Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 05.06.2001
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘ZBEKISTON AVTOMOBIL TRANSPORTI (“O‘ZAVTOTRANS”) DAVLAT-AKSIONERLIK KORPORATSIYASINI TAShKIL ETISh VA UNING FAOLIYATI MASALALARI
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2001-yil 5-iyundagi 245-sonli “Avtomobil transporti sohasida boshqaruvning tashkiliy tuzilmasini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
“O‘zbekiston avtomobil transporti (“O‘zavtotrans”) davlat-aksionerlik korporatsiyasini tashkil etish to‘g‘risida”gi Farmonni bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Belgilab qo‘yilsinki, O‘zbekiston avtomobil transporti (“O‘zavtotrans”) davlat-aksionerlik korporatsiyasi:
yopiq turdagi aksionerlik jamiyati hisoblanadi;
O‘zbekiston Respublikasi avtomobil transporti vazirligi ilgari tuzgan barcha shartnomalar va o‘z zimmasiga olgan majburiyatlar bo‘yicha javob beradi;
korporatsiya tarkibiga kirgan korxonalar va tashkilotlar uchun moddiy-texnika resurslari fondlarini saqlab turuvchi hisoblanadi, markazlashtirilgan sug‘urta, investitsiya va boshqa jamg‘armalarni tashkil etadi;
o‘z faoliyatida Vazirlar Mahkamasiga hisob beradi.
2. “O‘zavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi tarkibiga kiradigan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar ro‘yxati 1-ilovaga* muvofiq tasdiqlansin.
* 1-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
Korporatsiya tarkibiga kiradigan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar o‘z xo‘jalik mustaqilligini va yuridik shaxs huquqlarini saqlab qoladilar.
3. Kengash “O‘zavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasini boshqarishning yuqori organi hisoblanadi, u boshqaruvni saylaydi, boshqaruv apparati sonini va tuzilishini belgilaydi, mehnatga haq to‘lash tizimini, xodimlarni moddiy rag‘batlantirish shartlarini belgilaydi.
“O‘zavtotrans” korporatsiyasiga boshqaruv raisining 4 nafar o‘rinbosari, shu jumladan, bitta birinchi o‘rinbosari bo‘lishiga ruxsat etilsin.
Korporatsiya boshqaruvi raisi va uning o‘rinbosarlari korporatsiya Kengashi tomonidan saylanadi va Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Korporatsiya Boshqaruvi raisi maqomi, maishiy ta’minot, tibbiy va transport xizmati ko‘rsatish shartlari bo‘yicha respublika vaziriga, raisning birinchi o‘rinbosari vazirning birinchi o‘rinbosariga, rais o‘rinbosarlari — vazir o‘rinbosarlariga tenglashtirilsin.
4. Mulkchilikning yangi shakllariga o‘tish vositasini ishlab chiqish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulkini boshqarish va xususiylashtirish qo‘mitasi hamda “O‘zavtotrans” davlat aksionerlik korporatsiyasining umumiy foydalanishdagi avtomobil transporti birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarini davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish chora-tadbirlarini bosqichma-bosqich amalga oshirish haqidagi taklifi qabul qilinsin.
Umumiy foydalanishdagi avtomobil transporti davlat birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarini 1993—1995-yillarda 2-ilovaga* muvofiq mulkchilikning boshqa shakllariga aylantirishga doir tashkiliy tadbirlar tasdiqlansin.
* 2-ilova rus tilidagi matnda berilgan.
5. Tasdiqlangan tashkiliy tadbirlarga muvofiq “O‘zavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi tarkibida konsernlar va viloyat avtotransport birlashmalari negizida hududiy davlat-aksionerlik avtotransport birlashmalari tashkil etilsin, “Toshviloyatyo‘lovchitrans” konserni va “Samarqandyo‘lovchitrans” birlashmasi bundan mustasnodir.
Oldingi tahrirga qarang.
(5-bandning ikkinchi—to‘rtinchi xatboshilari O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 30-iyundagi 272-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
6. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi davlat mulki jamg‘armasi:
“O‘zavtotrans” korporatsiyasiga davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalar (ulushlar, paylar)ga muvofiq davlat-aksionerlik birlashmalari tarkibiga kirmagan aksionerlik jamiyatlari, boshqa jamiyatlar va shirkatlar faoliyatini boshqarish huquqlarini berishni;
hududiy davlat-aksionerlik birlashmalariga, davlatga tegishli bo‘lgan aksiyalar ulushiga muvofiq, aksionerlik jamiyatlariga aylantirilgan yuk avtotransporti korxonalari faoliyatiga rahbarlik qilish huquqlarini berishni;
Oldingi tahrirga qarang.
(6-bandning to‘rtinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 17-dekabrdagi 525-sonli qaroriga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan)
7. “O‘zavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi bir oy muddat ichida:
korporatsiya Ustavini ishlab chiqsin va kelishib olish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasiga 1993—1995-yillarda davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirish mo‘ljallangan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning obyektlar bo‘yicha ro‘yxatini o‘zgartirishning mehnat jamoalari tanlagan tashkiliy-huquqiy shakllarini ko‘rsatgan holda taqdim etsin;
O‘zbekiston Respublikasi Davlat mulki qo‘mitasi bilan birgalikda avtotransport vositalarini ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni ishlab chiqsin va ko‘rib chiqish uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
8. O‘zbekiston Respublikasi Aloqa vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi uchun o‘rnatilgan barcha aloqa turlari va telefonlarni “O‘zavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasi uchun saqlab qolsin.
9. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, vazirliklar va idoralar “O‘zavtotrans” korporatsiyasi tarkibiga kiradigan hududiy davlat aksionerlik avtotransport birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarini rivojlantirish va ular faoliyati bo‘yicha o‘z vakolatlariga kirgan masalalarning o‘z vaqtida hal etilishiga ko‘maklashsinlar va ta’minlasinlar.
10. “O‘zavtotrans” davlat-aksionerlik korporatsiyasining boshqaruv apparati quyidagi manzilga joylashtirilsin: Toshkent sh., Amir Temur ko‘chasi, 6-uy.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida” 1991-yil 19-apreldagi 108-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
12. Qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Q N. To‘laganov zimmasiga yuklatilsin. Qarorning qanday bajarilayotgani 1993-yil fevral oyida ko‘rib chiqilsin.
Vazirlar Mahkamasining Raisi I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 12-yanvar,
21-son