki lizing oluvchilarning soʻroviga asosan ushbu bandda koʻrsatilgan muddatlar qisqartirilishi mumkin.
7. Subsidiya Oʻzbekiston Respublikasi rezidenti hisoblangan qonunchilikda belgilangan tartibda faoliyat koʻrsatuvchi lizing tashkiloti va tijorat banklariga ajratiladi.
2-bob. Qishloq xoʻjaligi texnikalarini xarid qilishda subsidiya ajratish tartibi
8. Subsidiya:
a) lizing oluvchilar tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasini shartnomada koʻrsatilgan qiymatining 15 foizidan kam boʻlmagan miqdorda avans toʻlanganda;
b) lizing yoki kredit shartnomasida belgilangan foiz stavkasining 10 foizlik punktdan, avtopilot uskunasi xarid qilish uchun ajratilgan kreditning 14 foizlik punktidan yuqori, biroq 8 foizlik punktidan oshmagan qismini qoplash uchun ajratiladi.
9. Qarz oluvchi tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilishda lizing tashkiloti yoki tijorat bankiga quyidagi hujjatlar taqdim etiladi:
a) ariza;
b) sugʻurta polisi yoki kafillik yoxud qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa taʼminot turlari.
10. Tijorat banki tomonidan quyidagi holatlarda kredit ajratish rad etiladi:
qarz oluvchining bank kreditlari boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorligi mavjud boʻlganda;
qarz oluvchi salbiy kredit tarixiga ega boʻlganda (kredit toʻlovi 6-marta 60 kundan kechiktirilgan boʻlsa).
11. Qarz oluvchi tomonidan ushbu Nizomning 9-bandiga muvofiq barcha zarur hujjatlar taqdim etilgandan soʻng lizing tashkiloti yoki tijorat banki arizani 3 ish kunida koʻrib chiqadi hamda ijobiy xulosa qabul qilinganda qarz oluvchi bilan shartnoma tuzadi.
Lizing tashkiloti yoki tijorat bankining kredit qoʻmitasi tomonidan kredit ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qilinganda, qarz oluvchiga rad etish sabablari bayon etilgan yozma maʼlumot taqdim etishi shart.
Qarz oluvchi qayta murojaat qilish huquqiga ega.
12. Lizing tashkiloti yoki tijorat banki qarz oluvchi tomonidan oʻziga tegishli foiz toʻlovi toʻlangandan soʻng hisoblangan foizning bir qismini qoplash uchun quyidagi hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga kiritadi:
a) lizing tashkiloti yoki tijorat banki oʻrtasida qarz oluvchi bilan tuzilgan shartnoma raqami, sanasi, foizi, muddati;
b) qarz oluvchi tomonidan toʻlangan oʻziga tegishli foiz toʻlovi summasi;
v) qishloq xoʻjaligi texnikasi va/yoki lazerli yer tekislagich agregatining:
nomi;
rusumi/modeli;
zavod raqami (kuzov shassi raqami);
dvigatelning zavod raqami (lazerli yer tekislagich va boshqa agregatlar bundan mustasno);
davlat roʻyxatidan oʻtkazilganligi toʻgʻrisidagi texnik pasport, lazerli yer tekislagich agregati va boshqa agregatlarning texnik guvohnoma raqami, sanasi.
Yuqorida qayd etilgan hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga kiritilganda, qarz oluvchi tomonidan oʻziga tegishli foiz toʻlovini toʻlangani toʻgʻrisidagi maʼlumot va buyurtmanoma avtomatik ravishda shakllanadi.
Agarda hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar axborot tizimida toʻliq yoki mavjud boʻlmasa, buyurtmanoma shakllanmaydi.
13. Taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligi, lizing yoki kredit ajratish va ular boʻyicha subsidiya olishning barcha jarayoni ushbu Nizom talablariga muvofiqligi yuzasidan masʼuliyat lizing tashkiloti va tijorat banklarining rahbarlariga yuklanadi.
14. Jamgʻarmada Qishloq xoʻjaligi texnikalari va lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregati qiymatining, shuningdek, ular kredit yoki lizing shartlarida xarid qilinganda, foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun subsidiya ajratishni koʻrib chiquvchi komissiya (keyingi oʻrinlarda — komissiya) tuziladi.
Komissiya aʼzolari tarkibi Jamgʻarmani boshqarish departamenti direktori tomonidan shakllantiriladi.
Komissiya aʼzolarining har biriga “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida shaxsiy kabinet ochiladi.
Komissiya “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali kelib tushgan buyurtmanoma va unga ilova qilingan hujjatlarni besh ish kunida oʻrganib chiqadi.
15. Komissiya:
ushbu Nizomning 12-bandiga muvofiq taqdim etilgan hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning toʻliqligini;
qarz oluvchi tomonidan oʻziga tegishli lizing yoki kredit uchun foiz toʻlovi summasi toʻlanganini oʻrganadi.
Oʻrganish jarayoni yakunlangandan soʻng bir ish kunida Komissiya subsidiya ajratish yoki ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi. Bunda:
komissiya aʼzolari “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida buyurtmanoma beruvchiga ajratiladigan subsidiyani “subsidiya ajratish” yoki “subsidiya ajratishni rad etish” tugmasi orqali asoslantirgan holda elektron imzo (QR-kod) bilan tasdiqlaydi;
komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismining qarori subsidiya ajratish toʻgʻrisida ijobiy boʻlganda, buyurtmanoma beruvchiga subsidiya ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan hisoblanadi.
16. Quyidagi holatlarda buyurtmanomani koʻrib chiqish rad etiladi:
a) ushbu Nizomning 12-bandiga muvofiq taqdim etilgan hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar toʻliq boʻlmaganda;
b) qarz oluvchi tomonidan oʻziga tegishli lizing yoki kredit uchun foiz toʻlovi toʻlanmaganda.
17. Lizing tashkiloti yoki tijorat banki “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali subsidiya ajratish maʼqullangani yoki rad etilgani toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻladi.
18. Subsidiya ajratish maʼqullanganda, “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida qishloq xoʻjaligi texnikasi va lazerli yer tekislagich agregatining shartnomadagi toʻlov grafigiga asosan ajratiladigan subsidiya miqdori avtomatik ravishda aniqlanadi.
Subsidiya bir ish kunida “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan subsidiya uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida Gʻaznachilik qoʻmitasida Jamgʻarmaga ochilgan maxsus gʻazna hisobvaragʻidan lizing tashkiloti yoki tijorat bankining buyurtmanomada koʻrsatilgan bank hisobvaragʻiga avtomatik ravishda oʻtkaziladi.
3-bob. Avtopilot uskunasini xarid qilish uchun subsidiya ajratish tartibi
19. Subsidiya qishloq xoʻjaligi texnikasiga xarid qilingan avtopilot uskunasi uchun ajratiladi.
20. Subsidiya:
a) kredit oluvchilar tomonidan avtopilot uskunasining shartnomada koʻrsatilgan qiymatining 20 foizidan kam boʻlmagan miqdorda avans toʻlanganda;
b) kredit shartnomasida belgilangan foiz stavkasining 14 foizlik punktdan yuqori, biroq 8 foiz punktidan oshmagan qismini qoplash uchun ajratiladi.
21. Tijorat banki qarz oluvchi tomonidan oʻziga tegishli foiz toʻlovini toʻlagandan soʻng, hisoblangan foizning 14 foiz punktdan yuqori, biroq 8 foiz punktidan oshmagan qismini qoplash uchun “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga quyidagi hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni kiritadi:
a) tijorat banki bilan qarz oluvchi oʻrtasida tuzilgan shartnoma raqamini, sanasini, foizini, muddatini;
b) qarz oluvchi tomonidan oʻziga tegishli foiz toʻlovi toʻlangani toʻgʻrisida maʼlumot;
v) avtopilot uskunasining:
nomi;
rusumi/modeli;
ishlab chiqarilgan sanasi, oyi, yili;
zavod raqamini.
Yuqorida qayd etilgan hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar “Subsidiya.mf.uz” axborot portaliga kiritilganda, qarz oluvchi tomonidan oʻziga tegishli foiz toʻlovi toʻlangani toʻgʻrisida maʼlumot va buyurtmanoma avtomatik shakllanadi. Agarda hujjatlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar axborot tizimda mavjud boʻlmasa, buyurtmanoma shakllanmaydi.
22. Taqdim etilgan hujjatlarning toʻliqligi yoki kredit ajratish va ular boʻyicha subsidiya olishning barcha jarayoni ushbu Nizom talablariga muvofiqligi yuzasidan masʼuliyat tijorat banklarining rahbarlariga yuklanadi.
23. Komissiya avtopilot uskunasini xarid qilish boʻyicha “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali kelib tushgan buyurtmanoma va ilova qilingan hujjatlarni uch ish kunida oʻrganadi.
Oʻrganish jarayonlari yakunlangandan soʻng bir ish kunida komissiya subsidiya ajratish yoki ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi va shu kunning oʻzida tijorat banki “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida subsidiyani ajratish maʼqullangani yoki rad etilgani toʻgʻrisida maʼlumotga ega boʻladi.
Komissiya aʼzolari “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida buyurtmanoma beruvchiga ajratiladigan subsidiyani “subsidiya ajratish” yoki “subsidiya ajratishni rad etish” tugmasi orqali asoslantirgan holda elektron imzo (QR-kod) bilan tasdiqlaydi.
Komissiya aʼzolarining uchdan ikki qismining qarori “subsidiya ajratish” toʻgʻrisida ijobiy boʻlganda, buyurtmanoma beruvchiga subsidiya ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan hisoblanadi.
24. Quyidagi holatlarda buyurtmanomani koʻrib chiqish rad etiladi:
a) kredit oluvchi tomonidan oʻziga tegishli foiz toʻlovi toʻlanmaganda;
b) hujjatlardagi maʼlumotlar avtopilot uskunasi maʼlumotlariga mos boʻlmaganda.
25. Subsidiya ajratish maʼqullanganda, “Subsidiya.mf.uz” axborot portalida ajratiladigan subsidiya miqdori avtomatik tarzda aniqlanadi.
Ajratiladigan subsidiya miqdori aniqlangandan soʻng bir ish kunida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan subsidiya uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida Gʻaznachilik qoʻmitasida Jamgʻarmaga ochilgan maxsus gʻazna hisobvaragʻidan “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali subsidiya tijorat bankining buyurtmanomada koʻrsatilgan bank hisobvaragʻiga avtomatik tarzda oʻtkaziladi.
4-bob. Subsidiyani hisoblash va ajratishni toʻxtatish tartibi
26. Subsidiya ushbu Nizom talablari asosida rasmiylashtirilgan lizing va kredit muddatidan kelib chiqib, haqiqatda qoldiq qarz summasiga hisoblanadi.
Bunda toʻlov jadvali boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlikka qayta subsidiya hisoblanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Qarz oluvchi lizing yoki kreditni uni muddati oʻtgandan soʻng qaytarganda, ajratiladigan subsidiya tasdiqlangan toʻlov jadvalida qayd etilgan summadan oshmasligi lozim.
27. Qarz oluvchi shartnomaning toʻlov jadvaliga muvofiq oʻziga tegishli boʻlgan lizing yoki kredit foiz toʻlovlarini (subsidiya sifatida beriladigan foizdan tashqari) toʻliq toʻlagan boʻlishi shart.
28. Subsidiya lizing tashkiloti uchun har chorakda, tijorat banki uchun har oyda keyingi oyning 20-kunigacha taqdim etilgan buyurtmanomalar boʻyicha hisoblangan joriy foizlar miqdorida hisob-kitob qilinadi.
29. Jamgʻarma tomonidan lizing tashkiloti yoki tijorat banki hisobvaragʻiga qarz oluvchi uchun hisoblangan foiz toʻlovini qisman qoplash uchun oʻtkazib berilgan subsidiya ushbu qarz oluvchining hisoblangan foiz toʻlovlari uchun hisob-kitob qilinadi.
30. Ajratilgan subsidiya qarz oluvchiga hisoblangan subsidiya miqdoridan koʻp boʻlgan taqdirda, ortiqcha mablagʻlar 2 bank ish kunidan kechiktirmasdan Jamgʻarma hisobvaragʻiga qaytarib oʻtkaziladi.
31. Lizing yoki kredit shartnomasining shartlari oʻzgargan taqdirda, ilgari tasdiqlangan va hisoblangan subsidiya miqdori oshirilmaydi va subsidiya muddati uzaytirilmaydi.
32. Jamgʻarma tomonidan ajratilgan subsidiyadan maqsadli foydalanishni, toʻlovlarning va hisob-kitoblarning toʻgʻri amalga oshirilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentining Davlat moliyaviy nazorati inspeksiyasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Maqsadsiz foydalanilgan subsidiya mablagʻlari Bosh bitim shartlariga asosan Jamgʻarmaga qaytariladi.
33. Subsidiya ajratilishi quyidagi hollarda toʻxtatiladi:
a) lizing yoki kredit shartnomasi boʻyicha subsidiya maqsadsiz sarflangani aniqlanganda, qarz oluvchi tomonidan lizing yoki kredit asosiy qarzining tegishli qismi toʻlov jadvalida belgilangan sanadan boshlab 90 kun davomida toʻliq toʻlanmasa;
b) qarz oluvchi tomonidan lizing yoki kredit shartnomasi boʻyicha majburiyatlar toʻliq bajarilganda;
v) qarz oluvchining subsidiya olishni toʻxtatish toʻgʻrisidagi murojaati mavjud boʻlganda;
g) lizing yoki kredit shartnomasi toʻliq bekor qilinganda hamda qarz majburiyatlari boshqa shaxsga oʻtkazilganda.
5-bob. Yakunlovchi qoidalar
34. Taraflar oʻrtasida yuzaga keladigan nizolar belgilangan tartibda sud tomonidan hal etiladi.
35. Ushbu Nizom talablari buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javob beradilar.
Qishloq xoʻjaligi texnikasini kredit va lizing shartlarida, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun avtopilot uskunasini xarid qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
1-ILOVA
Qishloq xoʻjalik texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun ajratilgan lizing yoki kredit foizini qoplash uchun subsidiya ajratish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Qishloq xoʻjaligi korxonasi

Lizing tashkiloti yoki tijorat bankka qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun ariza taqdim etadi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

Lizing tashkiloti yoki tijorat banki

Qishloq xoʻjaligi korxonasi tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun taqdim etilgan arizani koʻrib chiqadi.

3 bank ish kuni

3-bosqich

Lizing tashkiloti yoki tijorat banki

Ijobiy xulosa qabul qilinganda qishloq xoʻjaligi korxonasiga qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun lizing yoki kredit ajratadi.

Xulosa qabul qilingandan keyin 1 bank ish kuni

4-bosqich

Lizing tashkiloti yoki tijorat banki

Qishloq xoʻjaligi korxonasiga qishloq xoʻjaligi texnikasini lizing yoki kredit shartlarida xarid qilish uchun ajratgan lizing yoki kredit foizini tegishli miqdorda qoplash uchun subsidiya ajratish yuzasidan Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan koʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali buyurtmanoma taqdim etadi.

Hisobot davridan keyingi oyning 20 sanasiga kadar

5-bosqich

Komissiya

(Jamgʻarma)

1. “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali kelib tushgan buyurtmanoma va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqadi.

5 ish kunida

2. Oʻrganish jarayoni yakunlangandan soʻng subsidiya ajratish yoki ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

1 ish kunida

6-bosqich

Jamgʻarma

Komissiya subsidiya ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilganda, “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan subsidiya uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida Gʻaznachilik qoʻmitasida Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan koʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ochilgan maxsus gʻazna hisobvaragʻidan lizing tashkiloti yoki tijorat bankining buyurtmanomada koʻrsatilgan bank hisobvaragʻiga avtomatik ravishda oʻtkazadi.

Bosh bitimda belgilangan muddatda

Qishloq xoʻjaligi texnikasini kredit va lizing shartlarida, shuningdek, qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun avtopilot uskunasini xarid qilishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga
2-ILOVA
Tijorat banki tomonidan qishloq xoʻjaligi korxonasiga kredit shartlarida qishloq xoʻjalik texnikasiga avtopilot uskunasini xarid qilishga ajratilgan kredit foizini qoplash uchun subsidiya ajratish
SXEMASI

Bosqichlar

Subyektlar

Tadbirlar

Muddatlar

1-bosqich

Qishloq xoʻjaligi korxonasi

Tijorat bankka kredit shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun avtopilot uskunasini xarid qilish uchun ariza taqdim etadi.

Oʻz xohishiga koʻra

2-bosqich

Tijorat banki

Qishloq xoʻjaligi korxonasi tomonidan kredit shartlarida qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun avtopilot uskunasini xarid qilish uchun taqdim etilgan arizani koʻrib chiqadi.

3 bank ish kuni

3-bosqich

Tijorat banki

Ijobiy xulosa qabul qilinganda, qishloq xoʻjaligi korxonasiga qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun avtopilot uskunasini xarid qilish uchun kredit ajratadi.

Xulosa qabul qilingandan keyin 1 bank ish kuni

4-bosqich

Tijorat banki

Qishloq xoʻjaligi korxonasiga qishloq xoʻjaligi texnikasiga avtopilot uskunasini xarid qilish uchun ajratgan kredit foizini tegishli miqdorda qoplash uchun subsidiya ajratish yuzasidan Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali buyurtmanoma taqdim etadi.

Hisobot davridan keyingi oyning 20 sanasiga kadar

5-bosqich

Komissiya

(Jamgʻarma)

1. “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali kelib tushgan buyurtmanoma va unga ilova qilingan hujjatlarni oʻrganib chiqadi.

3 ish kunida

2. Oʻrganish jarayoni yakunlangandan soʻng subsidiya ajratish yoki ajratishni rad etish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.

1 ish kunida

6-bosqich

Jamgʻarma

Komissiya subsidiya ajratish toʻgʻrisida qaror qabul qilganda, Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan subsidiya uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida Gʻaznachilik qoʻmitasida Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga ochilgan maxsus gʻazna hisobvaragʻidan “Subsidiya.mf.uz” axborot portali orqali subsidiya tijorat bankining buyurtmanomada koʻrsatilgan bank hisobvaragʻiga avtomatik tarzda oʻtkazadi.

Bosh bitimda belgilangan muddatda

.

Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 549-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblanayotgan ayrim qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2019-yil 26-noyabrdagi 952-son qarori.
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligi sohasini boshqarish tizimini yanada takomillashtirishga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2020-yil 30-iyundagi PQ-4765-son qarori)” 2020-yil 30-oktabrdagi 666-son qaroriga 1-ilovaning 8-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi ishlab chiqaruvchilarining suvni tejaydigan sugʻorish texnologiyalarini joriy etish boʻyicha xarajatlarining bir qismini qoplash chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 23-fevraldagi 95-son qaroriga 2-ilovaning 2-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Avtomototransport vositalarini sotib olish jarayoniga axborot tizimlarini joriy etish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2022-yil 21-fevraldagi 78-son qaroriga ilovaning 3-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasining “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida” 2021-yil 20-apreldagi OʻRQ-682-son Qonuni) 2022-yil 4-apreldagi 153-son qaroriga ilovaning 739-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash va ularning manfaatdorligini oshirish uchun qulay sharoitlar yaratilganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2022-yil 17-avgustdagi 455-son qaroriga ilovaning 1-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Agrar va oziq-ovqat sohalari uchun subsidiya ajratish tizimini takomillashtirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2023-yil 3-avgustdagi 331-son qaroriga 3-ilovaning 3-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiruvchilarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash hamda subsidiya berish mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2023-yil 11-avgustdagi 364-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.08.2025-y., 09/25/549/0791-son)