1.09.00.00.00 Tadbirkorlik va xoʻjalik faoliyati / 09.01.00.00 Tadbirkorlik toʻgʻrisidagi qonunchilik / 09.01.11.00 Tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan davlat nazorati / 09.01.11.02 Tadbirkorlik subyektlari faoliyati yuzasidan davlat nazoratini amalga oshirish tartibi;
2.21.00.00.00 Oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish boʻyicha kompleks tusdagi hujjatlar / 21.04.00.00 Idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar]
[TSZ:
1.Fuqarolik qonunchiligi. Tadbirkorlik / Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish]
Oʻzbekiston respublikasi adliya vazirining
Buyrugʻi
XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLARNI TEKShIRISh VA TEKShIRIShLARNI ROʻYXATGA OLISh KITOBINI YURITISh TARTIBI TOʻGʻRISIDAGI NIZOMGA OʻZGARTIRISh VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2001-yil 15-mayda 917-1-son bilan davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan]
LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2006-yil 29-dekabrdagi 213-sonli “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarda tekshirish oʻtkazish va tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori(roʻyxat raqami 1650, 29.12.2006-y.) bilan oʻz kuchini yoʻqotgan.
Tadbirkorlarning huquqlarini himoya qilish hamda nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning tadbirkorlar faoliyatiga noqonuniy aralashuviga barham berish maqsadida va “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 8-avgustdagi PF-1503-son “Tekshirishlarni tartibga solish va nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi va 1998-yil 19-noyabrdagi PF-2114-son “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi farmonlari, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 17-fevraldagi 57-son “Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi faoliyatini faollashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, buyuraman:
1. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirish va Tekshirishlarni roʻyxatga olish Kitobini yuritish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga (2000-yil 6-aprelda 917-son bilan davlat roʻyxatiga olingan) oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilib, ilovaga muvofiq uning yangi tahriri tasdiqlansin.
2. Belgilansinki, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilangan tartibda ilgari nashr etilgan va tarqatilgan Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitoblari oʻz kuchini saqlab qoladi. Bunda ularning yuritilishi yuqorida koʻrsatilgan Nizom bilan belgilangan tartibga muvofiq ravishda amalga oshiriladi.
3. Idoraviy meʼyoriy hujjatlarni davlat roʻyxatiga olish boshqarmasi (M.M.Ikromov):
ushbu buyruqni davlat roʻyxatiga olsin hamda Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarning meʼyoriy hujjatlari Davlat reyestriga tegishli yozuv kiritsin;
mazkur Nizomni manfaatdor shaxslar eʼtiboriga yetkazilishi va uni amalda qoʻllanilishi ustidan nazoratni taʼminlasin.
4. Kichik va oʻrta tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va himoya qilish boshqarmasi (A.Q.Ernazarov):
ushbu buyruqni 10 kun muddat ichida barcha nazorat qiluvchi, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa manfaatdor tashkilotlarga yetkazishni taʼminlasin;
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining hududiy boʻlinmalari bilan birgalikda Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobining yuritilishi ustidan doimiy monitoring va nazorat olib borsin, shuningdek tadbirkorlik subyektlari faoliyatini tekshirishning va Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini yuritishning belgilangan tartibini buzish hollari aniqlanganda kechiktirib boʻlmaydigan taʼsir choralari koʻrsin.
5. Qonun hujjatlarini turkumlash va huquqiy axborot boshqarmasi (A.J.Toshqulov) ushbu normativ-huquqiy hujjatni “Vazirliklar, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi”—“Byulleten normativnix aktov ministerstv, gosudarstvennix komitetov i vedomstv”da eʼlon qilishni taʼminlasin.
6 Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy axborot bilan taʼminlash markazi (A.J.Toshqulov) Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini mavjud talabni hisobga olgan holda zarur miqdorda nashr etishni, shuningdek uni tadbirkorlik subyektlariga tarqatishni taʼminlasin.
7. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari davlat soliq xizmati organlari bilan birgalikda:
Tadbirkorlik subyektlarini Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi bilan oʻz vaqtida taʼminlashni va soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami asosida ularning qatʼiy hisobini yuritishni tashkil etsin;
soxta Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitoblarining tarqatilish holatlariga barham berish boʻyicha tegishli choralar koʻrsin;
manfaatdor tashkilotlar ishtirokida yuqorida koʻrsatilgan Nizomni tushuntirish boʻyicha muntazam ravishda ishlar olib borsin.
8. Mazkur buyruqni nazorat qilish Qonunchilik bosh boshqarmasining boshligʻi X.M.Sodiqov zimmasiga yuklatilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri A.A. POLVON-ZODA
Toshkent sh.,
2001-yil 15-may,
55-mh-son
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirining 2001-yil 15-maydagi 55-mh-son buyrugʻi bilan tasdiqlangan
Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish va Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini yuritish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
(yangi tahriri)
Ushbu Nizom “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining qonunlari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 1996-yil 8-avgustdagi PF-1503-son “Tekshirishlarni tartibga solish va nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtirishni takomillashtirish toʻgʻrisida”gi va 1998-yil 19-noyabrdagi PF-2114-son “Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni tekshirishni tashkil qilishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi farmonlariga, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 17-fevraldagi 57-son “Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha Respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi faoliyatini faollashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tadbirkorlar huquqlarini himoya qilishni taʼminlash maqsadida ishlab chiqilgan.
I. UMUMIY QOIDALAR
1. Mazkur Nizomda quyidagi asosiy tushunchalar va ularning taʼriflari qoʻllaniladi:
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi — nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatini tekshirishlar toʻgʻrisidagi axborot kiritiladigan rasmiy hujjat hisoblanuvchi tekshirishlarni hisobga olish maxsus kitobi;
xoʻjalik yurituvchi subyekt — belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtgan hamda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxs;
moliya-xoʻjalik faoliyati — xoʻjalik yurituvchi subyektlarni ularning mahsulot ishlab chiqarish, ishlarni bajarish va xizmatlar koʻrsatish, buxgalteriya-moliya, hisob-kitob, tovarlarga oid va statistika hujjatlarini yuritish boʻyicha faoliyatini amalga oshirish bilan bogʻliq faoliyati, shuningdek xoʻjalik yurituvchi subyektning moliya, soliq, bojxona, bank va boshqa organlar hamda xoʻjalik yurituvchi subyektlar bilan oʻzaro munosabatlari tizimi;
nazorat qiluvchi organlar — xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilishga qonun hujjatlari bilan vakolat berilgan vazirliklar va idoralar;
tekshirish — xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan qonunlar hamda va oʻz faoliyatini tartibga soluvchi boshqa qonun hujjatlari qanday bajarilayotganligini nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning bir marta nazorat qilishi;
kompleks tekshirish — bir vaqtning oʻzida ikki va undan koʻp nazorat qiluvchi organlar tomonidan amalga oshiriladigan tekshirish;
taftish — moliya va soliq masalalari boʻyicha qonun hujjatlariga rioya etilishi, soliq, davlat statistika organlariga hamda banklarga taqdim etiladigan hisobga olish va hisobot ishlarining toʻgʻriligi ustidan nazoratni amalga oshirish maqsadida xoʻjalik yurituvchi subyektlarning buxgalterlik, moliya va boshqa hujjatlarini tekshirish;
rejadan tashqari tekshirish — nazorat qiluvchi organlar tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda va hollarda amalga oshiriladigan yillik (choraklik) tekshirishlar rejasiga kiritilmagan tekshirish (jumladan qisqa muddatli);
qisqa muddatli tekshirish — nazorat qiluvchi organlar tomonidan bir ish kuni davomida oʻtkaziladigan va xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish bilan bogʻliq boʻlmagan tekshiruv;
muqobil tekshirish — operatsiyalar birligi tufayli oʻzaro bogʻliq boʻlgan va turli xoʻjalik yurituvchi subyektlardagi yoki bir xoʻjalik yurituvchi subyektning turli boʻlinmalaridagi hujjatlarni taqqoslashdan iborat tekshiruv;
nazorat tartibida tekshirish — xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ilgarigi tekshirishda koʻrsatilgan qoidabuzarliklarni bartaraf etishi ustidan nazorat qiluvchi organlar amalga oshiradigan tekshirish.
2. Mazkur Nizom nazorat qiluvchi va huquqni muhofaza qiluvchi organlar (keyingi oʻrinlarda — tekshiruvchi organlar)ning xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini barcha tekshirishlari (moliya-xoʻjalik faoliyatini tekshirish, kompleks tekshirish, taftish qilish, rejadan tashqari tekshirish, muqobil tekshirish, nazorat tartibida tekshirish va h.k.), shu jumladan yongʻin, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya xavfsizligi, kassa operatsiyalarini yuritish tartibi va tovarlar bilan savdo qilish qoidalariga rioya qilishni tekshirish, shuningdek energiya nazorati, karantin va oʻsimliklar himoyasi xizmatlari, tabiatni muhofaza qilish organlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshirishlar va boshqa tekshirishlar boʻyicha hatti-harakatlariga nisbatan tatbiq etiladi.
3. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
tekshiruvchi organlar faoliyatida qonuniylik, xolislik va oshkoralik;
yuridik va jismoniy shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatiga aralashmaslik.
4. Tekshirish bilan xoʻjalik yurituvchi subyektning bevosita tekshirish oʻtkazish yilidan oldingi faqatgina uch kalendar yillik faoliyati qamrab olinishi mumkin. Bunda ilgari tekshirilgan masalalar boʻyicha tekshirish oʻtkazish taqiqlanadi.
Mazkur bandning qoidalari qoʻzgʻatilgan jinoyat ishlari doirasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan tekshirishlarga tatbiq etilmaydi.
5. Davlat budjeti va maqsadli davlat jamgʻarmalari mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladigan muassasalar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
Prokuror nazorati tartibida amalga oshiriladigan davlat nazorati tegishli qonun hujjatlari bilan ham tartibga solinadi.
6. Mazkur Nizom bilan tartibga solinmagan munosabatlar amaldagi qonunchilik normalari bilan tartibga solinadi.
II. TEKShIRISh OʻTKAZISh UChUN ASOSLAR
7. Rejali tekshirishlar oʻtkazish uchun quyidagilar asos boʻladi:
nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi Respublika kengashi (keyingi oʻrinlarda — Kengash) yoki uning Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahri boʻyicha tegishli hududiy komissiyalari (keyingi oʻrinlarda — viloyatlar komissiyalari) tomonidan belgilangan tartibda berilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishning muvofiqlashtirish rejasidan koʻchirma;
nazorat qiluvchi organning tekshirishlarni muvofiqlashtirish rejasi asosida tekshirish maqsadi, tekshiruvchi mansabdor shaxslar tarkibi va tekshirish oʻtkazish muddatlari koʻrsatilgan holda chiqargan buyrugʻi.
8. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini rejadan tashqari tekshirish uchun Kengashning yoki viloyat komissiyasining tekshirilayotgan obyekt nomi, tekshirish oʻtkazish maqsadi, muddatlari va uning sabablarini asosliligi koʻrsatilgan holda rejadan tashqari tekshirish oʻtkazish toʻgʻrisida belgilangan tartibda qabul qilingan qarori, shuningdek tekshirishni amalga oshiruvchi tegishli nazorat qiluvchi organning mansabdor shaxslari tarkibi va tekshirish oʻtkazish muddati koʻrsatilgan buyrugʻi asos boʻladi.
9. Rejadan tashqari tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan quyidagi hollarda oʻtkaziladi:
agar tekshiruvni oʻtkazish zarurati Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni, farmoyishi, Oʻzbekiston Respublikasi Hukumatining qaroridan kelib chiqqanda. Bunda agar Prezident farmoni, farmoyishida, Hukumat qarorida tekshirish oʻtkaziladigan xoʻjalik yurituvchi subyekt nomi aniq koʻrsatilgan boʻlsa, Kengash yoki uning viloyat komissiyasining roziligini olish talab qilinmaydi;
nazorat qiluvchi organga xoʻjalik yurituvchi subyekt tomonidan qonunlar va boshqa qonun hujjatlarining buzilganligi toʻgʻrisida qoʻshimcha maʼlumotlar kelib tushganda. Qoʻshimcha maʼlumotlar sifatida korxonalar, tashkilotlar, muassasalar va fuqarolarning aniq isbotlangan va hujjatlar bilan tasdiqlangan qonunbuzilish faktlari xizmat qilishi mumkin;
favqulodda vaziyatlar yuzaga kelishining oldi olinayotganda;
sanitariya-epidemiologiya vaziyati murakkablashganda, shuningdek qoʻshni davlatlardan yuqumli kasalliklar kirib kelishi va tarqalishi ehtimoli vujudga kelganda.
Yuqori turuvchi nazorat qiluvchi organlar oʻzlarining hududiy boʻlinmalariga xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatida rejadan tashqari tekshirish oʻtkazish uchun topshiriqlarni faqatgina Kengash yoki viloyat komissiyasining ularni oʻtkazish toʻgʻrisidagi qarori boʻlganida yuboradi.
10. “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 39-moddasiga muvofiq qoʻzgʻatilgan jinoiy ishning mavjudligi xoʻjalik yurituvchi subyektlarni prokuratura, ichki ishlar va milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan tekshirish uchun asos boʻladi.
11. Xoʻjalik yurituvchi subyekt Kengash yoki viloyat komissiyasi ishchi organlaridan uning faoliyatini tekshirishga taalluqli (rejalashtirilgan tekshirish sanasi, turi, nazorat qiluvchi organning nomi va h.k.) axborotni (bunda ushbu axborot xoʻjalik yurituvchi subyektga bepul taqdim etiladi) olishga haqli. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ushbu axborotni olishi, shuningdek Kengash tomonidan tasdiqlanadigan tekshirishlar rejalariga kiritilgan tekshiruvlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni matbuotda eʼlon qilish yoʻli bilan ham taʼminlanishi mumkin.
12. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni ularning moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan holda tekshirishlar tegishli nazorat qiluvchi (yongʻinga qarshi, sanitariya, veterinariya, energetika nazorati va boshqa) organlar tomonidan, qoida tariqasida, bir marta oʻtkaziladigan kompleks tekshiruv davomida amalga oshiriladi.
13. Rejali tekshiruvlar Kengash tomonidan tasdiqlangan rejalar asosida oʻtkaziladi.
Nazorat qiluvchi organlar tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyatini rejadan tashqari tekshirish Kengash qarori boʻyicha amalga oshiriladi. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarni moliya-xoʻjalik faoliyati bilan bogʻliq boʻlmagan holda rejadan tashqari tekshirishlar Kengash yoki uning viloyat komissiyasining qarori boʻyicha oʻtkazilishi mumkin.
Xoʻjalik yurituvchi subyektlarda muqobil tekshirishlar jinoyat ishlari yuzasidan tergov olib borish jarayonida tekshirish tayinlash toʻgʻrisidagi qaror asosida yoxud nazorat qiluvchi organlar tomonidan Kengash yoki viloyat komissiyasi qaroriga binoan oʻtkazilishi mumkin.
Nazorat tartibidagi tekshirishlar nazorat qiluvchi organlar tomonidan ushbu Nizomning 22-bandi talablariga qatʼiy rioya qilingan holda Kengash yoki uning viloyat komissiyasining qoʻshimcha qarorisiz amalga oshiriladi.
Yakka tartibdagi tadbirkorlar faoliyatini tekshirish uchun asoslar Kengash tomonidan tasdiqlanadigan normativ hujjatlar bilan tartibga solinadi.
14. Tekshirish oʻtkazishga faqat tegishli nazorat organlari tomonidan amalga oshiriladigan attestatsiya natijalari boʻyicha va tekshirish huquqini beruvchi belgilangan namunadagi maxsus guvohnomalarga ega boʻlgan mansabdor shaxslarga ruxsat etiladi.
III. TEKShIRIShLAR OʻTKAZISh ShARTLARI
15. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirish muddatlari 30 kalendar kundan oshmasligi lozim. Alohida hollarda Kengash qaroriga binoan bu muddat uzaytirilishi mumkin.
16. “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining 39-moddasiga muvofiq xoʻjalik yurituvchi subyektlar — tovar ishlab chiqaruvchilar va tadbirkorlar palatalari aʼzolari faoliyatini tekshirish ularning vakillari ishtirokida amalga oshirilishi mumkin.
Buxgalteriya hisobini yuritish va hisobot tuzish auditorlik tashkiloti tomonidan amalga oshiriladigan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning moliya-xoʻjalik faoliyati tegishli auditorlik tashkiloti albatta jalb qilingan holda tekshiriladi. Bunda moliyaviy hisobotning toʻgʻriligi uchun auditorlik tashkiloti javob beradi
17. Tekshirish oʻtkazish uchun auditorlik tashkilotlari va/yoki ekspertlar jalb qilingan taqdirda auditorlik tekshirishlari (ekspertizalar) oʻtkazish boʻyicha sarf-xarajatlar faqat ushbu tekshirishlarni tayinlagan tekshiruvchi organlar hisobidan amalga oshiriladi.
18. Auditorlik tashkilotlari va/yoki ekspertlar jalb qilinganda tekshiruvchi organ hamda auditorlik tashkiloti va/yoki ekspert oʻrtasida tuzilgan shartnoma nusxasi albatta xoʻjalik yurituvchi subyektga taqdim etiladi. Shartnomada auditor va/yoki ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, ish joyi va mansabi koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
Auditorlik va/yoki ekspert xulosasining toʻgʻriligi hamda uning Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiqligi yuzasidan auditorlik tashkiloti va/yoki ekspertning javobgarligi tuziladigan shartnomaning zaruriy sharti hisoblanadi.
19. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini rejali tarzda tekshirishlar Kengashning qarori boʻyicha yiliga koʻpi bilan bir marta amalga oshirilishi mumkin.
Har yillik ijobiy auditorlik xulosasiga ega boʻlgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini rejali tekshirish nazorat qiluvchi organlar tomonidan oxirgi tekshirish oʻtkazilgan vaqtdan kamida ikki yil oʻtganidan keyin amalga oshiriladi.
20. Prokuratura, ichki ishlar va milliy xavfsizlik xizmati organlari tomonidan oʻtkaziladigan tekshirishda xoʻjalik yurituvchi subyektning faqat qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi bilan bogʻliq faoliyatigina qamrab olinishi mumkin, bu haqda tekshirish tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda koʻrsatilgan boʻlishi lozim.
21. Xoʻjalik yurituvchi subyektlarda muqobil tekshirishlarni oʻtkazishga faqat ularning tekshirish obyekti bilan oʻzaro munosabatlari qismida yoʻl qoʻyiladi.
Xoʻjalik yurituvchi subyektning tekshirish obyekti bilan oʻzaro munosabati deganda shaxslarning hujjatlar (jinoyat ishi materiallari, ashyoviy dalillar) bilan tasdiqlangan aniq munosabatini tushunish lozim.
Kengash yoki viloyat komissiyasining qarori yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organning tegishli mansabdor shaxsining qarori bilan belgilangan muddatda muqobil tekshirish oʻtkazish imkoniyati boʻlmaganida u faqatgina boshqa muddatga koʻchirish toʻgʻrisidagi Kengash yoki viloyat komissiyasining qoʻshimcha qarori yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organning tegishli mansabdor shaxsining qoʻshimcha qarori asosida oʻtkazilishi mumkin.
Kengash yoki viloyat komissiyasining qarori yoxud huquqni muhofaza qiluvchi organning tegishli mansabdor shaxsining qarorida koʻrsatilgan tekshirish predmeti bilan bogʻliq boʻlmagan materiallarni va axborotlarni talab qilish, tekshirish taqiqlanadi.
22. Nazorat tartibidagi tekshirishlar oʻtkazish nazorat qiluvchi organlar tomonidan faqat ilgari oʻzlari oʻtkazgan tekshirish natijalariga doir dalolatnomada (maʼlumotnomada) belgilangan holatlar va muddatlar boʻyicha amalga oshiriladi.
23. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tekshiruvchi organlarning vakolatiga kirmaydigan masalalarga oid talablarini bajarmaslik hamda tekshirish predmetiga taalluqli boʻlmagan materiallar bilan ularni tanishtirmaslikka haqlidirlar.
24. Hujjatlarni olib qoʻyish va ularni huquqni muhofaza qiluvchi organlarning talabi boʻyicha taqdim etish Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksida belgilangan tartibda amalga oshiriladi, prokuratura organlari esa, bu holda “Prokuratura toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuniga ham asoslanadilar. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar asl nusxasi olib qoʻyilgan hujjatlarning saqlanishi uchun javobgardirlar. Hujjatlarning asl nusxasini olib qoʻyishda, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning vakolatli shaxslari, xoʻjalik yurituvchi subyektlarga ularning asl nusxasidan bosh buxgalter yoki xoʻjalik yurituvchi subyektning boshqa mansabdor shaxsi tomonidan tasdiqlanadigan koʻchirmalar olishga imkoniyat berishlari lozim.
25. Tekshiruvchi organlar va ularning mansabdor shaxslari, auditorlik tashkilotlari va/yoki ekspertlar ularga xoʻjalik yurituvchi subyektni tekshirish bilan bogʻliq holda maʼlum boʻlgan tijorat sirini tashkil qiluvchi maʼlumotlarni tarqatganliklari uchun qonun hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladilar.
26. Tekshiruvchi mansabdor shaxslar tekshirish boshlanishidan oldin xoʻjalik yurituvchi subyektning rahbarini (yakka tartibdagi tadbirkorni) tekshirish maqsadi va shartlari bilan tanishtirishi, qonun hujjatlarida belgilangan hujjatlarni taqdim etishi, Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobiga (1-sonli ilova) tegishli yozuvlar kiritishi lozim.
Tekshirishlarni roʻyxatga olish Kitobini toʻldirish 2-sonli ilovada koʻrsatilgan qoidalarga muvofiq amalga oshiriladi.
27. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi belgilangan namunaga muvofiq boʻlishi, qattiq muqova bilan qoplangan va raqamlangan, tikilgan, varaqlar soni va Kitobni yuritish sanasi koʻrsatilgan holda xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarining imzosi va muhri (yakka tartibdagi tadbirkor uchun — agar u mavjud boʻlsa) bilan tasdiqlangan boʻlishi kerak.
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobida xoʻjalik yurituvchi subyektning toʻliq nomi, uning joylashgan yeri (pochta manzili), unga berilgan soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami toʻgʻrisida maʼlumotlar boʻlishi lozim hamda ular asosida adliya organlari tomonidan Kitoblarning hisobi yuritiladi.
28. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan yuritiladi. Tekshirish boshlanishidan oldin xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tartibdagi tadbirkor) tekshiruvchi mansabdor shaxsga Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini tegishli ustunlarini toʻldirish uchun taqdim etadi.
Tekshiruvchi mansabdor shaxs Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirishdan bosh tortsa, u tekshirishga qoʻyilmaydi.
29. Nazorat qiluvchi organlar tekshirishni nazorat qiluvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan tekshirish oʻtkazish rejasiga muvofiq amalga oshiradi. Tekshirish tekshirishni oʻtkazish rejasi va nazorat qiluvchi organning vakolatlari doirasidan chetga chiqmasligi lozim.
30. Tekshirishlar natijalari dalolatnoma (maʼlumotnoma) bilan, zarur hollarda esa — aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatma bilan ham rasmiylashtiriladi.
31. Kengash yoki uning viloyat komissiyasi tomonidan belgilangan tartibda berilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishning muvofiqlashtirish rejasidan koʻchirma (koʻchirmaning haqiqiyligi koʻrsatilgan holda tegishli imzo va muhr bilan tasdiqlangan boʻlishi lozim), nazorat qiluvchi organ rahbari tomonidan tasdiqlangan tekshirish oʻtkazish buyrugʻi va rejasi, qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi bilan bogʻliq tekshirishni tayinlash toʻgʻrisidagi qaror nusxalari xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbariga (yakka tartibdagi tadbirkorga) ularni olganligi haqidagi tilxat asosida topshiriladi. Bunda tekshirish natijalarini aks ettiruvchi hujjatning bir nusxasi tekshirish tugaganidan keyin oʻn kunlik muddat ichida topshiriladi. Tekshirish oʻtkazish uchun auditorlik tashkiloti va/yoki ekspert jalb qilingan taqdirda, tekshiruvchi organ va auditorlik tashkiloti va/yoki ekspert oʻrtasida tuzilgan shartnoma nusxasi ham topshiriladi.
32. Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobi toʻldirilgandan va tekshirish tugagandan soʻng mansabdor shaxs — tekshirish rahbari va xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tartibdagi tadbirkor) unda qayd qilingan yozuvlarni toʻgʻriligini oʻzlarining imzolari bilan sana va vaqtni koʻrsatgan holda tasdiqlaydilar.
IV. TEKShIRILAYOTGAN XOʻJALIK YuRITUVChI SUBYEKTLAR VA TEKShIRUVChI ORGANLAR HAMDA ULARNING MANSABDOR ShAXSLARINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI
33. Tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar quyidagi huquqlarga ega:
oʻz faoliyatlari tekshirilishi toʻgʻrisidagi tegishli axborotga ega boʻlish;
tekshiruvchi mansabdor shaxslardan Kengash yoki viloyat komissiyasi qarorini va qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi bilan bogʻliq boʻlgan tekshirishni tayinlash toʻgʻrisidagi qarorni, tekshirish oʻtkazish uchun asos hisoblanuvchi boshqa hujjatlarni talab qilish, tekshiruvchilarning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlar bilan tanishish;
tekshirish oʻtkazish uchun asosga ega boʻlmagan shaxslarning tekshirish oʻtkazishiga yoʻl qoʻymaslik;
tekshiruvchi mansabdor shaxslarning vakolatiga kirmaydigan masalalarga oid talablarini bajarmaslik va tekshirish predmetiga taalluqli boʻlmagan materiallar bilan ularni tanishtirmaslik;
tekshiruvchi mansabdor shaxslardan tekshirish tugaganidan soʻng oʻn kun muddat ichida tekshirish natijalarini aks ettiruvchi hujjatning bir nusxasini olish;
qonunda belgilangan tartibda tekshirish natijalari ustidan shikoyat qilish.
34. Xoʻjalik yurituvchi subyektlar tekshiruvchi mansabdor shaxslarning qonuniy talabiga binoan tekshirish oʻtkazish uchun zarur boʻlgan materiallar va hujjatlarni taqdim etishga, ularni tekshirish obyektlariga kiritishga, tekshiruvchi mansabdor shaxslarga oʻz vazifalarini bajarishlari uchun koʻmaklashishga majburdirlar.
35. Tekshirishni amalga oshirayotgan tekshiruvchi organlar va ularning mansabdor shaxslari oʻz vakolatlari doirasida quyidagi huquqlarga ega:
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlardan tekshirish oʻtkazish bilan bevosita bogʻliq boʻlgan zarur hujjatlar va boshqa axborotlarni talab qilish;
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisida bajarilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar berish;
tegishli davlat hokimiyati va boshqaruv organlari, xoʻjalik yurituvchi subyektlar mulkdorlari oldiga aybdor shaxslarning javobgarligi toʻgʻrisidagi masalani qoʻyish;
tekshiruvga auditorlik tashkilotlari va/yoki ekspertlarni belgilangan tartibda shartnoma asosida jalb etish;
qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda moliyaviy yoki maʼmuriy jazo choralarini qoʻllash;
rejali tekshirishlar oʻtkazish muddatini koʻchirish toʻgʻrisida basharti, bunga obyektiv asoslar boʻlsa, Kengashga taqdimnoma kiritish.
Tekshiruvchi mansabdor shaxslarning qonuniy talablari tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan bajarish uchun majburiydir.
36. Tekshiruvchi mansabdor shaxslar oʻz vakolatlari doirasida quyidagilarni bajarishga majburdirlar:
tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyektlarga tekshirish oʻtkazish huquqini beruvchi zarur hujjatlarni koʻrsatish;
xoʻjalik yurituvchi subyektlar ishlashiga xalal bermaslik;
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobiga ushbu Nizomda belgilangan tartibda yozuv kiritish;
davlat siri, tijorat yoki boshqa sirlar saqlanishini taʼminlash;
tekshiruv natijalarini dalolatnoma (maʼlumotnoma) bilan rasmiylashtirib, uning bir nusxasini tekshirilayotgan xoʻjalik yurituvchi subyekt ixtiyorida qoldirish;
huquqbuzarlik hollari aniqlangan taqdirda qonun hujjatlarida nazarda tutilgan choralarni koʻrish.
37. Tekshiruvchi organlar va ularning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan faoliyatiga aralishishga haqli emas.
Agar tekshiruvchi organlar va ularning mansabdor shaxslari xoʻjalik yurituvchi subyektlarning faoliyatida qonun hujjatlari buzilganligini aniqlasalar, ular oʻzlariga berilgan vakolat doirasida va muayyan qoidabuzarlikni bartaraf etish bilan bevosita bogʻliq chora-tadbirlarni koʻrishlari mumkin. Tekshiruvchi organlar va ularning mansabdor shaxslari qoidabuzarlik holati mavjudligidan xoʻjalik yurituvchi subyektlarning boshqa qonuniy faoliyatiga aralashish yoki uni cheklash uchun asos sifatida foydalanishga haqli emas.
V. JAVOBGARLIK
38. Xoʻjalik yurituvchi subyekt faoliyatini tekshirishning belgilangan tartibiga rioya etilishi boʻyicha jinoiy javobgarlikkacha boʻlgan shaxsan javobgarlik tekshiruvchi organlarning rahbarlari va vakolatli shaxslari zimmasiga yuklatiladi.
39. Huquqi buzilgan xoʻjalik yurituvchi subyekt unga keltirilgan zararni toʻliq undirilishini talab qilishi mumkin.
Tekshiruvchi mansabdor shaxslarning noqonuniy qarorlari yoki boshqa harakatlari natijasida xoʻjalik yurituvchi subyektga yetkazilgan zararlar, shu jumladan boy berilgan foyda, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qoplanadi.
Xoʻjalik yurituvchi subyekt aybdor mansabdor shaxsning noqonuniy aralashuvi natijasidagi yetkazilgan real zararni, boy berilgan foydani, shuningdek maʼnaviy zararni qoplashni sud orqali talab qilishga haqli.
40. Tekshiruvchi organlar va ularning mansabdor shaxslarining harakatlari va qarorlari ustidan bevosita sudga yoki boʻysunish tartibida yuqori turuvchi organga yohud mansabdor shaxsga shikoyat qilinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 17-fevraldagi 57-son “Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni ragʻbatlantirish boʻyicha respublika muvofiqlashtiruvchi kengashi faoliyatini faollashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq tekshiruvchi organlar va ularning mansabdor shaxslarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi va uning hududiy boʻlinmalariga berilishi mumkin.
“KELIShILGAN”
Oʻzbekiston Respublikasi
Bosh vazirining oʻrinbosari,
Kichik va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishni
ragʻbatlantirish boʻyicha Respublika muvofiqlashtiruvchi
Nazorat yoki huquqni muhofaza qiluvchi organning nomi
Tekshiruvchining ismi, familiyasi, otasining ismi va guvohnoma raqami
Auditorlik tashkilotining nomi (litsenziya berilgan sana, raqami va amal qilish muddati), auditor ekspertning F.I.O. (shaxsini tasdiqlovchi hujjat)
Tekshirish oʻtkazish uchun asos; jinoiy ish raqami
Tekshirish turi va maqsadi
1
2
3
4
5
6
Tekshirish oʻtkazish uchun belgilangan muddatlar
Tekshirishni boshlash va tugatish sanasi va vaqti
Tekshirishning aniq davom etgan vaqti
Talab qilingan hujjatlar
Tekshirish jarayonida koʻrilgan choralar
Xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarining (yakka tadbirkorlikning fikri)
7
8
9
10
11
12
2-ILOVA
Xoʻjalik yurituvchi subyektning Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobini toʻldirish
QOIDALARI
1. Tekshiruvchi organ 2—7, tekshiriluvchi xoʻjalik yurituvchi subyekt 8—12 ustunlarni toʻldirishi shart.
2. Ikkinchi ustunda tekshiruvchi organning toʻliq rasmiy nomi, uning pochta manzili, rahbarining familiyasi, ismi, otasining ismi, u boʻlmagan taqdirda — uning vazifasini bajaruvchi shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi koʻrsatiladi.
3. Uchinchi ustunda tekshiruvchining familiyasi, ismi, otasining ismi, guvohnoma (shu jumladan maxsus guvohnoma) raqami, guvohnomani bergan idora nomi, guvohnomaning amal qilish muddati koʻrsatiladi.
4. Toʻrtinchi ustunda auditorlik tashkiloti va/yoki ekspert jalb etilgan taqdirda, auditorlik tashkilotining nomi, litsenziya berilgan sana, raqami va amal qilish muddati, auditor va/yoki ekspertning familiyasi, ismi, otasining ismi, shaxsini tasdiqlovchi guvohnoma raqami koʻrsatiladi.
5. Beshinchi ustunda tekshirish oʻtkazish reja-jadvalini tasdiqlagan organ nomi va uni tasdiqlash sanasi; buyruqni chiqargan mansabdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, buyruqni tasdiqlash raqami va sanasi; qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi ish bilan bogʻliq tekshirishni tayinlash toʻgʻrisida qaror chiqargan mansabdor shaxsning familiyasi, ismi, otasining ismi, qarorning sanasi, shuningdek jinoyat ishining raqami koʻrsatiladi.
6. Oltinchi ustunda tekshirish turining toʻliq nomi (rejali tekshirish, rejadan tashqari tekshirish, qisqa muddatli tekshirish, muqobil tekshirish, nazorat tartibida tekshirish) va maqsadi koʻrsatiladi. Tekshirish turining nomi tekshirish oʻtkazish reja-jadvali va buyruqda koʻrsatilgan nomga, maqsadi esa — buyruqda koʻrsatilganiga muvofiq boʻlishi lozim.
7. Ettinchi ustunda tekshirish oʻtkazish muddati koʻrsatiladi. U tekshirish oʻtkazish reja-jadvalida koʻrsatilgan muddatdan oshmasligi lozim.
8. Sakkizinchi ustunda har kuni tekshirish oʻtkazishni boshlash va tugatish vaqti, sanasi koʻrsatiladi. Ushbu ustunda zarur hollarda tekshiruvchi mansabdor shaxslarning xoʻjalik yurituvchi subyektning ichki tartibida belgilangan ish vaqti tugaganidan keyingi faoliyati haqida maxsus belgilar qoʻyiladi.
9. Toʻqqizinchi ustunda tekshirishning haqiqatan davom etgan kalendar muddati koʻrsatiladi.
10. Oʻninchi ustunda talab qilingan hujjatlarning toʻliq nomi koʻrsatiladi. Ushbu ustunda talab qilingan hujjatlar tavsifi tekshirish oʻtkazish reja-jadvali hamda buyruqda koʻrsatilgan tekshirish turi va maqsadlariga mos kelmagan holda maxsus belgilar qoʻyiladi.
11. Oʻn birinchi ustunda tekshiruvchi mansabdor shaxs tomonidan xoʻjalik yurituvchi subyektga nisbatan koʻrilgan choralar (ishlab chiqarishni toʻxtatish, omborni yoki butunlay korxonani muhrlash, pul mablagʻlaridan va/yoki xom—ashyodan foydalanishni taʼqiqlash, moliya va boshqa hujjatlarni olib qoʻyish va h.k.) koʻrsatiladi.
12. Oʻn ikkinchi ustunda xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbarining (yakka tartibdagi tadbirkorning) “Roziman”, “Rozi emasman”, “Eʼtirozlar bilan roziman” shakllaridagi fikri koʻrsatiladi. “Rozi emasman” shaklidagi fikr koʻrsatilgan holda xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tartibdagi tadbirkor) buning asoslangan sabablarini koʻrsatadi. “Eʼtirozlar bilan roziman” shaklidagi fikr koʻrsatilgan holda asoslangan eʼtirozlar keltiradi.
Tekshirishlarni roʻyxatga olish kitobida oʻchirib yozish va boʻyash taqiqlanadi. Toʻgʻrilashlar xato yozuvlar oʻchirilib, kerakli maʼlumotlarni ustidan qayta yozish yoki qoʻlda ustidan yozish yoʻli bilan amalga oshirilishi lozim. Har bir bunday toʻgʻrilash mansabdor shaxs-tekshirish rahbarining va xoʻjalik yurituvchi subyekt rahbari (yakka tartibdagi tadbirkor)ning imzosi bilan tasdiqlanadi.
(Oʻzbekiston Respublikasi vazirliklari, davlat qoʻmitalari va idoralarining meʼyoriy hujjatlari axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 51-52-son, 525-modda)