Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
Xususiy korxona toʻgʻrisida
I. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi xususiy korxonalarning tuzilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
Oldingi tahrirga qarang.
2-modda. Xususiy korxona toʻgʻrisidagi qonunchilik
Xususiy korxona toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy Qonuni bilan maxsus huquqiy rejim oʻrnatilgan hududda xususiy korxonalarning tashkil etilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi munosabatlar ushbu Qonunda belgilanganidan boshqacha qoidalar bilan tartibga solinadi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 13-iyuldagi OʻRQ-1158-sonli Qonuniga asosan ikkinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son. Kuchga kirish sanasi — 2026-yil 25-iyul)
3-modda. Xususiy korxona
Mulkdor yagona jismoniy shaxs tomonidan tuzilgan va boshqariladigan tijoratchi tashkilot xususiy korxona deb eʼtirof etiladi. Xususiy korxona tadbirkorlik subyektlarining tashkiliy-huquqiy shaklidir.
Xususiy korxona oʻz mulkida alohida mol-mulkka ega boʻladi, oʻz nomidan mulkiy va shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega boʻlishi hamda ularni amalga oshirishi, majburiyatlarni bajarishi, sudda daʼvogar va javobgar boʻlishi mumkin.
Xususiy korxona oʻz majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli butun mol-mulk bilan javob beradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona mulkdori korxonaning mol-mulki yetarli boʻlmagan taqdirda xususiy korxonaning majburiyatlari boʻyicha oʻziga qarashli mol-mulk bilan qonunchilikka muvofiq subsidiar javobgar boʻladi.
(3-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 329-moddasi.
4-modda. Xususiy korxonaning firma nomi
Xususiy korxona toʻliq firma nomiga ega boʻlishi lozim va qisqartirilgan firma nomiga ega boʻlishga haqli. Xususiy korxonaning toʻliq firma nomi uning toʻliq nomini va “xususiy korxona” degan soʻzlarni oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak. Xususiy korxonaning qisqartirilgan firma nomi uning qisqartirilgan nomini va “xususiy korxona” degan soʻzlarni yoki “XK” abbreviaturasini oʻz ichiga olishi kerak.
5-modda. Xususiy korxonaning bank hisobvaraqlari
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona Oʻzbekiston Respublikasi hududida va undan tashqarida qonunchilikda belgilangan tartibda bank hisobvaraqlari ochadi.
(5-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
“Oʻzbekiston Respublikasi banklarida ochiladigan bank hisobvaraqlari toʻgʻrisida”gi yoʻriqnomaga (roʻyxat № 3420, 08.02.2023-y.) qarang.
6-modda. Xususiy korxonaning muhri
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona oʻzining toʻliq firma nomi davlat tilida ifodalangan va xususiy korxonaning joylashgan yeri koʻrsatilgan muhrga ega boʻlishga haqli. Muhrda bir vaqtning oʻzida uning firma nomi boshqa tilda ham koʻrsatilishi mumkin.
(6-modda matni Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 20-martdagi OʻRQ-531-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son)
7-modda. Xususiy korxonaning shtamplari va blankalari
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona oʻzining firma nomi yozilgan shtamplariga va blankalariga, oʻz emblemasiga, shuningdek belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilgan tovar belgisiga hamda fuqarolik muomalasi ishtirokchilarini, tovarlar, ishlar va xizmatlarni individuallashtiruvchi oʻzga vositalarga ega boʻlishga haqli.
(7-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 14-maydagi OʻRQ-372-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2014-y., 20-son, 222-modda)
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 19-sentabrdagi 480-son “Tovar belgilari va xizmat koʻrsatish belgilarini roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatini koʻrsatishning maʼmuriy reglamentini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
II. XUSUSIY KORXONA TUZISH VA UNI DAVLAT ROʻYXATIDAN OʻTKAZISH
8-modda. Xususiy korxona tuzish tartibi
Xususiy korxona mulkdor tomonidan tuziladi, mulkdor unga tegishli mol-mulk beradi va uning ustavini tasdiqlaydi.
Xususiy korxona, agar uning ustavida boshqacha qoida belgilangan boʻlmasa, nomuayyan muddatga tuziladi.
9-modda. Boshqa yuridik shaxslarni taʼsis etish. Xususiy korxonaning vakolatxonalari va filiallari
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona qonunchilikda belgilangan tartibda boshqa yuridik shaxslarning muassisi boʻlishga yoki ularning ustav fondida oʻzgacha tarzda ishtirok etishga, vakolatxonalar ochishga va filiallar tuzishga haqli.
(9-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 47-moddasiga va “Oʻzbekiston Respublikasi yuridik shaxslari tomonidan chet elda tashkilotlar tashkil etish yoki ularning ustav fondi (kapitali)da ulush bilan ishtirok etish toʻgʻrisida xabardor etish tartibi haqida”gi nizomga (roʻyxat raqami 2457, 17.05.2013-y.) qarang.
10-modda. Xususiy korxonaning ustavi
Xususiy korxonaning taʼsis hujjati uning ustavidir.
Xususiy korxonaning ustavida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
korxonaning firma nomi;
uning joylashgan yeri va pochta manzili toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
asosiy faoliyat turlarining roʻyxati;
mulkdorning familiyasi, ismi, otasining ismi va yashash joyi;
ustav fondining miqdori.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxonaning ustavi qonunchilikka zid kelmaydigan boshqa qoidalarni ham oʻz ichiga olishi mumkin.
(10-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
11-modda. Xususiy korxonani davlat roʻyxatidan oʻtkazish
Xususiy korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan paytdan boshlab yuridik shaxs maqomiga ega boʻladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxonani davlat roʻyxatidan oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(11-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 9-fevraldagi 66-son qarori bilan tasdiqlangan “Tadbirkorlik subyektlarini davlat roʻyxatidan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom”.
12-modda. Xususiy korxonaning ustav fondi
Xususiy korxonaning ustav fondi boʻlinmasdir va uni mulkdorning oʻzi belgilaydi.
Pul, qimmatli qogʻozlar, pul bilan baholanadigan boshqa mol-mulk yoki mulkiy huquqlar yoxud boshqa shaxsga beriladigan oʻzga huquqlar xususiy korxonaning ustav fondiga qoʻshiladigan hissa boʻlishi mumkin. Mulkdor xususiy korxonaning ustav fondiga oʻzi kiritadigan mol-mulkni mustaqil baholaydi.
Agar xususiy korxonaning ustav fondi shakllantirilayotganda mulkdor oʻz oila aʼzolarining umumiy (ulushli yoki birgalikdagi) mulki hisoblangan mol-mulkni korxonaga berayotgan boʻlsa, ushbu mol-mulkning barcha mulkdorlaridan notarial tasdiqlangan rozilik olish talab etiladi.
13-modda. Xususiy korxonaning ustav fondini koʻpaytirish va kamaytirish
Xususiy korxonaning ustav fondini koʻpaytirish va kamaytirish mulkdorning qaroriga koʻra xususiy korxonaning ustaviga oʻzgartishlar kiritish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Agar ikkinchi moliya yilining va shundan keyingi har bir moliya yilining yakunida xususiy korxona sof aktivlarining qiymati uning ustav fondidan kam ekanligi maʼlum boʻlib qolsa, xususiy korxona oʻz ustav fondini oʻzining sof aktivlari qiymatidan oshmaydigan miqdorda kamaytirishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona sof aktivlarining qiymati qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlanadi.
(13-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 14-iyundagi 130-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (1-sonli BHMS) “Moliyaviy hisobotni taqdim etish va hisob siyosati”ni tasdiqlash haqida”gi buyrugʻi (roʻyxat raqami 3544, 06.08.2024-y.).
III. XUSUSIY KORXONANI BOSHQARISH
14-modda. Xususiy korxonani yakka boshqarish
Xususiy korxona mulkdori korxonani rahbar sifatida yakka boshqaradi, korxona nomidan ishonchnomasiz ish koʻradi, uning manfaatlarini ifodalaydi, xususiy korxonaning pul mablagʻlarini hamda boshqa mol-mulkini tasarruf etadi, shartnomalar, shu jumladan mehnat shartnomalari tuzadi, ishonchnomalar beradi, banklarda hisobvaraqlar ochadi, shtatlarni tasdiqlaydi, korxonaning barcha xodimlari uchun majburiy boʻlgan buyruqlar chiqaradi va koʻrsatmalar beradi.
15-modda. Xususiy korxona mulkdorining huquqlari va majburiyatlari
Xususiy korxona mulkdori quyidagi huquqlarga ega:
Oldingi tahrirga qarang.
xususiy korxona ustaviga qonunchilikda belgilangan tartibda oʻzgartirishlar va qoʻshimchalar kiritish;
(15-modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
xususiy korxonani qayta tashkil etish va tugatish toʻgʻrisida qaror qabul qilish;
xususiy korxonaning soliqlar va boshqa majburiy toʻlovlar toʻlanganidan keyin qolgan foydasidan oʻz ixtiyoriga koʻra foydalanish;
xususiy korxonaga tegishli mol-mulkni boshqa shaxsga berish, ijaraga berish, garovga qoʻyish, boshqa yuridik shaxslarning ustav fondiga hissa sifatida kiritish yoki ushbu mol-mulkni boshqacha usulda tasarruf etish.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona mulkdori qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(15-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xususiy korxona mulkdori:
ustav fondini shakllantirishi;
oʻziga qarashli korxonani yakka boshqarishi shart.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona mulkdori zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(15-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
16-modda. Xususiy korxonani vaqtincha boshqarish
Xususiy korxona mulkdori oʻzi vaqtinchalik boʻlmagan taqdirda shu muddatda rahbarlik vazifasini bajarib turishni boshqa jismoniy shaxs zimmasiga yuklash toʻgʻrisida yozma qaror qabul qiladi. Xususiy korxona mulkdori muvaqqat rahbarning xususiy korxona mol-mulkini tasarruf etishga oid huquqini cheklab qoʻyishi mumkin.
17-modda. Mulkdorning xususiy korxona rahbari vazifasini bajara olmasligi
Oldingi tahrirga qarang.
Vafot etganligi, muomalaga layoqatsizligi, muomala layoqati cheklanganligi yoki bedarak yoʻqolgan deb topilganligi oqibatida mulkdorning xususiy korxona rahbari vazifasini bajarishi mumkin boʻlmay qolgan taqdirda xususiy korxonani boshqarish fuqarolik qonunchilikka va xususiy korxonaning ustaviga muvofiq amalga oshiriladi.
(17-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
IV. XUSUSIY KORXONADA MEHNATGA OID MUNOSABATLAR
18-modda. Xususiy korxonaning ish beruvchisi va xodimi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona (ish beruvchi) va xususiy korxonaning xodimi oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar mehnat toʻgʻrisidagi qonunchilikka muvofiq mehnat shartnomasi (kontrakt) bilan tartibga solinadi.
(18-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 12-bobi.
19-modda. Xususiy korxonada mehnatga haq toʻlash
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona oʻz xodimlariga mehnat haqi, mukofotlar va kompensatsiyalar toʻlashning shakllari, tizimi hamda miqdorini qonunchilikka muvofiq mustaqil belgilaydi.
(19-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxonada mehnat shartnomasi (kontrakt) boʻyicha ishlayotgan shaxslarning mehnatiga haq toʻlash taraflarning kelishuviga koʻra, biroq qonunchilikda Mehnatga haq toʻlash yagona tarif setkasining birinchi razryadi boʻyicha belgilanganidan kam boʻlmagan miqdorda belgilanadi.
(19-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
20-modda. Xususiy korxona xodimlarini ijtimoiy muhofaza qilish
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona oʻz xodimlariga xavfsiz mehnat sharoitlarini, ijtimoiy himoya choralarini taʼminlashi shart va ularning hayoti yoki sogʻligʻiga yetkazilgan zarar uchun qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
Xususiy korxona oʻz xodimlari uchun qonunchilikda belgilanganiga nisbatan imtiyozliroq mehnat va ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlarni mustaqil belgilashga haqli.
(20-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257 va Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 49-moddalariga qarang.
V. XUSUSIY KORXONA FAOLIYATI ERKINLIGINING KAFOLATLARI
21-modda. Xususiy korxona mol-mulkining natsionalizatsiya va rekvizitsiya qilinishiga yoʻl qoʻyilmasligi
Xususiy korxonaning mol-mulki natsionalizatsiya qilinmaydi, qonunda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Xususiy korxonaning mol-mulki rekvizitsiya qilinmaydi, xususiy korxonaning mulkdoriga rekvizitsiya qilinayotgan mol-mulkning bozor qiymatiga muqobil kompensatsiyasi toʻlanadigan tabiiy ofatlar, avariyalar, epidemiyalar, epizootiyalar va favqulodda tusdagi boshqa holatlar bundan mustasno.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 202—203-moddalariga qarang.
22-modda. Xususiy korxona faoliyatining erkinligi
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona qonunchilikka muvofiq har qanday faoliyat turlarini amalga oshiradi.
(22-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xususiy korxona bitimlar tuzishda erkindir.
23-modda. Xususiy korxonalarga tatbiq etiladigan imtiyozlar, preferensiyalar va kafolatlar
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxonalarga tadbirkorlik subyektlari uchun qonunchilikda nazarda tutilgan imtiyozlar, preferensiyalar va kafolatlar tatbiq etiladi.
(23-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Soliq kodeksining 54-bobi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 31-maydagi PQ-3756-sonli “Imtiyozlar va preferensiyalar berish tartibini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Oldingi tahrirga qarang.
(24-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 7-yanvardagi OʻRQ-601-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 08.01.2020-y., 03/20/601/0025-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(25-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2020-yil 9-noyabrdagi OʻRQ-646-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 09.11.2020-y., 03/20/646/1488-son)
VI. YAKUNLOVCHI QOIDALAR
26-modda. Xususiy korxonalarning birlashishi
Xususiy korxonalar oʻz huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida qonunga muvofiq assotsiatsiyalarga (uyushmalarga) va boshqa birlashmalarga birlashishlari mumkin.
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 77-moddasiga va Oʻzbekiston Respublikasining 2018-yil 9-iyuldagi OʻRQ-483-sonli “Oʻzbekiston Respublikasi savdo-sanoat palatasi toʻgʻrisida” (yangi tahriri)gi Qonuniga qarang.
27-modda. Xususiy korxonani boshqa shaxsga oʻtkazish
Xususiy korxona mulkdori xususiy korxonani mol-mulk majmuasi sifatida sotishga, hadya qilishga, vasiyat qilib qoldirishga yoki uni oʻzgacha usulda boshqa shaxsga oʻtkazishga haqli.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona boshqa shaxsga berilgan taqdirda oʻzining firma nomidan, tovar belgilaridan, xizmat koʻrsatish belgilaridan hamda mazkur xususiy korxona va uning mahsulotini, u bajarayotgan ishlarni yoki koʻrsatayotgan xizmatlarni individuallashtiruvchi oʻzga vositalardan foydalanish huquqlari, agar qonunchilikda yoxud shartnomada boshqacha qoida nazarda tutilgan boʻlmasa, yangi mulkdorga oʻtadi.
(27-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
28-modda. Xususiy korxonani qayta tashkil etish va tugatish
Oldingi tahrirga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxona uning mulkdorining yoki qonunchilikda belgilangan tartibda sudning qaroriga koʻra qayta tashkil etilishi mumkin.
(28-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Xususiy korxona uning mulkdorining yoki sudning yoxud roʻyxatdan oʻtkazuvchi organning qaroriga koʻra tugatilishi mumkin.
(28-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 11-dekabrdagi OʻRQ-592-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 12.12.2019-y., 03/19/592/4144-son — 2020-yil 1-yanvardan kuchga kiradi)
 LexUZ sharhi
Batafsil maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 49, 53-moddalariga qarang.
29-modda. Nizolarni hal etish
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy korxonalarning tuzilishi, faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi sohasidagi nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(29-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 4-bobi.
Oldingi tahrirga qarang.
30-modda. Xususiy korxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Xususiy korxona toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(30-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksi 176-moddasi va Jinoyat kodeksining 188-moddasi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. Karimov
Toshkent sh.,
2003-yil 11-dekabr,
558–II-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 2004-y., 1-2-son, 8-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 12-13-son, 100-modda; 2007-y., 52-son, 533-modda; 2011-y., 37-son, 374-modda; 2012-y., 37-son, 421-modda; 2014-y., 20-son, 222-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2017-y., 1-son, 1-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 21.03.2019-y., 03/19/531/2799-son; 12.12.2019-y., 03/19/592/4144-son; 08.01.2020-y., 03/20/601/0025-son, 09.11.2020-y., 03/20/646/1488-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son; 14.07.2026-y., 03/26/1158/0727-son)