|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 28.12.2024
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
TELEKOMMUNIKATSIYALAR TOʻGʻRISIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekistan Respublikasining 2024-yil 27-dekabrdagi OʻRQ-1015-sonli “Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi telekommunikatsiyalarni yaratish, ishlatish va rivojlantirish sohasidagi ijtimoiy munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
2-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
telekommunikatsiyalar — signallar, belgilar, matnlar, tasvirlar, tovushlar yoki axborotning boshqa turlarini oʻtkazgichli, radio, optik yoki boshqa elektrmagnit tizimlaridan foydalangan holda uzatish, qabul qilish, qayta ishlash;
telekommunikatsiyalar tarmogʻi — uzatishlarning bir yoki bir necha turini: telefon, telegraf, faksimil turlarini, maʼlumotlar uzatish va hujjatli xabarlarning boshqa turlarini, televizion va radioeshittirish dasturlarini translyatsiya qilishni taʼminlovchi telekommunikatsiya vositalarining majmui;
telekommunikatsiya vositalari — elektrmagnit yoki optik signallarni hosil qilish, uzatish, qabul qilish, qayta ishlash, kommutatsiya qilish hamda ularni boshqarish imkonini beruvchi texnik qurilmalar, asbob-uskunalar, inshootlar va tizimlar;
telekommunikatsiya inshootlari — telekommunikatsiya tarmoqlari va vositalarining ishlashi hamda ulardan foydalanishni taʼminlovchi binolar, qurilmalar, telekommunikatsiya liniyalari, moslamalar, tayanchlar, machtalar va boshqa inshootlar;
oxirgi (terminal) asbob-uskunalar — telekommunikatsiyalar tarmoqlari bilan oʻzaro bogʻlanadigan, telekommunikatsiyalar tarmoqlari orqali uzatiladigan yoki qabul qilinadigan signallarni hosil qilish, oʻzgartirish, qayta ishlash uchun moʻljallangan telekommunikatsiyalar xizmatlaridan foydalanuvchilarning texnik vositalari;
(2-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-314-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 52-son, 557-modda)
tarmoqlararo ulanishlar — telekommunikatsiya tarmoqlarining oʻzaro texnologik hamkorligi boʻlib, u turli telekommunikatsiyalar operatorlarining foydalanuvchilar oʻrtasida axborotni uzatish va qabul qilishni taʼminlaydi;
telekommunikatsiya operatori (bundan buyon matnda operator deb yuritiladi) — mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquq asosida telekommunikatsiyalar tarmogʻiga ega boʻlgan, uning ishlashi, rivojlanishini taʼminlovchi va telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
telekommunikatsiya xizmatlari provayderi (bundan buyon matnda provayder deb yuritiladi) — foydalanuvchilarga operatorlar tarmogʻi orqali tijorat asosida telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatuvchi yuridik shaxs;
(2-moddaning sakkizinchi va toʻqqizinchi xatboshilari Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 22-sentabrdagi OʻRQ-7-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 279-modda)
telekommunikatsiyalar xizmatlari — operator va provayderning signallar hamda boshqa axborot turlarini telekommunikatsiya tarmoqlari orqali qabul qilish, uzatish, qayta ishlashga doir faoliyati mahsuli;
raqamlash tizimi — operatorlar, provayderlar va foydalanuvchilarning oxirgi (terminal) asbob-uskunalari oʻrtasida raqamlarni taqsimlash va ularga raqam (raqamlar yoki belgilar kombinatsiyasini) berish tartibi;
raqamlash rejasi — operatorlar, provayderlar va foydalanuvchilarning oxirgi (terminal) asbob-uskunalari oʻrtasidagi aniq raqamlarning berilishi;
telekommunikatsiyalar xizmatlaridan foydalanuvchi (bundan buyon matnda foydalanuvchi deb yuritiladi) — telekommunikatsiyalar xizmatlarining isteʼmolchisi hisoblangan yuridik yoki jismoniy shaxs;
universal xizmatlar — umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlari orqali barcha foydalanuvchilarga koʻrsatiladigan belgilangan sifatdagi majburiy xizmatlar toʻplami (foydalanuvchilarning bu tarmoqdan foydalanishini taʼminlash, mahalliy, shaharlararo va xalqaro telefon soʻzlashuvlari, telegrammalar joʻnatish va boshqalar).
domen nomi — axborot resursiga yoki axborot tizimiga berilgan, ularni Internet jahon axborot tarmogʻida identifikatsiyalash uchun xizmat qiladigan noyob nom;
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-314-sonli Qonuniga asosan oʻn beshinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 52-son, 557-modda)
domen nomlari tizimi — Internet jahon axborot tarmogʻida domen nomlarini berish, roʻyxatdan oʻtkazish va ulardan foydalanish tartibi;
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-314-sonli Qonuniga asosan oʻn oltinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 52-son, 557-modda)
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini attestatsiyadan oʻtkazish — telekommunikatsiyalar tarmoqlari himoyalanganlik holatining axborot xavfsizligi sohasidagi milliy standartlar va normativ-huquqiy hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlashga qaratilgan tashkiliy-texnik tadbirlar majmui.
(2-moddaning oʻn yettinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 3-noyabrdagi OʻRQ-800-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son — 2023-yil 5-noyabrdan kuchga kiradi)
3-modda. Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisidagi qonunchilik
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonundan va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlarining mudofaa, milliy xavfsizlik va huquq-tartibot organlari ehtiyojlari uchun ishlashi bilan bogʻliq munosabatlar alohida qonunchilik bilan tartibga solinadi.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining telekommunikatsiyalar toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(3-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
4-modda. Telekommunikatsiya tarmoqlariga doir mulkchilik
Oʻzbekiston Respublikasida telekommunikatsiya tarmoqlari ommaviy yoki xususiy mulkda boʻlishi mumkin.
Telekommunikatsiya tarmoqlarining barcha mulkdorlari teng huquqlarga ega va qonunda kafolatlangan teng himoyadan foydalanadilar.
5-modda. Telekommunikatsiya tarmoqlarining yerlari
Telekommunikatsiya inshootlari va obyektlaridan foydalanish, ularni saqlash, qurish, qayta qurish, taʼmirlash boʻyicha oʻz zimmasiga yuklatilgan vazifalarni bajarish uchun operatorlarga va provayderlarga berilgan yerlar telekommunikatsiya tarmoqlarining yerlari jumlasiga kiradi. Telekommunikatsiya tarmoqlarining yerlari aloqa maqsadlariga moʻljallangan yerlar tarkibiga kiradi.
(5-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2022-yil 6-iyundagi OʻRQ-775-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 07.06.2022-y., 03/22/775/0477-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining Yer kodeksining VIII bobi.
Telekommunikatsiyalar faoliyatini taʼminlash uchun yerlar qonunchilikda belgilangan tartibda beriladi.
(5-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 70-moddasi.
Telekommunikatsiyalarning kabel, radiorele va havo tarmoqlaridan foydalanishni taʼminlash maqsadida muhofaza tegralari belgilanadi.
Muhofaza tegralarini oʻrnatish tartibi, ularning oʻlchamlari, mazkur maqsadlar uchun ajratilgan yerlardan foydalanish rejimi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-maydagi 210-con qarori bilan tasdiqlangan Telekommunikatsiya liniyalari va inshootlarini muhofaza qilish qoidalari.
6-modda. Telekommunikatsiya tarmoqlari
Telekommunikatsiya tarmoqlari belgilangan maqsadiga koʻra umumiy foydalanishdagi, idoraviy va ajratilgan telekommunikatsiyalar tarmoqlariga boʻlinadi.
Telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatishning yagona prinsiplari, ularni taqdim etish va haq toʻlashning tartibi asosida Oʻzbekiston Respublikasi hududidagi barcha yuridik va jismoniy shaxslarga telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish uchun moʻljallangan telekommunikatsiyalar tarmogʻi umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlariga kiradi. Umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmogʻida telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatish qoidalari telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlangan Telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish qoidalari (roʻyxat raqami 3275, 30.06.2020-y.), “Oʻzbekiston Respublikasi televideniye va radioeshittirish dasturlarini uzatish hamda tarqatish xizmatlarini koʻrsatish toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1409, 15.09.2004-y.) va “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli televideniye xizmatlarini koʻrsatish” Qoidalari (roʻyxat raqami 2794, 07.06.2016-y.).
Yuridik va jismoniy shaxslarning ishlab chiqarish va maxsus ehtiyojlari uchun moʻljallangan, ularning ixtiyorida boʻlgan va ular tomonidan foydalaniladigan telekommunikatsiyalar tarmoqlari idoraviy telekommunikatsiyalar tarmoqlariga kiradi. Idoraviy telekommunikatsiya tarmoqlari boshqa foydalanuvchilarga telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish uchun ham ishlatilishi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
(6-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 22-sentabrdagi OʻRQ-7-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 279-modda)
Idoraviy va ajratilgan telekommunikatsiya tarmoqlarining operatorlari tomonidan xizmatlar koʻrsatish qoidalari ushbu telekommunikatsiyalarning operatorlari yoki provayderlari tomonidan qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
(6-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2020-yil 30-iyundagi 208-mh-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish qoidalari.
7-modda. Telekommunikatsiyalar sohasida davlat tomonidan tartibga solish va boshqarish
Telekommunikatsiyalar sohasida davlat tomonidan tartibga solish litsenziyalash, sertifikatlash, soliq solish, yagona ilmiy-texnika siyosatini shakllantirish yoʻli bilan, shuningdek qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa vositalar orqali amalga oshiriladi.
(7-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-maydagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi toʻgʻrisidagi nizom.
Telekommunikatsiyalar sohasida davlat tomonidan boshqaruv telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
8-modda. Telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ
Telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ:
telekommunikatsiyalar sohasida davlat siyosatini yuritadi;
telekommunikatsiyalarni rivojlantirish milliy dasturlarini ishlab chiqadi;
telekommunikatsiyalar sohasida standartlar, normalar va qoidalarni ishlab chiqadi;
Oldingi tahrirga qarang.
(8-moddaning birinchi qismi beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 22-sentabrdagi OʻRQ-7-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 279-modda)
telekommunikatsiyalar xizmatlarining ayrim turlari, shuningdek tarmoqlararo ulanishlar tariflarini tartibga soladi;
operatorlar va provayderlarning faoliyat koʻrsatishi uchun teng sharoitlar yaratilishiga koʻmaklashadi;
telekommunikatsiyalar texnik vositalarining sertifikatlanishiga doir ishlarni tashkil etadi;
telekommunikatsiya xizmatlari bozorini shakllantirish va rivojlantirishga koʻmaklashadi;
operatorlar va provayderlarning telekommunikatsiyalar tarmoqlarining axborot xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
foydalanuvchilarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qiladi, operatorlar, provayderlar va foydalanuvchilar oʻrtasidagi oʻzaro munosabatlar masalalarini koʻrib chiqadi;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash tizimini ishlab chiqadi va raqamlash rejasini boshqarishni amalga oshiradi;
Internet jahon axborot tarmogʻi milliy segmentining manzil makonidan foydalanish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi, domen nomlari tizimini belgilaydi;
(8-moddaning birinchi qismi oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-314-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 52-son, 557-modda)
telekommunikatsiyalar toʻgʻrisidagi qonunchilikka rioya etilishini taʼminlaydi;
(8-modda birinchi qismining oʻn toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
davlat boshqaruvi organlari, operatorlar va provayderlarning telekommunikatsiyalar tarmoqlari va xizmatlarini rivojlantirish masalalariga doir faoliyatini muvofiqlashtiradi;
kadrlarni oʻqitish va malakasini oshirishni tashkil etadi;
telekommunikatsiyalar sohasida xalqaro hamkorlikni amalga oshiradi;
davlat boshqaruvi sohasida zamonaviy telekommunikatsiyalar tarmoqlarini joriy etish, rivojlantirish va ulardan foydalanish, axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslarga interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatish tizimini shakllantirish masalalari boʻyicha takliflar hamda tavsiyalar ishlab chiqadi;
(8-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-314-sonli Qonuniga asosan oʻn sakkizinchi xatboshi bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2011-y., 52-son, 557-modda)
qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.
(8-modda birinchi qismining oʻn toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Shuningdek, qarang: Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 1-maydagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi toʻgʻrisida nizom”
Telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organning oʻz vakolati doirasida qabul qilgan normativ hujjatlari barcha yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan bajarilishi majburiydir.
81-modda. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining, mahalliy davlat hokimiyati organlarining telekommunikatsiyalar sohasidagi majburiyatlari
Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari, mahalliy davlat hokimiyati organlari axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan foydalangan holda yuridik va jismoniy shaxslarga interaktiv davlat xizmatlari koʻrsatish maqsadida umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiyalar tarmoqlarining samarali ishlashi hamda rivojlantirilishi uchun shart-sharoitlar yaratishi shart.
(81-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-314-sonli Qonuniga asosan kiritilgan — OʻR QHT, 2011-y., 52-son, 557-modda)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonuni.
9-modda. Telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni litsenziyalash
Oldingi tahrirga qarang.
Yuridik shaxslarning telekommunikatsiyalar sohasidagi ayrim faoliyat turlari maxsus ruxsatnomalar (litsenziyalar) asosida amalga oshiriladi.
(9-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 22-sentabrdagi OʻRQ-7-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 279-modda)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
Quyidagilar litsenziyalanishi shart:
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini loyihalashtirish;
telekommunikatsiyalar tarmoqlarini qurish;
telekommunikatsiyalar tarmoqlaridan foydalanish;
telekommunikatsiyalar tarmoqlariga xizmat koʻrsatish.
(9-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 30-apreldagi OʻRQ-352-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 18-son, 233-modda)
Umumiy foydalanish punktlari, shu jumladan qishloq joylardagi kichik tadbirkorlik subyektlarining umumiy foydalanish punktlari tomonidan maʼlumotlarni uzatish tarmoqlari xizmatlarini koʻrsatishga, qishloq joylardagi kichik tadbirkorlik subyektlari tomonidan mahalliy, shaharlararo va xalqaro telekommunikatsiyalar tarmoqlari xizmatlarini koʻrsatishga doir faoliyat uchun litsenziya talab etilmaydi.
(9-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuniga asosan uchinchi qism bilan toʻldirilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
Telekommunikatsiyalar sohasida muayyan faoliyat turini amalga oshirish uchun beriladigan litsenziyalar namunaviy yoki yakka tartibda boʻlishi mumkin.
Yuridik shaxslarga telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun yagona talablar va shartlar asosida beriladigan litsenziyalar namunaviy litsenziyalar hisoblanadi.
Yuridik shaxslarga telekommunikatsiyalar sohasidagi faoliyatni amalga oshirish uchun alohida talablar va shartlar asosida beriladigan litsenziyalar yakka tartibdagi litsenziyalar hisoblanadi.
(9-moddaning toʻrtinchi va beshinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 22-sentabrdagi OʻRQ-7-sonli Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 279-modda)
Litsenziyalarni berish tartibi va shartlari, ularning amal qilish muddatlari, amal qilishini toʻxtatish yoki tugatish tartibi va shartlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Telekommunikatsiyalar sohasidagi ayrim faoliyat turlari uchun litsenziyalar berish tanlov (tender) asosida amalga oshirilishi mumkin. Tanlovlar (tenderlar)ni oʻtkazish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 20-dekabrdagi 592-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Radiochastotalarni tanlov yoʻli bilan taqsimlash va teleradioeshittirish sohasida faoliyatni amalga oshirish huquqiga yakka tartibdagi litsenziyalar berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom.
Litsenziyalarning egalari qonunchilikni buzganlari taqdirda litsenziyalar toʻxtatilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
(9-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
10-modda. Telekommunikatsiyalar sohasida sertifikatlash
Telekommunikatsiyalarning texnik vositalari, shu jumladan Oʻzbekiston Respublikasidagi telekommunikatsiya tarmoqlarida foydalaniladigan oxirgi (terminal) asbob-uskunalar belgilangan standartlarga, texnik shartlarga va qonunchilikka binoan boshqa normalarga muvofiqligi yuzasidan sertifikatlanishi lozim.
(10-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
101-modda. Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini attestatsiyadan oʻtkazish
Davlat sirlari yoki maxfiy axborotni oʻz ichiga olgan axborotni qayta ishlash uchun moʻljallangan telekommunikatsiyalar tarmoqlari majburiy attestatsiyadan oʻtkazilishi kerak.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan telekommunikatsiyalar tarmoqlarini attestatsiyadan oʻtkazish ixtiyoriy tusga ega boʻladi.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini attestatsiyadan oʻtkazish qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(101-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi milliy xavfsizlik xizmati raisining 2014-yil 12-maydagi 46-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Axborotlashtirish obyektlarini attestatsiyadan oʻtkazuvchi organlar faoliyati ustidan va attestatsiyadan oʻtkazilgan axborotlashtirish obyektlarida axborot xavfsizligi talablari bajarilishining nazoratini amalga oshirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
11-modda. Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash tizimi va rejasi, domen nomlari tizimi
Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash tizimi va rejasi, shuningdek Internet jahon axborot tarmogʻi milliy segmenti domen nomlarining tizimi telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash resurslarini va domen nomlarini hisobga olish, tizimlashtirish va ulardan foydalanishni nazorat qilish telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan amalga oshiriladi.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash resurslaridan operatorlar va provayderlarning, shuningdek domen nomlaridan yuridik va jismoniy shaxslarning foydalanishi pullidir.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlarini raqamlash resurslaridan va domen nomlaridan foydalanganlik uchun toʻlovlarning miqdorlari hamda ularni toʻlash tartibi, shuningdek ularga doir imtiyozlar qonunchilik bilan belgilanadi.
(11-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi Bosh direktorining 2008-yil 26-maydagi 155-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan “UZ” domenidagi domen nomlarini roʻyxatdan oʻtkazish va ulardan foydalanish tartibi toʻgʻrisidagi nizom.
12-modda. Telekommunikatsiyalar sohasida raqobatni rivojlantirish
(12-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2012-yil 29-dekabrdagi OʻRQ-345-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 1-son, 1-modda)
Telekommunikatsiyalar sohasida investitsiya faoliyatini amalga oshiruvchi operatorlar, provayderlar, yuridik va jismoniy shaxslar, shuningdek asbob-uskunalarni tayyorlovchilar va yetkazib beruvchilar telekommunikatsiya tarmoqlarini hamda xizmatlar bozorini tashkil etish va rivojlantirishda qatnashishning teng imkonini qoʻlga kiritadilar.
Telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ monopoliyaga qarshi davlat organi bilan birgalikda telekommunikatsiyalar sohasida raqobatni rivojlantirishga koʻmaklashadi, insofsiz raqobat va raqobatni cheklash hollariga barham berish yuzasidan qonunchilikda belgilangan chora-tadbirlarni koʻradi.
(12-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Insofsiz raqobat, foydalanuvchilarning manfaatlarini kamsitish, raqobatga toʻsiq boʻluvchi yoki uni cheklovchi boshqa biror-bir xatti-harakatlarga yoʻl qoʻyganlik uchun operatorlar va provayderlar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(12-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Raqobat toʻgʻrisida”gi Qonunining 5-bobi (“Raqobat toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish”), Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 178-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 183-moddasi.
Oldingi tahrirga qarang.
(13-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 12-oktabrdagi OʻRQ-721-sonli Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son)
14-modda. Telekommunikatsiya xizmatlariga doir tariflar
Telekommunikatsiya xizmatlariga doir tariflar bunday xizmatni koʻrsatish uchun ketgan xarajatlarni hisobga olgan holda shartnoma asosida qonunchilikka muvofiq belgilanadi.
(14-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2022-yil 19-fevraldagi 221-mh-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Universal telekommunikatsiya xizmatlari va telekommunikatsiya xizmatlarining ayrim turlari uchun tariflarni (narxlarni) shakllantirish va tartibga solish toʻgʻrisidagi nizom.
Telekommunikatsiyalarning universal xizmatlari uchun tariflar foydalanuvchilarning manfaatlarini hisobga olgan holda, qonunchilikda belgilangan tartibda telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan tartibga solib turiladi.
(14-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Favqulodda tezkor xizmatlarni (yongʻinga qarshi, ichki ishlar organlari, tez tibbiy yordam, gaz tarmogʻining avariya xizmati va boshqa xizmatlarni) chaqirish barcha foydalanuvchilar tomonidan bepul amalga oshiriladi. Favqulodda tezkor xizmatlarning roʻyxati qonunchilik bilan belgilanadi.
(14-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining buyrugʻi bilan tasdiqlangan Telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish qoidalarning (roʻyxat raqami 3275, 30.06.2020-yil) 40-moddasi.
15-modda. Telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatiladigan telefon soʻzlashuvlari, telegraf va boshqa xabarlarning sir tutilishi
Telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatiladigan telefon soʻzlashuvlari, telegraf va boshqa xabarlarning sir tutilishini buzishga hech kimning haqqi yoʻq. Barcha operatorlar va provayderlar ushbu soʻzlashuvlar va xabarlarning sir tutilishiga rioya etilishini taʼminlashlari shart.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlari orqali uzatilayotgan xabarlar toʻgʻrisidagi maʼlumot, shuningdek xabarlarning oʻzi faqat bunday xabarlarni joʻnatuvchilar va ularni oluvchilarga yoki ularning qonuniy vakillariga berilishi mumkin.
Telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatiladigan telefon soʻzlashuvlarini eshitishga, xabarlar bilan tanishishga, ular toʻgʻrisida maʼlumotlar olishga, shuningdek soʻzlashuvlar va xabarlarning sir tutilishini boshqacha cheklashlarga faqat qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda yoʻl qoʻyiladi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 21-bobi.
Ushbu modda qoidalarining buzilishiga yoʻl qoʻygan mansabdor va boshqa shaxslar qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladilar.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 143-moddasi.
16-modda. Telekommunikatsiyalar tarmoqlari va vositalarini rivojlantirish hamda qayta qurish
Telekommunikatsiya tarmoqlari va vositalarini rivojlantirish hamda qayta qurish ularning egalari tomonidan oʻz mablagʻlari, manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslarning mablagʻlari hamda qonunchilik bilan taʼqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
(16-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Umumdavlat vazifalarini hal qilishga moʻljallangan telekommunikatsiyalar tarmoqlari va vositalarini rivojlantirish hamda qayta qurish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan va qonunchilikda belgilangan tartibda moliyalashtiriladigan rivojlantirish milliy dasturlari asosida amalga oshiriladi.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi PQ-357-son “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori.
Telekommunikatsiyalar tarmoqlari va vositalarini rivojlantirish hamda qayta qurish loyihalarini amalga oshirishda qatnashuvchi yuridik shaxslarga qonunchilikda belgilangan tartibda soliqqa oid va boshqa imtiyozlar berilishi mumkin.
(16-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Shaharlar, shaharchalar va boshqa aholi punktlari, turar-joy rayonlari va majmualari, alohida binolar va inshootlarni loyihalash hamda rivojlantirish paytida mahalliy davlat hokimiyati organlari belgilangan normativlarga muvofiq telekommunikatsiya vositalarini joylashtirish uchun binolar yoki alohida xonalar qurishni nazarda tutishlari kerak.
Yuridik shaxslar binolar va telekommunikatsiya inshootlarini shu maqsad uchun berilgan yer uchastkalarida belgilangan tartibda barpo etishga, shuningdek binolar va inshootlarning tomlariga (tayanchlar, koʻpriklar, kollektorlar, yer osti yoʻllari va boshqa inshootlarga) ushbu yer uchastkalari, binolar va inshootlarning mulkdorlari (egalari, ijarachilari) bilan kelishilgan holda telekommunikatsiyalar vositalarini oʻrnatish va xizmat koʻrsatishga haqlidirlar.
(16-moddaning beshinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-314-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 52-son, 557-modda)
Aholi punktlari va ayrim binolar, yoʻllar, koʻpriklar va boshqa obyektlarni yangidan qurish, kengaytirish, qayta qurish, yangi yerlarni oʻzlashtirish, melioratsiya tizimlarini oʻzgartirish, foydali qazilmalarni qazib olish tufayli telekommunikatsiya vositalarini koʻchirish yoki qayta qurish qurilishning buyurtmachisi tomonidan oʻz mablagʻlari hisobiga operatorlar va provayderlarning texnik shartlari boʻyicha amalga oshiriladi.
Telekommunikatsiyalarning mavze ichkarisidagi tarmoqlari va inshootlari qurilishning buyurtmachilari tomonidan loyihalashtiriladi va barpo etiladi.
17-modda. Tarmoqlararo ulanishlar
Tarmoqlararo ulanishlar telekommunikatsiya turli tarmoqlarining foydalanuvchilari oʻrtasida axborot uzatish va qabul qilish uchun amalga oshiriladi.
Operatorlar va provayderlar oʻz tarmoqlariga boshqa operatorlar va provayderlarning teng huquqli asosda kira olishlarini taʼminlashlari shart.
Operatorlar va provayderlar tarmoqlararo ulanishlarni telekommunikatsiyalar sohasidagi normalar va qoidalarga muvofiq qabul qilinadigan, ulayotgan telekommunikatsiyalar tarmogʻi operatorining texnik shartlariga koʻra taʼminlashi kerak.
(17-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2011-yil 30-dekabrdagi OʻRQ-314-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2011-y., 52-son, 557-modda)
Tarmoqlararo ulanishlar tegishli telekommunikatsiya tarmoqlarining operatorlari va provayderlari oʻrtasida shartnomalar asosida amalga oshiriladi.
Telekommunikatsiya tarmoqlarini ulash, operatorlar tomonidan oʻzaro xizmat koʻrsatish va ular oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish tartibi va shartlari telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ tomonidan tasdiqlanadi.
Qarang. “Telekommunikatsiya tarmoqlarini umumiy foydalaniladigan telekommunikatsiya tarmoqlariga qoʻshish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 377 12.12.1997-y.), “Umumiy foydalaniladigan telekommunikatsiya tarmoqlari operatorlarining tashkiliy-texnik oʻzaro munosabatlari tartibi toʻgʻrisida”gi Vaqtinchalik nizom (roʻyxat raqami 378 15.12.1997-y.),Umumiy foydalanish telekommunikatsiya tarmogʻi operatorlari oʻrtasida birgalikda koʻrsatilgan xizmatlar va tarmoq resurslari uchun oʻzaro hisob-kitob yuritishning Asosiy qoidalari (roʻyxat raqami 863 04.01.2000-y.), “Maʼlumotlarni uzatish tarmoqlarida internet-provayderlarning tarmoqlararo oʻzaro hamkorligini tartibga solish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1423 18.11.2004-y.) va “Oʻzbekiston Respublikasida raqamli televideniye xizmatlarini koʻrsatish” Qoidalari (roʻyxat raqami 2794, 07.06.2016-y.).
18-modda. Operatorlar va provayderlarning tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar bilan oʻzaro munosabatlari
Oʻzbekiston Respublikasi hududida ish koʻrayotgan operatorlar va provayderlar tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar telekommunikatsiya tarmoqlarida tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazishi uchun foydalaniladigan asbob-uskunalarni oʻz mablagʻlari hisobidan oʻrnatishlari va ularning ishlashini taʼminlashlari, shuningdek ushbu tadbirlarni oʻtkazishning tashkiliy va taktik usullari oshkor etilishiga yoʻl qoʻymaslik chora-tadbirlarini koʻrishlari shart.
Telekommunikatsiya tarmoqlarida tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish uchun ishlatiladigan texnik vositalar va asbob-uskunalarning miqdori va tarkibini operatorlar va provayderlar tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshiruvchi organlar bilan kelishib oladilar.
Telekommunikatsiya tarmoqlari yoki vositalaridan shaxs, jamiyat va davlat manfaatlariga zarar keltiruvchi jinoiy maqsadlarda foydalanilgan taqdirda bunday telekommunikatsiya tarmoqlari va vositalarining faoliyat koʻrsatishi toʻxtatiladi.
19-modda. Favqulodda holatlarda telekommunikatsiyalar tarmoqlarini boshqarish
Favqulodda holatlarda (harbiy harakatlar, zilzilalar, suv toshqinlari, yongʻinlar, epidemiyalar va boshqalar) telekommunikatsiyalar sohasidagi maxsus vakolatli organ telekommunikatsiyalar tarmoqlari va vositalaridan ustuvor foydalanish hamda ularni markazlashgan holda boshqarish, shuningdek ularning ishlashini cheklash yoki toʻxtatib qoʻyish huquqiga ega.
Qarang. “Favqulodda vaziyatlarda aholini xabarlash uchun telekommunikatsiya tarmoqlaridan foydalanish tartibi haqida”gi Nizom (roʻyxat raqami 1211 28.01.2003-y.), Favqulodda holatlarda Oʻzbekiston telekommunikatsiyalar tarmoqlari va resurslarini markazlashgan holda boshqarishning Umumiy qoidalari (roʻyxat raqami 1742, 27.11.2007-y.) va Favqulodda holatlarda telekommunikatsiyalar tarmoqlari va vositalaridan ustuvor foydalanish, ulardan foydalanishni toʻxtatib qoʻyish yoki cheklash tartibi toʻgʻrisidagi Nizom (roʻyxat raqami 1743, 27.11.2007-y.).
(19-modda birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2007-yil 5-sentabrdagi OʻRQ-107-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2007-y., 35-36-son, 353-modda)
Operatorlar va provayderlar aholini favqulodda holatlar xavfidan xabardor qilishni tashkil etish uchun zarur boʻlgan vositalar oʻrnatilishini va ulardan foydalanishni taʼminlashlari shart.
Favqulodda holatlarda telekommunikatsiya tarmoqlari va vositalaridan foydalanish paytida operatorlar va provayderlar koʻrgan zararlar davlat budjeti hisobidan qoplanadi.
Operatorlar va provayderlar odamlarning dengizdagi, yerdagi, havodagi, kosmik fazodagi xavfsizligiga, mudofaa, xavfsizlik va huquq-tartibotni saqlash sohasidagi kechiktirib boʻlmaydigan tadbirlar oʻtkazishga taalluqli barcha xabarlarga, shuningdek yirik avariyalar, falokatlar, epidemiyalar va boshqa favqulodda holatlar haqidagi xabarlarga mutlaq ustuvorlik berishlari lozim.
20-modda. Telekommunikatsiya tarmoqlarida roʻy bergan hodisalar oqibatlarini bartaraf etish
Telekommunikatsiya tarmoqlarida roʻy bergan hodisalar (avariyalar, shikastlanishlar) oqibatlarini bartaraf etish ushbu tarmoqlarning operatorlari tomonidan amalga oshiriladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari operatorlarga telekommunikatsiya tarmoqlarida roʻy bergan hodisalar oqibatlarini bartaraf etishda koʻmaklashadilar.
Telekommunikatsiya tarmoqlarida roʻy bergan hodisalarning oqibatlarini bartaraf etish ishlarini bajarish telekommunikatsiya vositalari joylashgan yer uchastkasi, bino yoki inshoot mulkdori (egasi, ijarachisi)ning roziligi olinishini talab etmaydi. Hodisalar oqibatlarini bartaraf etish natijasida mulkdorga (egasiga, ijarachiga) yetkazilgan zararlar tegishli operator tomonidan qoplanishi kerak.
Telekommunikatsiya tarmoqlarida yuridik va jismoniy shaxslarning aybi bilan roʻy bergan hodisalar natijasida operatorlar va provayderlarga yetkazilgan zararlar ushbu shaxslar tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda qoplanadi.
(20-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57 bobi.
21-modda. Operatorlar va provayderlarning huquqlari
Operatorlar va provayderlar quyidagi huquqlarga ega:
foydalanuvchilarga xizmatlar koʻrsatish;
foydalanuvchilar telekommunikatsiyalardan foydalanishning belgilangan qoidalarini buzgan taqdirda ularga xizmat koʻrsatishni toʻxtatish;
yuridik va jismoniy shaxslarning aybi bilan yuzaga kelgan zararlarni qoplattirish;
yuridik va jismoniy shaxslarning noqonuniy xatti-harakatlari ustidan qonunchilikka muvofiq shikoyat qilish.
(21-modda birinchi qismining beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 40 va 55-moddalari.
Operatorlar va provayderlar qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(21-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
22-modda. Operatorlar va provayderlarning majburiyatlari
Operatorlar va provayderlar quyidagilarga majburdir:
telekommunikatsiya sohasidagi faoliyatni litsenziyadagi shartlarga va belgilangan qoidalarga muvofiq amalga oshirish;
koʻrsatilayotgan xizmatlar sifati belgilangan standartlar, qoidalar va normalarga muvofiq boʻlishini taʼminlash;
telekommunikatsiya tarmoqlari orqali uzatiladigan telefon soʻzlashuvlari, telegraf va boshqa xabarlar sir tutilishiga rioya qilish;
xizmatlar koʻrsatish shartlari va tartibi toʻgʻrisidagi, shu jumladan telekommunikatsiya xizmatlari tariflarining oʻzgarganligi toʻgʻrisidagi batafsil axborotni foydalanuvchilarga oʻz vaqtida taqdim etish;
telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatish toʻgʻrisidagi shartnomalarning bajarilmaganligi yoki lozim darajada bajarilmaganligi uchun, shuningdek xizmatlar koʻrsatmaganlik yoki lozim darajada sifatli xizmatlar koʻrsatmaganlik oqibatida foydalanuvchilarga yetkazilgan zararlarni qonunchilikka muvofiq qoplash.
(22-modda birinchi qismining oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14 va 985-moddalari.
Operatorlar va provayderlar zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(22-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
23-modda. Foydalanuvchilarning huquqlari
Foydalanuvchilar quyidagi huquqlarga ega:
umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlari xizmatlaridan foydalanish;
umumiy foydalanishdagi telekommunikatsiya tarmoqlariga oʻzining oxirgi (terminal) asbob-uskunalarini qonunchilikda belgilangan shartlarda va tartibda ulash;
(23-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
operatorlar va provayderlar tomonidan belgilangan qoidalarga muvofiq oʻz vaqtida va sifatli xizmat koʻrsatilishidan foydalanish;
operator va provayder shartnomada kelishilgan shartlarni buzgan taqdirda telekommunikatsiya xizmatlarini rad etish;
telekommunikatsiya xizmatlari koʻrsatmaganlik yoki lozim darajada sifatli xizmat koʻrsatmaganlik natijasida yetkazilgan zararlarni toʻlattirish, maʼnaviy ziyonni qoplatish;
oʻz huquqlari buzilgan taqdirda vakolatli davlat organlariga yoki sudga murojaat qilish.
Foydalanuvchilar qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
24-modda. Foydalanuvchilarning majburiyatlari
Foydalanuvchilar quyidagilarga majburdirlar:
telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanishning belgilangan qoidalariga rioya etish;
belgilangan standartlarga muvofiq sertifikatga ega boʻlgan oxirgi (terminal) asbob-uskunalardan foydalanish;
oʻzlariga koʻrsatilgan xizmatlar uchun haqni oʻz vaqtida toʻlash;
ish sifatini pasaytirishga yoki telekommunikatsiya tarmoqlarini shikastlantirishga qaratilgan xatti-harakatlar qilmaslik.
Foydalanuvchilar zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(24-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
25-modda. Telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish chogʻidagi imtiyozlar va ustunliklar
Qonunchilikda fuqarolarning ayrim toifalariga telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish borasida imtiyozlar belgilanishi mumkin.
Fuqarolarning ayrim toifalariga telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish borasida belgilangan imtiyozlar berilishi munosabati bilan operator va provayderlarning mablagʻlarini qoplash qonunchilikda belgilanadigan tartibda amalga oshiriladi.
(25-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2020-yil 30-iyundagi 208-mh-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish qoidalari.
Davlat organlari mansabdor shaxslarining ayrim toifalariga, xorijiy davlatlar diplomatik va konsullik vakillariga, xalqaro tashkilotlarning vakillariga, shuningdek fuqarolarning ayrim toifalariga telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish chogʻida navbatda turish va foydalanish masalasida ustunliklar belgilanishi mumkin.
Telekommunikatsiya xizmatlaridan foydalanish chogʻida ustunliklar beriladigan mansabdor shaxslar, tashkilotlar va fuqarolar toifalarining roʻyxati hamda telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirining 2020-yil 30-iyundagi 208-mh-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan Telekommunikatsiya xizmatlarini koʻrsatish qoidalari.
26-modda. Telekommunikatsiya vositalarini qoʻriqlash
Telekommunikatsiya vositalarini qoʻriqlash tartibi qonunchilik bilan belgilanadi.
Qarang. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 15-maydagi 210-sonli “Telekommunikatsiya liniyalari va inshootlarini muhofaza qilish qoidalarini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qarori.
Telekommunikatsiya vositalariga shikast yetkazilishiga, ularga ruxsatsiz ulanishga yoʻl qoʻygan yuridik va jismoniy shaxslar qonunchilikda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(26-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 152, 153, 154 va 156-moddalari.
27-modda. Nizolarni hal etish
Operatorlar, provayderlar va foydalanuvchilar oʻrtasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(27-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
28-modda. Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Telekommunikatsiyalar toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunda belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
(28-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 152, 153, 154 va 156-moddalari va Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 143-moddasi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1999-yil 20-avgust,
822-I-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1999-y., 9-son, 219-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2004-y., 37-son, 408-modda; 2005-y., 37-38-son, 279-modda; 2006-y., 14-son, 113-modda; 2007-y., 35-36-son, 353-modda; 2011-y., 52-son, 557-modda; 2013-y., 1-son, 1-modda, 18-son, 233-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 24.05.2019-y., 03/19/542/3177-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son, 12.10.2021-y., 03/21/721/0952-son, 07.06.2022-y., 03/22/775/0477-son; 04.11.2022-y., 03/22/800/0990-son)