Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining
Oʻzbekiston Respublikasining 2026-yil 15-yanvardagi OʻRQ-1112-son “Oʻzbekiston Respublikasining Jinoyat-ijroiya kodeksiga jazoni ijro etish muassasalarida jazo muddatini oʻtayotgan mahkumlar uchun masofali video-uchrashuvlar oʻtkazish imkoniyatini yaratishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi
Qonuni hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PF-6196-son “Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi
Farmoniga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining 2014-yil 27-iyuldagi 103-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 2608, 2014-yil 8-avgust) (Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2014-y., 33-son, 424-modda) bilan tasdiqlangan Mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga joʻnatish hamda ularni bir muassasadan boshqasiga koʻchirish tartibi toʻgʻrisidagi
nizomga ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar va qoʻshimcha kiritilsin.
2. Mazkur buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
1.
Muqaddima quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“Mazkur Nizom mahkumlarni jazoni ijro etish muassasasiga joʻnatish hamda ularni bir muassasadan boshqasiga koʻchirish tartibini belgilaydi.”.
2.
10-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“10. Mazkur Nizomning 9-bandi “a” va “b” kichik bandining ikkinchi — yettinchi xatboshilarida nazarda tutilgan holatlardan biri yuz bergan taqdirda, mahkumlarni koʻchirish uchun asos boʻlgan hujjatlar Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (bundan buyon matnda JIED deb yuritiladi) tomonidan koʻrib chiqiladi.
Mahkumlarni koʻchirish uchun asos boʻlgan hujjatlarni koʻrib chiqish natijalari boʻyicha JIEDning tegishli xizmati tomonidan xulosa tuziladi. Mazkur xulosa JIED boshligʻi yoki u boʻlmagan taqdirda uning birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlanadi.”.
3.
11-band quyidagi tahrirda bayon etilsin:
“11. Mahkumni bir muassasadan boshqa shu turdagi muassasaga koʻchirish JIED boshligʻi yoki u boʻlmagan taqdirda uning birinchi oʻrinbosari tomonidan tasdiqlangan xulosaga yoxud sud qaroriga asosan JIED Maxsus hisob boshqarmasi tayyorlagan taqsimotga muvofiq amalga oshiriladi.”.
4.
13-band “banderollar olish,” degan soʻzlardan keyin “masofali video-uchrashuv yoki” degan soʻzlar bilan toʻldirilsin.