Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 10.11.2025
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarda band boʻlgan fuqarolarning mehnat faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekistan Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 7-noyabrdagi 709-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek, baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida” 2021-yil 28-apreldagi PQ-5094-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “2021-yilda yangi ish oʻrinlarini tashkil etish va aholi bandligiga koʻmaklashish boʻyicha davlat dasturi toʻgʻrisida” 2021-yil 28-apreldagi PQ-5094-son qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlari huzuridagi vaqtincha bir martalik ish bilan taʼminlash byurolari Kunlik mehnat markazlari (keyingi oʻrinlarda — Markazlar) sifatida qayta tashkil etilganligi va asosiy vazifalari belgilanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
2. Kunlik mehnat markazining namunaviy tuzilmasi 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Belgilansinki, Markazlar xodimlari mehnatiga haq toʻlash Oʻzbekiston Respublikasi Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazi tomonidan amalga oshiriladi.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi ikki oy muddatda hududlardagi ehtiyojdan kelib chiqib, joylarda davlat-xususiy sheriklik asosida belgilangan tartibda Markazlarni tashkil etish choralarini koʻrsin.
Bunda Markazlarda ish beruvchi va ish izlovchilar uchun sall-markaz tashkil etish, ish izlovchilarni ish joyiga transportda olib borish va olib kelish xizmatlarini koʻrsatish, ularga yotoqxonalar, mehnat qurollari, shaxsiy himoya vositalari va maxsus kiyimlarni ijaraga berish hamda ovqatlanish va xizmat koʻrsatish shoxobchalari tashkil etilishiga alohida eʼtibor qaratilsin.
4. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bilan birgalikda:
a) ikki oy muddatda:
Markazlarni joylashtirish uchun mavjud binolarni tuman (shahar) aholi bandligiga koʻmaklashish markazlariga operativ boshqaruv huquqi asosida berish;
ish izlovchilar vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarga norasmiy yollanadigan (toʻplanadigan) joylarni hisobga olgan holda, Markazlarni joylashtirish va bino qurish uchun belgilangan tartibda yer maydonlari ajratish;
b) Markazlarda ish izlovchilar uchun zarur ijtimoiy-maishiy shart-sharoitlar yaratilishini, shu jumladan, ovqatlanish shoxobchalari tashkil etilishini taʼminlash choralarini koʻrsin.
5. Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi vaqtincha, mavsumiy va bir martalik ishlarni bajarayotgan shaxslarni doimiy yashash va vaqtincha turgan joyi boʻyicha roʻyxatga olish bilan bogʻliq ishlarni idoralararo elektron hamkorlik orqali amalga oshirish choralarini koʻrsin.
6. Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
7. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vaziri J.A. Qoʻchqorov hamda Oʻzbekiston Respublikasi bandlik va mehnat munosabatlari vaziri N.B. Xusanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2021-yil 1-iyul,
410-son
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-iyuldagi 410-son qaroriga
1-ILOVA
Kunlik mehnat markazining
NAMUNAVIY TUZILMASI
Izoh.
Kunlik mehnat markazlari mahalliy mehnat bozorining konyunkturasi va ayrim vaqtincha va bir martalik ishlarning mavsumiyligini hisobga olgan holda, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining qarori bilan qoʻshimcha xodimlar bilan taʼminlanadi.
Kunlik mehnat markazlariga jamoat tartibini saqlash uchun tuman (shahar) ichki ishlar boʻlimlarining bir nafardan masʼul xodimi doimiy biriktiriladi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 1-iyuldagi 410-son qaroriga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining oʻz kuchini yoʻqotgan deb eʼtirof etilayotgan baʼzi qarorlari
ROʻYXATI
1. Vazirlar Mahkamasining “Vaqtinchalik bir martalik ish bilan taʼminlash markazlarini tashkil etish toʻgʻrisida” 2001-yil 18-maydagi 223-son qarori (Oʻzbekiston Respublikasi QT, 2001-y., 5-son, 28-modda).
2. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirishlar kiritish toʻgʻrisida” 2003-yil 28-fevraldagi 112-son qaroriga ilovaning 48-bandi.
3. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi bandligini oshirish hamda mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish organlari faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2007-yil 6-apreldagi PQ-616-son qarorini amalga oshirish chora-tadbirlari haqida” 2007-yil 5-maydagi 95-son qaroriga 2-ilovaning 8-bandi.
4. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzilarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2010-yil 24-martdagi 52-son qaroriga 1-ilovaning 21-bandi.
5. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek baʼzi qarorlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblash toʻgʻrisida” 2012-yil 20-apreldagi 116-son qaroriga 1-ilovaning 8-bandi.
6. Vazirlar Mahkamasining “Pasport-viza rejimiga rioya qilish tartibi mustahkamlanganligi va uy-joy fondidan foydalanish tartibga solinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” 2016-yil 26-fevraldagi 54-son qaroriga ilovaning 2-bandi.
7. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholining hojatmand qatlamlarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash hamda tibbiy-ijtimoiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 22-fevraldagi PF-4782-son Farmoni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat vazirligi faoliyatini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2016-yil 24-fevraldagi PQ-2498-son qarori)” 2017-yil 13-martdagi 130-son qaroriga 1-ilovaning 11-bandi.
8. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida (Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Bandlik sohasida davlat siyosatini yanada takomillashtirish va mehnat organlari faoliyati samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 24-maydagi PF-5052-son Farmoni, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2017-yil 24-maydagi PQ-3001-son qarori)” 2017-yil 8-sentabrdagi 703-son qaroriga ilovaning 13-bandi.
9. Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasida chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarni roʻyxatga olish tartibini soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2020-yil 28-sentabrdagi 593-son qaroriga 4-ilovaning 4-bandi.
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 01.07.2021-y., 09/21/410/0626-son)