1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.01 Maktabgacha taʼlim va tarbiya]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Respublika hududlaridagi maktabgacha taʼlim yoshidagi bolalarning qamrovini yanada kengaytirish hamda mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada rivojlantirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Vazirlar Mahkamasining “Mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida” 2019-yil 18-sentabrdagi 786-son qaroriga asosan:
a) 2019-2020 oʻquv yilidan boshlab, respublikaning tegishli viloyatlari 13 ta tumanlarida zamonaviy talablarga javob beradigan va qayta jihozlangan ISUZU NC 40 avtobuslar mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish tizimi (keyingi oʻrinlarda — mobil guruhlar) tajriba-sinov tariqasida tashkil etilganligi;
b) oʻtkazilgan tajriba-sinov natijalarida quyidagilar muvaffaqiyatli amalga oshirilganligi:
mobil guruhlar maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish imkonsiz boʻlgan, olis va chekka aholi manzillarida joylashgan 44 ta mahalla fuqarolar yigʻinlarida tashkil etilib, ushbu hududlarga yaqin joylashgan 16 ta davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga biriktirilganligi;
93 ta mobil guruhlar tashkil etilib, jami 1 556 nafar maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalar maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining 2021-2022 oʻquv yilidan boshlab, respublikaning barcha hududlarida (Toshkent shahri bundan mustasno) mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish tizimini keng joriy etish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.
3. Belgilansinki:
mobil guruhlar maktabgacha taʼlim tizimining ajralmas qismi hisoblanadi;
mobil guruhlar zamonaviy talablarga javob beradigan va ushbu qaror bilan tasdiqlangan Nizomning 2-ilovasida belgilangan normativlarga muvofiq qayta jihozlangan maxsus avtotransport vositalari — avtobuslar bazasida tashkil etiladi;
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda doimiy ravishda respublika boʻyicha maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish imkonsiz boʻlgan, olis va chekka hududlarni aniqlab, ulardagi maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinganligini tahlil qilgan holda mobil guruhlar tashkil etiladigan manzillar roʻyxatini tasdiqlaydi;
(3-bandning toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 848-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son)
4. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining mobil guruhlar faoliyatini tashkil etish borasidagi asosiy vazifalari etib belgilansin:
(4-bandning birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 848-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son)
mobil guruhlarni maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish imkonsiz boʻlgan, olis va chekka aholi manzillarida tashkil etish;
mobil guruhlarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan bolalardan shakllantirish;
mobil guruhlardagi taʼlim-tarbiya jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalarni, taʼlim-tarbiyaning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
mobil guruhlarni oʻquv-metodik, didaktik materiallar, rivojlantiruvchi oʻyin va oʻyinchoqlar, milliy madaniy-tarixiy boyliklarni aks ettiradigan hamda bolalikdan kitob oʻqishga qiziqishni oshiradigan badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash;
ilgʻor xorijiy tajribani inobatga olgan holda, ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablariga muvofiq maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan bolalarning har tomonlama yetuk, intellektual, maʼnaviy-estetik va jismoniy kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bormaydigan bolalarning ijtimoiy moslashuvini taʼminlash va ularni boshlangʻich taʼlimga tayyorlash;
ota-onalarga bolalarning rivojlanishi, ularga taʼlim-tarbiya berish masalasida maslahat va tavsiyalar berish, metodik koʻrsatmalar taqdim etish orqali amaliy yordam koʻrsatish;
mobil guruhlarni yuqori malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlash, shuningdek, ularning jismoniy tarbiya va birinchi yordam koʻrsatish boʻyicha malakasini oshirish yuzasidan qisqa muddatli oʻquv kurslarini bepul tashkil etish;
5. Quyidagilarni nazarda tutuvchi Maktabgacha taʼlim mobil guruhlar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin:
mobil guruhlarni tashkil etish, ularni hududdagi eng yaqin davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tegishli tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlarining buyrugʻiga asosan biriktirish tartibi;
mobil guruhlarni bolalar oʻzini qulay his etishiga, ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablariga muvofiq jihozlash normativlari;
mobil guruhlarning taʼlim berish va oʻyin faoliyatini tashkil etish uchun oʻyin maydonchalarini jihozlash normativlari;
mobil guruhlarga bolalarni qabul qilish tartibi.
6. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari mobil guruhlar tashkil etiladigan manzillar roʻyxati tasdiqlangandan keyin bir oy muddatda:
mobil guruhlar uchun taʼlim berish va oʻyin maydonchalarini tashkil etish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda yer maydonlarini ajratish, zarurat boʻlganda, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga muvofiq usti yopiq oʻyin maydonchalarini qurish choralarini koʻrsin;
yoqilgʻi moylash materiallari sarfi uchun zarur mablagʻlarning yillik limitini tasdiqlasin.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi bilan birgalikda mobil guruhlarning taʼlim-tarbiya jarayoni sifatini tizimli nazorat qilish va faoliyatini tashkil qilish monitoringini amalga oshirsin.
(7-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 848-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son)
8. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi har yili Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti xarajatlarini shakllantirishda ushbu qaror doirasidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlarni nazarda tutsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qayta jihozlangan avtobuslari bepul rasmiylashtirilishi, roʻyxatdan oʻtkazilishi, ularga davlat raqami belgilari ajratilishi, shuningdek, ulardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa tartib-taomillar amalga oshirilishini taʼminlasin.
10. Vazirlar Mahkamasining “Mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida” 2019-yil 18-sentabrdagi 786-son qarori oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bir oy muddatda:
mobil guruhlar biriktirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining namunaviy shtatlar jadvaliga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin;
manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda oʻzlari qabul qilgan normativ-huquqiy hujjatlarni ushbu qarorga muvofiqlashtirsin.
12. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari B.A. Musayev va Oʻzbekiston Respublikasi maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 3-avgust,
494-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-avgustdagi 494-son qaroriga ILOVA
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maktabgacha taʼlim mobil guruhlar (keyingi oʻrinlarda — mobil guruhlar) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Mobil guruhlar tashkil etish tartibi ushbu Nizomga 1-ilovaga muvofiq sxema asosida amalga oshiriladi.
3. Mobil guruhlar yuridik shaxs hisoblanmaydi va ular faoliyatini muvofiqlashtirish va takomillashtirish Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(3-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 848-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son)
2-bob. Mobil guruhlar maqsadi va vazifalari
4. Mobil guruhlar maqsadi bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishni kengaytirish, maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bormaydigan bolalarga taʼlim xizmatlari koʻrsatishdan iborat.
5. Mobil guruhlarning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablariga muvofiq maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan bolalarning har tomonlama yetuk, intellektual, maʼnaviy-estetik va jismoniy kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bormaydigan bolalarning ijtimoiy moslashuvini taʼminlash va ularni boshlangʻich taʼlimga tayyorlash;
bolalarning sogʻligʻini muhofaza qilish va mustahkamlash;
bolalarni milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish;
bola shaxsining asoslarini shakllantirish, uning bilim orttirishga boʻlgan qiziqishlarini rivojlantirish;
taʼlim-tarbiya jarayoniga innovatsion pedagogik texnologiyalar, taʼlim-tarbiyaning samarali shakllari va uslublarini joriy etish;
ota-onalarga bolalarning ilk rivojlanishi va ularga taʼlim-tarbiya berish masalasida maslahat va uslubiy yordam koʻrsatish.
3-bob. Mobil guruhlarda taʼlim-tarbiya jarayonining ishtirokchilari
6. Mobil guruhlardagi taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari quyidagilardan iborat:
mobil guruh tarbiyalanuvchisi;
bolaning qonuniy vakillari;
pedagog kadrlar (tarbiyachi va tarbiyachining yordamchisi).
7. Mobil guruhlarda tegishli kasbiy maʼlumotga, tayyorgarlikka, yuksak axloqiy va maʼnaviy fazilatlarga ega boʻlgan shaxslar pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga egadir.
8. Mobil guruhlarda faoliyat koʻrsatadigan pedagog kadrlari (tarbiyachi, tarbiyachining yordamchisi) va haydovchi mobil guruhlar biriktirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining shtatida hisobda turadi.
9. Mobil guruhlarda faoliyat koʻrsatadigan pedagog kadrlari (tarbiyachi, tarbiyachining yordamchisi) davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktoriga hisobot beradi.
10. Mobil guruhlar xodimlari qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda har yili tibbiy koʻrikdan oʻtadi.
11. Bolaning qonuniy vakillari mobil guruhlardagi taʼlim-tarbiya jarayoni bilan tanishish huquqiga ega.
12. Mobil guruhlardagi taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari huquq va majburiyatlari qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
13. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda doimiy ravishda respublika boʻyicha maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish imkonsiz boʻlgan, olis va chekka hududlarni aniqlaydi va ularda maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinganligini tahlil qilgan holda mobil guruhlar tashkil etiladigan manzillar roʻyxatini tasdiqlaydi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 848-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son)
14. Mobil guruhlar zamonaviy talablarga javob beradigan va ushbu Nizomning 2-ilovasida belgilangan normativlarga muvofiq qayta jihozlangan maxsus avtotransport vositalari — avtobuslar bazasida tashkil etiladi.
15. Qayta jihozlangan avtobuslarning ichki qismi unda bolalar oʻzini qulay his etishiga, maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablariga muvofiq boʻlishi zarur.
16. Qayta jihozlangan avtobuslar bilan taʼminlash va ularni manzillar roʻyxatiga asosan hududlarga taqsimlash boʻyicha choralar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.
(16-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 848-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son)
17. Mobil guruhlar tashkil etiladigan manzillar roʻyxati tasdiqlangandan keyin bir oy muddatda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari tomonidan:
mobil guruhlarda taʼlim-tarbiyani tashkil etish uchun sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga muvofiq faqat fanlarni rivojlantiruvchi muhit va oʻyin faoliyatini tashkil etish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda yer maydonlari ajratiladi;
zarurat boʻlganda, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga muvofiq usti yopiq oʻyin maydonchalarini qurish choralari koʻriladi;
yoqilgʻi moylash materiallari sarfi uchun zarur mablagʻlarning yillik limiti tasdiqlanadi.
18. Mobil guruhlarda taʼlim berish va oʻyin faoliyatini tashkil etish uchun ajratilgan yer maydonchalari ushbu Nizomning 3-ilovasida belgilangan normativlarini inobatga olgan holda jihozlanadi.
19. Mobil guruhlarga qabul qilinadigan bolalar roʻyxati tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlari tomonidan hududlardagi maktabgacha taʼlimga qamrab olinmagan bolalardan shakllantiriladi.
20. Mobil guruhlar hududdagi eng yaqin davlat maktabgacha taʼlim tashkilotlariga tegishli tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlarining buyrugʻiga asosan biriktiriladi.
21. Mobil guruhlar oʻz faoliyatini biriktirilgan maktabgacha taʼlim tashkiloti rahbarining buyrugʻiga asosan amalga oshiradi.
5-bob. Mobil guruhlariga bolalarni qabul qilish
22. Bir mobil guruhdagi bolalar soni qayta jihozlangan avtobusning koʻzda tutilgan xarakteristikasidan (oʻrindiqlar soni) kelib chiqqan holda kamida oʻn olti nafar, koʻpi bilan oʻttiz nafar boʻlishi lozim.
23. Mobil guruhlarga bir xil yoki turli yoshdagi bolalar mobil guruhlarga biriktirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti direktorining buyrugʻi bilan qabul qilinadi.
24. Mobil guruhlarga qabul qilinadigan bolalar hamda ulardagi boʻsh oʻrinlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlari tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Maktabgacha va maktab taʼlimini boshqarish axborot tizimiga kiritiladi.
(24-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 848-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son)
25. Mobil guruhlarga bolalar quyidagilar asosida qabul qilinadi:
bolaning qonuniy vakillari arizasi;
tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlari tomonidan beriladigan yoʻllanma;
bola sogʻligʻi toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma.
26. Bolaning qonuniy vakillari arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
bolaning qonuniy vakillari fuqarolik pasporti nusxasi (identifikatsiya ID-kartasi nusxasi);
bolaning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;
bolaning 2 dona 3x4 hajmidagi fotosurati.
27. Mobil guruhlarda boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlgan taqdirda, mobil guruhlarga bolalar oʻquv yili davomida qabul qilinishi mumkin.
28. Mobil guruhlarda boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlmagan taqdirda, bolalar ularning qonuniy vakillari tomonidan mobil guruhlarga qabul qilish boʻyicha tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlarida navbatga qoʻyiladi.
29. Mobil guruhlarga bolalarni navbatga qoʻyish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining buyrugʻi bilan belgilanadi.
(29-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 848-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son)
30. Bolalarni bir guruhdan ikkinchi guruhga oʻquv yili davomida bolaning qonuniy vakillari arizasi asosida boʻsh oʻrin boʻlgan taqdirda oʻtkaziladi.
31. Maktabgacha taʼlim tashkilotlariga bormaydigan alohida taʼlim olish ehtiyojlari boʻlgan bolalar mobil guruhlarda tibbiy salbiy koʻrsatmalar boʻlmaganda taʼlim olishlari mumkin.
32. Tibbiy salbiy koʻrsatmalar va boʻsh oʻrin boʻlmasligi bolani mobil guruhga qabul qilish toʻgʻrisidagi arizani rad etish uchun asos boʻladi.
33. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq, bolada tibbiy salbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlganda, bolaning yashash joyidagi tibbiyot tashkiloti tomonidan mobil guruhga borishga ruxsat etish toʻgʻrisida xulosa beriladi va unda ota-onasining biri yoki bolaning boshqa yaqin qarindoshi boʻlishi zarurligi koʻrsatiladi.
6-bob. Mobil guruhlarda taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish
34. Mobil guruhlarda oʻquv yili har yili 2-sentabrdan kelgusi yilning 31-mayigacha hamda yozgi sogʻlomlashtirish davri 1-iyundan 31-avgustgacha hisoblanadi.
Bunda, 1 smenadagi mashgʻulotlar davomiyligi 3 soatgacha boʻlishi lozim.
35. Mobil guruhlarda davlat maktabgacha taʼlim xizmatlari bepul koʻrsatiladi.
36. Mobil guruhlardagi taʼlim-tarbiya jarayoni oʻziga xos alohida xususiyatlari inobatga olingan holda tashkil etiladi.
37. Mobil guruhlarning ish tartibi 1 kunda 3 smenagacha, hafta davomida 6 kungacha amalga oshirilishi mumkin.
38. Mobil guruhlarda taʼlim-tarbiya jarayoni maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablari asosida tashkil etiladi va ovqatlantirishni majburiy tashkil etmagan holda, bitta maydonchada tashkil etilgan har bir guruhga bir haftada 9 soatdan kam boʻlmagan taʼlim berish nazarda tutiladi.
39. Mobil guruhlarda bolaning qonuniy vakillari xohishiga koʻra, bolalarni tez buzilmaydigan mahsulotlar bilan tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimi va sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bilan kelishilgan holda toʻlov asosida yengil taomlantirish tashkil etilishi mumkin.
40. Qayta jihozlangan avtobusda bolalar boʻlgan vaqtda uning harakatlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
7-bob. Mobil guruhlarning faoliyatini moliyalashtirish
41. Mobil guruhlar faoliyatini kengaytirish, shu jumladan, qayta jihozlangan maxsus avtotransport vositalarini sotib olish va jihozlash bilan bogʻliq xarajatlar xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning grantlari, yuridik va jismoniy shaxslarning homiylik xayriyalari, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobiga moliyalashtiriladi;
Mobil guruhlarni tashkil etish uchun joriy etiladigan shtat birliklarini saqlash, mobil guruhlar tashkil etilgan avtobuslarni yoqilgʻi-moylash va ehtiyot qismlari bilan taʼminlash, shuningdek, avtobuslar harakatini kuzatish tizimi (GPS navigatsiya) uchun oylik abonent toʻlovini amalga oshirish xarajatlari har yilgi Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
42. Mobil guruhlar foydalanishidagi mol-mulk qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda biriktirilgan davlat maktabgacha taʼlim tashkilotining mol-mulki hisoblanadi.
43. Mobil guruhlar faoliyati tasdiqlangan sarf-xarajatlar smetasi va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan shtatlar jadvaliga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjet mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
44. Mobil guruhlar oʻquv-uslubiy, didaktik materiallar, rivojlantiruvchi oʻyin va oʻyinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan mazkur maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida taʼminlanadi.
45. Yoqilgʻi moylash materiallari sarfi uchun zarur mablagʻlar mahalliy budjet hisobidan mazkur maqsadlar uchun ajratilgan mablagʻlar doirasida taʼminlanadi.
46. Mobil guruhlar pedagog kadrlari (tarbiyachi, tarbiyachining yordamchisi) va haydovchi mehnatiga haq davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti uchun belgilangan tartibda toʻlanadi.
8-bob. Yakunlovchi qoida
47. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javob beradilar.
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida nizomga 1-ILOVA
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlar faoliyatini tashkil etish
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda doimiy ravishda respublika boʻyicha maktabgacha taʼlim tashkilotlarini qurish imkonsiz boʻlgan, olis va chekka hududlarni aniqlash va ularda maktabgacha boʻlgan yoshdagi bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinganligini tahlil qilgan holda, maktabgacha taʼlim mobil guruhlar tashkil etiladigan manzillar roʻyxatini tasdiqlash.
Doimiy ravishda
2-bosqich
Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi
Tashkil etilayotgan maktabgacha taʼlim mobil guruhlarni belgilangan normativlarga muvofiq qayta jihozlangan avtobuslar bilan taʼminlash va ularni manzillar roʻyxatiga asosan hududlarga taqsimlash boʻyicha choralar koʻrish.
Zaruratga koʻra
3-bosqich
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlar uchun taʼlim berish va oʻyin maydonchalarini tashkil etish maqsadida yer maydonlarini tanlash va ularni qonunchilikda belgilangan tartibda ajratish.
Zarurat boʻlganda, sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlari talablariga muvofiq usti yopiq oʻyin maydonchalarini qurish va ularni belgilangan normativlarga muvofiq jihozlash boʻyicha choralar koʻrish.
Yoqilgʻi moylash materiallari sarfi uchun zarur mablagʻlarning yillik limitini tasdiqlash.
Mobil guruhlar tashkil etiladigan manzillar roʻyxati tasdiqlanganidan soʻng bir oy muddatda
4-bosqich
Tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlarga qabul qilinadigan bolalar roʻyxatini tuman (shahar)lardagi maktabgacha taʼlimga qamrab olinmagan bolalardan shakllantirish.
Zaruratga koʻra
5-bosqich
Tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari
Maktabgacha taʼlim mobil guruhni hududdagi eng yaqin davlat maktabgacha taʼlim tashkilotiga buyruq asosida biriktirish.
Qayta jihozlangan avtobuslar bilan taʼminlanganidan va ajratilgan yer maydonchalari tayyor boʻlganidan soʻng
6-bosqich
Tuman (shahar) maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimlari
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlarga qabul qilinadigan bolalar hamda ulardagi boʻsh oʻrinlar toʻgʻrisidagi maʼlumotni Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligining Maktabgacha taʼlimni boshqarish axborot tizimiga kiritish.
Doimiy ravishda
7-bosqich
Davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti
Mobil guruhlar faoliyatini amalga oshirish toʻgʻrisida buyruq chiqarish.
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlarini biriktirilganidan soʻng
(1-ilova Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 18-dekabrdagi 848-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son)
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida nizomga 2-ILOVA
**birinchi yordam uchun dori vositalariga oid koʻrsatmalarga va talablarga muvofiq toʻgʻridan toʻgʻri quyosh nurlarini oldini olish uchun choralar koʻrish sharti bilan shkaf yoki maxsus qutichada saqlanadi.
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida nizomga 3-ILOVA
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlarning taʼlim berish va oʻyin faoliyatini tashkil etish uchun maydonchalarni jihozlash
NORMATIVLARI
T/r
Nomi
Oʻlchov birligi
Miqdori
16 nafar bola boʻlgan guruhlar uchun
16 nafar boladan ortiq guruhlar uchun
1.
Argʻimchoq (ikki tomonlama)
dona
1
2
2.
Qumdon
dona
1
2
3.
Skameyka
dona
4
8
4.
Sirpanchiq
dona
1
2
5.
Syujetli uy
dona
1
1
6.
Balansir
dona
1
2
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.08.2021-y., 09/21/494/0760-son; 23.12.2024-y., 09/24/848/1049-son)