O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining
Qarori
Sudlarda yerga oid nizolarni ko‘rishda qonunchilik hujjatlari normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi 68-moddasining talablaridan kelib chiqqan holda, yer umummilliy boylik ekanligi, undan oqilona foydalanish zarurligi va u davlat tomonidan muhofaza qilinishini inobatga olib, yerga oid nizolarni sudlar tomonidan hal etishda O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksi va yer munosabatlarini tartibga solishga oid boshqa qonunchilik hujjatlari to‘g‘ri va bir xilda qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida, “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 22-moddasiga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
I bob. Umumiy masalalar
1. Sudlarning e’tibori yer to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining (bundan buyon matnda Yer kodeksi deb yuritiladi) 3-moddasi bilan belgilanganligiga qaratilsin.
Sudlar yerga oid qonunchilik hujjatlarini qo‘llashda ushbu sohaga oid qonunchilik orqaga qaytish kuchiga ega emasligi, ular amalga kiritilganidan keyin vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qo‘llanilishi hamda qonunda u amalga kiritilgunga qadar vujudga kelgan munosabatlarga nisbatan qo‘llanilishi to‘g‘ridan-to‘g‘ri nazarda tutilgan hollardagina tatbiq etilishiga e’tibor qaratsinlar.
Shu bilan birga, ma’muriy sudlarga nizolashilayotgan ma’muriy hujjat yoki mansabdor shaxs harakati (harakatsizligi)ning qonuniyligiga ushbu hujjat qabul qilingan yoki harakat (harakatsizlik) sodir etilgan vaqtda amalda bo‘lgan yerga oid qonunchilik hujjatlari asosida baho berishlari lozimligi tushuntirilsin.
2. Qoida tariqasida, yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga egalik qilish, undan foydalanish va tasarruf etish bilan bog‘liq bo‘lgan ishlar bo‘yicha ishda ishtirok etuvchi shaxslar nizoli yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni va ushbu huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni sudga taqdim qilishlari lozim, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar bundan mustasno.
Bunda sudlarning e’tibori Yer kodeksining 33-moddasida nazarda tutilgan hujjatlargina yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlar hisoblanishiga qaratilsin.
3. Da’vogar (arizachi) tomonidan yer uchastkasiga bo‘lgan huquq davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi haqidagi hujjat taqdim etilganda, sudlar nizoni to‘g‘ri hal etish uchun yer uchastkasining plani va tavsifi tuzilganligi, yer uchastkasining chegaralari joyida belgilab berilganligi haqidagi hujjatlar mavjudligini kadastr yoki boshqa vakolatli organlarning ma’lumotlari asosida aniqlashlari lozim.
Sudlar yerga oid nizolarning xususiyatidan kelib chiqib:
protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda da’voni ta’minlash (dastlabki himoya) choralarini ko‘rish masalasini muhokama qilishlari;
bunday ishlarni protsessual muddatlarga qat’iy rioya qilgan holda ko‘rib chiqishlari lozim.
4. Sudlarga tushuntirilsinki, Yer kodeksi 22-moddasining birinchi qismi hamda O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi (bundan buyon matnda Fuqarolik kodeksi deb yuritiladi) 549-moddasi birinchi qismining mazmuniga ko‘ra, davlat egaligida bo‘lgan yer uchastkalari yoki boshqa ko‘chmas mulklarning qonunda belgilangan tartibda boshqa shaxsning egaligiga o‘tkazilishi, yer uchastkalari yoki boshqa ko‘chmas mulklardan ijara huquqi asosida foydalanib kelayotgan shaxslarning ijara shartnomasining muddati tugaguniga qadar undan foydalanish huquqidan mahrum etmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
5. Sudlar Yer kodeksining 36-moddasiga muvofiq, ijara muddati tugaganligi munosabati bilan yer uchastkasini ijaraga olish huquqini bekor qilish to‘g‘risidagi da’volarni ko‘rishda, yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi yangi muddatga uzaytirilgan yoki uzaytirilmaganligini aniqlashlari lozim.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli qarori tahririda)
6. Sudlar yerga oid nizolarni ko‘rishda manfaatdor shaxslar doirasini aniqlab, zarurat bo‘lgan hollarda, ularni (masalan, kadastr va arxitektura organlari, auksion yoki tanlov o‘tkazuvchi tashkilotlar, mahalliy hokimliklar, qishloq xo‘jaligi tashkilotlari va boshqalar) ishda ishtirok etishga jalb qilish masalasini muhokama qilishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
61. “O‘zbekiston Respublikasi FPK 50-moddasining birinchi qismi, IPK 49-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra, prokuror o‘zining da’vo arizasi (arizasi) asosida qo‘zg‘atilgan ishlarda, shuningdek davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish maqsadida yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq ishlarda, MSIYUtK 46-moddasining birinchi qismiga ko‘ra esa, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan barcha ishlar bo‘yicha sud majlisida ishtirok etishga haqli.
Shu sababli sudlar yerga oid huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq ishlarni sudda ko‘rishda prokurorni xabardor qilish masalasini hal etishlari lozim.
(61-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
II bob. Sudlovga taalluqlilik masalalari
7. Sudlarning e’tibori ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining yuridik va jismoniy shaxslarning yerga oid huquqlarini buzuvchi ma’muriy hujjatlari va harakatlari (harakatsizligi) ustidan berilgan ariza (shikoyat)lar, shuningdek, ushbu talablarga sababiy bog‘lanishda bo‘lgan zararlarning o‘rnini qoplash haqidagi talablar ma’muriy sudlarga taalluqli ekanligiga qaratilsin.
Ma’muriy organlar va ular mansabdor shaxslarining qonunchilikka muvofiq bo‘lmagan qarorlari yoki harakatlari (harakatsizligi) oqibatida vujudga kelgan zararlar sababiy bog‘lanishdagi zararlar hisoblanadi.
Shuningdek, Yer kodeksining 24, 36-moddalari talabi hamda qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda Vazirlar Mahkamasining individual xususiyatga ega bo‘lgan yer munosabatlariga oid hujjatlari ma’muriy sudlarda nizolashilishi mumkin.
8. Yerga oid huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan quyidagi nizolar taalluqliligiga ko‘ra fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar yoki iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘riladi:
yer uchastkasini jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish va qayta sotib olish bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha kompensatsiya undirish;
servitutni belgilash yoki bekor qilish, servitut yuzasidan haq undirish;
bir nechta shaxslarga mulk huquqi asosida tegishli bo‘lgan, birgalikda egalik qilinadigan yoki foydalaniladigan yer uchastkasidan foydalanish tartibini belgilash, uni bo‘lish;
yer uchastkasiga egalik qilish va foydalanish huquqi bilan bog‘liq bo‘lmagan huquq buzilishlarni bartaraf etish;
yer uchastkasini boshqa shaxsning qonunsiz egaligidan talab qilib olish, yer uchastkasidan majburiy tartibda chiqarish;
o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini qaytarish va foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish, shu jumladan undagi imoratlarni buzish;
Yer kodeksining 36-moddasida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni tugatish;
Yer kodeksining 86, 87-moddalarida nazarda tutilgan hollarda yer egalari, yerdan foydalanuvchilar, yer uchastkalari ijarachilariga va mulkdorlariga yetkazilgan zararni undirish;
yer uchastkalarining ijara shartnomasi bilan bog‘liq nizolar va boshqalar.
9. Yerga oid qonunchilik hujjatlari bilan tegishli organlarning vakolatiga taalluqli masalalar sudlar tomonidan hal qilinmasligiga, jumladan Yer kodeksining 23-moddasiga asosan yer uchastkasini berish (realizatsiya qilish) bo‘yicha vakolatli organlar belgilanganligiga sudlarning e’tibori qaratilsin.
10. Inobatga olinsinki, ma’muriy organning obyektni tanlov yoki auksionga chiqarishga qadar amalga oshirgan harakati (harakatsizligi) yoxud qarori bilan bog‘liq ommaviy-huquqiy nizolar ma’muriy sudlarning sudloviga, auksion yoki tanlov natijasi yuzasidan vujudga kelgan nizolar esa (masalan, bitim, kim oshdi savdosini yoki tanlovni haqiqiy emas deb topish, bitimni bekor qilish, o‘zgartirish) tegishincha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar yoki iqtisodiy sudlarning sudloviga taalluqlidir.
11. Sudlar “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 12, 27 va 34-moddalaridan kelib chiqib, shuni nazarda tutishlari lozimki, ushbu Qonun kuchga kirgan kundan boshlab yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yishda, huquq egasiga belgilangan kompensatsiya berilishi bilan bog‘liq nizolar dastlab sudga qadar kompensatsiya komissiyalari tomonidan ko‘rib chiqilishi, biroq masalaning qonunchilikda belgilangan muddatlarda kompensatsiya komissiyasi tomonidan ko‘rib chiqilmaganligi arizani sud tomonidan ko‘rib chiqilishiga to‘sqinlik qilmaydi.
Bunda kompensatsiya komissiyasining qarori tavsiyaviy xususiyatga ega bo‘lganligi sababli kompensatsiya komissiyasining qaroridan norozi bo‘lgan manfaatdor shaxs tegishlicha fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki iqtisodiy sudga kompensatsiya undirish haqidagi da’vo arizasi bilan murojaat qilish huquqiga ega.
III bob. Yerga oid ommaviy-huquqiy nizolar bo‘yicha
12. Yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning vujudga kelishi asoslari qonunda qat’iy belgilab qo‘yilganligi sababli hakamlik sudlarining vakolat doirasidan chetga chiqqan holda yer uchastkasi va boshqa ko‘chmas mulkka nisbatan huquqlarni vujudga keltirishga qaratilgan qarorlari, arizachilarning mansabdor shaxslarning zimmasiga yer uchastkasi yoki boshqa ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, yer uchastkasida qurilish ishlarini amalga oshirishga ruxsat berish, ko‘chmas mulkni qayta rekonstruksiya qilishga ruxsat berish majburiyatini yuklash haqidagi va shu kabi boshqa talablarini qanoatlantirish uchun asos bo‘la olmaydi.
13. O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi Kodeksi (bundan buyon matnda MSIYUtK deb yuritiladi) 27-moddasi birinchi qismining 5-bandiga asosan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda arizachi tomonidan noaniq (masalan, kadastr yig‘majildi, kadastr pasporti, guvohnoma va davlat reyestridan ko‘chirmani haqiqiy emas deb topish haqida) talab qo‘yilganda, nizoning asl mohiyatidan kelib chiqqan holda ma’muriy sudlar sudning faol ishtiroki tamoyili asosida talabga aniqlik kiritish choralarini ko‘rib, arizani mazmunan ko‘rishlari lozim.
Bunda sudlar ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish — yuridik va jismoniy shaxslarning, jumladan bitimlar asosida yuzaga keladigan ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarining vujudga kelishi, boshqa shaxsga o‘tishi, cheklanishini bekor bo‘lishini tan oladigan hamda tasdiqlaydigan huquqiy hujjat ekanligidan kelib chiqib, bu haqdagi davlat reyestri ko‘chirmasini emas, balki ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni haqiqiy emas deb topilishi mumkinligiga e’tibor qaratishlari lozim.
14. “Ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 15-moddasiga ko‘ra, Davlat kadastrlari palatasi va uning hududiy boshqarmalari ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazuvchi organ hisoblanishi sababli, sudlarning e’tibori ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazish bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda, ish bo‘yicha javobgar sifatida Davlat kadastrlari palatasining viloyat hududiy boshqarmalari jalb qilinishi lozimligiga qaratilsin.
Yuridik va jismoniy shaxslarning yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarining vujudga kelish asoslari Yer kodeksining 31-moddasida ko‘rsatilgan bo‘lib, yerga oid nizolarni ko‘rishda arizachida bunday huquqlar mavjud yoki mavjud emasligi, arizachi MSIYUtK 185-moddasi talabi bo‘yicha sudga murojaat qilish huquqiga ega bo‘lgan shaxs hisoblanishi yoki hisoblanmasligiga aniqlik kiritish lozim.
Shu bilan birga sudlarga, qonunchilik hujjatlarida nazarda tutilgan alohida muhofaza etiladigan obyektlar va ularning muhofaza hududlariga nisbatan bo‘lgan huquqning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmaganligi, mazkur yer maydonlariga bo‘lgan huquqning vujudga kelmaganligini anglatmasligi tushuntirilsin.
Oldingi tahrirga qarang.
15. Sudlarga tushuntirilsinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yer munosabatlarida tenglik va shaffoflikni ta’minlash, yerga bo‘lgan huquqlarni ishonchli himoya qilish va ularni bozor aktiviga aylantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2021-yil 8-iyundagi PF-6243-sonli Farmonining 4-bandi bilan mahalliy davlat hokimiyati organlarining yer uchastkalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri ajratish, foydalanishga berish, kelgusida ajratish uchun zaxiralash, biriktirish, obodonlashtirish uchun berish yoki yerlarni boshqacha yo‘l bilan tasarruf qilish (bundan mazkur Farmonga muvofiq yer uchastkalarini davlat tashkilotlariga doimiy foydalanishga ajratish, ijara shartnomasini imzolash bo‘yicha vakolatlar mustasno), tuman va shahar mahalliy davlat hokimiyati organlari tomonidan esa yer uchastkalariga bo‘lgan huquqlarni belgilash, e’tirof etish, o‘zgartirish, bekor qilish huquqi 2021-yil 1-avgustdan bekor qilingan.
(15-bandning birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
Shu bilan birga, mazkur Farmonning 8-bandida ushbu Farmon rasman e’lon qilingan kundan boshlab Yer kodeksiga tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilguniga qadar Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahar, tumanlar va shaharlar mahalliy vakillik va ijro hokimiyati organlari tomonidan mazkur Farmonda nazarda tutilganidan boshqacha tartibda yer uchastkalarini ajratish qat’iyan to‘xtatilganligi qayd etilgan.
(15-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli qarori tahririda)
Shu sababli, Yer kodeksining 23-moddasiga o‘zgartishlar 2021-yil 16-avgustda kiritilgan bo‘lsa ham, tuman (shahar) hokimlari 2021-yil 9-iyundan boshlab yer uchastkalarini egalik qilish va foydalanish uchun ajratish (realizatsiya qilish) vakolatiga ega emasliklariga sudlarning e’tibori qaratilsin.
IV bob. Yerga oid fuqarolik-huquqiy nizolar bo‘yicha
16. Sudlar shuni nazarda tutishlari lozimki, Yer kodeksining 10 va 21-moddalari talablariga muvofiq yer uchastkasini bo‘lish imkoniyati bo‘lmasa, bunday yer uchastkasi bir necha shaxslar tomonidan birgalikda egalik qilinadigan va foydalaniladigan yer uchastkasi deb e’tirof etiladi, bu hol ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarning davlat reyestrida aks ettiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
17. Sudlarning e’tibori birgalikda egalik qilinadigan yoki foydalaniladigan yer uchastkasini bo‘lish va undan foydalanish tartibini belgilash haqidagi nizolarni hal qilishda Yer kodeksi 22-moddasining beshinchi qismiga asosan yer uchastkasini bo‘lish yoki undan foydalanish tartibini belgilash imkoniyati mavjud yoki mavjud emasligi kadastr organi mutaxassisining fikri yoki sudga oid ekspertiza xulosasi bilan aniqlanishi mumkinligiga qaratilsin.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli qarori tahririda)
18. Birgalikda egalik qilinadigan yoki foydalaniladigan yer uchastkasini taraflarning imoratga bo‘lgan egalik huquqidagi ulushlariga mutanosib ravishda yoki ulushlar tengligidan chekingan holda ajratish imkoniyati bo‘lmasa, sud ilgaridan shakllangan yer uchastkasidan foydalanish tartibidan kelib chiqishi lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Yer kodeksi 62-moddasining to‘rtinchi qismi talabiga muvofiq, yer uchastkasining yoxud undagi imoratning u yoki bu qismi kommunal xizmatdan (yoritish, oqova suvlarni chiqarib yuborish, truboprovod, sug‘orish qurilmalari va shu kabilar), yer uchastkalarining egalari yoki undan foydalanuvchilar esa, mustaqil ravishda o‘zicha yoki transportda kirib-chiqish imkonidan mahrum bo‘lib qoladigan bo‘lsa, yer uchastkasining bo‘linishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
(19-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli qarori tahririda)
20. Fuqarolik kodeksi 223-moddasining beshinchi qismidan kelib chiqib, birgalikda egalik qiluvchilar o‘rtasidagi yer uchastkalarini bo‘lishda ulushlarga nisbatan nomutanosiblik vujudga kelganda, sudlar nizoni hal etishda yerga bo‘lgan huquqdagi farq uchun tegishli pul summasini undirish yoki boshqacha kompensatsiya belgilanishi lozimligiga e’tibor qaratsinlar.
21. Birgalikda egalik qiluvchilar o‘rtasida yerdan foydalanish tartibi o‘rnatilganidan so‘ng vujudga kelgan yer uchastkasiga egalik qilish yoki foydalanish tartibi yuzasidan kelib chiqqan nizolarni hal qilishda sudlar quyidagilarni e’tiborga olishlari lozim:
umumiy mulk ishtirokchilaridan birining umumiy foydalanishda bo‘lgan turar joyda qo‘shimcha imoratlar va qurilmalarni barpo etish, ustiga qurish, qayta qurish yo‘li bilan ulushini ko‘paytirishi o‘z-o‘zidan birgalikda egalik qilinadigan yoki foydalaniladigan yer uchastkasining o‘lchamini o‘zgartirishga asos bo‘lmaydi;
uy-joy mulkdorlaridan biri uy-joyning o‘ziga tegishli qismini o‘zga mulkdorga o‘tkazganda, shuningdek uy-joyning bir qismi vorislik tarzda o‘zgaga o‘tganda yer uchastkasidan foydalanish tartibini yangidan belgilashga, faqat bu tartib boshqa mulkdorlarning huquq va manfaatlariga zid bo‘lmagan taqdirdagina, yo‘l qo‘yiladi;
turar joy mulkdorlarining biri imoratning o‘ziga tegishli bo‘lgan qismini o‘zga shaxs foydasiga o‘tkazganda, yer uchastkasidan foydalanishning ilgaridan o‘rnatilgan tartibi yangi mulkdor uchun ham majburiydir.
22. Agar yer uchastkasini bo‘lish imkoni bo‘lmasa, sud da’voni rad qiladi va taraflarga yerdan foydalanish tartibini belgilash haqida da’vo qilish huquqini tushuntiradi.
23. Birgalikda egalik qilinadigan yoki foydalaniladigan yer uchastkasini bo‘lish yoki undan foydalanish tartibini belgilash haqidagi nizolar bo‘yicha hal qiluv qarorining xulosa qismida:
har bir tarafga qoldiriladigan yer uchastkasining maydoni va chegaralari;
birgalikda egalik qilinadigan yoki foydalaniladigan yer uchastkalarining maydoni va chegaralari;
yer uchastkalaridan turar joyga, yordamchi imoratlarga va qurilmalarga o‘tish joyining maydoni va chegaralari hamda boshqa e’tiborga molik ma’lumotlar ko‘rsatilishi shart.
24. Sudlar Yer kodeksi 36-moddasining 6 — 11-bandlarida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning bekor qilish masalasi Yer kodeksining 38-moddasiga muvofiq, yerlardan foydalanish va ularni muhofaza qilish ustidan davlat nazoratini amalga oshiruvchi organning yer egasini yoki yerdan foydalanuvchini oldindan ogohlantirganidan keyin tuman (shahar) hokimiga yer uchastkasini olib qo‘yish haqida kiritilgan taqdimnomasi asosida tuman (shahar) hokimining yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni bekor qilish va yer maydonini olib qo‘yish haqidagi da’vo arizasiga binoan sud tartibida hal etilishini inobatga olishlari lozim.
Sudlarga tushuntirilsinki, agar da’vo arizasida yer uchastkasini olib qo‘yish (yer ijara shartnomasini bekor qilish) talabi bilan birga ushbu yer uchastkasini zaxiraga olish (zaxiraga qaytarish) talabi ham qo‘yilgan bo‘lsa yoki alohida talab sifatida yer uchastkasini zaxiraga olish (zaxiraga qaytarish) talabi berilgan bo‘lsa, qonunchilikka ko‘ra yer uchastkalarini zaxiraga olish (zaxiraga qaytarish) sudlarning vakolatiga kirmasligi sababli ushbu talab bo‘yicha ish yuritish tugatilishi lozim.
Agar sudga yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni bekor qilish (yer ijara shartnomasini bekor qilish) talabi bilan birga yer uchastkasini olib qo‘yish talabi qo‘yilgan bo‘lsa, har ikki talab alohida nomulkiy talab hisoblanishi lozim.
Bu toifadagi ishlarni ko‘rishda sudlar yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni vujudga keltiruvchi hujjat (hokim qarori, savdo bayonnomasi, shartnomasi va boshqalar) tegishli tartibda davlat ro‘yxatidan o‘tkazilib, yer uchastkasiga bo‘lgan huquq yuzaga kelganligini tekshirishlari lozim.
Agar yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni vujudga keltiruvchi hujjat davlat ro‘yxatidan o‘tkazilmagan bo‘lsa, sudlar huquq yuzaga kelmaganligi asosi bilan huquqni bekor qilish talabini rad etib, yer uchastkasini olib qo‘yish talabini qanoatlantirishi lozim.
Sudlarning e’tibori, agar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini yer egasiga, yerdan foydalanuvchiga, yer uchastkasi ijarachisiga yoki mulkdoriga qaytarish to‘g‘risida da’vo berilganda mazkur da’vo talabi Yer kodeksining 91, 911-moddalariga asosan ko‘rib chiqilishiga qaratilsin.
25. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, Yer kodeksi 38-moddasining ikkinchi qismiga asosan Kadastr agentligi organlari yer egasini yoki yerdan foydalanuvchini oldindan xabardor qilgandan keyin yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni bekor qilish haqida sudga da’vo arizasini kiritishi, basharti nizoli yer uchastkasiga nisbatan yer ijara shartnomasi mavjud bo‘lmagan holdagina amalga oshirilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
Yer kodeksi 36-moddasining beshinchi qismiga binoan ushbu modda birinchi qismining 1, 2, 6 — 10, 13-bandlarida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini tugatish ushbu Kodeksning 24-moddasida nazarda tutilgan tartibda yer uchastkasining ijara shartnomasini bekor qilish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
Shunga ko‘ra, ijara shartnomasi mavjud bo‘lib, da’vo arizasida Yer kodeksi 36-moddasi birinchi qismining 1, 2, 6 — 10, 13-bandlari asos qilinib, yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini tugatish haqida talab qo‘yilsa, sudlar bunday talabni qanoatlantirish rad etilishi lozimligiga e’tibor qaratishlari lozim.
(25-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli qaroriga asosan ikkinchi va uchinchi xatboshilari bilan to‘ldirilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
251. Fuqarolik kodeksi 382-moddasining birinchi qismida, agar ushbu Kodeksda, boshqa qonunlarda yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilgan bo‘lmasa, shartnoma taraflarning kelishuviga muvofiq o‘zgartirilishi va bekor qilinishi mumkinligi nazarda tutilgan.
Shu munosabat bilan sudlar inobatga olishlari lozimki, prokuror yer uchastkasi ijara shartnomasini bekor qilish talabi bilan faqat shartnoma taraflari manfaatida sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilishi mumkin.
Bunda nizoni sudgacha hal qilish (talabnoma yuborish) tartibiga rioya etilganligini e’tiborga olish lozim.
Mazkur bandning ikkinchi xatboshisidagi qoida yer ijara shartnomasini haqiqiy emas deb topish haqidagi talabga nisbatan tatbiq etilmasligiga e’tibor qaratilsin.
(251-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 29-apreldagi 10-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
Oldingi tahrirga qarang.
26. Sudlar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan ijara asosida foydalanish huquqiga ega bo‘lgan yuridik yoki jismoniy shaxslar bilan tuzilgan yer uchastkasi ijara shartnomasini Yer kodeksi 36-moddasi birinchi qismining 6-7-bandlarida ko‘rsatilgan asoslarga ko‘ra bekor qilish to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda da’voning asosliligini Fuqarolik kodeksining 384-moddasi, O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 14-yanvardagi 22-son qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlar va ekin maydonlarida monitoring ishlarini amalga oshirish tartibi to‘g‘risida”gi hamda 2024-yil 30-dekabrdagi 914-son qarori bilan tasdiqlangan “Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlardan oqilona foydalanish tartibi to‘g‘risida”gi nizomlar hamda boshqa nizoga oid normativ huquqiy hujjatlar talablariga rioya qilinganligini tekshirishlari lozim.
(26-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli qarori tahririda)
Oldingi tahrirga qarang.
261. Yer kodeksi 242-moddasining yettinchi qismiga ko‘ra, agar qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini ijaraga berish shartnomasida boshqacha qoida nazarda tutilmagan bo‘lsa, ushbu shartnomani muddatidan ilgari bekor qilish qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga berish shartnomasining bekor qilinishiga sabab bo‘ladi.
Shu sababli sudlar bunday toifadagi ishlarni ko‘rishda nizolashilayotgan shartnoma bo‘yicha ijaraga berilgan qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkasi ikkilamchi ijaraga berilgan yoki berilmaganligini aniqlashlari, zarur hollarda esa yer uchastkasini ikkilamchi ijaraga olgan shaxsni ishga ishtirok etishga jalb qilish choralarini ko‘rishlari lozim.
(261-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
27. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarni oldi-sotdi, hadya, garov, o‘zboshimchalik bilan tuzilgan almashtirish shartnomalari, shuningdek, qonunchilikda belgilangan tartib buzilgan holda tuzilgan ikkilamchi ijara shartnomalari FKning 116-moddasiga asosan o‘z-o‘zidan haqiqiy emas hisoblanadi.
Bunday shartnomalar o‘z-o‘zidan haqiqiy emasligidan kelib chiqib, Fuqarolik kodeksi 113-moddasining uchinchi qismiga ko‘ra sudlar o‘z tashabbuslari bilan shartnomaning haqiqiy emasligi oqibatlarini qo‘llashga haqli ekanligini inobatga olishlari lozim.
Oldingi tahrirga qarang.
Shu bilan birga, Yer kodeksi 24-moddasining o‘n ikkinchi qismi mazmuniga ko‘ra, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi faqat kreditlar olish uchun garovga qo‘yilishi mumkinligi inobatga olinishi kerak.
Bunda, sudlar fermer xo‘jaligi yer uchastkasiga bo‘lgan ijara huquqini faqat o‘ziga kredit olish uchun garovga qo‘yishga haqli ekanligiga e’tibor qaratishi lozim.
(27-bandning uchinchi xatboshi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli qaroriga asosan uchinchi va to‘rtinchi xatboshilari bilan almashtirilgan)
28. Sudlarga tushuntirilsinki, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi dastlabki hujjat bekor qilingan yoki sud tomonidan haqiqiy emas deb topilgan bo‘lib, biroq nizoli yer uchastkasi amaldagi egasi (foydalanuvchisi)ning huquqni tasdiqlovchi hujjati o‘z kuchida bo‘lsa, uni ushbu yer maydonidan majburiy tartibda chiqarish uchun asos bo‘lmaydi.
Bunday holatda sudlar da’vogarga amaldagi egasi (foydalanuvchisi)ning ushbu yer uchastkasiga bo‘lgan huquqini tasdiqlovchi hujjatini nizolashish huquqini tushuntirishlari lozim.
29. Sudlarga tushuntirilsinki, da’vo arizasida o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasini qaytarish va uni yaroqli holatga keltirish so‘ralganda, ular bitta talab sifatida baholanadi.
Yer uchastkalarini foydalanish uchun yaroqli holatga keltirish uni o‘zboshimchalik bilan egallab olgan shaxslar hisobidan amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
291. Sudlar o‘zboshimchalik bilan egallab olingan davlat mulkidagi yer uchastkasini qaytarish va o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishda IPK 2039-moddasi talablariga qat’iy rioya etishlari shart.
(291-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli qaroriga asosan kiritilgan)
30. Servitutni belgilashni talab qilgan shaxs va o‘zga yer uchastkasining egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi, ijarachisi va mulkdori servitut to‘g‘risida o‘zaro kelisha olmasalar, unda servitut cheklangan tarzda manfaatdor shaxsning da’vosi bo‘yicha sudning hal qiluv qarori bilan belgilanadi.
31. Sudlarning e’tibori Yer kodeksining 30-moddasiga asosan servitutning muhim sharti bunday huquqni o‘rnatishni talab qilgan yer uchastkasining mulkdori, egalik qiluvchisi, foydalanuvchisi va ijarachisining o‘zganing uchastkasidan cheklangan tarzda foydalanish huquqini o‘rnatmasdan turib, tegishli ehtiyojlarini qondirish imkonsiz ekanligiga qaratilsin.
32. Servitut belgilanishi va uning shartlari xususidagi ishlarni hal qilishda, sudlar vakolatli organlarni ishga jalb etish hamda mutaxassisning fikri, tushuntirishlarini olish masalasini muhokama qilishlari lozim.
Servitut belgilanishi bilan bog‘liq (Yer kodeksi 30-moddasi ikkinchi qismi) xarajatlar da’vogar zimmasiga yuklatilishi sudlarga tushuntirilsin.
33. Sudlarning e’tibori shunga qaratilsinki, qonunchilikda belgilangan tartibda ajratilmagan (realizatsiya qilinmagan), shu jumladan, berilgan (realizatsiya qilingan) yer uchastkasining chegaralari vakolatli organlar tomonidan naturada (joyning o‘zida) belgilanmagan, yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni tasdiqlaydigan hujjatlar olinmagan holda foydalanilgan yer uchastkasi o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi hisoblanadi.
O‘zboshimchalik bilan egallab turgan yer uchastkalarini qaytarish va undagi qurilmani buzdirish to‘g‘risidagi ishlarda kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
O‘zboshimchalik bilan egallab olingan, davlat mulkida bo‘lgan yer uchastkasini qaytarish, o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni buzib tashlash to‘g‘risidagi ish bo‘yicha kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
(33-band O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2025-yil 24-noyabrdagi 23-sonli qaroriga asosan uchinchi xatboshi bilan to‘ldirilgan)
Shuningdek, sudlar bu toifadagi ishlarni ko‘rishda davlat hokimiyati organining da’vodan voz kechishi qonunchilik hujjatlariga zid kelmasligini aniqlashlari lozim.
Sudlarga tushuntirilsinki, Yer kodeksining 911-moddasiga ko‘ra, o‘zboshimchalik bilan egallangan yer uchastkasiga, shuningdek qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan yer uchastkasida barpo etilgan har qanday bino va inshootlarga nisbatan mulk huquqini yoki boshqa mulkiy huquqlarni belgilashga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Yer uchastkasini o‘zboshimchalik bilan egallagan, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan, qurilish uchun ajratilmagan yer uchastkasida qonunga xilof qurilish obyektini barpo etgan shaxslar insofli mulkdor deb tan olinmaydi, shunga ko‘ra sudlar ularga egalik huquqini belgilash yoki mansabdor shaxslarga bunday majburiyat yuklashga haqli emas.
Shunga ko‘ra, ushbu toifadagi nizolarni ko‘rishda taqdim etilgan hujjatlar bilan cheklanmasdan mutaxassis jalb etilgan (kadastr, arxitektor va boshqa) holda yer maydoni toifasi va taqdim etilgan hujjatlarni haqqoniyligi aniqlash talab etiladi.
34. Sudlarga tushuntirilsinki, “Yer uchastkalarini kompensatsiya evaziga jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 29-moddasiga asosan olib qo‘yilayotgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqning bozor qiymati olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning qiymati yer uchastkasi olib qo‘yilishi tartib-taomili boshlanguniga qadar bo‘lgan paytdagi yoki yer uchastkasi olib qo‘yilishi haqidagi xabar ko‘chmas mulk obyektining qiymatiga, shuningdek olib qo‘yilgan yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarga ta’sir ko‘rsatilguniga qadar bo‘lgan paytdagi holatga ko‘ra baholovchi tashkilot tomonidan faqat mulkdorning yoki huquq egasining huquqlari yer uchastkasiga bo‘lgan huquqlarning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida aniqlanadi.
Qonunda olib qo‘yilayotgan yer uchastkasining bozor qiymatini oldindan va to‘liq qoplash majburiyati belgilanganligi sababli ushbu majburiyat bajarilmagan yoki lozim darajada bajarilmagan taqdirda, zarar undirish haqidagi talab FK 324-moddasi ikkinchi qismiga asosan qaror chiqarilgan kunda mavjud bo‘lgan narxlarni e’tiborga olgan holda hal etilishi mumkin.
35. Jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalari, ko‘chmas mulklarni olib qo‘yilishi va buzilishi munosabati bilan yetkazilgan zararni to‘lashni kechiktirganlik uchun foiz undirish so‘ralgan bo‘lsa, bunday talab Fuqarolik kodeksining 327-moddasi normasidan kelib chiqib hal etilishi lozim.
36. Sudlar qonunda jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkasi olib qo‘yilishi bilan bog‘liq nizolarni ko‘rishda kompensatsiya yoki zararni undirishda olib qo‘yilayotgan ko‘chmas mulk obyektining bozor qiymati, ko‘p yillik dov-daraxtlarning bozor qiymati kompensatsiya qilinishi bilan birga yer uchastkasiga bo‘lgan muayyan (Yer kodeksining 17-moddasi) huquqning bozor qiymati ham (ijara huquqi bundan mustasno) alohida-alohida aniqlanishiga e’tibor qaratishlari lozim.
37. Sudlarga tushuntirilsinki, yer uchastkasini ijaraga berish haqida vakolatli organning qarori mavjud bo‘lib, ijara shartnomasi tuzilmagan bo‘lsa, yer ijara shartnomasini majburiy tartibda tuzish talabi qo‘yilganda, yer uchastkasi to‘g‘risida nizo bor yoki yo‘qligini aniqlash zarur.
V bob. Yakunlovchi qoidalar
38. Sudlar yerga oid nizolarni ko‘rib chiqish natijasi bo‘yicha qonunchilik hujjatlari buzilgan har bir holat yuzasidan xususiy ajrim chiqarish yo‘li bilan munosabat bildirishi lozim.
Agar yerga oid nizolarni ko‘rish jarayonida shaxslarning xatti-harakatlarida jinoyat alomatlari aniqlansa, sudlar bu haqda prokurorga xabarnoma yuborishi lozim.
Kadastr organlari yer maydonlari o‘zboshimchalik bilan egallanganligi holati bo‘yicha kiritgan da’vo arizalarini ko‘rish jarayonida da’voni ko‘rmasdan qoldirish haqida ariza bilan murojaat etganda, sud ishni ko‘rish natijalari bo‘yicha Respublika Kadastr agentligiga, prokuratura organlariga xabarnoma yuborish masalasini hal qilishi lozim.
39. Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi, viloyatlar va Toshkent shahar sudlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari yer qonunchiligini qo‘llashga doir ishlar bo‘yicha sud amaliyotini muntazam ravishda umumlashtirib borishi va mazkur toifadagi ishlar ko‘rilishida sud xatolarining oldini olish yuzasidan choralar ko‘rishi lozim.
40. Mazkur qaror qabul qilinishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining “Yer kodeksini tatbiq qilishda sud amaliyotida vujudga keladigan ayrim masalalar to‘g‘risida” 2006-yil 3-fevraldagi 3-sonli qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi B. ISLAMOV
Plenum kotibi, Oliy sud sudyasi N. XAKIMOVA
Toshkent sh.,
2023-yil 20-noyabr,
28-son