toggle_night_mode
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining
qarori
Egasiz turar joylarni aniqlash, ularni hisobga olish va davlat mulkiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomni tasdiqlash haqida
Oʻzbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga muvofiq hamda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Kommunal xizmatlar tariflarining asossiz ravishda oʻsib ketishiga yoʻl qoʻymaslik hamda ular uchun oʻz vaqtida va toʻliq hisob-kitob qilinishi uchun isteʼmolchilarning masʼuliyatini oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” 2005-yil 11-fevraldagi PQ–5-son qarorini bajarish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. Egasiz turar joylarni aniqlash, ularni hisobga olish va davlat mulkiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Davlat mulki qoʻmitasi manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarning mazkur qarorga muvofiqlashtirilishini taʼminlasinlar.
3. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari N.M. Xanov zimmasiga yuklansin.
Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2006-yil 21-yanvar,
8-son
Vazirlar Mahkamasining
2006-yil 21-yanvardagi 8-son qaroriga
ILOVA
Egasiz turar joylarni aniqlash, ularni hisobga olish va davlat mulkiga oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida
NIZOM
I. Umumiy qoidalar
Oldingi tahrirga qarang.
1. Mazkur Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 191-moddasiga muvofiq egasiz turar joylarni aniqlash, ularni hisobga olish va davlat mulkiga oʻtkazish, shuningdek, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari va boshqa tashkilotlarning shunday turar joylarni aniqlash va ularni davlat mulkiga oʻtkazish tartibini belgilaydi.
(1-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
2. Egasi boʻlmagan yoki egasi nomaʼlum boʻlgan turar joylar egasiz turar joy deb eʼtirof etiladi.
Mazkur Nizomga muvofiq egasiz turar joy deb eʼtirof etilgan turar joylar sud qarori asosida davlat mulkiga oʻtkaziladi.
3. Turar joyni egasiz turar joy deb eʼtirof etish va uni davlat mulkiga oʻtkazish maqsadida turar joyning egasizligi yoki egasi nomaʼlumligi holati quyidagi tartibda aniqlanadi:
egasizlik belgilariga ega boʻlgan turar joy aniqlangan taqdirda ushbu turar joyning egasini yoki uning ishonchli vakilini aniqlash chora-tadbirlari koʻriladi. Mazkur Nizomning 4-bandida koʻrsatib oʻtilgan holatlar turar joyning egasizlik belgilari boʻlishi mumkin;
koʻrilgan chora-tadbirlar natijasida turar joyning egasi yoki uning ishonchli vakili aniqlanmagan taqdirda shaharlar (tumanlar) hokimliklarining arizasi asosida turar joy koʻchmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish tegishli organlarida hisobga qoʻyiladi.
4. Uzoq (6 oydan koʻproq) vaqt mobaynida boʻsh turgan, yaʼni ushbu turar joyda qonuniy asoslarda yashaydiganlar boʻlmaganda, buning natijasida u yerda quyidagi holatlar vujudga kelgan turar joy ushbu Nizom maqsadlari uchun egasiz va hisobga qoʻyiladigan turar joy hisoblanadi:
Oldingi tahrirga qarang.
a) boʻsh turgan ushbu davr uchun kommunal xizmatlar haqi va turar joyni saqlash uchun xarajatlar boʻyicha qarzlar mavjudligi. Turar joyda yashovchilar yoʻqligi boʻyicha koʻrsatib oʻtilgan holatlar fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish tegishli organi tomonidan, kommunal xizmatlar haqi va turar joyni saqlash uchun xarajatlar boʻyicha qarzlarning mavjudligi boʻyicha esa — xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari hamda kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar tomonidan tasdiqlanadi;
b) turar joyning butunligi va saqlanishi taʼminlanmaganligi, buning oqibatida turar joyning buzilishiga va unga uchinchi shaxslarning kirish uchun urinishlariga yoʻl qoʻyilganligi. Ushbu holat fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlarining ichki ishlar organlari profilaktika inspektorlari ishtirokidagi qoʻshma dalolatnomasi bilan tasdiqlanadi.
(4-bandning “a” va “b” kichik bandlari Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
Ushbu holatlar birgalikda yoki alohida-alohida yuz berganda egasiz turar joyni hisobga olish uchun yetarli deb eʼtirof etilishi mumkin.
II. Turar joyni hisobga olish ishlarini tashkil etish
Oldingi tahrirga qarang.
5. Egasiz turar joylarni aniqlash bilan bogʻliq ishlarni amalga oshirish funksiyalari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari faoliyatini takomillashtirish borasidagi qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida” 2005-yil 10-fevraldagi PQ–3-son qaroriga muvofiq shaharlar (tumanlar)da tashkil etilgan Turar joy fondi saqlanishi monitoringi boʻyicha komissiyaga (keyingi oʻrinlarda Komissiya deb ataladi) yuklanadi.
Komissiya tarkibiga kadastr, soliq, moliya xizmatlari, arxitektura-qurilish nazorati, ichki ishlar, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari uyushmalari vakillari kiritiladi. Komissiyalarning shaxsiy tarkibi tegishli shahar (tuman) hokimi tomonidan tasdiqlanadi.
Komissiyaga hokimning uy-joy kommunal xoʻjaligi masalalariga mutasaddi oʻrinbosari boshchilik qiladi.
(5-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
6. Komissiyalar oʻzlariga yuklangan vazifalarga muvofiq quyidagi funksiyalarni bajaradilar:
Oldingi tahrirga qarang.
fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari, boshqa tashkilotlar, kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar hamda manfaatdor yuridik va jismoniy shaxslar axborotlari asosida turar joylarni xatlovdan oʻtkazadilar;
(6-bandning Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
Oldingi tahrirga qarang.
egasiz turar joylarning paydo boʻlishi sabablarini aniqlaydilar hamda ichki ishlar organlaridan, Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, “Yergeodezkadastr” davlat qoʻmitasining hududiy organlaridan va boshqa tashkilotlardan bunday turar joylar mulkdorlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni aniqlashtirish uchun zarur axborotlarni va tekshirilayotgan turar joy tavsifini soʻrab oladilar;
(6-bandning uchinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 14-apreldagi 217-sonli qarori tahririda — Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son)
olingan maʼlumotlar asosida egasiz turar joyni aniqlash uchun materiallar (hujjatlar)ni shakllantiradilar va qaror qabul qilish hamda koʻchmas mulkka huquqlarni hamda ularga oid bitishuvlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish organlarida hisobga olish uchun ularni tegishli hokimlikka beradilar;
Oldingi tahrirga qarang.
sud va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari qarorlari asosida egasiz turar joylar boʻyicha qabul qilingan qarorlarning oʻz vaqtida bajarilishi yuzasidan monitoring olib boradilar.
(6-bandning beshinchi xatboshisi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 15-dekabrdagi 791-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)
7. Koʻchmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish organlari Komissiya soʻrovi boʻyicha binolar va inshootlarning reyestr daftari maʼlumotlariga binoan ikki hafta muddatda egasiz turar joylar egalari toʻgʻrisidagi hamda turar joylarning joriy vaqtdagi mansubligi va xatlov bahosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
Aniqlangan egasiz turar joylar boʻyicha maʼlumotlar mavjud boʻlmagan taqdirda koʻchmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish organlari ichki ishlar organlari, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari hamda xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari vakillari bilan birgalikda bunday turar joylarning mansubligini, tavsifini va taxminiy baholash qiymatini aniqlash chora-tadbirlarini koʻradilar.
(7-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
8. Ichki ishlar organlari Komissiya soʻrovi boʻyicha bir oy muddatda tekshirilayotgan turar joyda roʻyxatdan oʻtganlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni taqdim etadilar, zarurat boʻlganda, qidiruv eʼlon qiladilar va ularning turgan joyini aniqlaydilar.
Koʻrsatib oʻtilgan shaxslarning turgan joyi aniqlanmagan taqdirda, ichki ishlar organlari Komissiyaga turar joy egasining yoʻqligini tasdiqlovchi tegishli maʼlumotlarni taqdim etadilar.
Oldingi tahrirga qarang.
9. Kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxonalar, xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatlari Komissiyaga kommunal xizmatlar toʻlovi va turar joy taʼminoti xarajatlari (6 oydan koʻp vaqt) boʻyicha mavjud qarzlar toʻgʻrisida tegishli maʼlumotlarni taqdim etadilar.
(9-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
III. Egasiz turar joylarni hisobga qoʻyish tartibi
10. Aniqlangan egasiz turar joylar boʻyicha materiallar Komissiya tomonidan koʻchmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish organlarida hisobga qoʻyish chora-tadbirlarini koʻrish uchun turar joylar joylashgan joydagi tegishli hokimlikka taqdim etiladi.
Shahar (tuman) hokimligi aniqlangan egasiz turar joylar boʻyicha materiallar Komissiya tomonidan taqdim etilgan kundan boshlab oʻn kun muddatda koʻchmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish organlariga egasiz turar joylarni hisobga qoʻyish toʻgʻrisida ariza joʻnatadi.
Koʻchmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish organi aniqlangan egasiz turar joylarni bino va inshootlarga huquqlarni roʻyxatdan oʻtkazish uchun belgilangan tartibda hisobga qabul qilib oladi.
11. Quyidagi hollarda:
egasi ozodlikdan mahrum etish joylarida jazoni oʻtayotganda;
egasi davolanish, oʻqish, mehnat faoliyati munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi tashqarisiga chiqib ketganda;
egasi Qurolli Kuchlar saflarida muddatli harbiy xizmatni oʻtayotganda;
egasi Oʻzbekiston Respublikasi tibbiyot muassasalarida uzoq muddat davolanayotganda turar joyni hisobga olishga yoʻl qoʻyilmaydi.
12. Turar joy hisobga qoʻyilgandan keyin Komissiya turar joyga kirish joyidagi peshlavhaga hisobga qoʻyilgan sanasi va ushbu turar joyning egasi yoki ishonchli vakili qaytib kelgan taqdirda murojaat qilishi mumkin boʻlgan manzil koʻrsatilgan holda turar joy egasiz turar joy sifatida hisobga qoʻyilganligi haqidagi maʼlumotlarni joylashtirishi zarur.
Turar joy hisobda turgan davrda uning saqlanishi ustidan qarab turish fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari (“Mahalla posboni” jamoat tuzilmalari) tomonidan ichki ishlar organlarining profilaktika inspektorlari bilan birgalikda amalga oshiriladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Turar joy hisobda turgan davrda kommunal xizmatlar va turar joyni saqlash xarajatlari uchun toʻlov hisoblanmaydi, markaziy isitish xizmatlari bundan mustasno. Turar joylar hisobga qoʻyilgan paytdan boshlab shahar (tuman) hokimligi xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatini va kommunal xizmatlar koʻrsatadigan korxonalarni koʻrsatib oʻtilgan xizmatlar uchun toʻlov hisoblanishining toʻxtatilishi toʻgʻrisida maʼlum qiladi.
(12-bandning uchinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
IV. Egasiz turar joylarni davlat mulkiga oʻtkazish tartibi
Oldingi tahrirga qarang.
13. Egasiz turar joylar hisobga qoʻyilgan kundan boshlab qonunchilikda belgilangan uch yillik muddat tugagandan keyin shahar (tuman) hokimligi turar joyni egasiz turar joy deb eʼtirof etish va davlat mulkiga oʻtgan deb hisoblash toʻgʻrisidagi talab bilan sudga murojaat qiladi.
(13-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-apreldagi 153-sonli qarori tahririda — Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son)
14. Belgilangan tartibda egasiz deb eʼtirof etilgan turar joylar davlat uy-joy fondiga kiritiladi va oʻz maqsadida foydalanish, shu jumladan ijara shartnomasi shartlarida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga ehtiyoji boʻlgan fuqarolarga berish uchun shahar (tuman) hokimligi ixtiyoriga oʻtadi.
Oldingi tahrirga qarang.
(14-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 15-iyuldagi 200-sonli qaroriga asosan chiqarilgan — OʻR QHT, 2009-y., 29-son, 335-modda)
15. Egasiz turar joylar yashash uchun yaroqsiz deb eʼtirof etilgan taqdirda koʻrsatib oʻtilgan turar joylar Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Oʻzbekiston Respublikasining uy-joy fondini davlat yoʻli bilan hisobga olish toʻgʻrisida” 2000-yil 20-yanvardagi 18-son qarori bilan tasdiqlangan Uylarni va turar joylarni uy-joy fondidan chiqarish tartibi toʻgʻrisidagi nizomda belgilangan tartibda uy-joy fondidan chiqariladi.
Oldingi tahrirga qarang.
Xususiy uy-joy mulkdorlari shirkati va kommunal xizmatlar koʻrsatadigan korxona koʻchmas mulkni davlat roʻyxatidan oʻtkazish va u bilan bitishuvlar tuzish organining egasiz turar joyni hisobga qoʻyish toʻgʻrisidagi maʼlumotnomasi asosida koʻrsatib oʻtilgan kommunal xizmatlar (turar joyni saqlash boʻyicha xizmatlar) uchun qarzlar summasini soliq solinadigan bazaga tiklamasdan zarar hisobiga oʻtkazadi.
(15-bandning ikkinchi xatboshi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
V. Turar joylarni hisobdan chiqarish tartibi
16. Sudning qaroriga koʻra davlat mulkiga oʻtganligi eʼtirof etilmagan egasiz turar joy uni tashlab ketgan egasining egaligiga, foydalanishi uchun va tasarruf etishi uchun qabul qilinishi yoxud egalik qilish huquqini vujudga keltiruvchi muddat asosida turar joyning egasi hisoblanmaydigan shaxs tomonidan mulk qilib olinishi mumkin.
17. Turar joyni hisobdan chiqarish turar joyning egasi yoki uning ishonchli vakili tomonidan shahar (tuman) hokimligiga berilgan ariza asosida amalga oshiriladi.
Shahar (tuman) hokimligi Komissiya bilan birgalikda ariza tushgan kundan boshlab uch kun muddatda arizani koʻrib chiqadi va koʻchmas mulkka huquqlarni va ularga oid bitishuvlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish organiga turar joyni hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi iltimosnomani yuboradi.
18. Turar joyning egasi yoki uning ishonchli vakili ularning turar joyni hisobdan chiqarish toʻgʻrisidagi arizasi koʻrib chiqilayotgan davrda turar joyda toʻsqinliksiz yashashi mumkin.
Oldingi tahrirga qarang.
19. Kommunal xizmatlar toʻlovi va turar joyni saqlash boʻyicha xarajatlar, shu jumladan mazkur Nizomning 11-bandida koʻrsatilgan aniqlangan sabablarga koʻra egasi boʻlmagan turar joylar boʻyicha kommunal xizmatlar toʻlovi va turar joyni saqlash boʻyicha xarajatlar bilan bogʻliq qarzlar mavjud boʻlgan taqdirda shahar (tuman) hokimligi kommunal xizmatlar koʻrsatuvchi korxona va xususiy uy-joy mulkdorlari shirkatining taqdimnomasiga binoan sudlarga hosil boʻlgan qarzdorlikni turar joylarning egalaridan undirib olish, shuningdek turar joy egasining oʻziga tegishli turar joyni saqlash va unga qarash boʻyicha majburiyatlari turar joyning egasi tomonidan bajarilmasligi natijasida yetkazilgan zararni undirish yuzasidan daʼvo kiritadi.
(19-band Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007-yil 1-martdagi 43-sonli qarori tahririda— OʻR QHT, 2007-y., 9–10-son, 85-modda)
20. Kommunal-foydalanish xizmatlariga haq toʻlash boʻyicha qarzlarni undirishga oid sud hujjatlarining majburiy ijro etilishi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq amalga oshiriladi.
(Oʻzbekiston Respublikasi qonun hujjatlari toʻplami, 2006-y., 4–5-son, 27-modda; 2007-y., 9–10-son, 85-modda; 2009-y., 29-son, 335-modda; 2013-y., 37-son, 485-modda; Qonun hujjatlari maʼlumotlari milliy bazasi, 15.04.2020-y., 09/20/217/0426-son; Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 05.04.2022-y., 09/22/153/0266-son; 16.12.2025-y., 09/25/791/1167-son)