Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 29.08.2023
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2013-yil 6-iyunda qabul qilingan
Senat tomonidan 2013-yil 22-avgustda maʼqullangan
 LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2023-yil 27-fevraldagi OʻRQ-819-sonli “Texnik jihatdan tartibga solish toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan 2023-yil 29-avgustdan oʻz kuchini yoʻqotadi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi muvofiqlikni baholash sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisidagi qonunchilik
Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining muvofiqlikni baholash toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(2-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
akkreditatsiya — yuridik shaxslarning muayyan faoliyat sohasida muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarishga vakolatli ekanligini Milliy akkreditatsiya organi tomonidan rasman tasdiqlash;
akkreditatsiya sohasi — muvofiqlikni baholash organining akkreditatsiya chogʻida Milliy akkreditatsiya organi tomonidan belgilanadigan faoliyati sohasi;
inspeksiya nazorati — mahsulotni, ishlab chiqarish jarayonlarini, xizmatlarni, menejment tizimlarini, muvofiqlikni baholash organlarini ularning muvofiqlikni baholash davrida belgilangan talablarga muvofiqligini tasdiqlash maqsadida amalga oshiriladigan davriy qayta baholash tartib-taomili;
inspeksiya organi — yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiyani va inspeksiya nazoratini oʻtkazish uchun belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan yuridik shaxs;
milliy akkreditatsiya tizimi — muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilish qoidalari va tartib-taomilini belgilaydigan normativ-huquqiy hujjatlarga, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga muvofiq davlat miqyosida faoliyat koʻrsatuvchi tizim;
muvofiqlikni baholash — mahsulot, ishlab chiqarish jarayonlari, xizmatlar, menejment tizimlari, xodimlar, muvofiqlikni baholash organlarining normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini aniqlash boʻyicha faoliyat;
muvofiqlikni baholash organlari — yuridik shaxs boʻlgan va muvofiqlikni baholashga doir ishlarni bajarish uchun belgilangan tartibda akkreditatsiya qilingan inspeksiya organlari, sinov va kalibrlash laboratoriyalari (markazlari), mahsulotni, xizmatlarni, menejment tizimlarini, xodimlarni sertifikatlashtirish organlari;
muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya — ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki ijrochi mahsulotning normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlaydigan hujjat;
muvofiqlikni tasdiqlash — normativ-huquqiy hujjatlarning, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarning talablari bajarilganligi isbotlangani haqida Milliy akkreditatsiya organi yoki muvofiqlikni baholash organlari tomonidan qabul qilingan qarorga asoslangan hujjatlashtirilgan (akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma, muvofiqlik sertifikati va muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiya tarzidagi) tasdiq;
xodimlar — muvofiqlikni baholashga doir ishlarni amalga oshirish uchun tayyorgarlikka va malakaga ega boʻlgan mutaxassislar.
4-modda. Muvofiqlikni baholashning asosiy vazifalari
Muvofiqlikni baholashning asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:
inson hayoti va sogʻligʻi, yuridik, jismoniy shaxslarning va davlatning mol-mulki xavfsizligini taʼminlash;
atrof-muhit muhofaza qilinishini, shuningdek tabiiy resurslardan oqilona foydalanilishini taʼminlash;
mahsulot, ishlab chiqarish jarayonlari, xizmatlar, menejment tizimlari, xodimlarning normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash;
muvofiqlikni baholash organlari akkreditatsiyaning belgilangan sohasida ishlarni bajarishga vakolatli ekanligini tasdiqlash;
ichki va tashqi bozorlarda mahsulot hamda xizmatlarning raqobatbardoshligini oshirish;
xalqaro iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy hamkorlikda va xalqaro savdoda ishtirok etish;
savdodagi texnik toʻsiqlarni bartaraf etish.
5-modda. Muvofiqlikni baholashning asosiy prinsiplari
Muvofiqlikni baholashning asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
muvofiqlikni baholashning yagona qoidalari va tartib-taomillarini qoʻllash;
muvofiqlikni baholash haqidagi axborotning ishonchliligi va ochiqligi;
akkreditatsiya qilingan muvofiqlikni baholash organlarining xizmatlaridan foydalanishga toʻsiqlar qoʻyishga va ular oʻrtasidagi raqobatni cheklashga yoʻl qoʻymaslik;
davlat sirlarining, tijorat sirining va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirning saqlanishi;
akkreditatsiya boʻyicha faoliyatni sertifikatlashtirishga, muvofiqlikni deklaratsiyalashga, yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiyani amalga oshirishga, mahsulot sinoviga, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalarini berishga, ekologik ekspertiza oʻtkazishga doir faoliyat bilan qoʻshib olib borilishiga yoʻl qoʻymaslik.
(5-moddaning oltinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
6-modda. Muvofiqlikni baholash obyektlari
Muvofiqlikni baholash obyektlari quyidagilardan iborat:
mahsulot;
ishlab chiqarish jarayonlari;
xizmatlar;
menejment tizimlari;
 LexUZ sharhi
Qarang: “Menejment tizimlarini sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” (16.01.2016-y., roʻyxat raqami 2754).
akkreditatsiya qilinishga talabgor boʻlgan yuridik shaxslar;
muvofiqlikni baholash sohasida xodim sifatida ishtirok etishga talabgor boʻlgan mutaxassislar;
 LexUZ sharhi
Qarang: “Muvofiqlikni baholash sohasida xodim sifatida ishtirok etishga talabgor boʻlgan mutaxassislarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisidagi nizom” (30.12.2015-y., roʻyxat raqami 2748).
muvofiqlikni baholash organlari inspeksiya nazoratidan oʻtkazilishi chogʻida ushbu organlarning oʻzi.
7-modda. Muvofiqlikni baholashni amalga oshirish
Muvofiqlikni baholash:
akkreditatsiya qilish;
sertifikatlashtirish;
muvofiqlikni deklaratsiyalash;
inspeksiya nazorati;
yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiya;
mahsulot sinovi;
sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalari yoki ekologik ekspertiza yoʻli bilan amalga oshiriladi.
(7-moddaning sakkizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
8-modda. Akkreditatsiyani amalga oshirish
Akkreditatsiya akkreditatsiya qilinishga talabgor boʻlgan yuridik shaxslarning vakolatli ekanligini tasdiqlash maqsadida amalga oshiriladi.
Akkreditatsiya akkreditatsiya qilinishga talabgor boʻlgan yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqilgan hujjatlarning tahlili va ekspertizasini, olingan dalillarni tekshiruvlar oʻtkazish yoʻli bilan baholashni oʻz ichiga oladi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Mazkur Qonunning 3-bobi (“Akkreditatsiya”).
9-modda. Muvofiqlikni deklaratsiyalash
Muvofiqlikni deklaratsiyalash — mahsulotning normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki ijrochi tomonidan tasdiqlash.
Muvofiqlikni deklaratsiyalashda muvofiqlikni tasdiqlash qoidalari, tartibi va usullari texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi tegishli normativ hujjatlarda belgilanadi.
Agar muvofiqlikni deklaratsiyalashda muvofiqlikni tasdiqlash qoidalari, tartibi va usullarida mahsulot sinovini oʻtkazish zarur ekanligi belgilangan boʻlsa, bunday sinov akkreditatsiya qilingan sinov laboratoriyasi (markazi) tomonidan ishlab chiqaruvchi, sotuvchi yoki ijrochi bilan tuzilgan shartnoma asosida oʻtkaziladi.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-iyuldagi 318-son “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibotini soddalashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarorining 2-bandi va “Mahsulotning xavfsizlik talablariga muvofiqligini deklaratsiyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami 1465, 06.04.2005-y.).
10-modda. Inspeksiya nazoratini amalga oshirish
Inspeksiya nazorati Milliy akkreditatsiya organi, muvofiqlik sertifikatini bergan sertifikatlashtirish organlari yoki inspeksiya organlari tomonidan amalga oshiriladi. Inspeksiya nazorati natijalariga koʻra muvofiqlik sertifikatini yoki akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomani tasdiqlash, uning amal qilishini toʻxtatib turish, tugatish yoxud sertifikatni yoki guvohnomani bekor qilish toʻgʻrisida belgilangan tartibda qaror qabul qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qarori bilan tasdiqlangan “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom”ning 5-bobi.
11-modda. Sertifikatlashtirishni, yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiyani, mahsulot sinovini, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalarini yoki ekologik ekspertizani amalga oshirish
Sertifikatlashtirish, yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiya, mahsulot sinovi, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalari yoki ekologik ekspertiza qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
(11-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 6-iyuldagi 318-son qarori bilan tasdiqlangan “Mahsulotlarni sertifikatlashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi 122-son qarori bilan tasdiqlangan “Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari roʻyxati”, “Majburiy tartibda sertifikatlanadigan bir turdagi mahsulotlarning alohida turlarini sertifikatlash qoidalari” (roʻyxat raqami 1513, 28.09.2005-y.), Oʻzbekiston Respublikasining “Ekologik ekspertiza toʻgʻrisida”gi Qonuni.
12-modda. Muvofiqlikni tasdiqlashni amalga oshirish
Mahsulot, xizmatlar, ishlab chiqarish jarayonlari, menejment tizimlari, xodimlarning normativ-huquqiy hujjatlar, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqligini tasdiqlash sertifikatlashtirish va muvofiqlikni deklaratsiyalash natijalariga koʻra amalga oshiriladi. Sertifikatlashtirish va muvofiqlikni deklaratsiyalash majburiy yoxud ixtiyoriy tusda boʻlishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: (“Mahsulotlarni majburiy va ixtiyoriy sertifikatlashtirish”), “Mahsulotning xavfsizlik talablariga muvofiqligini deklaratsiyalash tartibi toʻgʻrisida”gi nizom (roʻyxat raqami 1465, 06.04.2005-y.), Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 27-maydagi 435-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasida mahsulotlarni ixtiyoriy ekologik markirovkalash tartibi toʻgʻrisida nizom”.
Muvofiqlikni baholash organlarining muvofiqligini tasdiqlash ularni akkreditatsiya qilish natijalariga koʻra amalga oshiriladi.
13-modda. Muvofiqlikni baholash qoidalari va tartib-taomili
Muvofiqlikni baholash qoidalari va tartib-taomili muvofiqlikni baholash sohasidagi tashkiliy hamda texnik talablarni, ishlarni bajarish va rasmiylashtirish tartibini, usullarini oʻz ichiga oladi.
Muvofiqlikni baholashga doir ishlar xodimlar tomonidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlikni baholashga doir ishlarga sifat boʻyicha ekspert-auditorlar va (yoki) tegishli tarmoqlarning muvofiqlikni baholash sohasida ishlarni tashkil etishga, ushbu sohadagi jarayonga yoki faoliyatga taalluqli maxsus bilim va tajribaga ega boʻlgan texnik ekspertlar jalb qilinishi mumkin.
14-modda. Muvofiqlikni baholash natijalarini tan olish
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida oʻtkazilgan muvofiqlikni baholash natijalarini Oʻzbekiston Respublikasida tan olish Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari hisobga olingan holda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-oktabrdagi 292-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarini Oʻzbekiston Respublikasida eʼtirof etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
2-bob. Muvofiqlikni baholash sohasini davlat tomonidan tartibga solish
15-modda. Muvofiqlikni baholash sohasini davlat tomonidan tartibga solishni amalga oshiruvchi organlar
Muvofiqlikni baholash sohasini davlat tomonidan tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi hamda boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari tomonidan qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(15-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
16-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining muvofiqlikni baholash sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
muvofiqlikni baholash sohasida yagona davlat siyosati amalga oshirilishini taʼminlaydi;
davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining muvofiqlikni baholash sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
Oʻzbekiston Respublikasida muvofiqligi tasdiqlanishi shart boʻlgan muvofiqlikni baholash obyektlari roʻyxatini tasdiqlaydi;
 LexUZ sharhi
Xususan, qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2011-yil 28-apreldagi 122-son qarori bilan tasdiqlangan “Majburiy tartibda sertifikatlanadigan, Oʻzbekiston Respublikasi hududida ishlab chiqariladigan va unga olib kiriladigan mahsulotlar turlari roʻyxati”
Milliy akkreditatsiya organi toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlaydi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Qonunning 20-moddasi va Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 348-son qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi toʻgʻrisida nizom”.
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida oʻtkazilgan muvofiqlikni baholash natijalarining Oʻzbekiston Respublikasida tan olinishi tartibini tasdiqlaydi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2015-yil 14-oktabrdagi 292-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida amalga oshirilgan muvofiqlikni baholash natijalarini Oʻzbekiston Respublikasida eʼtirof etish tartibi toʻgʻrisida”gi nizom.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(16-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi toʻgʻrisida”gi (yangi tahriri) Qonuni.
17-modda. Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligining, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligining, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining, boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlarining muvofiqlikni baholash sohasidagi vakolatlari
(17-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son)
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari oʻz vakolatlari doirasida:
(17-modda birinchi qismining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 24-dekabrdagi OʻRQ-597-sonli Qonuni tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son)
muvofiqlikni baholash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
muvofiqlikni baholash sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarni, shuningdek normativ hujjatlarni ishlab chiqishda ishtirok etadi;
Oʻzbekiston Respublikasida muvofiqligi tasdiqlanishi shart boʻlgan muvofiqlikni baholash obyektlari roʻyxatiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritishga doir takliflar ishlab chiqadi;
Oʻzbekiston Respublikasidan tashqarida oʻtkazilgan muvofiqlikni baholash natijalarini Oʻzbekiston Respublikasida tan olish zarurligi toʻgʻrisida belgilangan tartibda takliflar kiritadi;
muvofiqlikni baholash sohasi uchun mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirishda ishtirok etadi.
Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligi, Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi, Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, boshqa davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
18-modda. Muvofiqlikni baholash organlarining huquqlari
Muvofiqlikni baholash organlari:
akkreditatsiyaning belgilangan sohasida sertifikatlashtirishni amalga oshirish;
muvofiqlik sertifikatlari berish;
oʻzi bergan muvofiqlik sertifikatlarining yoki muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyani roʻyxatdan oʻtkazishning amal qilishini belgilangan tartibda toʻxtatib turish yoxud muvofiqlik sertifikatlarini yoki muvofiqlik haqidagi deklaratsiyani roʻyxatdan oʻtkazishni bekor qilish;
akkreditatsiyaning belgilangan sohasida mahsulot sinovini oʻtkazish, oʻlchov va sinov vositalarini tekshirish yoki kalibrlash;
akkreditatsiyaning belgilangan sohasida mahsulot sinovlariga oid bayonnomalarni, oʻlchov va sinov vositalarini tekshirish yoki kalibrlash toʻgʻrisidagi bayonnomalarni berish;
Muvofiqlikni baholash organlari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
(18-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
19-modda. Muvofiqlikni baholash organlarining majburiyatlari
Muvofiqlikni baholash organlari:
normativ-huquqiy hujjatlarda, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarni bajarishi;
Oldingi tahrirga qarang.
manfaatdor shaxsga sertifikatlashtirish, muvofiqlikni deklaratsiyalash, inspeksiya nazorati, yukni ortishdan oldin va (yoki) yukni tushirish vaqtidagi inspeksiya, mahsulot sinovlari, sanitariya-epidemiologiya, veterinariya, veterinariya-sanitariya, fitosanitariya xulosalari yoki ekologik ekspertiza qoidalari va tartib-taomili toʻgʻrisida axborot taqdim etishi;
(19-moddaning birinchi qismi uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 26-dekabrdagi OʻRQ-416-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2016-y., 52-son, 597-modda)
muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarni belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishni amalga oshirishi;
oʻzi bergan muvofiqlik sertifikatlarining, mahsulot sinovlariga oid bayonnomalarning, oʻlchov va sinov vositalarini tekshirish yoki kalibrlash toʻgʻrisidagi bayonnomalarning, shuningdek roʻyxatdan oʻtkazilgan muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyalarning hisobini yuritishi;
oʻzi bergan muvofiqlik sertifikatlari va roʻyxatdan oʻtkazilgan muvofiqlik toʻgʻrisidagi deklaratsiyalar, ularga oʻzgartirishlar va (yoki) qoʻshimchalar kiritish, ularning amal qilishini toʻxtatib turish, shuningdek ularni bekor qilish toʻgʻrisida Milliy sertifikatlashtirish organini xabardor qilishi;
mahsulot sinovlari, oʻlchov va sinov vositalarini tekshirish yoki kalibrlashning belgilangan qoidalari hamda tartib-taomillariga rioya etishi;
mahsulot sinovlari, oʻlchov va sinov vositalarini tekshirish yoki kalibrlash natijalarining toʻgʻriligini taʼminlashi;
akkreditatsiya bilan bogʻliq xarajatlarni qonunchilikda belgilangan tartibda toʻlashi shart.
(19-modda birinchi qismining toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Muvofiqlikni baholash organlari zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
(19-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
3-bob. Akkreditatsiya
 LexUZ sharhi
Qoʻshimcha maʼlumot uchun qarang: Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 24-apreldagi 349-son qarori bilan tasdiqlangan “Muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiyadan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida nizom”.
20-modda. Milliy akkreditatsiya organi
Milliy akkreditatsiya organi Oʻzbekiston standartlashtirish, metrologiya va sertifikatlashtirish agentligidir.
Milliy akkreditatsiya organi:
muvofiqlikni baholash sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirishda ishtirok etadi;
milliy akkreditatsiya tizimi tashkil etilishini, faoliyat koʻrsatishi va rivojlanishini taʼminlaydi;
muvofiqlikni baholash organlarini akkreditatsiya qilishni amalga oshiradi va ularga akkreditatsiya toʻgʻrisida guvohnoma beradi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Qonunning 22-moddasi.
muvofiqlikni baholash organlari ustidan inspeksiya nazoratini amalga oshiradi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Qonunning 10-moddasi.
belgilangan tartibda akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turadi, tugatadi va ushbu guvohnomani bekor qiladi;
 LexUZ sharhi
Qarang: Mazkur Qonunning 25, 26 va 27-moddalari.
xalqaro akkreditatsiya organlari va xorijiy davlatlarning milliy akkreditatsiya organlari bilan akkreditatsiya masalalari boʻyicha hamkorlik qiladi;
Muvofiqlikni baholash organlarining davlat reyestrini yuritadi.
Milliy akkreditatsiya organi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
(20-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
21-modda. Akkreditatsiya shartlari
Quyidagilarning mavjudligi akkreditatsiya shartlaridir:
akkreditatsiya qilinish uchun ariza;
Oldingi tahrirga qarang.
(21-modda birinchi qismining uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasining 2015-yil 20-avgustdagi OʻRQ-391-sonli Qonuniga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2015-y., 33-son, 439-modda)
akkreditatsiya qilish soʻralgan sohadagi ishlarni bajarish uchun akkreditatsiya qilinishga talabgor boʻlgan yuridik shaxslarning vakolatli ekanligini tasdiqlovchi hujjatlar;
akkreditatsiya bilan bogʻliq xarajatlar toʻlanganligini tasdiqlovchi hujjat.
Sertifikatlashtirish organi sifatida akkreditatsiya qilinishga talabgor boʻlgan yuridik shaxslar muvofiqlikni baholash obyektlarining ishlab chiqaruvchilari, sotuvchilari, ijro qiluvchilari va isteʼmolchilariga nisbatan tashkiliy hamda moddiy jihatdan tobe boʻlmasligi kerak.
Qonunchilikda akkreditatsiyaning boshqa shartlari ham belgilanishi mumkin.
(21-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
22-modda. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiyaning belgilangan sohasidagi ishlarni bajarishga vakolatli ekanligini tasdiqlovchi hujjatdir.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning shakli Milliy akkreditatsiya organi tomonidan tasdiqlanadi.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma besh yil muddatga beriladi.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomadan boshqa shaxsning foydalanishi taqiqlanadi.
23-modda. Milliy akkreditatsiya tizimining belgisi
Milliy akkreditatsiya tizimi milliy akkreditatsiya tizimi belgisiga ega boʻlib, ushbu belgi uni qoʻllovchi muvofiqlikni baholash organi Milliy akkreditatsiya organi tomonidan akkreditatsiya qilinganligini bildiradi.
Muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomani olish bilan bir vaqtda mazkur guvohnomaning amal qilish muddatida milliy akkreditatsiya tizimi belgisini qoʻllash huquqiga ega boʻladi.
Milliy akkreditatsiya tizimi belgisining shakli va uni qoʻllash tartibi Milliy akkreditatsiya organi tomonidan belgilanadi. Mazkur belgini qoʻllash qonunchilikda belgilangan tartibda pulli asosda amalga oshiriladi.
(23-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
24-modda. Akkreditatsiya sohasini oʻzgartirish
Akkreditatsiya sohasini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qaror muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya sohasini kengaytirishni yoki qisqartirishni soʻrab ariza bergan taqdirda, Milliy akkreditatsiya organi tomonidan qabul qilinadi.
Muvofiqlikni baholash organining akkreditatsiya sohasini kengaytirish u bilan kelishilgan muddatlarda akkreditatsiya qoidalari va tartib-taomillariga muvofiq amalga oshiriladi.
Akkreditatsiya sohasini qisqartirish boʻyicha qaror muvofiqlikni baholash organi qonunchilikda belgilangan talablarga rioya etmagan taqdirda, Milliy akkreditatsiya organi tomonidan inspeksiya nazorati natijalariga koʻra qabul qilinishi mumkin.
(24-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Akkreditatsiya sohasini oʻzgartirish toʻgʻrisidagi qaror ustidan Milliy akkreditatsiya organi toʻgʻrisidagi nizomda belgilanadigan tartibda shikoyat qilinishi yoxud sudga shikoyat qilinishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang:Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 50-moddasi.
25-modda. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish
Inspeksiya nazorati davomida aniqlangan nomuvofiqliklar bartaraf etilmagan taqdirda, akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilishi mumkin.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish Milliy akkreditatsiya organi yoki sud tomonidan amalga oshiriladi. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi Milliy akkreditatsiya organi tomonidan oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga, sud tomonidan esa, oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turilishi mumkin.
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish haqidagi qarori muvofiqlikni baholash organiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmasdan yozma shaklda yetkaziladi. Sudning akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish haqidagi hal qiluv qarori muvofiqlikni baholash organiga va Milliy akkreditatsiya organiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
(25-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga olib kelgan holatlarni bartaraf etgan taqdirda, akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish haqida qaror qabul qilgan Milliy akkreditatsiya organi yoki sud mazkur holatlar bartaraf etilganligi haqidagi tasdiqni olgan kundan eʼtiboran oʻn kun muddat ichida akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini qayta tiklash haqida qaror qabul qilishi shart.
 LexUZ sharhi
Qarang:Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 42-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksining 27-bobi (“Huquqiy taʼsir choralarini qoʻllash toʻgʻrisidagi ishlarni yuritish”).
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish haqidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turish sud tomonidan asossiz deb topilgan taqdirda, Milliy akkreditatsiya organi muvofiqlikni baholash organi oldida u koʻrgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 38 va 50-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi (“Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar”).
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi toʻxtatib turilganligi va qayta tiklanganligi haqidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi lozim.
26-modda. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi quyidagi hollarda tugatiladi:
muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatishni soʻrab ariza bilan murojaat qilganda;
yuridik shaxs boʻlgan muvofiqlikni baholash organi tugatilganda — tugatilgan paytdan eʼtiboran yoki uning faoliyati qayta tashkil etish natijasida tugatilganda — qayta tashkil etilgan paytdan eʼtiboran, bundan uning oʻzgartirilishi mustasno;
muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini toʻxtatib turishga sabab boʻlgan holatlarni Milliy akkreditatsiya organi yoki sud tomonidan belgilangan muddatda bartaraf etmaganda;
muvofiqlikni baholash organi normativ-huquqiy hujjatlarda, shuningdek texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarda belgilangan talablarni muntazam ravishda buzganda yoki bir marta qoʻpol tarzda buzganda;
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya toʻgʻrisida guvohnoma berish haqidagi qarori noqonuniy ekanligi aniqlanganda;
akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilish muddati oʻtganda.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish Milliy akkreditatsiya organi tomonidan amalga oshiriladi, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno.
Ushbu modda birinchi qismining toʻrtinchi — oltinchi xatboshilarida koʻrsatilgan hollarda akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish sudning hal qiluv qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi qarori muvofiqlikni baholash organiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmasdan yozma shaklda yetkaziladi. Sudning akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi hal qiluv qarori muvofiqlikni baholash organiga va Milliy akkreditatsiya organiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
(26-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Muvofiqlikni baholash organi Milliy akkreditatsiya organining yoki sudning akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi qarorini olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma Milliy akkreditatsiya organiga qaytarilishi va yoʻq qilib yuborilishi lozim.
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish haqidagi qarori ustidan sudga shikoyat qilinishi mumkin. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishini tugatish sud tomonidan asossiz deb topilgan taqdirda, Milliy akkreditatsiya organi muvofiqlikni baholash organi oldida u koʻrgan zarar miqdorida javobgar boʻladi.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 38 va 50-moddalari, Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 57-bobi (“Zarar yetkazishdan kelib chiqadigan majburiyatlar”).
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi tugatilganligi haqidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi lozim.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomaning amal qilishi uni tugatish haqida qaror qabul qilingan sanadan eʼtiboran tugatiladi.
27-modda. Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomani bekor qilish
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma quyidagi hollarda bekor qilinishi mumkin:
muvofiqlikni baholash organi akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomani bekor qilish haqidagi ariza bilan murojaat qilganda;
akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma soxta hujjatlardan foydalangan holda olinganligi fakti aniqlanganda.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomani ushbu modda birinchi qismining uchinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda bekor qilish sudning hal qiluv qaroriga koʻra, ushbu modda birinchi qismining ikkinchi xatboshisida nazarda tutilgan holda bekor qilish esa, Milliy akkreditatsiya organining qaroriga koʻra amalga oshiriladi.
Milliy akkreditatsiya organining akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomani bekor qilish haqidagi qarori muvofiqlikni baholash organiga qaror qabul qilingan kundan eʼtiboran uch kundan kechiktirmasdan yozma shaklda yetkaziladi. Sudning akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomani bekor qilish haqidagi hal qiluv qarori muvofiqlikni baholash organiga va Milliy akkreditatsiya organiga qonunchilikda belgilangan muddatlarda yetkaziladi.
(27-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Muvofiqlikni baholash organi Milliy akkreditatsiya organining yoki sudning akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomani bekor qilish haqidagi qarorini olgan kundan eʼtiboran oʻn kun ichida akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma Milliy akkreditatsiya organiga qaytarilishi, Muvofiqlikni baholash organlarining davlat reyestridan chiqarilishi va yoʻq qilib yuborilishi lozim.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma bekor qilinganligi haqidagi maʼlumotlar ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishi lozim.
Akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnomani bekor qilish haqida sudning hal qiluv qarori qabul qilinganda akkreditatsiya toʻgʻrisidagi guvohnoma u berilgan sanadan eʼtiboran bekor qilingan hisoblanadi.
4-bob. Yakunlovchi qoidalar
28-modda. Muvofiqlikni baholashga doir ishlarni moliyalashtirish
Muvofiqlikni baholashga doir ishlarni moliyalashtirish manfaatdor shaxslarning mablagʻlari, shuningdek qonunchilikka muvofiq boshqa manbalar hisobidan amalga oshiriladi.
Muvofiqlikni baholash sohasida koʻrsatiladigan xizmatlar uchun tariflarni hisob-kitob qilish tartibi qonunchilikka muvofiq tasdiqlanadi.
(28-moddaning birinchi va ikkinchi qismlari Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
29-modda. Muvofiqlikni baholash organlarining birlashmalari
Muvofiqlikni baholash organlari oʻz faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy manfaatlarni ifodalash va himoya qilish maqsadida qonunchilikda belgilangan tartibda muvofiqlikni baholash organlarining birlashmalarini tuzishi mumkin.
(29-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 77-moddasi va Oʻzbekiston Respublikasi “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonunining 10-moddasi, Oʻzbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi Qonuni.
30-modda. Nizolarni hal etish
Muvofiqlikni baholash sohasida yuzaga keladigan nizolar qonunchilikda belgilangan tartibda hal etiladi.
(30-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
31-modda. Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Muvofiqlikni baholash toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
(31-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
32-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
(32-moddaning nomi Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-apreldagi OʻRQ-683-sonli Qonuni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
davlat boshqaruvi organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
33-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
 LexUZ sharhi
Ushbu Qonun “Xalq soʻzi” gazetasining 2013-yil 5-oktabrdagi 196 (5870)-sonida eʼlon qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2013-yil 4-oktabr,
OʻRQ-354-son
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2013-y., 41-son, 542-modda; 2015-y., 33-son, 439-modda; 2016-y., 52-son, 597-modda; 2017-y., 37-son, 978-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 25.12.2019-y., 03/19/597/4193-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 21.04.2021-y., 03/21/683/0375-son)