Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.06.1994
O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI HUZURIDAGI VAZIRLAR MAHKAMASINING
qarori
“O‘ZDONMAHSULOT” DAVLAT KONSERNI MASALALARI
 LexUZ sharhi
Ushbu qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1994-yil 20-iyundagi 311-sonli “O‘zdonmahsulot” davlat-aksionerlik korporatsiyasini tashkil etish va uning faoliyati masalalari to‘g‘risida”gi qarori bilan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1992-yil 6-fevraldagi Farmonini bajarish hamda non, un va omixta ozuqa ishlab chiqaruvchi korxonalarning xo‘jalik va iqtisodiy mustaqilligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Tarkibida ilovaga muvofiq birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar bo‘lgan “O‘zdonmahsulot” davlat konserni tashkil etilsin.
2. Belgilab qo‘yilsinki, “O‘zdonmahsulot” davlat konserni O‘zbekiston Respublikasi Don mahsulotlari vazirligining huquqiy vorisi bo‘lib, yuridik shaxs hisoblanadi va u o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligiga hamda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan konsern Ustaviga amal qiladi.
3. Birlashmalar, korxonalar, tashkilotlar bilan konsern o‘rtasidagi o‘zaro munosabatlar ta’sis shartnomasi, Ustav bilan belgilanadi hamda mulkchilikning davlat shakllari asosida quriladi. Konsernga kirgan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlar 1992-yilda qaror topgan xo‘jalik aloqalarini hamda o‘zaro moliyaviy majburiyatlarini saqlab qoladilar. Konsern tarkibiga, idoraviy bo‘ysunishidan va mulkchilik shakllaridan qat’i nazar, iqtisodiy manfaatdorlikning umumiyligi asosida, ixtiyoriy ravishda boshqa korxonalar va tashkilotlar kirishi mumkin.
4. “O‘zdonmahsulot” davlat konsernining asosiy vazifasi respublika xalq xo‘jaligini va aholisini don, un, don mahsulotlari, omixta ozuqa va qandolatchilik mahsulotlari bilan ta’minlashdan iboratdir.
Shu maqsadlarda “O‘zdonmahsulot” davlat konserni:
davlat buyurtmasiga muvofiq don qabul qilish va donni qayta ishlash korxonalari bilan jamoa, davlat xo‘jaliklari, boshqa qishloq xo‘jaligi korxonalari, fermer xo‘jaliklaridan, shuningdek, aholidan shartnomalar bo‘yicha don, moyli urug‘larni, donli va moyli o‘simliklarning navdor va duragay urug‘larini, o‘tlarni, xashakni va ko‘kat unini sotib olishni;
konsern ustavida belgilangan vazifalarni bajarish uchun zarur bo‘lgan, don, shu jumladan, uning davlat va mobilizatsion resurslarini, shuningdek, moliyaviy va boshqa xil rezervlarni markazlashtirilgan tartibda to‘plashni hududlar bo‘yicha oqilona joylashtirishni va saqlashni;
tuzilgan shartnomalar va savdo talabnomalari bo‘yicha un, yorma, non, non-bulka, makaron, qandolatchilik mahsulotlari, omixta ozuqalarni ishlab chiqarish va yetkazib berish davlat buyurtmasi topshirig‘ining bajarilishini, o‘z do‘koni bo‘lgan kichik nonvoyxonalar tarmog‘ini rivojlantirishni;
don, un, yorma, non, non-bulka, makaron va qandolatchilik mahsulotlarining va omixta ozuqalarning sifatini doimiy ravishda tekshirib turishni;
yagona ilmiy-texnikaviy va texnologik siyosatning joriy etilishini, ichki va tashqi bozorning konyunkturasini o‘rganishni, tashqi iqtisodiy faoliyatni amalga oshirishni;
konsern va uning ta’sischilari manfaatlarini davlat, shu jumladan, chet el va xalqaro tashkilotlarda himoya qilish bo‘yicha vakillik qilishni;
kadrlar siyosatini, kadrlar rezervini shakllantirish, kadrlarni tayyorlash va ularning malakasini oshirishni;
konsern tarkibidagi birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarda amaldagi qonunchilikning to‘g‘ri qo‘llanilishini tashkil etishni, shuningdek, birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning konsern ichidagi qishloq xo‘jaligi hamda boshqa korxonalar va tashkilotlarning o‘zaro iqtisodiy aloqalarini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlarning amalga oshirilishini.
5. “O‘zdonmahsulot” davlat konsernini boshqarish konsernga kirgan birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning ishlab chiqarish-xo‘jalik, faoliyatining alohida yo‘nalishlari bo‘yicha funksiyalarini markazlashtirishni va ularning o‘zini o‘zi boshqarishini uyg‘unlashtirish asosida amalga oshiriladi.
Konsernning birlashmalari, korxonalari va tashkilotlari vakillarining yig‘ilishi tomonidan saylanadigan Kengash “O‘zdonmahsulot” konsernining yuqori boshqaruv organi hisoblanadi.
Konsern Kengashi xo‘jalik faoliyatining, ilmiy-texnika taraqqiyotini jadallashtirishning, boshqaruv tuzilmasini takomillashtirishning, mehnat jamoalarini ijtimoiy rivojlantirishning, respublika aholisining non mahsulotlariga, chorvachilikning esa omixta ozuqaga bo‘lgan ehtiyojlarini qondirishning muhim masalalarini hal etadi.
Konsern Kengashiga birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning rahbarlari, shuningdek, boshqaruv a’zolari kiradi. Konsern Kengashi boshqaruvni, uning raisini va rais o‘rinbosarlarini saylaydi, ishchi apparatning sonini va uni saqlash xarajatlarini belgilaydi. Boshqaruv raisi va uning o‘rinbosarlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadi.
Konsern Kengashi, konsern boshqaruvi va ishchi apparati kelishilgan normativlar bo‘yicha birlashmalar, korxonalar va tashkilotlarning foydalaridan ajratmalar, shuningdek, o‘zining tijoratchilik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar hisobiga saqlanadi.
6. “O‘zdonmahsulot” davlat konsernida safarbarlik va fuqaro mudofaasi bo‘limi saqlab qolinsin, safarbarlik bo‘yicha topshiriqlarning bajarilishi belgilangan tartibda ta’minlansin.
7. Belgilab qo‘yilsinki, bozor iqtisodiyotiga o‘tish davri mobaynida davlat buyurtmachi bo‘yicha ishlarni bajarish uchun “O‘zdonmahsulot” konserniga kapital mablag‘lar va moddiy-texnika resurslarining markazlashtirilgan tartibda taqsimlanadigan limitlari ajratiladi.
8. “O‘zdonmahsulot” konserni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda bir oy muddat ichida respublika Hukumatiga konsernning Ustavi loyihasini taqdim etsin.
9. Konsern boshqaruvi raisiga, uning o‘rinbosarlariga O‘zbekiston Respublikasi vazirlari va vazir o‘rinbosarlari uchun belgilangan moddiy-maishiy va tibbiy xizmat ko‘rsatish sharoitlari tatbiq etilsin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. MUTALOV
Toshkent sh.,
1992-yil 21-fevral,
75-son
Vazirlar Mahkamasining
1992-yil 21-fevraldagi 75-son qaroriga
ILOVA
“O‘ZDONMAHSULOT” KONSERNI TARKIBIGA QIRUVChI BIRLAShMALAR, KORXONALAR VA TAShKILOTLARNING
RO‘YXATI
Qoraqalpog‘iston don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Toshkent don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Sirdaryo don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Jizzax don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Samarqand don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Navoiy don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Buxoro don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Qashqadaryo don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Surxondaryo don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Xorazm don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Andijon don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Namangan don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Farg‘ona don mahsulotlari hududiy ishlab chiqarish birlashmasi;
Loyihalashtirish-sanoat-qurilish birlashmasi;
“Toshkentnonsanoat” ishlab chiqarish birlashmasi;
Toshkent non-bulka-qandolatchilik kombinati;
Ishlab chiqarish-texnologik butlash birlashmasi;
Respublika axborot-hisoblash va joriy qilish markazi;
Don mahsulotlarini muhofaza qilish respublika ekspeditsiyasi;
Qo‘qon ijara non kombinati;
Don mahsulotlari respublika nazorat-ishlab chiqarish laboratoriyasi;
Omixta ozuqa sanoati respublika nazorat-ishlab chiqarish laboratoriyasi;
Toshkent texnologiya texnikumi;
Rahbar xodimlar, mutaxassislar va ishchi Kadrlar malakasini oshirish kurslari.