1.13.00.00.00 Taʼlim. Fan. Madaniyat / 13.01.00.00 Taʼlim / 13.01.08.00 Taʼlim turlari / 13.01.08.01 Maktabgacha taʼlim va tarbiya]
[TSZ:
1.Ijtimoiy-madaniy masalalar / Taʼlim]
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish toʻgʻrisida
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 3-avgustdagi 494-sonli “Mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Maktabgacha taʼlim tizimini yanada takomillashtirish, bolalarning maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinishini kengaytirish, aholiga maktabgacha taʼlim xizmatlari koʻrsatishni tashkil etish, shuningdek, maktabgacha taʼlim va tarbiyaning yangi innovatsion muqobil shakllarini joriy etish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklarining:
2019-2020 oʻquv yilidan boshlab, mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini mazkur qarorga 1-ilovaga muvofiq roʻyxat boʻyicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublika viloyatlari tumanlarida amalga oshirish;
mobil guruhlarni zamonaviy talablarga javob beradigan va qayta jihozlangan ISUZU NC 40 avtobuslarida tashkil etish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullansin.
2. Quyidagilar Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligining mobil guruhlar bazasida maktabgacha taʼlim xizmatlarini koʻrsatish boʻyicha tajriba-sinov loyihasini (keyingi oʻrinlarda tajriba-sinov loyihasi deb ataladi) amalga oshirishda asosiy vazifalari etib belgilansin:
mobil guruhlarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan bolalardan shakllantirish;
mobil guruhlardagi taʼlim-tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalarni, taʼlim-tarbiyaning samarali shakllari va usullarini joriy etish;
mobil guruhlarni oʻquv-uslubiy, didaktik materiallari, rivojlantiruvchi oʻyin va oʻyinchoqlar, milliy madaniy-tarixiy boyliklarni aks ettiradigan hamda bolalikdan kitob oʻqishga qiziqishni oshiradigan badiiy adabiyotlar bilan taʼminlash;
ilgʻor xorijiy tajriba inobatga olingan holda, ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablariga muvofiq maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan bolalarning har tomonlama yetuk, intellektual, maʼnaviy-estetik, jismoniy kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
maktabgacha taʼlim muassasalariga bormaydigan bolalarning ijtimoiy moslashuvini taʼminlash va ularni boshlangʻich taʼlimga tayyorlash;
ota-onalarga bolalarning ilk rivojlanishi, ularga taʼlim-tarbiya berish masalasida maslahat va uslubiy yordam koʻrsatish;
3. Belgilab qoʻyilsinki, mobil guruhlar maktabgacha taʼlim tizimining ajralmas qismi hisoblanadi (bir haftada 7,5 soatdan kam boʻlmagan taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etgan holda).
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari hamda Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bir hafta muddatda:
mobil guruhlarning taʼlim berish va oʻyin faoliyati maydonchalarini tashkil etish uchun yer maydonlari ajratilishi va tayyorlanishi, zarur boʻlganda sanitariya qoidalari va normalari, gigiyena normativlari talablariga muvofiq yangi bolalar oʻyin maydonchalarini qurish yoki mavjudlarini kapital taʼmirlash toʻgʻrisida takliflar kiritilishini;
mobil guruhlarning taʼlim berish va oʻyin faoliyati maydonchalarini tashkil qilish uchun marshrut va turargohlar joylashgan joyni koʻrsatgan holda, mobil guruhlar roʻyxati shakllantirilishini;
mobil guruhlarni oʻquv-uslubiy, didaktik materiallar, badiiy adabiyotlar, rivojlantiruvchi oʻyin va oʻyinchoqlar bilan taʼminlasin.
5. Quyidagilar:
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisidagi nizom 2-ilovaga muvofiq;
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlarni jihozlash normativlari 3-ilovaga muvofiq;
Mobil guruhlarning taʼlim berish va oʻyin faoliyati maydonchalarini jihozlash normativlari 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
[OKOZ:
1.02.00.00.00 Davlat boshqaruvi asoslari / 02.08.00.00 Iqtisodiyot, ijtimoiy-madaniy qurilish sohasidagi davlat boshqaruvining umumiy masalalari / 02.08.06.00 Maʼmuriy tartib-taomillar / 02.08.06.04 Davlat xizmatlarini koʻrsatish]
6. Belgilab qoʻyilsinki, Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 28-martdagi 244-son qarori bilan tasdiqlangan Bolalarni davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga qabul qilish boʻyicha davlat xizmatlari koʻrsatishning maʼmuriy reglamenti bolalarni maktabgacha taʼlim mobil guruhlarga qabul qilishga tatbiq etilmaydi.
7. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bir oy muddatda mobil guruhlarni yuqori malakali pedagog kadrlar bilan taʼminlansin.
8. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan birgalikda mobil guruhlarning taʼlim-tarbiya jarayoni sifatini tizimli nazorat qilish va faoliyatini tashkil qilish monitoringini amalga oshirsin.
9. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetini shakllantirishda tadbirlarni amalga oshirish uchun zarur mablagʻlar mazkur qaror doirasida ajratilishini nazarda tutsin;
kiritiladigan qoʻshimcha shtat birliklari va mobil guruhlarni saqlash hamda ulardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjetining 2019-yilgi xarajatlar parametrlariga zarur oʻzgartirishlar kiritsin;
bir oy muddatda mobil guruhlar biriktirilgan maktabgacha taʼlim tashkilotlarining namunali shtatlar jadvaliga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan birgalikda tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish yakunlari boʻyicha mobil guruhlarda maktabgacha yoshdagi bolalarning boʻlishini tashkil etishni hisobga olgan holda sanitariya qoidalari, normalari va gigiyena normativlariga Oʻzbekiston Respublikasida maktabgacha taʼlim muassasalarini saqlash, joylashtirish hamda ish rejimini tashkil qilish yuzasidan tegishli oʻzgartirishlar kiritsin.
11. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi qayta jihozlangan ISUZU NC 40 avtobuslari bepul rasmiylashtirilishi, roʻyxatdan oʻtkazilishi, ularga davlat raqami belgilari ajratilishi, shuningdek, ulardan foydalanish bilan bogʻliq boʻlgan boshqa tartib-taomillar amalga oshirilishini taʼminlasin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda tajriba-sinov loyihasini amalga oshirish natijalari boʻyicha 2020-yil 1-sentabrga qadar tahlil oʻtkazib, mazkur loyihani amalga oshirishni davom ettirish maqsadga muvofiqligi toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga asoslangan takliflar kiritsin.
13. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari A.A. Abduxakimov va Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vaziri A.V. Shin zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 18-sentabr,
786-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-sentabrdagi 786-son qaroriga 1-ILOVA
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlarni joriy etish boʻyicha tajriba-sinov loyihasi amalga oshiriladigan Qoraqalpogʻiston Respublikasi va respublika viloyatlari tumanlarining
ROʻYXATI
T/r
Tumanlar
Mobil guruhlari biriktiriladigan davlat maktabgacha taʼlim muassasalari raqami
Mobil guruhlari tashkil etiladigan joylar
Guruhlar soni
Qoraqalpogʻiston Respublikasi
1.
Ellikqalʼa tumani
5-sonli
Dumanqalʼa MFY
3
Kichik Guldursun MFY
3
Saxteyn MFY
3
Andijon viloyati
2.
Andijon tumani
35-sonli
Chovqandaryo MFY
3
Chilon MFY
3
Roxat MFY
3
Buxoro viloyati
3.
Qorakoʻl tumani
21-sonli
Shoʻrobot MFY
3
Quvvacha MFY
3
Yangi zamon MFY
3
Jizzax viloyati
4.
Baxmal tumani
2-sonli
Baxmal MFY
3
Muzbuloq MFY
3
Sangzor MFY
3
Qashqadaryo viloyati
5.
Chiroqchi tumani
13-sonli
Naymansaroy MFY
3
Xoʻjabod MFY
3
Shoʻrquduq MFY
3
6.
Kasbi tumani
12-sonli
Komilon MFY
3
7.
Muborak tumani
1-sonli
Amir Temur MFY
3
Navoiy viloyati
8.
Nurota tumani
1-sonli
Yangi hayot MFY
3
Haydorobod MFY
3
Jarma MFY
3
Namangan viloyati
9.
Yangiqoʻrgʻon tumani
10-sonli
Mugʻol MFY
3
Kandiyen MFY
3
Rovot MFY
3
Samarqand viloyati
10.
Urgut tumani
42-sonli
Joʻroptepa MFY
3
Doʻstlik MFY
3
Murodqishloq MFY
3
Sirdaryo viloyati
11.
Boyovut tumani
13-sonli
Tinchlik MFY
3
Sovotobod MFY
3
Darvozakir MFY
3
Surxondaryo viloyati
12.
Qumqoʻrgʻon tumani
1-sonli
Toʻgʻon MFY
3
Paxtaobod MFY
3
Elobod MFY
3
Fargʻona viloyati
13.
Uchkoʻprik tumani
15-sonli
Toʻqsonqovun MFY
3
Yoʻlgunzor MFY
3
Toʻrvoq MFY
3
Xorazm viloyati
14.
Xozarasp tumani
26-sonli
Karvak MFY
3
Qirtepa MFY
3
Oxunbo�oyev MFY
3
Toshkent viloyati
15.
Ohangaron tumani
9-sonli
Qorasoʻveka MFY
3
Sanam MFY
3
Choʻvuldoq MFY
3
16.
Yangiyoʻl tumani
11-sonli
Dehqonobod MFY
3
Doʻstlik MFY
3
Iftixor MFY
3
Jami
132
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-sentabrdagi 786-son qaroriga 2-ILOVA
Maktabgacha taʼlim mobil guruhlar faoliyatini tashkil etish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom maktabgacha taʼlim mobil guruhlar (keyingi oʻrinlarda mobil guruhlar deb ataladi) faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi.
2. Mobil guruhlar bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishni kengaytirish, maktabgacha taʼlim muassasalariga bormaydigan bolalarga taʼlim xizmatlari koʻrsatish maqsadida tashkil etiladi.
3. Quyidagilar mobil guruhlarning asosiy vazifalari hisoblanadi:
ilgʻor xorijiy tajriba inobatga olingan holda, ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablariga muvofiq maktabgacha taʼlim bilan qamrab olinmagan bolalarning har tomonlama yetuk, intellektual, maʼnaviy-estetik, jismoniy kamol topishi uchun shart-sharoitlar yaratish;
bolalarning sogʻligini muhofaza qilish va mustahkamlash;
bolalarni milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlar bilan tanishtirish;
taʼlim-tarbiya jarayoniga zamonaviy innovatsion pedagogik texnologiyalar, taʼlim-tarbiyaning samarali shakllari va uslublarini joriy etish;
bola shaxsining asoslarini shakllantirish, uning bilim orttirish boʻlgan qiziqishlarini rivojlantirish;
maktabgacha taʼlim muassasalariga bormaydigan bolalarning ijtimoiy moslashuvini taʼminlash va ularni boshlangʻich taʼlimga tayyorlash;
ota-onalarga bolalarning ilk rivojlanishi, ularga taʼlim-tarbiya berish masalasida maslahat va uslubiy yordam koʻrsatish.
2-bob. Mobil guruhlarni tashkil etish tartibi
4. Mobil guruhlar Qoraqalpogʻiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi, viloyatlar maktabgacha taʼlim boshqarmalari tomonidan hududlar ehtiyojlarini oʻrganish yakunlariga asosan Oʻzbekiston Respublikasi Maktabgacha taʼlim vazirligi bilan kelishilgan holda tashkil etiladi.
5. Mobil guruhlar zamonaviy talablarga javob beradigan va qayta jihozlangan avtobuslar bazasida tashkil etiladi.
6. Mobil guruhlarda taʼlim-tarbiyani tashkil etish uchun sanitariya normalari va qoidalari hamda gigiyena normativlariga muvofiq faqat fanlarni rivojlantiruvchi muhit va oʻyin faoliyatini tashkil etish maqsadida foydalaniladigan yer maydonlari ajratiladi.
7. Qayta jihozlangan avtobusning ichki qismi unda bolalar oʻzini qulay his etishiga, ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablariga muvofiq boʻlishi zarur.
8. Mobil guruhlar davlat maktabgacha taʼlim muassasalariga tegishli tuman (shahar) maktabgacha taʼlim boʻlimlarining buyrugʻiga asosan biriktiriladi.
9. Mobil guruhlarda faoliyat koʻrsatadigan tarbiyachi, tarbiyachining yordamchisi va haydovchi tegishli davlat maktabgacha taʼlim muassasasi rahbariga hisobot beradi.
10. Mobil guruhlar xodimlari mobil guruhlar biriktirilgan davlat maktabgacha taʼlim muassasasining shtatida hisobda turadi.
11. Mobil guruhlar xodimlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda har yili tibbiy koʻrikdan oʻtadi.
3-bob. Mobil guruhlarda taʼlim-tarbiya jarayonini tashkil etish
12. Mobil guruhlarga maktabgacha taʼlim muassasalariga bormaydigan 3 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalar qabul qilinadi.
13. Mobil guruhlarga bolalar boʻsh oʻrinlar mavjud boʻlgan taqdirda, ota-onalarning (qonuniy vakillarning) arizasi va bolaning salomatligi toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma asosida qabul qilinadi.
14. Ota-onaning (qonuniy vakilning) arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:
ota-onaning (qonuniy vakilning) fuqarolik pasporti nusxasi;
bolaning tugʻilganligi toʻgʻrisidagi guvohnoma nusxasi;
bolaning 2 dona fotosurati;
bolaning salomatligi toʻgʻrisida tibbiy xulosa.
15. Bolalar mobil guruhlarga ushbu mobil guruhlar biriktirilgan davlat maktabgacha taʼlim muassasasi rahbarining buyrugʻi asosida qabul qilinadi.
16. Bolalarni bir guruhdan ikkinchi guruhga oʻquv yili davomida ota-onalarning (qonuniy vakillarning) arizasi asosida boʻsh oʻrin boʻlgan taqdirda oʻtkaziladi.
17. Tibbiy salbiy koʻrsatmalar va boʻsh oʻrin boʻlmasligi bolani mobil guruhga qabul qilish toʻgʻrisidagi arizani rad etish uchun asos boʻladi.
18. Mobil guruhlarda davlat maktabgacha taʼlim xizmatlari bepul koʻrsatiladi.
19. Mobil guruhlarda taʼlim-tarbiya jarayoni ilk va maktabgacha yoshdagi bolalar rivojlanishiga qoʻyiladigan davlat talablari asosida tashkil etiladi va ovqatlantirishni majburiy tashkil etmagan holda, bir haftada 7,5 soatdan (bir kunda 3-4 soat) kam boʻlmagan taʼlim berish nazar tutiladi.
20. Mobil guruhlar taʼlim faoliyatini 2 smenada, bir haftada 6 kun amalga oshiradi.
21. Mobil guruhlarda oʻquv yili 2-sentabrdan boshlanib 31-mayda yakunlanadi, yozgi sogʻlomlashtirish davri 1-iyundan 31-avgustga qadar hisoblanadi.
22. Guruhlar bir xil yoki aralash yosh prinsipi boʻyicha toʻldiriladi.
23. Bir guruhda bolalar soni 16 nafardan ortiq boʻlmasligi lozim.
24. Maktabgacha taʼlim muassasalariga bormaydigan alohida extiyojga ega boʻlgan bolalar mobil guruhlarda tibbiy salbiy koʻrsatmalar boʻlmaganda taʼlim olishlari mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi tomonidan belgilangan mezonlarga muvofiq tibbiy salbiy koʻrsatmalar mavjud boʻlganda, bolaning yashash joyidagi tibbiyot tashkiloti tomonidan mobil guruhga borishga ruxsat etish toʻgʻrisida xulosa beriladi va unda ota-onasining biri yoki bolaning boshqa yaqin qarindoshi boʻlishi zarurligi koʻrsatiladi.
25. Mobil guruhlardagi taʼlim-tarbiya jarayoni oʻziga xos alohida hususiyatlari inobatga olingan holda tashkil etiladi.
26. Oʻquv-uslubiy, didaktik materiallar, rivojlantiruvchi oʻyin va oʻyinchoqlar, badiiy adabiyotlar bilan budjet mablagʻlari hisobidan taʼminlanadi. Minimallashtirilgan alohida kanselyariya anjomlari toʻplami bilan esa ota-onalar (qonuniy vakillar) hisobidan taʼminlanadi.
27. Qayta jihozlangan avtobusda bolalar boʻlgan vaqtda uning harakatlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
4-bob. Taʼlim-tarbiya jarayoni ishtirokchilari
28. Mobil guruhlarda tarbiyalanuvchi, pedagog xodim, ota-ona yoki ularning qonuniy vakillari taʼim-tarbiya jarayonining ishtirokchilari hisoblanadi.
29. Mobil guruhlar tarbiyalanuvchilarining huquq va majburiyatlari qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
30. Tegishli kasbiy maʼlumotga, tayyorgarlikka, yuksak ahloqiy va maʼnaviy fazilatlarga ega boʻlgan shaxslar mobil guruhlarda pedagogik faoliyat bilan shugʻullanish huquqiga egadir.
31. Ota-onalar yoki ularning qonuniy vakillari mobil guruhlardagi taʼlim-tarbiya jarayoni bilan tanishish huquqiga ega.
5-bob. Mobil guruhlarning mulki va moliyaviy-xoʻjalik faoliyati
32. Mobil guruhlar faoliyati tasdiqlangan sarf-xarajatlar smetasi va belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan shtatlar jadvaliga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Davlat budjeti hisobidan moliyalashtiriladi.
33. Mobil guruhlarning mulki qonunda belgilangan tartibda davlat maktabgacha taʼlim muassasasiga biriktiriladi.
34. Mobil guruhlar pedagog xodimlari, tarbiyachi yordamchilari va haydovchilarining ish haqi davlat maktabgacha taʼlim muassasalari uchun belgilangan tartibda toʻlanadi.
6-bob. Yakunlovchi qoida
35. Mazkur Nizom talablarining buzilishida aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilikda oʻrnatilgan tartibda javobgar boʻladilar.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 18-sentabrdagi 786-son qaroriga 3-ILOVA