|
Hujjat kuchini yo‘qotgan " " 11.12.2013
|
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining
Qarori
TADBIRKORLIK FAOLIYATI BILAN BOGʻLIQ JINOYaT VA MAʼMURIY HUQUQBUZARLIK TOʻGʻRISIDAGI IShLAR BOʻYIChA SUD AMALIYoTINING AYRIM MASALALARI HAQIDA
Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2013-yil 11-dekabrdagi 20-sonli “Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq ishlar boʻyicha sud amaliyotining ayrim masalalari toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2006-yil 3-fevraldagi 5-sonli qaroriga asosan kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar bilan)
Sud amaliyoti tahlili shuni koʻrsatadiki, ayrim hollarda tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanayotgan shaxslarni asossiz javobgarlikka tortish, ularga nisbatan adolatsiz jazo tayinlash, shu jumladan ish boʻyicha hech bir zarurat boʻlmaganda ham ularni muayyan huquqdan mahrum qilish va axloq tuzatish ishi jazosini umumiy asoslarda belgilashga yoʻl qoʻyilmoqda. Bu esa, ularni bozor iqtisodiyoti sharoitida jamiyat uchun foydali boʻlgan tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish imkoniyatidan mahrum etmoqda.
Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sudlar tomonidan qonunlarning toʻgʻri tatbiq etilishini taʼminlash maqsadida, “Sudlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 17-moddasiga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumi qaror qiladi:
1. Tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sudlarga tadbirkorlik faoliyati subyektlari huquq va erkinliklarining kafolatlari haqidagi qonun hujjatlariga qatʼiy rioya qilishlari shartligi tushuntirilsin.
2. “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi Qonuni mazmuniga koʻra, tadbirkorlik — tegishli subyektlar tomonidan qonun hujjatlariga muvofiq amalga oshiriladigan, tavakkalchilik asosida oʻz mulkiy javobgarligi ostida daromad (foyda) olishga qaratilgan tashabbuskor faoliyatdir.
Tadbirkorlik faoliyati subyektlari belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtib, tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirayotgan yuridik va jismoniy shaxslar hisoblanadi.
Tadbirkorlik subyekti oʻz faoliyati natijasida cheklanmagan miqdorda daromad (foyda) olish, mol-mulkka egalik qilish, undan foydalanish, uni tasarruf qilish, shuningdek mahsulot yetkazib beruvchi va isteʼmolchilarni erkin tanlashga haqli.
3. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunga muvofiq tuzilgan shartnoma shartlarini bajara olmaganlik oqibatida kelib chiqqan moddiy zarar (boy berilgan foyda) mavjudligining oʻzi tadbirkorni jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos boʻla olmaydi.
Ushbu nizolar fuqarolik munosabatlariga taalluqli boʻlib, fuqarolik yoki xoʻjalik protsessual qonunlarida belgilangan tartibda hal qilinadi.
Ayni paytda bunday nizolarni koʻrib chiqish chogʻida, sud shaxsning xatti-harakatida muayyan jinoyat tarkibi mavjud degan xulosaga kelsa, qonunda belgilangan tartibda jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal qiladi.
4. Jinoyat kodeksining tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq jinoyatlar uchun javobgarlikni belgilovchi ayrim moddalari dispozitsiyasida shaxsni javobgarlikka tortish uchun unga nisbatan muqaddam maʼmuriy jazo qoʻllanilgan boʻlishi shartligi nazarda tutilgan. Bunda, MJtKning 37-moddasida belgilangan muddatlarga qatʼiy rioya qilinishi zarur.
Sudlar, shuni eʼtiborda tutishlari kerakki, aybdorning muqaddam tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq jinoyati uchun JK 72-moddasi tartibida belgilangan sinov muddati davrida, shuningdek ozodlikdan mahrum qilish bilan bogʻliq boʻlmagan jazoni oʻtashi davomida yoki jazoni oʻtab boʻlgandan soʻng sudlanganlik holati tugallanmasdan, yoxud qonunda belgilangan tartibda olib tashlanmasdan tadbirkorlikka oid huquqbuzarlikni sodir etganda ham uning muqaddam maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlishi talab qilinadi. Jinoyat kodeksi muayyan moddalarining tegishli qismlari dispozitsiyalarida nazarda tutilgan kvalifikatsiya belgilari mavjud boʻlgan jinoyat sodir etilgan hollar bundan mustasno.
5. Sudlar, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq jinoyat ishlarini koʻrishda yuridik shaxs tashkil etgan holda bunday faoliyat bilan shugʻullanayotgan kichik va oʻrta biznes subyektlari rahbarlarining gʻayriqonuniy harakat yoki harakatsizligi JKning iqtisodiyot asoslari va xoʻjalik sohasidagi jinoyatlar uchun javobgarlikni belgilovchi boblaridagi moddalar dispozitsiyasi bilan qamrab olinsa, qoʻshimcha ravishda mansabdorlik jinoyatlari bilan kvalifikatsiya qilinmasligini nazarda tutishlari kerak.
6. Tushuntirilsinki, tadbirkorlik faoliyati subyektlarini JK 167-moddasi bilan javobgarlikka tortishda mulkchilik shakllariga alohida eʼtibor qaratilishi, jumladan xususiy firma va korxonalar, dehqon (fermer) xoʻjaliklari mulkdorlari oʻz mulklarini shaxsiy maqsadlarda tasarruf qilganliklari uchun ushbu modda bilan javobgarlikka tortilishlari mumkin emas.
Tadbirkorlik faoliyati umumiy xususiy mulkchilikka asoslangan hollarda, mulkdorlardan biri bunday mulkni talon-toroj etsa, shaxsni jinoiy javobgarlikka tortish uchun, bu haqda mulkdorlar vakolatli organining belgilangan tartibda qabul qilingan qarori yoki mulkdorlarning arizasi mavjud boʻlishi shart.
7. Sudlar qilmishni JK 184-moddasi bilan kvalifikatsiya qilishda tadbirkor amalda olgan foyda (daromad)dan soliq va boshqa majburiy toʻlovlarni toʻlashdan qasddan boʻyin tovlagan boʻlishi shartligiga eʼtibor berishlari lozim.
Foyda (daromad)ni qasddan yashirishning belgilari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1997-yil 23-oktabrdagi “Tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanuvchi jismoniy shaxslardan soliqlar va yigʻimlar undirishni tartibga solish toʻgʻrisida”gi 483-sonli qaroriga 1-Ilovada qatʼiy koʻrsatilgan boʻlib, bular: hujjatlarni soxtalashtirish (tuzatish, noqonuniy toʻgʻrilash); qalbaki boshlangʻich buxgalteriya hujjatlaridan foydalanish; foydalanilmagan moddiy xarajatlarni ishlab chiqarish hisobiga qoʻshib hisobdan chiqarish; korxonada ishlamaydigan, lekin hisobda turadigan xodimlarga ish haqi yozish yoʻli bilan mehnatga haq toʻlash xarajatlarini oshirish; sotishdan olingan tushumni hisobot davridan keyingi davrga oʻtkazish (sotish hajmini va daromadni qasddan kamaytirish); moddiy, yoqilgʻi-energetika resurslari xarajatlarini va amortizatsiya (eskirish) miqdorini sunʼiy ravishda oshirish yoki normativ (limit)larni notoʻgʻri qoʻllash; hujjatlarni yoʻq qilish yoki ularni taqdim etishni rad etish; sotish joylarida buxgalteriya hujjatlari va boshqa hujjatlar bilan tegishli ravishda rasmiylashtirilmagan mahsulot (tovar)larning mavjud boʻlishi; davlat roʻyxatidan oʻtmasdan va soliq organlarida hisobda turmasdan xoʻjalik (tadbirkorlik) faoliyatini yuritish; davlat soliq xizmatining yozma bildirishnomasi mavjud boʻlgani holda ikki va undan ortiq manbalardan daromad oluvchi jismoniy shaxslar tomonidan barcha daromadlari haqida deklaratsiya taqdim etmaslikdan iborat.
JK 184-moddasida nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlarni koʻrishda sudlarning eʼtibori tadbirkorning qilmishida yuqorida qayd etilgan holatlardan biri mavjud boʻlishi zarurligiga qaratilsin.
JK 184-moddasi dispozitsiyasida koʻrsatilgan “ancha miqdor”, “koʻp miqdor” va “juda koʻp miqdor” tushunchalariga baho berishda olingan foyda (daromad)ning miqdoridan emas, balki toʻlanmagan soliq yoki boshqa majburiy toʻlovlar summasidan kelib chiqiladi.
Qonun mazmuniga koʻra (Soliq kodeksining 133-moddasi) agar soliq, yigʻim, boj yoki boshqa majburiy toʻlovlarni biron turi boʻyicha ortiqcha toʻlangan summalar oʻrni, boshqa tur boʻyicha qasddan toʻlanmagan summalar oʻrnini toʻliq qoplasa, shaxs maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka tortilmaydi.
Soliq, yigʻim, boj yoki boshqa majburiy toʻlovlarni biron turi boʻyicha ortiqcha toʻlangan summalar oʻrni, boshqa turi boʻyicha qasddan toʻlanmagan summalar oʻrnini qisman qoplagan hollarda esa, shaxsning javobgarligi masalasi toʻlangan va toʻlanmagan summalar oʻrtasidagi farqning miqdoridan kelib chiqqan holda hal qilinadi.
8. Sudlar tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq jinoyat va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda Oʻzbekiston Respublikasining “Tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlari toʻgʻrisida”gi, “Xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini davlat tomonidan nazorat qilish toʻgʻrisida”gi qonunlari, “Nazorat qiluvchi organlar tomonidan oʻtkaziladigan xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatini tekshirishni muvofiqlashtirish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom talablariga rioya etilganligiga, jumladan, nazorat qiluvchi organlar xoʻjalik yurituvchi subyektlar faoliyatiga aralashmaganligiga, tekshirishning qonuniyligi, davriyligi va belgilangan muddatlarda oʻtkazilganligiga hamda “Tekshirishlarni roʻyxatga olish Kitobi”ga bu haqda tegishli yozuvlar kiritilganligiga eʼtibor berishlari kerak.
Bundan tashqari, ish materiallarida nazorat qiluvchi organlar faoliyatini muvofiqlashtiruvchi vakolatli organ tomonidan tasdiqlangan rejadan koʻchirma (ruxsatnoma), tekshiruvchi organ bilan auditorlik tashkiloti oʻrtasida tuzilgan shartnoma nusxasi, xodimda tekshirish huquqini beruvchi maxsus guvohnoma mavjudligiga, shuningdek, tadbirkorlik faoliyati mustaqilligini cheklashga qaratilgan xatti-harakat (hisob raqamidagi mablagʻni asossiz toʻxtatib turish, mablagʻlarni boshqa maqsadlarda ishlatishga majburlash kabi)larga ahamiyat berishlari zarur.
Bunday qonunbuzarlik hollariga yoʻl qoʻygan mansabdor shaxslarga nisbatan sudlar, tegishli munosabat bildirishlari va ularni MJtK 2411-moddasi bilan javobgarlikka tortish masalasini, yetarli asoslar aniqlangan hollarda esa, belgilangan tartibda jinoyat ishi qoʻzgʻatish masalasini hal etishlari lozim.
9. Etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotlarini qonunga xilof ravishda (tegishli aksiz markalarisiz va hokazo) muomalaga kiritish (JK 1861-moddasi) deganda, uni haq evaziga sotish yoki tijorat maqsadida boshqa moddiy qimmatliklarga ayirboshlash, shuningdek garovga qoʻyish, qarz evaziga oʻtkazish tushuniladi.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 17-sonli qarori tahririda)
10. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 164-moddasi va Jinoyat kodeksining 189-moddasida nazarda tutilgan savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarini buzishning subyekti sifatida faqat belgilangan tartibda savdo yoki xizmat koʻrsatish faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlgan shaxslar tushuniladi. Bu huquqbuzarlik tovarlar bevosita savdo qoidalari buzib muomalaga kiritilganda (sotilganda), shuningdek, xizmat koʻrsatish qoidalari buzilganda sodir etilgan hisoblanadi.
Mazkur moddalarning dispozitsiyasi havolaki (blanket) dispozitsiya boʻlganligi sababli, Maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi bayonnomada va ayblov xulosasida savdo yoki xizmat koʻrsatish qoidalarining aynan qaysi bandi talabi buzilganligi koʻrsatilgan boʻlishi shart.
11. Sudlarga tushuntirilsinki, qonunga koʻra belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtish deganda tadbirkorlik subyektlarining vakolatli davlat organlari (hokimlik yoki adliya idoralari)da davlat roʻyxatiga olinishi tushuniladi. Davlat soliq inspeksiyalari tomonidan beriladigan “Qayd guvohnomasi” ularning ichki idoraviy hujjati boʻlib, uning mavjud emasligi yoki muddati oʻtganligi faktining oʻzi tadbirkorlik subyektlarini JK 188-moddasi bilan javobgarlikka tortish uchun asos boʻla olmaydi.
Biroq, shaxs tadbirkorlik faoliyati tugatilgandan soʻng ham bunday faoliyatni davom ettirsa, u JK 188-moddasida koʻrsatilgan jinoyatning subyekti boʻlishi mumkin.
12. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2002-yil 20-iyundagi PF-3076 va 11-iyuldagi PF-3105-sonli farmonlari, Vazirlar Mahkamasining 2002-yil 6-maydagi 154-sonli, 13-iyundagi 208-sonli, 12-iyuldagi 248 va 249-sonli, 19-iyuldagi 257-sonli, 20-avgustdagi 295-sonli qarorlariga muvofiq ishlab chiqilgan va Adliya vazirligi tomonidan 2002-yil 31-avgustda 1169-raqami bilan roʻyxatga olingan “Yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan isteʼmol tovarlarini olib kelish va sotish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomda Oʻzbekiston Respublikasi hududiga tovar moddiy boyliklarini olib kirishning va muomalaga kiritishning yangi tartibi belgilangan.
Shu munosabat bilan sudlar mazkur toifadagi ishlarni koʻrishda ushbu Nizomda belgilangan qoidalarga asoslanishlari kerak.
13. Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 245-moddasiga koʻra shaxs huquqbuzarlik faktini inkor etgan taqdirda maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi har qanday ish uning koʻrib chiqilishi qaysi vakolatli davlat organiga (mansabdor shaxsga) taalluqliligidan qatʼi nazar, sudlar tomonidan koʻriladi. Shuning uchun ham sudlar bunday ishlarni oʻz ish yurituvlariga moneʼliksiz qabul qilishlari va mazmunan hal etishlari lozim.
14. “Normativ-huquqiy hujjatlar toʻgʻrisida”gi Qonunning 14-moddasiga koʻra teng yuridik kuchga ega boʻlgan normativ hujjatlar bir-biriga zid kelgan hollarda keyinroq qabul qilingan hujjat qoidalari amal qiladi. Jumladan, bojxonaga doir qonun hujjatlarini buzish bilan bogʻliq maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrishda sudlar ushbu masalada Bojxona kodeksida belgilangan normalarni qoʻllashlari lozim.
15. Tushuntirilsinki, qonunga koʻra yakka tartibda oʻz faoliyatini amalga oshiruvchi tadbirkorlar ham xoʻjalik yurituvchi subyektlar doirasiga kiradi. Shu tufayli bunday shaxslar tomonidan oziq-ovqat mahsulotlari va sanoat mollarini ularning sifati va ishlab chiqarish markasini tasdiqlaydigan hujjatlarsiz sotilishi, shuningdek sotish maqsadida olinishi MJtK 164-moddasi bilan emas, balki toʻgʻridan toʻgʻrishu kodeksning 166-moddasi bilan kvalifikatsiya qilinishi lozim.
(15-band Oʻzbekiston Respublikasi Oliy sudi Plenumining 2007-yil 14-noyabrdagi 17-sonli qarori tahririda)
16. Sudlarga tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq jinoyat ishlari yuzasidan huquqiy asoslar mavjud boʻlgan hollarda aybdorlarni muayyan huquqdan mahrum etmasdan ularga axloq tuzatish ishi jazosini oʻz ish joylarida oʻtashlikni belgilash maqsadga muvofiqligi tushuntirilsin.
17. Uqtirilsinki, tadbirkorlik faoliyati bilan bogʻliq jinoyatlarni sodir etgan shaxslar jinoyat oqibatida yetkazilgan zararni ixtiyoriy ravishda qoplagan, aybiga iqrorlik va chin koʻngildan pushaymonlik bildirgan hollarda, sudlar JK 65, 66, 70, 71-moddalariga asosan ularni jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod qilish masalasini muhokama qilishlari shart.
2002-yil 25-oktabr,
26-son