|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 24.07.2003
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTINING “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA MULKNI DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRISh JARAYoNINI YaNADA RIVOJLANTIRIShNING USTUVOR YOʻNALIShLARI TOʻGʻRISIDA” 1994 YIL 15 MARTDAGI FARMONINI BAJARISh ChORA-TADBIRLARI TOʻGʻRISIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 24-iyuldagi 325-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasining kadrlar potensialini mustahkamlash va faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasida mulkni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonini yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida” 1994-yil 15-martdagi Farmoniga muvofiq Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Quyidagilar tasdiqlansin:
Oʻzbekiston Respublikasida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish Davlat dasturi 1-ilovaga muvofiq;
Yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirish toʻgʻrisidagi Nizom 2-ilovaga muvofiq;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi toʻgʻrisidagi Nizom 3-ilovaga muvofiq.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi:
1994-yil 1-oktabrgacha davlat budjeti mablagʻlari hisobiga tashkil etilgan nodavlat (kasaba uyushmalari, “Vatanparvar”, matlubot kooperatsiyasi tashkilotlari) tashkilotlarning roʻyxatini hamda ularning mol-mulki qiymatini aniqlash boʻyicha zarur ishlarni 1994-yil 1-oktabrgacha amalga oshirsin va ularni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tartibi toʻgʻrisida respublika Hukumatiga takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining majmuilari, Tashqi iqtisodiy aloqalar vazirligi, tegishli vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, korporatsiyalar, konsernlar va uyushmalar bilan birgalikda bir oy muddatda yoqilgʻi-energetika, kon-qazib olish, paxtani qayta ishlash tarmoqlari korxonalarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tartibi va mexanizmi toʻgʻrisida takliflar kiritsin, bunda xorijiy investorlarning sarmoyalarini faol jalb qilish va aksiyalarning nazorat paketini davlat ixtiyorida qoldirish nazarda tutilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir hafta muddatda Respublika fond birjasi va Respublika koʻchmas mulk birjasining taʼsis hujjatlarini ishlab chiqsin va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazsin;
Vazirlar Mahkamasining majmuilari, uyushmalar, korporatsiyalar, vazirliklar va idoralar, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda bir oy muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 19-noyabrdagi 426-XII-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulkini respublika hamda maʼmuriy-hududiy tuzilmalar mulki (kommunal mulk)ga boʻlish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun taqdim etsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasiga davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish qonun bilan taqiqlanmagan, 1994-yil 1-yanvardagi holatiga koʻra asosiy fondlarining balans qiymati 5 mlrd soʻm-kupondan kam boʻlgan, qiymati 5 mlrd soʻm-kupondan koʻp boʻlganda esa Vazirlar Mahkamasi bilan kelishgan holda, davlat mulki obyektlarining mulkchilik shaklini oʻzgartirish toʻgʻrisida qarorlar qabul qilish huquqi berilsin.
3. “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bir oy muddatda:
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, konsernlar, uyushmalar, korporatsiyalar, hokimliklar bilan birgalikda qurilishi tugallanmagan obyektlarni keyinchalik xususiylashtirish uchun ularning roʻyxatini tayyorlasin va Davlat mulki qoʻmitasiga taqdim etsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi bilan birgalikda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisidagi statistik hisobotlarni taqdim etish tartibi va shaklini tasdiqlasin, bunda mulkchilik shaklini oʻzgartirishni dastlabki hisobga olish Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va uning hududiy organlari tomonidan amalga oshirilishi nazarda tutilsin.
4. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
10 kun muddatda xususiylashtirilgan korxonalar boʻyicha amortizatsiyadan budjetga ajratmalar ajratish tartibini ishlab chiqsin va tasdiqlash uchun respublika Hukumatiga kiritsin;
20 kun muddatda Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki bilan birgalikda chet ellardagi moliya bozorlarida Oʻzbekiston Respublikasining qiymatli qogʻozlarini joylashtirish usuli toʻgʻrisida takliflar kiritsin;
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi va “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasi bilan birgalikda bir oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga savdo va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish tarmoqlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida tashkil topgan monopol tuzilmalarning roʻyxatini hamda ularni maydalashtirish tartibini kiritsin.
5. Korxonalari 1994-yilda davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, uyushmalar, konsernlar, korporatsiyalar korxonalarni ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirish jadvalini ishlab chiqsinlar va ularga amaliy yordam bersinlar, mulkchilik shakli oʻzgartirilayotgan korxonalarning aksiyalarini respublikada va xorijda fond birjalari orqali sotish maqsadida reklama prospektlarini tayyorlasinlar.
6. “Oʻzdavteleradio” kompaniyasi, boshqa ommaviy axborot vositalari davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini belgilangan tartibda yoritishni, shuningdek, bozor iqtisodiyotiga kirish davrida uning Oʻzbekiston uchun ahamiyatini tushuntirishni, aksiyalari erkin sotiladigan korxonalarni reklama qilishni, fuqarolarni ularning mulk egasi sifatidagi huquqlaridan xabardor qilishni taʼminlasinlar.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosarlari zimmasiga yuklansin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1994-yil 29-mart,
171-son
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 29-martdagi 171-son qaroriga
1-ILOVA
1994-yil 29-martdagi 171-son qaroriga
1-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasida Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish
DAVLAT DASTURI
MUNDARIJA
I. UMUMIY QOIDALAR VA USTUVORLIKLAR
Davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish ijtimoiy yoʻnaltirilgan bozor iqtisodiyotiga va xoʻjalik yuritishning yangi shakllariga oʻtishning muhim yoʻnalishi hisoblanadi.
Xususiylashtirish iqtisodiyotni barqarorlashtirish va xoʻjalik hayotini erkinlashtirish bilan bir qatorda xoʻjalikni samarali yuritish uchun amaliy shart-sharoitlar yaratish va jamiyatning ijtimoiy-siyosiy barqarorligini taʼminlash imkonini beradi, Ammo qanchalik muhimligiga qaramay, bu jarayonni qisqa muddatlarda amalga oshirish mumkin emas va u bir necha bosqichdan iborat boʻladi.
Xususiylashtirishning 1992-1993-yillarda oʻtkazilgan birinchi bosqichida respublikada mahalliy sanoat, savdo, transport, maishiy xizmat, umumiy ovqatlanish, matlubot kooperatsiyasi, dehqonchilik sanoati majmuining qayta ishlovchi tarmogʻi korxonalari mulkchilikning turli shakllariga aylantirildi, shuningdek, davlat va idoralarga qarashli uy-joy fondi xususiylashtirildi.
Respublikada oʻtgan yillarda 49 mingdan ortiq obyekt oʻzining mulkchilik shaklini oʻzgartirdi, ularning 44,1 foizi aksionerlik, 17,6 foizi jamoa, 37,0 foizi xususiy mulkka aylantirildi, 1,3 foizi ijaraga berildi. Mahalliy sanoat, savdo, umumiy ovqatlanish va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish tizimida xususiylashtirish jarayoni asosan tugallandi.
Tayyorlov va qayta ishlovchi tarmoqlarda davlat tasarrufidan chiqarish tugallanmoqda, ularda hozirgi kunga kelib korxonalar umumiy sonining qariyb 96,7 foizi xususiylashtirilgan.
Shunday qilib, respublikada kichik xususiylashtirishining birinchi bosqichi tugallandi va xalq xoʻjaligi turli tarmoqlarining oʻrtacha hamda yirik korxonalarini qayta oʻzgartirishni nazarda tutuvchi davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning ikkinchi bosqichiga oʻtish uchun zamin yaratildi.
Oʻzbekiston Respublikasi davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonini chuqurlashtirish davlat dasturi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulk manfaatlarini himoya qilish va tadbirkorlikni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisidagi Farmoniga, oldingi yillarda oʻtkazilgan davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tajribasi hamda natijalarini nazarda tutib, koʻp ukladli iqtisodiyotni barpo etish va rivojlantirishga oid qonunchilik hamda normativ hujjatlar talablariga muvofiq ishlab chiqilgan boʻlib, Oʻzbekiston Respublikasida davlat mulkini davlat tasarrufida boʻlmagan turli mulkchilik shakllariga aylantirishning ikkinchi bosqichi maqsadlari, ustuvorliklari, izchilligini belgilab beradi.
Ikkinchi bosqich (1994-1995-yillarning asosiy maqsadlari quyidagilardan iboratdir:
xalq xoʻjaligi tarmoqlarida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni amalga oshirish koʻlamlarini kengaytirish;
monopol ishlab chiqarish xoʻjalik tuzilmalarini maydalashtirish va raqobatli bozor muhitini yaratish;
davlat mulkini xususiylashtirish jarayonida respublika aholisi keng qatlamlarining, xorijiy jismoniy va yuridik shaxslarning ishtirok etishini taʼminlash;
ishlab chiqarishning eng yuqori samaradorligiga erishish;
oziq-ovqat va xalq isteʼmol tovarlari taqchilligini kamaytirish orqali respublika aholisining ehtiyojlarini qondirish.
Ustuvor yoʻnalishlar quyidagilardan iboratdir:
qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirgan va ayni vaqtda davlatga tegishli aksiyalar ulushini qisqartirgan holda ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlarini tashkil etish orqali iqtisodiy islohotlar jarayoniga aholini keng jalb qilish;
koʻchmas mulk bozorini shakllantirish, shu jumladan, birinchi navbatda savdo, maishiy, kommunal xizmat koʻrsatish, shuningdek, qurilish obyektlarini tanlov asosida sotish yoʻli bilan bunday bozorni shakllantirish;
xususiylashtirish jarayoniga ulgurji savdo korxonalarini jalb etish orqali ishlab chiqarish vositalari bozorini tashkil qilish, shuningdek, tovar-xomashyo birjalari tizimini rivojlantirish;
shakllangan ishlab chiqarish va boshqaruv tuzilmalarini monopoliyadan chiqarish, xususiylashtirishni cheklash tatbiq etiladigan korxonalar sonini qisqartirish;
tenderlar va kim oshdi savdolari, investitsiya savdolari oʻtkazish, shuningdek, mol-mulkni toʻgʻridan toʻgʻrisotish orqali xorijiy investitsiyalarni respublika iqtisodiyotiga jalb etish;
korxonalarning xususiylashtirishdan keyingi faoliyatini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash.
Barcha davlat mulki obyektlari ikki guruhga boʻlinadi:
davlat tasarrufidan chiqariladigan, xususiylashtiriladigan obyektlar;
xususiylashtirish taqiqlangan obyektlar.
Obyektni ushbu guruhlardan biriga kiritish uchun quyidagilar asos boʻlib hisoblanadi:
obyektlarning tarmoq mansubligi;
ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning, bajarilayotgan ishlar va xizmatlarning ijtimoiy-iqtisodiy ahamiyati;
davlat mulkini saqlab qolishning maqsadga muvofiqligi.
Oʻzbekiston Respublikasining mutlaq mulki boʻlgan obyektlar yer (qonun hujjatlarida belgilangan hollar bundan mustasno), uning qazilma boyliklari, suv, havo boʻshligʻi, oʻsimlik va hayvonot dunyosi, tarix va madaniyat yodgorliklari, respublikaning suverenitetini, uning ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishini taʼminlovchi davlat budjeti mablagʻlari, respublika sugʻurta jamgʻarmalari, korxonalar va mulkiy fondlar, shuningdek, davlat budjetidan mablagʻ bilan toʻliq taʼminlanadigan muassasalar xususiylashtirilmaydi.
Davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan obyektlar reyestri har yili Oʻzbekiston hukumati tomonidan tasdiqlanadi va aholiga maʼlum qilinadi.
Mazkur Dastur vazifalarining ogʻishmay bajarilishi 1994-1995-yillardagi iqtisodiy islohotning hal qiluvchi omili hisoblanadi, respublikada koʻp ukladli iqtisodiyotni va haqiqiy bozorni shakllantirish uchun shart-sharoitlarni taʼminlaydi.
II. KOʻP UKLADLI IQTISODIYOTNI ShAKLLANTIRISh
2.1. Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishning asosiy shakllari hamda qoidalari
Mulkchilik munosabatlarini oʻzgartirish, xoʻjasizlikni bartaraf etish va aniq egalikni qaror toptirish Oʻzbekistonda islohotni yanada rivojlantirishning bosh yoʻnalishi hisoblanadi.
Davlat tasarrufidan chiqarish jarayonida koʻp ukladli iqtisodiyot shakllanadi. Unda mulkchilikning barcha turlari davlat, kommunal, jamoat (shu jumladan, diniy tashkilotlar) mulki va xorijiy mulklar uygʻunlashadi.
Xususiylashtirish jarayonlarida iqtisodiy maqsadga muvofiqlik va samaradorlik qoidalari ustunlik qiladi, islohotni sunʼiy ravishda amalga oshirishga yoki susaytirishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat mulki boʻlgan obyektlarni qayta oʻzgartirish iqtisodiy islohotning yangi bosqichidagi xususiylashtirishning asosiy yoʻnalishi hisoblanadi. Mayda obyektlar uchun koʻproq mulkchilikning xususiy shakli va masʼuliyati cheklangan jamiyat, oʻrtachalari uchun masʼuliyati cheklangan va ochiq turdagi aksionerlik jamiyati, yiriklari uchun ochiq turdagi aksionerlik jamiyati tavsiya qilinadi. Ular uchun mulkchilikning tavsiya etilayotgan shaklini tanlash ishlab chiqarish koʻlamlari, tarmoq xususiyatlari, ishlovchilar soni, asosiy fondlar qiymati, ishlab chiqarishni kooperatsiyalash va boshqa obyektlar bilan aloqalar hisobga olingan holda Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek, respublika darajasidagi tarmoq boshqaruvining mavjud organlari va ularning mintaqaviy (viloyat) boʻgʻinlari ham oʻzgartiriladi. Respublika tarmoq, davlat va nodavlat konsernlari, ularning mintaqaviy boʻlinmalari maʼmuriy buyruqbozlik tuzilma sifatida ixtiyoriy asosda tuziladigan ittifoqlar va uyushmalarga (ittifoq yoki uyushma har bir aʼzosining ulardan chiqish huquqi bilan) aylantirilishi kerak. Ittifoq yoki uyushma ochiq turdagi aksionerlik jamiyati tarzida yoki oʻz muassislarining ehtiyojlariga xizmat koʻrsatuvchi ijro etuvchi organ, yoxud Xolding (agar uning tashkil etilishi yangi monopoliyaga olib kelmasa) tarzida tuzilishi mumkin.
Obyektlarni xususiylashtirish shartlari ham ular faoliyatining koʻlami va xususiyatlariga bogʻliq boʻladi. Asosan savdo, umumiy ovqatlanish, kommunal va aholiga maishiy xizmat koʻrsatish sohalariga kiruvchi obyektlar, qoidaga koʻra, kimoshdi savdosida yoki tanlov asosida sotiladi. Bu boshqa tarmoqlarning mayda va baʼzi oʻrtacha obyektlariga, hajmidan qatʼi nazar, tugallanmagan qurilish obyektlariga (agar balans egasida qurilishni tugallash uchun mablagʻ yoʻq yoki yetarli boʻlmasa) ham taalluqlidir.
Obyektlarni tanlov boʻyicha sotishda yangi mulkdor tomonidan tavsiya etiladigan eng foydali xarid shart-sharoitlari gʻolibni aniqlashning asosiy mezoni hisoblanadi. Bunday shart-sharoitlarga quyidagilar kiradi:
asosiy ishlab chiqarish hajmlarini saqlab qolish va koʻpaytirish, tovar (ish, xizmat)larning yangi turlarini oʻzlashtirish;
ish joylari sonini saqlab qolish yoki koʻpaytirish;
infrastrukturani rivojlantirish;
taqdim etilgan tadbirkorlik rejasiga muvofiq keluvchi boshqa shart-sharoitlar.
Ayrim tarmoqlarning oʻziga xos xususiyatlarini, ularning respublika iqtisodiy imkoniyatlariga hamda davlat buyurtmasining bajarilishiga qoʻshgan hissalarini hisobga olib, quyidagilar nazarda tutiladi:
Ustav sarmoyalarini har bir holatda Davlat mulki qoʻmitasi taqsimlaydi, bunda maʼmuriyatga koʻpi bilan aksiyalarning 5 foizi beriladi, maʼmuriyat deyilganda rahbar, uning oʻrinbosarlari, bosh mutaxassislar (shu jumladan, xoʻjalik hisobidagi boʻlinmalar darajasida) tushuniladi;
aksiyalarning asosiy qismini fond birjalarida, shu jumladan, xorijiy xaridorlarga sotish;
aksiyalarning davlatga tegishli qismini xarid qilish boʻyicha shu korxonalar negizida oldin tashkil etilgan jamiyatlar aksionerlarga imtiyozlar bermaslik;
aksiyalarni turdosh va bevosita aloqada boʻlgan korxonalar sirasiga kiruvchi davlat yuridik shaxslarga sotish.
Ayrim hollarda Davlat mulki qoʻmitasi xorijiy xaridorlarga ustav sarmoyasining 100 foizini sotishi mumkin.
Davlat ulushi hisoblangan aksiyalar va erkin savdoda sotib olinmagan aksiyalar maxsus (aksionerlik jamiyatlari tarzida) tashkil etilgan mulkiy fondlarga beriladi.
1994-yilda keng tarmoqli infrastrukturasi, vakolatli shirkatlari va boshqa nodavlat vositachilari boʻlgan Xoldinglar, investitsiya fondlari va kompaniyalar faoliyat koʻrsatishi uchun shart-sharoitlar yaratish nazarda tutiladi.
Xolding kompaniyalari aksionerlik jamiyatlarini, mulkchilikning jamoa shakllaridagi korxonalarni, masʼuliyati cheklangan xususiy oilaviy jamiyatlarni, tijorat, qoʻshma, kichik hamda idoraviy mansubligidan qatʼi nazar, mulkchilikning turli shakllaridagi boshqa korxona va tashkilotlarni birlashtirish yoʻli bilan tashkil etiladi.
Xolding kompaniyalari tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflar Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan kiritiladi.
Xolding kompaniyalarining faoliyat koʻrsatishi bilan bogʻliq masalalar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan Nizom bilan boshqarib boriladi.
Konsalting firmalarining tashkil etiladigan tarmoqlari korxonalarni xususiylashtirishga tayyorlashni, boʻlgʻusi investorlarni korxonalar faoliyat koʻrsatish shart-sharoitlari bilan tanishtirishni, xaridorlar bilan yuridik va moliyaviy bitimlar loyihalarini tayyorlashni amalga oshiradilar.
Koʻrlar, nogironlar, xalq badiiy hunarmandchiligi jamiyatlarining iqtisodiy negizini mustahkamlash maqsadida ular tomonidan qayta oʻzgartirilgan korxonalar mulkidagi davlat ulushini aksionerlik kompaniyalarining ustav sarmoyasiga imtiyozli yoki tekinga berish nazarda tutiladi.
Keng koʻlamli xususiylashtirishda xorijiy investorlarning ishtirok etishini ragʻbatlantirish uchun ularga singan korxonalarning aksiyalarini, aktivlarini raqobatli savdolarda, koʻchmas mulklarni kimoshdi savdosida sotish, tenderlarda, kimoshdi savdolarida qatnashishlari, davlat korxonalarini toʻgʻridan toʻgʻriinvestitsiyalash, konsessiyalar berish, xorijiy sarmoyani 100 foiz jalb etgan holda korxonalar qurish va shu kabilar koʻzda tutiladi.
2.2. Xususiylashtirilayotgan obyektlarni baholash tartibi
Davlat korxonalari va tashkilotlarini mulkning boshqa shakllariga qayta oʻzgartirish Davlat mulki qoʻmitasi tasdiqlagan Ish tartibiga muvofiq amalga oshiriladi, unda, shuningdek, xususiylashtirilayotgan obyektlar mulkini baholash tartibi ham belgilab berilgan. Mulkni baholashni qayta oʻzgartirishga oid barcha hujjatlar turkumini tayyorlash javobgarligi zimmasiga yuklangan ishchi komissiya amalga oshiradi.
Korxona ishchi komissiyasi materiallari yuzasidan ekspert xulosasini shunday faoliyatni amalga oshirish uchun ruxsatnomaga ega boʻlgan konsalting yoki auditor xizmatlari beradilar. Bu xizmatlar mulkni baholashda oʻzlari foydalangan materiallarning toʻgʻriligi va sifati uchun ishchi komissiya bilan bir qatorda javob beradilar.
2.3. Xorijiy investitsiyalar jalb qilish
Oʻzbekiston Respublikasidagi xususiylashtirish jarayonida xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarning ishtirok etishi qayta oʻzgartirilayotgan korxonalarda texnik va texnologik jihozlanganlik darajasini oshirish, korxonaga menejmentning yangi shakllarini olib kirish, boshqaruv malakalarini takomillashtirish, “nou-xau” ayirboshlash, tashqi bozorga chiqish, shuningdek, bitimlar tuzish yoʻli bilan naqd valyuta olish, xalqaro aloqalarni kuchaytirish va rivojlantirish, ishlab chiqarish quvvatlarini dunyo miqyosida birlashtirish maqsadlarida nazarda tutiladi.
Xalq xoʻjaligining barcha tarmoqlaridagi xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalarining bir qismini sotish yoʻli bilan xorijiy valyutani xususiylashtirishni amalga oshirish nazarda tutiladi.
Xorijiy investitsiyalar jalb qilinganda yoqilgʻi-energetika kompleksi, rangli metallarni, qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlarni, radioaktiv va nodir yer elementlarini qazib olish va qayta ishlash korxonalarining aksiyalari nazorat paketlarini davlat oʻzida saqlab qoladi. Bu sohalarda, shuningdek konsession shartnomalar tuzilishi mumkin.
Xorijiy investorlar uchun xususiylashtirishning quyidagi usullari nazarda tutiladi:
a) aksiyalarni xorijiy investorga raqobatli, shu jumladan, investitsion savdo (tenderlar) orqali, kimoshdi savdolarida, fond birjalarida, shuningdek, bevosita muzokaralar jarayonida sotish;
korxonalarning aksiyalarini toʻliq yoki ularning bir qismini xorijiy investorlarning bittasiga yoki bir guruhiga sotish, bu qoʻshma korxonalar yoki batamom xorijiy sarmoya negizidagi korxonalar tashkil etish imkonini beradi;
tugatilgan (kasodga uchragan) korxonalarning aktivlarini oldindan belgilangan mezonlari bilan kimoshdi savdosida ochiq raqobatli savdolarda sotish;
koʻchmas mulkni kimoshdi savdosida va tanlov asosida sotish;
davlat mulki obyektlarini investitsiya loyihalari boʻyicha tanlov asosida sotish yoʻli bilan;
b) ustav sarmoyasini koʻpaytirgan va davlat korxonasini mulkchilikning davlat-aksionerlik shakliga aylantirgan va koʻpaytirilgan ustav sarmoyasi aksiyalarining bir qismini xorijiy investorga sotgan holda davlat korxonalariga yangi investitsiyalarni joriy etish usuli bilan;
ishlatish va foydalanish huquqi berilgan holda mulkni davlat ixtiyorida qoldirish imkonini beruvchi xorijiy investorlar bilan konsession shartnomalar tuzish usuli bilan (bu usul qazib oluvchi kompleks, elektr energetikasi, suv taʼminoti, kommunal xoʻjaligi korxonalariga nisbatan qoʻllanilganligi maqbul);
xususiylashtirilayotgan davlat korxonalari aksiyalarini xorijiy sarmoya ishtirokida tashkil etilgan investitsiya fondlari, sugʻurta kompaniyalari, investitsiya banklariga joylashtirish va almashtirish usuli bilan;
foydalanishga tayyor qilib xususiylashtirish yer davlat mulki ekanligini saqlab qolgan holda yangi korxonaning xorijiy investor tomonidan qurilishi yoki qurilishning bir qismi davlat mulki ekanligini saqlab qolgan holda tugallanmagan qurilishni foydalanishga tayyor qilib qurib bitkazish usuli bilan.
Xizmat koʻrsatish sohalarining xususiylashtirilgan obyektlari boʻlgan yer uchastkalari xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarga toʻliq xususiy mulk qilib sotiladi yoki uzoq muddatli ijaraga beriladi.
Xorijiy investorlarni davlat mulkini xususiylashtirish jarayoniga jalb qilish shakli toʻgʻrisidagi qaror davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining taqdimnomalari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan qabul qilinadi.
Xorijiy investorlarni davlat mulkini xususiylashtirish jarayoniga jalb qilishga oid tadbirlarni amalga oshirish maqsadida mustaqil konsalting, auditor tarmogʻi, firmalar tashkil etiladi, shuningdek, xuddi ana shunday xorijiy firmalar jalb qilinadi.
Respublika iqtisodiyotiga xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish maqsadida quyidagi vazifalarni amalga oshiruvchi xalqaro agentliklar tashkil etiladi:
Oʻzbekistondagi iqtisodiy islohotlarning qonunchilik va normativ bazalari, davlat mulkini xususiylashtirishning maqsad va vazifalari, korxona mulkida mehnat jamoasi, davlat, ichki va xorijiy investorlarning taxmin qilinayotgan ulushlarini koʻrsatgan holda xususiylashtirilgan va xususiylashtirish moʻljallangan korxonalar, boʻlgʻusi investorning investitsiya loyihasiga qoʻyiladigan talablar, xususiylashtirilayotgan korxonalarning aksiyalarini kimoshdi savdosi (tanlov) asosida sotishning shart-sharoitlari va shu kabilar toʻgʻrisidagi bukletlarni nashr qilish, tarqatish hamda reklama qilish;
boʻlgʻusi xorijiy investorlarning soʻrovi boʻyicha Oʻzbekistonda xususiylashtirish qanday borayotganligi toʻgʻrisidagi zarur axborotni berish;
boʻlgʻusi xorijiy sheriklar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bankini shakllantirish;
tarmoq vazirliklari va idoralarining tashqi iqtisodiy aloqalar boshqarma va boʻlimlarining faoliyatini muvofiqlashtirish.
2.4. Xususiylashtirishda yer munosabatlari
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda savdo va xizmat koʻrsatish sohalarining obyektlari joylashgan yer uchastkalarini sotish xususida Davlat mulki qoʻmitasi Oʻzbekiston Respublikasining qonunchilik va normativ hujjatlariga qatʼiy amal qiladi. Yerni baholashda Yer kadastri maʼlumotlari hisobga olinadi.
Xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini sotish tanlov asosida xususiy mulk qilib berish orqali amalga oshiriladi. Tanlov boʻyicha sotiladigan savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarining dastlabki bahosini belgilashda bu bahoga yer uchastkasining bahosi ham kiritiladi, yer uchastkasi obyektni sotish boʻyicha savdo (kimoshdi savdosi yoki tanlov) oʻtkaziladigan butun davrda uning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Umumiy foydalanishdagi yerlar (maydonlar, koʻchalar, oʻtish joylari, yoʻllar, istirohat bogʻlari, xiyobonlar, gulzorlar, choʻmilish joylari, suv havzalari, tabiiy yodgorliklar, milliy va dendrologiya bogʻlari, qoʻriqxonalar, botanika bogʻlarining yerlari, shuningdek, sogʻlomlashtirish hamda tarixiy-madaniy maqsaddagi yerlar va shu kabilar sotilishi mumkin emas.
Yer uchastkalarini sotish, ular sotiladigan baho va sotish shartlari, egalik qilish, foydalanish va tasarruf qilish huquqi bilan sotilishi mumkin boʻlmagan tegralarning roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda aniqlanadi.
Yer uchastkasini tasarruf qilish huquqi mulkka egalik qilish huquqi toʻgʻrisidagi hujjatda qayd etiladi.
Berilgan yer uchastkalaridan foydalanishga kirishishga tegishli yer tuzish tashkilotlari tomonidan uchastkaning chegaralari naturada belgilanib, yerdan foydalanish huquqini tasdiqlovchi order asosida hujjatlar berilgandan keyin ruxsat etiladi.
III. DAVLAT TASARRUFIDAN ChIQARISh VA XUSUSIYLAShTIRISh USULLARI
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish usullari Davlat mulki qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari tomonidan belgilanadi.
3.1. Davlatning barcha korxonalari xususiylashtirish usuliga koʻra ikki guruhga ajratiladi:
birinchi guruh iqtisodiyot barcha tarmoqlarining ishlovchilar soni 150 kishigacha boʻlgan, asosan kimoshdi savdolari, tanlovlar yoki birja savdolarida sotiladigan mayda korxonalarni oʻz ichiga oladi. Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan qabul qilingan xususiylashtirish usuli toʻgʻrisidagi qaror Davlat mulki qoʻmitasiga qarashli tashkilotlar tomonidan bajarilishi shartdir;
ikkinchi guruh, Dasturning 3.2-bandida nazarda tutilgan istalgan usulda xususiylashtirilishi mumkin boʻlgan qolgan barcha korxonalarni oʻz ichiga oladi.
Davlat mulki qoʻmitasi xususiylashtirish obyektini sotish toʻgʻrisida axborot bildirishi eʼlon qilingunga qadar xususiylashtirishning tarmoq va mahalliy dasturlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga haqlidir.
3.2. Xususiylashtirishning quyidagi usullaridan foydalanish nazarda tutiladi:
xususiylashtirish jarayonida tashkil etilgan ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari aksiyalarini sotish;
–– davlat korxonalarini ochiq aksionerlik jamiyatlariga aylantirish va ularning aksiyalarini belgilangan tartibda sotish;
–– aksionerlik jamiyatlari boʻlmagan korxonalarni tanlov boʻyicha va kimoshdi savdosida sotish;
–– ishlab turgan, tugatilayotgan va tugatilgan korxonalar mol-mulki (aktivlarni, shuningdek, qurilishi tugallanmagan obyektlarni birja savdolarida, kimoshdi savdolarida va tanlov boʻyicha sotish;
–– davlat mulki hisoblangan ulush (pay, aksiya)larni kimoshdi savdosida, tanlov boʻyicha, shu jumladan, qatnashchilarning tarkibi cheklangan tanlov boʻyicha sotish.
3.3. Xususiylashtirish jarayonida tashkil etilgan ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari aksiyalarini sotish.
Davlat oʻz ulushini saqlab qoladigan ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlarining ustav sarmoyasini shakllantirishda asosan aksiyalarning quyidagi toʻrtta paketi nazarda tutiladi:
davlatga tegishli;
mehnat jamoalariga tegishli;
xorijiy sherikka tegishli;
fond birjalarida va qimmatli qogʻozlar bozorlarida, shu jumladan, chet ellarda erkin sotishga moʻljallangan aksiyalar.
Davlat va mehnat jamoalari aksiyalari paketining ulushi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan belgilanadi.
Fuqarolar yoki yuridik shaxslar tomonidan sotib olingan yoki tekinga olingan har qanday aksiyalarni mulkdor qonunchilik doirasida cheklashlarsiz sotishi mumkin.
Qoʻshimcha (ikkilamchi) emissiya va aksiyalarni tarqatish aksionerlik jamiyatlari tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
3.4. Aksionerlik jamiyatlari boʻlmagan korxonalarni tanlov boʻyicha va kimoshdi savdosida sotish.
Jismoniy yoki yuridik shaxslar tomonidan xususiylashtirish obyektlari xususiy mulk qilib sotib olinishi xaridorlardan xususiylashtirilayotgan obyektga nisbatan qandaydir shartlarni bajarish talab qilingan hollarda tanlov boʻyicha sotish hisoblanadi. Tanlov shartlari Oʻzbekiston Respublikasida davlat korxonalarini tanlov boʻyicha davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish tartibiga muvofiq belgilanadi.
3.4.1. Kimoshdi savdosida (tanlov boʻyicha) xususiylashtirilgan davlat korxonalarining egalari boʻlgan jismoniy va yuridik shaxslarga bu korxonalar egallab turgan hamda ular xarid qilgan mulk tarkibiga kirmagan odamlar yashamaydigan xonalar, binolar, imoratlarni ijaraga olish boʻyicha uzoq muddatli (10 yilgacha boʻlgan muddatga) shartnomalar tuzish huquqi beriladi. Yuqorida koʻrsatilgan xonalar, binolar, imoratlarning ijara shartnomalarini ilgari tuzilganlarga nisbatan oʻzgartirishga faqat tomonlarning kelishuviga koʻra, agarda shartnoma shartlarida boshqacha hol nazarda tutilmagan boʻlsa, yoʻl qoʻyiladi.
Savdo va xizmat koʻrsatish sohasining xususiylashtirilgan obyektlari egalari shu korxonalar egallab turgan yer uchastkalarini mulk qilib sotib olish huquqiga egadirlar.
3.4.2. Korxonalar va tashkilotlarning, shu jumladan, tugatilayotgan va tugatilgan korxonalar va tashkilotlarning mol-mulki (aktivlari) kimoshdi savdosida va Respublika koʻchmas mulk savdosi birjasida hamda uning filiallarida Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan tasdiqlanadigan Nizomga muvofiq sotiladi.
3.4.3. Ishlab turgan davlat korxonalarining mol-mulkini (aktivlarini) sotish faqat Davlat mulki qoʻmitasining ruxsati bilan u belgilagan tartibda sotiladi.
3.4.4. Tugallanmagan qurilish obyektlari aktivlarini xususiylashtirish:
bu obyektlarning aktivlarini birja savdolarida, kimoshdi savdolarida, tanlov boʻyicha sotish yoʻli bilan;
keyinchalik aksiyalar sotiladigan davlat sarmoyasi 100 foiz boʻlgan ochiq aksionerlik jamiyati taʼsis etish yoʻli bilan amalga oshiriladi. Tugallanmagan qurilish obyektlarining aktivlarini sotishdan olingan pul daromadlarini taqsimlash Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan tasdiqlangan Nizomga muvofiq amalga oshiriladi.
IV. TADBIRKORLIKNI DAVLAT TOMONIDAN QOʻLLAB-QUVVATLASh ChORALARI
Xususiylashtirishdan keyingi davrda korxonalarning barqaror ishlashini taʼminlash uchun davlat quyidagi chora-tadbirlar majmuini ishlab chiqadi;
maxsus investitsiya fondlari va banklar tashkil etadi;
xususiylashtirishdan tushgan mablagʻlarni jamlaydi va ulardan xususiylashtirilgan korxonalarni rivojlantirish dasturini qoʻllab-quvvatlashda foydalanadi;
davlatga tegishli aksiyalar boʻyicha dividendlarni korxona ularni texnika bilan qayta jihozlashga va asosiy fondlarni yangilashga yoʻnaltiradi;
xalq xoʻjaligining birmuncha qulay tartibda davlat tasarrufidan chiqariladigan ustuvor tarmoqlarini aniqlaydi;
barqaror xoʻjalik aloqalariga ega boʻlgan millatlararo kompaniyalar, birlashmalar va tuzilmalarni tashkil etish uchun shart-sharoitlar yaratadi;
bojxona toʻlovlarini va soliqlarning baʼzi turlarini pasaytirish yoki bekor qilish, kvotalash hamda litsenziyalash hajmlarini kamaytirish tarzidagi turli imtiyozlarni aniqlaydi, belgilaydi va hokazo;
tadbirkorlarni huquqiy va iqtisodiy himoya qilishni kafolatlaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
(4.1. band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1995-yil 26-dekabr 475-sonli qarori asosida oʻz kuchini yoʻqotgan)
4.2. Davlatga tegishli aksiyalar boʻyicha dividendlardan foydalanish
Davlatga tegishli aksiyalar boʻyicha olingan dividendlar 1994-yilda Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan, shartnoma asosida, tashkil etilgan aksionerlik jamiyatlarini taʼminlashga yoʻnaltiriladi.
Ushbu mablagʻlardan belgilangan maqsadda foydalanilmagan taqdirda ular belgilangan tartibda korxonalardan olib qoʻyiladi.
4.3. Moliya-sanoat guruhlarini tashkil etish
Turli xil moliya-sanoat guruhlari, birlashmalari va korporatsiyalarini tashkil etish davlat tomonidan har tomonlama qoʻllab-quvvatlanadi. Bunday tuzilmalar MDH mamlakatlari va jahon hamjamiyati integratsiyasi jarayonlarini kuchaytirish, xoʻjalik aloqalari uchun zarur boʻlgan barcha amaliy xizmatlar majmuini koʻrsatishi, ularning barqaror va uzoq muddatli boʻlishini taʼminlashi, kliring asosidagi oʻzaro hisob-kitoblar masalalarini hal etishi kerak.
4.4. Xalq xoʻjaligining ustuvor tarmoqlarini qoʻllab-quvvatlash
Yoqilgʻi-energetika, kimyo, kon qidirib topish, paxtani qayta ishlash majmuilari tarmoqlari boʻyicha, koʻplab investitsiya, shu jumladan, valyuta mablagʻlarini jalb etgan holda, davlat tasarrufidan chiqarishning maxsus dasturlari tasdiqlanmoqda. Ushbu tarmoqlarning xorijiy investitsiyalari uchun imtiyozli tartib belgilanadi, investorlarni jalb etishda davlat kafolatchi boʻladi.
V. XUSUSIYLAShTIRIShNING MINTAQAVIY VA TARMOQ DASTURLARIGA QOʻYILADIGAN TALABLAR
Mintaqaviy va tarmoq (viloyat, shahar, tuman) dasturlariga qoʻyiladigan umumiy talablar Davlat dasturidan kelib chiqadi va quyidagilardan iborat boʻladi:
5.1. Xususiylashtirishning mintaqaviy va tarmoq dasturlari respublika xususiylashtirish dasturining ustuvor yoʻnalishlarini hisobga olgan holda tuzilishi kerak.
5.2. Xususiylashtirishning mintaqaviy va tarmoq dasturlariga atrof muhitni muhofaza qilish tadbirlari albatta kiritilishi kerak, yaʼni hududga ekologik zarar yetkazadigan korxonalar himoya inshootlarini yaratib, ularni ishga tushirgandan keyingina xususiylashtirilishi yoki bu korxona tugatilib, uning mulki qismlab kimoshdi savdolari orqali yoki ekologiya talablarini nazarda tutgan holda tanlov asosida sotilishi mumkin.
5.3. Xususiylashtirishning hududiy va tarmoq dasturlari asosiy qoidalarining roʻyobga chiqarilishi qonun boʻyicha hudud yoki tarmoqdagi davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayoni uchun masʼul boʻlgan boʻlinmalar hamda mansabdor shaxslarning javobgarlik tartibi asosida jadal va sifatli amalga oshirilishi lozim.
Xususiylashtirishning mintaqaviy dasturlari hokimliklar tomonidan har yili Davlat mulki qoʻmitasining hududiy boshqarmalari bilan birgalikda ishlab chiqilishi va quyidagilarga qaratilgan boʻlishi kerak:
bozor infrastrukturasining yangi subyektlarini yaratish va yangi turdagi tadbirkorlarni tarbiyalash;
mahalliy bozorni tovarlar va xizmatlar bilan boyitish;
mintaqaning hayotini taʼminlash va hudud manfaatlariga aloqador muammolarni hal qilish.
Xususiylashtirishning mahalliy dasturlari mazkur mintaqaning respublika xalq xoʻjaligidagi ijtimoiy-iqtisodiy xususiyatini hisobga olishi va davlat tasarrufidan chiqarish hamda xususiylashtirish jarayonining oʻzini amalga oshirishda shu mintaqada yashovchi aholining barcha qatlamlarini ijtimoiy himoya qilishni taʼminlashi kerak.
Xususiylashtirishning mahalliy dasturi muhokamasi ommaviy boʻlishi, uning loyihasi mahalliy matbuot organlarida eʼlon qilinishi, mahalliy radio va televideniye orqali eshittirilishi, koʻrsatilishi lozim.
Xususiylashtirishning mintaqaviy va tarmoq dasturlari qayta oʻzgartirilishi lozim boʻlgan aniq obyektlar roʻyxatini, ularni xususiylashtirishdan kutilayotgan mablagʻlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oʻz ichiga olishi kerak.
Tarmoq dasturlarini ishlab chiqishda quyidagilar nazarda tutilishi zarur:
mavjud ahvolni sifat va miqdoriy jihatdan tahlil qilish, bozor munosabatlariga oʻtish sharoitlaridagi strategiya hamda taktikani belgilash;
davlat tasarrufidan chiqariladigan va xususiylashtiriladigan korxonalar roʻyxati;
ishlab turgan yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirish boʻyicha takliflar tayyorlash;
boshqaruvning iqtisodiy va shartnomaviy usullariga oʻtish masalalarini nazarda tutgan holda aksionerlik jamiyatlarining namunaviy ustavidan foydalanish;
mintaqaning va umuman respublikaning manfaatlarini hisobga olgan holda davlat mulkini xorijiy sheriklar va investorlarga sotish imkoniyatlariga alohida eʼtibor berish.
Xususiylashtirish jarayonida korxonalarni birlashmalar tarkibidan, tarkibiy boʻlinmalarning korxonalar tarkibidan chiqishi toʻgʻrisidagi qaror respublika Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan nizomga muvofiq qabul qilinadi.
Tarkibiy boʻlinmalarning korxonalar tarkibidan ajralib chiqishi toʻgʻrisidagi qaror texnologik majmua birligini buzmasligi kerak.
DAVLAT KORXONALARINI XUSUSIYLAShTIRIShNING TARMOQ XUSUSIYATLARI
1. Sanoat
Yirik korxonalar asosan ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlari tarzida xususiylashtiriladi.
Oʻrta va mayda korxonalar xususiy mulk, javobogarligi cheklangan jamiyat tarzida xususiylashtirilib, xorijiy investorlarga qoʻshma korxonalar tashkil qilish uchun tavsiya etiladi, aksiyalashtiriladi.
Respublika mintaqalari uchun hayotiy muhim mahsulotlarni ishlab chiqarishda ustuvorlikka ega boʻlgan kimyo sanoati korxonalari ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantiriladi yoki tanlov asosida mazkur ishlab chiqarishni rivojlantirish yoki uning samaradorligini oshirishning eng maqbul variantini taklif etgan yuridik va jismoniy shaxslarga tanlov asosida sotiladi.
Energetika vazirligi, “Oʻrtaosiyokoʻmir”, Davlat geologiya va mineral resurslar qoʻmitasi korxonalarining xalq xoʻjaligini yoqilgʻi-energetika va mineral resurslar bilan barqaror hamda uzluksiz taʼminlash boʻyicha ularga boʻlgan talablar, ularni qazib olish va qayta ishlash ustidan nazoratning zarurligi kabi xususiyatlaridan kelib chiqib, ushbu bosqichda ularning yordamchi ishlab chiqarish boʻlinmalarini davlat tasarrufidan chiqarib, ular uchun maxsus dasturlar ishlab chiqish, aksiyalarning nazorat paketini davlatda qoldirish maqsadga muvofiqdir.
Kimyo va paxtani qayta ishlash korxonalari uchun maxsus dasturlar ishlab chiqiladi.
2. Qurilish majmui, transport va aloqa
Qurilish majmui, transport va aloqa davlat korxonalarini qayta oʻzgartirish asosan ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirish tarzida amalga oshirilib, aksiyalar mehnat jamoalari aʼzolariga, davlat tasarrufida boʻlmagan jismoniy va yuridik shaxslarga, xorijiy firma va kompaniyalarga tarqatiladi. Aksiyalarni aksionerlar oʻrtasida taqsimlashni, aksiyalarning nazorat paketini belgilashni Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi amalga oshiradi.
Tugallanmagan qurilish obyektlari, qaysi idoraga qarashliligidan qatʼi nazar, boshqa mol-mulk bilan bir qatorda kimoshdi savdosiga yoki tanlov boʻyicha sotishga qoʻyiladi.
Monopoliyaga qarshi siyosatning maqsadga muvofiqligi va unga rioya qilish zarurligini hisobga olib, aksiyalardagi davlat ulushini kamaytirish va uni fond birjalari orqali erkin sotish nazarda tutiladi.
3. Ijtimoiy soha
Ijtimoiy va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlarini qayta oʻzgartirishning asosiy shakllari javobgarligi cheklangan jamiyat xususiy mulki va ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlaridir.
Savdo va maishiy xizmat obyektlarini xususiylashtirishda yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirish, shuningdek, tanlov asosida shu obyektlar joylashgan yer uchastkalarini xususiy mulk qilib sotish nazarda tutiladi.
4. Dehqonchilik sanoati majmui
Dehqonchilik sanoati majmuidagi qayta oʻzgartirishlar shakli davlatda qoladigan yerga egalik huquqi bilan belgilanadi. Yer ijaradagi jamoalarga, uyushmalarga, dehqon (fermer) xoʻjaliklariga, fuqarolarga bogʻ-uzumchilik xoʻjaliklari aʼzolariga, amaldagi qonunga muvofiq yetishtirilgan mahsulotga egalik qilish huquqi bilan vaqtincha yoki doimiy foydalanish uchun shartnoma boʻyicha ajratiladi.
Iqtisodiyotning dehqonchilik jabhasidagi davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha davom ettiriladi:
jamoa xoʻjaliklarida kooperatsiyaning boshlangʻich xususiyatini tiklash. Jamoa aʼzolari ishlab chiqarish vositalari va yetishtiriladigan mahsulotlarning egalari boʻladilar. Jamoa har bir aʼzosining mulkdagi ulushini aniqlash (pay, aksiyalarni qayta taqsimlash) boʻyicha nizom ishlab chiqiladi;
davlat xoʻjaliklarini jamoa xoʻjaliklariga, aksionerlik jamiyatlariga va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga (mol-mulkni sotib olish yoki jamoaga tekin berish asosida) aylantirish;
dehqon (fermer) xoʻjaliklarini yirik xoʻjaliklar (jamoa xoʻjaliklari, davlat xoʻjaliklari) bilan integratsiyada rivojlantirish va ular negizida dehqonlarning ijaradagi, kooperativ va xoʻjalikni yuritishning boshqa shakllaridagi uyushmalari tarzidagi koʻp ukladli xoʻjaliklarni tashkil etish;
qishloq xoʻjaligi xomashyosi bilan ishlovchi davlatning qayta ishlovchi korxonalarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirish.
VI. BOZOR INFRASTRUKTURASI MUASSASALARI TARMOGʻINI TAShKIL ETISh VA RIVOJLANTIRISh
Madaniyatli bozor iqtisodiyotiga xos boʻlgan dinamizm, harakatchilik, yuqori samaradorlik bozor infrastrukturasi muassasalari tarmogʻi tomonidan taʼminlanadi. Bozorning hamma qatnashchilari: sotuvchilar, xaridorlar va vositachilar uchun zarur boʻlgan ommaviy xizmatlar bilan tez, ishonchli, qulay va arzon tarzda taʼminlash ularning vazifasi hisoblanadi. Bunga tovarlar, aksiyalar va koʻchmas mulklar oldi-sotdisi, obyektlarni investitsiyalash, ularga kredit xizmati koʻrsatish, qimmatli qogʻozlarni muomalaga chiqarishni va ularning harakatini tashkil etish kiradi. Yuqorida qayd etilgan ishlarga boʻlgan ehtiyojlarni qondirish uchun fond, koʻchmas mulk birjalari, investitsiya fondlari, ishlab chiqarish vositalari sotiladigan ulgurji savdo korxonalari, xususiylashtirish banki, universal axborot-telekommunikatsiya tizimi jadal surʼatda tashkil qilinadi.
6.1. Universal axborot-telekommunikatsiya tizimini va depozitariylarni tashkil qilish
Bozor iqtisodiyotini barpo qilishda moliya bozori eng muhim ahamiyatlardan birini kasb etadi. Iqtisodiyotni tarkibiy qayta qurish, bu jarayonda fuqarolarning shaxsan ishtirok etishlarini taʼminlash uchun aholi hamda korxonalarning band boʻlmagan mablagʻlarini safarbar qilishning yangi mexanizmi zarur boʻladi.
Qimmatli qogʻozlarning mahalliy mintaqaviy bozorlarini yagona tizimga uyushtirish, ularning tuzilmalarini bu tizim doirasida uygʻunlashtirish, roʻyxatga olish, qimmatli qogʻozlar bilan savdo qilish, hisobga olish va hisobotning yagona qoidalarini qaror toptirish har bir investorga respublikadagi istalgan emitentning oʻziga zarur boʻlgan qimmatli qogʻozlarini xarid qilishini taʼminlaydigan yagona axborot makonining yaratilishini talab qiladi.
Bularning barchasi oqibat natijada qimmatli qogʻozlar bozoridagi narxlarning barqarorlashuvini, talab va takliflar muvozanatini nazarda tutadi.
Qimmatli qogʻozlar bozorida fondlarning umumrespublika integratsiyalashgan tizimi va koʻchmas mulk birjasining tarmoqlangan mintaqaviy infrastrukturasi, davlat nazorati ostida qimmatli qogʻozlarni chiqarish jarayonlari bilan qatnashishi zarurdir.
Qimmatli qogʻozlar bozorida sodir boʻlishi mumkin boʻlgan salbiy hodisalarni bartaraf etishning ijobiy imkoniyatlarini amalga oshirish maqsadida Davlat mulki qoʻmitasi huzurida Oʻzbekiston umumdavlat axborot-telekomunikatsiya fondi tizimi (UUTFT)ni shakllantirish nazarda tutilgan. Tizim qimmatli qogʻozlarning likvid (naqd pulga aylantiriladigan) bozorini taʼminlashi, emitentlarga samarali ishlab chiqarishni rivojlantirish uchun zarur boʻladigan mablagʻlarni qisqa muddatlarda jalb qilishlariga, investorlarga esa oʻz mablagʻlarini foydali tarzda joylashtirishlariga imkoniyat yaratishi kerak. Fond bozorining qatnashchilari emitent va investorlarning manfaatlarini uygʻunlashtirishdan tegishli daromadlarni oladilar.
Bu ulkan axborot tizimi elektron aloqa yordamida respublikaning viloyatlari, yirik shaharlarini bir-birlari bilan bogʻlashi, bitimlar tuzish vaqtida emitentlar, moliyaviy aktivlar oldi-sotdisining narxlari va hajmlari toʻgʻrisida toʻliq axborot berishi kerak.
Mexanizmni ishlab chiqish va amalda joriy qilish ikki bosqichda amalga oshiriladi;
Birinchi bosqichda qimmatli qogʻozlarni dastlabki tarqatish mexanizmining yaratilishi taʼminlanishi, qimmatli qogʻozlarning respublika va mintaqaviy darajalarda elektron-hisoblash tarmoqlari va depozitariylar yordamida qimmatli qogʻozlarning harakatini taʼminlovchi elektron komplekslar bilan talab darajasida jihozlash amalga oshirilishi kerak.
Ikkinchi bosqichda qimmatli qogʻozlarning ikkilamchi bozori mexanizmining shakllanishi taʼminlanadi, buning uchun quyidagilar zarur boʻladi:
tegishli qonun yoki normativ hujjatlar bilan qimmatli qogʻozlar fond muomalasining yagona mexanizmini yaratish maqsadida fond operatsiyalarining unifikatsiyalangan qoidalarini tasdiqlash;
barcha darajalarni mahalliy hisoblash tarmoqlari va telekommunikatsiya asbob-uskunalari tizimlari bilan toʻliq jihozlash;
mintaqa va respublika birja hamda kimoshdi savdolarida elektron savdolarini tashkil etish;
mintaqaviy depozitariylarning markaziy respublika depozitariysi bilan oʻzaro aloqa tizimini ishlab chiqish;
investitsiya fondlarining buxgalteriya hisobi yuritilishini nazorat qilish mexanizmini ishlab chiqish;
depozitariy maʼlumotlarini hisobga olish asosida axborot-maʼlumotnoma analitik tizimini ishlab chiqish.
Depozitlar tarmoqlarini tashkil etish qisqa muddatda quyidagilarni amalga oshirish imkonini beradi:
aksiyalar va boshqa qimmatli qogʻozlarning naqd pulsiz emissiyasini taʼminlash. Bu aksiyalashtirilayotgan korxonalar mablagʻlarini ancha tejaydi;
qimmatli qogʻozlar emissiyasi hajmlari, ularning muomalada boʻlishi toʻgʻrisida yagona axborot bazasini yaratish, fond bozorining ahvoli va rivojlanish tendensiyalarini nazorat qilish uchun davlat organlarini axborot-maʼlumotnoma materiallar bilan taʼminlash;
aksionerlar reyestrini yagona texnologik asosda yuritishni tashkil etish;
aksiyalarni dastlabki joylashtirishni taʼminlash va ikkilamchi bozorning tezkor faoliyat koʻrsatishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
fond birjasida va birjadan tashqari operatsiyalarda aksiyalarni xarid qilish sotishda solishtirish operatsiyalarini bitishuv tuzilgandan keyingi ish kunidan kechikmay bajarilishini taʼminlash;
qimmatli qogʻozlar emissiyalarini naqd pulsiz shaklda joylashtirishda qalbakilik va yoʻqolishdan yuz foiz kafolatlash, fond birjasida taʼminlanmagan va roʻyxatdan oʻtkazilmagan aksiyalarning paydo boʻlishidan toʻliq himoya qilishni nazorat etish;
mavjud texnologiyalar hisobiga qimmatli qogʻozlarga egalik qilishdan kelib chiqadigan huquqlarni (sotish, inʼom qilish, garovga berish, meros qilib qoldirish kabilarni) amalga oshirish boʻyicha topshiriqlarni bajarishning oddiy va ishonchli mexanizmini yaratish.
Depozitariy toʻgʻrisidagi Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan Moliya vazirligi bilan birgalikda tasdiqlanadi.
6.2. Respublika fond birjasi
Respublika fond birjasi bozor munosabatlarini shakllantirish chora-tadbirlarini amalda roʻyobga chiqarish, iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, xususiy mulkni himoya qilishni taʼminlash, tadbirkorlikni ragʻbatlantirish, yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek, xorijiy investorlarga davlat mulkini hususiylashtirish jarayonida bevosita qatnashish uchun imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etiladi.
Quyidagilar birjaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
qimmatli qogʻozlarning muomalada boʻlishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish, ularning bozor narxlarini aniqlash va ular toʻgʻrisidagi axborotlarni tegishli ravishda tarqatish, qimmatli qogʻozlar bozori qatnashchilarining malakasini yuqori darajada tutish;
yuridik va jismoniy shaxslarga qimmatli qogʻozlar yordamida zarur pul mablagʻlarini jalb qilish va ularning aylanuvchanligini tartibga solish imkoniyatlarini yaratish.
Birja oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga, ustavga va boshqa normativ hujjatlarga amal qiladi.
6.3. Respublika koʻchmas mulk savdosi birjasi
Respublika koʻchmas mulk savdosi birjasi koʻchmas mulkning ochiq bozorini barpo qilish, tadbirkorlikni va raqobatni ragʻbatlantirish, xususiylashtirish jarayonini takomillashtirish va jadallashtirish, yuridik va jismoniy shaxslarga, shuningdek, xorijiy fuqarolarga mulkni xususiylashtirish jarayonida bevosita ishtirok etish uchun imkoniyat yaratish maqsadida tashkil etiladi.
Quyidagilar birjaning asosiy vazifalari hisoblanadi:
koʻchmas mulk savdosini tashkil qilish, bozor narxlarini belgilash va ular toʻgʻrisidagi axborotni tegishli ravishda tarqatish orqali respublikaning barcha mintaqalaridagi va uning tashqarisidagi jismoniy hamda yuridik shaxslar bilan foydali tijorat bitimlarini tuzish uchun shart-sharoitlar tashkil qilish.
Birja oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasining qonunlariga, ustavga va boshqa normativ hujjatlarga amal qiladi.
6.4. Oʻzbekiston xususiylashtirish banki
Tadbirkorlarni, qayta oʻzgartirilgan va xususiylashtirilgan korxonalarni moliyaviy qoʻllab-quvvatlash maqsadida Davlat mulki qoʻmitasi xususiylashtirish tushumlaridan toʻplangan mablagʻlarning bir qismidan, shuningdek, xalqaro xorijiy va respublikadagi yuridik va jismoniy shaxslar mablagʻlaridan foydalanib, xalqaro xususiylashtirish banki (“Oʻzxususiylashtirishbankni tashkil qiladi).
“Oʻzxususiylashtirishbankining:
xususiylashtirilgan mulk subyektlari, shu jumladan, xorijiy investorlarga qismi yoki toʻliq tegishli boʻlgan subyektlarga nisbatan investitsiya kredit faoliyati bilan shugʻullanishi;
sarmoyani (davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan olingan mablagʻlar, aksiyalarni erkin sotishdan olingan daromadlar, davlatga tegishli aksiyalardan olingan dividendlar, davlat mulkini ijaraga berishdan olingan ijara toʻlovlarining bir qismini) xalq xoʻjaligini tarkibiy qurish dasturi (topshiriqda belgilangan tartibda tasdiqlangan yoʻnalish va obyektlar boʻyicha qoʻyishni tartibga solishi;
xususiylashtirilgan korxonalarni sugʻurta qilingan mol-mulkni garovga qoʻyish yoki boshqa kafolatlar orqali kredit bilan taʼminlashni amalga oshirishi;
ularning xalqaro fondlar va xorijiy investorlardan tushadigan maqsadli mablagʻlarini toʻplashi hamda ulardan xususiylashtirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashda foydalanishi;
tezda samara beradigan, Oʻzbekistonning eksport imkoniyati oʻsishiga, importning oʻrnini bosadigan ishlab chiqarishlarni barpo etishi;
korxonalarni sotib olish hisobiga hosil boʻladigan va korxonalarni qoʻllab-quvvatlashga moʻljallangan mablagʻlar ulushini toʻplashi hamda ulardan belgilangan maqsadda foydalanishi;
Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, xalqaro valyuta fondi va boshqa tashkilotlar bilan xususiylashtirish hamda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha hamkorlik qilishi nazarda tutilsin.
6.5. Investitsiya fondlari va qimmatli qogʻozlar bozori
Ommaviy xususiylashtirish Oʻzbekiston Respublikasining barcha fuqarolariga korxonalar aksiyalarini xarid qilish yoʻli bilan mulkka egalik huquqini taʼminlash imkonini yaratadi.
Xususiylashtirish qatnashchilariga tanlov erkinligini taʼminlash va oʻz mablagʻlarini aksiyalarga muvaffaqiyatsiz qoʻyishdan qutulishi mumkin boʻlgan yoʻqotishlar tavakkalini kamaytirish maqsadida tijorat asosida oʻz aksiyalarini erkin sotish uchun tavsiya qiladigan aksionerlik jamiyatlari bilan muayyan investorlar oʻrtasidagi vositachilar sifatida ishlovchi investitsiya fondlarining tizimi shakllantiriladi.
Investitsiya fondlarining faoliyati ruxsatnoma (litsenziyalar) asosida amalga oshiriladi.
Investitsiya fondlarini taʼsis qilish va ularning faoliyati Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati tomonidan tasdiqlanadigan investitsiya fondlari toʻgʻrisidagi maxsus nizom bilan tartibga solib boriladi.
Davlat tuzilmalari va davlat tasarrufida boʻlmagan yuridik hamda jismoniy shaxslar investitsiya fondlarining taʼsischilari boʻlishlari mumkin.
Investitsiya fondlarining aksiyalari va xususiylashtirilayotgan korxonalar aksiyalari bilan amalga oshiriladigan oldi-sotdi operatsiyalariga soliq solinmaydi.
Barcha turdagi investitsiya fondlari oʻzlari chiqargan aksiyalarini Davlat mulki qoʻmitasi aksioner hisoblanuvchi davlat aksiyalari ulushiga almashtirish huquqiga ega emaslar. Davlat tasarrufida boʻlmagan investitsiya fondlari milliy va erkin almashtiriladigan valyutada davlat aksiyalarini xarid qilishlari mumkin.
VII. AHOLINI MUAYYaN TARZDA IJTIMOIY HIMOYa QILISh
Iqtisodiy islohotlar jarayonida aholining turli qatlamlarini muayyan tarzda ijtimoiy himoya qilishning xususiyatlari quyidagilardan iboratdir:
1. Ijtimoiy adolatni taʼminlashga taqsimot jarayoni yordamida erishiladi. Budjet mablagʻlari hisobiga yordam koʻrsatib turiladigan aholining eng muhtoj va kamxarj qatlamlarini qoʻllab-quvvatlashning turli dasturlarini ishlab chiqish.
Eng muhim oziq-ovqat mollari, bolalar va keksalar uchun moʻljallangan mollar uchun davlat tomonidan dotatsiya beriladi.
2. Xususiylashtirishning boshlangʻich bosqichida homiladorlarni, nogironlarni ishdan boʻshatish boʻyicha cheklashlar, xalq isteʼmol mollari ishlab chiqaradigan korxonaning yoʻnalishini saqlab qolish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoni bilan belgilanadigan eng kam ish haqidan past boʻlmagan darajada ish haqi toʻlanishini taʼminlash va shu kabilarni nazarda tutuvchi aholini ijtimoiy himoya qilish choralari majmui.
Qoʻshimcha ishchi oʻrinlari tashkil etish, shuningdek, kadrlarni qayta tayyorlash boʻyicha maxsus dasturlarni ishlab chiqish.
3. Ijtimoiy himoya qilishning uy-joylarni xususiylashtirishda ifodalangan muayyan yoʻnalishlari. Uy-joylarni ish haqi maoshlarining yagona tarif setkasi bilan limitlangan oʻqituvchilar, fan, madaniyat, sogʻliqni saqlash va boshqa budjet tashkilotlari xodimlarining bepul olishi.
4. Mehnat jamoalarining quyidagilarga boʻlgan huquqiy ustunligi:
aksiyalarning imtiyozli paketlariga;
yuqori darajada eskirgan asosiy fondlarni bepul berishga;
korxonadagi ijtimoiy infrastruktura obyektlaridan (ishxonalar, dushxonalar, kiyimxonalar, tibbiy joylar, profilaktoriylar va shu kabilardan) bepul (sotib olmasdan) foydalanish imkoniyatiga;
mol-mulkning sotib olish qiymatidan asosiy sotib olishga korxonaning ishlab chiqarish fondidan qilingan xarajatlari hajmida chegirishga;
er uchastkalarini savdo va xizmat koʻrsatish sohasi obyektlari uchun sotishga;
shaxsiy yordamchi xoʻjalik uchun yer olishga;
qishloq xoʻjaligida davlat xoʻjaliklari, fermalar, bogʻlar, uzumzorlar va shu kabilar mol-mulkini imtiyozli xususiylashtirish imkoniyatiga.
Mulkdorlar oʻrtasidagi mulkiy nizolar Oʻzbekiston Respublikasi qonunchilik va normativ hujjatlari bilan belgilangan tartibda va shartlarda hal etiladi.
VIII. XUSUSIYLAShTIRISh JARAYoNINI TARTIBGA SOLUVChI QONUNLAR VA NORMATIV HUJJATLARNI TAKOMILLAShTIRISh
Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini tartibga soluvchi qator qonun va normativ hujjatlarga mazkur Dasturning I-VII boʻlimlariga muvofiq belgilangan tartibda oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritiladi.
Jumladan, quyidagi qonun va nizomlar oʻzgartirishni va qayta ishlashni talab qiladi:
“Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish toʻgʻrisida”, “Ijara toʻgʻrisida”, “Mulkchilik toʻgʻrisida”, “Korxonalar toʻgʻrisida”, “Chet el investitsiyalari toʻgʻrisida”, “Monopolistik faoliyatni cheklash toʻgʻrisida”, “Xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlar toʻgʻrisida”, “Garov toʻgʻrisida”, “Qimmatli qogʻozlar va fond birjasi toʻgʻrisida” yangi qonunlar joriy qilinishi zarur. Ular orasida “Xoʻjalik subyektlarining sinishi toʻgʻrisida” va boshqalar bor.
Respublikamizdagi davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish boʻyicha nizomlar, normativ hujjatlar tadrijiy asosda, yoʻnalishlar boʻyicha ishlab chiqilmoqda va tasdiqlanmoqda.
8.1. Davlat korxonalarini xususiylashtirishda tarkibiy siyosatni amalga oshirish uchun normativ bazalar tayyorlash.
Tegishli hujjatlar bilan:
xususiylashtirilishi kerak boʻlgan korxonalarning davlat reyestri, boshqaruvning respublika va mintaqaviy tuzilmalarini uyushmalarga va xoʻjalik birlashmalarining boshqa shakllariga aylantirish, uyushmalar va ittifoqlarning ustavlarini Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiqlashtirish, Oʻzbekiston Respublikasi budjetidan mablagʻ bilan taʼminlanadigan davlat korxonalari va tashkilotlari roʻyxati, xalq xoʻjaligi tarmoqlarida va narx belgilash sohasida monopolistik faoliyatni cheklash tartibi tartibga solib boriladi.
Xususiylashtirishning mintaqaviy dasturlari, ulgurji savdo tizimi, davlat kadastrlarining yagona tizimi, Xolding kompaniyalari toʻgʻrisidagi nizom, pay va aksiyalarni qayta taqsimlash, haqiqiy mulkdorlarni aniqlash tartibi tasdiqlanadi.
8.2. Davlat korxonalarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirishga doir chora-tadbirlar davlat mulki boʻlgan obyektlarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, korxonalar aksiyalarini chiqarish va sotish, asosiy fondlarni hisobdan chiqarish, yopiq aksionerlik jamiyatlarini ularning ochiq turlariga aylantirish, alohida obyektlar va korxonalarni xoʻjalik jamiyatlari va shirkatlari tarkibidan chiqarish tartibini, ochiq turdagi aksionerlik jamiyatining namunaviy Ustavini belgilaydi.
8.3. Qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish va koʻchmas mulklar hamda ishlab chiqarish vositalari bozorlarini tashkil etish boʻyicha chora-tadbirlar:
(fond, tovar-xomashyo, koʻchmas mulk) birjalari, investitsiya fondlari, qurilishi tugallanmagan obyektlarni sotish boʻyicha tanlovlar toʻgʻrisidagi nizomlarni;
axborotlarning respublika telekommunikatsiya tizimini yaratish dasturini;
xoʻjalik subyektlarining sinishi toʻgʻrisidagi qonunni ishlab chiqishni nazarda tutadi.
8.4. Xorijiy investitsiyalarni xususiylashtirish jarayoniga jalb etish. Bu ishda yutuqqa erishish uchun xorijiy fuqarolarning kelishi va Oʻzbekiston hududida yurishining, xorijiy investitsiya jalb etilgan korxonalarni roʻyxatdan oʻtkazishning soddalashtirilgan tartibi joriy qilinadi, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslardan soliq olish tartibga solinadi, ularning xususiylashtirishda qatnashishi uchun keng imkoniyatlar ochiladi, “Xorijiy investitsiyalar toʻgʻrisida”gi Qonun takomillashtiriladi.
8.5. Tarmoq xususiyatiga ega boʻlgan korxonalarni xususiylashtirishning oʻziga xos jihatlari Vazirlar Mahkamasining qarorlari bilan mustahkamlangan tegishli dasturlar va uslubnomalarda hisobga olinadi.
8.6. Aholini ijtimoiy himoya qilish choralari aksionerlarning huquqlarini va xususiy jamgʻarmalarni himoya qilish tartibini, korxonalarni xususiylashtirilgandan keyin qoʻllab-quvvatlash choralari tizimini belgilaydi.
8.7. Islohot gʻoyalarini targʻib qilish axborot vositalari orqali mahalliy aholiga hamda xorijiy investorlarga yetkaziladigan islohotlar va keng koʻlamda xususiylashtirish toʻgʻrisidagi maxsus ishlab chiqilgan dasturlar orqali amalga oshiriladi.
IX. XUSUSIYLAShTIRISh JARAYoNINI REKLAMA-AXBOROT BILAN TAʼMINLASh
Barcha axborot vositalari va organlari Davlat mulki qoʻmitasi hamda uning hududiy boshqarmalari bilan birgalikda kuyidagi vazifalarni hal eta borib, ommaviy xususiylashtirish dasturining har tomonlama yoritilishini taʼminlaydilar:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining xususiylashtirish va umuman iqtisodiy islohotlar dasturi boʻyicha qarorlarining keng ijtimoiy qoʻllab-quvvatlanishini taʼminlash.
2. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolariga ularning aksioner sifatidagi huquqlari hamda bozor iqtisodiyotiga oʻtish jarayonida Oʻzbekiston uchun xususiylashtirishning umumiy ahamiyati toʻgʻrisida maʼlumotlar berish.
3. Joylarda Davlatning xususiylashtirish dasturini qoʻllab-quvvatlayotgan tuzilmalar va tashkilotlar faoliyati toʻgʻrisidagi axborotlar.
4. Xususiylashtirish dasturida qatnashish shakllarini, bu jarayonni oʻtkazish mexanizmlarini, unda qatnashishda fuqarolar oldiga qoʻyiladigan talablarni, ijtimoiy himoya qilish choralarini aholiga tushuntirish.
5. Xususiylashtirilgan obyektlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan jamoatchilik bilan mintaqa darajasidagi aloqalarni tashkil etishga oid tashabbuslarga yordam berish.
6. Qayta oʻzgartirishlarning borishi, markazdagi va joylardagi xususiylashtirishning roli, xususiylashtirilayotgan korxonalarning aksiyalarini xarid qilish tartibi, investitsiya fondlari, koʻchmas mulk bilan savdo qiluvchi birjalar, fond birjalari, tanlov va kimoshdi savdolari oʻtkaziladigan vaqt va joy hamda ularda sotishga qoʻyiladigan korxonalar toʻgʻrisida mahalliy va xorijiy matbuotda muntazam ravishda axborotlar berib borish:
hamma darajadagi budjetlardan dotatsiya oluvchi barcha ommaviy axborot vositalari oʻzlariga berilayotgan dotatsiyaning 20 foizigacha summada mulkchilikning barcha darajalarida xususiylashtirilayotgan obyektlar toʻgʻrisidagi axborotlarni tekin eʼlon qilishga majburdirlar.
Mazkur dasturning barcha boshqaruv va hokimiyat organlari tomonidan bajarilishi majburiydir.
Dasturni amalga oshirish jarayonida unga oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritilishi mumkin.
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 29-martdagi 171-son qaroriga
2-ILOVA
1994-yil 29-martdagi 171-son qaroriga
2-ILOVA
Yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlarini ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirish toʻgʻrisida
NIZOM
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlarini ularning ochiq turdagilariga aylantirishning asosiy maqsadi keng aholi qatlamlarini, Oʻzbekiston Respublikasi, MDK mamlakatlari va boshqa xorijiy davlatlarning nodavlat yuridik va jismoniy shaxslarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish (aksionerlashtirish) jarayoniga jalb etish yoʻli bilan iqtisodiy islohotni chuqurlashtirish hisoblanadi,
2. Mazkur Nizom davlat oʻziga tegishli aksiyalar paketi bilan uning aʼzolaridan biri hisoblangan yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlarini oʻzgartirish tartibini belgilaydi.
3. Mehnat jamoalari oʻzlariga tegishli boʻlgan aksiyalar ulushini sotib olgan yoki sotib olish uchun birinchi badalni toʻlagan boʻlsa, tegishli hokimliklarda belgilangan tartibda (agar hukumat qarorlarida boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa) roʻyxatdan oʻtkazilgan yopiq, turdagi aksionerlik jamiyatlari ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlariga aylantirilishi kerak.
4. Yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlarini ularning ochiq turdagilariga aylantirish jarayonida Ustav fondi oʻzgartiriladi, u qayta tuzish vaqtidagi amaldagi meʼyoriy hujjatlarga muvofiq, asosiy vositalarning qiymatini qayta hisoblash natijasidagi summaga oshadi (agar bunday qayta hisoblash ilgari amalga oshirilmagan boʻlsa).
5. Yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlarini ularning ochiq turdagilariga aylantirish aksionerlarning umumiy yigʻilishi qarori asosida davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish davlat dasturiga yoki uning asosida tuzilgan mintaqaviy va tarmoq dasturlariga muvofiq amalga oshiriladi.
6. Quyidagilar yopiq turdagi aksionerlik jamiyatlarini ularning ochiq turdagilariga aylantirish tashabbusi bilan chiqishlari mumkin:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulki qoʻmitasi (uning hududiy boshqarmalari) yoki davlatga tegishli boʻlgan aksiyalar paketiga muvofiq ravishda aksionerlik jamiyatini boshqarishga vakil qilingan organ;
qayta tashkil etilgan korxona aksionerlarining kamida uchdan bir qismi (mehnat jamoalari aʼzolari).
7. Korxonalar va tashkilotlarni belgilangan tartibda, ilgari mehnat jamoasi aʼzolari topshirilgan arizalariga koʻra tegishli tartibda yopiq turdagi jamiyatlariga aylantirish boʻyicha qaror qabul qilinmagan aksionerlik jamiyati ochiq turdagi jamiyatga aylanadi.
8. Davlatga tegishli aksiyalari boʻlmagan yopiq aksiyadorlik jamiyatlari (mehnat jamoasi aʼzolarining) umumiy yigʻilishi qaroriga muvofiq ochiq turdagi aksiyadorlik jamiyatiga aylantirilishi mumkin.
II. OʻZGARTIRISh TARTIBI
9. Davlat mulki qoʻmitasi yoki aksionerlik jamiyatini boshqarishga vakil qilingan organ davlatga tegishli aksiyalar paketiga muvofiq, yopiq turdagi jamiyatni ochiq turdagi jamiyatga aylantirish boʻyicha uni qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun Ustavga zarur oʻzgartirishlar kiritish taklifi bilan aksionerlarning umumiy yigʻilishini oʻtkazishni tashkil etadi. Ushbu yigʻilish aksiyalarning mehnat jamoalari aʼzolari tomonidan sotib olinmagan qismini aksionerlik jamiyati qatnashchilari oʻrtasida qayta taqsimlash hamda aksiyalarni fond birjasi yoki uning filiallari orqali sotishdan iborat boshqa masalalar ham koʻrib chiqilishi mumkin.
10. Ustavga kiritilgan oʻzgartirishlar har bir instansiyada 10 kundan ortiq boʻlmagan muddatda korxona joylashgan yerdagi hokimlikda, boshqa roʻyxatdan oʻtkazadigan va faoliyat turiga litsenziya beradigan organlarda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
11. Yopiq turdagi aksionerlik jamiyatini oʻzgartirish natijasida ochiq turdagi aksionerlik jamiyati taʼsis etilgandan (Ustavga kiritilgan oʻzgartirishlar roʻyxatdan oʻtkazilgandan) keyin qiymatli qogʻozlar (aksiyalar) qayta davlat roʻyxatidan oʻtkaziladi. Qimmatli qogʻozlar (aksiyalar)ni qayta roʻyxatdan oʻtkazish, hisobga olish va ularning harakatini nazorat qilishni:
ularning umumiy qiymati yuz million soʻm-kupongacha boʻlganda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Moliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar moliya boshqarmalari;
umumiy summasi yuz million soʻm-kupondan yuqori boʻlgan qiymatli qogʻozlar (aksiyalar)ni qayta roʻyxatdan oʻtkazishda Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi amalga oshiradilar.
Qimmatli qogʻoz aksiyalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun emitent quyidagi hujjatlarni taqdim etadi:
qimmatli qogʻozlarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish uchun emitentning arizasi;
aksionerlarning umumiy yigʻilishi bayoni nusxasi, jamiyat joylashgan yerdagi hokimlikda roʻyxatdan oʻtkazilgan aksionerlik jamiyati Ustaviga kiritilgan va notarius tomonidan tasdiqlangan oʻzgartirishlar;
qayta roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak boʻlgan aksiyalarning toʻliq paketi. Qayta roʻyxatdan oʻtkazishga oid hujjatlar 10 kalendar kundan koʻp boʻlmagan muddatda koʻrib chiqiladi. Emitentga qimmatli qogʻozlar (aksiyalar)ning qayta roʻyxatdan oʻtkazilganligini tasdiqlovchi, qayta roʻyxatdan oʻtkazish sanasi va davlat nomeri koʻrsatilgan dalolatnoma berilishi kerak. Taqdim etilgan aksiyalarga “qayta roʻyxatdan oʻtkazilgan” degan toʻrtburchak muhr qoʻyiladi.
Agar qayta tuzish bilan bir paytda ustav mablagʻi oʻzgartirilsa, unda yopiq turdagi aksionerlik jamiyatining avval chiqargan aksiyalari qayta roʻyxatdan oʻtkazilmaydi. Aksionerlik jamiyati tomonidan yangi qiymatli qogʻozlarni chiqarish taʼminlanadi, bunday taqdirda eski aksiyalar yoʻq qilinadi. Yangidan chiqarilgan aksiyalarni roʻyxatdan oʻtkazish ushbu Nizomda belgilangan aksiyalarni qayta roʻyxatdan oʻtkazish tartibi bilan bir xildir.
III. MEHNAT JAMOALARINI YoPIQ TURDAGI AKSIONERLIK JAMIYATLARIGA AYLANTIRISh HAQIDA ARIZA BERGAN KORXONA VA TAShKILOTLAR NEGIZIDA OChIQ TURDAGI AKSIONERLIK JAMIYATLARINI TAShKIL ETISh TARTIBI
12. Agar hukumat qaroriga muvofiq yoki unimsiz Mehnat jamoasi tomonidan korxonani yopiq turdagi aksionerlik jamiyatiga aylantirish toʻgʻrisida ilgari ariza berilgan boʻlsa, Davlat mulki qoʻmitasi tomonidan aksiya ulushlari belgilangan hamda Mehnat jamoalari aʼzolariga ularni sotish narxlari qoʻyilgan holda uni yopiq turdagi aksionerlik jamiyatiga aylantirish toʻgʻrisida qaror chiqarilgan boʻlsa va u hali roʻyxatdan oʻtkazilmagan boʻlsa, Davlat mulki qoʻmitasi quyidagi hollarda korxonani ochiq turdagi aksionerlik jamiyatiga aylantirish toʻgʻrisida qaror qabul qilishi mumkin:
oʻzlariga tegishli aksiyalar ulushiga muvofiq koʻpchilik ovoz bilan qabul qilingan tashkil etilayotgan jamiyat qatnashchilari (davlat va mehnat jamoasi aʼzolari)ning umumiy yigʻilishi qarori asosida mehnat jamoasi aʼzolari (korxona) tomonidan sotib olish uchun kerak boʻlgan summa toʻlangan holda;
sotib olish uchun kerak boʻlgan summa toʻlanmagan holda ––mustaqil ravishda. Mehnat jamoasining mehnat jamoasi umumiy yigʻilishi bayonnomasidan koʻchirma bilan tasdiqlanib Davlat mulki qoʻmitasiga taqdim etilgan roziligi faqat Davlat mulki davlat qoʻmitasi tomonidan belgilangan aksiyalar ulushini sotib olishga talab etiladi. Qaror, agar unga mehnat jamoasi aʼzolarining kamida 2/3 qismi ovoz bergan boʻlsa, qabul qilingan hisoblanadi.
13. Agar Mehnat jamoasi aʼzolari tomonidan ariza berilganidan soʻng Davlat mulki davlat qoʻmitasi tomonidan qayta tuzish haqida qaror qabul qilinmagan (order berish haqida buyruq chiqmagan) boʻlsa, Davlat mulki qoʻmitasi (hududiy boshqarma) Mehnat jamoasiga korxonani ochiq turdagi aksionerlik jamiyatiga aylantirilayotganligi toʻgʻrisida xabar qiladi hamda tashkil etilayotgan jamiyat aksiyalarining bir qismini sotib olishni taklif qiladi. Mehnat jamoasi aʼzolarining roziligi 12 bandning uchinchi xatboshida belgilangan tartibga muvofiq rasmiylashtiriladi.
14. Agar Mehnat jamoasi tomonidan ariza berilgandan soʻng qayta tuzish komissiyasi tuzilmagan boʻlsa, unda Davlat mulki qoʻmitasi mehnat jamoasiga Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini chuqurlashtirish boʻyicha davlat dasturi, mintaqaviy va tarmoq dasturlariga muvofiq ilgari qabul qilingan qarorni qayta koʻrib chiqishni taklif etadi. Mehnat jamoasi aʼzolari rozi boʻlmagan taqdirda Davlat mulki qoʻmitasi mehnat jamoasiga tashkil etilayotgan jamiyat aksiyalarining bir qismini sotib olish huquqini bergan holda korxonani aksionerlik jamiyatiga aylantirishni mustaqil ravishda amalga oshiradi, Mehnat jamoasining roziligini rasmiylashtirish 12-bandning uchinchi xatboshida belgilangan tartibga muvofiq amalga oshiriladi.
Vazirlar Mahkamasining
1994-yil 29-martdagi 171-son qaroriga
3-ILOVA
1994-yil 29-martdagi 171-son qaroriga
3-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab- quvvatlash davlat qoʻmitasi toʻgʻrisida
NIZOM
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash davlat qoʻmitasi (Davlat mulki qoʻmitasi) Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 7-fevraldagi Farmoni bilan iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini tezlashtirish, shuningdek, respublikada tadbirkorlikni rivojlantirish va qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat mulki jamgʻarmasi negizida tashkil etilgan davlat boshqaruvi organi hisoblanadi.
Davlat mulki qoʻmitasi Vazirlar Mahkamasi tasarrufida boʻladi va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashiga hisob beradi.
Qoʻmita oʻz faoliyatida Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining qarorlari va boshqa qarorlarga, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlariga, Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, davlatlararo bitimlarga hamda mazkur Nizomga amal qiladi.
2. Davlat mulki qoʻmitasining bosh vazifalari quyidagilar hisoblanadi:
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, bozor munosabatlarining shakllanishi jarayonida Oʻzbekiston fuqarolarining mulkiy huquqlarini va respublikaning davlat manfaatlarini himoya qilishni taʼminlash;
koʻp ukladli iqtisodiyotni shakllantirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashda yagona siyosat oʻtkazish, davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, respublikada shaxsiy biznesni rivojlantirish dasturlarini ishlab chiqish va ustuvorliklarni belgilash;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jarayoniga tashkiliy va uslubiy rahbarlik qilish;
davlat mulki obyektlarini mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirishdan tushgan mablagʻlarni ustuvor umumdavlat vazifalarini hal etishga va aholini ijtimoiy himoya qilishga, bozor infrastrukturasini yaratish hamda boshqa maqsadlarga jalb etish;
davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda chet el investitsiyalarini jalb etish, shuningdek, ulardan foydalanishning usul va shakllarini belgilash;
investitsiya banklari, fondlar, konsalting va auditorlik xizmatlar, Xolding kompaniyalari, fond birjalari, koʻchmas mulk birjalari va boshqa bozor tuzilmalarini tashkil etish orqali ishlab chiqarish vositalari, koʻchmas mulk, qiymatli qogʻozlar bozorini yaratish;
aholini, shuningdek, yuridik va jismoniy shaxslarni, shu jumladan, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarni asosan ochiq turdagi aksionerlik jamiyatlarini tashkil etish va mehnat jamoasi aʼzolariga aksiyalar sotish orqali iqtisodiy islohotlar jarayoniga yanada kengroq jalb etish;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida ishlab chiqarish va boshqaruv tizimlarining monopoliyasini cheklash;
xususiylashtirilgandan soʻng tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlashni taʼminlash;
davlat mulkini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishni chuqurlashtirish yuzasidan dasturlar ishlab chiqish, koʻrib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga taqdim etish va Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan tasdiqlangan dasturlarni amalga oshirish.
3. Davlat mulki qoʻmitasi oʻziga yuklatilgan vazifalarga muvofiq:
Oʻzbekiston Respublikasining davlat mulki boʻlgan mol-mulkdan uning hududida va chet elda samarali foydalanilishi va saqlanishi ustidan nazoratni taʼminlaydi;
davlat tasarrufidan chiqarish, xususiylashtirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash jarayonlarini tartibga soluvchi qonunlar, qonunchilik va normativ aktlar loyihalarini ishlab chiqishda belgilangan tartibda ishtirok etadi;
aksionerlik jamiyatlari, shu jumladan, xorijiy jamiyatlar qatnashgan jamiyatlarda sarmoyasidagi davlatga tegishli aksiyalar (ulushlar, paylar)ga egalik funksiyasini amalga oshiradi va shu aksiyalar boʻyicha mulk egasi sifatida davlatning vakolatlarini roʻyobga chiqaradi;
korxonalar va tashkilotlarni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish shakllarini belgilaydi, zarur normativ hujjatlar, xususiylashtirish komissiyalarini tuzish, ashyoviy roʻyxatdan oʻtkazish va davlat mulki qiymatini baholash tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
sotuvchi vazifasini bajaradi, davlat mulki obyektlari xususiylashtirilayotganda tanlovlar va kimoshdi savdolari tashkil qiladi;
mehnat jamoalarining, nodavlat yuridik shaxslar va Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining, shu jumladan, xorijiy yuridik va jismoniy shaxslarning davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonida qatnashish haqidagi talabnomalarini roʻyxatdan oʻtkazadi hamda ular boʻyicha qaror qabul qiladi;
aksionerlik va boshqa xoʻjalik jamiyatlari yoki shirkatlar taʼsis etadi, ular davlat korxonalari negizida tashkil etilganda davlat mulki boʻlgan mulkni ijaraga beruvchi (shu jumladan, sotib olish huquqi bilan) sifatida ish koʻradi.
Davlat mulki qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalari kadrlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirishni, ularning rahbarlari va mutaxassislarini attestatsiyadan oʻtkazishni amalga oshiradi;
yuridik va jismoniy shaxslarning xususiylashtirish va tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash masalalari boʻyicha ariza va shikoyatlarini belgilangan tartibda koʻrib chiqadi.
3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 26-martdagi 97-sonli “Davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlari amalga oshirilishini, xorijiy investitsiyalarni jalb etishni faollashtirilishini taʼminlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori bilan oʻninchi xatboshi bilan toʻldirilgan. Qarorning rus tilidagi matniga qarang.
4. Davlat mulki qoʻmitasiga quyidagi huquqlar beriladi:
oʻz vakolatlari doirasida davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish jarayonlarini tartibga soluvchi meʼyoriy va metodik hujjatlarni tasdiqlash, noshirlik faoliyatini amalga oshirish;
belgilangan tartibda Vazirlar Mahkamasiga va huquqni muhofaza qilish organlariga davlat organlari tomonidan amaldagi qonunchilikni buzgan holda davlat mulkiga egalik qilish huquqini oʻzgartirish toʻgʻrisida qabul qilingan hujjatlarni bekor qilish, shuningdek, aybdor mansabdor shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida taqdimnomalar kiritish;
vazirliklar, davlat qoʻmitalari, idoralar, hokimliklar, uyushmalar, shuningdek, bevosita birlashmalar, korxonalar va tashkilotlardan oʻz faoliyati uchun zarur boʻlgan maʼlumotnomalar, statistika va axborot materiallarini olish;
davlat korxonalari qayta oʻzgartirilayotganda mehnat jamoalariga, shu jumladan, ularning balansida boʻlgan ijtimoiy infrastruktura va atrof muhitni muhofaza qilish obyektlarini amaldagi qonunchilikka muvofiq tekin va imtiyozli berish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
davlat tasarrufidan chiqariladigan yoki xususiylashtiriladigan obyekt faoliyati oʻzaro majburiyatlari va shartlari toʻgʻrisida muayyan davrga bitimlar tuzish;
davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan tushadigan mablagʻlar, ijara toʻlovlari, davlat tomonidan yangidan taʼsis etiladigan aksionerlik jamiyatlarining aksiyalarini sotishdan tushgan daromadlarni Davlat mulki qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalarining maxsus schyotlarida jamlash va ulardan Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan tartibga muvofiq foydalanish;
davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishdan Davlat mulki qoʻmitasining hisob schyotiga kelib tushayotgan mablagʻlardan uning 5,5 foizini boshqaruv va taqsimlash funksiyalari bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarni qoplash uchun foydalanish;
aksiya egasi Davlat mulki qoʻmitasi hisoblangan aksiyalar boʻyicha olingan dividentlardan davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish boʻyicha tayyorgarlik ishlarini tashkil etish va davlat mulkini taqsimlash, boshqaruv va tijorat operatsiyalarini bajarish boʻyicha xizmat koʻrsatish xarajatlarini qoplash uchun maxsus yigʻim miqdorida foydalanish;
davlatga tegishli aksiyalarni sotish, shuningdek, ularni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish maxsus jamgʻarmalarining, Xolding kompaniyalarning aksiyalariga, shu jumladan, xalqaro bozorda almashtirish operatsiyalarini amalga oshirish;
Oldingi tahrirga qarang.
(4-bandning oʻn ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 31-dekabr 490-sonli qarori asosida oʻz kuchini yoʻqotgan— OʻR QHT, 2001-y., 22-24-son, 159-modda;)
aksionerlik jamiyatlari, boshqa xoʻjalik jamiyatlari, shirkatlarning aksiyalari (ulushlari, paylari)ni sotib olish;
maxsus ilmiy-tadqiqot, auditorlik, maslahat (shu jumladan, xorijiy tashkilotlardan shartnoma asosida) va boshqa tashkilotlardan mustaqil ekspertlar va mutaxassislarni belgilangan tartibda meʼyoriy-uslubiy hujjatlarni ishlab chiqish va ekspertizadan oʻtkazish uchun jalb etish;
yangi mulk egasiga mulkka egalik qilish huquqini beruvchi order berish; u tegishli reyestr yuritadi va “Oʻzistiqbolstat” davlat qoʻmitasiga korxona va tashkilotlarning milliy registriga kiritish uchun mulkchilik shakli oʻzgarganligi haqida axborot yoʻllaydi.
5. Davlat mulki qoʻmitasi va uning topshirigʻi boʻyicha investitsiya jamgʻarmalari yoxud u tomonidan vakil qilingan boshqa organ oʻzining vakolatli vakillarini aksiyalarning bir qismi davlat mulki hisoblangan aksionerlik jamiyatlari boshqaruviga vakil qilib yuboradi.
Koʻrsatilgan vakolatli vakillar, davlatga tegishli aksiyalar ulushiga muvofiq, direktorlarni tayinlash va ozod qilishda, yil yakunlari boʻyicha jamiyat faoliyati natijalarini tasdiqlashda, navbatdagi yilga operatsiyalar rejasini tasdiqlashda hamda aksiya egalariga yuklatiluvchi boshqa ishlarda qatnashadilar.
6. Davlat mulki qoʻmitasi belgilangan tartibda oʻzining tuzilma boʻlinmalarini davlat mulkini boshqarish va tadbirkorlikni koʻllab-quvvatlash hududiy boshqarmalarini tuzadi va ular faoliyatiga rahbarlik qiladi. Hududiy boʻlinmalar Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida tuziladi, bevosita Davlat mulki qoʻmitasiga boʻysunadilar hamda amaliy faoliyatda tegishli hokimliklar bilan yaqindan hamkorlik qiladilar, yuridik shaxs hisoblanadilar, bankda oʻz hisob-kitob schyotiga va Davlat gerbi tasviri tushirilgan oʻz nomi yozilgan muhrga ega boʻladilar.
Hududiy boshqarmalarning rahbarlari Davlat mulki qoʻmitasi raisi tomonidan lavozimga tayinlanadilar va lavozimdan ozod etiladilar.
7. Davlat mulki qoʻmitasining oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari, shu jumladan, respublika davlat mulki obyektlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish dasturlarini bajarish boʻyicha qarorlari, mulkchilik shakllaridan qatʼi nazar, vazirliklar, idoralar, uyushmalar, birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar, mahalliy boshqaruv organlari va fuqarolar tomonidan bajarilishi majburiy hisoblanadi.
8. Davlat mulki qoʻmitasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan tayinlanadigan, keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashi tomonidan tasdiqlanadigan Rais Bosh vazirning oʻrinbosari boshchilik qiladi.
Davlat mulki qoʻmitasi Raisi Qoʻmitaga yuklatilgan vazifalarning va oʻz funksiyalarining amalga oshirilishi uchun shaxsan javob beradi. Davlat mulki qoʻmitasi markaziy apparati va uning hududiy boshqarmalari tarkibiy boʻlinmalari rahbarlarining faoliyatning alohida yoʻnalishlariga rahbarlik qilishlari uchun shaxsiy javobgarliklari darajasini belgilaydi, markaziy apparat xodimlarini lavozimga tayinlaydi va lavozimdan ozod qiladi.
Davlat mulki qoʻmitasi Raisi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadigan besh nafar oʻrinbosarga, shu jumladan, bir nafar birinchi oʻrinbosarga ega boʻladi.
Davlat mulki qoʻmitasida tarkibida Qoʻmita raisi (hayʼat raisi), lavozimi boʻyicha rais oʻrinbosarlari, shuningdek, boshqa rahbar xodimlar boʻlgan 9 kishidan iborat hayʼat tuziladi. Davlat mulki qoʻmitasi hayʼati aʼzolarining shaxsiy tarkibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat mulki qoʻmitasi markaziy apparatining tuzilmasi va xodimlari soni Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Davlat mulki qoʻmitasi raisi xodimlar soni va mehnatga haq toʻlash fondi doirasida tasdiqlangan tuzilmaga oʻzgartirish kiritish, xodimlarning belgilangan umumiy soni doirasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar hududiy boshqarmalari xodimlari soni va mehnatga haq toʻlash fondini belgilash huquqiga egadir.
Davlat mulki qoʻmitasi markaziy apparati boshqarmalari va boʻlimlari, uning hududiy boshqarmalari, oʻziga qarashli tashkilotlar va tuzilmalari toʻgʻrisidagi nizomlar Davlat mulki qoʻmitasi raisi tomonidan tasdiqlanadi,
Moddiy-maishiy taʼminot va tibbiy xizmat koʻrsatish shart-sharoitlari boʻyicha Davlat mulki qoʻmitasi va uning hududiy boshqarmalari xodimlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va mahalliy boshqaruv organlarining tegishli xodimlari toifalariga tenglashtiriladilar.
9. Davlat mulki qoʻmitasi organlarining xodimlari xizmat burchlarini bajarishda hokimiyat organlari vakili maqomiga ega boʻladilar va uning muhofazasida boʻladilar.
Xizmat faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq holda Davlat mulki qoʻmitasi xodimi halok boʻlgan taqdirda halok boʻlganning oilasiga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan 50 oylik ish haqi miqdorida bir yoʻla nafaqa toʻlanadi, keyinchalik bu summa aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Davlat mulki qoʻmitasi xodimlariga kasb faoliyati bilan shugʻullanishni istisno qiluvchi ogʻir tan jarohati yetkazilgan taqdirda ularga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan 25 oylik ish haqi miqdorida bir yoʻla nafaqa beriladi, keyinchalik bu summa aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Davlat mulki qoʻmitasi xodimlariga uncha ogʻir boʻlmagan tan jarohati yetkazilganda ularga respublika budjeti mablagʻlari hisobidan 5 oylik ish haqi miqdorida bir yoʻla nafaqa toʻlanadi, keyinchalik bu summa aybdor shaxslardan undirib olinadi.
Davlat mulki qoʻmitasi xodimlariga koʻp yil ishlaganligi va umumiy mehnat staji uchun yillik mukofot oylik hisobidan quyidagi miqdorda belgilansin: 3 yildan 5 yilgacha 0,6; 5 yildan 10 yilgacha 0,8; 10 yildan 15 yilgacha 1,0; 15 yildan 20 yilgacha 1,2; 20 yildan yuqorisi 1,5. Toʻlov yillik ish yakuniga qarab beriladi.
10. Davlat mulki qoʻmitasi va uning hududiy boʻlinmalarining xodimlari, ish faoliyati davrida va egallab turgan lavozimni boʻshatgandan soʻng 2 yil davomida tijorat ishlari bilan shugʻullanish va xizmat burchini bajarishdan shaxsiy foyda olish huquqiga ega emaslar.
Davlat mulki qoʻmitasi yuridik shaxs hisoblanadi, bankda oʻz hisob-kitob schyotiga, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat gerbi tasvirlangan va oʻz nomi oʻzbek va rus tillarida yozilgan muhrga ega boʻladi.