O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining
Oxirgi vaqtda ayrim diniy jamoalar, oqim va guruhlarning vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi
Konstitutsiyasi,
“Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi va
“Jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi Qonunlar talablariga zid xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yilishi, xorijdan mamlakatda barqaror muhitni izdan chiqarish niyatidagi guruhlarning qonunsiz kirib kelishi, dinni niqob qilib fuqarolarning hayoti va mulkiga qarshi qaratilgan og‘ir jinoyatlarning sodir etilishi oqibatida konstitutsiyaviy tuzum va jamoat xavfsizligiga tahdid solinmoqda.
Respublikada barqaror ijtimoiy-siyosiy muhitni saqlab qolish, diniy ko‘rinishdagi ekstremizm va terrorchilikka yo‘l qo‘ymaslik hamda amaldagi qonunlarga rioya etilishini ta’minlash maqsadida:
1. Mamlakatda mavjud bo‘lgan barcha diniy jamoa, oqim va guruhlar faoliyatining qonuniyligini o‘rganish va amaldagi qonun talablariga moslashtirish bo‘yicha 1 va 2-ilovalarga
* ko‘ra idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiya hamda uning tarkibida ishchi guruhlari tuzilsin.
2. Komissiya va ishchi guruhlarining asosiy vazifasi tariqasida quyidagilar belgilansin:
amalda bo‘lgan qonun talablari doirasida islom, xristian, budda va boshqa barcha dinlarga qarashli jamoalar, oqimlar, guruhlarni xatlash hamda qaytadan ro‘yxatdan o‘tkazish, qonunsiz faoliyat ko‘rsatayotgan jamoa, oqim va guruhlarning faoliyatini to‘xtatish;
ekstremistik yo‘nalishdagi huquqqa zid harakat qilayotgan diniy guruhlarni aniqlash, ularni bartaraf etish yuzasidan qat’iy choralar ko‘rish;
aholi orasida diniy va milliy nizolarni keltirib chiqarish holatlarining oldini olish yuzasidan choralar ko‘rish haqida joylardagi davlat hokimiyati idoralariga zarur tavsiyalar berish;
huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda terrorchilik va ekstremizmni targ‘ib qilishga, xorijdan shu maqsadda mamlakatga da’vatchilarning qonunsiz kirib kelishiga qarshi qat’iy choralar ko‘rish:
joylardagi ommaviy axborot vositalari, rasmiy diniy tashkilotlar bilan birgalikda noqonuniy diniy oqim va guruhlarning faoliyati, dinning terrorchilik, ekstremizm va boshqa jinoiy ko‘rinishlarga zid ekanligi haqida aholi orasida keng tushuntirish ishlarini tashkil etish;
diniy jamoalar, oqimlar va guruhlar faoliyatini tartibga soluvchi amaldagi qonunlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritish yuzasidan takliflar tayyorlash.
3. Idoralararo muvofiqlashtiruvchi komissiyaning qarorlari joylardagi davlat hokimiyati, huquqni muhofaza qiluvchi va boshqa idoralar uchun majburiy ekanligi belgilab qo‘yilsin.
4. Amalga oshirilgan ishlarning natijalari yuzasidan komissiya uch oylik muddatda Respublika Prezidentiga batafsil axborotnoma taqdim etsin.
5. Ushbu Farmonning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi U.Ch. Hudoyqulov zimmasiga yuklansin.