Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Qarori
Qishloq xoʻjaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish, tuproqning gumus miqdori va unumdorligini oshirishni qoʻllab-quvvatlashning qoʻshimcha chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublikada iqlim oʻzgarishi bilan bogʻliq salbiy taʼsirning oldini olish, qishloq xoʻjaligi yerlari degradatsiyasini kamaytirish, tuproqdagi gumus miqdorini koʻpaytirish orqali ekinlar hosildorligi va tuproq unumdorligini oshirish maqsadida:
1. Shunday tartib joriy etilsinki, unga muvofiq 2024-2025-yillarda tajriba tariqasida paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni, shu jumladan tuproqning gumus miqdorini oshirish boʻyicha agrotexnik tadbirlar uchun yerdan foydalanuvchilarga (jumladan, klasterlarga) Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan har bir gektar maydonga bir million soʻmdan subsidiya ajratiladi. Bunda:
subsidiya ajratish Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan “Agrosubsidiya axborot tizimi” orqali amalga oshiriladi;
paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish boʻyicha tadbirlarni bajarish uchun dastlab hisoblangan subsidiyaning 70 foizi 2024-yilda ajratiladi;
subsidiyaning qolgan 30 foizi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashining hosildorlik oldingi mavsumga nisbatan oʻrtacha 10 foizga oshganligi toʻgʻrisidagi xulosasiga asosan 2025-yilda ajratiladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 2-fevraldagi 50-sonli “Yerlar degradatsiyasiga qarshi kurashish tadbirlarini monitoring qilish, baholash va hisobot shakllarini ishlab chiqish hamda ularning natijalarini chop etish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori.
2. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda 2024-yil Davlat budjeti parametrlariga muvofiq ajratilgan mablagʻlar hisobidan mazkur qarorning 1-bandida nazarda tutilgan subsidiyalar oʻz muddatida ajratib berilishini taʼminlasin.
3. Qishloq xoʻjaligi vazirligining agrotexnik tadbirlar uchun taqdim etadigan talabnomalariga muvofiq tuproqning gumus miqdorini oshirish maqsadida, zaruriyatga koʻra, Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Qishloq xoʻjaligini davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash jamgʻarmasidan 2025-yil paxta hosili uchun 2024-yilning sentabr oyidan boshlab imtiyozli kreditlar ajratilishiga ruxsat berilsin.
4. Qishloq xoʻjaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish hamda tuproq unumdorligini oshirish boʻyicha respublika komissiyasi tarkibi ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Respublika komissiyasining asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:
xorijiy tajribani chuqur tahlil qilgan holda tuproqdagi gumus miqdorini koʻpaytirish orqali tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish boʻyicha takliflar ishlab chiqish;
tuproq tarkibida gumus miqdori kam boʻlgan yer maydonlarini aniqlash, ularning xaritalarini yaratish va monitoring qilish;
hududlarda tuproqni muhofaza qilishga qaratilgan yerdan foydalanish tizimini joriy qilish va ragʻbatlantirish choralarini koʻrish;
paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish tajribasini respublikaning boshqa hududlarida keng joriy qilish;
yerlar degradatsiyasi jarayonlarining oldini olish boʻyicha ilmiy asoslangan tavsiyalar ishlab chiqish;
Davlat budjetidan ajratilgan subsidiyalarning oʻz muddatida maqsadli va samarali ishlatilishini tashkil qilish.
5. Tuproqshunoslik yoʻnalishidagi faoliyatni yagona tizimda amalga oshirish maqsadida “Tuproq tarkibi va repozitoriysi, sifati tahlil markazi” davlat unitar korxonasi Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti tarkibiga oʻtkazilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
Belgilansinki, Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti, uning mintaqaviy filiallari va tarkibidagi “Tuproq tahlil markazi” davlat muassasasi tuproqqa oid tadqiqotlar, shu jumladan tuproqning sifatini baholash (bonitirovka), shoʻrlanish, eroziya xaritalari, agrokimyoviy va ekologik tahlillar oʻtkazish hamda ushbu yoʻnalishlardagi tematik tuproq xaritalarini tuzish boʻyicha Qishloq xoʻjaligi vazirligining Yagona yetkazib beruvchisi hisoblanadi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 12-avgustdagi PF-130-sonli Farmoniga asosan ikkinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)
6. Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddatda:
2024-2025-yillarda paxta maydonlarida tuproq unumdorligini oshirish uchun subsidiya ajratish tajribasi sinovdan oʻtkaziladigan tumanlar roʻyxatini;
Paxta maydonlarida tuproqning gumus miqdori va unumdorligini oshirish boʻyicha chora-tadbirlar dasturini;
Paxta maydonlarida tuproq unumdorligi va hosildorlikni oshirish boʻyicha agrotexnik tadbirlar uchun subsidiya ajratish tartibi toʻgʻrisidagi vaqtinchalik nizomni tasdiqlasin.
7. Hisob palatasi (A. Boboyev) mazkur qaror doirasida Davlat budjeti hisobidan mablagʻlarning maqsadli ajratilishi va sarflanishi ustidan nazorat oʻrnatsin.
8. Qishloq xoʻjaligi vazirligi Fanlar akademiyasi, Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda 2024-yilning ikkinchi choragida ilmiy-tadqiqot va oliy taʼlim muassasalari olimlaridan iborat ishchi guruhlarni tashkil qilgan holda joylarda tuproqning gumus miqdorini oshirish boʻyicha amalga oshiriladigan agrotexnik tadbirlar hamda Davlat budjetidan ajratiladigan subsidiya toʻgʻrisida har bir tumanda fermer xoʻjaliklari uchun seminarlar tashkil etsin va ularga tushuntirishlar bersin.
Bunda, tuproqning gumus miqdorini oshirish boʻyicha agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqish va har bir fermer xoʻjaligiga yetkazish nazarda tutiladi.
9. Qishloq xoʻjaligi vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil etish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining agrar rivojlanish masalalari boʻyicha maslahatchisi Sh.M. Gʻaniyev zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2024-yil 13-fevral,
PQ-71-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 13-fevraldagi PQ-71-son qaroriga
ILOVA
Qishloq xoʻjaligi yerlari degradatsiyasiga qarshi kurashish hamda tuproq unumdorligini oshirish boʻyicha respublika komissiyasi
TARKIBI

1.

Sh. Gʻaniyev

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi, Respublika komissiyasi raisi

2.

T. Rapikov

Vazirlar Mahkamasi kotibiyat mudiri

3.

Sh. Xamrayev

suv xoʻjaligi vaziri

4.

A. Qosimov

qishloq xoʻjaligi vazirining oʻrinbosari

5.

A. Xaydarov

iqtisodiyot va moliya vazirining oʻrinbosari

6.

B. Norqobilov

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi raisi

7.

I. Ergashev

Oʻsimliklar karantini va himoyasi agentligi direktori

8.

A. Xaitov

Oʻzbekiston fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi raisi

9.

M. Raxmatov

Oʻzbekiston paxta-toʻqimachilik klasterlari uyushmasi raisi

10.

A. Ravshanov

Paxta seleksiyasi urugʻchiligi va yetishtirish agrotexnologiyasi ilmiy-tadqiqot instituti direktori

11.

Sh. Otajonov

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Paxtachilik kengashi kotibi

12.

O. Amanov

Janubiy dehqonchilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori

13.

N. Usanbayev

Fanlar akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti ilmiy ishlar boʻyicha direktor oʻrinbosari

14.

A. Eshmatov

Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi “Anvar-A” fermer xoʻjaligi rahbari

15.

Lavozimi boʻyicha

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisining va viloyatlar hokimlarining qishloq va suv xoʻjaligi masalalari boʻyicha oʻrinbosarlari

16.

Sh. Bobomurodov

Tuproqshunoslik va agrokimyoviy tadqiqotlar instituti direktori, Respublika komissiyasi kotibi

Izoh: Respublika komissiyasi aʼzolari boshqa ishga oʻtgan taqdirda, uning tarkibiga mazkur lavozimlarga yangi tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklatilgan shaxslar kiritiladi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.02.2024-y., 07/24/71/0124-son; 15.08.2025-y., 06/25/130/0762-son)