toggle_night_mode
Hujjat hali kuchga kirgan emas
Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni
Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisida
Qonunchilik palatasi tomonidan 2025-yil 23-dekabrda qabul qilingan
Senat tomonidan 2026-yil 7-aprelda maʼqullangan
1-bob. Umumiy qoidalar
1-modda. Ushbu Qonunning maqsadi
Ushbu Qonunning maqsadi sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi munosabatlarni tartibga solishdan iborat.
2-modda. Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik
Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilik ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlaridan iboratdir.
Agar Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomasida Oʻzbekiston Respublikasining sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchiligida nazarda tutilganidan boshqacha qoidalar belgilangan boʻlsa, xalqaro shartnoma qoidalari qoʻllaniladi.
3-modda. Asosiy tushunchalar
Ushbu Qonunda quyidagi asosiy tushunchalar qoʻllaniladi:
davlat sud eksperti — davlat sud-ekspertiza muassasasining oʻz xizmat vazifalarini bajarish tartibida sud ekspertizasini oʻtkazuvchi sud eksperti;
ish — sud ekspertizasi tayinlangan fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat ishi (shu jumladan tergovga qadar tekshiruv materiallari), maʼmuriy sud ishlari va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati, xizmat tekshiruvi hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzasidan toʻplangan hujjatlar;
maxsus bilim — maxsus tayyorgarlikdan oʻtish va (yoki) kasbiy malaka yoxud tajriba orqali oʻzlashtiriladigan hamda fan, texnika, sanʼat, hunar sohasidagi nazariy bilimlar va amaliy koʻnikmalar majmui;
nodavlat sud eksperti — nodavlat sud-ekspertiza tashkilotida yoki sud-ekspertlik byurosida faoliyat yurituvchi va maʼlum bir ekspertiza turi yuzasidan sud ekspertizasini oʻtkazuvchi sud eksperti;
sud eksperti — xulosa berish uchun maxsus bilimlarga ega boʻlgan, belgilangan tartibda sud eksperti sifatida jalb qilingan jismoniy shaxs;
sud ekspertizasi — tergovga qadar tekshiruv, fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat, maʼmuriy sud ishlari va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ish holatlarini aniqlashga qaratilgan hamda sud eksperti tomonidan maxsus bilimlar asosida sud-ekspertiza tadqiqotlarini oʻtkazish va xulosa berishdan iborat boʻlgan protsessual harakat;
sud ekspertining malakasi — maʼlum bir turdagi ekspertiza obyektlarini oʻrganish uchun maxsus tayyorgarlikdan oʻtish orqali kasbiy maʼlumotga ega boʻlgan shaxs tomonidan oʻzlashtirilgan nazariy bilimlar, amaliy koʻnikmalar darajasi;
sud-ekspertlik tuzilmalari — davlat sud-ekspertiza muassasasi, nodavlat sud ekspertiza tashkiloti, sud ekspertlik byurosi, oʻz faoliyatining yoʻnalishi boʻyicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshiruvchi ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlari;
sud ekspertining xulosasi (xulosa) — sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi tomonidan tuziladigan hamda sud-ekspertiza tadqiqotlarining olib borilishini va natijalarini aks ettiradigan yozma yoki elektron hujjat;
ekspert fikri — jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga koʻra shartnoma asosida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati hamda xizmat tekshiruvi doirasidagi soʻrovnomalarga muvofiq sud ekspertizasi turlari boʻyicha sud-ekspertiza tadqiqotlarining natijalari aks ettirilgan hujjat.
4-modda. Sud-ekspertlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari
Sud-ekspertlik faoliyatining asosiy yoʻnalishlari quyidagilardan iborat:
fuqarolik, iqtisodiy, jinoyat (shu jumladan tergovga qadar tekshiruv materiallari), maʼmuriy sud ishlari va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud ekspertizasini oʻtkazish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga koʻra shartnoma asosida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati hamda xizmat tekshiruvi doirasidagi soʻrovnomalarga muvofiq sud ekspertizasi turlari boʻyicha sud-ekspertiza tadqiqotlari oʻtkazish;
sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi ilmiy tadqiqotlarni tashkil etish, oʻtkazish va ularning samaradorligini oshirish;
sud ekspertizasini ilmiy-uslubiy va axborot bilan taʼminlashni tashkil etish hamda amalga oshirish;
sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirish boʻyicha kadrlarni tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini hamda huquqiy bilimlarini oshirish;
sud-ekspertlik faoliyati sohasida xalqaro hamkorlik qilish.
5-modda. Sud-ekspertlik faoliyatining asosiy prinsiplari
Qonuniylik, inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi, sud ekspertining mustaqilligi, sud-ekspertiza tadqiqotlarining xolisligi, har tomonlamaligi va toʻliqligi hamda kasbiy sirni saqlash sud-ekspertlik faoliyatining asosiy prinsiplaridir.
6-modda. Sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda qonuniylik prinsipi
Sud-ekspertlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu Qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari talablariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
7-modda. Sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilishi prinsipi
Sud-ekspertlik faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi hamda qonunlarida nazarda tutilgan inson huquqlari va erkinliklariga rioya etilgan holda amalga oshiriladi.
Shaxsning erkinligini vaqtincha cheklashga yoki uning shaxsiy daxlsizligi buzilishiga sabab boʻluvchi sud-ekspertiza tadqiqotlari faqat qonunda belgilangan asoslar va tartibda oʻtkaziladi.
Sud ekspertizasini oʻtkazish insonning hayotiga va sogʻligʻiga xavf tugʻdirmasligi, uning shaʼni va qadr-qimmatini kamsitmasligi kerak.
Har qanday shaxs sud-ekspertlik faoliyati mobaynida oʻz huquqlari va erkinliklari buzilganligi hollari yuzasidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkin.
 LexUZ sharhi
Qarang: Oʻzbekiston Respublikasining “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari toʻgʻrisida”gi va “Sudlar toʻgʻrisida”gi qonunlari.
8-modda. Sud ekspertining mustaqilligi prinsipi
Sud eksperti sud ekspertizasini oʻtkazishda sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan), taraflardan va ishning natijasidan manfaatdor boʻlgan boshqa shaxslardan mustaqildir.
Sud eksperti oʻzining maxsus bilimlariga muvofiq oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalariga asoslanib xulosa beradi.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs), shuningdek boshqa davlat organlari, yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan taraflardan birortasining yoki ishning natijasidan manfaatdor boʻlgan boshqa shaxslarning foydasini koʻzlab xulosa olish maqsadida sud ekspertiga taʼsir koʻrsatilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sud ekspertiga taʼsir koʻrsatishda aybdor boʻlgan shaxslar qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
9-modda. Sud-ekspertiza tadqiqotlarining xolisligi, har tomonlamaligi va toʻliqligi prinsipi
Sud eksperti sud-ekspertiza tadqiqotlarini (bundan buyon matnda tadqiqotlar deb yuritiladi) xolisona, qatʼiy ilmiy va amaliy asosda, tegishli ixtisoslik doirasida har tomonlama va toʻliq hajmda oʻtkazadi.
Sud ekspertining xulosasi (xulosa) bildirilgan fikrlarning asosliligi va ishonchliligini umumeʼtirof etilgan ilmiy va amaliy maʼlumotlar bazasiga muvofiq tadqiqot oʻtkazish imkoniyatini beradigan qoidalarga uslubiy jihatdan asoslanishi lozim.
10-modda. Kasbiy sirni saqlash prinsipi
Sud eksperti sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi hamda ulardan shaxsiy manfaatlari yoki uchinchi shaxs manfaatlari yoʻlida foydalanmasligi shart.
Sud eksperti tomonidan sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirishda oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarning, shuningdek tadqiqotlar natijalari yuzasidan berilgan xulosalarning oshkor qilinishiga faqat sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) tegishli ruxsatiga koʻra yoʻl qoʻyiladi, bundan qonunda nazarda tutilgan hollar mustasno.
11-modda. Tadqiqot obyektlari
Ashyoviy, yozma va raqamli dalillar, tadqiqot uchun namunalar, boshqa moddiy, nomoddiy (intellektual mulk) obyektlar, murdalar va ularning qismlari, hujjatlar, axborot tizimlari, elektron maʼlumotlar, elektron maʼlumotlar mavjud boʻlgan elektron jismlar hamda Internet jahon axborot tarmogʻi manbalarida saqlanayotgan elektron maʼlumotlar, shuningdek ekspertiza oʻtkazilayotgan ish materiallari tadqiqot obyektlari boʻlishi mumkin. Tadqiqotlar tirik odamga nisbatan ham oʻtkaziladi.
Tadqiqotlar oʻtkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur boʻlgan tirik odam, murdalar va ularning qismlari, hayvon, oʻsimlik, buyum, material yoki moddaning xususiyatlarini aks ettiruvchi obyektlar tadqiqot uchun namunalardir.
Sud ekspertizasini oʻtkazishda tadqiqot obyektlari (tirik odamdan tashqari) tadqiqotni oʻtkazish uchun qay darajada lozim boʻlsa, shu darajada shikastlanishi (buzilishi) yoki ishlatilishi mumkin. Bunda tadqiqot obyektining qisman shikastlanishiga (buzilishiga) yoki ishlatilishiga sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) yozma yoki elektron shakldagi ruxsati olinishi zarur, bundan tayinlangan sud ekspertizasining oʻziga xos xususiyatlari obyektning shikastlanishini (buzilishini) yoki ishlatilishini taqozo etadigan hollar mustasno.
Tadqiqot obyektlarining sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) yozma yoki elektron hujjat shaklidagi ruxsatiga koʻra yoxud tayinlangan sud ekspertizasining oʻziga xos xususiyatlari bilan bogʻliq holda shikastlanganligi (buzilganligi) yoki ishlatilganligi sud-ekspertlik tuzilmalari, boshqa korxona, muassasa, tashkilot (bundan buyon matnda boshqa tashkilot deb yuritiladi) yoki sud eksperti tomonidan mazkur obyektlarning mulkdoriga zararning oʻrni qoplab berilishiga sabab boʻlmaydi.
Tadqiqot obyektlari, agar ularning oʻlchamlari va xossalari imkon bersa, oʻralgan, qadoqlangan va muhrlangan holda sud ekspertiga topshirilishi kerak.
Agar tadqiqot obyektlarining oʻlchamlari va xossalari ularni sud ekspertiga taqdim etish imkonini bermasa, ular saqlanayotgan joyida koʻrikdan oʻtkaziladi.
Koʻrikdan oʻtkazish sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan tashkil etiladi, uning majburiy ishtirokida amalga oshiriladi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtiriladi.
Sud ekspertizasi tugallanganidan keyin tadqiqot obyektlari, agar ular toʻla ishlatilgan boʻlmasa, sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) qaytariladi.
Agar tadqiqot obyektlarini pochta orqali qaytarishning imkoni boʻlmasa, ular sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan olib ketilishi shart.
12-modda. Sud eksperti
Sud eksperti sifatida davlat sud eksperti, nodavlat sud eksperti, oʻz faoliyati yoʻnalishi boʻyicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshiruvchi ilmiy va oliy taʼlim tashkiloti xodimi yoki boshqa tashkilot xodimi yoxud boshqa jismoniy shaxs ishtirok etishi mumkin.
Boshqa tashkilot xodimi sud ekspertizasini uni tayinlagan organ (shaxs) tomonidan mazkur tashkilotga berilgan topshiriqni bajarish tartibida oʻtkazadi.
Ishda sud eksperti sifatida ishtirok etish uchun jalb etilgan boshqa jismoniy shaxs sud ekspertizasini uni tayinlagan organning (shaxsning) topshirigʻini bajarish tartibida oʻtkazadi.
Belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz va muomala layoqati cheklangan deb topilgan shaxslar, shuningdek qasddan sodir etgan jinoyatlari uchun sudlanganlik holati tugallanmagan yoki sudlanganligi olib tashlanmagan shaxslar sud eksperti sifatida jalb etilishi mumkin emas.
Shaxsning sud eksperti sifatida ishtirok etishini istisno etadigan boshqa holatlar ushbu Qonun va protsessual qonunchilikda nazarda tutiladi.
Sud eksperti ish holatlari yuzasidan tadqiqot oʻtkazishda faqat oʻziga topshirilgan sud ekspertizasi predmetiga taalluqli va xulosa berish uchun ahamiyatga ega boʻlgan masalalar boʻyicha ishtirok etadi.
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organlar, surishtiruv, dastlabki tergov organlari, sud va sud muhokamasidagi taraflar sud ekspertiga faqat unga topshirilgan sud ekspertizasi va u tomonidan berilgan xulosa munosabati bilan murojaat etishga haqli.
Sud eksperti faqat oʻzi bergan xulosa va shaxsan oʻzi oʻtkazgan tadqiqotlar yuzasidan soʻroq qilinishi mumkin.
Sud ekspertini u xulosa berguniga qadar soʻroq qilishga yoʻl qoʻyilmaydi.
13-modda. Sud ekspertiga nisbatan qoʻyiladigan kasbiy va malakaviy talablar
Davlat va nodavlat sud eksperti lavozimini oliy maʼlumotga ega boʻlgan, muayyan sud-ekspert ixtisosligi boʻyicha tayyorgarlikdan oʻtgan hamda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi tegishli guvohnomaga (sertifikatga) ega boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi egallashi mumkin.
Sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi tegishli guvohnomaga (sertifikatga) ega boʻlgan davlat va nodavlat sud eksperti tomonidan baholash yoʻnalishidagi tadqiqotlarni amalga oshirish uchun baholovchining malaka sertifikatiga ega boʻlish talab etilmaydi.
Nodavlat sud ekspertlarining kasbiy malakasi darajasini aniqlash hamda ularning bilimlari va koʻnikmalarini muntazam ravishda oshirib borishni taʼminlash maqsadida ular har uch yilda bir marotaba attestatsiyadan oʻtkaziladi, bundan sud-ekspertlik faoliyatini yigirma yildan ortiq muddat amalga oshirgan nodavlat sud ekspertlari mustasno.
Sud ekspertizasining muayyan turi boʻyicha sud eksperti sifatida kamida besh yillik ish stajiga ega boʻlgan shaxslar yoxud soʻnggi ikki yil davomida davlat sud-ekspertiza tashkilotlarida sud eksperti sifatida uzluksiz ishlab kelayotgan shaxslar nodavlat sud eksperti boʻlish uchun sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi tegishli sertifikatni olish maqsadida qayta tayyorlashdan oʻtmasdan imtihonga qoʻyiladi.
Sud eksperti sifatida jalb etiladigan oʻz faoliyat yoʻnalishi boʻyicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshiruvchi ilmiy va oliy taʼlim tashkilotining, boshqa tashkilotning xodimi va jismoniy shaxs oliy maʼlumotga, alohida hollarda esa oʻrta maxsus, kasb-hunar yoki professional taʼlim maʼlumotiga ega boʻlishi lozim.
Baholash toʻgʻrisidagi hisobotlarda qoʻllanilgan usullarning ilmiy jihatdan asoslanganligi nuqtai nazaridan sud ekspertizasining kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan sud ekspertlari tomonidan oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyiladi.
14-modda. Sud ekspertlarining davlat reyestri
Sud ekspertlarining davlat reyestriga sud-ekspertlik tuzilmalarining sud ekspertlariga doir maʼlumotlar kiritiladi, bundan qonunchilik hujjatlarida davlat sud ekspertlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni oshkor qilishga doir cheklovlar nazarda tutilgan hollar mustasno.
Sud ekspertlarining davlat reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi.
15-modda. Sud-ekspertlik tuzilmalarining davlat reyestri
Sud-ekspertlik tuzilmalarining davlat reyestri Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan yuritiladi va uning rasmiy veb-saytiga joylashtiriladi. Sud-ekspertlik tuzilmalarining davlat reyestridagi mavjud axborot tanishib chiqish uchun ochiq boʻladi.
Sud-ekspertlik tuzilmalarining davlat reyestrida quyidagilar nazarda tutiladi:
sud-ekspertlik tuzilmasining nomi va joylashgan yeri (pochta manzili);
sud-ekspertlik tuzilmasida oʻtkaziladigan sud ekspertizasining turlari va mavjud mutaxassisliklari;
sud-ekspertlik tuzilmasining telefon raqami;
sud-ekspertlik tuzilmasining elektron pochta manzili va rasmiy veb-sayti (mavjud boʻlgan taqdirda);
sud-ekspertlik tuzilmasining soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (mavjud boʻlgan taqdirda);
sud-ekspertlik tuzilmalarining davlat reyestriga kiritilgan sana;
sud-ekspertlik tuzilmalarining davlat reyestridan chiqarilish asoslari va sanasi.
2-bob. Sud-ekspertlik faoliyatining tashkiliy shakllari
16-modda. Davlat sud-ekspertiza muassasasi
Davlat organlarida sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirish uchun tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan muassasa davlat sud-ekspertiza muassasasidir.
Davlat organlari va muassasalarida sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirish uchun tashkil etilgan ixtisoslashtirilgan ekspertiza boʻlinmalari sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega boʻlib, ular davlat sud-ekspertiza muassasasiga tenglashtiriladi.
Ayni bir xil ixtisoslikdagi davlat sud-ekspertiza muassasalarida sud ekspertizasini tashkil etish, oʻtkazish, davlat sud ekspertlarini kasbiy tayyorlash va ixtisoslashtirish sud-ekspertlik amaliyotiga yagona ilmiy-uslubiy yondashuv asosida amalga oshiriladi.
Davlat sud-ekspertiza muassasasida sud ekspertizalari ushbu muassasa qaysi davlat organi ixtiyorida boʻlsa, oʻsha davlat organi tomonidan aniqlanadigan va buning uchun belgilangan xizmat koʻrsatish mintaqalariga muvofiq oʻtkaziladi.
Sud ekspertizasini tayinlagan va davlat sud-ekspertiza muassasasining xizmat koʻrsatish mintaqasidan tashqarida joylashgan organlar (shaxslar) uchun sud ekspertizasi, istisno tariqasida, ushbu muassasa tomonidan qonunchilikka muvofiq oʻtkazilishi mumkin.
Davlat sud-ekspertiza muassasalari oʻz balansidagi uskunalarni shartnoma asosida boshqa sud-ekspertlik tuzilmalariga tadqiqotlar oʻtkazish uchun foydalanishga topshirish huquqiga ega.
Davlat sud-ekspertiza muassasalari ixtiyoriy ravishda akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.
Davlat sud-ekspertiza muassasalari qonunchilikka muvofiq tashkil etiladi, qayta tashkil etiladi va tugatiladi.
17-modda. Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti
Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti shartnoma asosida fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy sud ishlari va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud ekspertizasini hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzasidan tadqiqotlarni oʻtkazishga ixtisoslashtirilgan tashkilotdir.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti faoliyatini tashkil etishda quyidagi majburiy shartlarga rioya etilishi shart:
tegishli sud-ekspertiza turlari boʻyicha ularni moddiy-texnika bazasi bilan jihozlashga nisbatan qoʻyiladigan Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilangan minimal talablarga muvofiq uskunaga ega boʻlishi yoki shunday uskunaga ega boʻlgan sud-ekspertlik tuzilmalari bilan shartnoma tuzgan boʻlishi;
firma nomida uning nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti ekanligi koʻrsatilishi.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari oʻz faoliyatini amalga oshirishda davlat sud-ekspertiza muassasalari bilan teng huquqlarga va bir xil majburiyatlarga ega boʻladi, bundan qonunda nazarda tutilgan cheklovlar mustasno.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan oʻtkaziladigan sud ekspertizasining turlari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori bilan belgilanadi.
Sud eksperti sifatida sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi sertifikat olgan shaxslar Sud ekspertlarining davlat reyestriga kiritiladi.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari tomonidan sud ekspertlarining fuqarolik javobgarligi majburiy sugʻurta qilinadi.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari va sud-ekspertlik byurolari faoliyatini tashkil etish hamda sud ekspertlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini va huquqiy bilimini oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari ixtiyoriy ravishda akkreditatsiyadan oʻtkaziladi.
18-modda. Sud-ekspertlik byurosi
Sud-ekspertlik byurosi shartnoma asosida fuqarolik, iqtisodiy, maʼmuriy sud ishlari va maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlar boʻyicha sud ekspertizasini hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari yuzasidan tadqiqotlarni oʻtkazishga ixtisoslashtirilgan sud-ekspertlik faoliyatini yakka tartibda amalga oshirish uchun sud eksperti tomonidan taʼsis etilgan tashkilotdir.
Sud-ekspertlik byurosining taʼsis hujjati muassis (sud eksperti) tomonidan tasdiqlanadigan ustavidir.
Sud-ekspertlik byurosini tashkil etgan sud eksperti uning rahbari hisoblanadi.
Sud-ekspertlik byurosi rahbari yordamchi xodimlarga, shuningdek sud-ekspertlik faoliyatni tashkil etish bilan bogʻliq boshqa xodimlarga ega boʻlishi mumkin.
Sud-ekspertlik byurosi nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti bilan teng huquqlarga va bir xil majburiyatlarga ega boʻladi, bundan qonunda nazarda tutilgan cheklovlar mustasno.
19-modda. Oʻz faoliyatining yoʻnalishi boʻyicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshiruvchi ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlari
Ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlari oʻz faoliyatining yoʻnalishi boʻyicha sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirish huquqiga ega. Bunda ular Sud-ekspertlik tuzilmalarining davlat reyestriga oʻz ixtiyoriga koʻra kiritiladi.
Sud-ekspertlik tuzilmalarining davlat reyestriga kiritilgan ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlarining tegishli xodimlariga nisbatan ham sud-ekspertizasini oʻtkazishda sud ekspertiga nisbatan qoʻyiladigan kasbiy va malakaviy talablar tatbiq etiladi hamda ular davlat sud ekspertlari kabi huquqlarga va majburiyatlarga ega boʻladi.
20-modda. Sud eksperti sifatida ishtirok etadigan boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs
Sud eksperti sifatida ishtirok etadigan boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs sud ekspertizasini oʻtkazishda sud ekspertlari kabi huquqlarga va majburiyatlarga ega boʻladi.
Sud eksperti sifatida ishtirok etadigan boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs tomonidan oʻtkazilgan sud-ekspertiza tadqiqotlari boʻyicha yuzaga kelgan moliyaviy xarajatlarning oʻrni Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan tartibda qoplanadi.
3-bob. Davlat sud-ekspertiza muassasalari huzuridagi ekspert-malaka komissiyalari. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Ekspert-malaka komissiyasi
21-modda. Davlat sud-ekspertiza muassasalari huzuridagi ekspert-malaka komissiyalari
Davlat sud-ekspertiza muassasalari yoki tarkibida ekspertiza boʻlinmalari mavjud boʻlgan davlat organlari huzurida ekspert-malaka komissiyalari (bundan buyon matnda Malaka komissiyasi deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Malaka komissiyasi tarkibiga ilmiy muassasalarning, sud ekspertizasini tayinlashga vakolatli boʻlgan organlarning hamda boshqa tashkilotlarning xodimlari kiritilishi mumkin.
Malaka komissiyasi oʻz aʼzolarining uchdan ikki qismi hozir boʻlganda vakolatli hisoblanadi.
Malaka komissiyasi aʼzolarining yarmidan koʻpi qarorni yoqlab ovoz bergan taqdirda, qaror qabul qilingan deb hisoblanadi. Ovozlar soni teng boʻlib qolganda, Malaka komissiyasi raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.
Malaka komissiyasi davlat sud-ekspertiza muassasasiga ishga qabul qilingan xodimlarga muayyan sud ekspertizasi mutaxassisliklari (turlari) boʻyicha sud ekspertizasini mustaqil ravishda oʻtkazish huquqini berish, davlat sud ekspertlari qoʻshimcha sud ekspertizasi mutaxassisliklari (turlari) boʻyicha davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan oʻtganligi masalasini koʻrib chiqadi.
Ushbu moddaning beshinchi qismida nazarda tutilganlaridan tashqari bevosita sud ekspertizasi tayinlashga vakolatli boʻlgan organlarning, xodim faoliyat yuritayotgan muassasaning hamda jismoniy va yuridik shaxslarning quyidagi mazmundagi xususiy ajrimi, taqdimnomasi, bildirgi va murojaatlari ham Malaka komissiyasi tomonidan koʻrib chiqiladi:
sud ekspertizasini oʻtkazish jarayonida sud eksperti tomonidan mustaqil ravishda tadqiqot obyektlari toʻplanganligi (bundan qonunchilikda belgilangan hollar mustasno) toʻgʻrisidagi;
oʻzboshimchalik bilan sud ekspertizasi oʻtkazilganligi haqidagi;
belgilangan tartibni buzgan holda sud ekspertizasini oʻtkazish boshqa shaxsga topshirilganligi toʻgʻrisidagi;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan sud ekspertizasini oʻtkazish muddatlari buzilganligi haqidagi;
tegishli sud ekspertizasi mutaxassisligi (turi) boʻyicha sud ekspertining vakolatlari va malakasi doirasidan chetga chiqadigan masalalar, shu jumladan huquqiy savollar hal etilganligi toʻgʻrisidagi;
davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan taqdim etilgan tadqiqot materiallarini zarur darajada saqlash choralari koʻrilmaganligi, ularning yoʻqotilishiga yoki buzilishiga olib kelinganligi, shu jumladan ish materiallarini saqlash tartibi buzilganligi haqidagi;
sud ekspertining kasb etikasi qoidalariga rioya qilinmaganligi toʻgʻrisidagi.
Malaka komissiyasiga kiritilgan masalaning oʻz isbotini topishi xodimning qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda intizomiy javobgarlikka tortilishiga sabab boʻladi.
Malaka komissiyasi davlat sud eksperti tomonidan sud ekspertizalarini oʻtkazish tartibi qoʻpol ravishda buzilganligi aniqlangan taqdirda uning sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi guvohnomasini bekor qilish masalasini koʻrib chiqishi mumkin.
Davlat sud ekspertiga berilgan sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi guvohnoma bekor qilingan taqdirda, sud eksperti tomonidan sud ekspertizasining ushbu mutaxassisligi (turi) boʻyicha sud-ekspertizalarini oʻtkazish taqiqlanadi.
Xususiy ajrimda, taqdimnomada, bildirgida yoki murojaatda koʻrsatilgan masalalar Malaka komissiyasi tomonidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijasida oʻz isbotini topgan taqdirda, ushbu holat sud ekspertining xulosasiga (xulosaga) baho berilishi masalasini keltirib chiqarmaydi. Bunda sud ekspertizasi tayinlagan organ (shaxs) tegishli ravishda bu haqda xabardor qilinadi.
Malaka komissiyasi qarori ustidan davlat sud-ekspertiza muassasasining yuqori turuvchi organiga yoki sudga murojaat qilinishi mumkin.
Malaka komissiyasini tashkil etish va uning faoliyat yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
22-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Ekspert-malaka komissiyasi
Nodavlat sud eksperti malakasini olishga talabgor boʻlgan shaxslarning professional darajasini aniqlash hamda ularga sud eksperti malakasini berish boʻyicha qaror qabul qilish, shuningdek ularni davriy attestatsiyadan oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining taqdimnomalarini koʻrib chiqish hamda sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi sertifikatning amal qilishini toʻxtatib turish va bekor qilish bilan bogʻliq ishlarni koʻrib chiqish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzurida Ekspert-malaka komissiyasi (bundan buyon matnda Ekspert-malaka komissiyasi deb yuritiladi) tashkil etiladi.
Ekspert-malaka komissiyasining tarkibi sud-ekspertlik tuzilmalarining tajribali sud ekspertlaridan, olimlardan hamda jamoat tashkilotlarining, tegishli vazirliklar va idoralarning vakillaridan iborat tarkibda shakllantiriladi. Bunda har bir tashkilot hamda muassasadan bir nafardan ortiq aʼzoning ishtirok etishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ekspert-malaka komissiyasining tarkibi Oʻzbekiston Respublikasi adliya vaziri tomonidan tasdiqlanadi.
Ekspert-malaka komissiyasi raisining davlat sud-ekspertiza muassasasi vakillari orasidan tayinlanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Ekspert-malaka komissiyasi:
malaka imtihonlarini oʻtkazadi va ularning natijalarini tasdiqlaydi;
sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi sertifikat berish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi;
nodavlat sud ekspertlarining attestatsiyadan oʻtkazilishini tashkil etadi;
Sud ekspertlarining davlat reyestriga kiritish toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqadi;
jismoniy va yuridik shaxslarning nodavlat sud ekspertlari faoliyati yuzasidan kelib tushgan murojaatlarini koʻrib chiqadi;
nodavlat sud ekspertlarining qonunga xilof harakatlari bilan bogʻliq holatlarni koʻrib chiqadi;
nodavlat sud ekspertining sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi sertifikatining amal qilishini toʻxtatib turish haqida yoki bekor qilish toʻgʻrisida qaror qabul qiladi.
Ekspert-malaka komissiyasining malaka imtihonlarini oʻtkazish boʻyicha yigʻilishlari rasmiy veb-saytlarda real vaqt rejimida namoyish etiladi.
Ekspert-malaka komissiyasining nodavlat sud ekspertlarining qonuniy faoliyatiga toʻsqinlik qilishi yoki aralashishi taqiqlanadi.
Nodavlat sud ekspertlarining sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi sertifikatini berish, uning amal qilishini toʻxtatib turish yoki bekor qilish hamda Ekspert-malaka komissiyasini tashkil etish va uning faoliyat yuritish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
4-bob. Sud-ekspertlik tuzilmalarining yoki boshqa tashkilot rahbarining hamda sud ekspertining huquq va majburiyatlari
23-modda. Sud-ekspertlik tuzilmalarining yoki boshqa tashkilot rahbarining sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi huquqlari
Sud-ekspertlik tuzilmalari yoki boshqa tashkilot rahbari quyidagi huquqlarga ega:
agar mazkur tashkilotda tadqiqotlar oʻtkazish uchun tegishli mutaxassislar yoki zarur moddiy-texnika bazasi yoxud maxsus shart-sharoitlar mavjud boʻlmasa, sud ekspertizasini oʻtkazish uchun taqdim etilgan tadqiqot obyektlarini va ish materiallarini sud ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi qaror yoki ajrim ijrosini taʼminlamasdan uch ish kuni ichida qaytarish;
sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) sud ekspertlari komissiyasi tarkibiga mazkur tashkilotda ishlamaydigan shaxslarni, shu jumladan boshqa davlatlardan mutaxassislarni, agar sud ekspertizasini oʻtkazish uchun ularning maxsus bilimlari zarur boʻlsa, kiritish toʻgʻrisida iltimos qilish;
oʻzi rahbarlik qilayotgan tashkilotda tadqiqotlarning toʻliqligini taʼminlash maqsadida komissiyaviy, kompleks sud ekspertizasi oʻtkazilishini tashkil etish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq oʻtkazilishi mumkin boʻlgan sud ekspertizasi turlari boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazish haqida shartnoma tuzish, bundan boshqa tashkilot rahbari mustasno;
qoʻyilgan masalalarni hal etish uchun zarur boʻlgan tadqiqotlarni oʻtkazishda oʻz mutaxassislari, kuchlari va vositalari bilan koʻmaklashishi lozim boʻlgan tashkilotlarga sud ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi qarorning yoki ajrimning koʻchirma nusxasini yuborish;
jinoyat ishi (shu jumladan tergovga qadar tekshiruv) doirasida sud-ekspertiza muassasalarida (tashkilotlarida) sud ekspertizasi oʻtkazish uchun sarflangan mablagʻlarni hamda ashyoviy dalillarni saqlash va joʻnatish bilan bogʻliq xarajatlarni aniqlash hamda sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda ushbu xarajatlarning oʻrni qoplanishi yuzasidan iltimosnoma kiritish;
tadqiqot obyektlari sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan qaytarib olinmagan taqdirda, ularni qonunchilikda belgilangan muddat mobaynida ushbu tashkilotda saqlash;
yuqori xavf tugʻdirishi mumkin boʻlgan obyektlarning mazkur tashkilotga kelib tushishi natijasidagi zararli oqibatlarni (portlash, yongʻin va shu kabilarni) bartaraf etish bilan bogʻliq xarajatlarning oʻrnini qoplashni, agar sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) ushbu obyektlar bilan muomalada boʻlishning oʻziga maʼlum boʻlgan maxsus qoidalari toʻgʻrisida rahbarga xabar bermagan boʻlsa yoki ushbu obyektlar lozim darajada oʻralmagan boʻlsa, talab qilish.
Sud-ekspertlik tuzilmalari yoki boshqa tashkilot rahbari qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
24-modda. Sud-ekspertlik tuzilmalarining yoki boshqa tashkilot rahbarining sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi majburiyatlari
Sud-ekspertlik tuzilmalari yoki boshqa tashkilot rahbari:
sud ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi qaror, ajrim, advokatlik soʻrovi yoki ekspert fikrini berish toʻgʻrisida murojaat olinganidan keyin tadqiqotlar oʻtkazishni mazkur tashkilotning qoʻyilgan savollarga javob berish uchun talab qilinadigan koʻlamda maxsus bilimlarga ega boʻlgan xodimlari jumlasiga kiradigan sud ekspertiga yoki sud ekspertlari komissiyasiga topshirishi;
tadqiqotlar hamda ularning natijalari oshkor etilmasligi uchun zarur tashkiliy va texnik shart-sharoitlar yaratishi;
sud ekspertiga yoki sud ekspertlari komissiyasining har bir aʼzosiga sud ekspertining huquqlari va majburiyatlarini tushuntirishi (davlat sud-ekspertiza muassasalarining xodimlariga bunday tushuntirish ishga qabul qilish chogʻida beriladi);
sud ekspertini bila turib yolgʻon xulosa berganligi, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv yoki dastlabki tergov maʼlumotlarini va yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining yoxud prokurorning, sudning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan boʻyin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirishi, undan tegishli tilxat olishi va mazkur tilxatni sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) xulosa bilan birga yuborishi;
oʻtkazilayotgan tadqiqotlarning toʻliqligi va sifati ustidan nazoratni sud ekspertining mustaqilligi prinsipini buzmagan holda taʼminlashi;
sud ekspertizasini oʻtkazish muddatini qonunchilikda belgilangan tartibda aniqlashi va unga rioya etilishini nazorat qilishi;
sud ekspertiga tadqiqotlarni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan sharoitlarni taʼminlashi;
tadqiqot tugaganidan soʻng xulosani, tadqiqot obyektlarini, agar ular toʻla ishlatilgan boʻlmasa, ish materiallarini sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yuborishi shart.
Sud-ekspertlik tuzilmalarining yoki boshqa tashkilot rahbarining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Sud-ekspertlik tuzilmalari yoki boshqa tashkilot rahbari:
sud ekspertizasini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha tadqiqot obyektlarini sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) qarori yoki ajrimisiz talab qilib olishga;
mazkur tashkilotda ishlamaydigan shaxslarni sud ekspertizasini oʻtkazish uchun mustaqil ravishda jalb etishga;
sud ekspertiga muayyan sud ekspertizasi yuzasidan tadqiqotlar oʻtkazish jarayonini va fikrlar mazmunini oldindan belgilab qoʻyadigan koʻrsatmalar berishga haqli emas.
25-modda. Sud ekspertining huquqlari
Sud eksperti quyidagi huquqlarga ega:
qonunchilikda belgilangan tartibda sud ekspertizasi predmetiga oid ish materiallari bilan tanishish, ulardan zarur maʼlumotlarni yozib olish yoki koʻchirma nusxalar olish;
sud ekspertizasini oʻtkazish uchun zarur boʻlgan qoʻshimcha materiallar va tadqiqot obyektlari taqdim etilishi haqida iltimosnomalar berish;
agar tadqiqotlar oʻtkazish va xulosa berish uchun zarur boʻlsa, tegishli sud-ekspertiza tashkiloti (muassasasi) rahbariga sud ekspertizasini oʻtkazishga boshqa ekspertlar va mutaxassislarni jalb etish haqida iltimosnoma kiritish;
tergov harakatlari oʻtkazilayotganda surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning ruxsati bilan hozir boʻlish va shu tergov harakatlarida ishtirok etuvchi shaxslarga sud ekspertizasining predmetiga oid savollar berish;
sud muhokamasida sud ekspertizasi predmetiga oid dalillarni tekshirishda ishtirok etish va soʻroq qilinayotgan shaxslarga sudning ruxsati bilan savollar berish;
ashyoviy, yozma, raqamli dalillar va hujjatlarni koʻzdan kechirish;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari asosida shartnomaga muvofiq tadqiqotlar oʻtkazish;
koʻzdan kechirish natijalari yuzasidan ekspertiza tayinlagan tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov yoki sud organlaridan tadqiqotlar uchun ahamiyatli boʻlgan bayonnomalarni soʻrab olish;
sud ekspertizasini oʻtkazish jarayonida zaruratga qarab oʻz xavfsizligi taʼminlanishini himoya qilishni taʼminlovchi davlat organlaridan talab qilish;
oʻz xulosasida nafaqat oʻzining oldiga qoʻyilgan savollar boʻyicha, balki sud ekspertizasining predmetiga oid va ish uchun ahamiyatga molik boshqa masalalar boʻyicha ham fikrlarini bayon etish;
oʻzining xulosasi yoki koʻrsatuvlari protsess ishtirokchilari tomonidan notoʻgʻri talqin qilinganligi xususida tergov harakati yoki sud majlisi bayonnomasiga kiritilishi lozim boʻlgan bayonotlar berish;
agar ish yuritilayotgan tilni bilmasa yoki yetarlicha bilmasa, oʻz ona tilida xulosa taqdim etish va koʻrsatuvlar berish hamda bunday holda tarjimon xizmatidan foydalanish;
agar uning huquq va erkinliklarini ishni yuritayotgan organning qarorlari, shaxsning harakatlari (harakatsizligi) buzayotgan boʻlsa, bu qarorlar, harakatlar (harakatsizlik) ustidan qonunchilikda belgilangan tartibda shikoyat qilish.
Sud eksperti qonunchilikka muvofiq boshqa huquqlarga ham ega boʻlishi mumkin.
26-modda. Sud ekspertining majburiyatlari
Sud eksperti:
sud eksperti sifatida oʻzini oʻzi rad etishi uchun qonunda nazarda tutilgan asoslar mavjud boʻlgan taqdirda, bu haqda sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yoki sud-ekspertlik tuzilmasining yoxud boshqa tashkilotning rahbariga darhol maʼlum qilishi;
oʻziga taqdim etilgan tadqiqot obyektlarini har tomonlama va toʻliq tekshirishdan oʻtkazishi, oʻz oldiga qoʻyilgan savollar yuzasidan asosli va xolisona xulosa berishi;
surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudning chaqiruviga binoan surishtiruvda, dastlabki tergovda yoki sud majlisida shaxsan ishtirok etish uchun kelishi yoxud videokonferensaloqa rejimida ishtirok etishi;
oʻzi oʻtkazgan sud ekspertizasi xususida koʻrsatuvlar berishi va oʻzi bergan xulosani tushuntirish uchun qoʻshimcha savollarga javob berishi;
sud ekspertizasini oʻtkazishi munosabati bilan oʻziga maʼlum boʻlib qolgan maʼlumotlarni oshkor qilmasligi;
taqdim etilgan tadqiqot obyektlarining va ish materiallarining saqlanishini taʼminlashi;
tadqiqotlar oʻtkazishda sud ekspertining xulosasiga nisbatan belgilangan talablarga, shuningdek tegishli sohadagi qonunchilik hujjatlariga rioya etishi;
sud ekspertining kasb etikasi qoidalariga rioya etishi;
ish tergov qilinayotganda va sud muhokamasi vaqtida tartibga rioya etishi shart.
Sud ekspertining zimmasida qonunchilikka muvofiq boshqa majburiyatlar ham boʻlishi mumkin.
Sud eksperti:
sud ekspertizasini oʻtkazish bilan bogʻliq boʻlgan, ishning natijasidan oʻzining manfaatdor emasligini shubha ostiga qoʻyadigan masalalar yuzasidan protsess ishtirokchilari bilan shaxsiy aloqaga kirishishga;
sud ekspertizasini oʻtkazish uchun mustaqil ravishda materiallar toʻplashga;
qonunchilik hujjatlarida belgilangan hollardan tashqari tadqiqot obyektlarini sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) roziligisiz yoʻq qilishga, sarflashga, ularga shikast yetkazishga (buzishga) yoxud ularning xususiyatlariga sezilarli darajada oʻzgartirish kiritishga;
sud ekspertizasi natijalarini sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) tashqari biron-bir shaxsga xabar qilishga haqli emas.
Davlat sud eksperti, shuningdek:
agar qonunchilikda boshqacha qoida belgilanmagan boʻlsa, davlat sud-ekspertiza muassasasi rahbaridan tashqari bevosita boshqa biron-bir organdan (shaxsdan) sud ekspertizasini oʻtkazish toʻgʻrisidagi topshiriqlarni qabul qilishga;
nodavlat sud eksperti, boshqa tashkilot xodimi yoki boshqa jismoniy shaxs sifatida sud ekspertizasini oʻtkazishga haqli emas.
27-modda. Sud ekspertining ish materiallari yuzasidan sud ekspertizasini oʻtkazishiga doir cheklovlar
Ish materiallari yuzasidan sud eksperti tomonidan sud ekspertizasini oʻtkazish quyidagi hollarda taqiqlanadi:
ish materiallari boʻyicha manfaatdor taraflar bilan yaqin qarindosh boʻlganda;
ish materiallari boʻyicha manfaatdor taraflar sud-ekspertlik tuzilmalarining rahbarlari va ularning yaqin qarindoshlari, shuningdek aynan ushbu ish materiali bilan bevosita ishlaydigan tarkibiy boʻlinma boshliqlari boʻlganda, bundan tadqiqotlar oʻtkazuvchi yagona tashkilot boʻlgan hollar mustasno;
ish materiallari boʻyicha manfaatdor taraflardan biri nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining mulkdori, muassisi, kuzatuv kengashining, ijro organining aʼzosi, kreditori, sugʻurtalovchisi hamda ularning yaqin qarindoshlari boʻlganda;
ustav fondida (ustav kapitalida) nodavlat sud-ekspertiza tashkilotining yoki sud ekspertining ulushi mavjud boʻlgan yuridik shaxs xulosadan manfaatdor boʻlganda;
sud eksperti tomonidan manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyilishi mumkinligini bilgan hollarda.
Sud eksperti yuqorida qayd etilgan hollarda ish materiallari yuzasidan sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yoki tashkilot rahbariga xabar berishi lozim.
Mazkur moddada nazarda tutilgan talablarga rioya etmaslik qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda javobgarlikka sabab boʻladi.
5-bob. Sud-ekspertlik faoliyati sohasini tartibga solish
28-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi:
sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi davlat dasturlarini tasdiqlaydi va ularning amalga oshirilishini taʼminlaydi;
sud-ekspertiza tadqiqotlarini oʻtkazishning namunaviy tartibini belgilaydi;
jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq oʻtkazilishi mumkin boʻlgan sud ekspertizasi turlari roʻyxatini tasdiqlaydi;
Malaka komissiyasi hamda Ekspert-malaka komissiyasini tashkil etish va ularning faoliyat yuritish tartibini belgilaydi;
sud ekspertlarini qayta tayyorlash, ularning malakasini va huquqiy bilimlarini oshirish, davlat sud eksperti sifatida attestatsiyadan oʻtkazish tartibini belgilaydi;
nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari va sud-ekspertlik byurolari faoliyatini tashkil etish tartibini belgilaydi;
nodavlat sud ekspertlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini ishlab chiqadi va tasdiqlaydi;
nodavlat sud ekspertlarining sud ekspertizasini oʻtkazish huquqini beruvchi sertifikatni berish, uning amal qilishini toʻxtatib turish yoki bekor qilish tartibini belgilaydi.
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
29-modda. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi vakolatlari
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Oʻzbekiston Respublikasida sud-ekspertlik faoliyatini muvofiqlashtiradi;
sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi tadqiqotlarni va ilmiy-uslubiy ishlarni tashkil etishga koʻmaklashadi;
sud-ekspertlik faoliyatini yanada rivojlantirishning ustuvor yoʻnalishlarini ishlab chiqadi;
nodavlat sud-ekspertiza tashkilotlari va sud-ekspertlik byurolari tomonidan oʻtkaziladigan har bir sud-ekspertiza turlari boʻyicha ularni moddiy-texnika bazasi bilan jihozlashga nisbatan qoʻyiladigan minimal talablarni tasdiqlaydi;
sud ekspertlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasidagi ishlarni muvofiqlashtiradi;
Sud-ekspertlik tuzilmalarining davlat reyestrini, Sud ekspertlarining davlat reyestrini, shuningdek Sud-ekspertiza tadqiqotlari uslubiyotlarining davlat reyestrini yuritish tartibini belgilaydi;
Ekspert-malaka komissiyasi faoliyatini tashkil etadi;
sud-ekspertiza tadqiqotlarining usullari va uslubiyotlarini validatsiyadan oʻtkazish qoidalarini tasdiqlaydi;
sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi tizimli muammolarni hal etishga doir ilmiy asoslangan takliflar ishlab chiqadi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qonunchilikka muvofiq boshqa vakolatlarni ham amalga oshirishi mumkin.
30-modda. Oʻzbekiston sud ekspertlari palatasi
Oʻzbekiston sud ekspertlari palatasi (bundan buyon matnda Palata deb yuritiladi) sud ekspertlarining aʼzoligiga asoslangan nodavlat notijorat tashkilotdir.
Sud ekspertlarining Palataga aʼzoligi ixtiyoriydir.
Palata Qoraqalpogʻiston Respublikasida, viloyatlarda va Toshkent shahrida oʻz hududiy tuzilmalarini tashkil etish huquqiga ega.
Sud ekspertlari Palataning majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi, Palata esa sud ekspertlarining majburiyatlari boʻyicha javob bermaydi.
Palataning oʻz vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari uning aʼzolari uchun majburiydir.
Palata faoliyati Palata konferensiyasi tomonidan miqdori belgilanadigan aʼzolik badallari hamda qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa mablagʻlar hisobidan moliyalashtiriladi.
Palata:
oʻz aʼzolarining faoliyatini muvofiqlashtirib boradi;
sud ekspertlarining roli mustahkamlanishini, nufuzi oshirilishini, kasbiy tayyorgarligi va malakasi oshirilishini tashkil etadi;
nodavlat sud ekspertlari faoliyati toʻgʻrisidagi statistik maʼlumotlarni toʻplaydi va oʻrganadi, ularga tashkiliy-huquqiy jihatdan yordam koʻrsatadi hamda ijobiy ish tajribasini targʻib qiladi;
sohaga oid uslubiy qoʻllanmalar bilan taʼminlashga koʻmaklashadi;
aholining sud ekspertizasiga oid bilimlarini oshirishga qaratilgan targʻibot tadbirlarini amalga oshiradi;
oʻz aʼzolarining qonuniy manfaatlarini davlat organlari, boshqa tashkilotlar bilan munosabatlarda, sudda va boshqa hollarda ifodalaydi hamda himoya qiladi;
tegishli davlat organlari, nodavlat notijorat tashkilotlari va boshqa tashkilotlar bilan sud-ekspertlik faoliyati masalalari boʻyicha hamkorlik qiladi.
Palata oʻz aʼzolari boʻlgan nodavlat sud ekspertlarining tegishli qonunchilik hujjatlariga, sud ekspertining kasb etikasi qoidalariga rioya etishini oʻrganib borishi hamda nodavlat sud ekspertining kasbiga loyiqligi masalasini koʻrib chiqish haqida Ekspert malaka komissiyasiga takliflar kiritishi mumkin.
31-modda. Palataning organlari va mansabdor shaxslari
Palataning konferensiyasi Palataning yuqori organi boʻlib, u zaruratga qarab, biroq besh yilda kamida bir marta chaqiriladi.
Palata boshqaruvi Palataning ustaviga muvofiq nodavlat sud ekspertlari orasidan saylanadigan ijro etuvchi organ boʻlib, u Palataning faoliyatiga joriy rahbarlikni amalga oshiradi.
Palataning taftish komissiyasi moliyaviy nazorat organi boʻlib, u Palata ustaviga muvofiq shakllantiriladi.
Palata raisi Palata konferensiyasi tomonidan besh yil muddatga saylanadi. Ayni bir shaxs ketma-ket ikki muddatdan ortiq Palata raisi boʻlishi mumkin emas.
Palata raisini lavozimidan muddatidan oldin chaqirib olish Palataning ustavida belgilangan hollarda Palata konferensiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
6-bob. Sud ekspertizasini oʻtkazish
32-modda. Sud ekspertizasini oʻtkazish asoslari va muddatlari
Tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning yoki sudyaning qarori, sudning ajrimi sud ekspertizasini oʻtkazish asoslaridir. Fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sud ishlarini yuritishda ishni sud muhokamasiga tayyorlash chogʻida va sud muhokamasi jarayonida, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishda advokatning soʻroviga koʻra shartnoma asosida tadqiqotlar oʻtkazilishi mumkin.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tadqiqotlarni oʻtkazish va xulosa berish uchun sud ekspertiga zarur tadqiqot obyektlarini hamda ish materiallarini taqdim etadi. Taqdim etilgan tadqiqot obyektlarining, taqqoslovchi materiallarning, maʼlumotlarning ishonchliligi hamda tegishli tartibda rasmiylashtirilgan holda taqdim etilishi uchun sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) javobgar boʻladi.
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tadqiqot uchun namunalar oladi va ularni protsessual qonunchilikda belgilangan tartibda ishga qoʻshib qoʻyadi. Zarur hollarda, bunday namunalarni olish sud ekspertizasini oʻtkazish oʻziga topshirilgan sud eksperti yoki mutaxassis ishtirokida amalga oshiriladi.
Agar tadqiqot uchun namunalar olish tadqiqotlarning bir qismi hisoblansa va sud ekspertizasiga taqdim etilgan tadqiqot obyektlaridan foydalanilgan holda sud eksperti tomonidan oʻtkazilsa, sud ekspertizasi tugallanganidan keyin mazkur namunalar uni tayinlagan organga (shaxsga) yuboriladi yoxud qonunchilik hujjatlarida belgilangan tartibda sud-ekspertlik tuzilmalari yoki boshqa tashkilot faoliyat koʻrsatayotgan joyda, agar sud ekspertizasi ushbu muassasada yoki tashkilotda oʻtkazilgan boʻlsa, saqlanadi hamda belgilangan tartibda yoʻq qilinadi.
Sud ekspertizasini oʻtkazish muddatlari oʻttiz kalendar kundan iboratdir. Ushbu muddatga mazkur Qonunning 33-moddasiga muvofiq sud ekspertizasini oʻtkazish toʻxtatib turilgan vaqt kirmaydi.
Sud ekspertizasini oʻttiz kalendar kun mobaynida oʻtkazish imkoni boʻlmagan taqdirda, sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) muddat tugashiga uch ish kuni qolguniga qadar bu haqda yozma yoki elektron shaklda xabar qilinadi va u mazkur organ (shaxs) bilan kelishilgan muddatgacha uzaytirilishi mumkin.
Advokatning soʻroviga muvofiq tadqiqotlar oʻtkazish muddatlari sud-ekspertlik tuzilmalari bilan tuzilgan shartnomalarga asosan belgilanadi.
Agar sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) bilan kelishilgan holda sud ekspertizasini oʻtkazish uchun qoʻshimcha muddat belgilash imkoni boʻlmasa, sud ekspertizasi oʻtkazilmasligining sabablari koʻrsatilgan holda, materiallar sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) qaytariladi.
Sud ekspertizasini oʻtkazish muddati materiallar sud-ekspertlik tuzilmalariga yoki boshqa tashkilotga kelib tushgan kundan keyingi ish kunidan eʼtiboran hisoblanadi va bu muddat xulosa sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yuborilgan kunda tugaydi.
33-modda. Sud ekspertizasi oʻtkazishni toʻxtatib turish asoslari va muddatlari
Sud eksperti tomonidan sud ekspertizasini oʻtkazish muddatlari quyidagi davrlarga toʻxtatib turiladi:
sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan taqdim etilgan ish materiallaridagi kamchiliklar va nuqsonlarni bartaraf etish toʻgʻrisida sud ekspertining iltimosnomasini koʻrib chiqish davriga;
sud ekspertizasini oʻtkazishni oʻttiz kalendar kun ichida bajarish imkoni boʻlmagan taqdirda, uni oʻtkazish muddatlarini kelishib olish toʻgʻrisida yuborilgan xabarni koʻrib chiqish davriga;
sud ekspertining xizmat safarida boʻlishi, vaqtinchalik mehnatga layoqatsizligi yoki mehnat taʼtilida boʻlishi davriga, bundan sud ekspertizasini bajarishni boshqa sud ekspertiga topshirish mumkin boʻlgan hollar mustasno.
Ushbu moddaning birinchi qismida nazarda tutilmagan boshqa asoslar boʻyicha sud ekspertizasini oʻtkazish muddatlarini toʻxtatib turishga yoʻl qoʻyilmaydi.
34-modda. Qoʻshimcha va qayta sud ekspertizalari
Qoʻshimcha sud ekspertizasi xulosadagi boʻshliqlarning oʻrnini toʻldirish uchun tayinlanadi va shu yoki boshqa sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) tomonidan oʻtkaziladi.
Xulosa asoslantirilmaganda yoki uning toʻgʻriligiga shubha tugʻilganda yoxud unga asos qilib olingan dalillar ishonchli emas deb topilganda yoki sud ekspertizasini oʻtkazishning protsessual qoidalari jiddiy buzilganda, qayta sud ekspertizasi tayinlanadi. Bunda qayta sud ekspertizasi birinchi (oldingi) sud ekspertizasi xulosasi berilgan obyektlarga nisbatan avval qoʻyilgan savollar yuzasidan tayinlanishi shart.
Qayta sud ekspertizasi tayinlanganda sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) oldiga ilgari qoʻllanilgan tadqiqot usullarining ilmiy asoslantirilganligi toʻgʻrisidagi masala qoʻyilishi mumkin.
Qayta sud ekspertizasini tayinlash toʻgʻrisidagi qarorda yoki ajrimda qayta sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) birinchi (oldingi) sud ekspertizasi xulosasiga qoʻshilmaganligi sabablari koʻrsatilishi lozim.
Qayta sud ekspertizasini oʻtkazish boshqa sud ekspertiga (sud ekspertlari komissiyasiga) topshiriladi. Birinchi (oldingi) sud ekspertizasini oʻtkazgan sud eksperti (sud ekspertlari komissiyasi) qayta sud ekspertizasini oʻtkazishda hozir boʻlishi va tushuntirishlar berishi mumkin, lekin u tadqiqot oʻtkazish va xulosa tuzishda ishtirok etmaydi.
Qayta sud ekspertizasi muayyan sud ekspertizasi mutaxassisligi (turi) boʻyicha, qoida tariqasida, kamida uch yil ish stajiga ega boʻlgan sud ekspertlari tomonidan oʻtkaziladi.
Agar bir vaqtning oʻzida ham qoʻshimcha ham qayta sud ekspertizasini tayinlash uchun asoslar yuzaga kelsa, qayta va qoʻshimcha ekspertizalar alohida-alohida tayinlanadi.
35-modda. Sud ekspertizasining sud ekspertlari komissiyasi tomonidan oʻtkazilishi
Sud ekspertizasi bir xil (komissiyaviy sud ekspertizasi) yoki turli xil (kompleks sud ekspertizasi) sud-ekspert ixtisosligidagi bir necha sud eksperti tomonidan oʻtkazilishi mumkin.
Sud ekspertizasining sud ekspertlari komissiyasi tomonidan oʻtkazilishi sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) yoki mazkur sud ekspertizasining oʻtkazilishini tashkil etuvchi sud-ekspertlik tuzilmalari yoxud boshqa tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi.
Sud ekspertizasini oʻtkazish topshirilgan sud ekspertlari komissiyasi oʻtkaziladigan tadqiqotlarning maqsadi, ketma-ketligi va hajmini oʻz oldiga qoʻyilgan masalalarni hal etishi zaruriyatidan kelib chiqqan holda kelishib oladi.
Sud ekspertizasini oʻtkazish topshirilgan sud ekspertlari komissiyasi tarkibidagi har bir sud eksperti tadqiqotlarni mustaqil va alohida oʻtkazadi, shaxsan oʻzi va sud ekspertlari komissiyasining boshqa aʼzolari tomonidan olingan natijalarni baholaydi hamda qoʻyilgan savollar yuzasidan oʻz maxsus bilimlari doirasida fikrlarini shakllantiradi.
Tadqiqotlarning sud ekspertlari komissiyasi tarkibiga kiritilmagan shaxslar tomonidan toʻliq yoki qisman oʻtkazilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
36-modda. Komissiyaviy sud ekspertizasi
Komissiyaviy sud ekspertizasi oʻtkazilayotganda sud ekspertlarining har biri tadqiqotlarni toʻliq hajmda oʻtkazadi va olingan natijalar ular tomonidan birgalikda tahlil qilinadi.
Sud ekspertlari umumiy fikrga kelganidan keyin birgalikdagi xulosani yoki xulosa berishning iloji yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomani tuzadi va imzolaydi.
Sud ekspertlari oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar boʻyicha alohida xulosa beradi.
37-modda. Kompleks sud ekspertizasi
Kompleks sud ekspertizasi ish uchun ahamiyatga molik holatlarni turli ilm sohalaridan foydalangan holda, bir necha tadqiqot oʻtkazish yoʻli bilangina aniqlash mumkin boʻlgan hollarda tayinlanadi hamda bir yoki bir nechta sud eksperti tomonidan oʻtkaziladi.
Agar kompleks sud ekspertizasini oʻtkazishda bir nechta sud eksperti ishtirok etgan boʻlsa, sud ekspertlarining har biri oʻz vakolatlari doirasida tadqiqotlar oʻtkazadi. Kompleks sud ekspertizasining xulosasida sud ekspertlarining har biri qaysi tadqiqotlarni va qancha hajmda oʻtkazganligi, qaysi holatlarni shaxsan oʻzi aniqlaganligi hamda qanday fikrlarga kelganligi koʻrsatiladi. Sud ekspertlarining har biri xulosaning ushbu tadqiqotlar bayon etilgan qismini imzolaydi va ular uchun javobgar boʻladi.
Umumiy fikrni (fikrlarni), olingan natijalarni baholash va ushbu fikrni (fikrlarni) shakllantirish bunga vakolatli boʻlgan sud ekspertlari tomonidan amalga oshiriladi. Agar sud ekspertlari komissiyasi yakuniy fikrining yoki uning bir qismining asosi sifatida sud ekspertlaridan birining (alohida sud ekspertlarining) aniqlagan holatlari olingan boʻlsa, bu haqda xulosada koʻrsatilishi kerak.
Sud ekspertlari oʻrtasida kelishmovchiliklar kelib chiqqan taqdirda, ularning har biri kelishmovchiliklar kelib chiqqan barcha yoki ayrim masalalar boʻyicha alohida xulosa beradi.
Agar kompleks sud ekspertizasini oʻtkazish sud-ekspertlik tuzilmalariga yoki boshqa tashkilotga topshirilgan boʻlsa, ushbu sud ekspertizasini tashkil etish uning rahbari zimmasiga yuklatiladi.
Sud ekspertizasini oʻtkazish bir necha sud-ekspertlik tuzilmasining yoki boshqa tashkilotlarning zimmasiga yuklatilgan boʻlsa, sud ekspertizasini tayinlovchi organ (shaxs) qarorda (ajrimda) muvofiqlashtiruvchi ijrochini belgilaydi.
38-modda. Sud ekspertizasi oʻtkazilayotganda protsess ishtirokchilarining hozir boʻlishi
Sud ekspertizasi oʻtkazilayotganda protsessual qonunchilikda protsessning qaysi ishtirokchilariga sud ekspertizasini oʻtkazishda hozir boʻlish huquqi berilgan boʻlsa, oʻsha ishtirokchilar sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) ruxsati bilan hozir boʻlishi mumkin.
Sud ekspertizasi oʻtkazilayotganda hozir boʻlgan protsess ishtirokchilari tadqiqotlar jarayoniga aralashishga haqli emas, lekin ular sud ekspertidan u qoʻllagan tadqiqot usullarining va olingan natijalarning mohiyatini tushuntirib berishni talab qilishi, sud ekspertiga tushuntirishlar berishi mumkin.
Sud eksperti tomonidan xulosa tuzilayotganda, shuningdek agar sud ekspertizasi sud ekspertlari komissiyasi tomonidan oʻtkazilayotgan boʻlsa, sud ekspertlarining maslahatlashuvi va fikrlarni shakllantirish bosqichida protsess ishtirokchilarining hozir boʻlishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Agar sud ekspertizasi oʻtkazilayotganda hozir boʻlgan protsess ishtirokchisi sud ekspertiga xalaqit bersa yoki bosim oʻtkazishga harakat qilsa, u tadqiqotni toʻxtatishga va sud ekspertizasini tayinlagan organdan (shaxsdan) mazkur protsess ishtirokchisining sud ekspertizasi oʻtkazilayotganda hozir boʻlishiga doir ruxsatini bekor qilish haqida iltimos qilishga haqli.
39-modda. Sud ekspertining xulosasi (xulosa)
Sud eksperti yoki sud ekspertlari komissiyasi tadqiqotlarni oʻtkazib boʻlganidan keyin tegishincha sud eksperti yoxud sud ekspertlari komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir sud eksperti imzosi bilan tasdiqlanadigan xulosa tuzadi.
Xulosada:
sud ekspertizasi oʻtkazilgan sana va joy;
sud ekspertizasini oʻtkazish asosi;
sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
sud eksperti (uning familiyasi, ismi, otasining ismi, maʼlumoti, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va sud ekspertizasini oʻtkazish topshirilgan muassasa yoki tashkilot haqidagi maʼlumotlar;
sud eksperti bila turib yolgʻon xulosa berganligi, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv yoki dastlabki tergov maʼlumotlarini tergovga qadar tekshiruvni amalga oshiruvchi organ mansabdor shaxsining, surishtiruvchining, tergovchining yoxud prokurorning, shuningdek yopiq sud majlisi muhokamasi maʼlumotlarini hamda tafsilotlarini sudning ruxsatisiz oshkor qilganligi, shuningdek xulosa berishni rad etganligi yoki bu ishdan boʻyin tovlaganligi uchun jinoiy javobgarlik toʻgʻrisida ogohlantirilganligi;
sud ekspertining oldiga qoʻyilgan savollar;
sud ekspertiga taqdim etilgan tadqiqot obyektlari va ish materiallari;
sud ekspertizasi oʻtkazilayotganda hozir boʻlgan shaxslar haqidagi maʼlumotlar;
qoʻllanilgan usullar koʻrsatilgan holda, tadqiqotlarning mazmuni va natijalari, shuningdek agar sud ekspertlari komissiyasi ishlagan boʻlsa, bu tadqiqotlarning kim tomonidan oʻtkazilganligi;
tadqiqot natijalarining baholanishi, qoʻyilgan savollarga berilgan asosli javoblar;
ish uchun ahamiyatga molik boʻlgan va sud ekspertining tashabbusiga koʻra aniqlangan holatlar koʻrsatilishi lozim.
Xulosada huquqbuzarlik sabablari va uning sodir etilishiga imkon bergan shart-sharoitlar, shuningdek ularni bartaraf etishga doir tashkiliy-texnik tavsiyalar koʻrsatilgan boʻlishi mumkin.
Xulosani va uning natijalarini tasvirlovchi materiallar xulosada aks ettiriladi yoki unga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi boʻlib xizmat qiladi. Tadqiqotning oʻtkazilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar sud-ekspertlik tuzilmalarida yoki boshqa tashkilotda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi. Ular sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) talabiga binoan ishga qoʻshib qoʻyish uchun taqdim etiladi.
Agar taqdim etilgan tadqiqot obyektlarining, materiallarning yoki sud ekspertining maxsus bilimlari yetarli emasligi tadqiqot davomida maʼlum boʻlib qolsa, qoʻyilgan ayrim savollarga javob berishning imkoni yoʻqligi xulosada koʻrsatib oʻtiladi.
Tadqiqot tugaganidan keyin xulosa, tadqiqot obyektlari va ish materiallari sud ekspertizasini tayinlagan organga (shaxsga) yuboriladi.
Sud-ekspertlik tuzilmalarida yoki boshqa tashkilotda saqlanayotgan sud ekspertizasi xulosasining (xulosaning) koʻchirma nusxasi sud ekspertizasini tayinlagan organning (shaxsning) yozma roziligiga asosan uchinchi shaxslarga taqdim etilishi mumkin.
40-modda. Ekspert fikri
Sud-ekspertlik tuzilmalarining sud ekspertlari jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlanadigan roʻyxatga koʻra shartnoma asosida, shuningdek tezkor-qidiruv faoliyati hamda xizmat tekshiruv doirasidagi soʻrovnomalarga muvofiq mavjud sud ekspertizasi turlari boʻyicha tadqiqotlar oʻtkazishi mumkin. Bunda tadqiqot natijalari yuzasidan yozma ravishda ekspert fikri beriladi.
Ekspert yoki ekspertlar komissiyasi tadqiqotlarni oʻtkazib boʻlganidan keyin tegishincha ekspert yoxud ekspertlar komissiyasi tarkibiga kiruvchi har bir ekspert imzosi bilan tasdiqlangan ekspert fikrini rasmiylashtiradi.
Ekspert fikrida:
tadqiqot oʻtkazilgan sana va joy;
tadqiqot oʻtkazishning asosi;
tadqiqot buyurtmachisi (yuridik yoki jismoniy shaxs) toʻgʻrisidagi maʼlumotlar;
ekspert (uning familiyasi, ismi, otasining ismi, maʼlumoti, ixtisosligi, ish staji, ilmiy darajasi, ilmiy unvoni, egallab turgan lavozimi) va tadqiqot oʻtkazish topshirilgan muassasa yoki tashkilot haqidagi maʼlumotlar;
ekspert oldiga hal etish uchun qoʻyilgan savollar;
ekspertga taqdim etilgan tadqiqot obyektlari va hujjatlari;
qoʻllanilgan usullar koʻrsatilgan holda, tadqiqotlarning mazmuni va natijalari, shuningdek agar ekspertlar komissiyasi ishlagan boʻlsa, bu tadqiqotlarning kim tomonidan oʻtkazilganligi;
tadqiqot natijalarining baholanishi, qoʻyilgan savollarga berilgan asosli javoblar.
Tadqiqot natijalarini tasvirlovchi materiallar ekspert fikrida aks ettiriladi yoki unga ilova qilinadi hamda uning tarkibiy qismi boʻlib xizmat qiladi. Tadqiqotlarning oʻtkazilishi, shart-sharoitlari va natijalarini hujjatlashtiradigan materiallar sud-ekspertlik tuzilmalarida yoki boshqa tashkilotda qonunchilikda belgilangan muddatlarda saqlanadi.
Tadqiqot oʻtkazilishi tugaganidan keyin ekspert fikri, tadqiqot obyektlari va hujjatlar tadqiqot buyurtmachisiga (yuridik yoki jismoniy shaxsga) yuboriladi.
Sud-ekspertlik tuzilmasi ekspert fikrini taqdim etishda shartnoma talablarini bajarmaganligi yoki lozim darajada bajarmaganligi uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgar boʻladi.
41-modda. Xulosa yoki ekspert fikrini berishning iloji yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma
Quyidagi hollarda sud eksperti xulosa yoki ekspert fikrini berishning iloji yoʻqligi toʻgʻrisida asoslantirilgan maʼlumotnoma tuzadi hamda ushbu maʼlumotnomani sud ekspertizasini tayinlagan yoki ekspert fikrini berishni soʻrab murojaat qilgan tadqiqot buyurtmachisiga (yuridik yoki jismoniy shaxsga) yuboradi, agar:
sud eksperti qoʻyilgan savollarni oʻzining maxsus bilimlari asosida hal qilishi mumkin boʻlmasa;
taqdim etilgan tadqiqot obyektlari yoxud materiallar toʻliq yaroqsiz boʻlsa yoki xulosa (ekspert fikri) berish uchun yetarli boʻlmasa va ularni toʻldirib boʻlmasa;
tadqiqotlar oʻtkazish va xulosa (ekspert fikri) berish uchun zarur shart-sharoitlar, uslubiy vositalar va asbob-uskunalar mavjud boʻlmasa, shu jumladan sud ekspertining hayoti va sogʻligʻiga kasb faoliyatiga bogʻliq asosli tavakkalchilik chegarasidan ziyod xavf tugʻilsa;
fan va sud-ekspertlik amaliyotining holati qoʻyilgan savollarga javob topish imkonini bermasligiga ishonch hosil qilinsa.
Xulosa yoki ekspert fikrini berishning iloji yoʻqligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomada xulosa yoki ekspert fikrini berishning iloji yoʻqligining sabablari batafsil bayon etiladi va qoʻyilgan har bir savol boʻyicha xulosa yoki ekspert fikrini berishning iloji yoʻqligi koʻrsatiladi.
7-bob. Sud-ekspertlik faoliyatini moliyalashtirish, tashkiliy, ilmiy-uslubiy jihatdan va axborot bilan taʼminlash. Sud ekspertlarini tayyorlash, qayta tayyorlash, ularning malakasini va huquqiy bilimlarini oshirish
42-modda. Sud-ekspertlik faoliyatini moliyalashtirish
Davlat sud-ekspertiza muassasalari faoliyati Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari va qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalar hisobidan moliyalashtiriladi.
Davlat sud-ekspertiza muassasalari, ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlari fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sud ishlari boʻyicha sud ekspertizalarini oʻtkazganligi hamda qonunchilikka koʻra ruxsat etilgan sud ekspertizasi turlari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq oʻtkazilgan tadqiqotlar natijalariga koʻra ekspert fikrlarini berganligi uchun toʻlov undirishga haqli. Bunda sudda daʼvo taqdim etgan hamda daʼvoni qoʻllab-quvvatlayotgan davlat organlari davlat sud-ekspertiza muassasalari tomonidan oʻtkazilgan sud ekspertizalari uchun toʻlovdan ozod etiladi.
Toʻlov miqdori va mazkur mablagʻlarni sarflash tartibi qonunchilik hujjatlariga asosan belgilanadi.
Boshqa tashkilot xodimlari va boshqa jismoniy shaxslar tomonidan sud ekspertizalari oʻtkazilganligi uchun toʻlov sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) tomonidan qonunchilikka muvofiq amalga oshiriladi.
Fuqarolik, iqtisodiy va maʼmuriy sud ishlarini yuritishda ishni sud muhokamasiga tayyorlash va sud muhokamasi jarayonida, shuningdek maʼmuriy huquqbuzarlik toʻgʻrisidagi ishlarni yuritishda advokatning soʻroviga koʻra sud ekspertizasi shartnoma asosida oʻtkazilishi mumkin.
Nodavlat sud-ekspertiza tashkiloti va sud-ekspertlik byurolari oʻtkaziladigan sud ekspertizalari uchun toʻlov miqdorini mustaqil ravishda belgilaydi.
Tadqiqotlar oʻtkazish boʻyicha toʻlovlar amalga oshirilmaganligi ish materiallarini tadqiqotlar oʻtkazmasdan qaytarish uchun asos hisoblanadi.
43-modda. Sud-ekspertlik faoliyatini tashkiliy va ilmiy-uslubiy jihatdan taʼminlash
Davlat sud-ekspertiza muassasalarining faoliyati ular qaysi davlat organlarining tasarrufida boʻlsa, oʻsha davlat organlari tomonidan tashkiliy jihatdan taʼminlanadi.
Sud ekspertizalarini oʻtkazishni ilmiy-uslubiy jihatdan taʼminlash tegishli davlat sud-ekspertiza muassasalarining zimmasiga yuklatiladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi sud-ekspertlik tuzilmalari faoliyatiga ilmiy-uslubiy jihatdan koʻmaklashadi.
44-modda. Sud-ekspertiza tadqiqotlari uslubiyotlarining davlat reyestri
Sud ekspertizasi oʻtkazish uslubiyotlarini tizimlashtirish va hisobga olish, sud ekspertizasi tayinlaydigan organlarni (shaxslarni) va sud ekspertlarini maʼlumotlar bilan taʼminlash maqsadida Sud-ekspertiza tadqiqotlari uslubiyotlarining davlat reyestri yuritiladi.
Sud-ekspertiza tadqiqotlari uslubiyotlarining davlat reyestri ochiq va barcha foydalanishi mumkin boʻlgan davlat axborot resursidir. Unga davlat sirlari va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirlarni tashkil etadigan maʼlumotlarning kiritilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.
Sud ekspertlari sud-ekspertiza tadqiqotlarini oʻtkazishda, qoida tariqasida, Sud-ekspertiza tadqiqotlari uslubiyotlarining davlat reyestriga kiritilgan uslubiyotlardan foydalanadi.
45-modda. Validatsiya
Validatsiya sud ekspertiza tadqiqotlarining usullari va uslubiyotlarini sinovdan oʻtkazish orqali ularning amaliyotda qoʻllanilishi maqsadga muvofiqligini baholashdan iborat.
Sud-ekspertiza tadqiqotlarining usullari va uslubiyotlari sud-ekspertiza tadqiqotlarining usullari va uslubiyotlarini validatsiyadan oʻtkazish qoidalariga muvofiq validatsiyadan oʻtkazilib sud-ekspertlik faoliyatiga tatbiq etilishi mumkin.
Nostandart va yangi ishlab chiqilgan yoxud takomillashtirilgan usullar Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan belgilanadigan qoidalar asosida validatsiyadan oʻtkaziladi.
Sud-ekspertiza tadqiqotlarining usullari va uslubiyotlarini validatsiyadan oʻtkazish qoidalari usullar va uslublarning har bir turi uchun validatsiya tadqiqotlarining umumiy hajmini, umumiy tashkil etilishini, validatsiya tartib-taomillarini, olingan natijalarga statistik ishlov berishni hamda validatsiya hisobotiga doir umumiy talablarni, miqdorga, sifatga, identifikatsiya va tahlil qilishga doir sud-ekspertiza uslublarining validatsiyasi toʻgʻrisidagi xulosalarni ijobiy yoki salbiy deb topish mezonlarini belgilaydi.
Validatsiya quyidagi usullarning birini qoʻllash orqali oʻtkaziladi:
nazorat va standart namunalardan foydalanish;
boshqa uslublar yordamida olingan natijalar bilan taqqoslash;
natijalarga taʼsir qiluvchi omillarni tizimli baholash.
46-modda. Davlat sud-ekspertiza muassasalarining sud-ekspertlik faoliyatini axborot bilan taʼminlash
Korxonalar, muassasalar, tashkilotlar davlat sud-ekspertiza muassasasi rahbarining yozma yoki elektron hujjat shaklidagi soʻroviga koʻra, tadqiqotlarni oʻtkazish uchun zarur boʻlgan axborotni taqdim etishi shart. Bunda davlat sud-ekspertiza muassasalari davlat sirlarini va qonun bilan qoʻriqlanadigan boshqa sirni tashkil etadigan olingan maʼlumotlarning oshkor qilinmasligini taʼminlaydi.
47-modda. Sud ekspertizasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi
Sud ekspertizasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi sud ekspertlari va sud ekspertizasi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni toʻplash, ularga ishlov berish jarayonlarini kompleks avtomatlashtirishga, sud ekspertizasi harakatlarini amalga oshirishga aloqador tashkilotlar bilan axborot hamkorligining barcha turlarini taʼminlashga xizmat qiladi.
Sud ekspertizasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali hujjatlar aylanishi tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Sud ekspertlari tomonidan sud ekspertizasining avtomatlashtirilgan axborot tizimiga maʼlumotlar kiritilishi ish materiallari boʻyicha maʼlumotlarni oshkor etish deb hisoblanmaydi.
Sud ekspertizasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi axborot xavfsizligi talablari asosida himoyalangan boʻlishi shart.
48-modda. Sud ekspertlarini tayyorlash va qayta tayyorlash
Sud ekspertlari Oʻzbekiston Respublikasining oliy taʼlim tashkilotlarida, shuningdek xorijiy oliy taʼlim tashkilotlarida tayyorlanadi.
Sud ekspertlari Oʻzbekiston Respublikasining ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlarida, shuningdek xorijiy ilmiy va oliy taʼlim tashkilotlarida, davlat yoki xorijiy sud-ekspertiza muassasalarida qayta tayyorlanadi.
49-modda. Sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimlarini oshirish
Sud ekspertlari har uch yilda malaka oshirish kurslarida muayyan sud-ekspertlik faoliyati boʻyicha malakasini, shuningdek huquqiy bilimlarini oshirib borishi shart.
Sud ekspertlarining malakasini oshirish alohida dasturlar asosida xalqaro grant mablagʻlari hamda davlat sud-ekspertiza muassasalarining budjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan tashkil etilishi mumkin.
Sud ekspertlarining malakasini va huquqiy bilimlarini oshirish tartibi Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi.
Malakasini va huquqiy bilimlarini oshirayotgan sud ekspertlariga oʻqishning butun davri mobaynida asosiy ish joyi boʻyicha egallab turgan lavozimi va oʻrtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
50-modda. Davlat sud-ekspertiza muassasalarini qoʻriqlash
Davlat sud-ekspertiza muassasalari qonunchilikda belgilangan tartibda qoʻriqlanadi va Oʻzbekiston Respublikasining Davlat budjeti mablagʻlari hisobidan moliyalashtiriladi.
8-bob. Sud-ekspertlik faoliyati sohasidagi xalqaro hamkorlik
51-modda. Xalqaro hamkorlik
Sud-ekspertlik tuzilmalari Oʻzbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq xorijiy davlatlarning sud-ekspertlik faoliyatini amalga oshirish sohasidagi tegishli organlari va muassasalari bilan ilmiy-tadqiqotlar oʻtkazish, ilmiy-uslubiy axborot almashish, sud ekspertlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha hamkorlik qiladi.
Qonunchilik hujjatlarida xorijiy davlatlarning sud-ekspertlik tuzilmalari hamda ularning sud ekspertlari Oʻzbekiston Respublikasida faoliyat koʻrsatishi belgilanishi mumkin.
52-modda. Sud ekspertizasini xorijiy davlatning sud ekspertlarini jalb qilgan holda oʻtkazish
Sud ekspertizasini tayinlagan organ (shaxs) oʻz tashabbusi bilan yoki sud-ekspertlik tuzilmalarining yoxud boshqa tashkilot rahbarining iltimosnomasiga asosan xorijiy davlatning sud ekspertizasi sohasidagi mutaxassislarini sud eksperti sifatida jalb etishga haqli.
Sud ekspertizasini xorijiy davlatning sud ekspertlari ishtirokida oʻtkazish Oʻzbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarida va mazkur Qonunda belgilangan tartibda amalga oshiriladi.
9-bob. Yakunlovchi qoidalar
53-modda. Davlat sud-ekspertiza muassasalari xodimlarining mehnatiga haq toʻlash va ularni ijtimoiy muhofaza qilish
Davlat sud-ekspertiza muassasalari xodimlarining ish haqi mansab maoshi, ustamalar va qonunchilikda belgilangan boshqa qoʻshimcha haqlardan iborat boʻladi.
Ilmiy darajaga ega boʻlgan davlat sud ekspertlariga qonunchilik hujjatlarida belgilangan miqdordagi ustamalar toʻliq toʻlanadi.
Davlat sud ekspertlarining hayoti va sogʻligʻi qonunchilikda belgilangan tartibda davlat tomonidan majburiy sugʻurta qilinadi.
54-modda. Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlik
Sud-ekspertlik faoliyati toʻgʻrisidagi qonunchilikni buzganlikda aybdor shaxslar belgilangan tartibda javobgar boʻladi.
55-modda. Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish
Quyidagilar oʻz kuchini yoʻqotgan deb topilsin:
1) Oʻzbekiston Respublikasining 2010-yil 1-iyunda qabul qilingan “Sud ekspertizasi toʻgʻrisida”gi OʻRQ-249-sonli Qonuni (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2010-yil, № 6, 230-modda);
2) Oʻzbekiston Respublikasining 2016-yil 23-sentabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-411-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2016-yil, № 9, 276-modda) 20-moddasi;
3) Oʻzbekiston Respublikasining 2017-yil 14-sentabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish, shuningdek ayrim qonun hujjatlarini oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-446-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2017-yil, № 9, 510-modda) 69-moddasi;
4) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 10-mayda qabul qilingan “Baʼzi davlat organlari va tashkilotlarining faoliyati takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-536-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 5, 261-modda) 14-moddasi;
5) Oʻzbekiston Respublikasining 2019-yil 23-mayda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga jinoyat protsessi ishtirokchilarining huquqlari himoya qilinishini taʼminlash bilan bogʻliq oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-542-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2019-yil, № 5, 267-modda) 25-moddasi;
6) Oʻzbekiston Respublikasining 2021-yil 21-aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartishlar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-683-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2021-yil, 4-songa ilova) 199-moddasi;
7) Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 26-avgustda qabul qilingan “Baholash faoliyati yanada takomillashtirilishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qoʻshimchalar va oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-945-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 8, 825-modda) 2-moddasi;
8) Oʻzbekiston Respublikasining 2024-yil 21-noyabrda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga raqamli dalillar bilan ishlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida”gi OʻRQ-1003-sonli Qonunining (Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining Axborotnomasi, 2024-yil, № 12, 1286-modda) 5-moddasi.
56-modda. Ushbu Qonunning ijrosini, yetkazilishini, mohiyati va ahamiyati tushuntirilishini taʼminlash
Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi, Ichki ishlar vazirligi, Sogʻliqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlar ushbu Qonunning ijrosini, ijrochilarga yetkazilishini hamda mohiyati va ahamiyati aholi oʻrtasida tushuntirilishini taʼminlasin.
57-modda. Qonunchilikni ushbu Qonunga muvofiqlashtirish
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy ichida:
ushbu Qonun 28-moddasi birinchi qismining sakkizinchi xatboshisida nazarda tutilgan nodavlat sud ekspertlarini attestatsiyadan oʻtkazish tartibini ishlab chiqsin hamda tasdiqlasin;
ushbu Qonun 29-moddasi birinchi qismining yettinchi xatboshisida nazarda tutilgan Sud-ekspertlik tuzilmalarining davlat reyestrini, Sud ekspertlarining davlat reyestrini, shuningdek Sud-ekspertiza tadqiqotlari uslubiyotlarining davlat reyestrini yuritish tartibi belgilanishini taʼminlasin;
ushbu Qonun 29-moddasi birinchi qismining toʻqqizinchi xatboshisida nazarda tutilgan sud-ekspertiza tadqiqotlarining usullari va uslubiyotlarini validatsiyadan oʻtkazish qoidalari tasdiqlanishini taʼminlasin;
ushbu Qonun 47-moddasining ikkinchi qismida nazarda tutilgan sud ekspertizasining avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali hujjatlar aylanishi tartibini belgilasin;
hukumat qarorlarini ushbu Qonunga muvofiqlashtirsin;
respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari ushbu Qonunga zid boʻlgan oʻz normativ-huquqiy hujjatlarini qayta koʻrib chiqishlari va bekor qilishlarini taʼminlasin.
58-modda. Ushbu Qonunning kuchga kirishi
Ushbu Qonun rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran olti oy oʻtgach kuchga kiradi.
Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Sh. MIRZIYOYEV
Toshkent sh.,
2026-yil 11-iyun,
OʻRQ-1152-son
(Qonunchilik maʼlumotlari milliy bazasi, 12.06.2026-y., 03/26/1152/0597-son)