toggle_night_mode
Hujjat 13.04.2026 sanasi holatiga
Amaldagi versiyaga o‘tish
OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT AKTIVLARINI BOSHQARISH AGENTLIGI DIREKTORINING
BUYRUGʻI
Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartiga qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida
[Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2026-yil 11-aprelda roʻyxatdan oʻtkazildi, roʻyxat raqami 3487-3]
Oʻzbekiston Respublikasining “Baholash faoliyati toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-yanvardagi 23-son “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq buyuraman:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2023-yil 25-oktabrdagi 01/11-14/29-son buyrugʻi (roʻyxat raqami 3487, 2023-yil 28-dekabr) (Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 30.12.2023-y., 10/23/3487/0991-son) bilan tasdiqlangan Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartiga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur buyruq Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi hamda Baholovchilar, ekspertlar va maslahatchilar jamiyati bilan kelishilgan.
3. Ushbu buyruq rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Direktor S. MURODOV
Toshkent sh.,
2026-yil 16-mart
01/11-1 son
Kelishildi:
Baholovchilar, ekspertlar va maslahatchilar jamiyati raisi Z. NIGMANXANOV
2026-yil 11-mart
Baholovchi tashkilotlar assotsiatsiyasi raisi A. ISLAMOV
2026-yil 6-mart
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi direktorining 2026-yil 16-martdagi 01/11-1-son buyrugʻiga
ILOVA
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona milliy baholash standartiga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1. 5-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“16-son MBS “Madaniy boyliklar qiymatini baholash”.”.
2. 306-band quyidagi mazmundagi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“madaniy meros obyekti boʻlgan koʻchmas mulkni baholashda baholash obyektining tarixiy, madaniy yoki badiiy ahamiyatga ega ekanligi.”.
3. Quyidagi mazmundagi XV2 boʻlim bilan toʻldirilsin:
XV2 boʻlim. Madaniy boyliklar qiymatini baholash (16-son MBS)
1-bob. Umumiy qoidalar
60560. “Madaniy boyliklar qiymatini baholash” Milliy baholash standarti (bundan buyon matnda 16-son MBS deb yuritiladi) madaniy boyliklar qiymatini baholash jarayoniga qoʻyiladigan asosiy talablarni, shuningdek ushbu jarayonning xususiyatlarini belgilaydi.
60561. Madaniy boyliklar qiymatini baholash 1 — 7-son MBS talablari asosida amalga oshiriladi. 16-son MBS madaniy boyliklar qiymatini baholashga doir qoʻshimcha talablarni belgilaydi.
Madaniy boyliklarning qiymatini baholashda baholovchilar mazkur YMBSning 11-ilovasida keltirilgan “Madaniy boyliklar qiymatini baholash” Milliy baholash standarti (16-son MBS) metodikasidan foydalanishlari mumkin.
2-bob. Asosiy tushunchalar va taʼriflar
60562. Mazkur MBS maqsadlarida quyidagi tushuncha va taʼriflar qoʻllaniladi:
madaniy boyliklar — moddiy dunyoning milliy, tarixiy, badiiy, ilmiy-maʼrifiy, maʼnaviy-axloqiy va boshqa madaniy ahamiyatga ega boʻlgan koʻchar boyliklar obyektlari, shu jumladan, muzey ashyolari, kolleksiyalar, arxeologik ashyolar va obyektlar;
atributsiya — madaniy boyliklar obyektining yaratilish joyi va vaqtini, shuningdek, ushbu obyektni yoki u tegishli boʻlgan maktabni yaratgan ustaning nomini aniqlash;
madaniy boyliklar ekspertizasi — madaniy boyliklarning sifatini oʻrganish, haqiqiyligini (yoki aksini), shu jumladan, texnologik vosita va uslublarni qoʻllagan holda baholash obyektining madaniy boyliklarga tegishliligi belgilarini, shuningdek, ularning saqlanish darajasini aniqlash maqsadida sanʼatshunos-ekspert yoki boshqa tegishli sohadagi ekspert tomonidan amalga oshiriladigan oʻrganish;
texnologik ekspertiza — faoliyatning arxeologiya, gemmologiya, kimyo, numizmatika, qurol ishi va boshqa yoʻnalishlar boʻyicha ekspertlar tomonidan amalga oshiriladigan madaniy boyliklar obyektining materiali, yaratilish vaqti va uni tayyorlash texnikasi tahlili;
baholash obyektining sanʼatshunoslik ekspertizasi (bundan buyon matnda sanʼatshunoslik ekspertizasi deb yuritiladi) — tasviriy va amaliy sanʼat yoʻnalishidagi madaniy boyliklarni ularning haqiqiyligi (yoki aksi), mualliflik, saqlanish darajasi, restavratsiya ishlari amalga oshirilganligi yoki amalga oshirilmaganligi, muayyan bir davrga tegishliligi, shuningdek, uning madaniy, tarixiy, ilmiy, badiiy, arxeologik yoki boshqa ahamiyatga ega boʻlgan boylik ekanligini aniqlash sanʼatshunos-ekspert tomonidan olib boriladigan oʻrganish;
sanʼatshunos-ekspert — sanʼatshunoslik ekspertizasini amalga oshirish uchun sanʼatshunoslik sohasi, jumladan tasviriy va amaliy sanʼat yoʻnalishida oliy maʼlumot va sanʼatshunoslik sohasining muayyan yoʻnalishi boʻyicha (tasviriy yoki amaliy sanʼat) kamida oʻn yillik ish stajiga ega boʻlgan malakali mutaxassis;
sanʼatshunos-ekspert xulosasi (bundan buyon matnda xulosa deb yuritiladi) — sanʼatshunos-ekspert tomonidan tuziladigan, baholash (madaniy boyliklar) obyektining sanʼatshunoslik ekspertizasi natijasini aks ettiruvchi, shu jumladan ushbu obyektning haqiqiyligi yoki haqiqiy emasligini tasdiqlovchi hujjat;
texnologik ekspertiza protokoli — ixtisoslik boʻyicha ekspert tomonidan tuziladigan, tadqiqot oʻtkazishning texnik vositalari va oʻtkazish uslublari koʻrsatilgan, baholash (madaniy boyliklar) obyektining texnologik ekspertizasi natijalarini oʻz ichiga olgan hujjat;
ixtisoslik boʻyicha ekspert — madaniy boyliklar obyektlari bilan bogʻliq boʻlgan muayyan soha boʻyicha bilimlarga ega boʻlgan mutaxassis (kimyogar, fizik, arxeolog, haykaltarosh, rassom, tarixchi, manbashunos, xattot va boshqalar);
provenans — madaniy boyliklar obyektiga egalik qilish tarixi;
antikvariat — savdo va toʻplash obyekti boʻlgan qadimiy va noyob sanʼat asarlari yoki qimmatbaho buyumlar. Bunday buyumlarning asosiy belgilari eskiligi, noyobligi yoki oʻziga xosligi, kam miqdorda chiqarilganligi, tarixiy davr yoki tarixiy voqealar bilan bogʻliqligi, takror ishlab chiqarishning imkoni yoʻqligi, badiiy qiymatga egaligi va boshqalardan iborat.
60563. Ushbu standart doirasiga kiruvchi baholash obyektlari qatoriga quyidagi madaniy boyliklar obyektlari va ular bilan bogʻliq boʻlgan mulkiy huquqlar kiradi:
a) xalqlar hayotidagi tarixiy voqealar, jamiyat va davlat taraqqiyoti, fan va texnika tarixi, shuningdek, buyuk shaxslar (davlat, siyosiy, jamoat arboblari, mutafakkirlar, ilm-fan, adabiyot, sanʼat arboblari)ning hayoti va ijodi bilan bogʻliq boʻlgan tarixiy qadriyatlar;
b) arxeologik qazilmalar natijasida olingan obyektlar va ularning boʻlaklari;
d) badiiy boyliklar, shu jumladan:
har qanday asosda va har qanday materiallardan qoʻlda ishlangan rasmlar va chizmalar;
har qanday materiallardan yasalgan haykaltaroshlik asarlari;
har qanday materiallardan tayyorlangan original badiiy kompozitsiyalar va montajlar;
bosma grafika asarlari, shu jumladan barcha turdagi gravyuralar, ularning koʻchirma nusxalari va original bosma shakllari, shuningdek fotosuratlar (bosmalar, negativlar va barcha turdagi boshqa materiallar);
barcha turdagi dekorativ-amaliy sanʼat asarlari, shu jumladan mebel, interyer va maishiy obyektlar, zargarlik va qurol-yarogʻ sanʼati, anʼanaviy xalq badiiy hunarmandchiligi, yogʻoch, metall, tosh, keramika, shisha, mato, suyak va boshqa materiallardan tayyorlangan buyumlar;
badiiy bezatilgan ibodat obyektlari;
arxitektura va monumental sanʼat yodgorliklarining badiiy ahamiyatga ega boʻlgan boʻlaklari (qismlari);
kitoblar va boshqa bosma nashrlar, shu jumladan afishalar, reklama plakatlari, tarixiy va badiiy ahamiyatga ega boʻlgan hamda kolleksiya obyekti hisoblanuvchi boshqa bosma mahsulotlar, alohida va kolleksiyalarda;
nodir qoʻlyozmalar va hujjatli yodgorliklar;
xattotlik asarlari va namunalari;
arxivlar, shu jumladan foto-, fono-, kino- va videoarxivlar;
noyob va kamyob musiqa asboblari;
pochta markalari, boshqa filateliya materiallari, alohida yoki kolleksiyalarda;
qadimiy tangalar, ordenlar, medallar, muhrlar va boshqa kolleksiya obyektlari;
noyob kolleksiyalar, flora hamda fauna namunalari, mineralogiya, anatomiya va paleontologiya singari fan sohalarini qiziqtiruvchi obyektlar;
e) boshqa koʻchar obyektlar, shu jumladan tarixiy, badiiy, ilmiy yoki boshqa madaniy ahamiyatga ega boʻlgan nusxalar, shuningdek, tarixiy va madaniy yodgorliklar sifatida davlat muhofazasiga olingan obyektlar.
60564. Madaniy boyliklarga boʻlgan mulk huquqi hamda mulkiy huquqdagi ulushlar ham baholash obyekti boʻlishi mumkin.
3-bob. Baholashga oid vazifa, axborotni toʻplash va tahlil qilish hamda farazlar
60565. Baholashga oid vazifa va baholash uchun zarur boʻlgan axborotni toʻplash 2-son MBS “Baholashga oid vazifa” va 3-son MBS “Baholash jarayonida oʻtkaziladigan oʻrganishlar va tahlillar” talablariga muvofiq amalga oshirilishi lozim.
60566. Baholash vazifasini tuzishda baholovchi malakali sanʼatshunos-ekspertlar tomonidan tuzilgan xulosaning mavjudligi madaniy boyliklar qiymatini baholashning eng muhim sharti hisoblanishini nazarda tutishi lozim.
Bunda madaniy boyliklarni baholashda baholash obyektini quyidagi hollarda texnologik ekspertizadan oʻtkazish natijalari mavjud boʻlishi kerak:
madaniy boyliklarni olib chiqish va olib kirish;
sanʼatshunos-ekspertlarda madaniy boyliklarning haqiqiy yoki haqiqiy emasligi boʻyicha shubha mavjud boʻlsa;
baholash davlat buyurtmachilari hisobidan amalga oshirilsa yoki moliyaviy, gumanitar, xayriya yordami va boshqa qaytarib berilmaydigan begʻaraz mablagʻlar hisobidan moliyalashtirilsa, agar moliyaviy, gumanitar, xayriya yordami va boshqa begʻaraz (qaytarib berilmaydigan) moliyalashtirish shartlarida tovarlarni (ishlar, xizmatlar) sotib olishning boshqa tartibi belgilanmagan boʻlsa.
60567. Madaniy boyliklar obyektlarini ekspertizadan oʻtkazish natijalari mavjud boʻlmagan taqdirda, baholovchi buyurtmachiga ekspertiza oʻtkazish zarurligi toʻgʻrisida xabar berishi kerak. Aks holda, bu madaniy boyliklar boʻyicha baholash ishlari olib borilmaydi.
60568. Madaniy boyliklar obyektlarini ekspertizadan oʻtkazish bunday tadqiqotlarni oʻtkazish imkonini beruvchi tegishli uskunalar va xodimlarga ega boʻlgan ixtisoslashtirilgan tashkilotlarda yoki malakali sanʼatshunos-ekspertlar tomonidan oʻtkazilishi shart.
Madaniy boyliklar obyektlarini ekspertizadan oʻtkazish uning mulkdori yoki vakili tomonidan amalga oshiriladi.
60569. Baholash obyekti haqida maʼlumot toʻplashda, agar baholash topshirigʻida boshqacha qoida nazarda tutilmagan boʻlsa, baholovchi baholash sanasiga eng yaqin hujjatlarni oʻrganadi.
60570. Agar baholash obyekti boʻyicha malakali sanʼatshunos-ekspertlarning xulosalari va boshqa tasdiqlovchi hujjatlar mavjud boʻlsa, baholovchi baholash obyektining haqiqiyligini aniqlashning ishonchliligi, uning madaniy boyliklarga mansublik belgilari, saqlanish darajasi, yoʻqotishlar miqdori, kelib chiqishi hamda provenansni aniqlash bilan bogʻliq masalalar boʻyicha javobgar hisoblanmaydi.
60571. Baholashni amalga oshirish uchun buyurtmachi baholovchiga quyidagilarni taqdim etishi lozim:
baholash obyektiga mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning asl nusxalari yoki nusxalarini (agar mavjud boʻlsa);
sanʼatshunos-ekspert xulosasining nusxasi;
madaniy boyliklar obyektini texnologik ekspertizadan oʻtkazish protokoli;
baholash obyekti bilan bogʻliq hujjatlar yoki boshqa axborot materiallari (koʻrgazmalar kataloglari, sanʼatshunoslik sohasiga oid adabiyotlar, muzeylar yoki koʻrgazma galereyalarining veb-saytlari va boshqalar).
Zaruratga koʻra, baholovchi baholash obyektiga mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning nusxalarini (shartnomalar, sovgʻalar, vasiyatnomalar va boshqalar) talab qilishi mumkin.
60572. Madaniy boyliklar ekspertizasi natijalaridan qatʼi nazar, baholashni amalga oshirishdan avval baholovchi baholash obyektini koʻzdan kechiradi. Koʻzdan kechirishni oʻtkazish baholash obyekti toʻgʻrisidagi hisobotda keltirilgan maʼlumotlarni muhokama qilish uchun zaruriy shart hisoblanadi.
60573. Baholash obyektini koʻzdan kechirishning maqsadi baholash obyektining miqdoriy-sifat xususiyatlari va saqlanish holatini taqqoslash va taʼriflashdan iborat.
60574. Qoʻshimcha texnologik yoki sanʼatshunoslik tadqiqotlarini amalga oshirishda yoki qoʻshimcha atributsiyalash ishlarini oʻtkazishda, shuningdek saqlash holatini aniqlash hamda taʼmirlash-restavratsiya ishlari hajmini aniqlashda baholash tashkiloti mustaqil ravishda tegishli yoʻnalish boʻyicha malakali sanʼatshunos-ekspertlarni va ixtisoslik boʻyicha ekspertlarni jalb qilishi mumkin.
Ekspertlar shartnoma asosida madaniy boyliklar obyektini texnologik ekspertizadan oʻtkazish laboratoriyasi yoki baholovchi tashkilot tomonidan jalb qilinadi. Shartnomada ekspertiza shartlari, ekspertning javobgarligi, mehnat sharoitlari, toʻlov, ekspert xulosasi taqdim etiladigan vaqt va mehnat munosabatlari bilan bogʻliq boshqa masalalar koʻrsatiladi.
60575. Baholovchi tomonidan qoʻllanadigan baholash uslublari bozorning holati va dinamikasi toʻgʻrisidagi, shuningdek baholash obyekti bilan amalga oshirilgan bitimlar (sanasi, auksion narxlari (estimeyt), narx omillari, maʼlumot manbai va boshqalar) toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanishni talab qiladigan hollarda, baholovchi baholash obyekti tegishli boʻlgan bozor segmenti haqida umumiy maʼlumotlarni toʻplashi shart.
60576. Madaniy boyliklar obyektini baholash vazifasida 2-son MBS “Baholashga oid vazifa”da koʻrsatilgan maʼlumotlarga qoʻshimcha tarzda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi shart:
baholash obyektining taʼrifi (uni identifikatsiyalashga imkon beruvchi), baholash obyektining madaniy boyliklarga mansubligi, asar muallifi belgilari koʻrsatilgan holda;
saqlanish darajasi, obyektiv xususiyatlari (vazni, oʻlchami, tayyorlash materiallari va texnikasi), yaratilish (ishlab chiqarish) joyi va vaqti;
baholash obyektida mavjud boʻlgan nuqsonlar, yoriqlar, darz ketishlar va sinishlar hamda boshqa shikastlanishlar (agar mavjud boʻlsa);
qayta tiklash-taʼmirlash (restavratsiya) ishlarining zarurligi, shuningdek, provenans yoki baholovchi olishi mumkin boʻlgan shunday xususiyatlarni oʻz ichiga olgan hujjatlar yoki hujjatlarga havolalar.
4-bob. Baholash yondashuvlari va usullarini tanlash, asoslash va qoʻllash
60577. Madaniy boyliklarni baholash yondashuvlari 6-son MBS “Baholash yondashuvlari va usullari” qoidalarini hisobga olgan holda qoʻllaniladi.
60578. Agar baholash obyekti mulkiy mualliflik huquqiga ega boʻlsa, u madaniy mulkni baholash hisobotida toʻliq aks ettirilishi kerak. Bir vaqtning oʻzida mualliflik (yoki sheriklik) huquqi obyekti boʻlgan madaniy boylik obyektiga egalik huquqi 11-son MBS “Nomoddiy aktivlar va intellektual mulk obyektlari qiymatini baholash”ga amal qilgan holda intellektual mulk huquqlariga muvofiq baholanishi kerak.
1-§. Qiyosiy yondashuv
60579. Qiyosiy yondashuv analog-obyektlarning (oʻxshash obyektlarning) bozor qiymatlari toʻgʻrisidagi axborotga va ularning qiymatini qiyoslash elementlari boʻyicha tuzatishga asoslangan hisoblash usullari yigʻindisidan iborat.
Analog-obyektlarning bozor qiymatlari deganda analog madaniy boyliklar boʻyicha bitimlar va takliflar narxlari tushuniladi.
60580. Qiyoslash elementlariga baholash obyektining qiymatiga taʼsir qiluvchi omillar va madaniy boyliklar obyektlari bilan bogʻliq bitimlarning xususiyatlari kiradi.
60581. Qiyosiy yondashuv yordamida madaniy boyliklar qiymatini baholashda quyidagi usullardan foydalaniladi:
toʻgʻridan-toʻgʻri sotishni taqqoslash usuli;
reyting usuli.
60582. Qiyosiy yondashuvda sotuvlarni toʻgʻridan-toʻgʻri qiyoslash usuli aynan bir xil yoki analog-obyektlar narxiga ularning baholash obyektidan farqlanishiga qarab, tegishli tuzatishlar (qiymat va (yoki) foiz) kiritish orqali qoʻllaniladi.
60583. Qiyoslashning har bir elementi boʻyicha tuzatish kiritish ushbu elementning obyekt qiymatiga qoʻshgan hissasi prinsipiga asoslanadi va analog-obyektdan baholash obyektiga tomon amalga oshiriladi.
60584. Qiyoslanadigan obyektlarning narxlarini tuzatish pul birliklarida yoki foizda amalga oshirilishi mumkin. Agar analog-obyektlar narxiga tuzatishlar pul birliklarida ifodalangan boʻlsa, ularni kiritish har qanday ketma-ketlikda amalga oshirilishi mumkin. Agar tuzatishlar foiz sifatida ifodalangan boʻlsa, unda birinchi tuzatish analog-obyektni sotish narxiga koʻpaytiriladi, keyingi tuzatishlar ketma-ket zanjirli harakatlar shaklida amalga oshiriladi.
60585. Baholash maqsadida madaniy boyliklarning analog-obyekti - bu uning qiymatini belgilaydigan asosiy xususiyatlariga koʻra, baholash obyektiga maksimal darajada oʻxshash obyekt hisoblanadi. Madaniy boyliklar sohasidagi analog-obyektlarning oʻxshashligini aniqlashda baholovchi ekspertiza natijalariga asoslanishi kerak.
60586. Analog-obyektlarni tanlashda quyidagi omillar hisobga olinishi kerak:
analog-obyektlarning asosiy miqdoriy va sifat (tavsif) xususiyatlariga koʻra baholash obyekti bilan oʻxshashligi;
tanlangan analog-obyektlar soni, ular bilan baholash obyektini qiyoslash imkoniyati mavjudligi hamda ularning miqdoriy va sifat xususiyatlari;
baholash obyekti muallifining mualliflik asarlari (agar muallif ommaga maʼlum boʻlsa).
Muallifning mashhurligi boʻyicha quyidagilar tushuniladi:
muallifda faxriy yoki boshqa unvonlar mavjudligi;
muallifning koʻrgazmalar tarixi (qachon, qayerda va qaysi koʻrgazmalarda ishlari namoyish etilgan);
muallif ishlarining joylashgan manzili (muzeylar, galereyalar, ijodiy salonlar, xususiy kolleksiyalar, shu jumladan xorijda);
keng ommaga muallif ishlarining tanishish imkonini beradigan boshqa omillar.
60587. Boshqa muallifning obyekti, agar u baholash obyekti muallifiga yaqin maqomga ega boʻlsa, shu jumladan mashhurligi, asarlarining badiiy ahamiyati, reytingi va boshqa xususiyatlari bilan oʻxshash boʻlsa, analog-obyekt sifatida boʻlishi mumkin.
60588. Bozorda mavjud boʻlgan dastlabki maʼlumotlarga koʻra, madaniy boylik obyektlarini baholash jarayonida miqdoriy (miqdoriy qiyoslash usuli, juftlashtirilgan sotish usuli va boshqalar) va sifat usullaridan (ekspert baholash usuli va boshqalar), shuningdek ularning kombinatsiyalaridan foydalanish mumkin.
2-§. Daromad yondashuvi
60589. Daromad yondashuvi kelajakdagi pul oqimini joriy qiymatga aylantirish orqali qiymat oʻlchovini taʼminlaydi. Daromad yondashuvini qoʻllashda madaniy boyliklarning qiymati baholash obyekti tomonidan ishlab chiqarilgan daromad pul oqimi yoki xarajatlarni tejash qiymatiga qarab belgilanadi.
60590. Daromad yondashuvi madaniy boyliklar qiymatini baholashning yagona yondashuvi sifatida quyidagi holatlarda qoʻllanishi lozim:
a) madaniy boyliklar obyektining daromad olish qobiliyati, bozor ishtirokchisi nuqtayi nazaridan, uning qiymatiga taʼsir qiluvchi eng muhim omil hisoblansa;
b) koʻrib chiqilayotgan madaniy boyliklarga nisbatan kelajakdagi daromad miqdori va muddatlari toʻgʻrisida oqilona uzoq muddatli prognoz qilish mumkin boʻlsa hamda bozorda faqat kam miqdorda analog-obyektlar mavjud boʻlsa.
60591. Mazkur Standartning 60590-bandida keltirilgan mezonlarga rioya qilinmasa, quyidagi holatlarda daromad yondashuvi natijasida olingan qiymat koʻrsatkichini qoʻllab-quvvatlash uchun boshqa yondashuvlarni ham qoʻllash imkoniyati koʻrib chiqilishi kerak:
a) baholanayotgan madaniy boyliklar obyektining daromad keltirish qobiliyati uning qiymatiga taʼsir qiluvchi omillardan biri boʻlsa;
b) baholanayotgan madaniy boylik obyektiga bogʻliq boʻlgan kelajakdagi daromadlar miqdori va muddati toʻgʻrisida sezilarli noaniqlik mavjud boʻlsa;
d) baholanayotgan madaniy boylik obyekti haqidagi maʼlumotlarni olish imkoni boʻlmaganda;
e) baholanayotgan madaniy boylik obyekti hali daromad keltira boshlamagan, ammo maʼlumotlarga koʻra, bu yaqin kelajakda sodir boʻlishi mumkin boʻlsa.
Shuningdek, baholash jarayonida olingan natijalarni muvofiqlashtirishda daromad yondashuvi natijasi katta ahamiyatga ega boʻladi.
3-§. Xarajat yondashuvi
60592. Xarajat yondashuvi qiymat koʻrsatkichini olishga imkon beradi, bunda xaridor madaniy boylik obyekti uchun obyektni teng foydalilik, vaqt, noqulayliklar, tavakkalchilik yoki boshqa murakkablashtiruvchi omillar mavjud emasligida xarid qilish uchun sarflanadigan miqdordan koʻproq pul toʻlamaydi degan iqtisodiy prinsipdan foydalaniladi.
60593. Xarajat yondashuvi madaniy boyliklar obyektini almashtirish yoki koʻpaytirish boʻyicha joriy xarajatlarni hisoblash va vaqt oʻtishi bilan madaniy boyliklar uchun tegishli eskirish turlari va narxlarning oshishi uchun tuzatishlar kiritish orqali qiymat koʻrsatkichini olish imkonini beradi.
60594. Xarajat yondashuvi quyidagi holatlar mavjud boʻlganda madaniy boyliklarning qiymatini baholashning yagona yondashuvi sifatida qoʻllanilishi mumkin:
a) ishtirokchilar baholash obyekti bilan deyarli bir xil foydalilik xususiyatiga ega boʻlgan madaniy boyliklar obyektini hech qanday meʼyoriy yoki huquqiy cheklovlarsiz qayta yaratishga qodir boʻlsa va bu madaniy boyliklar obyekti shu qadar tez yaratilishi mumkinki, ishtirokchi baholanayotgan madaniy boyliklar obyektidan darhol foydalanish imkoniyati uchun katta mukofot toʻlashni xohlamasa;
b) baholanayotgan madaniy boylik obyekti toʻgʻridan-toʻgʻri daromad keltirmasa va uning oʻziga xos xususiyati daromad va (yoki) qiyosiy yondashuvlardan foydalanishga imkon bermasa;
d) amaldagi qiymat turi asosan qayta ishlash yoki almashtirish xarajatlariga asoslansa.
60595. Mazkur Standartning 60594-bandida keltirilgan mezonlarga rioya qilinmasa, quyidagi holatlarda ham xarajatlar yondashuvi natijasida olingan xarajatlar koʻrsatkichini qoʻllab-quvvatlash uchun boshqa yondashuvlarni ham qoʻllash imkoniyati koʻrib chiqilishi kerak:
a) ishtirokchilar madaniy boyliklar obyektini analog-obyektni qayta tiklash imkoniyatini koʻrib chiqishlari mumkin, ammo madaniy boylikning bir xil obyektini yaratish bilan bogʻliq cheklovlar mavjud boʻlsa yoki koʻp vaqt talab qilsa;
b) madaniy boyliklar obyekti yaqin vaqt ichida yaratilgan va xarajatlar yondashuvida ishlatiladigan taxminlar yuqori darajadagi ishonchlilikka ega boʻlsa.
4-§. Baholash natijalarini muvofiqlashtirish
60596. Turli xil yondashuvlar va baholash usullaridan foydalangan holda olingan madaniy boyliklarning qiymatini baholash natijalarini muvofiqlashtirish va uni baholash hisobotida aks ettirish 4-son MBS “Baholash toʻgʻrisidagi hisobot va uni tuzish tartibi” va 6-son MBS “Baholash yondashuvlari va usullari” talablariga muvofiq amalga oshiriladi.
5-bob. Madaniy boyliklarni baholash boʻyicha maxsus qoidalar
60597. Madaniy boyliklarni boshqa usullar yordamida ham baholash mumkin.
Madaniy boyliklarni baholashda baholovchi baholanayotgan madaniy boyliklarning xususiyatlarini hisobga olishi va maʼlumotlarning mavjudligi va bozor konyunkturasidan kelib chiqqan holda baholash usullarini tanlashi kerak.
Bunday holda, baholash hisobotida baholovchi tomonidan tanlangan usul (usullar) tavsifi koʻrsatilishi kerak, bu baholash hisobotidan foydalanuvchiga qiymatni aniqlash jarayonining mantiqiyligi va tanlangan usul(lar)ning muvofiqligini tushunishga imkon beradi.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobot har xil talqin qilinishiga yoʻl qoʻymasligi va tushunmovchiliklar keltirib chiqarmasligi kerak.
60598. Hisoblash usulini tanlashda baholovchi muhimlik, asoslilik, noaniqlik, tekshiriluvchanlik va yetarlilik tamoyillariga tayanishi kerak. Bunday holda, baholash toʻgʻrisidagi hisobotda baholovchi tanlangan usul(lar)ning asoslanishi va tavsifini, madaniy qadriyatlar (tasviriy yoki amaliy sanʼat) yoʻnalishidan kelib chiqqan holda narxlash mezonlarini koʻrsatishi kerak.
60599. Madaniy boyliklarning qiymati uni yaratish uchun moliyalashtirish usuliga bogʻliq emas.
605100. Madaniy boyliklarni baholash boʻyicha ishlarni bajarishda baholovchi quyidagilarga majburdir:
baholangan madaniy boylik obyektida mualliflik huquqi va turdosh huquqlar bilan bogʻliq majburiyatlar mavjudligini aniqlash;
mavjud manbalardan baholash obyektida qonuniy cheklovlar mavjudligi toʻgʻrisida maʼlumot olish.
605101. Baholanayotgan madaniy boyliklarga nisbatan uchinchi shaxslarning hujjatlashtirilgan mulkiy huquqlari yoki cheklovlar boʻlmagan taqdirda, obyektni baholash, agar baholash topshirigʻida boshqacha tartib koʻrsatilmagan boʻlsa, tekshirish paytida aniqlangan holatlarni hisobga olgan holda bunday huquq va cheklovlar yoʻqligi haqidagi taxmin asosida amalga oshiriladi.
605102. Baholovchi baholash usulini tanlashda baholanayotgan madaniy boylikning xususiyatlarini hisobga olgan holda, muhimlik, ishonchlilik, toʻgʻrilik, tekshiriluvchanlik va muvofiqlik tamoyillariga asoslanishi kerak.
605103. Moliyaviy hisobotlar uchun belgilangan tartibda aniqlangan madaniy boylik obyektlarining qiymati mazkur Standartda aniqlangan qiymatidan sezilarli darajada farq qilishi mumkin.”.
4. Mazkur qoʻshimchalarning ilovasiga muvofiq tahrirdagi 11-ilova bilan toʻldirilsin.
Oʻzbekiston Respublikasi Yagona milliy baholash standartiga kiritilayotgan qoʻshimchalarga
ILOVA
“Oʻzbekiston Respublikasining Yagona milliy baholash standartiga
11-ILOVA
“Madaniy boyliklar qiymatini baholash” Milliy baholash standarti (16-son MBS)
METODIKASI
Mazkur Metodika 16-son MBS “Madaniy boyliklar qiymatini baholash”ni qoʻllash tartibini belgilaydi.
1-bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Metodika YAMBSga muvofiq madaniy boyliklar obyektlari (bundan buyon matnda MBO deb yuritiladi) qiymatini baholash uchun zarur boʻlgan minimal uslublarni belgilaydi. Baholovchilar Oʻzbekiston Respublikasining baholash faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikka, YAMBSga hamda baholashning xalqaro tajribasiga zid boʻlmagan boshqa uslublardan ham foydalanishlari mumkin. Bunda baholovchi baholash toʻgʻrisidagi hisobotda tanlangan baholash usulini koʻrsatishi va asoslashi kerak.
2-bob. MBOni identifikatsiya qilish
2. Baholanayotgan MBOni identifikatsiya qilish uning miqdoriy va sifat koʻrsatkichlari va parametrlarini aniqlash, shuningdek, baholanayotgan MBOning qiymatini aniqlash imkonini beruvchi tegishli parametrlar va tavsiflarga analog-obyektlarning narxni shakllantiruvchi parametrlari mosligini qiyoslash asosida amalga oshiriladi.
3. Indentifikatsiya jarayonida MBOning ekspertizasi oʻtkaziladi. Ekspertiza MBOni baholash uchun asos boʻlib xizmat qiladi, bu esa baholash obyektining madaniy (badiiy) qiymatini aniqlash va ularni analog-obyektni identifikatsiyalash imkonini beradi.
Baholanayotgan MBOni ekspertizadan oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad uning haqiqiy yoki haqiqiy emasligini tasdiqlashdan iborat.
Madaniy (badiiy) qiymatni aniqlash vazifasi ahamiyatli belgilarning eng katta va eng aniq miqdorini aniqlashdan iboratdir.
4. Baholanayotgan madaniy boyliklar obyektining oʻziga xos xususiyatlariga bogʻliq ravishda baholovchi quyidagi masalalarga alohida eʼtibor berishi lozim:
MBOni baholash uchun boshlangʻich maʼlumotlar;
sanʼatshunos-ekspert xulosasining mavjudligi;
MBOning texnologik ekspertizasi protokoli mavjudligi (ixtisoslik boʻyicha ekspertlar xulosalari protokolda aks ettiriladi);
MBO atributsiyasining mavjudligi (agar mavjud boʻlsa);
MBO provenansi mavjudligi (agar mavjud boʻlsa);
MBOga nisbatan cheklovlar mavjudligi yoki mavjud emasligi;
MBOning saqlanish darajasi va restavratsiya qilish zarurati;
MBO bilan bogʻliq qoʻshimcha maʼlumotlarning mavjudligi (koʻrgazmalar kataloglari, adabiyotlar va boshqalar);
baholash uchun taqdim etilgan MBO analoglari haqida maʼlumot.
5. MBOni baholash uchun boshlangʻich maʼlumotlar quyidagilarni oʻz ichiga olishi lozim:
MBOning nomi;
MBOning fotosurati;
MBO muallifining imzosi yoki shaxsiy tamgʻasining mavjudligi;
yaratilgan sanasi;
MBOning mansubligi (tasviriy yoki amaliy sanʼat);
sanʼatshunos-ekspert xulosasi;
MBOning savdo tarixi (sotuvlar tarixi) (agar mavjud boʻlsa).
6. MBO boʻyicha sanʼatshunos-ekspertning xulosasida MBOning muallifi, yaratilgan sanasi, badiiy, ilmiy va tarixiy-madaniy qiymati, muayyan maktabga aloqadorligi, ijro uslubi, kompozitsion yechimi, koʻrgazma tarixi va boshqalar aks ettiriladi.
7. MBO ekspertizaga jalb etiladigan sanʼatshunos-ekspert baholash obyektining tegishli soha yoʻnalishi (tasviriy yoki dekorativ-amaliy sanʼat) boʻyicha malakaga ega boʻlishi kerak.
Xulosada sanʼatshunos-ekspert oʻzi haqidagi toʻliq maʼlumotlarni (familiyasi, ismi, otasining ismi, ilmiy unvoni va darajasi (agar mavjud boʻlsa), ish joyi (lavozimi) (agar mavjud boʻlsa) hamda oʻzaro aloqa maʼlumotlarini) koʻrsatishi lozim.
Xulosa sanʼatshunos-ekspertning oʻzi tomonidan imzolanadi. Shuningdek, xulosa sanʼatshunos-ekspertning shtatida boʻlgan tashkilotning yoki u bilan fuqarolik-huquqiy shartnoma tuzgan tashkilotning muhri bilan tasdiqlanishi mumkin.
8. MBOni texnologik ekspertizadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi bayonnomada tadqiqot turlari, tadqiqotlar oʻtkazilgan uskunalar roʻyxati, oʻlchov vositalarining amaldagi metrologik sertifikati, soha eksperti haqidagi maʼlumotlar (familiyasi, ismi, otasining ismi, ilmiy unvoni va darajasi, ish joyi (lavozimi) va texnologik ekspertizani oʻtkazgan tashkilot) koʻrsatilishi kerak.
9. MBO atributsiyasi uning yaratilgan joyi va vaqti, shuningdek, ushbu obyektni yaratgan usta yoki u tegishli boʻlgan maktabni oʻz ichiga oladi. Shuningdek, ekspertizada MBO atributsiyasi boʻyicha badiiy asarning ishonchliligi, haqiqiyligi, uning muallifi, yaratilgan joyi va vaqti aniqlanadi. Bunda ekspertiza muayyan sanʼat turi boʻyicha ekspert tomonidan amalga oshiriladi. Ekspertning atributsiyadagi asosiy faoliyati obyektning muallifligi, xronologik mansubligi, autentligini tasdiqlash uchun obyekt tipologiyasining hujjatli va informatsion taʼminotini aniqlashga yoʻnaltiriladi.
10. MBO provenansi — bu MBOning oldingi egalari haqida hujjatli maʼlumotlarning mavjudligidir. Provenansni oʻrganishda baholovchi oxirgi mulkdordan uning baholash obyektiga egalik huquqining qonuniyligi haqida yozma maʼlumotlarni olishi, shuningdek, agar MBO Oʻzbekiston Respublikasining “Madaniy boyliklarni olib chiqish va olib kirish toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi tomonidan 1996-yil 21-mayda ratifikatsiya qilingan Qurolli mojaro chiqqan hollarda madaniy boyliklarning himoya qilinishi toʻgʻrisidagi Konvensiyani buzgan holda olingan boʻlsa, MBO egasini javobgarlikka tortilishi mumkinligi toʻgʻrisida ogohlantirishi shart.
11. MBOga nisbatan cheklovlar mavjudligini tekshirishda baholovchi buyurtmachidan baholash obyektiga mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning asli yoki nusxalarini va baholanayotgan MBO boʻyicha cheklovlar yoʻqligini tasdiqlovchi hujjatlarni (agar mavjud boʻlsa) olishi lozim.
12. Zaruratga koʻra, baholovchi tegishli tashkilotlardan baholash obyektiga mulk huquqini tasdiqlovchi hujjatlarning (shartnomalar, xayr-ehsonlar, vasiyatnomalar va boshqalar) nusxalarini talab qilishga haqli.
13. MBO ekspertiza natijalaridan qatʼi nazar, baholashni amalga oshirishdan oldin baholovchi baholash obyektini tekshiruvdan oʻtkazadi. Vizual tekshiruvga quyidagilar kiradi:
nuqsonlar, darz ketishlar, boʻlinishlar, sinishlar va boshqa shikastlanishlarning mavjudligi;
saqlanish darajasi va restavratsiya qilish zarurati.
14. MBOning saqlanish darajasi bevosita baholash narxiga taʼsir qiladi. MBOni vizual tekshirish vaqtida nuqsonlar, mogʻor bosish va deformatsiya izlari yoki boshqa kamchiliklar aniqlangan taqdirda, baholovchi baholash obyektini restavratsiya qilish darajasini aniqlash uchun tegishli ekspertni jalb qilishi lozim.
15. Tekshiruv davomida MBOning qaysi turga tegishliligi va tipologik belgilari, muallifi, mavzusi, syujeti, vaqti, yaratilish joyi va mavjudligi, ilmiy ahamiyati, memorialligi, ijtimoiy va etnik mansubligi, tayyorlash materiali va usuli, oʻlchami, rangi, shakli, tuzilishi, yoʻqotishlar roʻyxati va boshqa sifatlar yoki baholash uchun zarur boʻlgan alohida belgilar qayd etiladi.
16. Tekshiruvni ixtisoslik boʻyicha ekspert jalb qilgan holda oʻtkazish obyektni baholash toʻgʻrisidagi hisobotda koʻrsatilgan maʼlumotlarni isbotlash uchun zarur shart hisoblanadi.
17. MBO bilan bogʻliq hujjatlar yoki boshqa axborot materiallarining (koʻrgazmalar kataloglari, sanʼatshunoslik sohasidagi adabiyotlar, muzeylar yoki koʻrgazma galereyalarining veb-saytlari va boshqalar) mavjudligi MBOning yakuniy bahosiga bevosita taʼsir koʻrsatadi. Xususan, respublika miqyosidagi yoki xalqaro koʻrgazmalarda MBOning koʻrgazmalar tarixi mavjudligi baholash obyekti qiymatini bir necha barobar oshirishi mumkin.
3-bob. Axborotni toʻplash va tahlil qilish
18. Axborotni toʻplash, oʻrganish va tahlil qilishda, shuningdek, baholash obyektini identifikatsiya qilishda baholovchi 3-son MBS “Baholash jarayonida oʻtkaziladigan oʻrganishlar va tahlillar” talablariga amal qilishi kerak.
19. Baholash obyektini tahlil qilish uchun zarur boʻlgan maʼlumotlarning turi va miqdori baholovchi tomonidan baholashdan koʻzda tutilgan maqsad, aniqlanadigan qiymat turi, baholash obyektining oʻziga xos xususiyatlari, ruxsatlar va cheklovchi shartlarga qarab belgilanadi.
20. MBOni baholash ishlari sifatli boʻlishini taʼminlashning asosiy sharti baholash uchun taqdim etilgan MBO analoglari borasidagi maʼlumotlarni toʻgʻri va malakali tanlashdan iboratdir. Analoglarni tanlashda baholovchi muallif asarlarining mahalliy bozorini ham, xorijiy bozorini ham, shu jumladan auksion savdolarini (agar mavjud boʻlsa) ham oʻrganishi kerak. MBOning muallifi boʻlmagan holatlarda, baholanayotgan MBO bilan eng koʻp oʻxshash tavsiflarga ega boʻlgan obyekt analog-obyekt sifatida olinadi.
21. Baholash obyekt bozorining tahlili quyidagi izchillikda amalga oshiriladi:
analog-obyektlar bozorining tahlili;
baholash obyekti bozoriga tegishli sektorning joriy holati, rivojlanish istiqbollari va rivojlanish tendensiyalari tahlili;
baholash obyekti bilan yoki analog-obyektlar bilan tuzilgan bitimlar tahlili (agar mavjud boʻlsa);
baholash obyekti bilan qiyoslanayotgan analoglarga boʻlgan talab, taklif va narxga taʼsir qiluvchi asosiy omillar tahlili.
Madaniy boyliklar bozorining kelajak tendensiyalarini prognoz qilishda MeiMoses All Art Index, Artprice Global Index, ArtNet, Zurich Art and Antiques Index, Skateʼs Art Stocks Index (SASI), ARTIMX singari mashhur indekslar, shuningdek, Christieʼs, Sothebyʼs, Heritage Auctions, Phillips de Pury & Company, Bonhams va boshqa nufuzli auksion uylari va sanʼat asarlari bozorini tahlili qilishga ixtisoslashgan tahliliy kompaniyalar maʼlumotlaridan foydalanish mumkin.
22. Baholovchi tomonidan qoʻllanilayotgan baholash uslublari bozorning holati va dinamikasi, shuningdek baholash obyekti bilan tuzilgan bitimlar (sanasi, auksion narxlari (estimeyt), narx omillari, maʼlumot manbai va boshqa) toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanishni talab qiladigan holatlarda, baholovchi baholash obyekti tegishli boʻlgan bozor segmenti haqida umumiy maʼlumotlarni toʻplashi lozim.
23. Quyidagilar MBOni baholashning maqsadlari boʻlishi mumkin:
oldi-sotdi;
deklaratsiyalash;
ustav kapitali (jamgʻarmasi)ga kiritish;
sugʻurtalash (sugʻurta xatarlarining barcha holatlari);
olib chiqiladigan va olib kiriladigan madaniy boyliklarga qoʻyiladigan bojxona boji qiymatini belgilash;
vakolatli davlat organi tomonidan MBOni olib chiqish va vaqtincha olib chiqish uchun beriladigan sertifikatni olish;
hibsga olingan yoki musodara qilingan MBOning bozor qiymatini aniqlash;
garovga qoʻyish;
boshqa davlatlardan noqonuniy tarzda olib chiqilgan, oʻgʻirlangan yoki boshqa davlatlarda yoʻqotilgan MBO qonuniy egasiga qaytarilganida, uni halol xarid qilgan inson uchun beriladigan kompensatsiya miqdorini aniqlash.
Bunda baholovchi baholashda qiymat turini tanlash bevosita baholash maqsadiga bogʻliqligini eʼtiborga olishi kerak.
24. MBO qiymatining turi baholash maqsadi va uning natijalaridan foydalanish bilan bogʻliq ravishda 5-son MBS “Qiymat turlari”ga muvofiq tarzda belgilanadi.
4-bob. Baholash yondashuvlari va uslublarini tanlash, asoslash va qoʻllash
25. MBOni baholash qiyosiy, daromad va xarajatlarga asoslangan yondashuvlardan foydalangan holda amalga oshiriladi. Baholash toʻgʻrisidagi hisobotda baholovchi u yoki bu yondashuvni qoʻllashning maqsadga muvofiqligini asoslab berishi kerak. Baholovchi baholash uchun tanlangan yondashuv (yondashuvlar) doirasida baholash obyekti qiymatini hisoblashning muayyan uslublarini mustaqil ravishda belgilash huquqiga ega.
26. MBOni baholash quyidagi asosiy bosqichlarni oʻz ichiga olishi lozim:
baholashning maqsadi va vazifasini aniqlash, baholash topshirigʻini tayyorlash, MBO qiymatini baholash boʻyicha koʻrsatiladigan xizmatlarga oid shartnoma tuzish;
baholash obyektini identifikatsiya qilish, yaʼni baholash obyektini, uning tarixi, miqdoriy va sifat tavsiflari va parametrlarini aniq taʼriflash;
baholash obyekti muallifining ijodiy tarixini taʼriflash (agar mavjud boʻlsa);
sanʼatshunoslik va (yoki) texnologik ekspertiza natijalarini taʼriflash;
madaniy boyliklar muomalada boʻlgan bozorni tahlil qilish, baholanayotgan MBOning bozor segmenti toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash va tizimlashtirish;
narxlarni shakllantiruvchi omillarni va ularning narxga taʼsirini aniqlash;
baholashga oid yondashuv (yondashuvlar)ni va baholanayotgan MBO qiymatini hisoblash uslubini (uslublarini) tanlash va asoslash;
baholanayotgan MBOning qiymatini aniqlash boʻyicha baholash yondashuvlarini qoʻllash va hisoblash-tahliliy protseduralarni bajarish;
olingan natijalarni umumlashtirish va baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash;
MBOni baholash boʻyicha hisobot tayyorlash.
27. MBO qiymatini baholash ishlarini bajarishda baholovchi quyidagilarni amalga oshiradi:
baholanayotgan MBO mualliflik va turdosh huquqlar bilan bogʻliq boʻlgan majburiyatlar mavjudligini aniqlash;
mavjud axborot manbalaridan baholash obyektiga nisbatan qonuniy cheklovlar toʻgʻrisida maʼlumot olish.
28. MBOning qiymati uni yaratishdagi moliyalashtirish usuliga bogʻliq boʻlmaydi.
29. Baholanayotgan MBOga nisbatan uchinchi shaxslarning hujjatlar bilan tasdiqlangan mulkiy huquqlari va cheklovlar mavjud boʻlmagan taqdirda, obyektni baholash, agar baholash topshirigʻida boshqacha koʻrsatilmagan boʻlsa, tekshirish paytida aniqlangan holatlarni hisobga olgan holda bunday huquq va cheklovlar mavjud emas degan taxmin asosida amalga oshiriladi.
30. Hisoblash uslubini tanlashda baholovchi baholanayotgan MBOlarning oʻziga xos xususiyatlaridan kelib chiqqan holda muhimlik, asoslilik, aniqlik va yetarlilik tamoyillariga asoslanishi kerak. Baholash hisobotida baholovchi MBO yoʻnalishidan (tasviriy yoki amaliy sanʼat) kelib chiqqan holda tanlangan uslub (uslublar)ning asoslanishi va taʼrifini, shuningdek, narx shakllanishi mezonlarini koʻrsatib oʻtishi lozim.
Baholash hisobotini tayyorlashda muhimlik prinsipidan foydalangan holda ishni amalga oshirish davomida aniqlangan barcha muhim holatlarning bayon etilishi baholovchi tomonidan boshqa hech qanday muhim holatlar aniqlanmaganini anglatadi.
Asoslanganlik prinsipi qoʻllanayotgan uslublar va alohida hisob-kitoblar asosli ekanligi va mantiqiy tushuntirishga egaligi, hisoblashda foydalanilgan boshlangʻich maʼlumotlar va taxminlar bir-biriga va bozor sharoitlariga mos kelishini koʻzda tutadi.
Aniqlik prinsipi baholash hisobotining mazmuni ushbu hisobotdan foydalanuvchilarni chalgʻitmasligi, shuningdek, turli talqin qilish mumkin emasligini anglatadi.
Yetarlilik prinsipiga koʻra, MBOni baholash hisobotini tayyorlash jarayonida har qanday fikr-mulohaza faqat uning ishonchliligiga yetarli asoslar keltirilgan, yaʼni foydalanilgan axborot manbalariga havolalar va hujjatlarning nusxalari boʻlsagina, toʻgʻri deb hisoblanadi.
1-§. Qiyosiy yondashuv
31. Qiyosiy yondashuv analog-obyektlarning narxlari va tavsiflari toʻgʻrisida ishonchli va foydalanish mumkin boʻlgan maʼlumotlar mavjud boʻlgan hollarda qoʻllanadi. Baholash obyektini bir xil yoki analog MBOlar bilan taqqoslash uchun tegishli maʼlumotlarning mavjudligi qiyosiy yondashuvni qoʻllash sharti hisoblanadi. Bunday analog-obyektlar baholanayotgan MBO bilan bir bozorda yoki baholanayotgan MBO bilan bir xil bozorda sotilishi kerak. Bunda amalga oshirilgan kelishuvlar narxi ham, takliflar narxi ham qoʻllanishi mumkin.
32. Baholash maqsadlari uchun oʻzining qiymatini belgilovchi asosiy tavsiflari boʻyicha baholash obyektiga maksimal oʻxshash boʻlgan obyekt analog-obyekt sifatida tan olinadi. Madaniy boyliklar sohasidagi analoglarning oʻxshashligini aniqlashda baholovchi sanʼatshunoslik va (yoki) texnologik ekspertiza natijalariga asoslanishi lozim.
33. Quyidagilar analog-obyektlarni tanlashda hisobga olinadigan omillar hisoblanadi:
analog-obyektlarning baholanayotgan MBO bilan asosiy miqdoriy va sifat tavsiflari boʻyicha oʻxshashligi;
tanlanayotgan analog-obyektlarning soni, ularning miqdoriy va sifat xususiyatlarini tekshirish imkoniyati mavjudligi;
mualliflik (agar mavjud boʻlsa).
34. Qiyosiy yondashuvdan foydalangan holda baholash obyektining qiymatini aniqlash analog-obyektlarning narxlarini tuzatish orqali amalga oshiriladi, bu ularning baholanayotgan obyektdan farqini bartaraf qilish imkonini beradi.
35. Qiyosiy yondashuv tegishli qiyoslash elementlari asosida tanlangan analog-obyektlarning narxlaridan foydalangan holda qoʻllaniladi. Qiyoslash elementlari qatoriga baholash obyektining qiymatiga va madaniy boyliklarga taalluqli boʻlgan obyektlar bilan tuziladigan bitimlarning xususiyatlariga taʼsir qiladigan omillar kiradi.
36. Sotuvlarni toʻgʻridan-toʻgʻri qiyoslash uslubi bozori chaqqon, koʻplab takliflar va bitimlarga boy boʻlgan seriyali va ommaviy MBOlar uchun qoʻllaniladi. Analog-obyektlar bilan tuzilgan muayyan bitimga bogʻliq holda MBOni xarid qilish va sotish boʻyicha bitimlar tuziladigan bozorlarning quyidagi turlari ajratib koʻrsatiladi:
auksion;
galereya;
yarmarka (art-yarmarka, badiiy yarmarka, sanʼat yarmarkasi va boshqa);
kolleksiyachi yoki merosxoʻr tomonidan amalga oshiriladigan toʻgʻridan-toʻgʻri sotuvlar;
rassom (muallif) ustaxonasi;
onlayn auksionlar va elektron savdo maydonchalari.
37. Auksion savdolari madaniy boyliklar qiymatining yuqori chegarasini shakllantiradi hamda bunday bitimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning ishonchli va haqiqiy emaslik xavfi minimal hisoblanadi.
38. Auksionda shakllanadigan MBO bahosi estimeyt deb ataladi va quyidagi tarkibiy qismlarni oʻz ichiga oladi:
bolgʻacha narxi (lot sotilgan narx);
bolgʻacha narxiga qoʻshimcha yigʻimlar (xaridor tomonidan auksion uyiga toʻlanadigan xaridor mukofoti, zaruratga koʻra, sotib olingan MBOni mamlakatdan olib chiqish uchun ruxsat olishga sarflanadigan xarajatlar);
agar auksion oʻtkazilayotgan mamlakatning amaldagi qonunchiligiga muvofiq MBOga nisbatan intellektual mulk huquqi mavjud boʻlsa, muallif yoki uning merosxoʻrlariga haq toʻlash;
transport xarajatlari;
yetkazib berishda MBOni sugʻurtalashga sarflanadigan xarajatlar qiymati,
har bir muayyan holatda yuzaga kelishi mumkin boʻlgan va koʻzda tutilmagan boshqa xarajatlar.
39. Bitta auksion savdosi madaniy boylik obyektining yakuniy narxi boʻlishi mumkin emas. Shunga analog MBOning kamida ikkita savdosi mavjudligi muallifning muayyan sanʼat asarlari boʻyicha shakllangan narxlardan dalolat berishi mumkin.
40. Sotuvlarni toʻgʻridan-toʻgʻri qiyoslash usulidan foydalanganda:
bozorga oid maʼlumotlar tahlil qilinadi va analog-obyektlar (estimeytlar) aniqlanadi;
tanlangan analog-obyektlarning baholash obyekti bilan qiyoslash elementlari (narxni belgilovchi koʻrsatkichlar) aniqlanadi;
tanlangan analog-obyektlarning har biri baholash obyekti bilan narxlarni shakllantiruvchi omillar (qiyoslash elementlari) boʻyicha taqqoslanadi;
baholash obyekti va analog-obyektlar oʻrtasidagi narxlarni shakllantiruvchi omillardagi farqlar aniqlanadi;
analog-obyektning narxi (yoki uning solishtirma koʻrsatkichi) aniqlangan farqlarga muvofiq tuzatiladi;
baholanayotgan obyektning qiymati analog-obyektlarning tuzatilgan narxlarini umumlashtirish orqali aniqlanadi.
41. MBOning bozor qiymati sotuvlarni toʻgʻridan-toʻgʻri qiyoslash uslubiga muvofiq quyidagi formula boʻyicha aniqlanadi:
V = Vkor ± Kor
bu yerda:
V — MBOning bozor qiymati;
Vkor — analog-obyektni sotish (sotishga oid takliflar) qiymati;
Кor — taqqoslanayotgan analog-obyektning tuzatilgan qiymatiga kiritilgan tuzatishlarning baholash sanasidagi umumiy qiymati.
Tuzatishlar asoslangan holda kiritilishi lozim va baholovchi baholash hisobotida tuzatishlar kiritilishi sabablarini hujjatlashtirishi hamda miqdoriy koʻrsatkichlarni hisoblash tartibini koʻrsatishi kerak.
42. Auksion narxlari bilan ishlashda baholovchi auksion savdosi sanasiga mos ravishda analog-obyekt narxiga tuzatish kiritishni qoʻllashi lozim. Agar sotish sanasi baholash sanasidan farq qilsa, baholash sanasiga tuzatish kiritilishi kerak.
43. Analog-obyektlarning qiymati baholash sanasiga indeksatsiyalash orqali keltiriladi. Indeksatsiyalashni amalga oshirishda baholovchi baholash obyekti uchun xarajatlar elementlarini nazarga olgan holda narx oʻzgarishi indekslariga amal qiladi. Xarajatlar elementlari uchun narx oʻzgarishi indekslari toʻgʻrisida ishonchli maʼlumotlar mavjud boʻlmaganda, tegishli tarmoqlar uchun narx oʻzgarishi indekslaridan yoki baholash obyektining mohiyatiga mos keladigan boshqa indekslardan foydalanish mumkin.
Indeksatsiyalash koeffitsiyenti baholash obyektini yaratishda ishtirok etayotgan ustalarning ish haqi oʻzgarishini, eng barqaror valyutaning oʻzgarishi yoki materiallar, butlovchi qismlar yoki tayyor mahsulotlar narxlarining oʻzgarishi va boshqalarni aks ettiruvchi koʻrsatkich sifatida hisoblanadi.
44. Tuzatishlarning foiz qiymatlari taqqoslanadigan obyekt narxiga beriladigan mulkiy huquqlar, moliyalashtirish shartlari, sotish shartlari, auksionda sotish shartlari bilan bogʻliq boʻlgan qoʻshimcha xarajatlar, bozor konyunkturasi, joylashuvi, iqtisodiy tavsiflari, foydalanish turi va boshqa komponentlar boʻyicha baholash obyektidan qanchalik oshib ketishi yoki undan pastligini hisobga olish uchun qoʻllaniladi.
45. Tuzatishlarni kiritish barcha tuzatishlar kiritilgunga qadar davom ettiriladi. Baholash obyektini ular boʻyicha tuzilgan bitimlar yoki bozorga chiqarilayotgan boshqa analog-obyektlar bilan qiyoslash uchun quyidagi qiyoslash elementlari qoʻllaniladi:
sotish shartlari (bitim sanasi va baholash sanasi orasidagi narx oʻzgarishi, narxning savdolar jarayonidagi oʻzgarishlari);
analog-obyekt xarid qilinganidan keyingi xarajatlar (yetkazib berish, soliqlar va tegishli yigʻimlarni toʻlash);
jismoniy xususiyatlar;
iqtisodiy xususiyatlar;
tarixiy xususiyatlar;
baholash obyektining joylashuvi;
boshqa shartlar.
46. Analog-obyektlar boʻyicha tuzatishlar sanʼatshunos-ekspertning professional fikri asosidagi ekspert xulosasidan olingan maʼlumotlar, shuningdek, analog-obyektlarni tavsiflovchi maʼlumotlar asosida kiritiladi.
47. MBOning badiiy qiymati, shakli, materiali, bezak turi, texnikasi va tayyorlash murakkabligi boʻyicha tuzatishlar analog-obyekt va baholash obyekti oʻrtasida sezilarli farq kuzatilganda, ixtisoslikning mazkur yoʻnalishi boʻyicha sanʼatshunos-ekspertlarni jalb qilish orqali kiritilishi mumkin.
48. Reyting usuli MBOning turli tavsiflarini hisobga oluvchi va uning narxiga taʼsir koʻrsatuvchi asosiy (bazis) qiymatni aniqlash va multiplikativ tuzatishlarni kiritish orqali qoʻllanadi.
49. Asosiy (bazis) qiymat quyidagicha hisoblanadi:
bir qiymat uchun (materiallarning solishtirma xarajatlari, ish haqi, qoʻshimcha va maʼmuriy xarajatlar, agar mavjud boʻlsa);
baholanayotgan MBOning kompensatsiyaviy nusxasini zamonaviy yaratish qiymatini qayta ishlab chiqarishdan kelib chiqqan holda;
tarixiy qiymat yoki tayyorlovchi (muallif) tomonidan amaliy sotish nuqtayi nazaridan baholanayotgan MBOni yaratish davridagi narxini amaldagi narxlar boʻyicha qayta hisoblash (narxlarni indeksatsiya qilish) asosida.
50. MBOning bozor qiymatini hisoblashda tasviriy sanʼat asari (rasm) misolida koʻrib chiqamiz. MBOning bozor qiymati bazaviy qiymat hamda sanʼatshunoslik va texnologik ekspertizaning 20 ta mezoni (Xi) asosida quyidagi tarzda aniqlanadi:
РС = БPС * РК/СБР *(∑ Х20/ ∑ Xmax)*(1 — Кфун) * (1-Кфи)*(1-Кэу)
bunda:
РС — MBOning bozor qiymati;
БРС — MBOning bazaviy hisob qiymati;
СБР — tasviriy sanʼat asari (rasm)ning standart bazaviy oʻlchami, toʻrtta guruhdagi ijro texnikasi orqali belgilanadi:
1-texnika — xolst, moyboʻyoq (akril, tempera va boshqalar), katta ishlar uchun 100×120 sm standart oʻlcham, oʻrta ishlar uchun 70×90 sm standart oʻlcham,mayda ishlar uchun 30×50 sm standart oʻlcham;
2-texnika — qogʻoz, akvarel (guash, pastel va boshqalar), 30×50 sm standart oʻlcham;
3-texnika — dastgoh grafikasi (tush, qalam va boshqalar), 20×30 sm standart oʻlcham;
4-texnika — mualliflik bosma grafikasi (ofort, litografiya, oʻyma va boshqalar), standart oʻlcham 20×30 sm;
РК — tasviriy sanʼat asari (rasm)ning kvadrat santimetrdagi oʻlchami;
Xmax — sanʼatshunoslik va texnologik ekspertizaning mezonlari boʻyicha umumiy ball.
51. Umumiy eskirish quyidagi komponentlar asosida aniqlanadi:
Кфун — funksional eskirish koeffitsiyenti;
Кфи — jismoniy eskirish koeffitsiyenti. Ushbu koeffitsiyent mazkur Metodikaning ilovasida keltirilgan MBOning jismoniy holatini ekspert baholash shkalasi boʻyicha aniqlanadi;
Кэу — iqtisodiy eskirish koeffitsiyenti.
52. MBOning bazaviy qiymati quyidagicha aniqlanadi:
БPС = БРВ *БС
bunda:
БРС — MBOning bazaviy hisoblash qiymati (minimal);
БС — MBOning foydalanilayotgan texnika asosidagi bazaviy qiymati.
53. Quyidagi holatlarda qiyosiy yondashuv MBOni baholash uchun yagona yondashuv sifatida qoʻllanishi mumkin:
baholash obyekti yaqin vaqt ichida qoʻllanayotgan qiymat turiga mos ravishda eʼtiborga olinishi mumkin boʻlgan bitim asosida sotilgan boʻlsa;
baholash obyekti, u bilan bir xil yoki analog MBOlar bozorda faol muomalada aylanayotgan boʻlsa;
baholash obyekti bilan bir xil yoki analog MBOlar bilan tez-tez boʻladigan va (yoki) yaqin vaqt ichida tuzilgan bitimlar mavjud boʻlsa;
muallifning asarlari auksionlar yoki koʻrgazmalarda sotilgan boʻlsa.
Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan mezonlar mavjud boʻlmagan taqdirda, quyidagi holatlarda qiyosiy yondashuv natijasida olingan qiymat koʻrsatkichini qoʻllab-quvvatlash uchun boshqa yondashuvlarni ham qoʻllash imkoniyati koʻrib chiqilishi lozim:
baholanayotgan MBO yoki analog-obyektlar bilan bozorda tuzilayotgan bitimlar bozorning beqarorligi va faolligining mavjud darajasini hisobga olgan holda unchalik yangi boʻlmasa;
baholanayotgan MBO yoki analog-obyektlar bozorda oʻzaro muomalada boʻlsa-da, biroq unchalik faol boʻlmasa;
bozor kelishuvlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar mavjud, biroq taqqoslanayotgan MBOlar baholash obyektidan sezilarli darajada farq qilsa, bu esa tuzatishlar kiritishni talab qilishi mumkin boʻlsa;
MBO bilan yaqin vaqt ichida amalga oshirilgan bitimlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar ishonchli boʻlmasa (yaʼni, mish-mishlar, maʼlumotlarning yoʻqligi, sinergetik xaridor, bozor shartlariga mos boʻlmagan bitim, muammoli sotuv va boshqalar);
MBOning qiymatiga taʼsir qiluvchi muhim omil uni ishlab chiqarish xarajatlari yoki uning foyda keltirishi imkoniyati emas, balki bozorda unga beriladigan narx boʻlsa.
Shuningdek, olingan natijalarni muvofiqlashtirish jarayonida qiyosiy yondashuv natijasi katta ahamiyatga ega boʻladi.
54. Bozorda mavjud boʻlgan dastlabki maʼlumotlarga bogʻliq holda MBOni baholash jarayonida turli xil miqdoriy (miqdoriy toʻgʻrilash uslubi, juft sotuvlar uslubi va boshqalar) va sifatga oid uslublardan (ekspert baholash uslubi va boshqalar), shuningdek, ularning kombinatsiyalaridan foydalanish mumkin.
Sifatga oid uslublardan foydalanganda MBOni baholash analog-obyektlar bilan amalga oshirilgan bitimlar va (yoki) takliflar qiymatini tahlil qilish yoxud sanʼatshunos-ekspertlardan olingan tegishli maʼlumotlarni oʻrganish va tanlangan baholash yondashuvi metodikasidan foydalanish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
55. Statistik tahlil usullarini qoʻllashda baholovchi baholash obyektining bozor segmenti maʼlumotlaridan foydalangan holda ushbu obyekt bozoriga mos keladigan qiymatni belgilaydi va unga muvofiq tegishli narxning hisoblash qiymatini aniqlaydi.
2-§. Daromad yondashuvi
56. Madaniy boylikning har bir baholanayotgan obyekti uchun daromad yondashuvini qoʻllash imkoniyatini belgilashda uning daromad olish qobiliyatini oʻrganish kerak. Bunday daromadlar qatoriga baholanayotgan madaniy boyliklar qoʻyilgan muntazam faoliyat olib boruvchi koʻrgazmadan keladigan pul tushumlari yoki baholanayotgan MBO keltiradigan boshqa daromad (foyda) manbai kirishi mumkin.
57. Bunda MBOning iqtisodiy muomalada boʻlish muddati nomuayyan ekanligini ham eʼtiborga olish lozim.
58. Baholangan MBOdan kelayotgan daromadlarni ishonchli aniqlash imkoniyati mavjud boʻlsa, uning qiymati iqtisodiy muomalada boʻlish davri uchun kutilayotgan ushbu daromadlarni kapitallashtirish yoki diskontlash yoʻli bilan aniqlanadi.
59. Baholash jarayonida daromad yondashuvni qoʻllagan holda baholovchi:
prognoz davrini belgilashi kerak. Prognoz davri deganda kelajakdagi davr tushunilib, unda baholash sanasidan boshlab baholash obyekti tomonidan keltirilishi kutilayotgan daromadlarni, shuningdek, baholash obyekti va daromad olish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlar, shu jumladan amaldagi qonunchilikka muvofiq oʻrni toʻldirilmaydigan soliqlar va yigʻimlarni prognozlash ham amalga oshiriladi.
baholash obyektining prognoz davrida daromadlar oqimini keltirish qobiliyatini oʻrganish, shuningdek, prognoz davridan keyingi davrda obyektning daromadlar oqimini keltirish qobiliyati toʻgʻrisida xulosa chiqarish;
kelajakdagi daromadlar oqimlarini baholash sanasiga yetkazish uchun foydalaniladigan baholash obyekti bilan tavakkalchilik nuqtayi nazaridan taqqoslanadigan investitsiya obyektlariga qoʻyilmalar daromadliligini aks ettiruvchi diskont stavkasini aniqlash;
kutilayotgan daromadlar oqimini baholash sanasidagi qiymatga keltirish jarayonini amalga oshirish.
60. Alohida noyob qimmatga ega boʻlgan MBOlar uchun saqlash (bir joydan ikkinchi joyga koʻchirish, restavratsiya qilish, reklama aksiyalari va boshqalar) xarajatlarini hisobga olish va avtorizatsiyalash (MBO ekspertiza xarajatlari, koʻchirish uchun ruxsat olish va boshqa) ishlarini amalga oshirish zarurati yuzaga kelishi mumkin.
3-§. Xarajat yondashuvi
61. Xarajat yondashuvini qoʻllash MBOni qayta tiklash uchun ketadigan xarajatlar miqdorini hisobga olish imkoniyatini puxta koʻrib chiqishni talab etadi. MBOning noyobligi narxni shakllantiruvchi asosiy omil hisoblanadi.
62. Madaniy boyliklarning baʼzan yaratilish yoshi ahamiyatga ega boʻlib, ularni qayta yaratishni modellashtirishda yetarlicha toʻgʻri hisobga olish qiyin boʻlgan iqtisodiy sharoitlarda yaratilganligi hisobga olinishi lozim. Baholash obyektiga oʻxshash (oʻrnini bosuvchi) MBOni qayta yaratish uning haqiqiyligi va tarixiy-madaniy qiymatini yoʻqotish ehtimoli bilan bogʻliq boʻladi. Noyob va qayta takrorlab boʻlmaydigan MBOni qayta yaratish yoki almashtirish mumkin emas.
63. Xarajat yondashuvini qoʻllash uchun tegishli maʼlumotlar mavjud boʻlsa, bu yondashuvni seriyali va ommaviy MBOlarga nisbatan qoʻllash lozim.
64. Xarajat yondashuvini qoʻllashda, agar haqiqiyligi va tarixiy-madaniy qiymatini yoʻqotish prinsipial ahamiyatga ega (narxni shakllantiruvchi asosiy omil) boʻlmasa, baholanayotgan MBOni xarid qilish, qayta yaratish yoki oʻrnini bosish uchun zarur boʻlgan xarajatlar aniqlanadi.
65. Qayta yaratish xarajatlari baholanayotgan MBOning asl nusxasi yaratilgan davrdagi uslublar (texnologiyalar)ni qoʻllagan holda tabiati, sifati va yoshi nuqtayi nazaridan unga yaqin boʻlgan materiallardan qayta tayyorlangan aniq nusxasi (original) uchun toʻlanishi mumkin boʻlgan pul miqdorini bildiradi.
66. Oʻrnini bosish xarajatlari baholash obyektiga oʻxshash yoshi, oʻlchami, rangi va holatdagi MBO uchun toʻlanadigan pul miqdorini bildiradi. Mazkur xarajatlar baholash obyektiga muqobil nusxani yoki uning replikasini yoxud imkon qadar asl nusxaga yaqinroq boʻlgan, ammo zamonaviy usullar yordamida qayta yaratilgan nusxasini yaratish (sotib olish) xarajatlariga asoslanadi.
67. Xarajat yondashuvini qoʻllash sanoat tomonidan ishlab chiqariladigan, koʻp nusxalarga ega boʻlgan tasviriy va amaliy sanʼat obyektlari (seriyali yoki ommaviy ishlab chiqarish) kabi MBOlarni baholashda foydali boʻlishi mumkin (masalan, zargarlik buyumlari, keramika buyumlari va haykalchalar, shtamplash orqali tayyorlangan mahsulotlar, gilamlar, yogʻoch oʻymakorligi va boshqalar).
68. Quyidagi holatlarda xarajat yondashuvi MBO qiymatini baholashning yagona yondashuvi sifatida ishlatilishi mumkin:
ishtirokchilar baholanayotgan obyekt bilan deyarli bir xil foydalilikka ega boʻlgan MBOni hech qanday meʼyoriy yoki huquqiy cheklovlarsiz qayta yaratishga qodir boʻlganda va bu madaniy boyliklar obyekti shu qadar tez yaratilganidan bozor qatnashchisi baholanayotgan MBOdan darhol foydalanish imkoniyati uchun katta miqdorda pul toʻlashni xohlamaganda;
baholanayotgan MBO bevosita daromad keltirmaganda hamda uning oʻziga xos xususiyati foydali va (yoki) qiyosiy yondashuvlardan foydalanishga imkon bermaganda;
amaldagi qiymat turi asosan xarajatlarga asoslansa;
MBOni qayta yaratish yoki almashtirish zaruriyati mavjud boʻlganda.
69. Yuqorida koʻrsatib oʻtilgan mezonlarga rioya qilinmasa, quyidagi holatlarda xarajatlar yondashuvi natijasida olingan qiymat koʻrsatkichini mustahkamlash uchun boshqa har qanday yondashuvlarni ham koʻrib chiqish kerak:
ishtirokchilar MBOni qiyosiy foydalilik bilan qayta tiklash imkoniyatini koʻrib chiqishlari mumkin, biroq oʻxshash MBOni yaratish bilan bogʻliq boʻlgan qonuniy toʻsiqlar mavjud boʻlsa yoki koʻp vaqt talab qilsa;
MBO yaqin vaqt ichida yaratilgan va shu sababli xarajatlar yondashuvida ishlatiladigan taxminlar yuqori darajadagi ishonchlilikka ega boʻlsa.
70. Madaniy boyliklar boshqa uslublar yoki ularni kombinatsiyalash orqali ham baholanishi mumkin.
Baholovchi boshqacha hisob-kitob metodikasidan foydalanish va tanlangan yondashuvlarning har biri doirasida MBOni baholash uslubini (usullarini) mustaqil ravishda belgilash huquqiga ega. Bunda u muhimlik, asoslanganlik, aniqlik, tekshiruvchanlik va yetarlilik tamoyillariga asoslanadi. Shuningdek, baholash hisobotida baholovchi tomonidan tanlangan uslub(uslublar)ga taʼrifi berilishi lozim. Bu baholash hisobotidan foydalanuvchiga qiymatni aniqlash jarayoni mantigʻini va baholovchi tomonidan tanlangan uslub(uslublar)ning baholash obyektiga va baholash prinsiplariga muvofiqligini tushunish imkonini beradi.
4-§. Baholash natijalarini muvofiqlashtirish
71. Baholash natijalarini muvofiqlashtirish va baholash obyektining yakuniy qiymatini aniqlash 6-son MBS “Baholash yondashuvlari va usullari”ga muvofiq amalga oshiriladi.
72. MBOni xarajatlar va qiyosiy yondashuvlarni qoʻllagan holda baholashda analog-obyektlar bilan baholash sanasidan keyin sodir boʻlgan, shu jumladan, narxni teskari indeksatsiyalash toʻgʻrisidagi maʼlumotlardan foydalanishga ruxsat beriladi. Bunda baholovchi baholash kunidan tegishli voqea sodir boʻlgan kungacha boʻlgan davrdagi narxlar dinamikasini tahlil qiladi va tegishli tuzatishlarni kiritadi. Agar baholovchi hisobotda baholash sanasida mavjud boʻlgan bozor koʻrsatkichlariga muvofiqligi uchun olingan hisoblash qiymatlarining tahlilini, shuningdek ushbu maʼlumotlardan foydalanish bilan bogʻliq taxminlarni amalga oshirgan va oshkor qilgan boʻlsa, bunday narx maʼlumotlaridan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi.
5-bob. Ayrim MBOlarni baholashning oʻziga xos xususiyatlari
73. Tijorat maqsadida daromad olish uchun foydalanilmaydigan noyob MBOlarni baholashda xarajatlar yondashuvi ularni baholashning yagona yondashuvi hisoblanadi.
74. Baholanayotgan MBOlarning muayyan xususiyatlarini hisobga olgan holda baholash hisoboti hisobotdan foydalanuvchiga qiymatni aniqlash jarayonining mantigʻini va baholovchi tomonidan tanlangan uslub (uslublar)ning baholash obyekti, baholash tamoyillari, aniqlanayotgan qiymat turi va koʻzda tutilayotgan baholash natijalaridan foydalanishga qanchalik mos kelishini tushunish imkonini berishi lozim.
“Madaniy boyliklar qiymatini baholash” Milliy baholash standarti (16-son MBS) Metodikasiga
ILOVA
Madaniy boylik obyektlarining jismoniy holatini ekspert baholash
SHKALASI

Madaniy boylik obyektlarining jismoniy holatini baholash

Madaniy boylik obyektlari jismoniy holatining umumiy tavsifi

Eskirish darajasi, foizda

Aʼlo

Madaniy boylik obyektining shikastlanish va deformatsiyasi mavjud emas, joriy taʼmirlash vaqtida bartaraf etiladigan va umumiy koʻrinishiga taʼsir qilmaydigan individual mayda nuqsonlar mavjud

0 —  5

Yaxshi

Madaniy boylik obyektining shikastlanish va deformatsiyasi mavjud emas, joriy taʼmirlash vaqtida bartaraf etilishi mumkin boʻlgan va obyektning noyobligini hisobga olgan holda tashqi koʻrinishiga sezilarli taʼsir koʻrsatmaydigan mayda nuqsonlar mavjud. Ular taʼmirlash jarayonida osongina bartaraf etiladi.

6 —  15

Qoniqarli

Madaniy boylik obyektining umumiy elementlari yaroqli, tashqi koʻrinishi ancha eskirgan, mayda teshikchalar, darz ketgan joylar, qoplama sirtida nuqsonlar koʻrinadi.

16 —  40

Qoniqarsiz

Madaniy boylik obyektining elementlari shikastlangan, jiddiy nuqsonlar, darz ketishlar, baʼzi elementlarining yetishmasligi mavjud, ammo restavratsiya qilish mumkin.

41 —  60

Eskirgan

Madaniy boylik obyektining elementlari eskirgan, jiddiy nuqsonlar, darz ketgan joylar, katta elementlarning yetishmasligi mavjud, jiddiy restavratsiya qilinmasa, u badiiy ahamiyatga ega emas, ammo tarixiy ahamiyatga ega.

61 —  80

Yaroqsiz

Madaniy boylik obyekti yaroqsiz yoki vayron boʻlgan holatda, restavratsiya qilib boʻlmaydi, badiiy qimmatga ega emas, ammo tarixiy qiymatga ega.

81 —  100

 

 

”.

(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 13.04.2026 y., 10/26/3487-3/0351-son)