Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi
Oʻzbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmatining
Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatini yoki ijro hujjati boʻlgan sud hujjatini uzrsiz sabablarga koʻra ijro etmagan qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining hamkorligi tartibi toʻgʻrisidagi nizomga qoʻshimchalar kiritish haqida
Oʻzbekiston Respublikasining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi
Qonuniga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati qaror qiladi:
1. Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmatining 2019-yil 23-oktabrdagi 52, 82, 27-son qarori (roʻyxat raqami 3196, 2019-yil 12-noyabr) bilan tasdiqlangan Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatini yoki ijro hujjati boʻlgan sud hujjatini uzrsiz sabablarga koʻra ijro etmagan qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining hamkorligi tartibi toʻgʻrisidagi
nizomga ilovaga muvofiq qoʻshimchalar kiritilsin.
2. Mazkur qaror Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi bilan kelishilgan.
3. Mazkur qaror rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran kuchga kiradi.
Sud hujjati asosida berilgan ijro hujjatini yoki ijro hujjati boʻlgan sud hujjatini uzrsiz sabablarga koʻra ijro etmagan qarzdor jismoniy shaxsning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqishini vaqtincha cheklashni taʼminlash yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosi, Ichki ishlar vazirligi va Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qoʻshinlarining hamkorligi tartibi toʻgʻrisidagi nizomga kiritilayotgan qoʻshimchalar
1.
19-band quyidagi mazmundagi uchinchi xatboshi bilan toʻldirilsin:
“aliment toʻlovlarini undirishni nazarda tutuvchi ijro hujjatlari boʻyicha aliment toʻlashi shart boʻlgan, chet davlatga uch oygacha boʻlgan muddatga borib keluvchi shaxslarni chet davlatdan qaytib kelmasligi natijasida aliment toʻlovlarini toʻlash yuzasidan fuqarolik javobgarligini sugʻurta qilishga doir sugʻurta polisi mavjud boʻlganda, bunda sugʻurta polisining mavjudligi Majburiy ijro byurosi va Oʻzbekiston Respublikasi Istiqbolli loyihalar milliy agentligining axborot tizimlarini integratsiya qilish orqali avtomatik ravishda aniqlanadi;”;
2. Quyidagi mazmundagi 191-band bilan toʻldirilsin:
“191. Aliment toʻlashi shart boʻlgan, chet davlatga uch oygacha boʻlgan muddatga borib keluvchi shaxslar chet davlatdan qaytib kelmasligi natijasida aliment toʻlovlarini toʻlash yuzasidan fuqarolik javobgarligini sugʻurtalash sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlgan sugʻurtalovchilar tomonidan amalga oshiriladi.
Aliment toʻlovlarini toʻlash yuzasidan fuqarolik javobgarlikni sugʻurtalash shartlari sugʻurta faoliyatini amalga oshirish uchun tegishli litsenziyaga ega boʻlgan sugʻurtalovchilar va Majburiy ijro byurosi oʻrtasida tuziladigan bosh kelishuvda belgilanadi.”.