Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 20.07.2023
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining
Qarori
TIJORAT BANKLARINING BANK TAVAKKALChILIKLARINI BOShQARIShIGA NISBATAN QOʻYILADIGAN TALABLAR TOʻGʻRISIDAGI NIZOMNI TASDIQLASh HAQIDA
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 25-mayda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 2229]
 LexUZ sharhi
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2023-yil 7-martdagi 4/11-sonli “Banklar va banklar guruhlarining tavakkalchiliklarni boshqarish tizimiga doir talablar toʻgʻrisidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qaroriga (roʻyxat raqami 3427, 18.04.2023-y.) asosan 2023-yil 20-iyuldan oʻz kuchini yoʻqotadi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda) qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ–1438-son “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvi qaror qiladi:
1. Tijorat banklarining bank tavakkalchiliklarini boshqarishiga nisbatan qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat roʻyxatidan oʻtkazilgan kundan boshlab oʻn kun oʻtgandan keyin kuchga kiradi.
Markaziy bank raisi F. MULLAJONOV
Toshkent sh.,
2011-yil 7-may,
14/2-son
Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2011-yil 7-maydagi 14/2-son qaroriga
ILOVA
Tijorat banklarining bank tavakkalchiliklarini boshqarishiga nisbatan qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisida
nizom
Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1995-y., 12-son, 247-modda), “Banklar va bank faoliyati toʻgʻrisida” (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1996-y., 5-6-son, 54-modda) qonunlari va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2010-yil 26-noyabrdagi PQ-1438-sonli “2011 — 2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting koʻrsatkichlariga erishishning ustuvor yoʻnalishlari toʻgʻrisida”gi qaroriga (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2010-y., 48-son, 442-modda) muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan tijorat banklarining (keyingi oʻrinlarda banklar deb yuritiladi) bank tavakkalchiliklarini boshqarishiga qoʻyiladigan talablarni belgilaydi.
I. Umumiy qoidalar
1. Bank tavakkalchiligi — bank faoliyatiga taʼsir qiluvchi iqtisodiy, moliyaviy, ijtimoiy, siyosiy, texnologik ichki va (yoki) tashqi omillarga bogʻliq boʻlgan holatlar natijasida bank faoliyatiga xos boʻlgan moliyaviy zararlar koʻrish va (yoki) bank likvidligi (bank oʻz majburiyatlarini vaqtida bajarish qobiliyati)ni toʻliq yoki qisman yoʻqotish xavfining mavjudligi.
2. Bank faoliyatida, asosan, quyidagi bank tavakkalchiliklari yuzaga kelishi mumkin:
a) kredit tavakkalchiligi — qarzdorning shartnomada belgilangan shartlar boʻyicha bank oldidagi oʻz moliyaviy majburiyatlarini qisman yoki toʻliq bajara olmasligi natijasida bankda yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotish bilan bogʻliq tavakkalchilik;
b) bozor tavakkalchiligi — bankning qimmatli qogʻozlar portfelidagi instrumentlari narxlarining, shuningdek, chet el valyutasi va qimmatbaho metallar kurslarining salbiy oʻzgarishi natijasida bankda yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotish bilan bogʻliq tavakkalchilik. Bozor tavakkalchiligi fond, valyuta va foiz tavakkalchiliklarini oʻz ichiga oladi, bunda:
fond tavakkalchiligi — qimmatli qogʻozlar portfelidagi instrumentlarning bozor narxlaridagi salbiy oʻzgarishi natijasida bankda yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotish bilan bogʻliq tavakkalchilik;
valyuta tavakkalchiligi — chet el valyutasi va qimmatbaho metallarning ochiq pozitsiyalari boʻyicha shu chet el valyutalari kurslari va qimmatbaho metallar baholarining oʻzgarishi natijasida bankda yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotish bilan bogʻliq tavakkalchilik;
foiz tavakkalchiligi — aktivlar, passivlar va koʻzda tutilmagan holatlardagi instrumentlar boʻyicha foiz stavkalarining salbiy oʻzgarishi natijasida bankda yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotish bilan bogʻliq tavakkalchilik;
Oldingi tahrirga qarang.
v) likvidlilik tavakkalchiligi — bankning oʻz moliyaviy majburiyatlarini toʻliq yoki qisman bajara olmasligi natijasida bankda yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotish bilan bogʻliq tavakkalchilik. Bankning likvidlilik tavakkalchiligi asosan, aktiv va passivlarning soʻndirilish muddatlarining oʻzaro nomuvofiqligi oqibatida yuzaga keladi. Bankning likvidlilik tavakkalchiligini boshqarish “Tijorat banklarining likvidliligini boshqarishga qoʻyiladigan talablar toʻgʻrisidagi nizom (roʻyxat raqami 2709, 2015-yil 13-avgust) talablari asosida amalga oshiriladi;
(2-bandning “v” kichik bandi Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining 2016-yil 26-martdagi 8/7-sonli (roʻyxat raqami 2229-1, 18.04.2016-y.) qarori taxririda — OʻR QHT, 2016-y., 16-son, 161-modda)
g) operatsion tavakkalchilik — bankning ichki tizimlari, jarayonlari, axborot texnologiyalari, xodimlar harakatlarida yoʻl qoʻyilgan xatoliklar yoki tashqi tabiiy jarayonlar, shu jumladan tabiiy ofatlar, natijasida bankda yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotish bilan bogʻliq tavakkalchilik;
d) mamlakat tavakkalchiligi — bankning xorijiy hamkorlari tomonidan iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy oʻzgarishlar sababli oʻz moliyaviy majburiyatlarini bajara olmasligi natijasida bankda yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotish bilan bogʻliq tavakkalchilik;
e) huquqiy tavakkalchilik — bank tomonidan normativ-huquqiy hujjatlar va tuzilgan shartnomalarga rioya qilinmaslik, ish jarayonida huquqiy xatoliklarga (notoʻgʻri yuridik maslahat yoki hujjatlarni notoʻgʻri tuzilishi) yoʻl qoʻyilishi, huquq tizimidagi kamchiliklar, hamkorlar tomonidan normativ-huquqiy hujjatlarning buzilishi natijasida bankda yuzaga keladigan moliyaviy yoʻqotish bilan bogʻliq tavakkalchilik;
j) biznesda obroʻ-eʼtiborni yoʻqotish tavakkalchiligi — bankning moliyaviy barqarorligi toʻgʻrisida omma ichida salbiy tasavvur yuzaga kelishi sababli, mijozlar sonining kamayishi, koʻrsatilayotgan xizmat sifatining tushishi natijasida, bankda zararlar yuzaga kelishi tavakkalchiligi;
z) firibgarlik tavakkalchiligi — bankda xodimlar, mijozlar va boshqa hamkorlarning firibgarlik yoki boshqa jinoiy xatti-harakatlari oqibatida moliyaviy zararlar koʻrish xatari. Bankdan naqd pul va boshqa qimmatliklarning oʻgʻirlanishi hamda bank xodimlari tomonidan ataylab moliyaviy hisob va hisobotlarda zararlarni (vaqtincha yoki tekshirish orqali aniqlanguncha) yashirilishi natijasida bankning moliyaviy ziyon koʻrishi.
3. Bank tavakkalchiliklarini boshqarish — bank oʻz faoliyatini yuritishi va bank operatsiyalarini oʻtkazishida paydo boʻlishi mumkin boʻlgan tavakkalchiliklarni aniqlash, ularning oldini olish, bartaraf etish, kamaytirish va koʻrilishi mumkin boʻlgan zararlarni boshqa moliyaviy vositalar orqali qoplash boʻyicha bank tomonidan amalga oshiriladigan harakatlar majmui tushuniladi.
4. Bank faoliyatidagi tavakkalchiliklarni boshqarish quyidagi asosiy maqsadlarda tashkil etiladi:
bank omonatchilari va kreditorlari, aksiyadorlari manfaatlarini himoya qilish;
bank tavakkalchiliklarini kamaytirish, bartaraf etish va oldini olish;
bank faoliyatining yetarli darajadagi barqarorligini taʼminlash.
II. Bank tavakkalchiliklarini boshqarishga doir talablar
5. Banklardan bank tavakkalchiliklarini boshqarishda quyidagilar talab etiladi:
bank faoliyati va uning atrofidagi muhitning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga oluvchi, aniq ifodalangan va hujjatlashtirilgan tavakkalchiliklarni boshqarish siyosatini ishlab chiqish;
bank tavakkalchiligini boshqarish vazifalari yuklangan tarkibiy boʻlinmani tashkil etish;
bank tavakkalchiligini boshqarish boʻlinmasini tajribali va malakali mutaxassislar bilan taʼminlash;
bank yangi xizmatlarni joriy qilishda, yirik bitimlarni tuzishda, xorijiy moliya institutlari bilan aloqa oʻrnatishda, investitsiyalar kiritishda, chet el valyutasidagi mablagʻlarni aktivlarga joylashtirishda, yangi xodimlarni ishga qabul qilishda hamda boshqa bank tavakkalchiligi yuzaga kelishi mumkin boʻlgan bank operatsiyalarini tavakkalchilikni yuzaga kelishi va uni bartaraf etish, oldini olish, kamaytirish nuqtai nazaridan bank tavakkalchiligini boshqarish boʻlinmasi bilan kelishuvni amalga oshirish.
6. Bank tavakkalchiligini boshqarish boʻlinmasi xodimlari quyidagi talablarga javob berishlari lozim:
bajarayotgan vazifalari xususiyatiga mos boʻlgan oliy maʼlumotga ega boʻlishi;
bankning kredit, valyuta, depozit va qimmatli qogʻozlar boʻyicha operatsiyalari, buxgalteriya hisobi va hisoboti, yuridik xizmati va axborotlashtirish boʻlimlarida kamida ikki yil ish stajiga va kasbiy malakaga ega boʻlishi (boʻlinma rahbari uchun bankning mazkur boʻlimlarida kamida ikki yil rahbarlik lavozimida yoki boʻlinmada kamida toʻrt yil ish staji va kasbiy malakaga ega boʻlish talab etiladi);
tegishli xodimlar milliy va xalqaro buxgalteriya hisobi, xalqaro audit standartlari qoidalarini qoʻllash, bank nazorati boʻyicha Bazel qoʻmitasi tamoyillari va standartlari hamda xalqaro reyting kompaniyalarining bank faoliyatini baholash uslubiyoti boʻyicha bilimlarga ega boʻlishi va bank tavakkalchiliklari boʻyicha maxsus kurslarda malakalarini oshirishi.
7. Quyidagilar bank tavakkalchiligini boshqarish boʻlinmasining vazifalari hisoblanadi:
bank faoliyatida uchrashi mumkin boʻlgan barcha tavakkalchiliklar roʻyxatini yuritish, ularning yuzaga kelish omillarini oʻrganish va monitoring qilish hamda tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha barcha choralarni koʻrish;
bank tavakkalchiliklarini baholash;
bank faoliyatida bank tavakkalchiliklarini boshqarish borasida qabul qilinishi lozim boʻlgan choralar, talablar va meʼyorlarni bank Boshqaruvi organi muhokamasiga kiritish;
normativ-huquqiy hujjatlar talablariga asosan bank tavakkalchiliklarini qoplash uchun zaxiralarni shakllantirish yuzasidan choralar koʻrish;
bank xizmatlari va operatsiyalarini amalga oshirish boʻyicha bankning ichki hujjatlari loyihasini ishlab chiqishda va bank xodimlarining lavozim majburiyatlarini belgilashda qatnashish;
joriy qilinayotgan yangi bank xizmatlari va operatsiyalari, bitimlar yuzasidan takliflar tayyorlash;
bank xizmatlarini koʻrsatish va operatsiyalarini amalga oshirish tartiblarini takomillashtirish;
bank kredit (investitsiya) portfelini kredit (investitsiya) turi, qarzdor (emitent)ning iqtisodiyot tarmogʻi, hududi, kredit taʼminoti, maqsadi, foizi va undirish muddatlari boʻyicha alohida-alohida monitoring oʻrnatish va ularni tahlil qilish;
muammoli kreditlarni, ularning iqtisodiyotning qaysi sohasiga tegishliligini, muammoga aylanganlik sababini, ushbu kreditlarni ajratish va monitoring qilish jarayonlarini oʻrganish natijasida tegishli xulosalar qilish va takliflar tayyorlash;
kredit tavakkalchiligini aniqlash va oldini olish maqsadida kredit olgan shaxslar boʻyicha maʼlumotlarni umumlashtirish va tegishli xulosalar qilish;
bank axborotlari bazasiga ruxsatsiz kirishdan ishonchli himoyalashni taʼminlovchi dasturlarni ishlab chiqish va takomillashtirishda ishtirok etish;
bank xodimlari tomonidan bank xizmatlarini koʻrsatishda va bank operatsiyalarini amalga oshirishda oʻz lavozim majburiyatlari va vazifalariga hamda normativ-huquqiy hujjatlarga qatʼiy amal qilinishini taʼminlash yuzasidan choralar koʻrish;
bankning moliyaviy holatini, likvidliligini stress-testdan oʻtkazish va mijozlarni skoring tahlil qilish uslublarini ishlab chiqish va ularning qoʻllanilishini taʼminlash;
bankda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan barcha xizmat (omonat va kredit) turlari va operatsiyalar roʻyxatini yuritish;
jahondagi moliya va iqtisodiy sohalarda, shu jumladan milliy iqtisodiyotda yuz berayotgan oʻzgarishlarni oʻrganish, kuzatish va lozim boʻlsa takliflar tayyorlash;
bank menejmenti va texnologiyalari, shu jumladan bank tavakkalchiliklarini boshqarish boʻyicha xalqaro va xorijiy banklar tajribalarini va bu borada yangiliklarni oʻrganish va takliflar tayyorlash;
har yarim yilda, bank Boshqaruvi va bank Kengashining tavakkalchiliklarni nazorat qilish Qoʻmitasi yigʻilishlarida muhokama qilish uchun bank tavakkalchiliklarini boshqarish borasida olib borilayotgan ishlar natijalari boʻyicha hisobotlar berish.
III. Yakuniy qoidalar
8. Banklar oʻz faoliyatlaridan kelib chiqqan holda tavakkalchiliklarni boshqarish boʻyicha qoʻshimcha choralar belgilashi mumkin.
9. Bank tavakkalchiligini boshqarish boʻlinmasi bevosita bank Boshqaruvi raisiga hisobdor va bankning boshqa boʻlinmalaridan mustaqildir.
Oldingi tahrirga qarang.
10. Banklar oʻz foydalari hisobidan qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda bank tavakkalchiliklari oqibatida yuzaga keladigan zararlarni qoplash boʻyicha fondlar tashkil etishi mumkin.
(10-band Oʻzbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 28-iyuldagi 16-mh-sonli buyrugʻi (roʻyxat raqami 3313, 28.07.2021-y.) tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2011-y., 20-21-son, 216-modda; 2016-y., 16-son, 161-modda; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 28.07.2021-y., 10/21/3313/0724-son)