O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2017-yil 3-iyundagi PQ-3031-son qarorida belgilangan vazifalarning ijrosini ta’minlash, shuningdek, mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni aholi o‘rtasida yanada ommalashtirish ishlarining samaradorligini oshirishga ko‘maklashish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi, Maktabgacha ta’lim vazirligi, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Xotin-qizlar qo‘mitasi, O‘zbekiston yoshlar ittifoqi, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi, O‘zbekiston faxriylarining ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi, Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo‘yicha Respublika kengashining O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashini (keyingi o‘rinlarda Kengash deb ataladi) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.
2. Quyidagilar:
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashining tarkibi 1-ilovaga muvofiq;
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashi to‘g‘risidagi nizom 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
3. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari etib belgilansin:
aholi salomatligini jismoniy tarbiya va sport orqali muhofaza qilish sohasida barcha darajalardagi hokimliklar va idoralararo, ayniqsa, jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvi organlari va barcha darajalardagi hokimliklarning aholi salomatligini muhofaza qilish borasidagi vazifalar ijrosi haqidagi hisobotlarini muntazam eshitish;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosati amalga oshirilishi holati tahlil qilinishini tashkil etish;
jismoniy tarbiya va sport, shuningdek, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish bilan shug‘ullanuvchilar o‘rtasida tadbirlar (musobaqalar, mashg‘ulotlar, festival va shu kabilar) o‘tkazilishining tizimli monitoringini olib borish;
Oldingi tahrirga qarang.
respublikada jismoniy tarbiya va sport sohasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari to‘liq va sifatli bajarilishi choralarini ko‘rish.
(3-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Belgilansinki, Kengash jamoatchilik asosida faoliyat yuritadi.
5. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari A.A. Abduxakimov va O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri D.X. Nabiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. ARIPOV
Toshkent sh.,
2019-yil 15-may,
409-son
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 409-son qaroriga
1-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashi
TARKIBI
Oldingi tahrirga qarang.

A.N. Aripov

O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri, milliy kengash raisi

A.A. Abduxakimov

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari, milliy kengash raisining o‘rinbosari

Lavozimiga ko‘ra

Bosh vazir o‘rinbosari — Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi, milliy kengash raisining o‘rinbosari

Kengash a’zolari:

D.X. Nabiyev

O‘zbekiston Respublikasi jismoniy tarbiya va sport vaziri

A.Q. Shadmanov

O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri

I.U. Majidov

O‘zbekiston Respublikasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri

R.M.Shaabduraxmanov

O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi

Sh.X. Shermatov

O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi vaziri

A.V. Shin

O‘zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim vaziri

B.S. Sayfullayev

O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri

Q.Q. Quranbayev

O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Markaziy Kengashi raisi

Q.M. Rafikov

O‘zbekiston Kasaba uyushmalari Federatsiyasi Kengashi raisi

Sh.I. Jalilov

O‘zbekiston “Nuroniy” jamg‘armasi raisi

R.T. Mamatov

O‘zbekiston Respublikasi mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri

R.S.Irmatov

futbol bo‘yicha xalqaro toifadagi hakam

X.M.Dusmatov

boks bo‘yicha Olimpiya o‘yinlari g‘olibi

R.R. Sobirov

dzyudo bo‘yicha 3-karra Olimpiya o‘yinlari sovrindori

lavozimi bo‘yicha

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari

Izoh. Milliy kengash a’zolari boshqa ishga o‘tgan taqdirda, uning tarkibiga ushbu lavozimga yangidan tayinlangan yoki tegishli funksiyalarni bajarish zimmasiga yuklangan shaxslar kiritiladi.
(1-ilova O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 10-dekabrdagi 833-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 11.12.2024-y., 09/24/833/1016-son)
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 15-maydagi 409-son qaroriga
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashi to‘g‘risida
NIZOM
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Xalq salomatligi milliy kengashining (keyingi o‘rinlarda Kengash deb ataladi) faoliyati tartibini belgilaydi.
2. Kengash jismoniy tarbiya va sportga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari va muassasalarga ko‘maklashish maqsadida tashkil qilingan, jamoatchilik asosida faoliyat yurituvchi idoralararo muvofiqlashtirish va maslahat organi hisoblanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
3. Kengash o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga va qonunlariga, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalari qarorlariga, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmonlari, qarorlari va farmoyishlariga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlari va farmoyishlariga, ushbu Nizomga va boshqa qonunchilik hujjatlariga amal qiladi.
(3-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
4. Kengash o‘z faoliyatini davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari hamda fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlikda amalga oshiradi.
2-bob. Kengashning asosiy vazifalari va funksiyalari
5. Quyidagilar Kengashning asosiy vazifalari hisoblanadi:
aholi salomatligini jismoniy tarbiya va sport orqali muhofaza qilish sohasida barcha darajalardagi hokimliklar va idoralararo, ayniqsa, jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish;
vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvi organlari va barcha darajalardagi hokimliklarning aholi salomatligini muhofaza qilish borasidagi vazifalar ijrosi haqidagi hisobotlarini muntazam eshitish;
jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosati amalga oshirilishi holati tahlil qilinishini tashkil etish;
jismoniy tarbiya va sport, shuningdek, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish bilan shug‘ullanuvchilar o‘rtasida tadbirlar (musobaqalar, mashg‘ulotlar, festival va shu kabilar) o‘tkazilishining tizimli monitoringini olib borish;
Oldingi tahrirga qarang.
respublikada jismoniy tarbiya va sport sohasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari to‘liq va sifatli bajarilishi choralarini ko‘rish;
(5-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
Oldingi tahrirga qarang.
aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanishni tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish.
(5-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-noyabrdagi 735-sonli qaroriga asosan xatboshi bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.11.2020-y., 09/20/735/1580-son)
6. Kengash o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarish uchun quyidagi funksiyalarni amalga oshiradi:
a) aholi salomatligini jismoniy tarbiya va sport orqali muhofaza qilish sohasida barcha darajalardagi hokimliklar va idoralararo, ayniqsa, jamoat tashkilotlarining o‘zaro hamkorligini yo‘lga qo‘yish sohasida:
aholi salomatligini jismoniy tarbiya va sport orqali muhofaza qilishda hududiy hokimliklar va idoralararo, ayniqsa, jamoat tashkilotlarining hamkorligini tashkil etish;
aholining yoshi, jismoniy qobiliyati va harakatlanishi faolligini takomillashtirish, mehnatga bo‘lgan layoqatini oshirish, zararli odatlar hamda turli kasalliklarning oldini olish va sog‘lom turmush tarzi ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida ularning umumiy jismoniy tayyorgarligini belgilovchi sport me’yorlarini o‘z ichiga olgan “Alpomish” va “Barchinoy” maxsus testlarini respublikaning barcha hududlarida samarali joriy etish ishlariga ko‘maklashish va keng qamrovli targ‘ibot ishlarini olib borish;
jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish ishlarini tashkil etishga ko‘maklashish;
barcha tuman (shahar)larda ommaviy sport, jismoniy tarbiya va sog‘lomlashtirish tadbirlari, shu jumladan, sportning milliy turlari bo‘yicha xalq o‘yinlari va musobaqalarning, aholi, ayniqsa, yoshlar, xotin-qizlar, keksalar va qishloq aholisi o‘rtasida muntazam ravishda tashkil etilishiga ko‘maklashish;
jismoniy va ma’naviy sog‘lom o‘sib kelayotgan avlodni kamol toptirishning muhim sharti sifatida ommaviy bolalar sportini rivojlantirishga, bolalarda sog‘lom turmush tarziga intilishni va sportga muhabbatni singdirishni ta’minlashda ko‘maklashish;
vazirliklar, idoralar, tashkilotlar hamda mulkchilik shakllaridan qat’iy nazar, barcha yuridik shaxslarning ish vaqti davomida 3 — 5 daqiqali ishlab chiqarish gimnastikasi bilan muntazam shug‘ullanishlarini hamda barcha ommaviy axborot vositalarida har kuni uch marta (tonggi, kunduzgi va kechki) 3 — 5 daqiqadan iborat ommaviy badantarbiya mashg‘ulotlari namoyishi va yoritilishini tahlil qilish;
b) vazirliklar, davlat qo‘mitalari, davlat boshqaruvi organlari va barcha darajalardagi hokimliklarning aholi salomatligini muhofaza qilish borasidagi vazifalar ijrosi haqidagi hisobotlarini muntazam eshitish sohasida:
davlat organlari va tashkilotlari xodimlari jamoasining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash, ularning jismoniy faolligi darajasini oshirish maqsadida barcha zarur sharoitlarni yaratish, ushbu vazifalarga erishishga qaratilgan chora-tadbirlarni muntazam tashkil qilib borishda rahbarlarning faoliyati yuzasidan hisobotlarini muntazam eshitish samaradorligini baholash;
aholi salomatligini muhofaza qilish sohasida davlat dasturlari ishlab chiqilishida ishtirok etish;
davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari bilan O‘zbekiston Respublikasida aholi salomatligini muhofaza qilish borasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturida belgilangan talablarni amalga oshirishda o‘zaro hamkorlikni ta’minlash;
v) jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat siyosati amalga oshirilishi holati tahlil qilinishini tashkil etish sohasida:
jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish borasida keng jamoatchilik fikrini o‘rganish, tahlil qilish, ushbu sohadagi ishlarni yanada takomillashtirishga doir takliflar ishlab chiqish;
jismoniy tarbiya va sportga oid davlat siyosatini amalga oshirishda yuzaga kelayotgan muammo va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklarni bartaraf etishga ko‘maklashish;
mamlakatda sport turlarini, sport industriyasi va infratuzilmasini rivojlantirishga doir takliflar ishlab chiqish;
jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish inshootlaridan samarali foydalanish, sport seksiyalari tashkil etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;
jismoniy tarbiya va sport sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda qatnashish;
jismoniy tarbiya va sport bilan bog‘liq ishlarning holatini o‘rganish uchun ishchi komissiyalar va (yoki) ekspert guruhlar tashkil etish, shuningdek, ushbu komissiya va guruhlar faoliyatiga tegishli mutaxassislarni jalb qilish;
g) jismoniy tarbiya va sport, shuningdek, jismoniy tarbiya-sog‘lomlashtirish bilan shug‘ullanuvchilar o‘rtasida tadbirlar (musobaqalar, mashg‘ulotlar, festival va shu kabilar) o‘tkazilishining tizimli monitoringini olib borish sohasida:
maxsus testlar asosida umumiy o‘rta ta’lim maktablarining barcha sinflari, kollej, litsey va oliy ta’lim muassasalarining barcha kurslari talabalari o‘rtasida (tibbiy guruhga kiruvchilardan tashqari) hamda ushbu muassasalarda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar, professorlar va boshqa xodimlar o‘rtasida musobaqalar o‘tkazish hamda boshqa sohalarda mehnat qilayotganlar uchun sog‘lomlashtirish yo‘nalishidagi musobaqalarni tashkil etish, shuningdek, harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlari uchun maxsus o‘tkaziladigan mashg‘ulotlar uyushtirilishi monitoringini olib borish;
davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan birgalikda jismoniy tarbiya va sport bilan shug‘ullanishni ommalashtirish ishlarini tashkil etish;
Oldingi tahrirga qarang.
d) respublikada jismoniy tarbiya va sport sohasida qabul qilingan qonunchilik hujjatlari to‘liq va sifatli bajarilishi choralarini ko‘rish sohasida:
(6-band “d” kichik bandining birinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
O‘zbekiston Respublikasining “Jismoniy tarbiya va sport to‘g‘risida”gi Qonuni talablarining hayotga to‘laqonli joriy etilishini:
O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni yanada rivojlantirish dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlar va jamoatchilik nazorati o‘rnatilganligini;
2019 — 2023-yillar davrida O‘zbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va ommaviy sportni rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish chora-tadbirlari dasturi bajarilishi monitoringini olib borish va muhokama qilish;
Oldingi tahrirga qarang.
e) aholi o‘rtasida to‘g‘ri ovqatlanishni tashkil etish ishlarini muvofiqlashtirish sohasida:
aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash va aholi o‘rtasida mikronutriyent yetishmasligi profilaktikasi sohasida davlat siyosatini amalga oshirishda davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlariga ko‘maklashish;
fuqarolarni vitamin va mikronutriyent preparatlari bilan ta’minlash bo‘yicha davlat dasturlarining ijro etilishini o‘rganib borish;
aholi o‘rtasida zararli, xususan tarkibida tuz, qand, yog‘ miqdori me’yoridan ortiq bo‘lgan oziq-ovqat mahsulotlari targ‘ibotini cheklash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni amalga oshirish.
(6-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 19-noyabrdagi 735-sonli qaroriga asosan “e” kichik band bilan to‘ldirilgan — Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 20.11.2020-y., 09/20/735/1580-son)
3-bob. Kengashning huquqlari va majburiyatlari
7. Kengash quyidagi huquqlarga ega:
o‘z vakolatiga kiradigan masalalar bo‘yicha davlat organlari va muassasalari, nodavlat notijorat tashkilotlaridan va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlaridan belgilangan tartibda ma’lumotlarni so‘rash va olish;
jismoniy tarbiya va sportga oid davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etuvchi davlat organlari va muassasalari vakillarining axborotlarini muntazam eshitish;
davlat organlari va muassasalarining jismoniy tarbiya va sport masalalari bilan bog‘liq faoliyati samaradorligini oshirishga doir tavsiyalar ishlab chiqish;
jismoniy tarbiya va sportga doir normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish yuzasidan takliflar berish.
Oldingi tahrirga qarang.
Kengash qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.
(7-bandning oltinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
8. Kengash o‘ziga yuklangan vazifalar va funksiyalarning samarali bajarilishi uchun mas’uldir.
4-bob. Kengash faoliyatini tashkil etish
9. Kengashning rais, rais o‘rinbosarlari va a’zolaridan iborat tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
10. Kengash o‘z faoliyatini doimiy asosda amalga oshiradi va o‘z yig‘ilishlarini zaruratga ko‘ra o‘tkazadi.
11. Kengash raisi:
Kengash faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;
rais o‘rinbosarlari va a’zolari o‘rtasida vazifalarni taqsimlaydi;
Kengash yig‘ilishlarini tashkil etadi va ularga raislik qiladi;
Kengash yig‘ilishlarining kun tartibini tasdiqlaydi;
Kengashning ish rejalarini tasdiqlaydi.
Kengashning samarali faoliyatini ta’minlash bo‘yicha boshqa vazifalarni amalga oshiradi.
12. Kengash raisi o‘rinbosarlari rais tomonidan o‘zlariga yuklangan vazifalarni amalga oshiradi hamda ushbu vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi uchun shaxsan javob beradi.
13. Kengashning ishchi organi funksiyasini O‘zbekiston Respublikasi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi (keyingi o‘rinlarda Ishchi organ deb ataladi) amalga oshiradi.
14. Ishchi organ:
Kengashning yillik ish rejalarini uning a’zolari takliflari asosida ishlab chiqadi va ijrosi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi;
tasdiqlangan yillik ish rejasiga muvofiq Kengashning joriy faoliyatini tashkil etadi;
Kengash yig‘ilishlari kun tartibiga kiritiladigan masalalar bo‘yicha materiallarning tayyorlanishini tashkil qiladi;
Kengashning vakolati doirasiga kiruvchi masalalar yuzasidan qarorlar va boshqa hujjatlar loyihalarini tayyorlaydi;
Kengash qarorlarining ijrosi yuzasidan nazorat va monitoringni tashkil qiladi;
ommaviy axborot vositalari bilan o‘zaro hamkorlik qiladi;
Kengash faoliyatini tashkiliy-texnik ta’minlashni amalga oshiradi.
Oldingi tahrirga qarang.
Ishchi organ qonunchilik hujjatlariga muvofiq boshqa funksiyalarni ham amalga oshirishi mumkin.
(14-bandning to‘qqizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
15. Kengash majlisini uning raisi boshqaradi. Kengash raisi bo‘lmagan taqdirda, majlisni uning o‘rinbosarlaridan biri boshqaradi.
Kengash majlisi a’zolarining kamida uchdan ikki qismi hozir bo‘lganda vakolatli hisoblanadi.
16. Kengash qarorlari Kengash a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi. Ovozlar teng bo‘lgan taqdirda, Kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Kengash qarorlari yig‘ilishda ishtirok etgan Kengash a’zolari tomonidan imzolanadigan va Kengash raisi tomonidan tasdiqlanadigan bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi. Bayonnomani imzolashda Kengash a’zolari o‘zlarining alohida fikrlarini yozma ravishda bildirish huquqiga egadirlar.
5-bob. Yakunlovchi qoida
Oldingi tahrirga qarang.
17. Kengashni qayta tashkil etish va tugatish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(17-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
(Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasi, 16.05.2019-y., 09/19/409/3039-son; 19.06.2020-y., 09/20/391/0777-son; 20.11.2020-y., 09/20/735/1580-son; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 10.08.2022-y., 09/22/438/0726-son; 11.12.2024-y., 09/24/833/1016-son)