Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
O‘zbekiston Respublikasining qonuni
FERMER XO‘JALIGI TO‘G‘RISIDA
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonunning yangi tahriri O‘zbekiston Respublikasining 2004-yil 26-avgustdagi “Fermer xo‘jaligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
Ushbu Qonun fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, ularning faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishining huquqiy asoslarini, huquq va majburiyatlarini belgilaydi, boshqa yuridik va jismoniy shaxslar bilan munosabatlarini tartibga soladi.
1-BOB. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Fermer xo‘jaligi
Fermer xo‘jaligi o‘ziga uzoq muddatli ijaraga berilgan yer uchastkalaridan foydalangan holda tovar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaligi a’zolarining birgalikdagi faoliyatiga asoslangan, yuridik shaxs huquqlariga ega mustaqil xo‘jalik yurituvchi subyektdir.
2-modda. Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlari
Fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, ularning faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi bilan bog‘liq munosabatlar ushbu Qonun hamda boshqa qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
Agar O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasining qonun hujjatlarida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan bo‘lsa, xalqaro shartnoma qoidalari qo‘llaniladi.
3-modda. Fermer xo‘jaligining a’zolari
Fermer xo‘jaligi a’zolari jumlasiga fermer xo‘jaligini birgalikda yuritayotgan, bu xo‘jalikdagi ish o‘zining asosiy mehnat faoliyati joyi bo‘lgan fermer xo‘jaligining boshlig‘i, uning xotini (eri), bolalari, shu jumladan farzandlikka olingan bolalari, tarbiyaga olingan bolalari, ota-onalari, boshqa qarindoshlari hamda mehnatga qobiliyatli yoshga yetgan boshqa shaxslar kiradi.
Fermer xo‘jaligida mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslar fermer xo‘jaligi a’zosi hisoblanmaydi.
4-modda. Fermer xo‘jaligining boshlig‘i
Yuridik va jismoniy shaxslar bilan o‘zaro munosabatlarda fermer xo‘jaligi nomidan shu xo‘jalik boshlig‘i ish ko‘radi.
Fermer xo‘jaligining boshlig‘i shu xo‘jalikning o‘n sakkiz yoshga to‘lgan, qishloq xo‘jaligida tegishli malaka va ish tajribasiga ega bo‘lgan muomalaga layoqatli a’zolaridan biridir.
Fermer xo‘jaligining boshlig‘i vaqtincha mehnat qobiliyatini yo‘qotgan taqdirda yoki uzoq vaqt bo‘lmaganida u o‘z vazifalarini bajarish vakolatini shu xo‘jalik a’zolaridan biriga yoki ushbu moddaning ikkinchi qismi talablariga javob beradigan har qanday shaxsga (shartnoma asosida) berishga haqlidir.
5-modda. Fermer xo‘jaligini tashkil etish shartlari
Fermer xo‘jaligi tanlov asosida, aksariyat hollarda mehnat resurslari ortiqchaligi sezilmayotgan yerlarda va hududlarda tashkil etiladi.
Chorvachilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaligi kamida 30 shartli bosh chorva moli bo‘lgan taqdirda tashkil etiladi. Fermer xo‘jaligiga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami bir shartli bosh chorva molga hisoblaganda Andijon, Namangan, Samarqand, Toshkent, Farg‘ona va Xorazm viloyatlaridagi sug‘oriladigan yerlarda kamida 0,3 gektar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va boshqa viloyatlardagi sug‘oriladigan yerlarda kamida 0,45 gektar, sug‘orilmaydigan (lalmikor) yerlarda esa kamida 2 gektarni tashkil etadi.
Dehqonchilik mahsuloti yetishtirishga ixtisoslashtirilgan fermer xo‘jaliklariga ijaraga beriladigan yer uchastkalarining eng kam o‘lchami paxtachilik va g‘allachilik uchun kamida 10 gektar, bog‘dorchilik, uzumchilik, sabzavotchilik va boshqa ekinlarni yetishtirish uchun kamida 1 gektarni tashkil etadi.
Yer uchastkalari berilganda fermer xo‘jaligi o‘z zimmasiga qishloq xo‘jalik ekinlarining hosildorligi (uch yil uchun o‘rtacha yillik hosil hisobida) yerning kadastr bahosidan kam bo‘lmasligini ta’minlash majburiyatini oladi. Bu majburiyat yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasida mustahkamlab qo‘yiladi.
6-modda. Fermer xo‘jaligini tashkil etish tartibi
Fermer xo‘jaligi ixtiyoriy ravishda xo‘jalik boshlig‘ining qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) boshqaruviga va tuman hokimiga yozma murojaati asosida tashkil etiladi. Arizada so‘ralayotgan yer uchastkasining joylashgan manzili, maydoni, fermer xo‘jaligining tarkibi ko‘rsatiladi hamda tovar qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishini tashkil etishning biznes-rejasi taqdim etiladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) boshqaruvi fermer xo‘jaligini tashkil etish to‘g‘risidagi masalani umumiy majlis muhokamasiga kiritadi, umumiy majlis bu xususda tegishli qaror qabul qiladi. Tuman hokimi qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) umumiy majlisining qarori asosida, yer uchastkalari berish masalalarini ko‘rish bo‘yicha tuman komissiyasining xulosasini inobatga olgan holda fermer xo‘jaligini tashkil etish to‘g‘risida qaror qabul qiladi.
Tuman hokimining fermer xo‘jaligini tashkil etish to‘g‘risidagi qarori tumanning moliyaviy, bank, soliq va boshqa tuzilmalari uchun majburiy hujjatdir.
7-modda. Fermer xo‘jaligini davlat ro‘yxatiga olish
Fermer xo‘jaligi hamda yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi belgilangan tartibda davlat ro‘yxatiga olingan paytdan e’tiboran fermer xo‘jaligi tashkil etilgan deb hisoblanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 20-avgustda 357-son qarori bilan tasdiqlangan, Tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, hisobga qo‘yish va ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga qarang.
Fermer xo‘jaligi tuman hokimligida davlat ro‘yxatiga olinganidan keyin yuridik shaxs maqomini oladi, bank muassasasida hisob-kitob va boshqa xil hisobvaraqlar ochishga, nomi yozilgan muhrga ega bo‘lishga haqlidir.
Posyolka, qishloq va ovul fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari har bir fermer xo‘jaligini Xo‘jalik kitobiga kiritib, unda fermer xo‘jaligining tarkibi, xo‘jalik boshlig‘i yoki uning vazifalarini bajaruvchi shaxs to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shuningdek xo‘jalikka ajratilgan yer uchastkasiga oid asosiy ma’lumotlarni qayd etib qo‘yadi.
Fermer xo‘jaligini tashkil etishning ushbu Qonunda belgilangan tartibi buzilgan yoki xo‘jalikning ustavi qonunga muvofiq bo‘lmagan taqdirda fermer xo‘jaligini davlat ro‘yxatiga olish rad etilishi mumkin.
Davlat ro‘yxatiga olish rad etilganligi hamda ro‘yxatga olish muddatlarining buzilganligi ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
8-modda. Fermer xo‘jaligining ustavi
Fermer xo‘jaligi ustav asosida faoliyat ko‘rsatadi. Fermer xo‘jaligining ustavida quyidagilar belgilanadi:
fermer xo‘jaligining nomi;
faoliyat sohasi va maqsadi;
fermer xo‘jaligining boshlig‘i to‘g‘risidagi asosiy ma’lumotlar;
fermer xo‘jaligi faoliyatini boshqarish tartibi;
erdan va boshqa tabiiy resurslardan foydalanish tartibi;
fermer xo‘jaligining huquq va majburiyatlari;
fermer xo‘jaligi a’zolarining huquq va majburiyatlari, ularning xo‘jalik ishlab chiqarish faoliyatida ishtirok etish tartibi;
fermer xo‘jaligining daromadlarini (foydalarini) taqsimlash, zararlarini qoplash tartibi;
fermer xo‘jaligining o‘z majburiyatlari va qarzlari yuzasidan javobgarligi;
fermer xo‘jaligini qayta tashkil etish yoki tugatish tartibi;
fermer xo‘jaligining joylashgan manzili;
fermer xo‘jaligi ustavini o‘zgartirish tartibi.
Fermer xo‘jaligining ustaviga fermer xo‘jaligi faoliyatining o‘ziga xos xususiyatlari bilan bog‘liq, qonun hujjatlariga zid bo‘lmagan boshqa qoidalar ham kiritilishi mumkin.
2-BOB. FERMER XO‘JALIKLARIGA YER BERISh. YERGA EGALIK QILISh, YERDAN VA SUVDAN FOYDALANISh
9-modda. Fermer xo‘jaliklariga beriladigan yerlar
Fermer xo‘jaliklariga zaxira yerlar, maxsus respublika fondi yerlari, mehnat resurslari yetarli bo‘lmagan xo‘jaliklardagi va yangi sug‘oriladigan mavzelardagi yerlar beriladi. Ularga zarar ko‘rib ishlayotgan yoki kam rentabelli qishloq xo‘jaligi korxonalarining yerlari ham berilishi mumkin.
Qishloq xo‘jaligi kooperativlarining (shirkat xo‘jaliklarining) yerlari fermer xo‘jaliklariga kooperativlar (shirkatlar) a’zolari umumiy majlisining qarori asosida tuman hokimi tomonidan qabul qilinadigan qarorga binoan berilishi mumkin.
Ilmiy-tadqiqot muassasalari, oliy o‘quv yurtlari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umum ta’lim maktablarining yerlari, shuningdek suv fondi yerlari fermer xo‘jaliklariga berilishi mumkin emas.
10-modda. Fermer xo‘jaliklariga yer berish tartibi
Fuqarolarga fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalari ellik yilgacha bo‘lgan, lekin o‘n yildan kam bo‘lmagan muddatga ijaraga beriladi.
Yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasi qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) boshqaruvi va fermer xo‘jaligi boshlig‘i tomonidan imzolanadi.
Yer uchastkasidan oqilona va samarali foydalanayotgan fermer xo‘jaligiga qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) boshqaruvi tomonidan umumiy majlisning qarori asosida qishloq xo‘jalik mahsuloti yetishtirish va uni qayta ishlash, yem ishlab chiqarishni tashkil etish, shuningdek yaylov yaratish uchun qisqa muddatli ijaraga qo‘shimcha ravishda yer uchastkalari berilishi mumkin.
Yer uchastkasini olishda mazkur joyda yashovchi shaxslar ustun huquqdan foydalanadilar.
Qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) boshqaruvining va tuman hokimining yer uchastkasi berishni rad etish to‘g‘risidagi qarori ustidan sudga yoki bo‘ysunuv tartibida yuqori organga, mansabdor shaxsga shikoyat qilish mumkin.
Fermer xo‘jaligi yuritish uchun yer uchastkalari olgan va qishloq aholi punktida turar joyi bo‘lgan shaxslarning uy-joyidagi tomorqa chek yerlari saqlanib qoladi.
Fermer xo‘jaligiga ajratilgan yerning chegaralari naturada (joyning o‘zida) yer tuzish xizmati organlari tomonidan mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan rasmiylashtiriladi.
Fermer xo‘jaliklariga yer berish tartibi O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksi, ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 53-moddasiga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrda 476-son qarori bilan tasdiqlangan Yer uchastkalarini fermer xo‘jaliklariga uzoq muddatli ijaraga berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga qarang.
11-modda. Qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari) a’zolarining fermer xo‘jaligini tashkil etish xususiyatlari
Qishloq xo‘jaligi kooperativlarining (shirkat xo‘jaliklarining) tarkibidan chiqish va mustaqil fermer xo‘jaligi yuritish istagida bo‘lgan a’zolari kooperativ (shirkat) ustaviga binoan o‘zlariga tegishli mulkiy pay qiymatini hamda daromaddan (foydadan) miqdori kooperativ (shirkat) a’zosining mehnat ishtirokini inobatga olgan holda aniqlanadigan ulushni olishga haqlidir. Mazkur shaxslar fermer xo‘jaligi yuritish uchun qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) umumiy majlisining qaroriga binoan shu kooperativ (shirkat) yerlari tarkibidan ushbu Qonunning 10-moddasida belgilangan tartibda uzoq muddatli ijaraga yer uchastkasi olish huquqiga ega. Bunda yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga ajratish qishloq xo‘jaligi kooperativini (shirkat xo‘jaligini) uning faoliyat ko‘rsatishi uchun zarur yer resurslari va asosiy ishlab chiqarish fondlaridan mahrum etib qo‘ymasligi lozim.
Qishloq xo‘jaligi kooperativining (shirkat xo‘jaligining) sobiq a’zosi tomonidan tashkil etilgan fermer xo‘jaligini ro‘yxatdan o‘tkazish ushbu Qonunning 7-moddasida belgilab qo‘yilgan tartibda amalga oshiriladi.
12-modda. Yerdan foydalanish
Fermer xo‘jaligining yer uchastkasiga egalik qilish va undan foydalanish sohasidagi huquq va majburiyatlari qonun hujjatlarida belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 39, 40-moddalariga qarang.
Fermer xo‘jaligiga berilgan yer uchastkalaridan qat’iy belgilangan maqsadda foydalaniladi, ular xususiylashtirilishi, oldi-sotdi, garov, hadya, ayirboshlash obyekti bo‘lishi, shuningdek ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin emas.
Fermer xo‘jaligi kreditlar olish uchun o‘z mol-mulkini, shuningdek yer uchastkasini ijaraga olish huquqini garovga qo‘yishga haqli.
Fermer xo‘jaligiga berilgan yer uchastkasi bo‘linishi mumkin emas.
Yer uchastkasining o‘lchami va chegaralari faqat fermer xo‘jaligi boshlig‘ining roziligi bilan o‘zgartirilishi mumkin.
Fermer xo‘jaligi boshlig‘i vafot etgan taqdirda yer uchastkasini ijaraga olish huquqi shu xo‘jalik a’zolarining o‘zaro kelishuvi asosida, fermer xo‘jaligi faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan xo‘jalik a’zolaridan biriga meros bo‘yicha o‘tadi. Fermer xo‘jaligi boshlig‘i mehnat qobiliyatini to‘la yo‘qotgan taqdirda, yer uchastkasini ijaraga olish huquqi xo‘jalik a’zolarining roziligi bilan ulardan biriga qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda topshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 549-moddasiga qarang.
Oldingi tahrirga qarang.
Yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi taraflarning kelishuviga binoan, taraflar kelishuvga erishmaganlari taqdirda esa sud tomonidan o‘zgartirilishi yoki bekor qilinishi mumkin.
(12-modda O‘zbekiston Respublikasining 2000-yil 15-dekabrdagi 175-II-son Qonuniga muvofiq yettinchi qism bilan to‘ldirilgan — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 1-2-son, 23-modda)
Fermer xo‘jaligi tugatilgan taqdirda, uni yuritish uchun berilgan yer uchastkasini ijaraga olish shartnomasi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda bekor qilinishi lozim.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Yer kodeksining 24-moddasiga muvofiq yer uchastkalarini ijaraga olish shartnomasini muddatidan oldin bekor qilish taraflarning kelishuvi bilan, bunday kelishuvga erishilmagan taqdirda esa, sudning hal qiluv qarori bilan amalga oshiriladi. Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 382—385-moddalariga qarang.
13-modda. Yer uchastkasidan foydalanganlik uchun to‘lanadigan haq
Fermer xo‘jaligiga berilgan yer uchastkasidan foydalanganlik uchun haq tuman budjetiga kiritiladigan har yilgi ijara haqi tariqasida yer uchastkasining sifatiga, joylashgan manziliga va suv bilan ta’minlanganlik darajasiga qarab, uning kadastr bahosini inobatga olgan holda belgilanadigan yer solig‘i stavkasi miqdorida undiriladi.
Davlat ro‘yxatiga olingan paytdan e’tiboran dastlabki ikki yil mobaynida fermer xo‘jaligi yer uchastkasidan foydalanganlik uchun haq to‘lashdan ozod etiladi.
14-modda. Suvdan foydalanish
Fermer xo‘jaliklari uchun suvdan foydalanish limitlari vakolatli organlar tomonidan belgilanadi.
Fermer xo‘jaligiga beriladigan suvning sarfini hisobga olish hamda suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq to‘lash tartibi, shuningdek mazkur soliq bo‘yicha imtiyozlar qonun hujjatlari bilan belgilanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining “Suv va suvdan foydalanish to‘g‘risida”gi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1993-yil 3-avgustda 385-son qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasida limitlashtirilgan suvdan foydalanishning vaqtinchalik tartibiga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Soliq kodeksining X-bo‘limiga (“Suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliq”) qarang.
3-BOB. FERMER XO‘JALIGINING HAMDA UNING A’ZOLARINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
15-modda. Fermer xo‘jaligining huquqlari
Fermer xo‘jaligi yuridik shaxsning barcha huquqlariga ega bo‘ladi. Fermer xo‘jaligi tadbirkorlik shakllaridan biri bo‘lib, tashkil etilishidan ko‘zlangan maqsadlarga erishish uchun shu maqsadlarga monand tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishga haqlidir.
Fermer xo‘jaligi boshqa shakllarda xo‘jalik yurituvchi korxonalar bilan teng huquqlarga ega.
Fermer xo‘jaligi tadbirkorlik faoliyati subyekti tariqasida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda quyidagi huquqlarga ega:
fermer xo‘jaligining ishlab chiqarish faoliyatini o‘ziga berilgan yer uchastkasida ustavda nazarda tutilgan doirada mustaqil tashkil etish;
yetishtirilayotgan mahsulotga mustaqil ravishda narx belgilash;
o‘zi yetishtirgan mahsulotni, shu jumladan bu mahsulotni iste’molchilarga o‘z xohishi bo‘yicha realizatsiya qilish huquqini tasarruf etish;
xarid etiladigan mahsulotga oldindan haq to‘lanadigan fyuchers bitimlari tuzish;
tadbirkorlikdan qonun hujjatlarida belgilangan tartibda soliq solinadigan, cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish;
qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtiruvchilarga sotish uchun va erkin savdoga mo‘ljallangan aksiyalarni sotib olish;
kreditlar olish, boshqa yuridik va jismoniy shaxslarning mol-mulki va pul mablag‘larini ixtiyoriylik asosida va shartnoma shartlarida, shu jumladan fermer xo‘jaliklarini kreditni uzishning zarur garov, sug‘urta hamda boshqa kafolatlarini ta’minlagan holda imtiyozli kreditlashga jalb etish;
ijaraga beruvchining ruxsati bilan yoki qonunda yoxud ijara shartnomasida nazarda tutilgan hollarda yer uchastkasini ijaraga berish huquqini kredit olish uchun garovga qo‘yish;
o‘rta va kichik korxonalar uchun berilgan imtiyozlarning barcha turlaridan foydalanish;
xodimlarni ishga yollash va ular bilan tuzilgan mehnat shartnomalarini bekor qilish.
Qonun hujjatlarida fermer xo‘jaligining boshqa huquqlari ham nazarda tutilishi mumkin.
16-modda. Fermer xo‘jaligining majburiyatlari
Fermer xo‘jaligi quyidagilarni bajarishi shart:
yer uchastkasidan qat’iy belgilangan maqsadda foydalanish;
tabiiy obyekt bo‘lmish yerga zarar yetkazmaslik;
yer uchastkasini asrash, uning unumdorligini saqlash va oshirish yuzasidan sarf-xarajatlar qilish;
yer uchastkasini, agar ijaraga olish shartnomasida boshqa muddat belgilangan bo‘lmasa, bir yil ichida o‘zlashtirish;
agrotexnika talablariga, belgilangan rejim, saqlash vazifasi va servitutlarga rioya etish;
fermer xo‘jaligining majburiyatlari va qarzlari yuzasidan to‘la javobgar bo‘lish;
Oldingi tahrirga qarang.
fermer xo‘jaligining barcha a’zolari hamda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslar uchun qonun hujjatlariga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga va Aholini ish bilan ta’minlashga ko‘maklashuvchi davlat jamg‘armasiga majburiy badallar to‘lash;
(16-modda birinchi qismining sakkizinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasining 2001-yil 12-maydagi 220-II-son Qonuni tahririda — Oliy Majlis Axborotnomasi, 2001-y., 5-son, 89-modda)
fermer xo‘jaligining a’zolari va mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarning mehnat faoliyati hisobini yuritish;
xo‘jalik a’zolari va mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslar uchun xavfsiz mehnat sharoitini ta’minlash;
madaniy-ma’rifiy tadbirlarga, obodonlashtirish ishlariga shartnoma asosida mablag‘lar ajratish.
Qonun hujjatlarida fermer xo‘jaligining boshqa majburiyatlari ham nazarda tutilishi mumkin.
17-modda. Fermer xo‘jaligi boshlig‘ining huquq va majburiyatlari
Fermer xo‘jaligi boshlig‘i fermer xo‘jaligining ushbu Qonun 15 va 16-moddalarida nazarda tutilgan huquq va majburiyatlaridan kelib chiqadigan huquq va majburiyatlarga ega hamda fermer xo‘jaligi faoliyatiga rahbarlikni uning ustavida nazarda tutilgan vakolatlar doirasida amalga oshiradi.
18-modda. Fermer xo‘jaligi a’zolarining huquq va majburiyatlari
Fermer xo‘jaligining a’zolari:
xo‘jalik a’zolari o‘rtasidagi shartnoma shartlariga bog‘liq tarzda birgalikda yoki yakka tartibda foydalaniladigan daromaddan (foydadan) o‘z ulushini olish;
qonun hujjatlariga muvofiq davlat ijtimoiy sug‘urtasidan o‘tkazilish va ijtimoiy ta’minlanish huquqiga ega.
Fermer xo‘jaligining a’zolari:
fermer xo‘jaligining ishlab chiqarish faoliyatida shaxsiy mehnati bilan ishtirok etishi;
belgilangan mehnat tartibiga bo‘ysunishi shart.
Qonun hujjatlarida fermer xo‘jaligi a’zolarining boshqa huquq va majburiyatlari ham nazarda tutilishi mumkin.
4-BOB. FERMER XO‘JALIGINING MOL-MULKI
19-modda. Fermer xo‘jaligining mulki
Fermer xo‘jaligi:
o‘ziga qarashli uy-joylar, xo‘jalik imoratlari, qishloq xo‘jalik ekinzorlari va ko‘chatzorlari, dov-daraxtlar, mahsuldor chorva mollar, parrandalar, qishloq xo‘jalik texnikasi, asbob-uskuna va ashyo-anjomlari, transport vositalari, pul mablag‘lari, intellektual mulk obyektlari, shuningdek boshqa mol-mulklarga;
ishlab chiqarish faoliyati natijasida yetishtirilgan mahsulotga;
olingan daromadlarga (foydalarga);
qonunda taqiqlanmagan asoslarda ega bo‘lingan boshqa mol-mulkka mulkdordir.
Quyidagilar:
fermer xo‘jaligi a’zolarining pul va moddiy mablag‘lari;
tovarlar, ishlar, xizmatlar realizatsiyasidan, shuningdek faoliyatning boshqa turlaridan olingan daromadlar (foydalar);
qimmatli qog‘ozlardan olingan daromadlar;
kreditlar;
yuridik va jismoniy shaxslarning beg‘araz xayriya va boshqa badallari, ehsonlari;
qonunlarda taqiqlanmagan boshqa manbalar fermer xo‘jaligining pul jamg‘armalarini hosil etish manbalari bo‘lishi mumkin.
20-modda. Fermer xo‘jaligining mol-mulkiga bo‘lgan mulk huquqi
Fermer xo‘jaligining o‘ziga qarashli mol-mulkka bo‘lgan mulk huquqi davlat himoyasidadir.
Fermer xo‘jaligining mol-mulki, agar uning a’zolari o‘rtasidagi kelishuvga binoan umumiy ulushli mulk tashkil etish nazarda tutilgan bo‘lmasa, uning a’zolariga umumiy birgalikdagi mulk asosida qarashli bo‘ladi.
Fermer xo‘jaligining mol-mulkiga egalik qilish, undan foydalanish va uni tasarruf etish xo‘jalik a’zolari tomonidan o‘zaro kelishuv asosida amalga oshiriladi.
Fermer xo‘jaligi tarkibidan boshqa fermer xo‘jaligi tashkil etish maqsadida chiqayotgan a’zolargina fermer xo‘jaligi tarkibidan chiqqanda mol-mulkdagi ulushni naturada yoki teng qiymatda olish huquqiga ega.
Fermer xo‘jaligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda mol-mulkni hosil qilish, ko‘paytirish, olish, ijaraga yoki vaqtincha foydalanishga olish huquqiga ega.
21-modda. Fermer xo‘jaligining mablag‘lari va hisob-kitoblari
Fermer xo‘jaligi pul muomalasini yuritish hamda pul mablag‘larini saqlab turish va bu mablag‘larni erkin tasarruf etish uchun bank muassasasida hisobvaraqlar ochish huquqiga ega. Fermer xo‘jaligining hisob-kitob hisobvarag‘idan mablag‘larni faqat uning roziligi yoki sudning qarori bilan hisobdan chiqarish mumkin.
22-modda. Fermer xo‘jaligining mol-mulkini meros qilib qoldirish
Fermer xo‘jaligining mol-mulki fuqarolik qonun hujjatlariga muvofiq meros qilib qoldiriladi. Xo‘jalikda faoliyatni davom ettirayotgan merosxo‘rlar meros huquqi to‘g‘risidagi guvohnoma berilganlik uchun davlat boji to‘lashdan ozod etiladilar.
5-BOB. FERMER XO‘JALIGI FAOLIYATINING ASOSLARI
23-modda. Fermer xo‘jaligining ishlab chiqarish faoliyati
Fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jaligi kooperativi (shirkat xo‘jaligi) umumiy majlisining qarori bilan belgilangan ixtisoslashuvga muvofiq o‘z faoliyati yo‘nalishlarini, ishlab chiqarish tuzilmasi va hajmlarini mustaqil ravishda belgilaydi. Fermer xo‘jaligi qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishining qonunlarda taqiqlanmagan har qanday turi hamda qishloq xo‘jaligi mahsulotini qayta ishlash va realizatsiya qilish bilan shug‘ullanishga haqli.
Fermer xo‘jaligi o‘zi yetishtirayotgan mahsulot sifatiga oid amaldagi normativ va standartlarga, ekologiyaga, sanitariyaga oid hamda qonun hujjatlarida belgilab qo‘yilgan boshqa talablar va qoidalarga rioya etishi shart.
Fermer xo‘jaliklarining xo‘jalik faoliyatiga davlat organlari va tashkilotlarining hamda boshqa organlar va tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining aralashuviga yo‘l qo‘yilmaydi, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2003-yil 27-oktabrdagi PF-3342-son “2004—2006-yillarda fermer xo‘jaliklarini rivojlantirish konsepsiyasi to‘g‘risida”gi Farmonining 7-bandiga muvofiq, fermer xo‘jaliklari davlat ehtiyojlari uchun mahsulot sotish bo‘yicha shartnoma majburiyatlarini bajarmagan yoki yer to‘g‘risidagi qonunchilikni buzish hollari aniqlangan hollarda, shuningdek, yagona yer solig‘i belgilangan tartibda o‘z vaqtida to‘lanmagan taqdirda fermer xo‘jaliklari faoliyatini faqat ularga ijaraga berilgan yerlardan ijara shartnomasiga muvofiq maqsadli va unumli foydalanish masalalari bo‘yicha tekshirishga yo‘l qo‘yiladi.
Davlat organlari va tashkilotlarining hamda boshqa organlar va tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining va fuqarolarning g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) natijasida, shuningdek bunday organlar, tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining fermer xo‘jaligiga nisbatan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan majburiyatlarni lozim darajada bajarmasliklari oqibatida fermer xo‘jaligiga yetkazilgan zararlar, shu jumladan boy berilgan foyda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14, 15, 324—339, 985, 989 va 990, O‘zbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunining 38-moddasiga, Xo‘jalik yurituvchi subyektlarda tekshirishlar o‘tkazish va Tekshirishlarni ro‘yxatga olish kitobini yuritish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 39-bandiga (ro‘y. № 917-1, 15.05.2001-y.) qarang.
Fermer xo‘jaligi tashqi iqtisodiy faoliyatni boshqa shakllarda xo‘jalik yurituvchi korxonalar bilan teng sharoitda amalga oshiradi.
24-modda. Fermer xo‘jaligidagi mehnat
Fermer xo‘jaligining faoliyati ko‘proq xo‘jalik a’zolarining shaxsiy mehnatiga asoslanadi. Fermer xo‘jaligidagi ishlarni bajarishga boshqa shaxslar mehnat shartnomasi asosida jalb etilishi mumkin.
Fermer xo‘jaligida mehnat shartnomasini tuzish tartibi qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining VI-bo‘limiga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 30-oktabrda 476-son qarori bilan tasdiqlangan Fermer xo‘jaligi xodimlarini yollash to‘g‘risidagi namunaviy shartnomaga qarang.
Fermer xo‘jaligidagi ish tartibini xo‘jalik boshlig‘i qonun hujjatlariga muvofiq belgilaydi. Fermer xo‘jaligi boshlig‘i xo‘jalik a’zolarining va xo‘jalikda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarning mehnat faoliyati hisobini yuritadi.
Fermer xo‘jaligida mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarning mehnatiga haq to‘lash qonun hujjatlarida belgilangan eng kam ish haqidan oz bo‘lmagan miqdorda, taraflarning kelishuviga binoan pul tarzida ham, natura tariqasida ham amalga oshiriladi.
Mehnat shartnomasi asosida fermer xo‘jaligida ishlayotgan shaxs xo‘jalik mol-mulkiga fermer xo‘jaligi boshlig‘ining roziligi bilan pul yoki boshqa xil ulushni kiritishga hamda qo‘shgan ulushiga mutanosib ravishda xo‘jalik daromadi (foydasi) taqsimotida qatnashishga haqlidir.
Fermer xo‘jaligining a’zolari, shuningdek xo‘jalikda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslar qonun hujjatlariga muvofiq davlat ijtimoiy sug‘urtasidan o‘tkazilishi lozim.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun Budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasiga davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha majburiy badallar va chegirmalarni hisoblash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Yo‘riqnomaga (ro‘yxat raqami 1018, 16.03.2001-y.) qarang.
Fermer xo‘jaligida ishlangan vaqt davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha badallar to‘langanligini tasdiqlovchi hujjatlar asosida mehnat stajiga qo‘shiladi.
Fermer xo‘jaligining a’zolari hamda xo‘jalikda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarga ijtimoiy sug‘urta bo‘yicha davlat nafaqalari va pensiyalar tayinlash hamda to‘lash qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda va shartlarda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi Qonuniga qarang..
25-modda. Mahsulotni fermer xo‘jaligi tomonidan realizatsiya qilish tartibi
Fermer xo‘jaligi o‘zi yetishtirayotgan mahsulotni realizatsiya qilish, shu jumladan davlat xaridi tartibida realizatsiya qilish uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan ixtiyoriylik asosida xo‘jalik shartnomalari tuzish huquqiga ega. Taraflar shartnoma majburiyatlari buzilgan taqdirda, qonun hujjatlarida yoki shartnomada belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasining “Xo‘jalik yurituvchi subyektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida”gi Qonunining V-bo‘limiga (“Shartnoma majburiyatlarini buzganlik uchun javobgarlik”) qarang.
Fermer xo‘jaligi o‘zi yetishtirayotgan mahsulotga bozordagi talab va taklif nisbatidan kelib chiqib mustaqil ravishda narx belgilaydi.
Fermer xo‘jaligi yetishtirayotgan mahsulotni eksportga yetkazib berish, shuningdek chet ellik sheriklar bilan hisob-kitob qilish qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
26-modda. Fermer xo‘jaliklarining birgalikdagi faoliyati
Fermer xo‘jaliklari ixtiyoriylik asosida, shu jumladan ulushli (pay) asosda mahsulot yetishtirish, xarid qilish, uni qayta ishlash va sotish, moddiy-texnika ta’minoti, qurilish, texnikaviy, suv xo‘jaligi, veterinariya, agrokimyo, maslahat berish yo‘sinidagi va boshqa xil xizmat ko‘rsatish bo‘yicha kooperativlarga (shirkatlarga), jamiyatlarga, ittifoqlarga, uyushmalarga va boshqa birlashmalarga birlashish, kirish huquqiga ega.
27-modda. Fermer xo‘jaligini kreditlash va sug‘urtalash
Fermer xo‘jaligini ishlab chiqarish ahamiyatiga molik obyektlar qurilishi, asosiy ishlab chiqarish vositalarini xarid etish uchun uzoq muddatli kreditlash va joriy ishlab chiqarish faoliyati uchun qisqa muddatli kreditlash kredit shartnomasi asosida amalga oshiriladi.
Fermer xo‘jaliklari bank muassasalari tomonidan ularga xizmat ko‘rsatish uchun tashkil etiladigan maxsus kredit fondidan imtiyozli shartlarda foydalanadilar.
 LexUZ sharhi
Qo‘shimcha ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 19-mayda 195-son qarori bilan tasdiqlangan Tijorat banklari tomonidan kichik tadbirkorlik subyektlariga, dehqon va fermer xo‘jaliklariga Imtiyozli kredit berish maxsus jamg‘armasi hisobidan kredit berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga qarang.
Fermer xo‘jaligi o‘ziga qarashli va ijaraga olingan ishlab chiqarish vositalarining, qishloq xo‘jaligi ekinzorlarining (ko‘chatzorlarining), ko‘p yillik dov-daraxtlarning, yetishtirilgan mahsulotning, xomashyoning, materiallarning yo‘qotilishi (nobud bo‘lishi), kam chiqishi yoki shikastlanishi xavfini, tadbirkorlik xavfini, shuningdek shartnomalarni buzganlik uchun o‘zining javobgarlik xavfini ixtiyoriylik asosida sug‘urta qildiradi hamda qonun hujjatlarida belgilangan tartibda va shartlarda sug‘urta tovoni oladi.
28-modda. Fermer xo‘jaligiga soliq solish
Fermer xo‘jaligi qonun hujjatlariga muvofiq budjetga soliqlar, yig‘imlar hamda boshqa to‘lovlar to‘laydi.
Fermer xo‘jaligi a’zolarining va xo‘jalikda shartnoma asosida ishlayotgan shaxslarning shaxsiy daromadlari daromadlar to‘g‘risidagi deklaratsiyalarda aks ettiriladi.
29-modda. Fermer xo‘jaliklarini davlat yo‘li bilan va boshqa tarzda qo‘llab-quvvatlash hamda ularning faoliyatini muvofiqlashtirish
Davlat qishloq xo‘jaligi mahsuloti yetishtirish va uni realizatsiya qilish bilan shug‘ullanuvchi fermer xo‘jaliklarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishini kafolatlaydi.
Davlat organlari fermer xo‘jaligini rivojlantirish va mustahkamlashga ko‘maklashishlari lozim.
Respublika va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, posyolka, qishloq va ovul fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, qishloq xo‘jalik kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda:
ishlab chiqarish va ijtimoiy-maishiy ahamiyatga molik obyektlari bo‘lmagan hududda fermer xo‘jaliklari tashkil etilganida uni birlamchi obodonlashtirishni (yo‘llar, elektr uzatish va aloqa liniyalari qurishni, suv bilan ta’minlashni, gazlashtirishni, telefonlashtirishni, radiolashtirishni, yer tuzishni, yerlarni melioratsiyalashni) amalga oshiradilar;
fermer xo‘jaliklariga ishlab chiqarish obyektlari va turar joylarni barpo etishda yordam ko‘rsatadilar;
fermer xo‘jaligi uchun kerakli mol-mulk va ishlab chiqarish vositalarini birjalarda, yarmarkalarda, bozorlarda yuridik va jismoniy shaxslardan olishda ko‘maklashadilar;
navli urug‘lik va qishloq xo‘jalik ekinlarining ko‘chat materiallarini, organik va mineral o‘g‘itlarni, qishloq xo‘jalik ekinlarini zararkunandalar va kasalliklardan himoya qilish vositalarini yetkazib berish yuzasidan davlat agrotexnika xizmati ko‘rsatish tizimi orqali texnikaviy xizmat ko‘rsatadilar;
qishloq xo‘jaligi texnikasi, asbob-uskunalari va ashyo-anjomlarini lizing asosida olishda ko‘maklashadilar;
chorva mollar va parrandalar boqish uchun shartnoma asosida aralash ozuqa ajratish, yosh chorva mollar va parrandalar, zotdor qoramollar olishda ko‘maklashadilar;
fermer xo‘jaliklarining chorva mollariga zooveterinariya xizmati ko‘rsatish uchun zarur sharoitlar yaratib beradilar;
fermer xo‘jaliklarida yetishtirilgan qishloq xo‘jalik mahsulotini tayyorlash va realizatsiya qilishda ko‘maklashadilar;
konsalting va axborot xizmatlari ko‘rsatadilar.
Fermer xo‘jaliklariga kichik xususiy tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qonun hujjatlarida nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlashning boshqa shakllari ham tatbiq etiladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1998-yil 27-mayda 232-son “Kichik tadbirkorlikni rivojlantirishni rag‘batlantirish mexanizmini takomillashtirish to‘g‘risida”gi qaroriga qarang.
Fermer xo‘jaliklari faoliyatini muvofiqlashtirib borish hamda ularning huquqlari va manfaatlarini himoya qilish O‘zbekiston Dehqon va fermer xo‘jaliklari uyushmasi hamda Tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatasi hamda ularning joylardagi hududiy organlari tomonidan amalga oshiriladi.
Qishloq xo‘jaligi kooperativlari (shirkat xo‘jaliklari) va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari fermer xo‘jaligiga berilgan yerlardan foydalanish ustidan nazoratni amalga oshiradilar hamda yerdan samarali va oqilona foydalanilishini ta’minlash yuzasidan zarur choralar ko‘radilar.
30-modda. Fermer xo‘jaligi faoliyatining natijalarini hisobga olish
Fermer xo‘jaligi o‘z faoliyatining natijalarini hisobga olib boradi hamda mahalliy statistika va soliq organlariga belgilangan tartibda hisobot taqdim etadi.
6-BOB. FERMER XO‘JALIGINI QAYTA TAShKIL ETISh VA TUGATISh
31-modda. Fermer xo‘jaligini qayta tashkil etish
Fermer xo‘jaligini qayta tashkil etish (qo‘shib yuborish, qo‘shib olish, bo‘lish, ajratib chiqarish, o‘zgartirish) qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
32-modda. Fermer xo‘jaligini tugatish asoslari
Fermer xo‘jaligi quyidagi hollarda tugatiladi:
xo‘jalik faoliyatini davom ettirish istagida bo‘lgan bironta ham xo‘jalik a’zosi yoki merosxo‘r qolmagan bo‘lsa;
yer uchastkasini ijaraga olish huquqidan ixtiyoriy voz kechilganda;
yer uchastkasining ijaraga berilgan muddati tugaganda va yerdan foydalanish huquqini tiklashning imkoniyati bo‘lmaganda;
erdan belgilangan maqsadda va oqilona foydalanilmaganda, olingan hosildorlik normativ kadastr bahosidan muttasil (uch yil mobaynida) past bo‘lganda;
yerlarning ekologik holati yomonlashganda;
yer uchastkasi belgilangan tartibda olib qo‘yilganda;
fermer xo‘jaligi bankrot deb e’lon qilinganda;
ijara haqi belgilangan muddatlarda muttasil to‘lanmay kelinganda;
fermer xo‘jaligi yer olgan paytdan e’tiboran bir yil mobaynida xo‘jalik-ishlab chiqarish faoliyatiga kirishmagan bo‘lsa;
fermer xo‘jaliklari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari bir necha marta yoki bir marta, lekin qo‘pol ravishda buzilganda;
shartnoma shartlari buzilganligi munosabati bilan yerni ijaraga olish shartnomasi bekor qilinganda.
33-modda. Fermer xo‘jaligini tugatish tartibi
Fermer xo‘jaligi:
fermer xo‘jaligi a’zolarining qaroriga binoan;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda sudning qaroriga binoan tugatiladi.
Fermer xo‘jaligini tugatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Batafsil ma’lumot uchun O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 53—56-moddalariga qarang.
Fermer xo‘jaligi tugatilganda uning a’zolari o‘z mulkidagi mol-mulkka bo‘lgan huquqni hamda tomorqa yer uchastkasiga bo‘lgan huquqni saqlab qoladilar.
7-BOB. YAKUNLOVChI QOIDALAR
34-modda. Nizolarni hal etish
Fermer xo‘jaliklarini tashkil etish, ularning faoliyati, qayta tashkil etilishi va tugatilishi bilan bog‘liq nizolar qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.
35-modda. Majburiyatlar bo‘yicha javobgarlik
Fermer xo‘jaligi o‘z majburiyatlari bo‘yicha qonunlarga muvofiq undiruv qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki bilan javob beradi.
Davlat fermer xo‘jaligining majburiyatlari bo‘yicha, fermer xo‘jaligi esa davlat majburiyatlari bo‘yicha javob bermaydi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xodimning mehnat majburiyatlarini bajarishi munosabati bilan uning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘lgan qayta tashkil etilayotgan yoki tugatilayotgan fermer xo‘jaligida mablag‘ bo‘lmagan yoxud yetarli bo‘lmagan taqdirda, undirilishi lozim bo‘lgan summalar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda davlat tomonidan to‘lanadi.
(35-modda O‘zbekiston Respublikasining 2003-yil 12-dekabrdagi 568-II-son Qonuniga muvofiq uchinchi qism bilan to‘ldirilgan — 2004-y., 1-2-son, 18-modda)
36-modda. Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Fermer xo‘jaligi to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzganlikda aybdor bo‘lgan shaxslar belgilangan tartibda javobgar bo‘ladilar.
Fermer xo‘jaligi qonun hujjatlariga muvofiq xo‘jalik a’zolarining va unda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarning hayoti va sog‘lig‘iga ular mehnat majburiyatlarini bajarish chog‘ida yetkazilgan zarar uchun javobgar bo‘ladi.
Fermer xo‘jaligining va uning a’zolarining, shuningdek xo‘jalikda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan shaxslarning yerdan belgilangan maqsadda va samarali foydalanmaganlik uchun javobgarligi qonun hujjatlarida belgilanadi.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 60, 65, 67—69-moddalariga, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 197-moddasiga qarang.
O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1998-yil 30-aprel,
602-I-son
(O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-y., 5-6-son, 86-modda; 2001-y., 1-2-son, 23-modda; 5-son, 89-modda; 2004-y., 1-2-son, 18-modda)