Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 04.06.2001
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
O‘ZBEKISTON AVTOMOBIL TRANSPORTI (“O‘ZAVTOTRANS”) DAVLAT AKSIONERLIK KORPORATSIYASI TAShKIL ETISh TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Mazkur Farmon O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2001-yil 4-iyundagi PF-2871-son “Avtomobil transporti sohasida monopoliyadan chiqarish va boshqaruvni takomillashtirish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq o‘z kuchini yo‘qotgan.
Bozor munosabatlariga o‘tish sharoitida respublika avtomobil transporti boshqaruvi tizimini takomillashtirish, mustaqilligini kengaytirish va avtotransport korxonalari faoliyati samaradorligini oshirish maqsadida:
1. O‘zbekiston Respublikasi Avtomobil transporti vazirligi tugatilsin.
Respublikaning umumiy foydalinishdagi avtomobil transporti tizimi birlashmalari, korxonalari va tashkilotlari mehnat jamoalarining ixtiyoriy asosda O‘zbekiston avtomobil transporti (“O‘zavtotrans”) davlat aksionerlik korporatsiyasini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zavtotrans” korporatsiyasi:
yuklar va yo‘lovchilarni avtomobillarda tashishni ta’minlovchi davlat, aksionerlik, jamoa, ijara hamda boshqa korxonalar va tashkilotlarni aksionerlik prinsiplari asosida birlashtiruvchi yuridik shaxs huquqlariga ega bo‘lgan mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyektdir;
o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining amaldagi qonunlari, korporatsiyalari O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasining roziligi bilan ta’sischilar yig‘ilishi tasdiqlangan Nizomi asosida amalga oshiradi;
boshqaruv, ishlab chiqarish —xo‘jalik, moliyaviy va ijtimoiy faoliyat masalalarini vakil qilingan ta’sischilarining huquqlarini hisobga olib o‘z-o‘zini boshqaruv va to‘la xo‘jalik hisobi prinsiplari asosida mustaqil hal etadi;
korporatsiya tarkibiga kiruvchi davlat korxonalari va tashkilotlarini boshqaradi, ularni davlat tasarrufidan chiqarish va xususiylashtirishda iqtisodiy maqsadga muvofiqlikni va mehnat jamoalarining manfaatlarini hisobga olib belgilangan tartibda ishtirok etadi.
3. Quyidagilar O‘zbekiston avtomobil transporti davlat aksionerlik korporatsiyasi faoliyatining asosiy vazifalari etib belgilansin:
respublika xalq xo‘jaligining va aholisining yuk hamda yo‘lovchilar tashishga bo‘lgan ehtiyojini yanada to‘laroq ta’minlash uchun umumiy foydalanishdagi avtomobil transportini butun choralar bilan rivojlantirish;
barcha mulkchilik shaklidagi umumiy foydalanishda bo‘lgan avtomobil transporti birlashmalari, korxonalari va tashkilotlarining shaharlarda, shaharlararo va xalqaro yuk hamda yo‘lovchilar tashishni amalga oshirishda, respublika aholisiga, korxonalari va tashkilotlariga transport-ekspeditsiya xizmati ko‘rsatishda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish;
umumiy foydalanishdagi avtomobil transporti tizimida zamonaviy avtotransport texnikasini va yuk tashish texnalogiyasini joriy etishni, avtomobillar va korxonalardan samarali foydalanishni, aholiga transport xizmati ko‘rsatish darajasini oshirishni ta’minlaydigan yagona ilmiy-texnikaviy va investitsiya siyosatini o‘tkazish;
korporatsiyaga kiruvchi korxonalar va tashkilotlarga bozor munosabatlariga o‘tishda, ularni aksionerlik, jamoa, ijara va boshqa tashkiliy-huquqiy shakllarga o‘tkazishda ko‘maklashish, ularga axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatish, malakali kadrlar tayyorlashda yordam berish;
tashqi iqtisodiy munosabatlarning yangi ilg‘or shakllarini rivojlantirish, korporatsiya korxonalari va tashkilotlari bilan boshqa mamlakatlardagi sheriklar o‘rtasida bevosita ishlab chiqarish hamda ilmiy-texnikaviy aloqalar o‘rnatishga faol ko‘maklashish, ular bilan birga qo‘shma korxonalar va xalqaro birlashmalar tashkil etish.
4. O‘zbekiston Respublikasining Vazirlar Mahkamasi bir hafta muddat ichida O‘zbekiston avtomobil transporti (“O‘zavtotrans”) davlat aksionerlik korporatsiyasini tashkil etish masalalari va uning faoliyatiga doir qaror qabul qilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1993-yil 8-yanvar,
PF-538-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1993-y., 2-son, 85-modda)