toggle_night_mode
Hujjat kuchini yo‘qotgan 01.01.2025
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining
buyrug‘i
O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-son BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”ni tasdiqlash to‘g‘risida
[O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan 2004-yil 21-mayda ro‘yxatdan o‘tkazildi, ro‘yxat raqami 1364]
 LexUZ sharhi
Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi iqtisodiyot va moliya vazirining 2024-yil 6-dekabrdagi 201-sonli “O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-sonli BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”ni tasdiqlash haqida”gi buyrug‘iga (ro‘yxat raqami 3587, 19.12.2024-y.) asosan 2025-yil 1-yanvardan o‘z kuchini yo‘qotadi.
 LexUZ sharhi
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligining 2013-yil 11-apreldagi 37-son (ro‘yxat raqami 1364-1, 2013-yil 3-may), 2017-yil 13-iyundagi 77-son (ro‘yxat raqami 1364-2, 2017-yil 16-iyun) buyruqlari bilan kiritilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan.
“Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 5-moddasiga asosan va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1992-yil 23-noyabrdagi 553-sonli qarori bilan tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi to‘g‘risidagi nizomga muvofiq buyuraman:
1. O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-son BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi” ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
2. Mazkur buyruq O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan kundan boshlab 10 kun o‘tgandan keyin kuchga kiradi.
Moliya vaziri M. NURMURADOV
Toshkent sh.,
2004-yil 23-mart,
51-son
Moliya vazirining 2004-yil 23-martdagi 51-son buyrug‘i bilan
TASDIQLANGAN
O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-son BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”
Mazkur Buxgalteriya hisobining milliy standarti (BHMS) “Buxgalteriya hisobi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga asosan ishlab chiqilgan va O‘zbekiston Respublikasida buxgalteriya hisobini normativ tartibga solish elementi bo‘lib hisoblanadi.
1-§. Umumiy qoidalar
1. Mazkur BHMSning maqsadi bo‘lib chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarni buxgalteriya hisobida aks ettirish va ularni moliyaviy hisobotda yoritib berish tartibini belgilash hisoblanadi.
2. Mazkur BHMSning amal qilishi, O‘zbekiston Respublikasi hududida chet el valyutasidagi operatsiyalarni amalga oshiradigan O‘zbekiston Respublikasi hududidagi barcha tashkilotlarga (banklar va boshqa kredit tashkilotlaridan tashqari) (keyingi o‘rinlarda — xo‘jalik yurituvchi subyektlar) tatbiq etiladi.
3. Mazkur BHMS ta’sis hujjatlari va boshqalarda qayta hisoblash talab qilingan hollarda, so‘mda tuzilgan moliyaviy hisobot ko‘rsatkichlarini chet el valyutasiga qayta hisoblashda qo‘llanilmaydi.
4. O‘zbekiston Respublikasida barcha xo‘jalik yurituvchi subyektlar milliy valyutada ― so‘mda buxgalteriya hisobini yuritishi va moliyaviy hisobotlarni taqdim etishi shart, agarda qonunchilikda boshqa tartib ko‘zda tutilmagan bo‘lsa.
5. Mazkur Standartda qo‘llaniladigan atamalar:
a) O‘zbekiston Respublikasidan tashqaridagi faoliyat ― O‘zbekiston Respublikasining qonunchilik hujjatlariga ko‘ra yuridik shaxs hisoblangan xo‘jalik yurituvchi subyekt tomonidan O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida mustaqil balansga ajratilmagan tarkibiy bo‘linmalar orqali amalga oshiriladigan faoliyat;
(5-bandning “a” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
b) xorijiy valyutada operatsiyani amalga oshirish sanasi ― qonunchilik hujjatlariga yoki shartnomaga muvofiq xo‘jalik yurituvchi subyektda chet el valyutasidagi operatsiyaning natijasi hisoblangan aktivlar va majburiyatlarni buxgalteriya hisobiga qabul qilish huquqi yuzaga kelgan kun.
(5-bandning “b” kichik bandi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
6. Chet el valyutasidagi operatsiyalar bo‘lib chet el valyutasida amalga oshiriladigan bitim hisoblanadi, qachonki xo‘jalik yurituvchi subyekt:
a) aktivlar, ishlar va xizmatlarni chet el valyutasida xarid qiladi yoki realizatsiya qiladi;
b) to‘lash yoki olish summalari chet el valyutasida belgilangan kreditlar yoki qarzlarni olganda yoki taqdim etganda;
v) chet el valyutasidagi majburiyatlarni o‘ziga qabul qilganda yoki majburiyatlarni qoplaganda, yoxud olinadigan schyotlarga ega bo‘lganda.
7. Chet el valyutalarining so‘mga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan belgilangan kursining (keyingi o‘rinlarda ― Markaziy bank kursi) o‘zgarishiga hamda aktivlar va majburiyatlarni qayta hisoblashga bog‘liq holda ijobiy yoki salbiy kurs farqi yuzaga keladi.
2-§. Chet el valyutasidagi operatsiyalarni buxgalteriya hisobida aks ettirish
8. Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlar qiymati, buxgalteriya hisobida aks ettirish maqsadida, so‘mda qayta hisoblanishi lozim.
9. Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlar qiymatini so‘mda qayta hisoblash ushbu chet el valyutasining so‘mga nisbatan Markaziy bank kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
10. Buxgalteriya hisobi maqsadlari uchun mazkur so‘mdagi qayta hisoblash chet el valyutasida operatsiya sodir etilgan sanadagi Markaziy bank kursi bo‘yicha amalga oshiriladi. Buxgalteriya hisobi maqsadlari uchun chet el valyutasidagi ayrim operatsiyalarning sodir etish sanalari mazkur BHMCning ilovasida keltirilgan.
11. Buxgalteriya hisobida konsignantga nisbatan chet el valyutasidagi kreditorlik qarzi konsignatsiyaga olingan tovarlarni sotish sanasida, ana shu sanadagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha vujudga keladi. Qarzdorlikning keyingi hisobi mazkur BHMSga muvofiq amalga oshiriladi.
12. Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ga narxlar (tariflar)ni chet el valyutasiga ekvivalentlikda belgilaydigan, o‘zaro hisob-kitoblarni esa milliy valyuta — so‘mlarda amalga oshiradigan xo‘jalik yurituvchi subyektlar xizmat ko‘rsatish sanasidan boshlab to‘lov kelib tushgan sanaga qadar davr ichida Markaziy bank kursining o‘zgarishi munosabati bilan yuzaga keladigan kurs farqini moliyaviy faoliyatdan daromad (xarajat) sifatida xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy natijalariga olib boradilar.
3-§. Chet el valyutasida xarid qilingan tovar-moddiy zaxiralari va boshqa aktivlarni baholash
13. Chet el valyutasida xarid qilingan tovar-moddiy zaxiralari (bundan konsignatsiya shartnomalari bo‘yicha tovarlar mustasno) va boshqa aktivlarni baholash, ularning xarid qilinganligini tasdiqlovchi boshlang‘ich hisob hujjatlarida (tovarning kuzatuv hujjatlari yoki bojxona yuk deklaratsiyasida) ko‘rsatilgan qiymatidan kelib chiqib, ularni buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasidagi Markaziy bank kursi bo‘yicha qayta hisoblab, shuningdek O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 5-fevraldagi 54-son qarori bilan tasdiqlangan Mahsulot (ishlar, xizmatlar)ni ishlab chiqarish va sotish xarajatlarining tarkibi hamda moliyaviy natijalarni shakllantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomning 1.1.12-bandi, O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (5-son BHMS) “Asosiy vositalar” (ro‘yxat raqami 1299, 2004-yil 20-yanvar) va O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (4-son BHMS) “Tovar-moddiy zaxiralar”ga (ro‘yxat raqami 1595, 2006-yil 17-iyul) muvofiq shakllanadigan, xarid qilish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlardan kelib chiqib aniqlanadi.
4-§. Kurs farqining hisobi
14. Xo‘jalik yurituvchi subyektlar har oyda balansning valyuta moddalarini hisobot oyining oxirgi sanasidagi va xo‘jalik operatsiyalarini sodir etish sanasidagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha qayta baholashni amalga oshiradi.
15. Mazkur BHMSda qayta baholash va kurs farqlarini aniqlash maqsadida balansning valyuta moddalariga quyidagilar kiritiladi:
a) kassadagi va bank hisobvaraqlaridagi valyuta mablag‘lari;
b) to‘lanishi yoki olinishi chet el valyutasida belgilangan debitorlik va kreditorlik qarzlari, kreditlar va qarzlar, pul ekvivalentlari va boshqa aktivlar va majburiyatlar.
16. Quyidagilar qayta baholanmaydi:
a) chet el valyutasida xarid qilingan xo‘jalik yurituvchi subyektning asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari, o‘rnatiladigan asbob-uskunalari, kapital qo‘yilmalari, tovar-moddiy zaxiralari;
b) xo‘jalik yurituvchi subyekt, shuningdek xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar ustav kapitalining miqdorlari va ta’sischilari (ishtirokchilari) ulushlarining nisbati;
v) ustav kapitaliga va aksiyalarga investitsiyalar.
17. Yuzaga kelgan kurs farqi, xo‘jalik yurituvchi subyektning xohishiga ko‘ra moliyaviy natijalarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib borish yo‘li bilan (keyingi o‘rinlarda ― to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib borish usuli) yoki jamg‘arish yo‘li bilan (keyingi o‘rinlarda — jamg‘arish usuli) hisobdan chiqariladi.
Sug‘urta tashkilotlarida kurs farqlarini hisobdan chiqarish qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
(17-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
18. To‘g‘ridan-to‘g‘ri olib borish usulida kurs farqlari moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalariga paydo bo‘lishiga qarab olib boriladi.
19. 2019-yil 1-yanvardan boshlab jamg‘arish usuli qo‘llanilmaydi. 2019-yil 1-yanvargacha jamg‘arilgan kurs farqlari moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalariga quyidagicha olib borilishi mumkin:
a) chet el valyutasidagi debitorlik va kreditorlik qarzlari bo‘yicha ― ularning to‘lanishiga (yoki hisobdan chiqarilishiga) qarab;
b) qolgan hollarda ― balansning tegishli valyuta moddalari bilan xo‘jalik operatsiyalarining sodir etilishiga qarab.
Jamg‘arilgan kurs farqlari moliyaviy natijalarga chet el valyutasining bir birligiga to‘g‘ri keladigan kurs farqlarining o‘rtacha miqdori bo‘yicha olib borilishi mumkin.
20. Kurs farqini olib borishda qo‘llanayotgan usullar majburiy ravishda xo‘jalik yurituvchi subyektning hisob siyosatida aks ettirilishi kerak. Balansning turli xildagi valyuta moddalariga kurs farqini olib borishning turli usullari qo‘llanishiga yo‘l qo‘yiladi.
21. Kurs farqlarini olib borishning jamg‘arish usulidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri olib borish usuliga o‘tishda balansning valyuta moddalarini har oyda qayta baholash natijasida oldingi jamg‘arilgan kurs farqlari xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy-xo‘jalik faoliyati natijalariga hisob siyosati qabul qilingan kalendar yilining oxirigacha har oyda (bir me’yorda) hisobdan chiqariladi.
22. Xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy natijalariga olib borilgan ijobiy (salbiy) kurs farqi moliyaviy faoliyatning daromadlari (xarajatlari) tarkibida hisobga olinadi.
23. Buxgalteriya hisobida ta’sischilarning ustav kapitaliga ulushini chet el valyutasida kiritishi, ulushni kiritish sanasidagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
24. Ustav kapitali miqdori chet el valyutasida belgilangan va ustav kapitaliga ulushlar kiritish legitim so‘mlarda amalga oshirilgan hollarda ham, qayta hisoblash Markaziy bankning ulushlarni kiritish sanasidagi kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
25. Xo‘jalik yurituvchi subyektning ustav kapitalini shakllantirishda ta’sis hujjatlarini ro‘yxatdan o‘tkazish sanasidagi va ustav kapitaliga mablag‘larni haqiqatda kiritish sanasidagi Markaziy bank kurslari o‘rtasidagi vujudga keladigan kurs farqi buxgalteriya hisobida qo‘shilgan kapital sifatida aks ettiriladi.
5-§. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritish uchun foydalaniladigan aktivlar va majburiyatlar hisobi
26. Moliyaviy hisobotni tuzish uchun, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritish uchun foydalaniladigan chet el valyutasidagi aktivlar va majburiyatlar qiymati so‘mlarda qayta hisoblanishi lozim.
Chet el valyutasidagi aktivlar va majburiyatlar qiymatini so‘mlarda qayta hisoblash, ushbu chet el valyutasining so‘mga nisbatan Markaziy bankning kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
27. Mazkur BHMSning 15-bandida keltirilgan va O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritish uchun foydalanadigan chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarni so‘mda qayta hisoblash hisobot oyining oxirgi sanasidagi va xo‘jalik operatsiyalari sodir bo‘lgan sanadagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
28. Xo‘jalik yurituvchi subyektning O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritishi uchun foydalaniladigan chet el valyutasida ifodalangan asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari, o‘rnatiladigan asbob-uskunalari, kapital qo‘yilmalari, tovar-moddiy zaxiralari qiymatini so‘mda qayta hisoblash, ushbu aktivlarni buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasidagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
Xo‘jalik yurituvchi subyektning asosiy vositalari, nomoddiy aktivlari, o‘rnatiladigan asbob-uskunalari, kapital qo‘yilmalari, tovar-moddiy zaxiralari qiymatini O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritish joyi — xorijiy davlatning qonunchilik hujjatlari yoki qoidalariga muvofiq qayta baholangan qiymatini qayta hisoblash, ushbu qayta baholash o‘tkazilgan sanadagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha amalga oshiriladi.
(28-bandning ikkinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi adliya vazirining 2021-yil 30-noyabrdagi 20-mh-sonli buyrug‘i (ro‘yxat raqami 3338, 30.11.2021-y.) tahririda — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)
29. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritishning moliyaviy natijalarini shakllantiradigan, chet el valyutasida ifodalangan daromadlar va xarajatlarni so‘mda qayta hisoblash, hisobot davridagi Markaziy bankning kurslari va ular amal qilish kunlari hosilalari summasini hisobot davridagi kunlar miqdoriga bo‘lish natijasida hisoblab chiqilgan kurslarning o‘rtacha miqdoridan foydalangan holda amalga oshiriladi.
30. Xo‘jalik yurituvchi subyektning O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyat yuritishi uchun foydalaniladigan aktivlari va majburiyatlarining chet el valyutasida ifodalangan qiymatini so‘mlarda qayta hisoblash natijasida yuzaga kelgan kurs farqi buxgalteriya hisobida mazkur BHMSning 17-bandida ko‘rsatilgan usullardan birini qo‘llagan holda aks ettiriladi.
6-§. Konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotga kiritish uchun shu’ba (tobe) xo‘jalik jamiyatlari, mustaqil balansga ajratilgan tarkibiy bo‘linmalarning moliyaviy hisobotini qayta hisoblash
31. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan shu’ba (tobe) xo‘jalik jamiyatlari, mustaqil balansga ajratilgan tarkibiy bo‘linmalarning moliyaviy hisobotlarini bosh jamiyat tomonidan tuziladigan konsolidatsiyalashgan moliyaviy hisobotga kiritish uchun qayta hisoblashda bosh jamiyat quyidagi tartib-taomillarni bajarishi kerak:
a) O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan, shu’ba (tobe) xo‘jalik jamiyatlari, mustaqil balansga ajratilgan tarkibiy bo‘linmalarning aktivlari va majburiyatlari hisobot davrining oxirgi sanasidagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha qayta hisoblanishi lozim;
b) O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan shu’ba (tobe) xo‘jalik jamiyatlari, mustaqil balansga ajratilgan tarkibiy bo‘linmalarning xususiy kapitali moddalari, bundan joriy yilning taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari) mustasno, hisobot davrining oxirgi sanasidagi Markaziy bankning kursi bo‘yicha qayta hisoblanishi kerak;
v) O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida joylashgan shu’ba (tobe) xo‘jalik jamiyatlari, mustaqil balansga ajratilgan tarkibiy bo‘linmalarning daromadlari va xarajatlari moddalari, shuningdek taqsimlanmagan foydasi (qoplanmagan zarari) hisobot davridagi Markaziy bankning kurslari va ular amal qilish kunlari hosilalari summasini hisobot davridagi kunlar miqdoriga bo‘lish natijasida hisoblab chiqarilgan kurslarning o‘rtacha miqdoridan foydalangan holda qayta hisoblanishi lozim.
32. O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida faoliyatning tasnifi o‘zgargan hollarda, o‘zgargan tasnifga nisbatan qo‘llanadigan qayta hisoblash tartib-taomillari ushbu o‘zgarish sanasidan boshlab foydalanilishi lozim.
7-§. Axborotlarni yoritib berish
33. Moliyaviy hisobot va unga tushuntirishlarda quyidagilar yoritib berilishi kerak:
a) xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy natijalariga olib borilgan kurs farqlari miqdori;
b) qo‘shilgan kapital sifatida tasniflanadigan kurs farqlari summasi;
v) buxgalteriya hisobining boshqa schyotlariga olib borilgan kurs farqlari miqdori;
g) hisobot sanasidan keyin yuz bergan valyuta kurslari o‘zgarishlarining oqibati, agar ular juda muhim bo‘lsa va ularni yoritib bermaslik moliyaviy hisobotdan foydalanuvchilar tomonidan to‘g‘ri baholashga va qarorlar qabul qilishga salbiy ta’sir ko‘rsatsa;
d) kurs farqini xo‘jalik yurituvchi subyektning moliyaviy natijalariga hisobdan chiqarish usuli;
e) moliyaviy hisobot tuzishning hisobot sanasidagi Markaziy bank kursi.
O‘zbekiston Respublikasi buxgalteriya hisobining milliy standarti (22-son BHMS) “Chet el valyutasida ifodalangan aktivlar va majburiyatlarning hisobi”ga
ILOVA
Chet el valyutasidagi ayrim operatsiyalarni amalga oshirish sanalari
RO‘YXATI

Chet el valyutasidagi operatsiyalar

Chet el valyutasidagi operatsiyalar amalga oshirilgan sana bo‘lib hisoblanadi

Chet el valyutasidagi bank hisobvaraqlari bo‘yicha operatsiyalar

Chet el valyutasidagi pul mablag‘larining bankdagi hisobvaraqlarga kelib tushish yoki ularni bankdagi hisobvaraqlardan hisobdan chiqarish sanasi

Chet el valyutasidagi kassa operatsiyalari

Chet el valyutasini kassaga kirim qilish yoki ularni kassadan berish sanasi

Chet el valyutasidagi daromadlar

Chet el valyutasidagi daromadlarni tan olish sanasi

Chet el valyutasidagi xarajatlar

Chet el valyutasidagi xarajatlarni tan olish sanasi

Tovar-moddiy zaxiralari va boshqa aktivlarni baholash

Tovar-moddiy zaxiralari va boshqa aktivlarning xarid qilinganligini tasdiqlovchi boshlang‘ich hisob hujjatlari (tovarning kuzatuv hujjatlari yoki bojxona yuk deklaratsiyasi) mavjud bo‘lganda, ularni buxgalteriya hisobiga qabul qilish sanasi

Xodimlarning hisobdor summalari bo‘yicha chet el valyutasidagi qarzlarini aks ettirish

Bo‘nak hisobotini tasdiqlash sanasi

Chet el valyutasidagi qarzlarning to‘lanishi (qoplanishi)

Chet el valyutasidagi qarzlarni to‘lash (qoplash) sanasi

Ustav kapitaliga ta’sischilarning ulushlar bo‘yicha qarzdorligining yuzaga kelishi

Yuridik shaxs maqomini olish sanasi

Ustav kapitalining shakllanishi (ko‘payishi)

Ustav kapitaliga ta’sischilar tomonidan ulushlarini kiritish sanasi

(O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlari to‘plami, 2004-y., 20-son, 246-modda; Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 30.11.2021-y., 10/21/3338/1117-son)