|
Hujjat yangi tahrirda qabul qilingan
|
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
“BIRJALAR VA BIRJA FAOLIYaTI TOʻGʻRISIDA”GI OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI QONUNIGA OʻZGARTIShLAR VA QOʻShIMChALAR KIRITISh HAQIDA
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2014-yil 12-sentabrdagi OʻRQ-375-sonli “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuniga muvofiq yangi tahrirda qabul qilingan.
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi qaror qiladi:
Oʻzbekiston Respublikasining 1992-yil 2-iyulda qabul qilingan “Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuniga (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1992-yil, № 10, 394-modda; 1993-yil, № 1, 19-modda, № 9, 329-modda; 1994-yil, № 11-12, 285-modda; Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Axborotnomasi, 1998-yil, № 3, 38-modda; 1999-yil, № 9, 229-modda) oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritilib, uning yangi tahriri tasdiqlansin (ilova qilinmoqda).
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
2001-yil 29-avgust,
260-II-son
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASINING QONUNI
BIRJALAR VA BIRJA FAOLIYaTI TOʻGʻRISIDA
(yangi tahriri)
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi birjalarni tashkil etish va ularning faoliyati bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solishdan iboratdir.
2-modda. Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari
Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari ushbu Qonun va boshqa qonun hujjatlaridan iboratdir.
Ushbu Qonun valyuta birjasiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
3-modda. Birja tushunchasi
Birja yuridik shaxs boʻlib, oldindan tayinlangan joy va muayyan vaqtda, belgilangan qoidalar asosida ommaviy va oshkora birja savdolarini tashkil etish va oʻtkazish orqali birja tovarlari savdosi uchun shart-sharoit yaratadi.
4-modda. Birja faoliyati
Birja faoliyati birja savdolarini tashkil etish hamda talab va taklifning haqiqiy nisbatini aniqlash asosida birja tovarlarining narxlarini chiqarish orqali birja tovarlarining bozorini yaratishga qaratilgan harakatlar yigʻindisidan iborat.
5-modda. Birja faoliyatini litsenziyalash
Birjalar qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tegishli litsenziya olganidan keyin birja faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻladi.
Birja faoliyatini litsenziyalash tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-fevraldagi 66-sonli “Birja faoliyatini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi qarori bilan belgilangan.
6-modda. Birja faoliyatining davlat tomonidan tartibga solinishi
Birjalar faoliyatini davlat tomonidan tartibga solish Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlar tomonidan amalga oshiriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2003-yil 4-fevraldagi 66-sonli qarori bilan Oʻzbekiston Respublikasi Xususiylashtirish, monopoliyadan chiqarish va raqobatni rivojlantirish davlat qoʻmitasi birja faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli davlat organi etib belgilangan.
Birjalar yoki ularning aʼzolari tomonidan birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlari buzilgan taqdirda birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlar aniqlangan qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi talab bilan ijro etilishi majburiy boʻlgan koʻrsatmalar kiritishga haqlidir.
Oldingi tahrirga qarang.
Birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlarning ushbu Qonun 14 va 15-moddalari talablarining buzilishini bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini birjalar tomonidan bajarilmagan taqdirda, birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlar birja litsenziyasining amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlmagan muddatga toʻxtatib turishga yoki birja litsenziyasining amal qilishini oʻn ish kunidan koʻp boʻlgan muddatga toʻxtatib turish yoxud uning amal qilishini tugatish toʻgʻrisida sudga murojaat etishga haqlidir.
(6-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2006-yil 10-oktabrdagi OʻRQ-59-sonli Qonuni tahririda— OʻR QHT, 2006-y., 41-son, 405-modda)
Qoʻshimcha maʼlumot uchun Oʻzbekiston Respublikasi “Faoliyatning ayrim turlarini litsenziyalash toʻgʻrisida”gi Qonunining 22—24-moddalariga qarang
Oldingi tahrirga qarang.
Birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlarning qoidabuzarliklarni bartaraf etish toʻgʻrisidagi koʻrsatmalarini bajarmaganlik uchun, bundan ushbu moddaning uchinchi qismida nazarda tutilgan hollar mustasno, birjalarning mansabdor shaxslari maʼmuriy javobgarlikka tortiladi.
(6-moddaning toʻrtinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2013-yil 7-oktabrdagi OʻRQ-355-sonli Qonuni tahririda — OʻR QHT, 2013-y., 41-son, 543-modda)
Birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlar ushbu moddaning toʻrtinchi qismida koʻrsatilgan asoslar boʻyicha sudlarga murojaat etganda davlat boji toʻlashdan ozod qilinadilar.
7-modda. Birja faoliyatining asosiy prinsiplari
Birja faoliyatining asosiy prinsiplari quyidagilardan iborat:
birja savdolarini oshkora va ommaviy tarzda oʻtkazish;
birja savdolarida narxlarning erkin shakllanishi;
birja bitimlarini tuzishning ixtiyoriyligi;
birja barcha aʼzolarining birja savdolarida ishtirok etishi uchun shart-sharoitning tyengligi.
8-modda. Birja tovari
Belgilangan tartibda birja savdolariga chiqarilgan muayyan tur va sifatdagi tovar, shu jumladan tovarga doir standart kontrakt birja tovari hisoblanadi.
Er, yer osti boyliklari, suvlar, boshqa tabiiy resurslar, madaniy meros va intellektual mulk obyektlari, shuningdek qonun hujjatlariga muvofiq fuqarolik muomalasidan chiqarilgan mol-mulk birja tovari boʻlishi mumkin emas.
Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 82-moddasiga koʻra muomalada boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydigan fuqarolik huquqlari obyektlarining turlari (muomaladan chiqarilgan obyektlar) qonunda toʻgʻridan toʻgʻrikoʻrsatilgan boʻlishi kerak.
9-modda. Birja listingi
Birja listingi deganda birja tovarlarini birja axborotnomasiga kiritgan holda birja savdolariga qoʻyish tartiboti tushuniladi.
Birja listingini oʻtkazish tartibi birja savdosi qoidalari bilan belgilanadi.
10-modda. Brokerlik oʻrni
Oldingi tahrirga qarang.
Brokerlik oʻrni birja tomonidan yuridik shaxslarga, qoida tariqasida, pulli asosda beriladigan, birja bitimlarida va birja faoliyatida ushbu Qonunga muvofiq ishtirok etish huquqi. Birja aksiyadoriga brokerlik oʻrni uni sotish huquqisiz berilishi mumkin.
(10-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 22-sentabrdagi OʻRQ-7-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 279-modda)
Brokerlik oʻrnining egasi faqat bitta shaxs boʻlishi mumkin.
Brokerlik oʻrni ikkilamchi ijaraga berilishi mumkin emas.
Birjaning oʻzi sotadigan brokerlik oʻrnining boshlangʻich narxini birjaning ijro etuvchi organi belgilaydi.
Brokerlik oʻrnining qiymati birjaning ustav fondiga kiritilishi mumkin emas.
11-modda. Birjaning tashkiliy-huquqiy shakli
Birjalar qonun hujjatlarida nazarda tutilgan har qanday tashkiliy-huquqiy shakllarda tuzilishi mumkin.
Birja ustav fondining miqdori birja roʻyxatga olingan sanadagi holatga koʻra qonun hujjatlari bilan belgilangan eng kam oylik ish haqining oʻn ming baravari miqdoridan kam boʻlishi mumkin emas.
Birjaning firma nomi “birja” soʻzini oʻz ichiga olgan boʻlishi kerak.
12-modda. Birja ustavi
Birja oʻz faoliyatini muassislari tasdiqlaydigan ustav asosida amalga oshiradi.
Birja ustavida quyidagilar belgilangan boʻlishi kerak:
birjaning nomi va uning turi;
birjaning joylashgan yeri (pochta manzili);
birja faoliyatining sohasi va maqsadlari;
ustav fondining miqdori, muassislar tomonidan fondga ulushlar kiritishning tartibi va muddatlari;
daromadni taqsimlash va ehtimol tutilgan zararlarni qoplash tartibi;
birja muassislari va aʼzolarining mulkiy javobgarligi;
birjaning boshqaruv organlari, ularni tashkil etish tartibi va ularning vakolatlari;
birja savdosi qoidalarini ishlab chiqish va qabul qilish tartibi;
birja aʼzoligiga qabul qilish, aʼzolikni toʻxtatib turish va bekor qilish tartibi, birja aʼzolarining huquq va majburiyatlari;
birjani qayta tashkil etish va tugatish tartibi.
Ustavda qonun hujjatlariga zid kelmaydigan boshqa qoidalar ham nazarda tutilishi mumkin.
13-modda. Birjaning huquqlari
Birja:
narx belgilash, hakamlik, listing, nazorat va boshqa birja komissiyalarini tuzishga;
agar birja bitimlarining narxi kun davomida birja tomonidan belgilangan qiymatdan ham ortiqroq oʻzgarib ketsa, birja savdosini toʻxtatishga;
birja tomonidan koʻrsatiladigan xizmatlar uchun toʻlanadigan haq miqdorini belgilashga;
birja savdosi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar hamda penyalar belgilash va undirishga;
birja axborotnomalari, maʼlumotnomalari hamda boshqa axborot va reklama nashrlarini chiqarishga haqlidir.
Qonun hujjatlariga, birja ustavi va birja savdosi qoidalariga muvofiq birja boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
14-modda. Birjaning majburiyatlari
Birja:
birja savdosi qoidalarini belgilashga;
birja axborotnomasiga kiritilgan birja tovarlari savdosini tashkil etishga;
birja tovarlariga boʻlgan talab va taklifning nisbati asosida ularning narxini chiqarib turishga;
muntazam ravishda (haftasiga kamida bir marta) ommaviy axborot vositalarida birja tovarlari narxini eʼlon qilishga, birja aʼzolarini har bir birja savdosining yakunlari toʻgʻrisida xabardor qilishga majbur.
Qonun hujjatlariga, birja ustavi va birja savdosi qoidalariga muvofiq birjaning boshqa majburiyatlari ham boʻlishi mumkin.
15-modda. Birjalarni tashkil etish va ularning faoliyati sohasidagi cheklashlar
Birja ishlab chiqarish, savdo, savdo-vositachilik faoliyatini bevosita amalga oshirishi, shuningdek boshqa yuridik shaxslarning muassisi (aksiyadori) boʻlishi mumkin emas, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Davlat hokimiyati va boshqaruv organlari birja muassisi (aksiyadori) boʻla olmaydilar, qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Birja xodimlariga brokerlik oʻrinlarini sotib olish, shuningdek xizmat axborotidan xizmat vazifalarini bajarish bilan bogʻliq boʻlmagan maqsadlarda foydalanish taqiqlanadi.
Birjada:
birja axborotnomasiga kiritilmagan tovarlarni birja savdolarida sotishga;
birja savdolari ishtirokchilarining birjadagi joriy narxlar oʻzgarishi yoki qatʼiy qilib qoʻyilishiga olib kelishi mumkin boʻlgan har qanday kelishilgan xatti-harakatlar sodir etishiga;
bozor konʼyunkturasini sunʼiy ravishda oʻzgartirishga sababchi boʻlishi mumkin boʻlgan yolgʻon maʼlumotlarni tarqatishga;
birja aʼzolari oʻrtasida tuzilgan birja bitimlarini birja savdolarini oʻtkazmasdan turib roʻyxatga olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
16-modda. Birja aʼzolari
Oldingi tahrirga qarang.
Birja tomonidan belgilangan tartibda shu birjadagi brokerlik oʻrnini sotib olgan yoki olgan yuridik shaxslar birja aʼzolari hisoblanadi.
(16-moddaning birinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 2005-yil 22-sentabrdagi OʻRQ-7-son Qonuni tahririda — Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 279-modda)
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari, ularning mansabdor shaxslari, shuningdek birja xodimlari birja aʼzosi boʻlishi mumkin emas.
17-modda. Birja aʼzolarining huquqlari
Birja aʼzolari:
birja savdolarida ishtirok etish va birja bitimlarini tuzish;
birja aʼzolarining umumiy yigʻilishida ishtirok etish;
birja komissiyalarini saylash va ularga saylanish;
birja savdosi qoidalarini ishlab chiqishda ishtirok etish;
birja xizmatlaridan foydalanish va ushbu Qonunga muvofiq brokerlik oʻrnini tasarruf etish huquqiga egadir.
Qonun hujjatlariga, birja ustavi va birja savdosi qoidalariga muvofiq birja aʼzolari boshqa huquqlarga ham ega boʻlishlari mumkin.
18-modda. Birja aʼzolarining majburiyatlari
Birja aʼzolari:
birja savdosi qoidalariga rioya etishga;
birja axborotnomasiga kiritilgan birja tovarlari savdosini amalga oshirishga;
birja axborotnomasiga kiritilgan tovarlar boʻyicha birjadan tashqari bozorda oldi-sotdi shartnomalarini tuzmaslikka;
mijozlar talabiga binoan ularga brokerlik oʻrnini sotib olish sanasi va uning tartib raqami toʻgʻrisidagi axborotni taqdim etishga;
mijozga uning manfaatlarini koʻzlab tuzilgan bitimlar, shuningdek uning topshiriqlari bajarilishi bilan bogʻliq toʻliq axborotni oʻz vaqtida taqdim etishga;
mijoz bilan shartnoma tuzilayotganda uni birja savdosi qoidalari va hisob-kitob-kliring xizmati koʻrsatish shartlari bilan tanishtirishga;
mijoz hisobidan tuzilgan birja bitimlarining alohida hisobini yuritishga majbur.
Qonun hujjatlariga, birja ustavi va birja savdosi qoidalariga muvofiq birja aʼzolarining boshqa majburiyatlari ham boʻlishi mumkin.
19-modda. Birja aʼzolarining umumiy yigʻilishi
Birja aʼzolarining umumiy yigʻilishi birja ijro etuvchi organining tashabbusi bilan yiliga kamida bir marta yigʻiladi.
Birja aʼzolarining navbatdan tashqari umumiy yigʻilishi, agar uni chaqirish toʻgʻrisidagi talab brokerlik oʻrinlari umumiy sonining kamida oʻn foiziga ega boʻlgan birja aʼzolari tomonidan yozma ravishda bildirilgan boʻlsa, chaqirilishi mumkin.
Birja aʼzolarining umumiy yigʻilishi:
birja savdosi qoidalarini va birja komissiyalarining tarkibini kelishib olish toʻgʻrisida qarorlar qabul qiladi;
birja faoliyatini takomillashtirish va birja savdolari samaradorligini oshirish masalalari yuzasidan takliflar tayyorlaydi va ularni birjaning boshqaruv organlariga kiritadi;
birja ustaviga binoan boshqa masalalarni ham hal etadi.
Birja aʼzolarining umumiy yigʻilishini oʻtkazish va yigʻilish tomonidan qarorlarni qabul qilish tartibi birja aʼzolarining umumiy yigʻilishida tasdiqlanadi.
20-modda. Birja savdolari
Birja savdolari birja tomonidan, birja savdosi qoidalariga muvofiq tashkil etiladigan birja tovarining savdosi.
Birja savdolari birjada markazlashtirilgan tarzda va ushbu savdolarda birjaning barcha aʼzolariga bir vaqtda ishtirok etish imkoniyati berilgan holda oʻtkaziladi.
21-modda. Birja savdosi qoidalari
Birja savdosi qoidalarida quyidagilar koʻrsatilishi kerak:
birjada amalga oshiriladigan birja bitimlarining turlari;
birja bitimlari ishtirokchilarining tarkibi va ularga qoʻyiladigan talablar yigʻindisi;
birja savdolarini, birja bitimlarini amalga oshirish va ularning natijalarini roʻyxatga olish hamda ularni rasmiylashtirish tartibi;
birja tovarlari narxini chiqarish tartibi;
tovarlarni birja savdolariga qoʻyishga ijozat berish tartibi (listing);
birja bitimlari ishtirokchilari oʻrtasidagi hisob-kitoblar tartibi;
birja savdosida muomalada boʻladigan standart kontraktlar tavsifi;
agar savdo maydonchalari yoki boʻlinmalari birja tomonidan tashkil etilgan boʻlsa, ularning roʻyxati va nomlari;
birja savdolarini oʻtkazish tartibi;
birja aʼzolariga axborot xizmati koʻrsatish tartibi;
birjadagi narxni shakllantirish jarayoni ustidan nazorat qilish tartibi;
birjada nizolarni hal etish tartibi;
birja aʼzolari va xodimlarining birja savdosi qoidalarini buzganlik uchun javobgarligi toʻgʻrisidagi qoidalar;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa qoidalar.
Birja savdosi qoidalarini ishlab chiqish va qabul qilish tartibi birja ustavida belgilanadi.
22-modda. Birja bitimi
Birja tomonidan roʻyxatga olingan birja tovari xususida birja savdosining birjada qayd etilgan natijasi boʻyicha tuzilgan oldi-sotdi shartnomasi birja bitimi hisoblanadi.
Birjada roʻyxatga olingan bitimlar notarial tasdiqlanmaydi, qonunlarda nazarda tutilgan hollar bundan mustasno.
Birja bitimlari birja nomidan va hisobidan amalga oshirilishi mumkin emas.
23-modda. Birja bitimlarining turlari
Birjada birja tovarlari oldi-sotdi bitimlari, shu jumladan:
real tovarni oʻzgaga topshirish yoki yetkazib berish yoxud tovarga mulk huquqini beruvchi hujjatlarni oʻzgaga topshirish bilan bogʻliq bitimlar;
forvard bitimlar real tovarni yetkazib berish muddati kechiktirilgan holdagi oldi-sotdi bitimlari;
fyuchers bitimlari tovarlarga doir standart kontraktlarning oldi-sotdi bitimlari (ularni kelgusida ijro etish majburiyatini olgan holda);
opsion bitimlar tovarlarni yoki tovarlar yetkazib berish kontraktlarini belgilangan narx boʻyicha kelgusida sotib olish yoki sotish huquqlariga doir oldi-sotdi bitimlari tuzilishi mumkin.
Birja ushbu modda birinchi qismining uchinchi — beshinchi xatboshilarida nazarda tutilgan, tuzilgan bitimlarning ijrosini kafolatlashi shart.
Birja bitimining mazmuni (tovarning nomi, miqdori, narxi, bitim tuzilgan sana va vaqt hamda uni tuzgan birja aʼzolarining nomi bundan mustasno) oshkor qilinishi mumkin emas. Birja bitimining mazmuniga doir maʼlumot sudlarga, qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi mavjud boʻlgan taqdirda esa surishtiruv va tergov organlariga taqdim etiladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Birja bitimining mazmuni haqidagi jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish bilan bogʻliq boʻlgan axborot qonun hujjatlarida nazarda tutilgan hollarda va tartibda maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etiladi.
(23-modda Oʻzbekiston Respublikasining 2009-yil 22-sentabrdagi OʻRQ-223-sonli Qonuniga asosan toʻrtinchi qism bilan toʻldirilgan — OʻR QHT, 2009-y., 39-son, 423-modda)
24-modda. Birja bitimlarining ishtirokchilari
Birja aʼzolari birja bitimlarining ishtirokchilari hisoblanadilar. Birja aʼzolari (brokerlar) mijozlarning topshirigʻiga binoan, shuningdek oʻz nomlaridan va oʻz hisoblaridan (dilerlar) bitimlar tuzishlari mumkin.
Birja aʼzolari oʻrtasidagi birja bitimlari birja savdolarining natijalariga koʻra tuziladi.
25-modda. Hisob-kitob-kliring xizmati koʻrsatish
Birjaning yoki boshqa tashkilotlarning:
birja aʼzolari va ular mijozlarining majburiyatlarini belgilash, aniqlashtirish va hisobga olish, ular oʻrtasidagi oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirish;
bitimlar ijrosining moliyaviy kafolatlarini taʼminlash;
birja aʼzolari va ular mijozlarining majburiyatlarini hisobga olish, bitim boʻyicha oʻzaro hisob-kitoblarni va toʻlovlarni, shu jumladan bitimni amalga oshirishda ishtirok etgan taraflarga vositachilik haqini toʻlash boʻyicha faoliyati hisob-kitob-kliring xizmati koʻrsatish deb eʼtirof etiladi.
26-modda. Nizolarni hal qilish
Birja, uning aʼzolari va mijozlari, birjalar faoliyatini tartibga soluvchi vakolatli organlar oʻrtasida yuzaga keladigan nizolar sud tomonidan hal qilinadi.
Birja aʼzolari, birja savdolarining ishtirokchilari va ularning mijozlari oʻrtasida birja savdosi qoidalarida nazarda tutilgan masalalar yuzasidan kelib chiqadigan nizolar birjaning hakamlik komissiyasi yoki sud tomonidan hal qilinadi. Nizolarni koʻrib chiqish uchun hakamlik komissiyasi tomonidan yigʻim undirish taqiqlanadi.
27-modda. Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzganlik uchun javobgarlik
Birjalar va birja faoliyati toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishida aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladilar.
Erkin almashtiriladigan valyutaga tovarlarning birja va yarmarka savdosini jonlantirish va kengaytirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 1999-yil 15-aprelda 174-sonli “Birja va yarmarka savdosining samaradorligini oshirishga doir chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan. Tanishish tavsiya etiladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 2001-y., 9-10-son, 171-modda; Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2005-y., 37-38-son, 279-modda; 2006-y., 41-son, 405-modda; 2009-y., 39-son, 423-modda; 2013-y., 41-son, 543-modda)