toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining
Farmoni
Jamoat xavfsizligini taʼminlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga koʻtarish chora-tadbirlari toʻgʻrisida
Jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning yaxlit tizimini shakllantirish, ichki ishlar organlarining eng quyi boʻgʻinidan respublika darajasigacha samarali faoliyatini yoʻlga qoʻyish va zamonaviy ish uslublarini joriy etish orqali mamlakatimizda huquq-tartibot va qonuniylikni mustahkamlash, aholining tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash maqsadida:
1. Ichki ishlar organlari faoliyatini tashkil etishning mutlaqo yangi mexanizmlari etib quyidagilar belgilansin:
har bir mahalla, oila va shaxs kesimida jinoyatchilikning sabablarini aniqlash va ularni bartaraf etish orqali huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishga oid muammolarni bevosita joylarning oʻzida hal etish;
hududlarda jinoyatchilik ahvolidan kelib chiqib, har bir tuman, shahar va mahallalarni toifalarga ajratish hamda hokimliklar, sektorlar va jamoatchilik bilan hamkorlikda “jinoyat oʻchoqlari”ni bartaraf etish uchun barcha zarur kuch va vositalarni jalb qilish;
“respublika — viloyat — tuman — mahalla” tizimi asosida yaxlit boshqaruv va uzluksiz nazorat qilish mexanizmlarini joriy etish, ichki ishlar va boshqa davlat organlarining jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi faoliyatini samarali muvofiqlashtirish orqali mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni taʼminlash;
ichki ishlar organlari xodimlarining zamonaviy qiyofasini yaratish, ularning masʼuliyati va kasbiy salohiyatini oshirish, jinoyatchilikning yangi koʻrinishlariga qarshi kurashish uchun zarur koʻnikmalarni shakllantirish hamda sohani toʻliq raqamlashtirishga erishish.
2. Ichki ishlar organlarining tayanch punktlari negizida mahalla huquq-tartibot maskanlari bosqichma-bosqich tashkil etilsin.
Belgilab qoʻyilsinki:
mahalla huquq-tartibot maskani hududdagi jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy quyi boʻgʻini hisoblanadi;
mahalla huquq-tartibot maskani negizida hududdagi ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlari hamda Milliy gvardiya va boshqa davlat organlarining muvofiqlashtirilgan faoliyati tashkil etiladi;
mahalla huquq-tartibot maskani tomonidan jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil etish va muvofiqlashtirish vazifasi profilaktika inspektoriga yuklanadi.
Ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov va Milliy gvardiya qoʻmondoni R.M. Joʻrayev:
Toshkent shahar hokimi bilan birgalikda uch oy muddatda poytaxtda mahalla huquq-tartibot maskanlarining faoliyatini yangi talablarga koʻra namunaviy tarzda tashkil etish;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi va viloyatlar hokimlari bilan birgalikda joriy yil yakuni boʻyicha Toshkent shahridagi mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyatidan kelib chiqqan holda respublikaning boshqa hududlarida mahalla huquq-tartibot maskanlari faoliyatini yoʻlga qoʻyish choralarini koʻrsin.
3. Profilaktika inspektoriga masofadan turib murojaat yuborish va uni koʻrib chiqish jarayonini kuzatib borish, aholi bilan oʻzaro tezkor muloqotni yoʻlga qoʻyish, profilaktika inspektorlari va sektor rahbarlari faoliyatiga baho berish imkonini beruvchi “Smart mahalla” axborot dasturi ishlab chiqilganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.
Vazirlar Mahkamasi (O.M. Umarov) va Ichki ishlar vazirligi (N.S. Turaxodjayev) mazkur axborot dasturini 2021-yil 1-iyunga qadar Toshkent va Samarqand viloyatlarida, joriy yilning yakunigacha esa respublikaning boshqa hududlarida ishga tushirsin.
Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov) bir oy muddatda viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari rahbarlari tomonidan har oy yakuni boʻyicha aholiga Internet tizimidagi axborot resurslari orqali hududdagi kriminogen vaziyat yuzasidan “profilaktik-ogohlantiruvchi murojaat” qilib borish amaliyotini joriy etsin.
4. Tuman va shahar ichki ishlar organlari faoliyatining samaradorligini oshirish maqsadida:
Toshkent shahridagi 24 ta ichki ishlar boʻlimlari va ayrim tuzilmalarining rahbarlik lavozimlari maqbullashtirilib, boʻshatilayotgan shtat birliklari poytaxt ichki ishlar organlarining profilaktika va tergov-tezkor tuzilmalarini kuchaytirishga yoʻnaltirilsin;
joylardagi kriminogen va ijtimoiy vaziyatdan kelib chiqib, tuman va shahar ichki ishlar organlarining tashkiliy-shtat tuzilmalarini shakllantirish va muntazam oʻzgartirib borish tartibi joriy etilsin;
tuman va shahar probatsiya boʻlinmalari tegishincha tuman va shahar ichki ishlar organlarining bevosita boʻysunuviga oʻtkazilib, probatsiya hisobiga olingan shaxslarni kunlik nazorat qilishda profilaktika inspektorlari bilan hamkorlik mexanizmlari belgilansin.
Ichki ishlar vazirligi (P.R. Bobojonov):
bir oy muddatda Toshkent shahri tajribasiga asosan respublikaning barcha hududlaridagi ichki ishlar boʻlimlari (boʻlinmalari)ni va ayrim tuzilmalarining rahbarlik lavozimlarini maqbullashtirish hamda boʻshaydigan shtat birliklarini jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasiga yoʻnaltirish choralarini koʻrsin;
ikki oy muddatda mazkur Farmon bilan belgilanayotgan talablarni inobatga olgan holda hududiy ichki ishlar organlarining yangi tashkiliy-shtat tuzilmalari boʻyicha takliflar kiritsin.
5. Ichki ishlar vazirligi tuzilmasini takomillashtirish orqali turdosh sohaviy xizmatlar faoliyatini boshqarish va muvofiqlashtirishning yagona tizimini joriy etish maqsadida:
a) quyidagilar tashkil etilsin:
Jinoyat qidiruv bosh boshqarmasi, Terrorizm va ekstremizmga qarshi kurashish bosh boshqarmasi, Tezkor-qidiruv hamkorligi boshqarmasini oʻz ichiga oladigan Tezkor-qidiruv departamenti;
Patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash bosh boshqarmasi, Huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh boshqarmasi, Yoʻl harakati xavfsizligi bosh boshqarmasi, Probatsiya xizmatini oʻz ichiga oladigan Jamoat xavfsizligi departamenti;
Transportda xavfsizlikni taʼminlash bosh boshqarmasi, Xavfsiz turizmni taʼminlashni muvofiqlashtirish boshqarmasini oʻz ichiga oladigan Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash departamenti;
Kadrlar bosh boshqarmasi, Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boshqarmasi, kasbiy tayyorgarlik boshqarmasini oʻz ichiga oladigan Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar va kadrlar bilan taʼminlash departamenti.
Belgilansinki, ichki ishlar vazirining oʻrinbosarlari tashkil etilayotgan tegishli departamentlarning bevosita rahbarlari hisoblanadi va ularning zimmasiga departamentlarga qoʻyilgan vazifalarning samarali amalga oshirilishi boʻyicha shaxsiy javobgarlik yuklanadi;
b) Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti (keyingi oʻrinlarda — Jazoni ijro etish departamenti) etib qayta tashkil etilsin.
Shunday tartib oʻrnatilsinki, unga muvofiq:
Jazoni ijro etish departamenti bevosita ichki ishlar vaziriga boʻysunadi va vazirning zimmasiga ichki ishlar organlarining jinoiy jazolarni ijro etish tizimini rivojlantirish va unda qatʼiy intizomni taʼminlash uchun shaxsiy javobgarlik yuklanadi;
ichki ishlar organlarining barcha tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari hududiy ichki ishlar organlarining tuzilmaviy-funksional boʻysunuvidan chiqarilib, Jazoni ijro etish departamenti boʻysunuviga oʻtkaziladi;
tergov hibsxonalari va jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyish va ularda kunlik nazoratni olib borish Jazoni ijro etish departamenti tizimida tashkil etiladigan 6 ta mintaqaviy muvofiqlashtirish markazlari tomonidan amalga oshiriladi.
6. Hududiy ichki ishlar organlarining tuzilmasi va rahbar lavozimlarini maqbullashtirish orqali mavjud kuch va vositalardan samarali foydalanishni taʼminlash maqsadida:
a) quyidagi lavozimlar tugatilsin:
Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha oʻrinbosari;
Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlarining oʻrinbosari — huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi (boʻlimi) boshligʻi;
viloyat ichki ishlar boshqarmasi (bosh boshqarmasi) boshliqlarining probatsiya va jazoni ijro etish masalalari boʻyicha oʻrinbosari;
b) Qoraqalpogʻiston Respublikasi ichki ishlar vazirining, viloyat, tuman va shahar ichki ishlar organlari boshliqlarining oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi lavozimi joriy etilsin va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilansin:
patrul-post va yoʻl-patrul xizmati boʻlinmalari faoliyatini, shuningdek, mahallalar va jamoat joylarida manzilli profilaktik tadbirlar oʻtkazilishini muvofiqlashtirish;
muqaddam sudlangan va probatsiya hisobiga olingan shaxslar bilan ishlash hamda ichki ishlar organlarining tungi xizmatini tashkil etish.
Ichki ishlar vaziri oʻrinbosari A.I. Ikramov zimmasiga jamoat xavfsizligini taʼminlash boʻyicha yangi joriy etilayotgan boshqaruv tizimini samarali yoʻlga qoʻyish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklansin.
7. Ichki ishlar vazirligining huquqiy statistikani yuritishni takomillashtirish, uning kriminogen vaziyatni tahlil qilish va jinoyatchilik dinamikasini prognoz qilishdagi rolini oshirish toʻgʻrisidagi quyidagi takliflari maʼqullansin:
Oldingi tahrirga qarang.
a) Ichki ishlar vazirligi Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar bosh markazi va uning hududiy boʻlinmalarini (keyingi oʻrinlarda — Huquqiy statistika markazi) tashkil etish hamda quyidagilarni uning asosiy vazifalari etib belgilash:
(7-band “a” kichik bandining birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 10-apreldagi PF-65-sonli Farmoni tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 11.04.2025-y., 06/25/65/0331-son)
jinoyatlar va maʼmuriy huquqbuzarliklar statistikasini yuritish, jinoyatchilik holatini, shu jumladan hududlar va huquqbuzarliklar turlari kesimida statistik tahlilni amalga oshirish;
huquqbuzarliklarning oldini olish, ularni aniqlash va fosh etishda foydalanish uchun tezkor-maʼlumotlar hisoblari, ichki ishlar organlarining arxiv-maʼlumotlari va maxsus fondlarini yuritish, shuningdek, shaxslarning qidiruvini eʼlon qilish jarayonini taʼminlash;
avtotransport vositalari, fuqaroviy va xizmat oʻqotar qurollari, qidiruvdagi shaxslar va ashyolar, shuningdek, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligiga koʻmaklashuvchi boshqa maʼlumotlar boʻyicha avtomatlashtirilgan axborot bankini yuritish.
Belgilansinki:
Huquqiy statistika markazi Ichki ishlar vazirligi Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasi negizida, shuningdek, Bosh prokuraturaning Jinoiy-huquqiy statistika boshqarmasi va uning hududiy boʻlinmalari tugatilib, uning vazifalari va 120 ta shtat birliklari, ularni saqlash uchun koʻzda tutilgan Davlat budjeti mablagʻlari bilan birgalikda ichki ishlar organlariga oʻtkazilishi hisobiga tashkil etiladi;
ichki ishlar vazirining axborot texnologiyalari boʻyicha oʻrinbosari N.S. Turaxodjayev zimmasiga Huquqiy statistika markazi faoliyatini toʻliq raqamlashtirish va mazkur sohada inson omilini istisno etishni taʼminlash yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklanadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning toʻqqizinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PF-10-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 06/24/10/0031-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning oʻninchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PF-10-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 06/24/10/0031-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning oʻn birinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PF-10-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 06/24/10/0031-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning oʻn ikkinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PF-10-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 06/24/10/0031-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning oʻn uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PF-10-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 06/24/10/0031-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning oʻn toʻrtinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PF-10-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 06/24/10/0031-son)
Oldingi tahrirga qarang.
(7-bandning oʻn beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 15-yanvardagi PF-10-sonli Farmoniga asosan chiqarilgan — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 06/24/10/0031-son)
8. Ichki ishlar organlari tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha “yoʻl xaritasi” (keyingi oʻrinlarda — “yoʻl xarita”) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin va quyidagilar uning asosiy yoʻnalishlari etib belgilansin:
zamonaviy tahdidlarni hisobga olgan holda ichki ishlar organlari faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha tashkiliy oʻzgartirishlarni amalga oshirish;
maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning samarali mexanizmlarini joriy etish, shuningdek, malakali kadrlarni uzluksiz tayyorlash tizimini yaratish;
ichki ishlar organlari faoliyatiga raqamli va zamonaviy axborot texnologiyalarini keng joriy etish;
ichki ishlar organlari xodimlari va ular oila aʼzolarining ijtimoiy-huquqiy himoyasini hamda maishiy sharoitlarini yaxshilash.
9. Ichki ishlar vazirligi:
bir hafta muddatda ichki ishlar organlari faoliyatini mazkur Farmonga asosan tashkil etish mexanizmlarini belgilovchi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti qarori loyihasini kiritsin;
bir oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda Jamoat xavfsizligi konsepsiyasi, Ichki ishlar organlari tizimiga axborot texnologiyalarini joriy etish konsepsiyasi va Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasi loyihalarini kiritsin;
ikki oy muddatda Vazirlar Mahkamasiga “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshligʻi”, “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi tezkor xodim” naminatsiyalari boʻyicha har yili respublika tanlovini oʻtkazish yuzasidan Hukumat qarori loyihasini kiritsin;
uch oy muddatda manfaatdor idoralar bilan birgalikda ushbu Farmondan kelib chiqadigan oʻzgartish va qoʻshimchalarni qonunchilik hujjatlariga kiritish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
10. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga 2-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.
11. Mazkur Farmonning ijrosini samarali tashkil etishga masʼul va shaxsiy javobgar etib ichki ishlar vaziri P.R. Bobojonov belgilansin.
Mazkur Farmonning ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun masʼul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z.Sh. Nizomiddinov zimmasiga yuklansin.
Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijadorligi yuzasidan 2021-yil 1-iyul va 2022-yil 1-yanvargacha Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga axborot berilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2021-yil 26-mart,
PF-6196-son
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PF-6196-son Farmoniga
1-ILOVA
Ichki ishlar organlari tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha
“YOʻL XARITASI”

T/r

Chora-tadbirlarning nomlanishi

Amalga oshirish shakli

Ijro muddati

Masʼul ijrochilar

I. Ichki ishlar organlari faoliyatini takomillashtirish boʻyicha tashkiliy oʻzgartirishlar

1.

Jamoat xavfsizligini taʼminlashning sifat jihatidan yangi tizimini, shu jumladan quyidagilarni nazarda tutgan holda joriy etish:

Oʻzbekiston Respublikasi Jamoat xavfsizligi konsepsiyasini tasdiqlash;

patrul-post va yoʻl-patrul xizmatlari, huquqbuzarliklar profilaktikasi va probatsiya xizmatlari boʻlinmalarining oʻzaro hamkorlikda ishlashi boʻyicha yangi mexanizmlarni belgilash;

Milliy gvardiya boʻlinmalarining jamoat tartibini saqlash tizimidagi vakolatlari va shaxsiy javobgarligini belgilash;

probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini kunlik nazorat qilishda profilaktika inspektorlari bilan hamkorlik mexanizmlarini joriy etgan holda probatsiya boʻlinmalarining faoliyati samaradorligini oshirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi

2021-yil 30-aprel

IIV (Bobojonov, Ikramov),

Milliy gvardiya (Joʻrayev),

Bosh prokuratura (Valiyev)

2.

Ichki ishlar vazirligining Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlari markazi va uning quyi tizimlarini, axborot texnologiyalarini keng joriy etgan va faoliyatini raqamlashtirgan holda tashkil etish va toʻlaqonli faoliyat yuritishi boʻyicha tashkiliy choralarni belgilash.

“Elektron jinoiy-huquqiy statistika” yagona axborot tizimi va 2019 — 2021-yillarda toʻplangan huquqiy statistik maʼlumotlar arxivi Ichki ishlar vazirligi tasarrufiga oʻtkazilishini hamda boshqa zarur tashkiliy choralar koʻrilishini taʼminlash.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2021-yil 1-iyul

Vazirlar Mahkamasi (Umarov),

IIV (Bobojonov),

Bosh prokuratura (Yuldashev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Pekos)

3.

Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida Jamoat xavfsizligi masalalari ilmiy-amaliy tadqiqotlar markazini tashkil etish, uning faoliyati va ishlash mexanizmlari haqidagi nizomni, quyidagilarni nazarda tutgan holda tasdiqlash:

shtat birliklari sonini 20 ta (15 ta xodim, 5 ta erkin yollangan xizmatchi) etib belgilash (ichki ishlar organlari umumiy shtat birliklari doirasida);

katta ilmiy va amaliy tajribaga, tahliliy fikrlash qobiliyatiga ega yuqori malakali mutaxassislar bilan jamlash tartibi;

respublikada kriminogen vaziyatni tizimli tahlil qilish, jinoiy qilmishlarning sodir etilishiga taʼsir qilayotgan omillarni aniqlash, jinoyatlarning dinamikasini mintaqalar va turlari kesimida prognoz qilish mexanizmlari;

huquq-tartibot kuch va vositalarini boshqarish samaradorligini oshirish boʻyicha toʻlaqonli tizimlar va ilmiy asoslangan metodikalarni ishlab chiqish, jamoat xavfsizligini taʼminlash borasidagi chora-tadbirlarning sifatini oshirish boʻyicha tavsiya va ishlanmalarni huquqni qoʻllash amaliyotiga joriy etish shakllari.

Idoraviy normativ hujjat

2021-yil 1-may

IIV (Bobojonov)

4.

Ichki ishlar organlarining tezkor-qidiruv faoliyatini quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha takomillashtirish:

uyushgan jinoyatchilik, terrorizm va ekstremizm, giyohvand vositalar, psixotrop moddalar va ularning analoglari noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish chora-tadbirlari samaradorligini oshirish;

axborot texnologiyalari va Internet tarmogʻidan foydalanish sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurashish borasida tubdan yangi mexanizmlarni joriy etish;

tezkor boʻlinmalar faoliyatini apparat-dasturiy taʼminlash, zamonaviy axborot texnologiyalarini keng tatbiq etish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi

2021-yil 15-may

IIV (Sobirov, Turaxodjayev),

Bosh prokuratura (Valiyev),

DXX,

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov),

Moliya vazirligi (Ishmetov)

5.

Transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni taʼminlash faoliyatini tashkil etish boʻyicha, quyidagilarni nazarda tutgan holda yangi chora-tadbirlarni belgilash:

turistlarning turistik namoyish va infratuzilma obyektlariga tashrif buyurishi, harakatlanishi va kechki vaqtini mazmunli tashkil etish vaqtida ularning shaxsiy va jamoaviy xavfsizligini taʼminlashning samarali mexanizmlarini joriy etish;

transport obyektlarida mavjud kuch va vositalarni tarmoqli boshqarish tamoyilini joriy etgan holda xavfsizlikni taʼminlash boʻyicha sifat jihatidan yangi tizimni oʻrnatish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi

2021-yil 25-may

IIV (Bobojonov),

Transport vazirligi (Maxkamov),

Moliya vazirligi (Xaydarov)

6.

Quyidagilarni nazarda tutgan holda jazoni ijro etish tizimida ishlab chiqarish faoliyatini yanada kuchaytirish boʻyicha yangi chora-tadbirlarni belgilash:

jazoni ijro etish muassasalariga litsenziya talab etiladigan ayrim faoliyat turlari bilan tegishli litsenziyani olmasdan faoliyatni amalga oshirish huquqini istisno tariqasida berish;

Jazoni ijro etish departamentining Markazlashtirilgan jamgʻarmasini qayta tashkil etish va ozodlikdan mahrum etilgan shaxslarning ijro hujjatlari boʻyicha Davlat budjetiga jazoni ijro etish muassasalari tomonidan undirilgan mablagʻlarning 50 foizi miqdoridagi ajratmalarni hamda boʻsh turgan budjetdan tashqari mablagʻlarni tijorat banklari depozitlariga joylashtirish hisobidan olingan daromadlarni Jamgʻarmaning qoʻshimcha manbalari sifatida belgilash.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi

2021-yil 15-may

IIV (Bobojonov),

Moliya vazirligi (Xaydarov)

7.

Respublika ichki ishlar organlari uchun namunaviy hududiy idora sifatida Toshkent viloyatining Angren shahar va Boʻstonliq tumani ichki ishlar boshqarmalari negizida “Namunaviy shahar ichki ishlar organi” va “Namunaviy tuman ichki ishlar organi” loyihalarini amalga oshirish.

Bunda, asosiy eʼtibor ish uslublariga, aholiga xizmat koʻrsatish masalalariga, hamkorlik mexanizmlariga, raqamli texnologiyalarni joriy etish darajasiga va shaxsiy tarkib bilan maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish choralariga qaratiladi.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2021-yil 1-avgust

IIV (Bobojonov),

Toshkent viloyati hokimligi (Xidoyatov),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Pekos)

8.

Toshkent viloyatida ikkita tuman (shahar) doirasida, eksperiment tariqasida, ichki ishlar organlari sanitariya tadbirlarini taʼminlash boʻyicha boʻlinmalarini tashkil etish.

Bunda, shtatlarni kiritish va taʼminlash masalalari dastlabki davrda Toshkent viloyati hokimligining mahalliy budjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshiriladi, keyinchalik esa oʻzini oʻzi moliyalashtirish mexanizmlari asosida tashkil etiladi.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi

2021-yil 15-may

IIV (Bobojonov),

Toshkent viloyati hokimligi (Xidoyatov),

Moliya vazirligi (Xaydarov)

II. Maʼnaviy-maʼrifiy ishlar, xodimlarni uzluksiz tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning samarador mexanizmini joriy etish

9.

Quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarni tashkil etish konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash:

“Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish — oliy burchimiz” konseptual gʻoyasi asosida xodimlarni tarbiyalashni takomillashtirish chora-tadbirlari;

ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning asosiy maqsadi va vazifalari;

har bir hududiy ichki ishlar organida jasorat va vatanparvarlik gʻoyalarini aks ettiruvchi maʼnaviy-maʼrifiy burchaklarni (xonalarni) tashkil etish;

mafkuraviy ishlarni amalga oshirishning asosiy yoʻnalishlari, shu jumladan tarbiyaviy ishlar, targʻibot-tashviqot ishlari, psixologik qoʻllab-quvvatlash, ijtimoiy-huquqiy himoya va madaniy tadbirlar;

ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlarning asosiy yoʻnalishlarini amalga oshirish mexanizmlari.

Normativ-huquqiy hujjat loyihasi

2021-yil 15-aprel

IIV (Bobojonov),

Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (Xodjimatov),

Madaniyat vazirligi (Nazarbekov),

Yozuvchilar uyushmasi,

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari

10.

Quyidagi yoʻnalishlarda jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasida malakali kadrlarni maqsadli tayyorlash tizimini joriy etish:

jamoat tartibini saqlash, yoʻl harakati xavfsizligi va pasport tizimi talablarini amalga oshirish yoʻnalishlari boʻyicha mutaxassislarni tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish;

jamoat xavfsizligini taʼminlash muammolari boʻyicha fundamental ilmiy tadqiqotlar oʻtkazilishini tashkil etish, ushbu sohada yuqori malakali ilmiy-pedagog kadrlarni tayyorlash;

jamoat xavfsizligi yoʻnalishi boʻyicha oʻquv jarayonini joriy etish borasida Milliy gvardiya Harbiy-texnik instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi

2021-yil 10-aprel

Milliy gvardiya (Joʻrayev),

IIV (Bobojonov, Ikramov),

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (Toshkulov)

11.

Ichki ishlar organlari uchun intellektual-professional kadrlarni tayyorlash va ularni xizmatda koʻtarilishining sifat jihatidan yangi tizimini quyidagilarni nazarda tutgan holda joriy etish:

oliy taʼlimning ikki bosqichli (bakalavriat va magistratura) tizimi va rahbarlik tarkibidagi kadrlarni maqsadli tayyorlash mexanizmlarini joriy etgan holda Ichki ishlar vazirligi Akademiyasi taʼlim jarayonini tubdan isloh qilish;

Ichki ishlar vazirligi Akademiyasining Nukus filialini ochish;

joylarda xodimlarni boshlangʻich tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning yagona mexanizmlarini joriy etgan holda Ichki ishlar vazirligi Malaka oshirish institutini takomillashtirish;

2021-yil 1-sentabrdan eʼtiboran oʻquv jarayonining xizmat oʻtash qoidalari bilan uzviy bogʻlangan tartibini oʻz ichiga olgan uzluksiz oʻqish-karyera tizimini joriy etish;

mafkuraviy taʼlim, yuridik fanlar va jismoniy tayyorgarlikni kuchaytirgan holda Ichki ishlar vazirligining akademik litseylarida taʼlim jarayonining samaradorligini oshirish;

moddiy ragʻbatlantirish mexanizmlarini joriy etgan holda, Ichki ishlar vazirligi taʼlim muassasalari pedagoglar tarkibining salohiyatini oshirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi

2021-yil 10-aprel

IIV (Bobojonov, Xatamov),

Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi (Toshkulov),

Moliya vazirligi (Xaydarov)

12.

Ichki ishlar organlari xodimlarini axloqiy-ruhiy qoʻllab-quvvatlash faoliyati boʻyicha sifat jihatidan yangi tizimni quyidagilarni nazarda tutgan holda joriy etish:

ichki ishlar organlari tuzilmalarida axloqiy-ruhiy qoʻllab-quvvatlash boʻlinmalarini tashkil etish;

ichki ishlar organlari tizimida psixologik xizmat koʻrsatish markazlarini tashkil etish va ularga shartnoma asosida mutaxassis-psixologlarni jalb etish imkoniyatini yaratish;

xizmat xususiyatlarini inobatga olgan holda, xodimlar orasida oʻz joniga suiqasd qilish va ruhiy tushkunlik holatlarining barvaqt oldini olishga qaratilgan yakka tartibda axloqiy-ruhiy ishlashning zamonaviy metodlarini tatbiq etish;

xodimlarning psixologik portretini majburiy hisobga olish tartibini joriy etgan holda, ichki ishlar organlarining qabul va shahodatlash komissiyalarida mutaxassis-psixologlarning rolini oshirish.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi

2021-yil 15-may

IIV (Bobojonov),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Xodjibayev),

Moliya vazirligi (Xaydarov)

13.

Quyidagilarni oʻz ichiga oluvchi “Eng yaxshi hududiy ichki ishlar organi boshligʻi”, “Eng yaxshi profilaktika inspektori”, “Eng yaxshi tergovchi”, “Eng yaxshi tezkor xodim” nominatsiyalari boʻyicha respublika tanlovini har yili oʻtkazish tartibini belgilash:

sohaviy faoliyat boʻyicha eng yaxshi xodimlarni aniqlashning har tomonlama, xolisona, oshkora mexanizmlari va mezonlari joriy etish;

eng yaxshi xodimlarni har yili “25-oktabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni”ni nishonlash chogʻida eʼlon qilish;

budjetdan tashqari mablagʻlar hisobidan gʻoliblarni har oylik pul taʼminotining 100 foizgacha miqdorda bir yil davomida moddiy ragʻbatlantirish tartibini joriy etish;

eng yaxshi xodimlarning fotosuratlari va ular haqidagi maʼlumotlarni bir yil davomida barcha ichki ishlar organlarida joylashtirish hamda ularning xizmat vazifalarini bajarish natijalarini keng targʻib etish.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi

2021-yil 25-may

IIV (Bobojonov)

14.

“Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligiga 30 yil” idoraviy esdalik koʻkrak nishonini taʼsis etish, ushbu koʻkrak nishoni bilan xodimlarni 2021-yilda “25-oktabr — Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” arafasida taqdirlash.

Idoraviy normativ hujjat

2021-yil 20-aprel

IIV (Bobojonov)

15.

Ikkinchi jahon urushi, qurolli toʻqnashuvlar va jangovar harakatlar davomida, jinoyatchilikka qarshi kurashish, favqulodda holatlarni bartaraf etish chogʻida xizmat burchini bajarib, mardlarcha halok boʻlgan ichki ishlar organlari xodimlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni qamrab olgan “Ichki ishlar organlarining mard oʻgʻlonlari” kitobini tayyorlash va nashr etish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2021-yil 1-dekabr

IIV (Bobojonov),

Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (Xodjimatov),

Yozuvchilar uyushmasi

16.

Ichki ishlar organlari xodimlarining maʼnaviy-maʼrifiy saviyasini yanada yuksaltirish, vatanparvarlik va milliy gʻurur tuygʻularini yangi tizim asosida shakllantirish boʻyicha kompleks choralarni amalga oshirish.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2021-yil davomida

Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (Xodjimatov),

IIV (Bobojonov),

Oliy taʼlim muassasalari (Xatamov, Rustambayev)

17.

Ichki ishlar organlari xodimlarining sharafli faoliyatini va mazkur kasbning oʻziga xos xususiyatlarini aks ettiruvchi seriallarni olish va ularni ommaviy koʻrsatuvini tashkil etish.

Bunda, jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarni fosh etish sohalari kesimida xodimlarning kasbiy mahoratlariga alohida eʼtibor qaratiladi.

Tashkiliy chora-tadbirlar

2021-2022 yy.

IIV (Bobojonov),

Madaniyat vazirligi (Nazarbekov),

“Oʻzbekkino”,

Maʼnaviyat va maʼrifat markazi (Xodjimatov)

III. Ichki ishlar organlari faoliyatiga zamonaviy raqamli va axborot texnologiyalarini tatbiq etish

18.

Ichki ishlar organlari tizimiga axborot texnologiyalarni joriy etish konsepsiyasini ishlab chiqish va tasdiqlash. Bunda ichki ishlar organlari faoliyatini raqamlashtirish soha va yoʻnalishlarini, shuningdek axborot texnologiyalarni toʻlish joriy etish bosqichlarini belgilash.

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi

2021-yil 1-may

IIV (Turaxodjayev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Pekos)

19.

Mahkumlarni “elektron nazorati”ni taʼminlovchi axborot texnologiyalarini joriy etgan holda, jazoni ijro etish muassasalari faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish. Xususan:

xodimlarning personal videoregistrator (bodikamera) bilan xizmatni oʻtash tartibini tatbiq etish;

mahkumlarning jazoni oʻtash tartibini buzish holatlarini aniqlash maqsadida kuzatish va mustaqil nazorat qilish imkoniyatiga ega intellektual kameralar (“Smart”) tizimini muassasalarga oʻrnatish;

taqiqlangan buyumlarni olib kirish holatlarini aniqlash va oldini olish maqsadida muassasalarning nazorat oʻtish joylarida bodiskanerlarni oʻrnatish;

jazoni oʻtash jarayonida mahkumning xulq-atvori va shaxsi haqidagi “axborot portreti”ni tuzish va ozodlikka chiqishidan 2 oy oldin yashash joyi boʻyicha hududiy ichki ishlar organlariga xabar berish imkoniyatini beruvchi yagona elektron tizimni yaratish.

(Chora-tadbirlarni amalga oshirishning dastlabki muddati 2021 — 2023 yy. Moliyalashtirish manbai — Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari)

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi

2021-yil 10-may

IIV (Bobojonov, Turaxodjayev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov)

20.

Lokal tarmoqlar va yagona himoyalangan korporativ tarmoqni rivojlantirish orqali ichki ishlar organlarini raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish uchun telekommunikatsiya infratuzilmasini modernizatsiya qilish. Bunda:

ichki ishlar organlarida elektron hujjat almashinuvi va himoyalangan elektron pochta yagona tizimini tatbiq etish, dasturiy taʼminot yaratish;

maʼlumotlarni qayta ishlash yagona markazini yaratish va unga idoraviy maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini integratsiya qilish;

idoraviy raqamli infratuzilmaning axborot xavfsizligini taʼminlash, shuningdek, elektron hujjatlar va maʼlumotlarni himoya qilish.

(Chora-tadbirlarni amalga oshirishning dastlabki muddati 2021 — 2023 yy. Moliyalashtirish manbai — Ichki ishlar vazirligining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari)

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi

2021-yil 10-avgust

IIV (Bobojonov, Turaxodjayev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov),

Moliya vazirligi (Ishmetov)

21.

Zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish hamda ashyoviy dalillar boʻyicha avtomatlashtirilgan kriminalistik axborot-qidiruv tizimini yaratish orqali ekspert-kriminalistik faoliyatni bosqichma-bosqich raqamlashtirish, shuningdek kriminalistik identifikatsiya tizimi faoliyatini muvofiqlashtirish. Xususan:

Genom boʻyicha yagona avtomatlashtirilgan davlat roʻyxatiga olish tizimini zaruriy vositalar bilan jihozlash;

fuqaroviy va xizmat oʻqotar qurollarining izlari boʻyicha Davlat oʻq-gilzotekasi tizimini modernizatsiya qilish orqali uning faoliyatini avtomatlashtirish;

“Kriminalist” kriminalistik faoliyatni hisobga olishning axborot-maʼlumot tizimini modernizatsiya qilish hamda uni “102” tizimi doirasida Ichki ishlar vazirligi jinoyatlarni hisobga olish yagona tizimiga integratsiya qilish;

Ekspert-kriminalistik bosh markazining biometrik identifikatsiya qilish maʼlumotlar bazalariga hududiy ekspert-kriminalistik boʻlinmalarning ulanishini taʼminlash.

(Chora-tadbirlarni amalga oshirishning dastlabki muddati 2021 — 2023 yy. Moliyalashtirish manbai — Ichki ishlar vazirligining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari)

Ishlab chiqilgan texnik topshiriqlar asosida xarid qilish

2021-yil 30-sentabr

IIV (Bobojonov, Turaxodjayev), Moliya vazirligi (Ishmetov)

22.

Probatsiya nazoratidagi shaxslarni masofadan turib nazorat qilishni taʼminlovchi zamonaviy axborot va kommunikatsiya texnologiyalarini tatbiq etgan holda Probatsiya xizmati faoliyatini raqamlashtirish. Xususan:

probatsiya nazoratidagi shaxslarning xulq-atvorini real vaqt rejimida kuzatish uchun elektron brasletdan foydalanish amaliyotini joriy etish;

elektron brasletlarni hamda maʼlumotlarni saqlash va qayta ishlash uchun server va ushbu tizimga aloqador qurilmalarni xarid qilish;

monitoring qilishning zamonaviy mobil texnologiyalarini tatbiq etish, maxsus dasturiy taʼminotni ishlab chiqish;

probatsiya nazoratidagi shaxslarni umumiy nazorat qilish uchun Ichki ishlar vazirligi probatsiya xizmatida yagona elektron monitoringni (monitoring markazini) tashkil etish.

(Chora-tadbirlarni amalga oshirishning dastlabki muddati 2021-2022 yy. Moliyalashtirish manbai — Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar)

Ishlab chiqilgan texnik topshiriqlar asosida xarid qilish

2021-2022 yy.

IIV (Bobojonov, Turaxodjayev, Ikramov),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov),

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi (Xusanov)

23.

Axborot texnologiyalarini tatbiq etish orqali Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmati tomonidan davlat xizmatlarini taqdim etishning yangi tartibini joriy etish. Xususan:

davlat xizmatlarini taqdim etishni maqbullashtirish va yengillashtirish boʻyicha yangi mexanizmlarni ishlab chiqish;

amaldagi axborot tizimlarini yagona platformaga oʻzaro integratsiya qilish orqali Davlat yoʻl harakati xavfsizligi xizmatining yagona avtomatlashtirilgan axborot-tahlil tizimini joriy etish;

saqlash funksiyasiga ega boʻlgan maʼlumotlarni qayta ishlash yagona markazini yaratish.

(Chora-tadbirlarni amalga oshirishning dastlabki muddati 2021 — 2023 yy. Moliyalashtirish manbai — Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar)

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi

2021-yil 10-iyun

IIV (Turaxodjayev, Ikramov),

Adliya vazirligi (Davletov),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov)

24.

Axborot tizimlarini modernizatsiya qilish, arxiv faoliyatini raqamlashtirish va axborot texnologiyalarini tatbiq etgan holda Ichki ishlar vazirligi Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar markazi faoliyatini bosqichma-bosqich raqamlashtirish. Xususan:

shaxsiy tarkib boʻyicha buyruqlar, pul taʼminotining shaxsiy kartochkalari va boshqa maʼlumotlardan iborat elektron arxivni shakllantirish;

davlat xizmatlarini taqdim etishni rivojlantirish maqsadida Markazni Oʻzbekiston Respublikasi “Oʻzarxiv” tizimi va Davlat xizmatlari agentligi bilan oʻzaro integratsiya qilish.

(Chora-tadbirlarni amalga oshirishning dastlabki muddati 2021 — 2024 yy. Moliyalashtirish manbai — Ichki ishlar vazirligining budjet va budjetdan tashqari mablagʻlari)

Texnik topshiriqlarni ishlab chiqish

2021-yil avgust

IIV (Bobojonov, Turaxodjayev),

Adliya vazirligi (Davletov),

Oʻzarxiv (Yusupov),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov)

25.

Zamon talablaridan kelib chiqib, Ichki ishlar vazirligi Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar markazining amaldagi axborot tizimlarini modernizatsiya qilish, maʼlumotlar bazalari boʻyicha qidirish kompleksini (rubrikator) yaratish va tegishli davlat organlari bilan integratsiya qilish.

(Chora-tadbirlarni amalga oshirishning dastlabki muddati 2021-2022 yy. Moliyalashtirish manbai — Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari)

Texnik topshiriqni ishlab chiqish

2021-yil avgust

IIV (Bobojonov, Turaxodjayev),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov)

26.

Huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalari faoliyatiga uning samaradorligini oshirish va ortiqcha xizmat yuklamasini qisqartirishga yoʻnaltirilgan zamonaviy axborot texnologiyalarini tatbiq etish. Xususan:

“E-inspektor” elektron kompleks tizimini tatbiq etish orqali huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalarida ish yurituvni maqbullashtirish;

profilaktik hisobdagi shaxslar bilan ishlash boʻyicha elektron axborot tizimini ishlab chiqish;

maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish boʻyicha “E-maʼmuriy ish” yagona elektron hujjat almashinuvi tizimini yaratish;

mahallalarda jinoyatlarni muhokama qilish jarayonlarini masofadan turib nazorat qilish boʻyicha elektron modulni tatbiq etish;

“E-hisobot” axborot tizimini yaratish orqali profilaktika xizmatida hisobotlarni unifikatsiya qilish va uni boshqa tashkilotlarning hisobot yuritish hamda idoraviy axborot tizimlari bilan oʻzaro integratsiya qilish.

(Chora-tadbirlarni amalga oshirishning dastlabki muddati 2021-2022 yy. Moliyalashtirish manbai — Ichki ishlar vazirligining budjetdan tashqari mablagʻlari)

Tashkiliy-texnik tadbirlar kompleksi

2021-2022 yy.

IIV (Bobojonov),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov),

Oliy sud (Kamilov),

Sogʻliqni saqlash vazirligi (Xodjibayev),

Bosh prokuratura (Yuldashev),

DSQ (Kudbiyev),

Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi (Mamatov)

27.

Axborot texnologiyalarini joriy etish orqali ichki ishlar organlarining kuch va vositalarini boshqarishning sifat jihatdan yangicha amaliyotini (situatsion boshqaruv tizimi) bosqichma-bosqich tatbiq etish. Jumladan:

kuzatib boriladigan obyektlar, hodisalar va jarayonlarni kompleks monitoring qilish asosida boshqaruv qarorlarini oʻz vaqtida qabul qilish imkonini beruvchi vazirlikning Situatsion markazining markazlashgan boshqaruvini amalga oshirishda yagona axborot makonida ishlaydigan ichki ishlar organlari situatsion markazlarining toʻlaqonli taqsimlangan tizimini;

jamoat xavfsizligini taʼminlash sohasidagi umumiy manfaatlarni inobatga olgan holda huquq-tartibot organlari oʻrtasidagi uygʻunlashgan axborot hamkorligini taʼminlash imkonini beruvchi yagona maxsus axborotlar kichik tizimini tashkil etish.

(chora-tadbirlarni amalga oshirishning dastlabki muddati: 2021 — 2024 yy., moliyalashtirish manbai: IIVning budjetdan tashqari mablagʻlari)

Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori loyihasi

2021-yil 10-iyul

IIV (Bobojonov),

Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi (Sadikov),

boshqa huquq-tartibot idoralari

IV. Ichki ishlar organlari xodimlari va oila aʼzolarining ijtimoiy-huquqiy himoyasini hamda uy-joy va maishiy sharoitlarini yanada yaxshilash

28.

Quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha huquq-tartibot organlari xodimlarining huquqiy himoyasini kuchaytirishga doir takliflarni kiritish:

xizmat vazifasini bajarayotgan huquq-tartibot organlari xodimlarining shaʼni va qadr-qimmatini kamsitish, sogʻligʻiga shikast yetkazish, shuningdek, qonuniy talablariga boʻysunmaslik va faol qarshilik koʻrsatganlik uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralarini kuchaytirish;

huquq-tartibot organlari xodimlari va oila aʼzolarining shaxsiy hayoti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni tarqatganlik uchun javobgarlik belgilash;

ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila aʼzolarini davlat tomonidan ijtimoiy-huquqiy himoya qilishning yagona huquqiy asosini, ushbu yoʻnalishdagi kafolatlar va aniq mexanizmlarni nazarda tutgan holda yaratish.

Qonunchilik hujjatlari loyihalari

2021-yil 20-iyun

Bosh prokuratura (Yuldashev),

Adliya vazirligi (Davletov),

Oliy sud (Kamilov),

IIV (Bobojonov),

Milliy gvardiya (Joʻrayev),

DXX (Azizov),

Mudofaa vazirligi (Kurbanov),

DBQ (Azimov)

Izoh:
1. Normativ-huquqiy va idoraviy hujjatlar huquqiy munosabatlarni tartibga solish predmeti va sohasiga qarab qayta koʻrib chiqilishi yoki yagona hujjatga birlashtirilishi mumkin.
2. Ikki va undan ortiq bandlar birlashtirilganda ularni ijro etish uchun belgilangan eng kech muddat ijro muddati etib belgilanadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 26-martdagi PF-6196-son Farmoniga
2-ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim farmonlariga kiritilayotgan oʻzgartirishlar
1. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 10-apreldagi “Ichki ishlar organlarining faoliyati samaradorligini tubdan oshirish, jamoat tartibini, fuqarolar huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishni taʼminlashda ularning masʼuliyatini kuchaytirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5005-son Farmonining 3 — 5-bandlari oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 31-oktabrdagi “Jinoiy-huquqiy statistika tizimini tubdan takomillashtirish va jinoyatlarni tizimli tahlil qilish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PF-5566-son Farmonida:
1-band, 7-bandning “a” kichik bandi, 9 va 10-bandlar oʻz kuchini yoʻqotgan deb hisoblansin;
6-bandning uchinchi xatboshisida “Bosh prokuratura” soʻzlari “Ichki ishlar vazirligi” soʻzlari bilan almashtirilsin;
11-bandning ikkinchi xatboshisidan “Boshqarma bilan birgalikda” soʻzlari chiqarib tashlansin;
12-bandning uchinchi xatboshisidagi “Tezkor-maʼlumotlar boshqarmasi” soʻzlari “Ichki ishlar vazirligining Huquqiy statistika va tezkor-hisob maʼlumotlar markazi” soʻzlari bilan almashtirilsin.
3. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2017-yil 18-apreldagi “Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, mamlakatni modernizatsiya qilish, inson huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlashda prokuratura organlarining rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi PF-5019-son Farmoni 4-bandining beshinchi xatboshisidagi “4 165 va “1 071” raqamlari tegishincha “4 195” va “1 031” raqamlari bilan almashtirilsin.
(Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 26.03.2021-y., 06/21/6196/0240-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.01.2024-y., 06/24/10/0031-son; 11.04.2025-y., 06/25/65/0331-son)