1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.14.00.00 Qishloq xoʻjaligi / 09.14.20.00 Qishloq xoʻjaligi texnikasi va texnologiyalari]
[TSZ:
1.Iqtisodiyot / Qishloq xoʻjaligi]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 29-avgustdagi 549-sonli “Agrar sohani mexanizatsiyalashni davlat tomonidan ragʻbatlantirishni raqamlashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 31-iyuldagi PQ-4410-son qaroriga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. “Oʻzagrotexsanoatxolding” AJ:
texnikani mahalliylashtirishning bazaviy darajasini aniqlash uchun ishlab chiqaruvchi tashkilotlar tomonidan ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikasining barcha turlari boʻyicha hujjatlarni yuqorida qayd etilgan nizomga muvofiq ikki hafta muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzuridagi Tarmoq bozorlari va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish tadqiqotlari markaziga taqdim qilsin;
2019-yil 10-dekabrga qadar Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzagroservis” AJ va tijorat banklari bilan birgalikda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 31-iyuldagi PQ-4410-son qarorida nazarda tutilgan subsidiyalar va kompensatsiyalar taqdim qilinishini moliyalashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga zarur mablagʻlar uchun budjet talabnomasi asoslangan hisob-kitob va hujjatlarni ilova qilgan holda taqdim etilishini taʼminlasin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi:
ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan barcha turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalarining mahalliylashtirish bazaviy darajasi toʻgʻrisidagi maʼlumotni oʻzida aks ettirgan elektron maʼlumotlar bazasining yaratilishini va vazirlik rasmiy veb-saytida joylashtirilishini taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzavtosanoat” AJ ishonchli boshqaruvchi kompaniyasi bilan birgalikda texnikani mahalliylashtirish darajasining oshishini hisobga olgan holda, respublikada ishlab chiqarilayotgan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olishda subsidiyalarni taqdim qilish mexanizmining amal qilish muddatini uzaytirish toʻgʻrisida 2020-yil yakuniga qadar Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.
(3-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 30-oktabrdagi 666-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 09/20/666/1433-son)
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Qishloq xoʻjaligi mashinasozligini jadal rivojlantirish, agrar sektorni qishloq xoʻjaligi texnikalari bilan taʼminlashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlashga oid chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2019-yil 31-iyuldagi PQ-4410-son qarorida nazarda tutilgan subsidiyalarni taqdim qilish va kompensatsiyalarni toʻlash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi buyurtmasiga asosan 2020-2021-yillarga moʻljallangan Davlat budjeti parametrlarida zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish “Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov zimmasiga hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Agrar va oziq-ovqat sohalarini rivojlantirish masalalari kotibiyatiga va Sanoat va uning bazaviy tarmoqlarini hamda kooperatsiya aloqalarini rivojlantirish masalalari departamentiga yuklansin.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 30-oktabrdagi 666-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 31.10.2020-y., 09/20/666/1433-son)
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 26-noyabr,
952-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-noyabrdagi 952-son qaroriga ILOVA
Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan, shuningdek, “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ va uning hududida ijara shartnomalari asosida joylashgan, Chirchiq shahriga koʻchirilayotgan korxonalar hamda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri tomonidan 2024-yil 31-dekabrga qadar tayyor holda chetdan olib kelinadigan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olgan xaridorlarga texnika qiymatini hamda xorijdan olib kelinadigan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlari qiymatini qisman qoplab berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiyalar ajratish tartibini belgilaydi.
2. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar — Oʻzbekiston Respublikasi hududida belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqaruvchi tashkilot;
subsidiya — mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan, shuningdek, “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ va uning hududida ijara shartnomalari asosida joylashgan, Chirchiq shahriga koʻchirilayotgan korxonalar hamda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri tomonidan 2024-yil 31-dekabrga qadar tayyor holda chetdan olib kelinadigan qishloq xoʻjaligi texnikalarini sotib olgan xaridorlarga texnika qiymatining 15 foizini hamda xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizini qoplash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan ajratiladigan mablagʻlar;
xaridor — qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi yuridik va jismoniy shaxslar, paxta-toʻqimachilik tashkilotchilari va klasterlar, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari boʻlgan qishloq xoʻjaligida mexanizatsiyalash xizmatlarini koʻrsatuvchi tashkilotlar;
hisobvaraq-faktura — qishloq xoʻjaligi texnikasining haqiqatdan sotilganini tasdiqlovchi, mahalliylashtirilganlik darajasini koʻrsatuvchi va qishloq xoʻjaligi texnikasi narxini oʻz ichiga olgan hujjat yoki shartnoma;
qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregati — Oʻzbekiston Respublikasida ishlab chiqariladigan barcha turdagi qishloq xoʻjaligi texnikalari, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Chirchiq shahrida qishloq xoʻjaligi mashinasozlik klasterini tashkil qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2021-yil 11-noyabrdagi PQ-7-son qaroriga asosan “Toshkent qishloq xoʻjaligi texnikasi zavodi” AJ va uning hududida ijara shartnomalari asosida joylashgan, Chirchiq shahriga koʻchirilayotgan korxonalar hamda qishloq xoʻjaligi mashinasozligi klasteri tomonidan 2024-yil 31-dekabrga qadar tayyor holda chetdan olib kelinadigan qishloq xoʻjaligi texnikalari, xorijdan olib kelinadigan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlari.
3. Subsidiyalarni ajratish Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi.
Bunda subsidiya mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar tomonidan ishlab chiqarilgan, shuningdek, 2024-yil 31-dekabrga qadar tayyor holda chetdan olib kelinadigan qishloq xoʻjaligi texnikalari hamda xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlari uchun bir marta ajratiladi.
Xorijdan olib kelingan va respublikamizda ishlab chiqarilgan lazerli qurilmaga ega avtomatlashtirilgan yer tekislagich agregatlariga subsidiyalar 2023-yildan boshlab xaridor tomonidan xarid qilingan agregatlarga nisbatan tatbiq etiladi.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasi (keyingi oʻrinlarda — Jamgʻarma) subsidiya ajratish uchun Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan ajratilgan mablagʻlar miqdori toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni har chorak yakuni bilan oʻzining rasmiy veb-saytida joylashtiradi, shuningdek, ularning oʻzlashtirilishi va qoldigʻi haqidagi maʼlumotlarni yangilab boradi.
5. Subsidiyalarni ajratish ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema boʻyicha amalga oshiriladi.
2-bob. Subsidiyalarni ajratish tartibi
6. Subsidiyalar yangi va xarid qilingan kundan boshlab bir yil muddat davomida (hisobvaraq-faktura taqdim etilgan sanadan boshlab) taqdim etilgan arizaga muvofiq qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregati uchun ajratiladi.
7. Xaridor oldi-sotdi toʻgʻrisidagi shartnomani tuzgandan soʻng, shartnoma shartlariga muvofiq mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalarga qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatini toʻlab beradi.
8. Xaridor shartnoma shartlariga muvofiq toʻlovni toʻliq amalga oshirib qishloq xoʻjaligi texnikasini yoki agregatini sotib olgandan soʻng, qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi, shuningdek, agregat qiymatining 30 foizi miqdorida subsidiya olish uchun Jamgʻarmaga quyidagi hujjatlarni taqdim qiladi:
a) mazkur Nizomga 2-ilovaga muvofiq shakldagi ariza;
b) qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregati boʻyicha:
oldi-sotdi shartnomasi yoki shartnoma (kredit shartlarida xarid qilinganda), hisobvaraq-faktura, toʻlov hujjati nusxasi;
lizing shartnomasi, hisobvaraq-faktura, toʻlov hujjati, lizing obyektini qabul qilish — topshirish dalolatnomasi nusxasi (lizing shartlarida xarid qilinganda);
davlat roʻyxatidan oʻtganligi toʻgʻrisidagi “texnik pasport” yoki “texnik guvohnoma” nusxasi.
9. Jamgʻarma mazkur Nizomning 8-bandiga muvofiq taqdim etilgan hujjatlarni besh ish kuni davomida oʻrganib chiqadi.
Oʻrganish natijalariga koʻra, “ijobiy” qaror qabul qilinganda, Jamgʻarma besh ish kuni davomida Oʻzbekiston Respublikasi respublika budjetidan subsidiya uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida xaridorga subsidiya ajratadi.
Bunda Jamgʻarma qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi, agregat qiymatining 30 foizi miqdoridagi subsidiyalarning pul mablagʻlarini xaridorning arizada koʻrsatilgan asosiy bank hisobvaragʻiga oʻtkazadi.
10. Jamgʻarma quyidagi hollarda subsidiya ajratishni rad etadi:
mazkur Nizomning 8-bandida koʻrsatilgan hujjatlar toʻliq taqdim qilinmaganda;
(10-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 5-yanvardagi PQ-5-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 08.01.2024-y., 07/24/5/0010-son)
qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregati xarid qilingan kundan (hisobvaraq-faktura taqdim etilgan sanadan) boshlab bir yil muddat oʻtib murojaat qilinganda (qayta murojaat qilayotgan xaridor uchun ushbu muddatga oʻttiz kun qoʻshiladi).
Xaridor aniqlangan kamchiliklarni oʻttiz kun ichida bartaraf etib, hujjatlarni qayta taqdim qilish huquqiga ega.
3-bob. Yakunlovchi qoidalar
11. Xaridordan qonunchilik hujjatlarida va mazkur Nizomda nazarda tutilmagan boshqa hujjatlarni talab qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregatini ishlab chiqaruvchi korxonalar hamda xaridor taqdim etiladigan hujjatlarning ishonchliligi va asoslantirilganligi yuzasidan qonunchilik hujjatlariga muvofiq masʼul hisoblanadi.
13. Xaridor subsidiya ajratish rad etilganligi, shuningdek, Jamgʻarmaning mansabdor shaxsini xatti-harakatlari ustidan belgilangan tartibda yuqori turuvchi organga yoxud sudga shikoyat qilish huquqiga ega.
Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan subsidiyalarni ajratish
SXEMASI
Bosqichlar
Masʼul ijrochilar, amalga oshirish mexanizmi
Muddatlar
Qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi va lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregati qiymatining 30 foizi miqdorida subsidiya ajratish
1-bosqich
Xaridor oldi-sotdi toʻgʻrisidagi shartnomani tuzganidan soʻng shartnoma shartlariga muvofiq qishloq xoʻjaligi texnikasi va agregatini ishlab chiqaruvchi mahalliy tashkilotlarga texnikaning toʻliq qiymatini toʻlab beradi.
Shartnomaga asosan
2-bosqich
Xaridor shartnoma shartlariga muvofiq qishloq xoʻjaligi texnikasi uchun toʻlovni amalga oshirganidan soʻng qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi va lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi miqdorida subsidiya olish uchun Jamgʻarmaga tegishli hujjatlarni taqdim qiladi.
Xaridor ixtiyoriga koʻra
3-bosqich
Jamgʻarma subsidiya ajratish uchun xaridor tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni koʻrib chiqadi.
5 ish kuni davomida
4-bosqich
Ijobiy qaror qabul qilingan taqdirda, Jamgʻarma qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizi va lazerli qurilmaga ega yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi miqdoridagi subsidiyani xaridorning arizasida koʻrsatilgan bank hisobvaragʻiga pul mablagʻlarini oʻtkazish orqali ajratadi.
5 ish kuni davomida
Qishloq xoʻjaligini mexanizatsiyalashni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga 2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi
Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasiga
Sotib olingan qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizini
(agregat qiymatining 30 foizini) qoplashga subsidiya olish uchun
“_________________________” korxonasidan 202__ yil “_____” _______________da tuzilgan № __________________ raqamli qishloq xoʻjaligi texnikasi (agregati)ning oldi-sotdi shartnomasiga asosan ____________________________________ (summa soʻz bilan yoziladi) soʻmga sotib olingan “_____________” rusumli qishloq xoʻjaligi texnikasi qiymatining 15 foizini (agregat qiymatining 30 foizini) qoplash uchun belgilangan tartibda subsidiya ajratilishini soʻrayman.
Xarid qilingan qishloq xoʻjaligi texnikasi (agregati)ning ____________________________________ _____________________________________________________________________________ boʻyicha hujjatlari _______ varaqda ilova qilinadi.
(ilovaning matni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 11-avgustdagi 364-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.08.2023-y., 09/23/364/0594-son)
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 27.11.2019-y., 09/19/952/4077-son; 31.10.2020-y., 09/20/666/1433-son; 24.02.2021-y., 09/21/95/0147-son, 11.11.2021-y., 07/21/7/1058-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.02.2022-y., 09/22/78/0151-son, Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 18.08.2022-y., 09/22/455/0750-son; 04.08.2023-y., 09/23/331/0560-son; 14.08.2023-y., 09/23/364/0594-son; 08.01.2024-y., 07/24/5/0010-son)