1.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.06.00.00 Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va burchlari / 01.06.02.00 Asosiy (Konstitutsiyaviy) shaxsiy huquq va erkinliklar / 01.06.02.08 Vijdon erkinligi;
2.01.00.00.00 Konstitutsiyaviy tuzum / 01.17.00.00 Nodavlat notijorat tashkilotlari (shuningdek, 03.03.10.03ga qarang) / 01.17.05.00 Diniy tashkilotlar]
[TSZ:
1.Davlat va jamiyat qurilishi / Inson va fuqaroning huquqlari, erkinliklari va majburiyatlari . Ombudsman. Fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish tartibi;
2.Davlat va jamiyat qurilishi / Jamoat birlashmalari (jamgʻarmalari), diniy tashkilotlar, siyosiy partiyalar]
Oʻzbekiston Respublikasining qonuni
VIJDON ERKINLIGI VA DINIY TAShKILOTLAR TOʻGʻRISIDA
LexUZ sharhi
Mazkur Qonun Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 5-iyuldagi OʻRQ-699-sonli “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Qonuniga asosan oʻz kuchini yoʻqotgan.
LexUZ sharhi
Mazkur Qonunning yangi tahriri Oʻzbekiston Respublikasining 1998-yil 1-maydagi 618-I-sonli “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonuniga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonuni bilan tasdiqlangan.
LexUZ sharhi
Oʻzbekiston Respublikasining “Oʻzbekiston SSR Konstitutsiyasi (Asosiy Qonuni)ga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi Qonuniga muvofiq mazkur Qonunning nomidagi hamda matnidagi “Oʻzbekiston SSR” degan soʻzlar tegishli kelishikdagi “Oʻzbekiston Respublikasi” degan soʻzlar bilan almashtirilgan.
I bob. UMUMIY QOIDALAR
1-modda. Qonunning vazifalari
Ushbu Qonun fuqarolarning dinga yoki shunga mos eʼtiqodga oʻz munosabatini belgilash va ifodalash hamda hech qanday qarshiliksiz dinga eʼtiqod qilish va diniy rasm-rusumlarni bajarish huquqlarini taʼminlaydi, ijtimoiy adolat va tenglikni, fuqarolarning dinga munosabatidan qatʼi nazar, ularning huquq va manfaatlari himoya qilinishini kafolatlaydi, diniy tashkilotlarning faoliyati bilan bogʻliq munosabatlarni tartibga solib turadi.
2-modda. Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunlar
Oʻzbekiston Respublikasining vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunlari Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasidan, Oʻzbekiston Respublikasining ushbu Qonunidan va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlaridan, Qoraqalpogʻiston Respublikasi hududida esa shuningdek Qoraqalpogʻiston Respublikasi Konstitutsiyasi va qonun hujjatlaridan iboratdir.
3-modda. Vijdon erkinligi huquqi
Vijdon erkinligi — bu fuqarolarning har qanday dinga eʼtiqod qilish yoki hech qanday dinga eʼtiqod qilmaslik huquqidir. Bu qonuniy huquq Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va ushbu Qonun bilan kafolatlanadi.
Ota-onalar yoki ularning oʻrnini bosuvchi shaxslar oʻzaro kelishib, farzandlarini oʻzlarining eʼtiqodlariga va dinga munosabatlariga muvofiq tarzda tarbiyalashga haqlidirlar.
Fuqaro oʻzining dinga, diniy eʼtiqodga yoki undan voz kechishga, ibodat qilishda, diniy rasm-rusumlar va marosimlarda, dinni oʻrganishda qatnashish yoki qatnashmaslikda oʻz munosabatini belgilayotgan paytda uni biror-bir darajada majbur etishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Dinga eʼtiqod qilish erkinligi yoki oʻzga eʼtiqodlar jamoat xavfsizligini va tartibni, boshqa fuqarolarning hayoti, salomatligi va axloqini, shuningdek huquq va erkinliklarini muhofaza qilish uchun zarur boʻlgan darajadagina cheklanadi.
4-modda. Fuqarolarning dinga munosabatidan qatʼi nazar teng huquqliligi
Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari dinga munosabatidan qatʼi nazar, qonun oldida tengdirlar. Rasmiy hujjatlarda fuqaroning dinga munosabati koʻrsatilishi mumkin emas, fuqaroning oʻzi shuni istagan hol bundan mustasnodir. Fuqarolarning dinga munosabatiga qarab ularning huquqlarini bevosita va bilvosita cheklash va ularga bevosita yoki bilvosita biron-bir imtiyozlar belgilash, xususan dushmanlik va adovat uygʻotish yoxud ularning diniy yoki dahriylik eʼtiqodi munosabati bilan bogʻliq his-tuygʻularini haqorat qilish, shuningdek muqaddas qadamjo hisoblangan diniy inshootlarni oyoq osti qilish qonun bilan jazolanadi.
Hech kim oʻz diniy eʼtiqodiga koʻra qonunda belgilangan majburiyatlarni bajarishdan boʻyin tovlashi mumkin emas. Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida koʻzda tutilgan hollardagina eʼtiqod tufayli bir vazifani boshqasi bilan almashtirishga yoʻl qoʻyiladi.
(4-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrdagi 934-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 334-modda)
5-modda. Dinlarning va diniy tashkilotlarning davlatdan ajratilishi
Oʻzbekiston Respublikasida dinlar va diniy tashkilotlar davlatdan ajratilgandir. Bir din yoki diniy eʼtiqod uchun ikkinchi bir din yoki diniy eʼtiqodga nisbatan biron-bir darajada imtiyoz yoki cheklash belgilashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Davlat diniy tashkilotlar zimmasiga davlatning qandaydir vazifalarini bajarishni yuklamaydi, diniy tashkilotlarning qonunlarga zid boʻlmagan faoliyatiga aralashmaydi. Diniy tashkilotlar davlat vazifalarini bajarmaydi. Davlat diniy tashkilotlarning faoliyatini hamda dahriylikni targʻib qilishga oid faoliyatni mablagʻ bilan taʼminlamaydi.
Ilmiy tadqiqotlar olib borishni, jumladan davlat tomonidan mablagʻ bilan taʼminlanadigan ilmiy tadqiqotlarni olib borishni, ularning natijalarini targʻib qilishni yoxud ularni umumiy taʼlim dasturlariga kiritishni ular biron-bir din yoki dahriylik qoidalariga mos kelishi yoki mos kelmaslik belgisiga koʻra cheklashga yoʻl qoʻyilmaydi.
Diniy tashkilotlar ijtimoiy hayotda qatnashish huquqiga egadirlar.
Diniy tashkilotlarning xodimlari barcha fuqarolar bilan bab-baravar siyosiy hayotda qatnashish huquqiga egadirlar.
Diniy tashkilotlar siyosiy partiyalar faoliyatida qatnashmaydilar va siyosiy partiyalarga moliyaviy madad koʻrsatmaydilar.
Diniy tashkilotlar amaldagi qonun talablariga va huquq-tartibotga rioya etishga majburdirlar. Dindan davlatga va Konstitutsiyaga qarshi targʻibot olib borish, nifoq, nafrat qoʻzgʻatish, millatlararo adovat uygʻotish hamda davlat manfaatlariga va Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga qarshi qaratilgan boshqa xatti-harakatlar qilish, qonuniy ravishda va demokratik yoʻl bilan tuzilgan hokimiyat va boshqaruv idoralariga hamda davlat vakillariga nisbatan gʻayriqonuniy usullar bilan tazyiq oʻtkazish uchun foydalanishga yoʻl qoʻyilmaydi. Qonuniy ravishda ishlab turgan hokimiyat va boshqaruv idoralariga va mansabdor shaxslarga demokratiyani bahona qilib tazyiq oʻtkazishga har qanday urinish Qonun bilan taqiqlanadi.
Davlat turli dinlarga eʼtiqod qiluvchi va ularga eʼtiqod qilmaydigan fuqarolar oʻrtasida, turli eʼtiqoddagi diniy tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro murosa va hurmat oʻrnatilishiga koʻmaklashadi, diniy mutaassiblik va vijdon erkinligiga xilof ekstremizmga, munosabatlarni qarama-qarshi qoʻyish va keskinlashtirishga, turli oqimlar va mashablar oʻrtasida adovatni avj oldirishga qaratilgan xatti-harakatlarga yoʻl qoʻymaydi.
Mazkur tartiblarni buzganlar qonunga binoan javobgarlikka tortiladi.
6-modda. Maktabni dindan va diniy tashkilotlardan ajratish
Oʻzbekiston Respublikasida davlat taʼlim sistemasi dindan va diniy tashkilotlardan ajratilgandir. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining dinga munosabatidan qatʼi nazar, ular taʼlimning barcha turlari va darajalaridan bahramand boʻla oladilar. Davlat oʻquv yurtlarida diniy taʼlim berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Fuqarolar oʻzlari istagan tilda diniy taʼlim olishlari mumkin.
Belgilangan tartibda roʻyxatga olingan nizomlari boʻlgan diniy tashkilotlar oʻz nizomlariga muvofiq katta yoshdagi kishilarga va bolalarga diniy taʼlim berish uchun oʻquv yurtlari yoki guruhlar tashkil etish, shuningdek taʼlimni boshqa shakllarda olib borish huquqiga egadirlar, buning uchun oʻzlariga qarashli yoki oʻzlariga foydalanish uchun berib qoʻyilgan binolardan foydalanishlari mumkin.
Bolalarni faqat maktab yoshiga yetganda maktabdagi mashgʻulotlardan boʻsh vaqtda ota-onalarining yoki ular oʻrnini bosuvchi shaxslarning yozma roziligi bilan, balogʻat yoshiga yetganlarni esa oʻz xohishlariga koʻra tashkiliy ravishda diniy taʼlimotga oʻrgatishga yoʻl qoʻyiladi.
Diniy taʼlimotdan saboq beruvchi shaxslar maxsus diniy maʼlumotga ega boʻlishlari va oʻz faoliyatlarini diniy boshqarmaning, markazning ijozati bilan amalga oshirishlari shart. Xususiy tartibda diniy taʼlimotdan saboq berishga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ushbu tartiblarning buzilishi qonunga muvofiq javobgarlikka tortilishga olib keladi.
II bob. OʻZBEKISTON RESPUBLIKASIDA DINIY TAShKILOTLAR
7-modda. Diniy tashkilotlar
Diniy jamoalar, boshqarmalar va markazlar, diniy oʻquv yurtlari, masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar va boshqalar Oʻzbekiston Respublikasidagi diniy tashkilotlardir. Diniy tashkilotlar oʻz boshqarma va markazlari orqali ish koʻradilar.
Oʻzbekiston Respublikasida diniy tashkilotlar, jamoalar fuqarolarning eʼtiqod qilish va maslakni targʻib etishdan iborat diniy ehtiyojlarini qondirish maqsadida tuziladi va oʻz tarkibiga muvofiq ish yuritadi, oʻz nizomiga koʻra oʻz xodimlarini saylaydi, tayinlaydi va almashtiradi.
Oʻzbekiston Respublikasida diniy ruhdagi biron-bir partiya, jumhuriyatdan tashqarida tashkil etiladigan diniy partiyalarning shuʼbalari, boʻlimlari, boʻlinmalari tuzilishiga va ish yuritishiga, shuningdek missionerlik faoliyatiga yoʻl qoʻyilmaydi.
8-modda. Diniy jamoa
Diniy jamoa birgalikda dinga eʼtiqod qilish va boshqa diniy ehtiyojlarni qondirish maqsadida fuqarolar tomonidan tuziladi hamda ixtiyoriylik asosida ish yuritadi.
Diniy jamoalar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy ishlar qoʻmitasi bilan kelishgan holda roʻyxatga olinadi.
(8-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrdagi 934-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 334-modda)
9-modda. Diniy boshqarmalar, markazlar va birlashmalar
Diniy boshqarmalar va markazlar amaldagi qonunlarga zid boʻlmagan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olinadigan oʻz nizomlari asosida ish yuritadilar. Davlatning diniy boshqarmalar, markazlar va birlashmalar bilan munosabatlari Qonun bilan tartibga solinadi. Qonun vositasida tartibga solinmagan munosabatlar diniy boshqarmalar, markazlar va jamoalar bilan davlat idoralari oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq hal etiladi.
10-modda. Diniy oʻquv yurtlari
Diniy boshqarmalar va markazlar oʻzlarining roʻyxatga olingan nizomlariga muvofiq ruhoniylar va oʻzlariga zarur boʻlgan diniy ixtisoslar boʻyicha boshqa xodimlar tayyorlash uchun diniy oʻquv yurtlari ochish huquqiga egadirlar. Bu oʻquv yurtlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olinadi.
Kunduzgi oliy va oʻrta diniy oʻquv yurtlarida tahsil koʻrayotgan fuqarolar harbiy xizmatni oʻtashni kechiktirish, soliq toʻlash, taʼlim olish davrini mehnat stajiga qoʻshib hisoblash yuzasidan davlat oʻquv yurtlarining talabalari uchun belgilab qoʻyilgan huquqlar va imtiyozlardan foydalanadilar.
11-modda. Diniy tashkilotlarning nizomlari
Diniy tashkilotning nizomi fuqarolik qonunlariga muvofiq ravishda uning huquq layoqatini belgilab beradi va u qonunlarda belgilab qoʻyilgan tartibda roʻyxatdan oʻtkazilishi kerak. Nizomda quyidagi maʼlumotlar boʻlishi lozim:
— diniy tashkilot nomi, turi, qayerda joylashganligi, faoliyat koʻrsatayotgan hudud, uning qaysi eʼtiqodga mansubligi;
— ushbu diniy tashkilotni tuzish tartibi, tuzilishi va boshqaruvi toʻgʻrisida;
— tashkilotning mulkiy ahvoli, mablagʻlarini hosil qiladigan manbalar, ham oʻz ichidagi, ham nizomida oʻzaro aloqalar bogʻlash nazarda tutilgan boshqa tashkilotlar bilan mulkiy munosabatlari toʻgʻrisida;
— nizomga oʻzgartishlar va qoʻshimchalar kiritish tartibi toʻgʻrisida;
— korxonalar va ommaviy axborot vositalari taʼsis etish, oʻquv yurtlari ochish huquqlari toʻgʻrisida;
— diniy tashkilotni tugatish tartibi toʻgʻrisida.
Masjidlar, cherkovlar, sinagogalar, monastirlar, diniy oʻquv yurtlarining nizomlari diniy boshqarma, markaz bilan kelishib olinishi kerak.
Oʻzbekiston Respublikasidagi diniy tashkilotlar, Oʻzbekiston Respublikasi hududidan va huquq doirasidan tashqaridagi diniy tashkilotlar bilan boʻladigan oʻzaro munosabatlarda Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq ish koʻradilar.
12-modda. Diniy tashkilotlar — yuridik shaxslardir
Diniy tashkilotlarning nizomi roʻyxatga olinishi bilanoq ular yuridik shaxs deb tan olinadi.
Diniy tashkilotlar yuridik shaxs sifatida qonunlarga va oʻz nizomlariga muvofiq holda huquqlardan foydalanadilar hamda majburiyatlar oʻtaydilar.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.02.00 Yuridik shaxslarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish. Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatiga olish]
13-modda. Diniy tashkilotlarning nizomlarini roʻyxatga olish
Diniy tashkilot yuridik shaxs huquqiga ega boʻlishi uchun uni tuzgan, kamida oʻn kishidan iborat oʻn sakkiz yoshga toʻlgan fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining shu diniy tashkilot faoliyat koʻrsatishi nazarda tutilgan viloyatdagi yoki Toshkent shahridagi idorasiga, yoxud Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligiga nizomni ilova qilib ariza topshiradilar. Agar diniy tashkilot muayyan diniy birlashmaga mansub boʻlsa, bu hol nizomda koʻrsatiladi hamda tegishli diniy boshqarma yoki markaz tomonidan tasdiqlanadi.
Diniy tashkilotlarning Nizomlari va boshqa hujjatlari ushbu Qonunga va Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlariga zid boʻlmasligi kerak. Shunga muvofiq diniy tashkilotlarning nizomlarini roʻyxatga olish chogʻida ulardan boshqa hujjatlar ham talab qilib olinishi mumkin.
Oʻzbekiston Respublikasi hududidan tashqarida joylashgan diniy tashkilotlar jumhuriyatda roʻyxatga olinmaydi.
Adliya idoralari arizani bir oy ichida koʻrib chiqadi va tegishli qaror qabul qiladi.
Diniy markaz va boshqarmaning tasdigʻi boʻlmagan taqdirda adliya idoralari qoʻshimcha materiallar talab qilishga va mutaxassislarning xulosasini olishga haqlidir. Bu holda qaror uch oy muddat ichida qabul qilinadi.
Oʻzbekiston Respublikasi doirasida joylashgan va ishlab turgan diniy oʻquv yurtlarining nizomlari Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan roʻyxatga olinadi.
Diniy tashkilotning Nizomiga keyinchalik kiritilgan qoʻshimcha oʻzgarishlar nizomlar oʻzlari roʻyxatga olingan tartibda qayta roʻyxatga olinadi.
Diniy tashkilotlarning Nizomi roʻyxatga olinganligi uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi belgilaydigan tartibda va miqdorda roʻyxat haqi undiriladi.
(13-moddaning sakkizinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrdagi 934-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 334-modda)
Diniy tashkilot faoliyati uning nizomlariga muvofiqligini nazorat qilish bu nizomlarni roʻyxatga olgan tashkilot tomonidan amalga oshiriladi.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.02.00 Yuridik shaxslarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish. Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatiga olish]
14-modda. Diniy tashkilot nizomini roʻyxatga olishni rad etish
Diniy tashkilot nizomining qoidalari ushbu Qonun talablariga yoki Oʻzbekiston Respublikasining boshqa qonun hujjatlari talablariga zid boʻlsa, uni roʻyxatga olish rad etiladi.
Diniy tashkilot nizomini roʻyxatga olishni rad etish toʻgʻrisidagi qaror arizachilarga rad etish asoslari koʻrsatilib, yozma ravishda yuboriladi. Bu qaror ustidan yoki ushbu Qonunda belgilab qoʻyilgan qarorni qabul qilish muddati oʻtkazib yuborilganligi ustidan sudga shikoyat qilish mumkin, bunda davlat boshqaruv idoralari va mansabdor shaxslarning fuqarolar huquqlarini kamsituvchi gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan shikoyat qilish uchun belgilab qoʻyilgan tartibga amal qilinadi.
[OKOZ:
1.03.00.00.00 Fuqarolik qonunchiligi / 03.03.00.00 Yuridik shaxslar / 03.03.02.00 Yuridik shaxslarni tashkil etish, qayta tashkil etish va tugatish. Yuridik shaxslarni davlat roʻyxatiga olish]
15-modda. Diniy tashkilotlarning faoliyatini toʻxtatish
Diniy tashkilotlarning faoliyati faqat oʻz nizomlariga muvofiq yoki ular ushbu Qonunning, shuningdek Oʻzbekiston Respublikasi boshqa qonun hujjatlarining qoidalarini buzgan taqdirda toʻxtatilishi mumkin.
Diniy tashkilot faoliyatini toʻxtatish toʻgʻrisidagi qaror uning nizomini roʻyxatga olgan idora tomonidan qabul qilinadi. Ushbu qaror ustidan Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolik protsessual qonunlariga binoan sudga shikoyat qilinishi mumkin.
III bob. DINIY TAShKILOTLARNING MULKIY HOLATI
16-modda. Diniy tashkilotlarning mulki
Diniy tashkilotlarning faoliyatini taʼminlash uchun zarur boʻlgan binolar, imoratlar, din anjomlari, ishlab chiqarish, ijtimoiy va xayriya inshootlari, pul mablagʻlari va boshqa mol-mulklar ularning mulki boʻlishi mumkin.
Diniy tashkilotlar oʻz mablagʻlari, fuqarolar, jamoat tashkilotlari ehson qilgan, fuqarolar vasiyat qilib qoldirgan mablagʻlar hisobiga sotib olingan yoki barpo etilgan yoxud davlat tomonidan topshirilgan, shuningdek qonunda koʻzda tutilgan boshqa asoslarga koʻra sotib olingan mol-mulkka nisbatan mulk huquqiga egadirlar.
Diniy tashkilotlarning chet ellarda ham mulki boʻlishi mumkin.
Diniy tashkilotlar baholi qudrat moddiy va oʻzga xayr-ehson qilinishini soʻrab oʻz xayrixohlariga murojaat qilishga va ularni olishiga haqlidirlar.
Diniy tashkilotlarning moliyaviy va mulkiy xayr-ehsonlariga soliq solinmaydi.
Diniy tashkilotlarning mulkiy huquqlarini qonun muhofaza qiladi.
17-modda. Davlat, jamoat tashkilotlari yoxud fuqarolar mulki boʻlgan mol-mulklardan foydalanish
Diniy tashkilotlar davlat, jamoat tashkilotlari yoki fuqarolar tomonidan shartnoma asosida oʻz ixtiyorlariga beriladigan binolar va mol-mulklardan oʻz ehtiyojlari uchun foydalanishga haqlidirlar.
Joylardagi davlat hokimiyati organlari davlat mulki hisoblangan va ijtimoiy-madaniy maqsadlarda foydalanilmaydigan din bilan bogʻliq binolarni va boshqa mol-mulklarni diniy tashkilotlarga mulk qilib yoki haq toʻlamay tekin foydalanish uchun berishlari mumkin.
(17-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrdagi 934-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 334-modda)
Diniy tashkilotlar aslan diniy maqsadlarda qurilgan yaroqli imoratlarni eri bilan oʻz ixtiyorlariga olishida mustasno huquqga egadirlar.
Din bilan bogʻliq boʻlgan binolarni va mol-mulklarni diniy tashkilotlarga oʻtkazish masalasiga doir qarorlar tegishli iltimosnoma olingan paytdan boshlab bir oy muddatdan kechiktirmay qabul qilinishi va ayni paytda bu haqda arizachilarga yozma ravishda xabar berilishi kerak.
Tarix va madaniyat yodgorliklari boʻlmish imoratlar va buyumlarni diniy tashkilotlarga oʻtkazish va bu tashkilotlarning ulardan foydalanishi qonunlarga muvofiq amalga oshiriladi.
Diniy tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qoʻyilgan tartibda yerga egalik qiladilar va undan foydalanadilar. Diniy binolar qurish joylardagi davlat hokimiyati organlarining ijozati bilan amalga oshiriladi.
(17-moddaning oltinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrdagi 934-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 334-modda)
18-modda. Diniy tashkilotlarning ishlab chiqarish va xoʻjalik faoliyati
Diniy tashkilotlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga va oʻz nizomlariga muvofiq yuridik shaxs maqomiga ega boʻlgan noshirlik, ishlab chiqarish, taʼmirlash-qurilish, qishloq xoʻjalik korxonalari va boshqa korxonalarni, shuningdek xayriya muassasalarini (yetimxonalar, kasalxonalar) taʼsis etishga haqlidirlar.
Diniy tashkilotlar korxonalarining ishlab chiqarish faoliyatidan olgan foydalaridan va boshqa daromadlaridan Oʻzbekiston Respublikasi qonunlariga muvofiq hamda jamoat tashkilotlarining korxonalari uchun belgilangan tartibda va miqdorda soliq undiriladi.
Diniy tashkilotlar korxonalarining ishlab chiqarish faoliyatidan keladigan va xayriya maqsadlariga sarflanadigan daromadlardan olinadigan soliq miqdorini imtiyozli tarzda belgilash huquqiga Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi egadir.
(18-moddaning uchinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrdagi 934-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 334-modda)
19-modda. Oʻz faoliyatini toʻxtatgan diniy tashkilotlarning mulkini tasarruf qilish
Diniy tashkilotlarning faoliyati toʻxtatilgandan keyin davlat va jamoat tashkilotlari yoki fuqarolar tomonidan shu tashkilotga foydalanib turish uchun berilgan mol-mulk oldingi egasiga qaytariladi.
Diniy tashkilotning faoliyati toʻxtatilgan taqdirda uning ixtiyoridagi mol-mulk shu tashkilot nizomiga va amaldagi qonunlarga muvofiq tasarruf etiladi.
Qarz beruvchilarning daʼvolariga koʻra qarzni undirib olish diniy tashkilotlarning din bilan bogʻliq mol-mulklariga qaratilishi mumkin emas.
Huquqiy voris boʻlmagan taqdirda mol-mulk davlat ixtiyoriga oʻtadi.
IV bob. DINIY TAShKILOTLAR VA FUQAROLARNING DINIY EʼTIQOD ERKINLIGI BILAN BOFLIQ HUQUQLARI
20-modda. Diniy urf-odatlar va marosimlar
Diniy tashkilotlar ibodat qilish yoki diniy yigʻilishlar oʻtkazish uchun qulay boʻlgan joylarga, shuningdek u yoki bu din qadrlaydigan joylarga (ziyoratgohlarga) asos solish va ularni saqlab turish huquqiga egadirlar.
Ibodat, diniy rasm-rusmlar va marosimlar ibodatxonalarda va ularga tegishli maydonda, ziyoratgohlarda, diniy tashkilotlarning muassasalarida, qabristonlarda fuqarolarning xohishi bilan ularning uylari va hovlilarida hech qanday toʻsqinliksiz oʻtkaziladi.
(20-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrdagi 934-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 334-modda)
Harbiy qismlarning qoʻmondonligi harbiy xizmatchilar boʻsh vaqtlarida ibodatda va diniy rasm-rusumlarni bajarishda ishtirok etishlariga toʻsqinlik qilmaydi.
Diniy tashkilotlar ibodat qilish toʻgʻrisidagi takliflar bilan kasalxonalardagi, harbiy shifoxonalardagi, keksalar va nogironlar uylaridagi, ozodlikdan mahrum qilish joylaridagi fuqarolarga murojaat qilishga haqlidirlar.
Kasalxonalarda, harbiy shifoxona, keksalar va nogironlar uylarida, dastlabki qamoq joylarida va jazoni oʻtash joylarida ibodatlar va diniy rasm-rusumlar u yerlardagi fuqarolarning iltimosiga muvofiq oʻtkaziladi. Mazkur muassasalarning maʼmuriyati ruhoniylarni taklif etishga koʻmaklashadi, ibodat qilish, rasm-rusumlar yoki marosimlarni oʻtkazish vaqtini va boshqa shart-sharoitlarni aniqlashda ishtirok etadi.
Oʻzga hollarda ommaviy ibodat, diniy rasm-rusumlar va marosimlar Oʻzbekiston Respublikasida yigʻilishlar, mitinglar, namoyishlar va koʻcha yurishlarini oʻtkazish uchun belgilangan qatʼiy tartibda amalga oshiriladi.
21-modda. Diniy adabiyot va diniy maqsadlarga moʻljallangan buyumlar
Fuqarolar va diniy tashkilotlar oʻzi tanlagan tilda diniy adabiyotni, shuningdek diniy maqsadlarga moʻljallangan boshqa buyumlar va ashyolarni xarid qilishga va ulardan foydalanishga haqlidirlar.
Diniy markazlar va boshqarmalar diniy adabiyotlarni nashr etish va tarqatish huquqlaridan Oʻzbekiston Respublikasi ommaviy axborot vositalari haqidagi Qonunga muvofiq ravishda foydalanadilar. Ilmiy muassasalar din va ibodatga oid ilmiy tadqiqotlarini nashr etishlari mumkin. Diniy maqsadlarga moʻljallangan buyumlarni ishlab chiqarish huquqiga faqat diniy boshqarmalar va markazlar egadir.
Diniy tashkilotlar diniy maqsadlarga moʻljallangan buyumlarni, diniy adabiyotni va diniy mazmundagi boshqa maʼlumotnomalarni Oʻzbekiston Respublikasining amaldagi qonunlariga muvofiq ishlab chiqarishga, chet ellarga chiqarishga, chet eldan keltirishga va tarqatishga haqlidirlar.
22-modda. Diniy tashkilotlarning xayriya va madaniy-maʼrifiy faoliyati
Xayr-ehson qilish, diniy adabiyotlarni oʻrganish va oʻzga madaniy-maʼrifiy faoliyat yuritish maqsadida diniy tashkilotlar huzurida jamiyatlar, uyushmalar hamda fuqarolarning boshqa birlashmalari tuzilishi mumkin. Ular Oʻzbekiston Respublikasining mahalliy adliya idoralarida roʻyxatga olinadigan oʻz ustavlariga ega boʻladilar.
Diniy tashkilotlar oʻzlari mustaqil ravishda, shuningdek ijtimoiy jamgʻarmalar orqali xayriya faoliyatini amalga oshirish va mehr-muruvvat koʻrsatishga haqlidirlar.
Ana shu maqsadlar uchun qilingan xayr-ehsonlar va ajratmalar soliq solinadigan pul miqdoridan chiqarib yuboriladi.
23-modda. Dindorlar va diniy tashkilotlarning xalqaro aloqalari va muloqotlari
Dindorlar va diniy tashkilotlar guruh boʻlib yoki yakka tartibda xalqaro aloqalar oʻrnatishga va bevosita shaxsiy muloqotda boʻlishga hamda bunday aloqalarni davom ettirishga, jumladan muqaddas joylarni ziyorat qilish uchun, yigʻilishlarda va boshqa diniy tadbirlarda ishtirok etish uchun chet elga borishga haqlidirlar.
Diniy tashkilotlar diniy oʻquv yurtlarida taʼlim olish, malaka oshirish, tajriba oʻrganish va almashish uchun fuqarolarni chet elga yuborishlari va shu maqsadda ajnabiy fuqarolarni qabul qilishlari mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi hududida oʻtkaziladigan xalqaro anjumanlar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlari belgilagan tartibga rioya qiladi.
(23-moddaning ikkinchi qismi Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrdagi 934-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 334-modda)
[OKOZ:
1.05.00.00.00 Mehnat va aholining bandligi toʻgʻrisidagi qonunchilik / 05.02.00.00 Mehnat / 05.02.01.00 Umumiy qoidalar. Mehnat qonunchilik hujjatlarining amal qilish doirasi]
V bob. DINIY TAShKILOTLARDAGI VA ULARNING KORXONALARIDAGI MEHNAT FAOLIYATI
24-modda. Diniy tashkilotlarda mehnatga oid huquqiy munosabatlar
Diniy tashkilot fuqarolarni ishga qabul qilishga haqlidir.
Mehnat shartlari diniy tashkilot bilan xodim oʻrtasidagi kelishuvga muvofiq belgilanadi va yozma shaklda tuziladigan mehnat shartnomasida koʻrsatiladi.
Diniy tashkilot mehnat shartnomasini belgilangan tartibda roʻyxatdan oʻtkazishga majburdir.
Ruhoniylarga haq toʻlash shartlarini belgilaydigan hujjatlar ham xuddi shunday tartibda roʻyxatdan oʻtkaziladi.
Diniy tashkilotda mehnat shartnomasiga muvofiq ishlayotgan fuqarolar kasaba uyushmasining aʼzolari boʻlishlari mumkin.
25-modda. Diniy tashkilotlarda ishlayotgan fuqarolarning mehnat huquqlari
Mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar davlat va jamoat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining ishchilari hamda xizmatchilariga nisbatan qay darajada qoʻllanilsa, diniy tashkilotlarda mehnat shartnomasi asosida ishlayotgan fuqarolarga nisbatan ham xuddi shu darajada qoʻllaniladi.
Fuqarolar, shu jumladan ruhoniylar diniy tashkilotlarda ishlab oladigan daromadlariga davlat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining ishchi va xizmatchilari uchun belgilangan mezonlar boʻyicha soliq solinadi.
26-modda. Diniy tashkilotlarning korxonalari va muassasalarida fuqarolarning mehnat sohasidagi huquqiy munosabatlari
Diniy tashkilotlarning korxonalarida, muassasalarida, shuningdek ular tuzgan xayriya muassasalarida ishlayotgan fuqarolarga davlat va jamoat korxonalari, muassasalari va tashkilotlari ishchi va xizmatchilarining mehnati, ularga soliq solish tartibi, ijtimoiy sugʻurtasi va ijtimoiy taʼminoti toʻgʻrisidagi qonunlar qoʻllaniladi.
27-modda. Diniy tashkilotlarda ishlayotgan fuqarolarning ijtimoiy taʼminoti va ijtimoiy sugʻurtasi
Diniy tashkilotlarda ishlayotgan fuqarolar, shu jumladan ruhoniylar davlat va jamoat korxonalari, muassasalari va tashkilotlarining ishchilari hamda xizmatchilari bilan barobar ijtimoiy taʼminlashlari va ijtimoiy sugʻurta qilinishlari kerak.
Ana shu maqsadlarda diniy tashkilotlar, ularning korxonalari va muassasalari Davlat ijtimoiy sugʻurta jamgʻarmasi va Oʻzbekiston Respublikasi nafaqa jamgʻarmasiga jamoat tashkilotlari, ularning korxonalari va muassasalari uchun belgilangan tartibda va miqdorda ajratma oʻtkazadilar.
Diniy tashkilotlarda ishlayotgan barcha fuqarolarga qonunga muvofiq umumiy asoslarda davlat nafaqasi tayinlanadi va toʻlanadi.
VI bob. DAVLAT IDORALARI VA DINIY TAShKILOTLAR
28-modda. Oʻzbekiston Respublikasida din masalalari boʻyicha davlat idoralari
Oʻzbekiston Respublikasida dinlar va diniy tashkilotlarga oid masalalar bilan Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Diniy ishlar qoʻmitasi, viloyat va Toshkent shahar hokimlari shugʻullanadi. Ularning zimmasiga maslahat berish, mutaxassislar xulosasini chiqarish, nazorat qilish va axborot berib turish vazifalari yuklanadi.
Din masalalari davlat idoralari:
chet ellardagi diniy muassasalar bilan muloqot qilib turadi va muvofiqlashtiruvchi aloqalar bogʻlaydi;
Oʻzbekiston Respublikasidagi diniy tashkilotlar toʻgʻrisida maʼlumotlar toʻplaydi hamda vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunlarning ijrosi yuzasidan nazoratni amalga oshiradi. Shu maqsadlarda diniy tashkilotlar rahbarlaridan kerak axborot talab qilishga va olishga hamda ularning faoliyati bilan bogʻliq boʻlgan marosimlarda ishtirok etishga haqlidir;
diniy tashkilotlarning iltimosiga muvofiq davlat idoralari bilan kelishuvga erishishda koʻmaklashadi va davlat idoralari hal etishini talab qiluvchi masalalar yuzasidan zarur yordam beradi;
Oʻzbekiston Respublikasi ichidagi va chet ellardagi turli dinlarga mansub diniy tashkilotlar oʻrtasida hamjihatlik va hayrixohlikni mustahkamlashga koʻmaklashadi;
dinshunoslik boʻyicha ekspertiza oʻtkazish uchun diniy masalalar bilan shugʻullanuvchi boʻlinmalar huzurida dinshunoslar jamoatchi ekspert kengashlarini tuzadi, diniy tashkilotlar vakillari va inson huquqlari muammolari boʻyicha mutaxassislarni belgilaydi;
davlat boshqaruv va sud idoralarining soʻrovi boʻyicha rasmiy ekspert xulosasini taqdim etadi.
(28-modda Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrdagi 934-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 334-modda)
29-modda. Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunlarni buzganlik uchun javobgarlik
Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunlarni buzishda aybdor boʻlgan mansabdor shaxslar va fuqarolar Oʻzbekiston Respublikasi qonunlarida belgilab qoʻyilgan tartibda javobgar boʻladilar.
Basharti Oʻzbekiston Respublikasi ishtirok etayotgan xalqaro shartnomada Oʻzbekiston Respublikasining vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar toʻgʻrisidagi qonunlaridan farq qiladigan qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
(30-moddaning matni Oʻzbekiston Respublikasining 1993-yil 3-sentabrdagi 934-XII-son Qonuni tahririda — Oliy Kengash Axborotnomasi, 1993-y., 9-son, 334-modda)
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti I. KARIMOV
Toshkent sh.,
1991-yil 14-iyun,
289-XII-son
(Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Kengashining Axborotnomasi, 1991-y., 8-son, 186-modda; 11-son, 273-modda; 1993-y., 9-son, 334-modda)