|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 25.02.2013
|
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
IJTIMOIY NAFAQALAR TAYINLASh TARTIBINI YANADA TAKOMILLAShTIRISh HAMDA OILALARNING JAMI DAROMADLARI YANADA TO‘LIQ HISOBGA OLINIShINI TA’MINLASh TO‘G‘RISIDA
Mazkur qaror O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2013-yil 15-fevraldagi 44-sonli “Kam ta’minlangan oilalarga ijtimoiy nafaqalar va moddiy yordam tayinlash va to‘lash tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga asosan o‘z kuchini yo‘qotgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasining 2012-yilgi asosiy makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozi va Davlat budjeti parametrlari to‘g‘risida” 2011-yil 30-dekabrdagi PQ-1675-son qaroriga muvofiq hamda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari orqali ijtimoiy nafaqalar tayinlash va to‘lashning manzilliligini oshirish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Ehtiyojmand oilalarga nafaqalar va moddiy yordam tayinlash uchun o‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlarining taqdimnomalariga ko‘ra nafaqalar va moddiy yordam olish uchun oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ishonchliligi qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tekshirilishini ta’minlasin.
3. Respublika “Mahalla” jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligi, Moliya vazirligi hamda Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda aholi o‘rtasida ehtiyojmand oilalarga nafaqalar va moddiy yordam tayinlash uchun o‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqish tartibi to‘g‘risida keng tushuntirish ishlarini amalga oshirsin.
4. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 2-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
5. Vazirliklar va idoralar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda o‘z idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarini ushbu qarorga muvofiqlashtirsinlar.
6. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari R.S.Azimov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2012-yil 7-iyun,
165-son
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 7-iyundagi 165-son qaroriga
1-ILOVA
1-ILOVA
Ehtiyojmand oilalarga nafaqalar va moddiy yordam tayinlash uchun o‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqish tartibi to‘g‘risida
N I Z O M
I. Umumiy qoidalar
1. Ushbu Nizom qonun hujjatlariga muvofiq fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan tayinlanadigan va har oyda to‘lanadigan voyaga yetmagan bolalari bo‘lgan oilalarga nafaqalarni (keyingi o‘rinlarda bolali oilalarga nafaqalar deb ataladi), bola 2 yoshga to‘lgungacha parvarish qilish uchun nafaqalarni (keyingi o‘rinlarda onalarga nafaqalar deb ataladi), shuningdek kam ta’minlangan oilalarga moddiy yordamni (keyingi o‘rinlarda moddiy yordam deb ataladi) olish huquqini beradigan o‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqish tartibini belgilaydi.
2. Bolali oilalarga nafaqalar, onalarga nafaqalar va moddiy yordam har bir oila a’zosiga o‘rtacha oylik jami daromad miqdori eng kam oylik ish haqining 1,5 baravaridan ortiq bo‘lmagan oilalarga tayinlanadi va to‘lanadi.
3. O‘rtacha oylik jami daromad miqdori bolali oilalarga nafaqalar, onalarga nafaqalar yoki moddiy yordam uchun murojaat qilingan oydan oldingi oxirgi uch oyda qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdoridan kelib chiqqan holda aniqlanadi.
Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad oilaning har bir a’zosining bolali oilalarga nafaqalar, onalarga nafaqalar yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilingan oydan oldingi oxirgi uch oy uchun hisoblab chiqilgan o‘rtacha oylik daromadi summasini oilaning jami daromadini hisoblab chiqish uchun qabul qilingan oilaning a’zolari soniga bo‘lgan holda aniqlanadi.
II. O‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oila tarkibi
4. Bolali oilalarga nafaqalar, onalarga nafaqalar olish uchun oila tarkibiga:
otasi, onasi yoki bolalarning nikohdagi har ikki ota-onasi (farzandlikka oluvchilar);
ota-onasi bilan birgalikda yashaydigan va ularning qaramog‘ida bo‘lgan bolalar, shuningdek ota-onasi bilan birgalikda yashaydigan va o‘z oilasiga ega bo‘lmagan 16 yoshdan katta yoshdagi bolalar (shu jumladan farzandlikka olingan bolalar);
bolalarning ular bilan birgalikda yashaydigan bobolari va buvilari;
bolalarning ota-onalari bilan birgalikda xo‘jalik yurituvchi boshqa shaxslar kiritiladi.
Birgalikda yashaydigan oila a’zolari tarkibi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan belgilanadi.
Agar bir uy xo‘jaligida (bir pochta manzili bo‘yicha) ikki va undan ortiq bolali oilalar yashagan taqdirda, bolali oilalarga nafaqalar, onalarga nafaqalar va moddiy yordam olish uchun bir oila tarkibiga bolalarning ota-onalari, shuningdek ularning bobolari va buvilari hamda bolalarning ota-onalari bilan birgalikda xo‘jalik yurituvchi boshqa shaxslar, agar ular nafaqa tayinlashda boshqa bolali oilada hisobga olinmagan bo‘lsa, qabul qilinadi.
5. Moddiy yordam olish uchun oila tarkibiga oilaning birgalikda yashaydigan barcha a’zolari kiritiladi.
Birgalikda yashaydigan oila a’zolari tarkibi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan belgilanadi.
6. Bolali oilalarga nafaqalar, onalarga nafaqalar va moddiy yordam tayinlash uchun o‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oila tarkibiga quyidagilar kiritilmaydi:
nafaqa yoki moddiy yordam olish uchun murojaat qilgan ota-onalarning aka-ukalari va opa-singillari, agar ularning o‘z oilalari bo‘lsa;
ota-onalari ularga nisbatan ota-ona huquqlaridan mahrum etilgan bolalar;
ularning ta’minoti uchun O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga muvofiq pul mablag‘lari to‘lanadigan vasiylik (homiylik)dagi bolalar va to‘liq davlat ta’minotidagi bolalar;
chaqiriq bo‘yicha harbiy xizmatni o‘tayotgan yoxud harbiy ta’lim muassasasida o‘qiyotgan ota-ona (farzandlikka oluvchi);
sudning qaroriga ko‘ra jazoni ijro etish joylarida ekanligi munosabati bilan oilada hozir bo‘lmagan ota-ona (farzandlikka oluvchi).
III. O‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oila daromadlari turlari
7. O‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqishda hisobga olinadigan oilaning jami daromadiga oila a’zolari tomonidan olingan quyidagi daromadlar kiritiladi:
mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar;
mol-mulkdan olingan daromadlar;
xususiy tadbirkorning daromadi;
chet elda ishlaydigan yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan oila a’zolaridan pul tushumlari summasi;
O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida belgilangan boshqa daromadlar.
8. Mehnatga haq to‘lash shaklidagi daromadlar hisoblangan summa bo‘yicha hisobga olinadi (soliq haqidagi qonunlarda nazarda tutilgan soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar chegirib tashlangunga qadar).
9. Xorijiy valyutada olinadigan oila daromadi O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining bolali oilalarga nafaqalar, onalarga nafaqalar va moddiy yordam olish uchun ariza berilgan kunda belgilangan kursi bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining milliy valyutasiga qayta hisoblab chiqiladi.
IV. Daromad miqdorini aniqlash
10. Oilaning o‘rtacha oylik jami daromadi ushbu Nizomning 20-bandiga muvofiq fuqarolar tomonidan taqdim etiladigan oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar asosida aniqlanadi.
11. Agar fuqarolar tomonidan taqdim etilgan oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarda ushbu Nizomning 12—18-bandlariga muvofiq hisoblab chiqilgan normativ daromaddan past daromad summasi ko‘rsatilgan bo‘lsa, u holda oilaning o‘rtacha oylik jami daromadini hisoblab chiqish uchun normativ daromad miqdori qabul qilinadi.
12. Xususiy tadbirkor normativ daromadining har oylik miqdori quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
Od= BSSx2, bunda:
Od— xususiy tadbirkorning oylik normativ daromadi;
BSS – qonun hujjatlarida belgilangan faoliyat turi bo‘yicha yuridik shaxs tashkil etmasdan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi jismoniy shaxslardan (xususiy tadbirkorlardan) olinadigan qat’iy belgilangan soliq stavkasi.
13. Yuridik shaxs tashkil etmagan shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaligi boshlig‘i normativ daromadining har oylik miqdori quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
Od = Em/10 x Nod, bunda:
Od - yuridik shaxs tashkil etmagan shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaligi boshlig‘ining oylik normativ daromadi;
Em – shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaligini yuritish uchun berilgan yer uchastkasi maydoni (sotixlar bo‘yicha belgilanadi);
Nod – yer maydonining har 10 sotixidan olinadigan, qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan eng kam oylik ish haqining ikki baravari miqdoridagi normativ oylik daromad.
Yer uchastkasi obyektiv sharoitlar (suv bilan ta’minlanmaganlik, tuproqning sho‘rlanganligi va boshqalar) bo‘yicha normativ oylik daromadni yuqorida ko‘rsatilgan miqdorda olish imkonini bermagan yoki umuman daromad olish imkonini bermaydigan ayrim hollarda mahalliy davlat hokimiyati organlari normativ oylik daromadni pasaytirish tomonga tuzatish kiritishlari mumkin.
14. Uy xo‘jaligida oilaning qoramoldan olinadigan normativ daromadining har oylik miqdori quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
Od = (Qbs—1) x EKIH/2, bunda:
Od — uy xo‘jaligida oilaning qoramoldan olinadigan normativ daromadning har oylik miqdori;
Qbs – uy xo‘jaligidagi qoramollar bosh soni, yosh mollar chiqarib tashlangan holda;
EKIH – qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdori.
Yuridik shaxs tashkil etmagan shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaligida qoramol mavjud bo‘lgan taqdirda oila normativ daromadining har oylik miqdori yuridik shaxs tashkil etmagan shaxsiy yordamchi va dehqon xo‘jaligidan olingan normativ daromad har oylik miqdorining va uy xo‘jaligidagi qoramoldan oilaning normativ daromadi har oylik miqdorining jami sifatida belgilanadi.
15. Ko‘chmas mulkni ijaraga berishdan olingan normativ daromadning har oylik miqdori qonun hujjatlariga muvofiq uy-joyni ijaraga beruvchi jismoniy shaxslar uchun belgilangan ijara to‘lovi stavkalaridan kelib chiqqan holda belgilanadi.
16. Avtomototransport vositalarini ijaraga berishdan olingan normativ daromadning har oylik miqdori eng kam oylik ish haqining 2,5 baravari miqdorida belgilanadi.
17. Chet eldan oylik pul tushumlarining normativ summasi chet elda mehnat yoki tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi oila a’zolari sonini eng kam oylik ish haqining 2,5 baravariga ko‘paytirish yo‘li bilan aniqlanadi.
18. Oilaning oxirgi uch oy mobaynida ishlamayotgan mehnatga layoqatli a’zolari (16 yoshgacha bo‘lgan bolalarni tarbiyalash, o‘qish, o‘zgalarning parvarishiga muhtoj bo‘lgan shaxslarga qarash bilan band bo‘lmaganlar) uchun, mehnat bo‘yicha organlarda nafaqalar oluvchilar bundan mustasno, normativ daromadning har oylik miqdori quyidagi formula bo‘yicha aniqlanadi:
Od =Ioas EKIHx2,5, bunda:
Od – oilaning oxirgi uch oy mobaynida ishlamaydigan mehnatga layoqatli a’zolarining har oylik normativ daromadi;
Ioas — oilaning oxirgi uch oy mobaynida ishlamaydigan mehnatga layoqatli a’zolari soni;
EKIH – qonun hujjatlariga muvofiq belgilangan eng kam oylik ish haqi miqdori.
19. Xususiy korxona mulkdori va fermer xo‘jaligi boshlig‘ining o‘rtacha oylik jami daromadi tegishli xususiy korxona va fermer xo‘jaligining oldingi yilda olingan, ularning tasarrufida qolgan (soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar to‘langandan keyingi foyda summasi) daromadini 12 ga bo‘lish yo‘li bilan aniqlanadi.
V. Daromadlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni taqdim etish tartibi
20. Bolali oilalarga nafaqalar, onalarga nafaqalar va moddiy yordam olish uchun ariza beradigan shaxs ushbu Nizomga ilovaga muvofiq shakl bo‘yicha, ariza berilgan oydan oldingi oxirgi uch oy uchun oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni (keyingi o‘rinlarda ma’lumotlar deb ataladi) to‘ldiradi.
Ma’lumotlarga quyidagi tasdiqlovchi hujjatlar ilova qilinadi:
tuzilgan mehnat shartnomasi (kontrakt) yoki fuqarolik huquqi xarakteridagi shartnomalar bo‘yicha ishlarni bajaruvchi shaxslar uchun (soliq to‘lovchining individual raqami nusxasi ilova qilingan holda) – ish joyidan ma’lumotnoma;
dividendlar tarzida daromad oluvchi shaxslar uchun – dividendlar tarzidagi daromadlar summasi va ushlab qolingan soliqning umumiy summasi to‘g‘risida dividendlar to‘lagan yuridik shaxs tomonidan berilgan ma’lumotnoma;
oxirgi uch oyda yakka tartibdagi jamg‘ariladigan pensiya hisob raqamiga majburiy badallar tushumi to‘g‘risida Davlat-tijorat Xalq banki filiali tomonidan berilgan ma’lumotnoma;
xususiy tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchi yoki dehqon xo‘jaligi boshlig‘i hisoblanadigan shaxslar uchun – yuridik shaxs tashkil etmasdan xususiy tadbirkor va dehqon xo‘jaligi sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilganligi to‘g‘risidagi ma’lumotnoma nusxasi;
mol-mulkni (ko‘chmas mulkni va avtomototransport vositasini) ijaraga berganlik to‘g‘risidagi shartnoma nusxasi;
tuman (shahar) Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazida ishsizlar sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilgan shaxslar uchun — Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazidan ma’lumotnoma;
pensionerlar uchun — Moliya vazirligi huzuridagi budjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasining tuman (shahar) bo‘limidan ma’lumotnoma;
stipendiya oluvchi talabalar uchun – ta’lim muassasasidan ma’lumotnoma.
Zaruriyat bo‘lganda, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi ariza bergan shaxsdan boshqa tasdiqlovchi hujjatlarni, shu jumladan:
davlat soliq xizmati organlaridan – xususiy korxona mulkdori va fermer xo‘jaligi boshlig‘ining tasarrufida qoladigan daromadlar to‘g‘risidagi hujjatni;
jazoni ijro etish muassasalaridan – oilaning ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan a’zolariga oid hujjatni;
mudofaa ishlari organlaridan — oilaning harbiy xizmatni o‘tayotgan a’zosiga oid hujjatni talab qilishi mumkin.
Bunda ko‘rsatilgan ma’lumotnoma va ma’lumotlar murojaat qilingan kundan boshlab bir kun mobaynida bepul taqdim etilishi kerak.
21. Ariza berayotgan shaxslar tomonidan o‘z oilasi a’zolarining daromadlari to‘g‘risida ishonchsiz ma’lumotlarni qasddan taqdim etish yoki ularning buzilishi, buning oqibatida nafaqalar va moddiy yordamning asossiz tayinlanishi qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda javobgarlikka, shuningdek noqonuniy olingan pul mablag‘lari qaytarilishiga olib keladi.
VI. Oilaning o‘rtacha oylik jami daromadi miqdorini hisoblab chiqish
22. Oilaning o‘rtacha oylik jami daromadini hisoblab chiqish ariza beruvchi tomonidan nafaqa yoki moddiy yordam tayinlash to‘g‘risidagi ariza bilan bir vaqtda taqdim etilgan ma’lumotlar asosida, bolali oilalarga nafaqalar, onalarga nafaqalar va moddiy yordam to‘laydigan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan, tegishli fuqarolar yig‘ini hududiga birkitilgan Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi xodimi ishtirokida amalga oshiriladi.
23. Oilaning daromadi va uning tarkibi o‘zgargan taqdirda ariza beruvchi shaxs bir oydan kech bo‘lmagan muddatda bu haqda nafaqa yoki moddiy yordam to‘laydigan fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organiga ma’lum qilishi shart.
VII. Oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni tekshirish
24. Taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligi ma’lumotlar taqdim etilgan kundan boshlab uch kun muddatda nafaqa (moddiy yordam) tayinlash bo‘yicha maxsus komissiya a’zosi va tegishli fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi hududiga birkitilgan Bandlikka ko‘maklashish va aholini ijtimoiy muhofaza qilish markazi xodimi tomonidan tekshiriladi.
25. Taqdim etilgan ma’lumotlarning ishonchliligini tekshirish ma’lumotlarning tasdiqlovchi hujjatlarga muvofiqligini tekshirish, shuningdek, zaruriyat bo‘lganda, ma’lumotlarni bergan shaxsdan va uning oila a’zolaridan so‘rab-surishtirish yo‘li bilan amalga oshiriladi.
26. Zaruriyat bo‘lganda, (nafaqa tayinlash uchun barcha zarur hujjatlar taqdim etilgan sanadan boshlab uch kundan kechikmay) fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi taqdim etilgan ma’lumotlarni ularni tekshirish uchun mahalliy davlat soliq xizmati organiga:
xususiy tadbirkorlarning ushbu toifasi uchun belgilangan soliq stavkasini tasdiqlash;
dividendlar tarzida olingan daromadlar summasini tekshirish uchun so‘rovnoma yuborishi mumkin.
Davlat soliq xizmati organlari so‘rovnoma tushgan kundan boshlab o‘n ish kunidan kechikmay tegishli ma’lumotlarni fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga taqdim etishlari kerak.
Ehtiyojmand oilalarga nafaqalar va moddiy yordam tayinlash uchun o‘rtacha oylik jami daromad miqdorini hisoblab chiqish tartibi to‘g‘risidagi Nizomga
ILOVA
ILOVA
| 0 | 1 | varaq | ________________________________ga beriladi. | |||||
| | | | |
(fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi nomi) | ||||
|
Nafaqalar va moddiy yordam olish uchun oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risida | ||||||||
|
MA’LUMOTLAR | ||||||||
I. Oila tarkibi
| | (barcha oila a’zolari, jumladan ma’lumot beruvchi shaxs ham ko‘rsatiladi) | ||
| T/r |
Familiyasi, ismi |
Tug‘ilgan yili |
Ish, o‘qish joyi, pensioner, maktabgacha yoshda, ishsiz va boshqalar |
| 1. | | | |
| 2. | | | |
| 3. | | | |
| 4. | | | |
| 5. | | | |
| 6. | | | |
| 7. | | | |
| 8. | | | |
| 9. | | | |
| 10. | | | |
| 11. | | | |
| 12. | | | |
II. Oila a’zolarining oxirgi uch oydagi daromadlari:
| 1. Mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlar ( har bir daromad oluvchi bo‘yicha to‘ldiriladi) |
so‘m | ||||
|
T/r |
Daromad oluvchining familiyasi va ismi |
Birinchi oy uchun |
Ikkinchi oy uchun |
Uchinchi oy uchun |
Uch oy uchun hammasi |
| | | | | | |
| | | | | | |
| | | | | | |
| | | | | | |
| | | | | | |
| | | | | | |
| | | | | | |
| | | | | | |
| 2. Mol-mulk daromadlari, shu jumladan ijara, tadbirkorlik faoliyati, dehqon va shaxsiy yordamchi xo‘jalikdan olingan daromadlar, xususiy korxona va fermer xo‘jaligi boshlig‘i tasarrufida qoladigan daromad, yakka tadbirkorning daromadi, xorijdan tushgan pul mablag‘lari va boshqalar | ||||||
|
T/r |
Daromadning nomi |
Oluvchining familiyasi, ismi |
Birinchi oy uchun |
Ikkinchi oy uchun |
Uchinchi oy uchun |
Uch oy uchun hammasi |
| | | | | | | |
| | | | | | | |
| | | | | | | |
| | | | | | | |
| | | | | | | |
| | | | | | | |
| 3. Oila a’zolari tomonidan olingan pensiyalar, stipendiyalar, ijtimoiy nafaqalar, alimentlar | |||||
|
T/r |
Daromad oluvchining familiyasi, ismi |
Birinchi oy uchun |
Ikkinchi oy uchun |
Uchinchi oy uchun |
Uch oy uchun hammasi |
| | | | | | |
| | | | | | |
| | | | | | |
| | | | | | |
| 0 | 2 | varaq | ||||||
| 4. Boshqa doimiy daromadlar (chorvachilik mahsulotlarini sotishdan, grantlar bo‘yicha summalar, yaratilgan asarlar uchun daromadlar, ish beruvchidan olingan moddiy yordam, ishlamayotgan pensionerlarga to‘lovlar va shu kabilar) |
so‘m | ||||
|
T/r |
Daromadning nomi |
Birinchi oy uchun |
Ikkinchi oy uchun |
Uchinchi oy uchun |
Uch oy uchun hammasi |
| | | | | | |
| | | | | | |
| | | | | | |
III. Qo‘shimcha ravishda quyidagi ma’lumotlarni bildiraman:
Vazirlar Mahkamasining 2012-yil 7-iyundagi 165-son qaroriga
2-ILOVA
2-ILOVA
O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim qarorlariga kiritilayotgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar
1. Vazirlar Mahkamasining “Kam ta’minlangan oilalarni ijtimoiy himoya qilishni tashkil etish masalalari to‘g‘risida” 1994-yil 24-avgustdagi 434-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1994-y., 8-son, 40-modda) ilovada:
a) 7-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“Arizaga tasdiqlangan shakl bo‘yicha oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar ilova qilinadi”;
b) 8-bandga quyidagi mazmundagi xatboshilar qo‘shilsin:
“Oilaning nafaqaga muhtojligini aniqlash uchun asos sifatida oilaning qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq aniqlangan o‘rtacha oylik jami daromadi miqdori qabul qilinadi.
Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi hisob raqamidagi mablag‘lar miqdoridan va moddiy yordamning belgilangan miqdorlaridan kelib chiqqan holda moddiy yordam ko‘rsatish uchun mezonlar va asoslarni mustaqil ravishda belgilaydi. Bunda moddiy yordam tayinlash uchun oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmasligi kerak”;
v) 22-bandga quyidagi mazmundagi xatboshi qo‘shilsin:
“oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risida buzib ko‘rsatilgan va ishonchsiz ma’lumotlar aniqlanganda, agar ushbu ma’lumotlar fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining moddiy yordam tayinlash to‘g‘risidagi qaroriga ta’sir qilishi mumkin bo‘lsa”.
2. Vazirlar Mahkamasining “Bolali oilalarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 1996-yil 10-dekabrdagi 437-son qaroriga (O‘zbekiston Respublikasi QT, 1996-y., 12-son, 35-modda) ilovada:
a) 12-bandning ikkinchi xatboshidagi “shuningdek, oilaning jami daromadini hisoblash uchun fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organi tomonidan belgilangan davrda oila a’zolari olgan daromadning miqdori” so‘zlari chiqarib tashlansin;
b) 13-bandda:
“a” kichik band quyidagi tahrirda bayon qilinsin:
“a) tasdiqlangan shakl bo‘yicha oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risidagi ma’lumotlar”;
“g” kichik band chiqarib tashlansin;
v) 15-bandning uchinchi xatboshidagi “nisbatan ko‘p” so‘zlari “uch yuzdan ortiq” so‘zlari bilan almashtirilsin;
g) 18-bandda:
birinchi xatboshiga “to‘g‘ri keladigan” so‘zlaridan keyin “qonun hujjatlarida belgilangan tartibga muvofiq aniqlangan” so‘zlari qo‘shilsin;
ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
d) 19-bandga quyidagi mazmundagi jumla qo‘shilsin:
“Bunda nafaqa tayinlash uchun oilaning bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik jami daromad miqdori jami daromad aniqlanadigan davrda belgilangan eng kam oylik ish haqining 1,5 baravaridan ko‘p bo‘lmasligi kerak”;
e) 28-bandning ikkinchi xatboshi chiqarib tashlansin;
j) quyidagi mazmundagi 291-band qo‘shilsin:
“291. Oila a’zolarining daromadlari to‘g‘risidagi yoki boshqa ma’lumotlarning ishonchliligini tekshirishda fuqarolar yig‘inining yoki Nafaqa tayinlash komissiyasining qaroriga ta’sir etgan buzib ko‘rsatilgan va ishonchsiz ma’lumotlar aniqlanganda nafaqa to‘lash to‘xtatiladi, asossiz to‘langan pul mablag‘lari esa qonun hujjatlarida belgilangan tartibda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining hisob raqamiga qaytarilishi kerak”.
(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2012-y., 23-24-son, 259-modda)