|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 31.10.2003
|
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
YAKKA TARTIBDAGI VRAChLIK FAOLIYATI (XUSUSIY VRAChLIK FAOLIYATI) TOʻFRISIDA NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 31-oktabrdagi 477-sonli“Tibbiy faoliyatni va farmatsevtika faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisidagi nizomlarni tasdiqlash haqida”gi qaroriga muvofiq oʻz kuchini yoʻqotgan.
Sogʻliqni saqlash sohasida tadbirkorlik faoliyatini yanada rivojlantirish va iqtisodiy islohotni takomillashtirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) toʻgʻrisidagi ilova qilinayotgan Nizom tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi xususiy vrachlik faoliyatiga maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) berish boʻyicha komissiya tuzsin va vrachlik faoliyatining ushbu turi ustidan nazoratni taʼminlasin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1994-yil 21-iyul,
378-son
Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 21-iyuldagi 378-son qarori bilan
TASDIQLANGAN
TASDIQLANGAN
Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) toʻgʻrisida
NIZOM
1. Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati)* toʻgʻrisida Nizom “Oʻzbekiston Respublikasida tadbirkorlik toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Respublikada tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 1992-yil 26-apreldagi 85-son qaroriga va boshqa normativ hujjatlarga muvofiq ishlab chiqilgan.
* Bundan keyin “Xususiy vrachlik faoliyati” deb ataladi.
2. Xususiy vrachlik faoliyati bu vrachlarning kishi kasalliklarini tashxis qilish, davolash va uning oldini olish, sogʻlom turmush tarzini shakllantirish, kasalliklar xavfi omillari va kasallik asoratini aniqlashdan iborat barcha masʼuliyatni oʻz zimmasiga hamda mulkiy javobgarligiga olib shaxsiy daromad (foyda) olish uchun jismoniy shaxslar tomonidan tibbiy yordamning qulayligi va uning aholiga yaqinligini kengaytirish, vrachni erkin tanlashni taʼminlash maqsadida amaldagi qonunchilik doirasida amalga oshiriladigan tashabbuskor vrachlik faoliyatidir.
“Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslardan roʻyxatga olganlik uchun undiriladigan yigʻim va bunday shaxslarni roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 2-moddasiga muvofiq yakka tartibda vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) bilan shugʻullanish uchun olinadigan roʻyxatdan oʻtkazish yigʻimining cheklangan stavkasi eng kam oylik ish haqining yarmi miqdorida belgilanadi.
3. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqi vrachlik diplomiga ega boʻlgan va tanlagan ixtisosi boʻyicha kamida besh yil ishlagan shaxslarga mahalliy davlat organlarida roʻyxatdan oʻtgandan hamda xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya olgandan keyin beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining maxsus komissiyasi tomonidan yakka tartibda vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya berilganligi uchun eng kam oylik ish haqining yarmi miqdorida yigʻim olinadi.
4. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beradigan litsenziya olish uchun ushbu Nizomning 1-ilovasida koʻrsatib oʻtilgan tegishli hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi huzurida maxsus tashkil etilgan komissiyaga topshiriladi.
Litsenziyani berish (bermaslik) toʻgʻrisidagi qaror turli rasmiylashtirilgan hujjatlar olingan kundan boshlab 20 kundan kechikmay qabul qilinadi. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining maxsus komissiyasi litsenziyani berishda koʻrsatiladigan tibbiy xizmatning aniq turlarini aniq tibbiy mutaxassisliklar boʻyicha belgilaydi.
5. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi vrach istalgan bankda hisob-kitob va boshqa schyotlarni ochishga haqlidir.
6. Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashash uchun kelgan, vrachlik diplomi boʻlgan xorijiy davlat fuqarolari Oʻzbekiston Respublikasi hududida xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanish istagini bildirgan taqdirda ushbu Nizomning 4-bandida koʻrsatilgan talablardan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligida kasbi boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasida belgilangan talablarga mos kelishini aniqlash uchun (agar xalqaro shartnoma yoki bitimlarda boshqacha tartib nazarda tutilmagan boʻlsa) oldindan attestatsiyadan oʻtishlari kerak.
7. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya besh yilgacha muddat bilan beriladi. Arizachining asoslangan iltimosiga binoan litsenziyaning amal qilish muddati, belgilangan miqdordagi poshlinani tegishli ravishda toʻlagan holda yana shuncha muddatga uzaytirilishi mumkin. Litsenziya muddatini uzaytirish yozma ravishda tasdiqlanadi.
Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyaning amal qilish muddatini uzaytirish haqidagi ariza uning amal qilish davri tugashidan kamida ikki oy oldin beriladi.
8. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziya uni bergan tashkilot tomonidan quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
a) agar litsenziya olish uchun topshirilgan hujjatlarda haqiqatga toʻgʻri kelmaydigan maʼlumotlar mavjudligi aniqlansa;
b) agar xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxs litsenziyada koʻzda tutilmagan yoki Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida xususiy vrachlik faoliyatida qoʻllanish taqiqlangan faoliyat bilan shugʻullansa;
v) tibbiy yordamga boʻlgan huquqlari milliy, irqiy, jinsiy yoki til tamoyillari boʻyicha fuqarolarning kamsitilishiga doir vrachlarning xatti-harakatlari toʻgʻrisida bir necha marta va asoslangan shikoyatlar tushsa;
g) bemorga tez tibbiy yordam koʻrsatilmasa:
d) notoʻgʻri davolashni tayinlash yoki notoʻgʻri tashhis qoʻyish bemorning oʻlimiga yoki boshqa ogʻir oqibatlarga sabab boʻlsa;
e) vrachlik siri buzilganda yoki unga rioya qilinmaganda;
j) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyani yuqorida koʻrsatib oʻtilgan asoslarga binoan bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qilgan organ bu haqda xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxsni roʻyxatdan oʻtkazgan joydagi hokimlikka ham yozma ravishda maʼlum qiladi.
Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi shaxs litsenziya berilmagani yoki xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyasini bekor qilish toʻgʻrisidagi qarorni olgan vaqtdan boshlab oʻttiz kun muddatda litsenziya bermaslik toʻgʻrisidagi qaror hamda xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyasini bekor qilish toʻgʻrisidagi qaror va koʻrgan zararini undirish boʻyicha sudga shikoyat bilan murojaat qilishga haqlidir.
9. Erkin raqobatni cheklash maqsadida xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchining obroʻsiga putur yetkazishga qaratilgan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻyilmaydi.
10. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi vrachga tegishli tibbiy maʼlumotga ega boʻlgan koʻpi bilan uch nafar tibbiyot xodimini (feldsher, hamshira, laborant, texnik-protezist va shu kabilarni) yordamchi ishga yollashiga ruxsat etiladi.
Fuqaro yoki fuqarolar guruhi tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda faqat xususiy tibbiyot muassasasi tashkil etilgandagina uch nafardan ortiq tibbiyot xodimlarini yollashga ruxsat beriladi.
Yordamchi tibbiyot xodimlarini ishga yollash kontrakt asosida amalga oshirilishi kerak.
11. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi vrach Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasining budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar oʻtkazadi, budjetga soliqlar toʻlaydi. Vrachning va yordamchi tibbiyot xodimlarining faoliyati mehnat stajiga kiradi va mehnat daftarchasiga yoziladi.
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vazirligi xuzurida xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi vrachlarga tashkiliy va uslubiy yordam koʻrsatish boʻyicha, Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq tibbiy xizmatlar qiymati kalkulatsiyasini, Oʻzbekiston Respublikasining budjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasiga majburiy ajratmalar, shuningdek, ish bilan taʼminlash jamgʻarmasiga, kasaba uyushmasi tashkilotiga badallar hamda budjet soliqlari miqdorlarini aniqlash boʻyicha konsalting guruhi tashkil qilinishi mumkin.
(11-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 1-martdagi 103-sonli qarori tahririda — OʻR QHT, 2001-y., 5-son, 20-modda)
12. Xususiy vrachlik faoliyati sanitariya-gigiyena talabiga javob beradigan, vrachning mulki hisoblangan uyda yoki u ijaraga olgan maxsus tashkil etilgan kabinetlarda, ofislarda amalga oshiriladi. Davlat tibbiyot muassasalarida xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etilmaydi. Xususiy kabinetlarning jihozlari ixtisoslik sohasiga muvofiq keluvchi assortimentda egalari mablagʻiga, birinchi tez tibbiy yordam koʻrsatish uchun zarur boʻlgan anjomlar bilan, xarid qilinadi (ularning roʻyxati mazkur faoliyat uchun litsenziya berish vaqtida Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan tartibda tasdiqlanadi).
13. Xususiy vrachlik faoliyatini amalga oshirish ustidan nazorat litsenziya bergan, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari bilan shu vazifalarni bajarish yuklatilgan soliq, va boshqa davlat organlari tomonidan tashkil qilinadi.
14. Vrach xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanganda xususiy tartibda yoki davolash muassasalarida ishlayotgan boshqa mutaxassislardan maslahatlar olishi, pulli asosda, bemorlar bilan kelishuvga koʻra konsiliumlar tashkil etishi, tibbiyot muassasalarida mavjud boʻlgan barcha diagnostika va davolash vositalaridan xoʻjalik hisobi boʻyicha foydalanishi mumkin.
15. Vrach xususiy vrachlik faoliyatini amalga oshirishda zarur tibbiy hujjatlarni yuritadi va bemorning salomatligi boʻyicha yozma xulosa, barcha tibbiyot muassasalarida foydalanish mumkin boʻlgan tavsiyanomalar berish huquqiga egadir. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi vrachning kasallik varaqalari hamda ish, oʻqish va shu kabilardan ozod qilish boʻyicha maʼlumotnomalar berishiga ruxsat etilmaydi.
16. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi vrach koʻrsatgan tibbiy xizmat qiymati kalkulatsiyasi, vrachning malakasini, moddiy-texnikaviy taʼminlanganlik darajasini va tibbiyot xodimlarining zaruriy mehnat sarflarini hisobga olgan holda, 2-ilovaga muvofiq belgilanadi.
17. Xususiy vrachlik faoliyatiga ruxsat etilgan vrachlik ixtisoslari roʻyxati 3-ilovada berilgan.
18. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi vrach odamlarning salomatligiga yetkazilgan zarar uchun, shuningdek, faoliyatdagi moliyaviy va boshqa turdagi qoidabuzishlar uchun maʼmuriy yoki jinoiy tartibda xususiy vrachlik faoliyatini toʻxtatishga qadar javob beradi.
19. Oʻz ixtisosi boʻyicha uch yildan koʻp vaqt ishlagan vrachga u vrachlar malakasini oshirish institutida yoki boshqa tegishli sogʻliqni saqlash muassasalarida tajriba orttirishdan oʻtgan taqdirda xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanishga ruxsat etiladi.
20. Vrachlar xususiy vrachlik faoliyatini amalga oshirishda Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan ruxsat etilgan diagnostika, kasallikning oldini olish va davolash usullarini, dori-darmonlarni qoʻllaydilar.
21. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi vrachlar sogʻliqni saqlash tashkilotlariga, agar buni aholi salomatligini muhofaza qilish manfaatlari talab qilsa, tekshiruv va sud tashkilotlariga esa ularning talablariga binoan fuqarolarning kasalliklari toʻgʻrisida oʻzlariga maʼlum boʻlgan maʼlumotlarni xabar qilishlari shart. Sogʻliqni saqlash tashkilotlariga aniqlangan venerik, lepra, mikrosporiya, trixofitiya, chesotka, tuberkulez kasalliklari toʻgʻrisida axborot berilishi kerak. Ruhiy kasal, aqli zaif yoki holati yaqqol oʻzgarib turadigan bemor aniqlangan taqdirda vrachlar bu haqda bemorning turar joyidagi psixonyevrologik dispanserga xabar qilishga majburdirlar.
22. Oʻq va pichoqdan yaralangan, yoʻl-transport jarohati olgan bemorlar murojaat etishganda vrachlar bu shaxslar toʻgʻrisida ichki ishlar organlariga xabar qilishlari shart.
23. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi vrachning faoliyati quyidagi hollarda toʻxtatiladi:
a) xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan vrachning oʻz qaroriga binoan;
b) xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanish huquqini beruvchi litsenziyaning amal qilish muddati tugagan va uning muddati belgilangan tartibda uzaytirilmagan taqdirda;
v) litsenziya ushbu Nizomning 8-bandida nazarda tutilgan asoslarda uni bergan organ tomonidan bekor qilingan taqdirda;
g) Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida nazarda tutilgan boshqa hollarda.
24. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi vrachlar narkotik va ularga tenglashtirilgan hamda bemorlar tomonidan imtiyozli asosda sotib olinadigan dori-darmonlar va tibbiyot ashyolaridan boshqa dori-darmonlarga retsept yozib berish huquqiga egadirlar.
25. Retseptlarning yuqoridagi chap burchagiga sogʻliqni saqlash muassasasi nomi oʻrniga vrachning familiyasi, ismi, otasining ismi, manzili, telefon raqami yoziladi va vrachning shaxsiy muhri bosiladi. Davolash-kasallikning oldini olish muassasalarining retsept qogʻozlaridan foydalanish taqiqlanadi.
26. Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi vrachlar bemorlarni qabul qilishni tashkil etishda sanitariya-epidemiyaga qarshi qoidalarga amal qilishga, aseptika va antiseptika qoidalariga qatʼiy rioya etishga, muolajalar oʻtkazish natijasida amaldagi sanitariya-gigiyena norma va qoidalarining buzilishi natijasida bemorda asoratlar paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslikka majburdirlar.
27. Xususiy vrachlik faoliyatida taqiqlangan diagnostika va davolash tadbirlari roʻyxati Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilanadi.
28. Xususiy vrachlik faoliyatini amalga oshirish uchun vrachga u xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanadigan hududdagi sogʻliqni saqlash organlari rahbarining ruxsati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tizimidagi xoʻjalik tashkilotlari orqali tibbiy texnika buyumlari, mebellar, anjomlar xarid qilish imkoniyati beriladi.
Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) toʻgʻrisida Nizomga
1-ILOVA
1-ILOVA
Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati)ni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining litsenziya beruvchi maxsus komissiyasiga taqdim etiladigan hujjatlar
ROʻYXATI
1. Ariza
2. Hokimlikning roʻyxatdan oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarorining nusxasi
3. Hududdagi sanitariya-epidemiya stansiyasining binolarning sanitariya-gigiyena talablariga mosligi toʻgʻrisidagi xulosasi
4. Hududiy boshqaruv organlarining (Qoraqalpogʻiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar sogʻliqni saqlash bosh boshqarmalari va boshqarmalarining) vrach ishlayotgan joydagi davolash muassasasi tibbiy Kengashining qarori yoki attestatsiya komissiyasining qarori asosidagi iltimosnomasi
5. Vrachlik diplomining nusxasi.
6. Davlat poshlinasi toʻlanganligini tasdiqlovchi toʻlov topshiriqnomasining nusxasi yoki bankning boshqa hujjati
Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) toʻgʻrisida Nizomga
2-ILOVA
2-ILOVA
Xususiy vrachlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi vrach tomonidan koʻrsatiladigan tibbiy xizmatlar qiymatining
KALʼKULATSIYASI
1. Ish haqi
2. Ish haqiga ustama
3. Ish yuritish va xoʻjalik ishlari xarajatlari
4. Diagnostika tekshiruvlari va davolash muolajalari oʻtkazish uchun zarur boʻlgan bogʻlov materiallari va dori-darmonlarga qilingan xarajatlar
5. Boshqa xarajatlar
Joriy xarajatlar yigʻindisi
6. Bino, inshoot va asosiy vositalarning eskirishi
7. Yumshoq anjomlarning eskirishi Xarajatlar yigʻindisi
Xarajatlar yigʻindisi
8. Rentabellik
9. Soliqlar
Jami xarajatlar
Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) toʻgʻrisida Nizomga
3-ILOVA
3-ILOVA
Yakka tartibdagi vrachlik faoliyati (xususiy vrachlik faoliyati) bilan shugʻullanishga ruxsat etilgan vrachlar ixtisosi
RoʻYXATI
1. Terapevt
2. Kardiolog
3. Gastroenterolog
4. Nyevropatolog
5. Endokrinolog
6. Gematolog
7. Jarroh
8. Bolalar jarrohi
9. Travmotolog-ortoped
10. Urolog
11. Onkolog
12. Stomatolog
13. Akusher-ginekolog
14. Pediatr
15. Oftalmolog
16. Otolaringolog
17. Revmatolog
18. Allergolog
19. Proktolog
20. Seksapatolog
21. Vrach-genetik
22. Psixoterapevt
23. Pulmonolog
24. Dermatovenerolog
25. Fizioterapevt